OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Yot (hikoya)

Hojal buvi yotib qoldi. Boshi aylanib, ko‘zi tinadi... Shu mahal buvining ko‘nglidan nimalar o‘tmaydi... Kelin bo‘lib tushibdiki, tinganini bilmaydi. Turmush o‘rtog‘i Elmurod aka xo‘jalikda brigadir edi. Erining yoniga kirib, g‘o‘za chopdi, suv tutdi. Pillachilik zvenosini boshqardi. Ro‘zg‘or butunchiligini ko‘zlab, o‘zini o‘tga, cho‘qqa urdi. Erim brigadir deb qarab turmadi. Qandayin yumush bo‘l­sa, jon­ dildan bajardi.
Bugun nafaqada... Xayol daryosiga g‘arq bo‘lib, shaddod dugonalari bilan dalani boshlariga ko‘­targuday xandon otib kulganlari, kim o‘zarga paxta terganlarini orziqib, sog‘inib eslaydi. U kunlar oqar suvday o‘tdi­-ketdi. Endi ­madori ketgan... Vujudi xasta.
Kichik o‘g‘li Mahmudjon shahardagi shifokorga ko‘rsatdi. U: “Hechqisi yo‘q, tuzalib ketasiz”­­ deya bir talay dori yozib berdi. Mahmudjon shu kunlar kamxarjroq. Doriga qaerdan pul topsam deb boshi qotdi. Lekin buviga sezdirmadi.
Kenjasining xayolidan nima o‘ylar kechayotganligini Hojal buvi sezib turardi. Bir ko‘ngli: “Nega buncha o‘y surayapsan, bolam!. Akangga aytarmiz, qa­rashib yuborar” demoqchiyam bo‘ldi. Lekin aytishga tili bormadi. U paytlar bolalarining ota­si Elmurod aka hayot edi. Zayniddin bilan Mahmudjonni uylantirishgach, ulardan qay birini hovliga chi­qa­rish haqida gap bordi. Shunda Hojal buvining ukasi Abdumalik tog‘a: “Zayniddin es­-hushini tanib, ancha mustaqil bo‘lib qoldi. U chiqsa bo‘lar” devdi. Bu gap Elmurod akaga ham ma’qul keldi.
Ko‘plashib, imoratni bitkazishdi. Zayniddin ko‘ch-ko‘ronini ortib chiqib ketdi. Oldinlari to‘n­­g‘ichi o‘tgan­-ketganda ota uyiga tez-­tez kirib turar, ba’zi yumushlarni bajarishda yordamlashardi. Endi qayoqda... Kelsayam, qosh-­qovog‘i solig‘liq. O‘n gapga bir sado chiqmaydi. Nimadandir quruq qolganday, tumshaygani­-tumshaygan. O‘zi chiqib, ota uyida Mahmud qolganidan norozi. Buni sirtiga chiqarmaydi. Xatti-­harakatlari, tagdor, pichingli so‘zlari sezdirib qo‘yadi. Hojal buvi buni biladi. Shuning uchun to‘ng‘ichiga yordam ber, deb aytgisi kelmadi. Mahmudjon ishxonasidan qarz olib, dorilarni keltirdi. Bu orada buvi kasalxonada yotdi. Tuzalib chiqqach, quvvat inib, eshik oraga kirib chiqadigan bo‘ldi.
Mayning o‘rtalari. Kunlar isib, qish bo‘yi diq­qinafas bo‘lgan odamlar o‘zini tashqariga uradigan payt. Tomchilab boshlangan yomg‘ir jalaga aylandi. Qani tinaqolsa. Bog‘lar suvga to‘ldi. Ariqlardan toshgan suv ko‘chalarni bosdi. Jaladan so‘ng kuchli shamol turdi. Shamol ilingan narsani chirpirak qilib uchirdi. Daraxtlar quladi. Shoxlari qar­sillab sindi.Omonat devorlar yiqildi. Derazalarning oynasi chil­-chil sindi.
Yaxshiyam jala boshlanmay Hojal buvini bosh­qa xonaga olib o‘tishgani. Ertalab qarashsa, buvi avval yashab turgan xona qulab yotibdi. Shu uy qu­rilganigayam o‘ttiz yildan oshdi. O‘sha paytlar Elmurod akaning qo‘li kaltalik qilib, uyni amal­taqal bilan qurgandi. Poydevori past. Oqibatda devoridan darz ketib, tutday to‘kildi.
Mahmudjon shoshib qoldi. Nima qilsa bo‘lar­kin? Buvi tinchgina o‘tirishni xush ko‘radi. Nabiralarining chuv­-chuvi toliqtirib qo‘yadi. Onasining uyi­ni tezroq bitkazishi lozim. Lekin qanday qilib? Imoratga g‘isht kerak, bolor... taxta, shifer deganday. Xomcho‘t qildi. Ancha mablag‘ ketadi. Bisotida dadasidan qolgan ko‘hna “Moskvich”dan bo‘lak hech vaqo yo‘q… U bir kun yursa, uch kun buzuq.
Qarab turgan bilan ish bitmaydi. O‘ychining o‘yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi. Shuni o‘ylab, Mahmudjon bilan xotini Gulchaman g‘isht qo‘yishga kirishdilar. Gulchaman suv ochdi. Mahmudjon loy qor­di. Biri loyni zuvala qilsa, biri qolipga soldi.
Mahmudjon fabrikada bog‘bon. G‘isht qo‘yib bo‘lingach, “ko‘rinib kelay” deb ishxonasiga ketdi. Xotini nami qochgan g‘ishtlarni taxladi. G‘isht bitdi. Qolgani­-chi? Mahmudjon o‘ylab, o‘yiga yetolmadi. “Moskvich”ni sotay desa, bu matohga xaridor yo‘q. Ikki marta bozorga olib tushdi. Hech kim so‘ramadi. Chiptaga kuydi.
Yordam so‘rab akasiga bormoqchi bo‘ldi. Yangasining bir paytlar aytgan so‘zi yodiga tushib, shashtidan qaytdi... Mahmudjon haydovchilik kursida o‘qirdi. To‘loviga pul zarur bo‘lib qoldi. Akasi miq etmay bir dasta pulni ukasining oldiga tashladi. Yangasi Anzirat: “Siz ota uyidan uch qoqqan kunjutday chiqqan bo‘lsangiz, yana ukangiz sizdan yordam so‘raganiga o‘laymi?”­­ deganicha qovoq uyib, o‘rnidan turib ketdi. Akasi xotinini bir-­ikki tarsaki urdi. Mahmudjon qaytib kelaverdi. Shularni o‘ylab: ”Har qancha qiy­nalsam-da akamga aytmayman. Yangamning ta’nayu dashnomini eshitguncha...” degan qarorga keldi.
Hojal buvi to‘ng‘ichini yo‘qlab, u kelsa aytadigan gaplarini xayolida pishitib qo‘ydi:” Men hayot bo‘laturib, aka­-uka kelisha olmayapsizlar. Otang dargohidan oyog‘ing uzilib qoldi... Akayam otaday. Jigaringni yolg‘izlatma. Kunora, bo‘lmaganda hafta sari kirib tur”.
Shom aralash Zayniddin keldi. Bir lahza aka­uka taxlangan g‘ishtni, qurilajak uy o‘rnini ko‘zdan kechirishdi. So‘ng buvi turgan xonaga kirishdi. Ona-­bola ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashishdi. Buvi to‘ng‘ichini anchadan beri ko‘rmagan edi. Shundanmi o‘g‘lini bag‘riga bosarkan, ko‘zlariga quyilib yosh keldi: “Nega yig‘laysiz ona?" dedi Zayniddin ovozini baralla qo‘yib:
–­­ Keliningiz buvim kelsin deptilar desa, tobingiz qochdimi deb, rosa xavotirlandim. Otday bardamsiz-ku! Nega o‘takamni yordingiz? Kelaman, ona, qelib turaman. Axir, nima qilay? Bir yog‘i xizmatchilik, bola­-chaqa tashvishi.... Xo‘p, bo‘pti, men ketdim. Yaxshi o‘tiringlar.
Zayniddin ko‘chaga chiqqach, bir-­ikki qadam yurdida, so‘ng birdan to‘xtab, orqasiga burildi: “Mahmud, onamizga yaxshi qara, parvarish qil. Onamizni senga topshirganmiz. Bir gap bo‘lsa... xabar qil... uqdingmi?!"
"Uqdim aka, uqdim".
Bechora buvi. To‘ng‘ichining sovuq muomalasiyu, ko‘n­gilga botadigan so‘zlaridan o‘ylab yurgan gap­larini unutdi. Aniqrog‘i, aytgisi kelmadi. Undan dili og‘­ri­di. O‘z farzandidan begonasiraganday bo‘ldi.
Bahor, so‘ng yoz ham o‘tdi. Kuz keldi. Buviga atab solinayotgan uyni bitkazishga Mahmudning qurbi yetmadi. Birovdan qarz olsa, erta bermog‘i bor. Qilichini yalang‘ochlab qish keladi... Mahmudjon bilan ayoli Gulchaman xavotirga tushdilar: “Afsus, uy bitmadi. Onamizning oldilarida uyatli bo‘ldik. Nima ham qilardik. Osmon uzoq, yer qattiq”.
Yo‘q! Osmon uzoq, yer qattiq emas ekan. Kechki payt Mahmudjonni mahalla raisi yo‘qladi. Borsa, faollar jamuljam. Mahalla raisi hol­-ahvol so‘radi, buvining sog‘ligini surishtirdi. So‘ng:” Ertaga uyda bo‘ling. Ustalar borishadi. Lozimatini o‘zimiz yetkazamiz. Faollarning qarori shunday”,­­ dedi.
Hafta ichida hashar bilan uy bitdi. Onaxon bu yerda uch oygina yashadi. So‘ng bandalikni bajo keltirdi. Ona tobutini ko‘tarish Zayniddinga nasib etmadi. U o‘sha kunlar olis shaharda o‘z tashvishlari bilan yurardi.

 “Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 11-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.