OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Narzullo Botirov. Bir tola soch (hikoya)

Bugun yana ishga kech qoldim. Katta boshliqning qora rangli «Volga»si hovlining to‘rida savlat to‘kib turibdi. Haydovchi Xurram qo‘lidagi doka bilan avtomashinaning oynalarini, toza ekanligiga qaramay qayta-qayta artar, goho egilib, qay bir murvatlarini diqqat bilan ko‘zdan kechirardi.
Havo sovuq bo‘lsa-da, quyosh charaqlagan. Tom chetlaridan osilib tushgan sumalaklar quyosh nurlarini sindirib, har xil tusda tovlanib, Yangi yil archasining elektr chiroqchalarini eslatadi. Hovli yo‘lagi sirpanchiq. Kechasi tushgan qirov hali erib ulgurmagan. Bir gala chumchuqlar uchib kelib, chorbog‘dagi daraxtlar shoxiga qo‘nishdi. Muz qotib qolgan shoxlarda turolmadilar shekilli, o‘zlaricha chug‘ur-chug‘ur qilishib, gur etib osmonga ko‘tarilib, uchib ketishdi.
Xurramga ko‘rinmay o‘tib ketmoqchi edim. Lekin mashinasini aylanib o‘tayotib menga ko‘zi tushib qoldi.
– E, kechga qolibsiz-ku.
– Ha.
Xurram katta boshliqning shofyori bo‘lgani uchunmi, xizmatchilar undan hadiksirashar edi.
– Bir hafta – roppa-rosa yetti kun shaharda bo‘l­mabmiz. Kecha kechasi tumandan qaytdik. Shunga qa­ramay, «katta» ertalabdan idoraga kelib oldi. Hozir majlis o‘tkazayapti. Tumanlarda yuraverib, bolalarni ham sog‘inib ketdi kishi. Bugun yana safarga chiqib ketsak kerak. “Katta”ning kayfiyati yo‘q.
– Nimaga? Biror gap bo‘ldimi?
– Tumanlarda ahvol yaxshi emas. Bu yil qish erta tushdi, ustiga-ustak sovuq keldi. Chorvaning ahvoli chatoq. Yemish, xashak kam. Texnika ham bahorgi ekish mavsumiga tayyor emas. Xo‘jaliklarda traktor-u, seyalkalar qor tagida qolib ketgan. Texnika ta’miri uchun ehtiyot qism yo‘q. Qaerga borsak, odamlar ehtiyot qismlar yetishmasligidan shikoyat qilishadi. Ta’mirlash uchun elektrod, karbid, metall kerak. Xullas, muammo ko‘p. Shularni ko‘rib, “katta”ning kayfiyati buzildi. Hozir xodimlarni yig‘ib majlis qilayapti.
 Men qo‘rqib ketib:
 – Yo‘g‘-ey, – dedim.
 – Ha, ha, shunday.
 Shunday kunda ham ishga kechikib kelamanmi? Majlisga kirsam, odamlarning oldida sharmanda qilib, zaldan chiqarib yuborsa-ya. Hayfsan bermasa bo‘lgani. Chunki ishga kechikishim birinchi marta emas. O‘tgan dushanbada ham “katta”ning majlisiga kechikib kelgan edim. Bugun ham ataylab qilgandek, shunday bo‘ldi.
Chap qo‘limning ko‘rsatgich barmog‘iga o‘ralgan sar­g‘imtir, nozik soch tolasiga qarab qo‘ydim. Xayriyat, tushib qolmabdi. Yo‘lda shoshilganimdan soch tolasi qo‘limda ekanligi, uning ko‘rsatgich barmog‘imga o‘ralgani yodimdan ko‘tarilgandek bo‘lipti. Shu soch tolasini deb ishga kech qoldim.
Bekatda odam ko‘p edi. Avtobus kelib to‘xtashi bilan odamlar o‘zlarini eshikka urishdi. Men ham amallab, avtobusga chiqdim. Urilib-surilib avtobusning orqa tomoniga o‘tib, oyna oldidagi tutqichni ushlab oldim. Havo sovuq, hali qishning avji baland. Avtobus oynasi taram-taram bo‘lib yaxlaganidan tashqari ko‘rinmaydi. Men oynaga puflab, nafasim bilan muzni eritdim va erigan muzga qo‘lim bilan o‘zimning va Uning nomini yozdim. O‘rtasiga esa qo‘shuv belgisini chizib qo‘ydim. Yurak belgisini ham chizmoqchi bo‘lib muzni puflab eritdim. Keyin qilayotgan ishimdan o‘zim uyalib atrofimga alangladim: “Nima qilyapman o‘zi, xuddi yosh bolaga o‘xshab? Uylangan bo‘lsam, tag‘in o‘rtada bolalar ham bor. Birorta tanish ko‘rib qolsa rosa kuladi-da.”
Avtobus keyingi bekatga yetganida silkinib to‘x­tadi. Tutqichni tutib turgan qo‘lim toldi. Bu qo‘limni olib, ikkinchi qo‘lim bilan tutqichni ushladim. Yengimdagi bir dona uzun, nozik soch tolasiga ko‘zim tushdi.
“E, bu qaerdan ilashib qoldi?”
Olib tashlamoqchi bo‘ldim. Yengimdagi soch tolasini qo‘limga oldim. Tashlab yubormoqchi bo‘ldim. U uzun, sarg‘ish tusli, mayin edi. Juda-juda tanish! Bu – Uning sochi! Uydan chiqishimda yengimga ilingan. Sinchiklab tikildim. Uning sochlariga o‘xshatdim. Keyin ishonch hosil qilish uchun burnimga yaqin keltirib hidladim. Bu o‘sha, menga tanish, qadrdon hid. Adashmabman. Bu – aniq Uning soch tolasi. Uydan chiqib, xayrlashayotganimda kurtkamning yengiga ilingan. Uni yana hidladim. Soch tolasidan xushbo‘y atir hidi anqigandek edi. Shu orada avtobus qattiq silkindi. Men muvozanatimni saqlash uchun tutqichni ushladim. Qo‘limdagi soch tolasi pastga, oyoq ostiga tushib ketdi. Avtobusda odamlar tirband. Qimirlashning imkoni yo‘q. Endi bu soch tolasi odamlar oyog‘i ostida qoladimi? Uni oyoq ostida toptaydilarmi? Yo‘q!
 Bir amallab engaщdim. Yonimda turgan xotin orqamga bir turtdi-da, shang‘illadi.
– Siz nima qilayapsiz, ezib yubordingiz-ku? Nimaga buncha qimirlaysiz? Shusiz ham bazo‘r turibmiz.
– Buncha tipirchilading, o‘rtoq, – dedi yonimda turgan baquvvat yigit, – jonga tegding.
Men turtib-surishlariga e’tibor bermadim. Sochni topsam bo‘ldi, deb urindim. Ana, oldim! Uzun, nozik, sarg‘imtir soch tolasi. Xayriyat, bosilmabdi. Endi uni qaerga qo‘ysam? Cho‘ntagimga solsammi? Yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqdim. Tushib qolishi mumkin. O‘ylab-o‘y­lab, uni chap qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘iga o‘radim. Barmoqlarimni qisib oldim. Endi u tushib qolmaydi. U – qo‘limda. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib ketdi. O‘zimni katta ishni do‘ndirgan hisobladim. Qo‘limdan hamma ish keladi. Go‘yoki, men bajara olmaydigan ish yo‘qdek. G‘ururlanib ketdim. Tushadigan bekatimdan o‘tib, oxirgi bekatga kelib qolganimni ham payqamadim. Ishga kech qolsam qolibman-da. Uning soch tolasi oldida hammasi bir pul.
– Yaxshisi, majlisga kirmang.
Xurramning gaplaridan yana o‘zimga keldim.
– Nega?
– Kattaning kayfiyati yo‘q. Hammaga «qalampir» berayotgan bo‘lsa kerak. Kechikib kirsangiz, sizni ham “sog‘” qo‘ymaydi. Kirmasangiz sezmaydi.
Rost. Men oddiy injener bo‘lsam. Yaqinda ishga kelganman. “Katta” o‘ziga o‘xshagan kattalar bilan gap­lashadi. Shuning uchun majlisga kirmaslikni ma’qul ko‘rdim. Ishxona binosiga kirib, ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Kabinetni ochib, stolimga o‘tirdim. Ish qog‘ozlarimni olib, tartib bilan oldimga, stol ustiga yozib qo‘ydim. Eshikdan biror kishi kirib kelsa, ishlayapti, deb o‘ylaydi.
Barmog‘imga o‘ralgan soch tolasini nima qilsam? Fikr-xayolim shu o‘y bilan band. Meni boshqa narsa qiziqtirmasdi. Qaerga qo‘ysam ekan? Axir kechgacha barmog‘imga o‘rab yurolmayman-ku. Tushib qolishi mumkin. Ishdagilar, ayniqsa, xotin-qizlar ko‘rib qo­lishsa, bu nima, nega barmog‘ingga soch bog‘lab olding, deb so‘rab qolishadi. Irim-sirim qilib yuribdi, deb o‘ylashlari ham mumkin.
Ish stolim tortmasini ochsam, konvertga solin­gan, zar qog‘oziga yozilgan to‘yxat chiqdi. Qachondir bir tanishim bergan taklifnoma. Soch tolasini zar qo­g‘o­ziga o‘radim. Sochni qog‘ozga o‘rayapman-u, qo‘llarim qal­tirab ketayapti. Keyin nima uchundir ustiga qizil ruch­ka bilan yurak rasmini chizdim. Ustidan esa Yangi yil sovg‘asini bog‘lagandek zar ip bilan tugdim va yon daftarimning ichiga soldim. Shu xayollar bilan band edim, xona eshigi ochilib, Salohiddin bilan Eduard Mixaylovich kirib kelishdi.
Salohiddinning aytishicha, bugun majlis juda jiddiy o‘tibdi. “Katta” tumanlardagi ahvoldan norozi bo‘lib qaytganmish. Shuning uchun ta’minot va butlash boshqarmasi boshlig‘i Anvar Qodirovichga qattiq hayfsan beribdi. Yangi texnika boshqarmasi boshlig‘i Viktor Nikolaevichga hayfsan e’lon qilibdi. Bizning ta’mirlash bo‘limimiz boshlig‘i Nikolay Ivanovichga esa rahmatnoma bildirib, bir oylik maosh miqdorida pul mukofoti beribdi. Chunki yil choragi bo‘yicha ta’mirlash rejasi ortig‘i bilan bajarilgan edi. Buni eshitib, men xursand bo‘lib ketdim. Chunki Nikolay Ivanovichning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, kech kelganimga ahamiyat bermaydi. Ko‘nglim joyiga tushib, kostyum yon cho‘ntagi ustidan paypaslab, yon daftarchaning joyida turgan-turmaganligini tekshirib ko‘rdim. Joyida turibdi. Tezroq ish kuni tugasa, tezroq uyga borsam.
Shu orada xonaga Nikolay Ivanovich ham shoshilib kirib keldi. U doimo shunday shoshilib, tez yurar, ish bo‘yicha ham tez gapirib, topshiriq berar, berilgan topshiriq vaqtida bajarilishini talab qilardi. U eshikdan kirib, menga ko‘zi tushishi hamono:
– Pochemu segodnya opyat opozdal? – deb menga qaramasdan o‘z ish stoliga o‘tdi: – Yaxshiyam Artyom Mest­ropovich sening majlisda yo‘qligingni bilmadi. Bilganida meni ham senga qo‘shib jazolar edi. Bu nima odat, har dushanba kechikadigan bo‘lib qolding? Senga necha marta aytdim, boshqa kun kechiksang ham dushanbada o‘z vaqtida ishda bo‘l deb.
– Nikolay Ivanovich, bugun shunday bo‘lib qoldi. Boshqa qaytarilmaydi, – dedim ezilgan bir ovozda. Ataylab ovozimni shunday chiqardim. Nikolay Ivanovichga yalinibroq gapirsang u darrov jahlidan tushardi.
– Ikkinchi qaytarilmasin! Bugun senga oxirgi bor tanbeh beraman. Senga bir kichik topshiriq bor.
– Marhamat, qanaqa topshiriq?
– Bugun kechki payt mukofotni yuvamiz. O‘tirishni sen tashkil qilasan. Pulini biz beramiz. Hozir bitta ma’lumotnomani boshqarmaga topshirasan-da, bozorga o‘tasan. Park ichidagi choyxonada ovqat tayyorlab turasan. Biz ishdan chiqib boramiz.
– Ma’qul, Nikolay Ivanovich.

* * *
Ziyofatdan qachon turganimiz va qanday qilib uyga yetib borganimni bilmayman. Eshikni xotinim ochdi. Qoshlari chimirilgan edi. Nima dedim, xotinim nima dedi – eslolmayman.
Yarim kechada uyg‘onsam, divanda yotibman. Ichim yonib ketayapti.
– Suv-suv! – deb chaqirdim. – Suv beringlar!
Eshik ochilib, xotinim kirib keldi. Oshxonaga o‘tib, choynakdagi sovuq choydan bir piyola quyib tutdi.
– Sovuq suv, – dedim. – Faqat sovuq suv.
Xotinim chiqib, kosada sovuq suv keltirdi. Kosadagi suvni bir ko‘tarishda oxirigacha ichdim.
– Chanqog‘ingiz bosildimi? – yig‘i va g‘azab aralash so‘radi xotinim. – Endi o‘ynash ham saqlaydigan bo‘ldingizmi? Buzuq xotinlar bilan bo‘lib, yotog‘imni harom qilgingiz kelib qoldimi? Qaerda edingiz? Kimlar bilan bo‘lib, kimlar bilan aroqxo‘rlik qil­dingiz?
O‘zimni uning oldida gunohkor hisobladim. O‘tgan hafta ham ichib kelgan edim. Bugun ham oyoqda turmaydigan bo‘lib keldim. Er ichuvchi bo‘lsa, xotinga azob. Yangi joyga ishga kirgandan beri, tez-tez ichadigan bo‘lib qoldim.
– Xonim, kechiring, ishxonadagilar bilan birga edim. Nikolay Ivanovichning mukofotini yuvdik.
– Sariq sochli xotinlarni ham Nikolay Ivanovich topib berdimi? – dedi bo‘g‘ilib xotinim.
Men uning nima deyotganligini, qanaqa xotinlar haqida gapirayotganligini tushunmasdim. Shuning uchun o‘zim bilmagan holda:
– Ha, bugun shunday bo‘lib qoldi. Boshqa qay­ta­rilmaydi. Kechiring, – dedim. Xotinimning fig‘oni oshib ketdi.
– Boshqasini boshingizga uring. Siz endi men uchun begonasiz. O‘sha sariq sochli xotiningizning oldiga keting.
U yana nimalardir dedi. Boshim larsillab og‘rib, ko‘nglim aynib, ichim o‘t qo‘ygandek kuyganidan birorta gapi qulog‘imga kirmadi. Men xotinimning bunday darg‘azab bo‘lganini hech ko‘rmagan edim. Nuqul «Meni kechiring. Boshqa qaytarilmaydi. Bu oxirgisi”, – derdim. Boshqa gap xayolimga kelmasdi. Tavba-tazarrumni takrorlaganim sari xotinim battar tutaqardi.
– Loaqal bo‘yningizga olmasangiz edi. O‘zingiz tan olib o‘tiribsiz! Oxirgisi emish, kechiring emish! Bungacha ham shunday ishlarni qilib yurgan ekansiz-da. Yo‘q, kechirmayman! Hech ham kechirmayman. Turing! Keting! Uydan chiqib keting! Bo‘lmasa, bolamni olib men chiqib ketaman.
Men xotinimning vajohatini yaxshi bilaman. Agar hozir men chiqib ketmasam, o‘zi qizchamizni olib uydan chiqib ketadi. Shu sovuqda bola bilan qaerga boradi?
Zo‘rg‘a o‘rnimdan turdim. Stul yelkasiga osib qo‘­yilgan kostyumimni olib kiydim va uydan chiqdim. Tashqari izg‘irin sovuq. Uyning oldida qaerga borsam, deb o‘ylanib turgan edim, yuqorida uyimiz derazasi ochildi. Xotinim bir narsani pastga qaratib uloqtirarkan:
– Boshingizni yesin daftarchangiz ham, sochlaringiz ham, – dedi.
Pastga qarab otilgan narsani ushlab olish uchun yugurdim. Bu yon daftarcham edi. Uning ichida soch tolasi bor. U yerga tushmasligi kerak.
Tepadan tushayotgan daftarchani yerga tushirmay ushlab olish uchun jahd bilan intildim. Uni uchib kelishida tutib oldim. Lekin yer usti muz, sirpanchiq edi. Toyilib ketdim va boshim bilan yerga qattiq urildim.

* * *
Ko‘zimni ochdim. Notanish joy. Qaerdaman? O‘y­layman. Uyda emasmanmi? Uyimiz bunaqa emas edi-ku. Karavotimning ro‘parasida deraza yo‘q edi. Derazaga tutilgan pardalar ham boshqacha. Oq parda tutib qo‘yilgan. Xonaning shifti ham oppoq, tekis. Shiftga osilgan qandil ham oddiygina. Uyimizdagiga o‘xshamaydi, boshqacha. Qaerda yotganimni eslolmadim. Qo‘limni ko‘tarmoqchi bo‘ldim. Qimirlatolmadim. Menga nima bo‘ldi? Tush ko‘rayapmanmi? Bugun seshanba. Ishga borishim kerak-ku. Quyosh ham ancha ko‘tarilib qolibdi. Derazadan tushayotgan quyosh nurlari xonani yoritgan. Xona issiq. Xayolimda xuddi tush payti bo‘lgandek. Ishga borishim kerak. Bugun ham kech qolamanmi? Nega xotinim bugun uyg‘otmadi? Nima bo‘ldi ekan o‘zi? Nega qizchamizning tovushi eshitilmayapti? Xotinim qaerda ekan? Balki ular biror joyga chiqishdimi? Bunday bo‘lishi mumkin emas. Menga aytmasdan hech qaerga ketishmas edi. O‘rnimdan turmoqchi bo‘ldim. Butun tanam og‘ir. Tosh bostirib qo‘ygandek. Tanamni qimirlatolmadim. Xotinimni chaqirmoqchi bo‘ldim. Lekin tovushim chiqmadi. Ko‘zlarimni yumdim.
Avtobus ichida, odamlar orasida soch tolasini qidirib yuribman. Soch qani? Soch qani? U oyoq ostiga tushib qolishi mumkin emas. Fig‘onim chiqib, sochni qidiraman. Odamlar oldinga o‘tgani qo‘yishmaydi. Yo‘l berishmaydi. Men soch tolasini topishim kerak. Mana u. Qo‘limga, barmog‘imga o‘ralgan-ku. Xayriyat, o‘zimda ekan. Tinchlanaman. Ishda emishman. O‘z xonamda. Soch tolasini stolim g‘aladonidan qidirayotgan emishman. U yo‘q. Qaerga qo‘ydim ekan? Mana, uni topdim. U to‘yxat solingan suvqog‘oz ichida. Uzun, mayin va sarg‘imtir soch tolasi. Soch tolasi bayroqdek hilpirar, sarg‘imtir nur taratar emish. Nurga tikilaman. Ko‘zim qamashar, ko‘zlarimni kattaroq ochishga nimadir to‘sqinlik qilar emish.
– O‘zlariga keldilar. Ko‘zlarini ochdilar.
Mehrli tovushdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam tepamda xotinim o‘tiribdi. Oq xalat kiyib olgan. Boshida ham oq ro‘mol. Nima gap o‘zi? Nega xotinim oq xalatda? Tushim bo‘lsa kerak. Ko‘zimni yumdim.
– Ko‘zingizni oching, dadasi! Ko‘zingizni oching! – qo‘rqqan va yalingan ovozda gapirdi xotinim. – Xu­doyim-ey, o‘zing shifo bergin shu kishiga.
Nima gap? Tushunmadim. Ko‘zimni ochdim. Tepamda xotinim o‘tiribdi. Tush emas. Oq xalatda. Ko‘zlari qizargan. Qovoqlari shishgan. Qo‘limni qo‘llariga olib, silab o‘tiribdi. Atrofimga qaradim. Boshqa hech kim yo‘q. O‘sha, derazasiga oq parda tutilgan, shifti tekis oppoq xona. Xotinim menga javdirabgina qarab o‘tiribdi. Qo‘limni qo‘yib yubormaydi. Mayin va nozik qo‘llari bilan silashda davom etib so‘radi:
– Yaxshimisiz endi, dadasi? Boshingizning og‘rig‘i qoldimi?
U men bilan birinchi marta shunday mehribon ovozda gaplashayotgan edi. Men erib ketdim. Go‘yoki bahorda yoqqan qor uchqunidek. Qaerda yotganimni ham o‘ylamay qo‘ydim. Xotinim oldimda. Menga baribir, qaerda bo‘lsam ham. Faqat uning qo‘llarinigina his etardim. Bu qo‘llardan butun tanamga harorat oqib kirar, orombaxsh bir tuyg‘u butun vujudimga tar­qalardi.
– Dadasi, dadajonisi, qandaysiz? Yaxshimisiz? Nega gapirmayapsiz? Bizlarni juda qo‘rqitib yubor­dingiz-ku.
Xotinimning iltijoga to‘la, mehribon tovushidan o‘zimga keldim. Yana begona joyda yotganim esimga tushdi.
– Qaerdamiz? Qaerda yotibman? Ishga ham kech qol­dim, shekilli?
– Ishdan xavotir olmang. O‘zingiz tuzuk bo‘lsangiz, bo‘ldi. Boshingiz og‘rimayaptimi? U iliq qo‘llarini boshimga qo‘ydi. Keyin avaylab, sochlarimni siladi. Men hushimni yo‘qotay dedim. U sochlarimni silayapti. Qanday baxt! U engashdi. Yuzimdan o‘pib oldi. Men baxtdan behush edim. Butun dunyoning baxti menga nasib etgandek edi. Ko‘zimni ochishni hech istamas edim. Gapirsam, go‘yoki hammasini yo‘qotib qo‘yadigandek edim. Shuning uchun ham ko‘zlarimni ochmasdan maza qilib yotaverdim.
– Daftarchangizni ushlab olaman deb, shu ahvolga tushdingiz, – dedi xotinim muloyim bir tovushda.
Tuyqus miyamda chaqmoq chaqqanday bo‘ldi. Ilkis bosh ko‘tardim.
– Qani daftarcham?!
– Daftarchangiz shu yerda. Menda. Hushsiz yotganingizda ham uni bir necha marta so‘radingiz. Sochni topib beringlar, deb qayta-qayta, kimlar bilandir urishdingiz. Shuning uchun so‘rasangiz beraman deb olib kelgan edim.
– Soch turiptimi? Ichidami?
– Sochingiz ichida, – tovushi qaltirab javob berdi xotinim.
– Xayriyat, – dedim men. – Tushib qolmabdi.
– Sizga shu soch shunchalik azizmi? – alam va iztirob bilan so‘radi xotinim.
– Ha, albatta! Sizning har tola sochingiz men uchun aziz...
 Xotinimning yuzi birdan yorishib ketdi.
– Nima?! Bu mening soch tolammi?
– Ha, – boshimni qimirlatdim men.
– Nega o‘shanda aytmadingiz?
U ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Men mamnun iljaydim.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.