OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Onaizor (hikoya)

Ona uchun bugun quvonchli kun bo‘ldi.
O‘g‘lidan xushxabar keldi-da. Necha yillar intiq bo‘lib kutgandi bu damlarni. Kecha qo‘shnisi Tursinoy qoraning bolasi uning jigarbandini uchratanligini, shu juma onasini ko‘rishga borishini aytganini suyunchilab kirdi. Avvalo uch kun oldin xudo diliga solib, tushida ayon qilgandi ham: tiniq bulutlar suzib yurgan musaffo osmon qa’ridan bir oppoq kabutar uchib chiqib yelkasiga qo‘nuvdi. Bildiki yaxshi xabar eshitadi. Mana o‘sha xursandchilik. Yon qo‘shnisi olib keldi.
- Umridan baraka topsin ugina bola. Iloyim g‘am ko‘rmasin, - derdi qayta-qayta.
Qumri kampir ichiga sig‘may tinimsiz duo qilardi. Tuni bilan uyqusi qochdi. Xuddi bugun jumadek tong sahardanoq turib kuymalandi. O‘g‘lining bolalik paytlaridagi shirin qiliqlarini esladi. Ilk tetapoya bo‘lganida otasi quvonchdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay bayram qilishuvdi. Qo‘shni bolalarga shirinliklar ulashgandi. Hammasi kechagidek ko‘z o‘ngida turibdi. Baxtiyor kunlar edi. Ertaga qo‘zichog‘i - jigargo‘shasi keladi. Qanaqa bo‘lib ketgan ekan. Hoynahoy tanimasa kerak. O‘zgarib ketgani-yu aniq. Yanayam ulg‘ayib, katta kishi bo‘lib qolgandir. Tug‘ilganda bir parcha go‘sht edi. Nabiralari-chi? Ularni olib kelarmikin yo o‘zi so‘ppayib kirib keladimi?.. Haliberi nabiralarining hech birini ko‘rmagan. Eshitgandan beri har turli savollar tinchini buzdi. Mayli o‘zini diydoriga to‘ysa bo‘ldi.

* * *

 Nihoyat bugun chang bosib yotgan sandiqning qulfigayam kalit solindi. Kampirning bor bisoti ana shu yerda edi. Ozodining chaqaloq kiyimchalari ham o‘sha vaqtda kelinlik sandig‘iga jo bo‘lgandi. Latta-puttalar tagidan ularni topib, iskalandi. Xuddi o‘zi. O‘g‘ilchasining isi kelyapti. Mushki anbar-a?.. Anchagacha kiyimchalarni hidlab, qayta-qayta termuldi. Qiqir-qiqir kulgulari quloqlari ostida jaranglaganday bo‘ldi. Oxiri zerikdi shekilli bir kiyimlik chit olib, sandiqni yopdi.
 Quyosh bosh ko‘tarmay tikuvchi Mastura cho‘loqning eshiklari taqilladi. U hayron bo‘ldi. Kuni bilan keldi-ketdi ko‘p bo‘lardi-ku, ammo bunday kallai sahardan ostona hatlovchilar yo‘q edi. Apil-tapil turib darboza tomon shoshdi.
- Kim u? – deb ovoz berdi keta turib.
- Men... men Qumri xolangman, - dedi kampir vazmin ohangda.
- Hozir yuz-qo‘limni chayvolay, - dedi yana u.
Qumri xolaning sabri chidamay hovliqdi.
- Hoy Masturaxon eshikni och!..
- Hozir, hozir. Mana ketyapman.
Yo‘lakda Mastura cho‘loqning oqsoqlangan oyoq olishi eshitildi.
- Keling xola, - dedi shoshinqirab ko‘rishib. – Xush kelibsiz.
- Senga ish olib keldim. Mana shuni tikib bermasang bo‘lmaydi.
U qo‘lidagi chitni tikuvchiga tutqazdi. Mastura lom-mim demay ichkariga boshladi. Ayvonga kirib Qumri xolaning egnini o‘lchab chiqdi.
- Shu bugunning o‘zida tikib berasan! - dedi qat’iy.
- Buncha tez bo‘lmasa. Hali bitmagan ishlarim turuvdi.
- Sen bilmaysan-da. Ertaga o‘g‘ilginam kelyapti. Tushundingmi?
Qumri xolaning uzoq yillardan buyon tanho yashashini butun qishloq bilardi: yolg‘izgina o‘g‘li harbiy xizmatga ketganu qaytmagan. Uylanib olibdi, deb eshitishardi. Xasta otasi kuta-kuta o‘n besh yil deganda a’za ochdi. Tepalikdagi qabristondan go‘r qazdirib qabr tiklatdi. Elga osh berib, xudoyi qildi. Shundan keyingina joni orom olib, bu foniy dunyoni tark etdi. O‘sha-o‘sha Qumri xola yolg‘iz yashaydi. Lekin noumid shayton. O‘g‘lining tirikligiga ishonadi: hali-hanuz kutadi.
Mastura indamadi. Hayam, yo‘g‘am demadi. Kampirning xursandchiligini buzgisi kelmadi. Qumri xola uning “O‘tiring, choy-poy iching” deyishigayam ko‘nmadi. Har qancha qistoviga qaramay shoshib chiqib ketdi.

* * *

Qumri xolaning qiladigan ishlari ko‘p edi. Uyiga qaytiboq buzoqchani emizdi. Biroz ivitib olib, sigirni sog‘di. Tomorqaga ekkan ko‘k piyoz, turli xil ko‘katlardan yulib, bog‘lam-bog‘lam qilib tugunga joyladi. Yangi sog‘ilgan sutni ko‘tarib, bozorga oshiqdi. Qumri xola mana shunday kun kechirardi. Ularni sotib puliga u-bu olib kelar, shu bilan ro‘zg‘orini tebratardi.
Payshanba bozori gavjum edi. Osh ko‘klar bir zumda egasini topdi-yu, ammo sutning xaridori chiqmadi. Hozir hammaning uyida sigir. Odamlar sut-qatiqqa muhtoj emas. Baribir biron kimsa chiqar, deb o‘yladi. Bozorda odam siyraklashib borardi. Bir chekkada g‘ujanak bo‘lib olgan kampir:
- Sut. Yangi sog‘ilgan sut. Hoy o‘g‘lim, mang oling. Yap-yangi, tong sahar o‘zim soqqanman-a, - deb xaridor chorlardi.
Ulgurji bozor tugadi. Chakanachilar kelib joylarini egallasha boshladi. Endi sut oladigan kam bo‘ladi. Oyoqlari ham toliqdi. Shunday bo‘lsa ham biroz turdi. Hech kim sut so‘ramadi. Endi ketmoqchi bo‘lganda ortidan birovning:
- Onajon sutmi? - degan tovushi eshitildi. Qumri xola suyunib ketdi.
- Ha-ha. Yangigina.
- Rastaga olib kiring endi, - dedi xotirjam pattachi.
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan kampir uyga qaytdi. Kela solib sutni qaynatdi. Biroz sovutdi-da, oqlik solib, qatiq ivitib qo‘ydi. Inqillab yurib uylarni tozaladi. Changlarni artdi. Supur-sidir qildi. Hammayoqni saranjom-sarishtaladi. Kechga yaqin tikuvchi Mastura cho‘loq qizidan bitgan ko‘ylagini berib yuboribdi. Kiyib ko‘rdi. Qolipga solgandek yarashib tushdi. Qo‘li dard ko‘rmasin, deb qizga haq bergandi, olmadi. Chevar qizi tushmagurni qattiq tayinlab jo‘natgan ekan. “Ayam xafa bo‘ladi” deb turib oldi. Shunday bo‘lsa-da hovlining etagidagi zarg‘aldoq shaftolidan bir satil terib o‘tdi. Olishga ko‘nmagandi, men ham xafa bo‘laman, deb oyoq tiradi. Qiz ketgach ko‘ylagini takror-takror ko‘zdan kechirdi. Bichimlarini tekshirib ko‘rdi. Ko‘ngli joyiga tushib, yana duo qildi. “O‘zi cho‘loq bo‘lsa ham qo‘li gul uning, - deya xayolidan o‘tkazdi. - Odamning o‘lchami bilan birga dilini ham topadi. Bolalariga bosh bo‘lib yursin iloyim”.

* * *

Shu bugun amallab kunni kechkirtirdi. O‘zining qilgan ishlaridan havaslandi. Tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Ertangi diydorni o‘yladi. O‘g‘lining oldida ko‘z yoshi qilmayman, deb o‘ziga o‘zi so‘z berdi. Yana kim biladi. Eplay olarmikin buni. Yarim tunda qattiq shamol turdi. Daraxtlarning shoxlari sinib ketgudek bo‘lib tebrandi. O‘choq boshida idish-tovoqlarning jarangi eshitildi. Tashqarida kimdir yurganga o‘xshadi. Chiqib qarashga qo‘rqdi. Taraqa-turuq tinmadi. Yolg‘izning yori xudo, deb dadil borib eshikni tirqishidan qaradi. Hech kim ko‘rinmadi. Avvaldan tayyorlab qo‘ygan beshlikni qo‘liga olib, tashqariga chiqdi.
- Kim u!? – dedi qaltiroq ovozda. – O‘g‘rimisan? Senga nima kerak? Bor bisotim o‘limligim xolos mening. Shundan boshqa hech vaqoim yo‘q. Qorning och bo‘lsa...
Kampirning yodiga nimadir tushib, shoshib qoldi. Qo‘rquvdan asar ham qolmagandi. Esi qursin bugun bozordan olgan bir parcha etini qozon boshiga qo‘ygan edi-ku! Jon jahdi bilan oldinga tashlangandi, o‘choq ortidan bir qora it yugurgilab - devor osha qo‘shnining hovlisiga o‘tib ketdi.
- Tuf-tuf. Yuragimni chiqarayozdi-ya, – dedi pichirlab. – Xayriyat teginmapti.
It pastdagi kul tog‘orani iskab, yiqitvorgan ekan to‘g‘rilab qo‘ydi. Go‘shtni olib, ilmoqqa ildi. Ertaga o‘g‘lining kelishiga quling o‘rgilsin qovurma osh qiladi. Rahmatli eri shunaqasini yaxshi ko‘rardi.

* * *

Erta tongdan qo‘shni xotinlar xabar olgani kirishdi. Anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi. O‘g‘lini maqtashdi. Siyrati rahmatli otasiga tortganligini aytib - yaltoqlanishdi. Biri qo‘yib, biri toza og‘zini ko‘pirtirishdi. Kampir bu gaplarning barisi taskin uchun ekanligini juda yaxshi bilardi. Ularning maqtovlari yuragiga ignadek sanchilayotganligini qo‘shnilari tushunishmasdi... Yoki atay qilishayotganga o‘xshardi nazarida. Shartta turib quvib solgisi keldi. Ayniqsa Sayyoraning gapi yoqinqiramadi. Nima emish, o‘g‘lini o‘zi kuyov qilmoqchi bo‘lganmish. Ordona qolsin-a. Uning gaplaridan qoshlari chimirildi. Endi bezovtalana boshlagandi, qo‘shnilar turishdi. Tursinoy qora o‘g‘liga nimcha tikib chiqibdi.
- Ozodbek bizning ham o‘g‘limiz, - dedi u. – Bu yerni sovug‘i bildirmay beldan uradi. Kelganda kiyib olsin.
- Men ham do‘ppi tikkandim. Ozodingizga nasib qilibdi. Har qalay yalang bosh yursa bo‘lmas. Qishloq joy. Unisi-bunisi gapirishmasin tag‘in, - dedi ro‘para qo‘shnisi Sayyora ham.
Odamning yuzi isssiq-da.
- Baraka topinglar, baraka topinglar! - dedi ilojsiz kuzata turib, til uchida.
Ular chiqib ketishdi. Yana yolg‘iz qoldi. Kuni bilan g‘imirlab dunyoning ishini qildi. Peshin bo‘ldiyamki o‘g‘li kelmadi. Oshning masalliqlarini to‘rg‘ashtirib, tayyorlab qo‘ydi. Kutdi. O‘tirib uzoq guruchning toshini terib, ovundi. Ust boshlarini almashtirib, yangi tikdirgan ko‘ylagini kiyib oldi. Picha pardoz-andoz qilgan bo‘ldi. Oynaga qarab o‘kindi. Ajinlar o‘rgimchak to‘ridek tomir yoyipti. Hammasi vaqt qurg‘urning nayrangi. Kutmaganing - ko‘zingga ko‘rinadi. “Endi buyog‘iga yoshararmidim” deya o‘ziga dalda berdi. O‘g‘lidan bo‘lsa hamon darak yo‘q edi. Tiq etsa darbozaxonaga ko‘z yugurtirdi. Ko‘ngliga qil sig‘masdi. Kechga yaqin o‘choqqa o‘tin qalab, olov yoqdi. Yog‘ni dog‘lab, oshning zirvogini qildi. Ko‘nglidan har ne o‘ylar kechdi. Yo‘li bexatar bo‘lsin, deb qayta-qayta Yaratgandan so‘radi. Biroq... ostona bosib biron kimsa kirib kelmadi uyiga. Yana qorong‘u tusha boshladi. Hovliga odatdagidek yolg‘iz sukunat bostirib kirdi. Har kundagi kabi uning hukmronligi boshlandi. Xuddi tushungandek qurbaqalar ham sayrashmadi. Chigirtkalar chirillashmadiyam. Haqiqiy sukunat edi. Uni buzishga biron jonzotning haddi sig‘masdi. Bu og‘zini lang ochib, odamni yutvorishga shay turgan ajdarhoga o‘xshardi. Faqat kutardi, payt poylardi, xolos.
Lekin u ertakdagidek hech qachon kelmasdi.

* * *

...Bu sukunatni onaning nolasigina buzishga qodir edi. Shunday ham bo‘ldi. Qumri xola tun yarmigacha o‘g‘lini kutib o‘tirdi. Umidini uzmadi. Oxiri ona qo‘llarining zarbini sog‘ingan, devor ilgagida chang bosib yotgan childirma jonlandi. U oshni pishirib, chovgumning suvini biqirlatib qaynatayotgan, o‘chog‘ og‘zidagi o‘chib borayotgan cho‘g‘da obdon qizidi. Terilari taranglashgan chog‘, Qumri xolaning yuragi oldiga bordi va chapandozcha* tovush berdi: bak bum, bum bak bum...
Childirma sadolari onaning ezilgan yuragiga malham bo‘la boshladi. Anchagacha shu taxlit tovush takrorlanib turdi. So‘ng dildagi qiynoq tilga qaynab chiqa boshladi. Ular hazin nolalar orqali so‘zga aylandi. Qumri xola dard bilan kuylay boshladi. Qo‘shnilar tiq etsa yo‘qlovga kirishmoqchi edi. Oxiri kuta-kuta uyquga ketishgandi. Childirma sadolarini eshitib hammalari uyg‘onishdi. Qumri xolaning gap-gashtaklarda yalla qilib turishini bilishardi. Boshqa payt qo‘liga childirma ushlamasdi ham.
Bu tun hech kim mijja qoqmadi. Onaning ovozi tongga qadar tinmadi. Qo‘shnilarning esa birontasini turib chiqishga yuragi betlamadi. Qumri xolaning nolalariga quloq tutib yotaverishdi. Lekin qo‘shiq so‘zlarini anglab olish mahol edi. Ora-oradagina “Bolam-a...”, “Kelmading-ku!”, “Kutaa...aman” degan dardli so‘zlar aniq eshitilardi, xolos.
Tursinoy qora qorong‘ida paypaslanib, un qoradigan surpaning orasidan uzun o‘qlovni topdi. Pishillab uxlab yotgan o‘g‘lini ustiga bostirib kirib:
- Sen yer yutkurga qachon aql kiradi! Odamlarni tinchini buzgan hayvonning qorni yorilsa bo‘lmasmidi, - deya savalab ketdi. Tursinoy qoraning vajohati yomon edi. O‘g‘li uyqusirab kaltak zarbini ham sezmadi. Vaziyatga tushunmay:
- Nima qildim, - deb iltijo qildi.
- Birovning bolasini uchratmay har balo bo‘lgur! Mana shu ko‘rgan ko‘zlaring oqib tushsin sen itni, - deb yana so‘kdi.
Doira sadolari avjiga mindi. Gap nimadaligiga aqli bovar qilmay talmovsirab turgan Tursinoy qoraning o‘g‘li kaltaklar zarbini endigina anglagandi. Childirma ovozi aniqroq eshitila boshladi.
Bak bum...mm, bum bak bum...mm.
Va nihoyat Tursinoy qoraning o‘g‘li o‘zi sabab bo‘lgan aybini tushungandek bo‘ldi. Tunov kungi xabari Qumri xolaning uyiga xursandchilik emas, motam olib kelgandi.

* * *

Bu kunisi hamma o‘zi bilan ovora bo‘ldi. Hatto bir-birlaridan “Nima gap?”, deb so‘rashga botinisholmadi. Qumri xolanikiga chiqishga bo‘lsa, hech kimning yuragi dov bermasdi. Peshinga yaqin Tursinoy qora bir kosa mastava quyib, xabar olgani o‘g‘lini kiritdi. “Yon qo‘shni - jon qo‘shni-da baribir. Bir gap bo‘lsa yugurgilab chiqib keladi. Yana issiqlik ham ko‘tarib kirishadi”, deb xayolidan o‘tkazdi Qumri xola.
- Biroz mazam qochdi, - dedi ko‘zlari mo‘ltillab kosaga qo‘l uzatarkan.
- Yaxshi bo‘p ketasiz. Shuni issig‘ida ichib olarkansiz, - dedi qo‘shni bola ham yerda pardasi yorilib yotgan childirmaga ko‘z tikib.
- Qo‘limdan tushib ketdi.
Qumri xola shoshqator quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini yengining uchiga artdi.
- Qovurg‘asi butun, tuzatsa bo‘ladi. Usta Umar birpasda zo‘r qilib yurak parda qoplab beradi, - dedi qo‘shni bola ham aybdorlarcha ko‘zlarini yashirib.
- Menga ko‘pam achinma, - dedi Qumri xola xasta tuvushda.
Bu gap bolaning quloqlariga “Hamma yolg‘onlaringni bilaman”, degandek eshitilib ketdi. U har shahardan qaytganda Qumri xola o‘g‘lini so‘rardi. Ko‘rgan-ko‘rmaganini surishtirardi. O‘qishga qaytar mahali qo‘yarda-qo‘ymay u-bu yeguliklar berib yuborardi. “Uchratib qolsang birga yersizlar”, derdi. Qaniydi shunday bo‘lsa-yu, u ham kampirning mungli qarashlaridan qutulsa. Oxiri shu yolg‘onni to‘qishga majbur bo‘ldi. Zora yolg‘oni rostga aylansa, deb o‘ylagandi. Qayoqda. Hammasi chappasiga ketdi. Endi umuman aldamaydi. Bo‘yniga qilich kelsa ham bu ishni qilmaydi.
- Sendan bir o‘tinchim bor, - dedi Qumri xola suyuq oshni icharkan. Aytmoqchi bo‘lgan gapini yo‘qotib qo‘ydimi, biroz kalovlandi. So‘ng:
- Diydor qiyomatga qolsa, Ozodjonimga otasi bilan meni qaerda yotganimni ko‘rsat. Undan rozi bo‘lganimizni ham ayt. Odamlarning gaplariga ishonmasin, - dedi.
Endi Qumri xola umidini butunlay uzgan edi. To‘g‘rida. Kuta-kuta ko‘zlari to‘rt bo‘ldi-ku. Aslidayu er-xotin ikkov ozod yursin deb o‘zlari ism qo‘yishgandi. O‘shanda erkinlik pardasidan kafan bichishganini qayoqdan bilishibdi. Bu yog‘iga xudo poshsho. Peshonasiga bitilgani shu ekan. Azalda ne yozilgan bo‘lsa hayotda o‘shani ko‘rdi. Taqdirga tan bermay iloji yo‘q.
Tursinoy qoraning o‘g‘li atrofga alang-jalang boqdi. Turib chiqib ketishga vaj qidirardi.
- Hoy Ahmad. Ha juvonmarg-a! Buncha qolib ketding mo‘ltoniga o‘xshab, - deb chaqirdi onasi.
U bahona topilganidan quvonib ketdi. Tura solib o‘zini ko‘chaga urdi. Yo‘lda: “Odamlar! Men onamni yaxshi ko‘raman”, dedi pichirlab.
Boshqa gap yurakka sig‘masdi. Uch kun shu taxlit o‘tdi. Qo‘ni-qo‘shnilar biri qo‘yib, biri xabar olib turishdi. Bolasini kutib damlangan osh qozonda achidi. Uning huzurini qo‘shnisining ko‘ppagi ko‘rdi.
Qumri xola kutishni unutib endi oyoqqa turganda besh yashar bolani yetaklab o‘g‘li kirib keldi. Nevarasini ko‘rib mehri jo‘shib ketdi. Ha-ha. Endigina so‘nib borayotgan umid uchqunlari qaytatdan alanga oldi. Yana onalik mehri uyg‘ondi. Axir jigarining jigariyam jigari-ku!.. Ona nabirasini quchib erkaladi. Shu payt darvozaxonada yoshgina bir ayol ko‘rindi. Nevarasining unga qarab talpinganidan kelini ekanligini bildi. Jigargo‘shasini bag‘ridan yulib olgan bu juvonni ich-ichidan yomon ko‘rib yurardi. Lekin o‘zi o‘ylagandek emas ekan. Qanaqadir ko‘zlari kulib, odamni eritvorardi. Beixtiyor o‘g‘liga qaradi. Yuzlaridan samimiyat barq urib turardi. Kallasiga kelgan, ruhini tinchlantirgan yomon o‘ylarni eslab o‘zini ich-ichidan koyidi. Nima qilsin!?.. Axir Yaratgandan shu diydorni so‘ramaganmidi?..

2013-2014 yil aprel
____________
* doira usuli

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.