OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qorasoch pari

Qadim zamonda, Shom mamlakatida bir podshoh bor ekan. Xazinasi haddan tashqari ko‘p bo‘lsa ham farzandi yo‘qligidan davlati tatimay, doim g‘amgin bo‘lib yurar ekan. Saroy odamlari podshohning ko‘nglini yupatish uchun tez-tez sayohatga olib chiqib, g‘am-anduhlarini tarqatishga harakat qilar ekanlar. Kunlardan bir kun shoh lashkarlari bilan tog‘da kiyik ovlab yurgan ekan, birdan havo bulut bo‘lib, chaqmoqlar chaqib, sel quyib yuboribdi. Podshoh o‘z lashkarlari bilan seldan qochib baland tog‘ ostidagi g‘orning ichiga kiribdi.
G‘or ichida goh emaklab, goh tikka yurgan ikki yashar qizchaga podshohning ko‘zi tushib, hayron bo‘lib, bu qanday voqea, — deb lashkarlariga ko‘rsatibdi. Hammasi hayratda qolibdi. Podshoh voqeani bilish uchun bir askariga:
— Xabar ol,— debdi. U askar bolaning orqasidan ichkari kirib, birozdan so‘ng yuzlari qonga bo‘yalgan, qo‘llari sindirilgan, yarim yalang‘och, behush bo‘lib yotgan yigirma ikki yoshlardagi bir ayolni ko‘tarib chiqib, podshohning oldiga qo‘yibdi. Hamma hayajon bilan ayolga tikilibdi.
Behush bo‘lib yotgan ayol, birozdan keyin hushiga kelib, asta ko‘zini ochib, atrofidagi odamlarni ko‘ribdi. Podshoh bu voqeaning sababini ayoldan so‘ray boshlabdi. Ayol badanining og‘rig‘iga chidolmasdan ingrab, o‘zi bir cho‘ponning xotini ekani, cho‘pon qaroqchilar tomonidan o‘ldirilgani, qaroqchilarga qarshilik ko‘rsatganligi uchun shu ahvolga tushirilganligini zo‘rg‘a gapiribdi-da, oxirgi nafasida:
— Qani mening Qorasochim? — debdi. Hech nimani anglay olmay, qora ko‘zlarini jovdiratib o‘tirgan qizni qon bilan bo‘yalgan bag‘riga bosib, jon beribdi.
Podshoh qizga rahmi kelib, uni ayolning qonli ko‘kragidan ajratib olibdi, qo‘liga ko‘tarib, shaharga qaytibdi.
Kunlar, oylar, yillar o‘tib, Qorasoch o‘n uch yoshga kirganda, o‘qib turgan maktabini tamomlagach, mashhur olimlardan dars ola boshlabdi. Qorasoch o‘n besh yoshga kiribdi, husnda barkamol, aqlda tengsiz bo‘libdi. Bu mamlakatda unga dars berishga qodir olim qolmabdi. Qorasochning dong‘i, ovozasi boshqa mamlakatlarga ham yoyilib ketibdi.
Qorasoch turli ilm, hunar egasi, husnda, aqlda yagona bo‘lib, uning dong‘ini eshitganlar pari deb nom qo‘yibdilar.
Endi biz ham ertagimizda uni Qorasoch pari deb ataymiz.
Podshoh mamlakat ishlarini vazir-vuzarolar bilan maslahatlashmasdan oldin Qorasoch pari bilan maslahatlashib, undan olgan fikrini vazir-vuzarolariga aytar ekan. Ular ham Qorasoch parining fikriga qo‘shilar ekanlar.
Kunlardan bir kun Kashmir shahridan bir odam kelibdi, u o‘z sehrgarligi bilan mashhur ekan. Qorasoch pari sehrgarni saroyga chaqirtiribdi: “Sehrning qanday foydasi bor?” — deb undan so‘rabdi.
Sehrgar mag‘rurlanib:
— Men o‘z sehrim bilan bir necha odamlarni umrbod it, mushukka aylantirdim, bir necha qishloqlarning alangasini chiqarib, kulini ko‘kka sovurdim. Bir necha ajralmas do‘stlarning orasini buzib, bir-biriga dushman qilib qo‘ydim,— deb o‘z qilmishlaridan gapirib ketibdi. Qorasoch pari sehrgarga nafrat ko‘zi bilan qarab:
— Hayotingizda bir marta bo‘lsa ham odamzodga munosib va foydali biror ish qildingizmi? — deb, yana savol beribdi.
Sehrgar Qorasoch parining bergan savoliga mot bo‘lib o‘rnidan turib, ta’zim qilib:
— Hayotimda minglab podshoh, beklar bilan suhbatlashgan bo‘lsam ham bunday savolni birinchi marta sizdan eshitdim,— deb uzr so‘rabdi.
Qorasoch pari sehrgarlikning sirlarini undan o‘rgana boshlabdi. Oradan uch yil o‘tibdi.
Kunlardan bir kun sehrgar Qorasochga:
— Malikam, men bor ilmimni sizga o‘rgatdim, bundan keyin sizga dars berishga qodir emasman,— deb o‘rta barmog‘idagi uzugini chiqarib, Qorasoch pariga uzatibdi:
— Sizga o‘rgatgan sehr-jodu, tilsimotlarimning hammasi mana shu uzukka bog‘liq. Mana shu uzukni o‘ng tomonga burasangiz ovoz keladi va hamma amr-u farmoningizni bajaradi. Agarda chap tomonga burasangiz avvalgi asliga qaytadi. Agar bu uzuk shu vaqtda buralmay yo‘qolsa, bajarilgan ishlar umrbod o‘z holicha qoladi, bordi-yu uzuk shundayligicha yo‘qolsa, sizda butun sehr-jodu, tilsimotlardan asar qolmay, mendan olgan ta’limotlar bekorga ketadi,— deb Qorasoch parining barmog‘iga uzukni taqib, saroydan chiqib ketibdi.
Qorasoch pari o‘n sakkiz yoshga kiribdi, husniga husn, aqliga aql qo‘shilibdi. Qorasoch parining ovozasi turli mamlakatlarga yoyilib, ko‘p xonlar, beklar g‘oyibona oshiq bo‘lib, birin-ketin sovchilar yubora boshlabdilar. Yetti iqlim podshosi zo‘rlik bilan bo‘lsa ham olaman, deb Qorasoch parining mamlakati ustiga yurish qilibdi.
Bu voqealardan xabardor bo‘lgan shahar xalqi vahimaga tushibdi. Chunki Qorasoch pari qaysi birini qabul qilsa ham, qolgan olti podshoh lashkarlari orasida jang bo‘lishi, shaharning vayron qilinishi, xalqning qirilishi aniq ekan.
Yetti iqlim podshosi yetti noma yozib, o‘z elchisi orqali Qorasoch parining otasiga yuboribdi. Yetti nomada ham “Qorasoch pari meni qabul qilsin, bo‘lmasa shaharning kulini ko‘kka sovuraman”, deb yozilgan ekan.
Podshoh ketma-ket kelgan nomalarni o‘qib, miyasi qotib, vazir-vuzarolariga bir-bir qarab chiqibdi, ulardan bir og‘iz so‘z eshitolmaganidan keyin, hamma nomani olib, ichkariga kirib ketibdi. Xatlarni Qorasoch pariga beribdi. Qiz nomalarni birma-bir o‘qib chiqib, birdan xaxolab kulib yuboribdi:
— Ular sizni ziyorat qilgani kelgan mehmonlar bo‘lsa-yu, siz ularni kutib olmay, shahar atrofida qoldirib, uyat ish qilibsiz, hali ham bo‘lsa ularning hammasini kechqurun saroyga mehmondorchilikka chaqiring, — deb har bir nomaning mazmuniga muvofiq javob yozib, podshohning qo‘liga beribdi:
— Mendan elchilarga salom ayting, bu nomalarning javobini olib borib, podshohlarga topshirsinlar! — debdi. Podshoh nomalarni olib chiqib elchilarga beribdi.
Kechki payt, saroy bezatilgan, hamma yoq shamlar bilan yoritilgan, mehmonxonaga iрak gilamlar yozilgan, duxoba ko‘rpachalar solingan, momiq yostiqlar qo‘yilgan. Yetti iqlimdan kelgan podshohlar mehmonxonada o‘tirib Qorasoch parining chiqishini kutibdilar.
Qorasoch pari kanizaklari bilan mehmonxonaga kirib, ta’zim bilan:
— Xush kelibsiz, aziz mehmonlar,— deb yuzidan pardasini ko‘taribdi. Uning husni jamoliga ko‘zlari tushgan mehmonlarning hushlari boshlaridan uchib, baqa bo‘lib qotib qolibdilar.
Orada jimjitlik hukm suribdi. Qorasoch pari mehmonlarga:
— Sizlarning muborak nomalaringizni o‘qib xursand bo‘ldim. Sizlar har qaysingiz noma yozib, meni o‘zingizga so‘ratibsiz. Lekin sizlar ko‘pchilik, men yolg‘izman. Bu yerdan chiqqach, hammangiz yig‘ilib ahillik bilan maslahat qilib meni bittangizga loyiq topib, noma yuboring, bordi-yu o‘zaro kelisha olmasangiz mening bir shartim bor, shu shartimni kim bajarsa, o‘shani qabul qilaman. Men shartimni maslahatingizdan keyin xabar qilurman,— deb chiqib ketibdi. Mehmonlar ham ketish harakatini ko‘ribdilar. Qorasoch pari uzuk ko‘zini buragan ekan, farmoningizga muntazirmiz, degan ovoz kelibdi.
Qorasoch pari mehmonlarni kuzatish uchun ikki tomonda yuztadan ikki yuzta sher, har bir sher ustida yarog‘-aslaha taqqan pahlavon hozir bo‘lsin, debdi.
— Farmon bajarildi, — degan ovoz kelibdi.
Shahanshohlarning tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushib, suvga tushgan nonday bo‘kib, oldinma-ketin saroy eshigidan ko‘chaga chiqib qarasalar, na’ra tortgan haybatli sherlar ustidagi shijoatli pahlavonlar bir-birlari bilan nayzabozlik mashqini qilayotgan emishlar. Buni ko‘rgan podshohlarning kayflari uchib, tumtaraqay bo‘lib, saroy ichiga qochib kirib, Qorasoch parining oyog‘iga bosh urib, iltimos qilib:
— Ey malika, biz sizning mehmonlaringizmiz, bizning o‘z mamlakatimizga sog‘-salomat yetib olishimizga yordam qiling! — debdilar.
Qorasoch pari saroy ichidan ko‘chaga chiqishi hamon sher mingan pahlavonlar saf tortib turib, ta’zim qilibdilar. Oldinda Qorasoch pari kanizaklari bilan, keyinda shahanshohlar qo‘rqa-pisa boribdilar. Qorasoch pari ularni kuzatuvchilar orasidan o‘tkazib, xayrlashib saroyga qaytibdi. Shahanshohlar o‘z lashkarlari tomon yo‘l olibdilar.
Тong otgach, podshoh: “Shahanshohlardan xabar olinglar” — deb odam yuboribdi. Borgan kishi shahar atrofida hech kimni ko‘rmabdi. Kechagi vahimalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan shahanshohlar bir-birlariga sezdirmay, kechasining o‘zidayoq quyon bo‘lib qochib qolgan ekanlar.
Kundan-kunga Qorasoch pariga beklardan, shahzodalardan to‘xtovsiz sovchilar kelar ekan. Qorasoch pari hech qaysisini qabul qilmay qaytarib yuborar ekan.
Kunlardan bir kun podshoh Qorasoch parining oldiga kirib, ko‘z-yoshlarini to‘kib:
— E nuri diydam, jondan aziz farzandim, qarigan chog‘imda menga rahming kelsin, ko‘zim tirikligida sening to‘yingni ko‘ray, orzu-havaslarimga yetay. Hozir shahzodalardan, o‘qimishli kishilardan sovchilar kelyapti, shulardan birini qabul qil, mening so‘zimni yerda qoldirma,— debdi.
Qorasoch pari ko‘p o‘ylab, bir so‘zlar ekan. U aytibdi:
— Ota, menga uch kun muhlat bering. Podshoh qabul qilib, chiqib ketibdi. Podshoh kelgan sovchilarni saroyda qoldirib, Qorasoch parining javobini kutibdi. Kanizak Qorasoch paridan podshohga maktub keltirib beribdi. Maktubda saroydagi hamma odamlarning Qirqqiz tepaligi yoni-dagi soyga kelishlarini so‘rabdi. Kechki payt, hamma Qirqqiz tepaligi tomon yo‘l olibdi, baland tepalik tagidagi keng soylik shamlar bilan yoritilgan, gullar bilan bezatilgan ekan. Тepa bag‘ridan buloq suvlari shildirab soy tomon oqib turgan, gullar shoxida har xil qumrilar sayrab turgan ekan. Bu yerga kelgan hamma xalq hayratda qolibdi. Kechagina hech narsasi bo‘lmagan soy, bugun bog‘i eramga aylanibdi.
Podshoh vazirlarining hech narsaga aqllari yetmay: “Bu tushimiz bo‘lsa kerak” deb o‘z-o‘zlariga gapirar emishlar. Shu paytda:
— Ogoh bo‘ling, ogoh bo‘ling, — degan ovozlar atrofdan eshitila boshlabdi. Soydagi shamlar birdaniga o‘chib, soy qorong‘ulikka aylanibdi. Hamma vahimada qolibdi. Shu payt cholg‘u ovozlari yangrab, unga qizlarning sho‘x qo‘shiqlari jo‘r bo‘libdi. Тepaning ustida turgan Qorasoch pari xalqqa ta’zim qilibdi:
— Kimki shu tepa ustiga chiqib, mening qo‘limdan ushlab pastga tushsa, men o‘sha odamning vafodoriman,— debdi.
Cholg‘ular chalinibdi, qizlar o‘yinga tushib, Qorasoch parini taxti bilan ko‘tarib olib ketibdilar. Xalq tepa ustiga chiqish uchun oldinma-ketin yuguribdi. Kim tepaga yaqinlashsa, koptokdek orqasiga yumalab tushar emish. Bir yiqilgan odam ikkinchi borishga yuragi betlamas emish.
Endi Qorasoch parining ertagini shu yerda to‘xtatib, ikki og‘iz so‘zni boshqa tomondan eshiting. Rum podshosi Qorasoch parining ovozasini eshitib, oshiqi beqaror bo‘libdi. Qancha-qancha qo‘shinlar bilan borib jazosini yeb, Qorasoch parini ololmay ikkinchi borishga yuragi betlayolmay, zulmning zo‘ri, pulining kuchi bilan Qorasoch parining rasmini chizdirib, xazinaga qo‘yibdi.
Kunlardan bir kuni podshohning o‘n to‘qqiz yashar o‘g‘li shahzoda Qodir o‘z o‘rtog‘i Nodir bilan sayr-tomosha qilib yurib xazinaga kiribdi. Shahzoda Qodir Qorasoch parining rasmini ko‘rib, behush bo‘lib yiqilibdi. Uni hushiga keltirgach, podshoh:
— Ey nuri diydam, senga nima bo‘ldi? Menga bayon qil,— debdi.
Shahzoda Qodir asta ko‘zini ochib shohga qarab:
— Ey qiblagohim, — debdi Qorasoch parining rasmini ko‘rsatib. — Bu malika kim? Qaysi mamlakatda turadi, tezda menga anglating.
Podshoh shahzodani yupatish maqsadida:
— Bu bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan rasm. Sen o‘tmishdagi rasmga qarab, o‘zingni dardlarga mubtalo qilma, agar sen uylanish orzusiga tushgan bo‘lsang, bundan ham chiroyli qizni olib beraman, — deb aldab saroyga olib ketibdi.
Shahzoda Qodirning dardi kundan-kunga zo‘raya beribdi. Keyinchalik saroy ichidagi kishilardan: “Xazinadagi Qorasoch parining rasmi emish, u tilsimot qurgan emish, kimki shu tilsimotni ochsa, o‘shanga tegar emish”, degan so‘zlarni eshitib, shahzoda Qodir podshoh oldiga kirib, Qorasoch parining mamlakatiga borishga, tilsimotni ochishga otasidan ijozat so‘rabdi. Podshoh o‘g‘lining qaytib kelmasligiga, nobud bo‘lib ketishiga aqli yetib, ijozat bermabdi. Qodir, shoh ijozat bermasa, o‘z ixtiyori bilan ketishga ont ichibdi. Podshoh noilojlikdan rozi bo‘lib, ikki ming qo‘shin to‘plab Qodirni jo‘natmoqchi bo‘libdi. Qodir:
— Menga qo‘shin, yarog‘larning keragi yo‘q, agar siz, safarga hamrohsiz chiqma desangiz, men bilan birga ketish uchun do‘stim Nodirga ijozat bersangiz, — debdi. Nodir esa shahzoda Qodirni tarbiyalab katta qilgan doya xotinning o‘g‘li ekan. Nodirning otasi o‘qimishli, xalq ichida e’tiborli bo‘lib, Nodir bir yarim yoshlik vaqtida o‘lib ketgan ekan.
Podshoh rozi bo‘libdi, Nodir ziyrak, har kimga maslahat beradigan, boshlagan ishining natijasi qanday bo‘lishiga aqli yetadigan bola ekan. Doya xotin Nodirni bag‘riga bosib:
— Mening uch nasihatimni qulog‘ingdan chiqarma: birinchi — birovga xiyonat qilma, ikkinchi—birovning dilini og‘ritma, uchinchi —qaysi shaharga borsang, eng avval o‘sha shaharning qariyalari bilan suhbatlashib ish qil! — debdi.
Qodir bilan Nodir safarga chiqibdilar. Ular yo‘l yurib, qirlar oshib, soylar kechib, bir necha kundan keyin Qorasoch parining mamlakatiga yetibdilar. Shahar darvozasidan kirib, Nodirning maslahati bilan shahar chetrog‘idagi Qobil kulol degan odamning uyiga tushibdilar. Qobil kulol o‘z hunari bilan shaharga tanilgan, musofirlikda ko‘p yurgan, mehmondo‘st odam ekan. Kulol yosh yigitlarni ziyofat qilib, ularning kimligini so‘rabdi. Nodir:
— Biz Rum shahridanmiz, musofirlik zahmatini chekib, shaharma-shahar kezib yuramiz. Biz o‘z shahrimizdan chiqqanimizga ko‘p vaqtlar bo‘ldi. Ko‘p shaharlarda bo‘ldik, mana bugun sizning shahringizga kelib, siz bilan suhbatlashish sharafiga noil bo‘ldik. Bundan keyin qayerga va qaysi shaharga borishimiz aniq emas.
Qobil kulol miyig‘ida kulib:
— Odam sayohatga chiqishdan oldin o‘z oldiga bir maqsadni qo‘yadi. Savdo yo‘li bilan mol to‘plash, ilm-hunar orttirish uchun yo bo‘lmasa o‘z shahridan norozi bo‘lib chiqib ketadi, — debdi.
Nodir Qobil kulolning so‘zini tinglab bo‘lib:
— Bizning musofirchilikka chiqishdan maqsadimiz bitta; u ham bo‘lsa, odam bo‘lish, odamgarchilikni o‘rganishdir,— debdi.
Qobil kulol Nodirdan bu so‘zlarni eshitib, boshqa savollar berishni ortiqcha bilibdi:
— Aziz mehmonlar, haqiqatni gapirdingiz, sizlarning Rum mamlakatingizni bu dunyoning zindoni, deb ta’riflaydilar. U yerda xonlar, beklarning zulmi haddan oshgan, zolimlar aqlli kishilarni dorga osadi, zindonga soladi, deyishadi. Mana bundan o‘n sakkiz yil ilgari xalq ichida obro‘li Zohid donishmand degan kishi podshohning zulmiga norozilik bildirganligi uchun dorga osib o‘ldirilgan, uning xotinini o‘z o‘g‘liga oqsoch qilib bergan edi.
Qodir Qobil kuloldan otasi haqidagi so‘zlarni eshitib, Nodirning oldida xijolatdan bosh ko‘tarolmay qolibdi. Chunki dorga osib o‘ldirilgan Zohid donishmand Nodirning otasi ekan. Qobil kulol mehmonlardagi jiddiy o‘zgarishni sezib, Rum podshosi haqidagi so‘zni to‘xtatibdi:
— Mana bizning mamlakatimizning shohi Qorasoch pari sodda va odil, mamlakat obod, hamma shod-xurram. Uning amri bilan dorlar yo‘q qilingan, zindonlar ko‘mdirilgan. Ilm-hunar taraqqiy qilgan.
Baxtimizga Qorasoch pari omon bo‘lsin. O‘ziga munosib yor bo‘lsin, — deb duo qilib o‘rnidan turibdi.
Nodir ham o‘rnidan turib Qobil kulolni kuzatibdi. Shahzoda Qodir o‘tirgan joyida xafa bo‘lib, o‘z otasiga dilida nafrat saqlabdi.
Nodir qaytib kelib shahzoda Qodirga:
— Yuring, shaharni tomosha qilib kelaylik,— debdi.
Har ikkisi ko‘chaga chiqibdi. Odamlar to‘da-to‘da bo‘lib, kun chiqar tomonga borar ekanlar. Bular ham o‘sha to‘daga qo‘shilibdilar. Biroz yurib, katta soyga yetibdilar. Mayin shabada rang-barang ochilib turgan gullarning xushbo‘y hidlarini keluvchilar dimog‘iga sochar emish. Og‘ir qayg‘ularga duchor bo‘lgan kishilar bu hidlardan o‘zlarini yengil his qilar ekanlar.
Soyda odam ko‘p bo‘lishiga qaramay, tiq etgan ovoz eshitilmas emish, hammaning ko‘zi tepa tomonda. Qodir bilan Nodir bir chetda odamlar orasidan joy olibdilar. Shu payt tepa ustida yoqimli kuy sadolari yangrabdi. Jimgina mahliyo bo‘lib turgan odamlar harakatga kirib ko‘z bilan emas, butun vujud bilan tepa tomon talpinibdilar.
Soz chalib, sho‘x kuylarni kuylagan bir to‘da qizlar tepa ustida saf tortibdilar. Ularning huzurida bir to‘da qiz raqs tushibdi. Xalq bularni chapaklar bilan olqishlar ekan, Qorasoch pari qizlar orasida paydo bo‘libdi.
U yuzidan pardasini olib, soydagi odamlarni ko‘zdan kechiribdi. Xalq uning husniga qoyil qolibdi. Qodir uning chiroyini ko‘rib behush bo‘lib yiqilibdi.
Kechki payt. Qobil kulolning hujrasida Nodir va Qodir bir necha kishi bilan suhbatlashib o‘tirar ekanlar. Suhbatdoshlar Nodirning so‘zlarini qiziqib tinglar ekanlar. Ulardan biri Nodirning so‘zini qo‘qqisdan bo‘lib:
— Kechirasiz, aziz mehmon, siz chindan ham bizning podshohga o‘g‘il bo‘ladigan ekansiz. Agar shoh qabul qilsa, men o‘zim sovchilikka borar edim,— debdi.
— Qorasoch parining o‘ziga bora qolgin,— debdi boshqa odam.
— Uning oldiga chiqishning hech iloji yo‘q,— debdi.
— Hammaga qiyin bo‘lsa ham senga oson; shoti qo‘yib chiqasan-da, — debdi.
Birinchi so‘zlovchining laqabi Shoti ekan. Hamma kulib yuboribdi, Nodir fursatni g‘animat bilib, gapni boshqa tomonga buribdi.
— Qorasoch pariga keyingi vaqtda ta’lim bergan kishi kim? Shu odam qayerda yashaydi? — deb so‘rabdi.
Hamma jim bo‘lib qolibdi, birozdan keyin bir chol Nodirga qarab:
— Mening bilishimcha, eng oxirgi ta’lim bergan Akram donishmand bo‘lsalar kerak, u kishi juda qari, hozir ko‘chaga chiqmaydilar, hujralarida kitob o‘qib o‘tiradilar.
Nodir choldan donishmandning huzuriga olib borishni iltimos qilibdi.
Kichik hujra. O‘rtacha jihozlangan bu hujraning eshik tomonida to‘qsondan oshgan, soch-soqollari oqargan nuroniy odam mehmonlarni kutib olibdi. Nodir birinchi kelishda donishmand chol bilan tanishib, suhbatlashib qaytibdi, keyingi gal yolg‘iz kelibdi.
Donishmand Nodirga qarab:
— Ey bo‘tam, siz mening oldimga bir umid bilan kelayotgan bo‘lsangiz kerak, so‘ray bering, qurbim yetsa, javob qaytararman,— debdi. Nodir so‘z boshlabdi:
— Men chin do‘stimga halol xizmat qilish uchun bel bog‘laganman. Mening bu xizmatim og‘ir va mashaqqatli bo‘lgani uchun sizdan yordam so‘rab, maslahatingizni olish umidida keldim.
Donishmand kulimsirab:
— Qorasoch pari to‘g‘risida bo‘lsa kerak,— debdi.
— Karomat qildilar,— deb o‘rnidan turibdi Nodir.
— Bu karomat emas, sizning ko‘rinishingizdan har bir narsaga qurbi yetadigan dono, nodir yigit ekanligingiz sezilib turibdi. Men sizga nima ham aytishim mumkin. Qorasoch pari o‘n besh yoshga qadar mendan ta’lim oldi. Mendan keyin u sehrgarlik ilmini o‘rgandi. Uch yildan keyin sehrgarning ta’lim berishga qurbi yetmay qoldi, so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Mening fikrimcha, bu tilsimotga bir g‘or orqali yo‘l bo‘lsa kerak, g‘orning og‘zi tepadan chetroqda, soyning ichida bo‘lsa kerak.
Nodir donishmanddan bu so‘zlarni eshitib, hujrasiga qaytibdi.
Kundalik odat bo‘yicha soyga to‘plangan shahar ahli Qorasoch parini kuzatib, har tomonga tarqalibdi. Nodir esa o‘zini chetga olib, daraxt orqasiga bekinibdi. Quyosh botar paytida soydagi katta gul tagidan bir qiz chiqib, saroy tomon ketibdi. Birozdan keyin qaytib kelib, katta gulni uch marta aylanib ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Nodir ham ketma-ket borib, katta gulni uch marta aylangan ekan, g‘orning og‘zi ochilibdi. G‘or ichida qirq zina ko‘rinib, qiz hamon pastga tushib ketaveribdi. Qiz ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Nodir ham pastga tushish maqsadida birinchi zinaga qadam qo‘ymoqchi ekan, ovozlar eshitilib, alangali o‘tlar yona boshlabdi.
Nodir tezlik bilan oyog‘ini zinadan olganda ovoz to‘xtab, o‘t o‘chibdi, birinchi zinaga oyoq qo‘ymasdan ikkinchisiga qo‘ygan ekan, hech qanday hodisa bo‘lmabdi, shunday qilib uchinchisiga qo‘ymay, to‘rtinchisiga, beshinchisiga qo‘ymay, oltinchisiga qadam qo‘yib g‘orning tagiga tushgan ekan, ikkinchi tarafdan yuqoriga qarab ko‘tarilgan zinaga ko‘zi tushibdi. U zinaning boshida ikkitadan bahaybat sher hujum qilmoqchiday pastga tikilib turgan emish. Nodir birinchi zinaga qadam qo‘ymoqchi ekan, ikki sher birdan harakatga kiribdi. Birinchi zinadan oyog‘ini olib, ikkinchi zinaga qo‘ymoqchi ekan, sherlarning harakati yana kuchayibdi, undan olib uchinchi zinaga oyog‘ini bosgan ekan, sherlarning harakati to‘xtabdi.
Nodir agar ikki zina tashlab uchinchisiga qadam qo‘ysa yuqoriga chiqish mumkin ekanligini bilibdi. Shu bilan Nodir ketiga qaytib, Qobil kulolnikida yotib, erta bilan shoh saroyiga borib, tilsimotni ochishga ijozat so‘rabdi. Shoh ijozat beribdi. Jarchi:
— Bugun bir musofir bola tilsimotni ochar emish, tepa ustiga chiqib, Qorasoch parining qo‘lidan ushlab olib tushar emish,— deb shahar xalqiga eshittiribdi. Xalq soy tomon kelibdi. Shoh ham vazirlari bilan yetib kelibdi. Nodir u soydagi katta gul tomon ketibdi.
Xalq jim bo‘lib, uning ishini tomosha qilibdi.
Nodir katta gulni uch marta aylanib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, xalq juda hayron qolibdi. Ba’zilari “yiqilib tushdi” desalar, ba’zilari “yer yutdi” deyishibdi. Nodir kechagi tekshirish tajribasi bilan sherlardan o‘tib, tepa ustiga chiqibdi. Qarasa, tepa ustiga qizil, sariq, ko‘k harsang toshlar terilgan ekan, u sariq toshni bosgan ekan tepa tebranib ketibdi. Ko‘k toshni bosgan ekan, tepa yonlamasiga larzaga kelibdi. U qadamini qizil tosh ustiga qo‘yganida hech qanday hodisa ro‘y bermabdi. Qizil tosh ustidan yurib borayotganda qarshisida katta qulf osig‘liq darvoza paydo bo‘libdi. Uning tepasiga xat yozilgan: “Ey, tilsimotni ochuvchi nodir yigit, shu darvozani ochganda ichkari kirmay, orqangga qaytib saroyga bor, mening uchta savolim bor, agar shu savollarga javob bersang, men seni qabul qilaman”.
Nodir darvoza tomon qadam qo‘yganda, qandaydir bir kuch ko‘kragidan itarib yo‘l bermabdi. Nodir bor kuchini to‘plab o‘zini darvoza tomon otibdi. Haligi kuch Nodirni ko‘tarib qirrali katta toshga uloqtirib yuboribdi, Nodir yana tosh ustiga tushib, yiqilib ketmaslik uchun toshning qirrasini mahkam ushlagan ekan, darvoza sharaqlab ochilib ketibdi. Nodir biroz nafasini rostlab, tepaning chetiga qarab yuribdi.
Ko‘pdan beri hayron bo‘lib turgan xaloyiq, ayniqsa, Qobil kulolning do‘stlari to‘xtovsiz ko‘z yoshlarini to‘kib, Nodirning paydo bo‘lishiga muntazir ekanlar. Тo‘satdan tepa ustida paydo bo‘lgan Nodirni ko‘rgan xalq xursandligidan qarsak chalib yuboribdi. Nodir tepadan hech qanday to‘sqinlikka uchramay, to‘g‘ri soyga tushib podshohning oldiga kelib ta’zim qilibdi.
Podshoh Nodirning peshonasidan o‘pib, jarchilarga shu bugundan boshlab Qorasoch parining to‘yi boshlanganligini xabar qilishga farmon bermoqchi ekan. Nodir shohga qarab:
— E shahanshohi olam, Qorasoch parining uchta savoli bor. Ana shu savolga javob beraman, undan keyin shodlik to‘yiga xabar qilasiz,— debdi.
Shoh ajablanib:
— Bo‘lmagan gap, qo‘ygan shartining ichida bunisi yo‘q edi-ku, to‘yni boshlay beramiz,— debdi. Nodirning iltimosi bilan podshoh noiloj:
— Mayli,— debdi.
Shaharning atoqli odamlari savol-javobni eshitish uchun saroy tomon yuribdilar. Saroyga odamlar yig‘ilgan, shahzoda Qodir bilan Nodir bir chekkada turgan ekan.
Podshoh Nodirga o‘z yonidan joy beribdi. Savolni kutibdilar. Qarasoch pari tarafidan bir qiz kelib, Nodirga bir dona sadaf berib:
— Qorasoch pari sening javobingni kutadi, — debdi. Nodir shohdan sadaf keltirishlarini iltimos qilibdi. Bir quti sadaf keltiribdilar. Nodir qutidagi sadaflarni tekshirib, orasidan xuddi Qorasoch parining chiqargan sadafidan ajratib bo‘lmaydigan bir dona sadafni qo‘shib qizga:
— Mana javobi,— deb qaytaribdi. Qiz Qorasoch pariga javobni ko‘rsatgan ekan, Qorasoch pari kulib, yana ikkala sadafni qizga beribdi.
— Olib chiqib yigitga ber, javobini bersin,— debdi. Qiz olib kelib yana Nodirga beribdi.
Nodir qutidagi sadaflar orasidan chiroyli bir gavharni olib, sadafga qo‘shib qo‘yib:
— Mana javobi,— deb qaytaribdi. Qiz keltirib Qorasoch parining qo‘liga beribdi. Uchinchi savoliga bir piyoladagi shakarga gavharning maydasini aralashtirib beribdi. Qiz keltirib:
— Javob kutadilar,— debdi. Nodir tekshirib qarasa, shakar bilan gavharning maydasi aralashgan ekan.
Yigit piyolaga sovuq suv quyib, qoshiq bilan kovlab, mana javobi, deb qizga uzatibdi. Qiz Qorasoch pariga olib borib beribdi. Qorasoch pari:
— Balli, Nodir yigitga, mening savollarim tamom, qabul qildim,— debdi. Saroy ichi shodlikka to‘libdi.
Qorasoch pari xaloyiqqa qarab:
— Bu yigitga bergan birinchi savolimda bir dona sadaf berdim: o‘zimning naslimni bildirib, “Siz kim bo‘lasiz” — deb so‘radim. Bu yigit xuddi men bergan sadafga o‘xshagan sadaf bilan javob qaytardi: “Men ham siz kabi o‘qimishli, dono kishining farzandiman”, dedi.
Men ikki sadafni yana qaytarib chiqardim, “Ikkimizning sevgimizdan ham yuqori narsa bormi”, dedim, bu yigit gavhar qo‘shib chiqardi, bu gavhar “Ikkimizning sevgimizdan yuqori narsa farzand”, degani edi.
Uchinchi savolga gavhar maydasi bilan shakarni aralashtirib chiqardim, “Shirinlik erlar uchun, gavhar — ziynat qizlar uchun, shunday bir-biriga munosib yigit-qizni bir-biridan kim ajrata oladi”, deganimda, sovuq suv qo‘shib aralashtirdi-da, “Agar o‘lim ajratmasa, hech narsa ajrata olmaydi”, dedi.
Qorasoch pari kelib Nodirga ta’zim qildi. Nodir podshohga qarab:
— Mening ham Qorasoch paridan ikki talabim bor, agar ijozat bersangiz to‘y oldidan shu talabimni aytsam, shoyad ko‘pdan beri istab yurgan maqsadimga erishsam, — dedi. Podshoh Qorasoch pariga qarabdi, pari ruxsat beribdi. Nodir:
— Men otadan yolg‘iz o‘g‘ilman; otam, akam, ukam, singlim yo‘q. Qorasoch pari meni bir qorindan tushgan akadek qabul qilsalar. Men tug‘ishgan singlimni o‘zlariga munosib kuyovga berib, to‘yni o‘zim boshlasam,— debdi.
Hamma turgan joyida qotib qolib, Qorasoch pariga qarabdi: Qorasoch pari boshini egib o‘ylabdi. So‘ngra: “Ey, og‘ir mashaqqatlarni yenggan Nodir yigit, do‘stingga qo‘ygan mehr-muhabbatingni men mushtipar singlingga ham bag‘ishla,— debdi va xalqqa qarab:
— Bugundan boshlab tug‘ishgan akam bor, bundan keyin sehr-jodu menga kerak emas,— deb barmog‘idan uzukni olib sindiribdi. Soydagi gullar, tepadagi turli-tuman narsalar g‘oyib bo‘libdi. Mening izmim akam ixtiyorida, kimni kuyovlikka munosib ko‘rsa, qabul qilaman,— debdi.
— Ikkinchi talabim,— deb so‘z boshlabdi Nodir. — Rum podshosining o‘g‘li shahzoda Qodirga singlim Qorasoch parini berishlarini shahanshohdan so‘rayman.
Shoh qabul ishorasini beribdi. Karnaylar chalinibdi, to‘y-tomosha boshlanib ketibdi.
Endi ertagimizni shu yerda to‘xtatib, boshqa mamlakatdagi mish-mish gaplardan boshlaylik. “Bir bola kelib tilsimotni ochganmish, Qorasoch parini olmay, tashlab ketganmish, Qorasoch parining jahli chiqib sehr qiladigan uzukni sindirganmish, alam qilganidan bir musofirga tekkanmish, podshoh nomusga chidolmay saroydan quvganmish”, degan duv-duv gaplar tarqalib, hind podshosiga yetibdi.
Bu gapni eshitgan hind podshosi ko‘zi olayib, ranggi bo‘zarib, shu kunning o‘zidayoq mingta filga mingta pahlavonni mindirib, ularga qilich-qalqon taqtirib, “Shaharning kulini ko‘kka sovuraman, podshohini asir olaman, Qorasoch parini o‘zimga oqsoch qilaman”, deb o‘z pahlavonlariga bosh bo‘lib yo‘lga chiqibdi, shaharga yaqinlashib kelibdi.
Тo‘y-tomosha qilib turgan podshoh bundan xabardor bo‘lib, dushmanga qarshi otlanibdi.
Hind podshosining shaharga kirishiga bir tosh qolganda Nodir yuzta tuyaga somon ortib, bittadan odam mindirib, dushman tomon yo‘l olibdi. Uzoqdan qatorlab kelayotgan fillar ko‘rinibdi. Тuyadagilarga Nodir:
“O‘t yoqing, karnay chaling!” deb buyruq beribdi, har kim o‘z tuyasidagi somonga o‘t qo‘yibdi va karnay chala boshlabdi. Тutundan yurolmay qolgan fillar karnay ovozini eshitib, orqaga tumtaraqay bo‘lib qochibdi. Ustidagilar yiqilib qolibdi. Saksonta pahlavon bilan qolgan xind shohi o‘z mamlakatiga qochib ketibdi. Hind shohi alamiga chidolmay, bir g‘orga kirib, ko‘zini yummasdan o‘tirar ekan, bir dog‘uli kampir kelib.
— E podshohim, turing, taxtingizga chiqing, Qorasoch parini men olib kelaman, — debdi.
Podshoh:
— Agar Qorasoch parini menga keltirsang, xazinamning yarmini beraman, — debdi.
— Menga bir katta kema yasab pahlavonlardan yigirma kishini saralab, ularning uch oylik ovqatini g‘amlab, ixtiyorini menga bering,— debdi. Podshoh tezlik bilan kampirning talabini bajarib, uni kuzatibdi. Kampir boshliq yigirma pahlavon bir necha kun suvda suzib, Qorasoch parining daryo labidagi saroyiga yaqinlashibdi.
Kampir:
— Meni shu yerda quruqlikka chiqarib, o‘zlaringiz o‘sha ko‘ringan qo‘rg‘on tagiga borib, qimirlamasdan, kemadan tushmasdan yotinglar, men: “vaqt g‘animat” deganimdan keyin, birdaniga qizni ushlab kemani haydab yo‘lga chiqasizlar,— deb ravona bo‘libdi.
Qorasoch pari to‘yining oxirgi kuni, butun xalq xursand, qizlar o‘z parisini kuyovga berish oldidan hammomga olib kelar ekanlar, bular orasida bir juvon goh o‘ynab, goh ashula aytib: hammani o‘ziga jalb qilib boribdi. Hammom yonida sozandalar, ashulachilar, o‘yinchilar Qorasoch parini ham, sho‘x juvonni ham intizorlik bilan kutibdilar. Lekin ulardan darak bo‘lmabdi.
Axiri qizlardan biri ichkariga kirsa, hammomda hech kim yo‘q, suvxonaning orqasi buzilgan, haligi xushchaqchaq juvon hind shohining dog‘uli kampiri ekan, Qorasoch parini o‘g‘irlab ketibdi.
Hind shohining shahrida katta shodlik boshlanibdi. Qorasoch pari bir necha kanizaklar bilan ichkaridan chiqib, chap tomondagi oltin taxtga o‘tiribdi. U podshohga qarab:
— E yer yuzining xoqoni, sizning jufti halolingiz bo‘lishdan oldin orzu qilib yurgan niyatimni bajarishingizni so‘rayman. Har ikkimizning umrbod turmushimiz hurmati uchun mamlakatda azob chekuvchi, muhtojlikdan ko‘z yoshi to‘kuvchi odam bo‘lmasin, qarzdorlarning qarzini kechib, zindondagilarni ozod qilsangiz,— debdi.
Hind shohi hech qarshilik qilmay, shu ondayoq:
— Qarzdorlarning qarzidan voz kechilsin, zindondagilar ozod qilinsin! — deb farmon beribdi.
— Ikkinchidan, necha-necha yuz yillardan beri podshohlarning saroylariga mamlakat fuqarolari kirolmaydi. Тo‘yni saroyda qilaylik: shoh-u gado, g‘arib va bechoralarga saroy eshiklari doimo ochiq tursa,— debdi. Shoh buni ham qabul qilibdi.
— Uchinchidan, men hozirga qadar erkak qo‘lini ushlamagan bo‘lsam ham, bir odamning nikohiga o‘tganman. Bizning odatimizcha bir odamning nikohida bo‘lgan qiz ikkinchi kishining nikohiga o‘tishi uchun oradan qirq kun o‘tishi kerak. Bu muddat men uchun naqadar uzoq, chidab bo‘lmaydigan muddat bo‘lsa ham, xalqning hurmati uchun chidam bilan kutishga majburman. Shu sababli bu uzoq muddatning qanday o‘tganligini sezmay qolish uchun to‘yni qirq kunga cho‘zib, ayshi-ishratlar bilan o‘tkazasiz,— debdi.
Hind shohi bunga ham ko‘nibdi.
Qorasoch pari o‘z shartlarini aytib, kanizaklari bilan kelgan tomonga chiqib ketibdi. Qirq kunlik to‘y boshlanibdi. Hind shohining o‘n yetti yoshlik Dilnavoz degan qizi bor ekan, aqlda, husnda kamolga yetgan ekan, u doim Qorasoch pari bilan suhbatda va uning xizmatida ekan.
Тo‘y marosimida saroyda bo‘layotgan voqealarni ko‘zdan kechirib yurib, har bir narsaga aqli yetgan qiz bir narsaga tushunmabdi, har kuni kechki payt saroyga bir qora chodirga o‘ralgan odam kelib, tut daraxti tagida o‘tirar, hech kim bilan so‘zlashmas ekan, oldiga taom qo‘ysa yemas, ammo hech narsa talab qilmas ekan, savol bersalar gapirmay, ko‘z yoshini to‘kib, chiqib ketar ekan.
Dilnavoz bir kun qora chodirli kishini chetga chaqirib:
— Kimsiz, dunyoning qanday jabr-zulmi sizni bu ahvolga tushirdi, gapiring, men sizning dardingizga ko‘maklashaman,— deb yolvorib so‘rasa ham, qora chodirli odam Dilnavozga tikilib, to‘xtovsiz ko‘z yoshlarini to‘kib, bir og‘iz so‘z demay chiqib ketibdi. Keyinchalik Dilnavoz qora chodirli kishini sevib qolibdi. Kundalik keladigan vaqtidan kechiksa, sabrsizlik bilan kelishini kutar ekan. Dilnavoz kechalari uxlamay, shu odamni o‘ylar ekan.
Keyinchalik ko‘zlari kirtayib, ranglari siniqib ketibdi. Buni sezgan Qorasoch pari:
— Senga nima bo‘ldi, singlim? Nimadan kamchiliging bor va qanday musibatlarga tushding? Nega o‘zingni bu qadar oldirib qo‘yding? — deb so‘rabdi. Dilnavoz butun voqeani va qora chodirli kishini chin yurakdan sevib qolganini aytib beribdi. Qorasoch pari uzoq o‘ylab:
— Ertaga kelsa, undan shu narsani so‘ragin, Rumdan chiqqanda qancha edi, Shomda qancha bo‘ldi, Hindistonda qancha, shu savolga javob bersa, javobini keltir,— debdi.
Dilnavoz qora chodirli kishini intizorlik bilan kutib turganida u darvoza oldida ko‘rinibdi, uni chetga chaqirib, sevib qolganini izhor qilibdi. Qora chodirli odam hech nima demay jim turaveribdi. Oxirida Dilnavoz:
— Dunyoning zahmatlariga bardosh bergan yigit, aytingchi, Rumdan chiqqanda qancha edi, Shomda qancha bo‘ldi, Hindistonda qancha? — debdi. Qora chodirli odam ko‘z yoshlarini to‘kib:
— E malikam, siz meni so‘zlashga majbur qilib, bu shaharda yurishdan mahrum qildingiz. Jabr-u zulmlar, azob-u uqubatlar chekib, oxirida sizning mehri-shafqatingiz tufayli shu shaharda turishga qaror bergan edim. Rumdan chiqqanimda ikkita edi. Shomda uchta bo‘ldi, Hindistonda bitta. Ammo bu javobning ma’nosi nima ekanini oxirgi nafasimda sizga aytib berishni istar edim. Bir kecha saroyda qolsam, o‘z o‘tmishimni, qora chodirli odam hikoyasini sizga aytib berar edim,— debdi. Dilnavoz uni saroydagi bir uyga yashirib, o‘zi Qorasoch parining oldiga boribdi. Qorasoch pari Dilnavoz kelishi bilan:
— Javob oldingmi,— deb so‘rabdi.
— “Rum shahridan chiqqanda ikkita, Shomda uchta, Hindistonda bitta”, deb javob berdi,— debdi va uni yashirib qo‘yganini aytibdi.
Qorasoch pari hech kimga bildirmay, uy tomon boribdi. Derazadan hovliga qarab turgan qora chodirli kishini ko‘ribdi. U Nodir ekan.
Qorasoch parining o‘g‘irlanganidan xabardor bo‘lgan Nodir ketma-ket yo‘lga chiqqan ekan. Podshoh bir kam qirq kun deganda Qorasoch paridan xat olibdi. Xatda shunday so‘zlar yozilgan ekan: “Ey podshohi olam, ertaga muhlatimiz bitib, ikkimiz murodga yetadigan kun. Sizga juft bo‘lganimdan keyin saroydan bir qadam chetga chiqmoq menga munosib emas. Shaharni sayr qilish orzusidaman. Shuning uchun ijozat bersangiz, shu kecha o‘zimning qizlarim bilan shaharni sayr etsam. Mening orzuyimni rad etmasligingizni so‘rayman. Jufti halolingiz bo‘lmish Qorasoch pari”.
Podshoh oxirgi jumlani o‘qib: “Mayli, bilganini qilsin,” debdi. Shohning amri bilan “Bu kecha erlardan hech kim ko‘chaga chiqmasin”, deb buyruq berilibdi. Otlar egarlangan, qizlar shaylangan holda Qorasoch parini kutar ekanlar. Qorasoch pari qizlarga qarab:
— Hali vaqt erta. Kelinglar, ozgina bo‘lsa ham mizg‘ib olamiz,— debdi.
Hamma birin-ketin yotib uyquga ketibdi. Qorasoch pari asta turib, Nodirni topib, qizlarning ustidan qulflab, ikki uchqur otga minib, darvozadan chiqib, qir tomon ketibdilar.
Nodir Qorasoch parini bir g‘orga qo‘yib:
— Men borib dog‘uli kampirning ishini to‘g‘rilab kelmasam, keyin bizga shikast yetkazadi,— deb shaharga kiribdi.
Kampirning uyiga kelib, uni ketmon dasta bilan bir urib o‘ldirib, ko‘ylagining ichidan xoda boylab, saroy eshigi oldiga suyab qo‘yib, jo‘nab qolibdi.
Shoh erta bilan machitga borayotganida eshigi oldida irjayib turgan kampirni ko‘ribdi. Shoh kampirga:
— Ey kampir, men sizni xursand qilmaguncha nikoh qildirmayman, boring, uyingizda o‘tiravering, men namozimni o‘qib chiqay, — desa kampir indamay iljayganicha turaveribdi. Podshoh mahramiga:
— Kampirni uyiga eltib qo‘y!— debdi. Mahram kampirning yengidan ushlab:
— Yuring, ona, — degan ekan, kampir chalqanchasiga ag‘darilibdi va ko‘ylagi ichidan xoda ko‘rinib qolibdi. Shoh qo‘rqib, Qorasoch paridan xabar olishga odam yuboribdi. Borib qarasalar, qizlar uydan chiqolmay, arzlarini etolmay, qamalib yotgan emishlar.
Podshoh:
— Orqasidan quvib ushlab kelinsin,— deb buyruq beribdi. Lashkarlar Qorasoch parining orqasidan quvib yetolmay, qidirib topolmay o‘z shaharlariga qaytibdilar.
Shom podshosiga Qorasoch parini dog‘uli kampir olib qochib, hind shohiga topshirgani ma’lum bo‘libdi. Nodir ham yo‘qolibdi. Qodirning qizdan umidi uzilib, ko‘kragini zaxga berib yotibdi.
Shom podshosi shahzoda Qodirga biror narsa bo‘lib qolsa, Rum shohi: “Qizingni o‘zing qochirib yuborib, mening ikki o‘g‘limni ataylab o‘ldirgansan” deb tuhmat bilan hujum qilishi mumkin, deb vahimaga tushibdi.
Shom podshosi Qodirni o‘z yurtiga qaytishga ko‘ndiribdi. Qimmatbaho in’omlar beribdi, yoniga to‘rt pahlavonni qo‘shib Rumga jo‘natibdi.
Qodir Тaqirtosh tog‘i ustiga chiqayotganida qarshisidan kelayotgan Qorasoch pari bilan Nodirga ko‘zi tushib, sevinib ketibdi. Ular quchoqlashib ko‘rishibdilar, Rum shahriga borishga qaror qilibdilar. Ular yo‘lda charchab katta chinor tagida dam olibdilar. Qodir bilan Qorasoch pari uyquga ketibdi. Nodirning uyqusi kelmasdan xayol surib yotgan ekan, chinor tepasiga to‘rtta to‘tiqush kelib qo‘nibdi. Ulardan biri: “Buni qara, mehnatni bu qildi-yu, huzurini anovi ko‘radi”, debdi. Ikkinchisi: “Bu mayli-ya, shahzodaning otasi bularning kelishini eshitib, o‘g‘lim kelib ichsin, xotini menga qolsin, deb bo‘yi yetgan qizlarga zahar ushlatib qo‘yibdi”, debdi. Uchinchisi: “Otasi o‘g‘lim kelsin, minsin, qo‘liga olsin, o‘lsin, xotini menga qolsin, deb zaharlangan ot, qush tayyorlab qo‘yibdi”, debdi. Тo‘rtinchisi: “Otasi o‘g‘lim kelsa, chaqsin, o‘lsin, xotini menga qolsin, deb yangi uy qurib katta zaharli chayon tashlab qo‘yibdi”, debdi. Hammasi: “Bizdan keyin gapirganlar tosh bo‘lsin”, deb uchib ketibdi.
Qodir bilan Qorasoch pari uyqudan turib, otga minib Rum tomon jo‘nabdilar. Bir necha kundan keyin shohning saroyi ko‘rinibdi. Asta-sekin karnay-surnay ovozlari eshitilibdi.
— Bu yerda nima bo‘lyapti? — deb so‘rabdi Qorasoch pari.
— Otam bizni kutib olyapti,— deb shahzoda maqtanibdi. Shaharga yaqinlashganlarida yasangan qizlar zarhal kosalarda qimiz ushlab:
— Shahzodamiz yo‘l yurib, chanqab kelyaptilar, chanqovlarini qondirsinlar, —debdilar. Shahzoda Qodir olib ichmoqchi ekan:
— Тo‘xtang, aka,— deb Nodir shahzodaning qo‘lidan tutibdi, — Hind shohining saroyida Qorasoch parini otga mindirayotganimda bir niyat qilgan edim. Biz sog‘-salomat yurtimizga borganimizda yo‘lda birin-chi marta qizlar qimiz tutsalar, shuni ichmasdan to‘kib tashlaylik, deb. Ruxsat bering, men to‘kib tashlay,— debdi.
Qorasoch pari Qodirga qarabdi. Qodir uning talabini qaytarib ichmoqchi ekan. Nodir qo‘lidagi qamchini bilan bir urib, qimizni to‘kib yuboribdi. Qodir Nodirdan xafa bo‘lib, otga qamchi uribdi. Shahar darvozasiga yaqinlashganida podshoh vazirlari bilan ularni kutib olishga chiqibdi.
Podshohni ko‘rgan zamon bular darrov otdan tushib, ta’zim qilibdilar. Shoh Qorasoch parini ko‘rgan zamon otdan tusholmay, o‘g‘li bilan ko‘risha olmay turib qolibdi. Vazirlardan biri qimmatbaho anjom, ot va qarchig‘ay qush keltirib shahzodaga:
— Shahanshohimizning yo‘l ustidagi sovg‘alarini qabul qilishingizni so‘raymiz,— deb ta’zim qilibdi. Shahzoda Qodir qushni olib otga minmoqchi bo‘lganida, Nodir to‘xtatib:
— Ey, shahrimizning ulug‘ zotlari, biz yo‘lda ko‘p qiyinchiliklarga uchrab, azoblar chekdik. Ana o‘shanda men bir niyat qilgan edim: shu azob-uqubatlardan qutulib, shahrimizga yetib olsak, shahan-shohning birinchi sovg‘alarini xudoyi qilaylik degan edim,— debdi. Vazirning yonidan qilichini olib, ot bilan qushni burdalab, ustiga mayda qum sepib, qimmatbaho buyumlarni ko‘mib yuboribdi. Buni ko‘rgan podshoh achchig‘i chiqsa ham, Qorasoch pari oldida hech narsa deyolmay, jahl bilan iziga qaytib ketibdi. Qodir, Nodir va Qorasoch pari bilan maxsus tayyorlangan uyga kiribdi. Nodir hushyorlik bilan chayonni kuta beribdi.
Qorasoch pari yolg‘iz o‘zi tush paytida uylarni salqin qilib, qizil gilamlar ustiga duxoba to‘shaklar solib, qora sochlarini oppoq yostiqqa yoyib, ikki qo‘lining panjalarini bir-biriga juftlab, shirin uyquda yotgan ekan. Gilam ustidan yugurib kelayotgan o‘n bir bo‘g‘inli chayon amirkon maxsiga yopishib, yuqoriga o‘rmalabdi. Atlas ko‘ylak ustidan yurib, ko‘krak ustida to‘xtab, nayzalarini chiqarib, zaharini yig‘a boshlabdi. O‘rmalab ko‘ylak yoqasidan ichkari kirmoqchi bo‘lganida qizning nafasi uni orqasiga qaytaribdi. Chayon yelkadan o‘rmalab miya tomon borayotganda, Nodir uyga kirib, birdan qizning miyasiga o‘rmalab borayotgan chayonga ko‘zi tushibdi va chaqqonlik bilan chayonni ikki bo‘lib tashlagan ekan, chayonning bir tomchi zahari Qorasoch parining yuziga sachrabdi. Nodir shoshilib, zahar yoyilib ketmasin deb ro‘molcha bilan Qorasoch parining yuzidagi zaharni artib turgan ekan, shahzoda Qodir kirib, turgan joyida qotib qolibdi.
— Men seni do‘stim, o‘z ukam, deb mehr qo‘ysam, sen menga xiyonat qilib yurgan ekansan,— debdi. Qorasoch pari cho‘chib uyg‘onibdi, hech narsa tushunmay hayratda qolibdi.
— O‘zingning qora iflos nayranglaring bilan meni aldab yurgan ekansan. Otang otamning davlatiga xiyonat qilganidek, sen ham menga xiyonat qilding. Endi sen ham otangning yoniga bor,— deb Nodirni qilich bilan chopib tashlamoqchi bo‘lganida Qorasoch pari sakrab turib, shahzodaning qo‘lini ushlab, Nodirga:
— Nima voqea bo‘ldi? Menga tushuntiring,— debdi.
Nodir Qodirga uzoq tikilib:
— O‘tiring, akajon, o‘tiring, singlim! Men butun voqeani aytib beray, ehtimol, mening so‘zlarimni eshitib bo‘lganingizdan keyin, bir-birimiz bilan so‘zlasha olmasmiz, ko‘risha olmasmiz. Buning uchun sizlarga qilgan gunohimni kechiringlar, sizlarning hurmatlaringizga sazovor bo‘ladigan birorta xizmat qilolmadim. Voqea bunday:
Biz hind podshosining mamlakatidan chiqib, Shomdan kelayotib katta chinor tagida dam oldik. Siz Qorasoch pari bilan uxladingiz, men uyg‘oq edim. Shu chinorga to‘rtta to‘ti qush qo‘nib, birisi: “Buni qara, mehnatni bu qildi-yu, huzurini anovi ko‘radi”, dedi. Ishonmasangiz tizzamdan u yog‘i tosh bo‘lsin. Ikkinchisi aytdi: “Bu ham mayli-ya, otasi zaharli qimiz qilib, qizlar qo‘liga berib qo‘yibdi,o‘g‘lim kelsin, ichsin o‘lsin, xotini menga qolsin deb”; shuning uchun o‘sha qimizlarni to‘kib tashladim. Ishonmasangiz belimdan u yog‘i tosh bo‘lsin. Uchinchisi aytdiki: “Otasi zaharlangan ot, anjom, qush yasab qo‘yibdi, o‘g‘lim kelsin, minsin, o‘lsin, xotini menga qolsin, deb”; uni ham chopib o‘ldirdim. Ishonmasangiz ko‘kragimdan u yog‘i tosh bo‘lsin. Тo‘rtinchisi: “Otasi yangi imorat solib, chayon tashlab qo‘yibdi, o‘g‘lim kelsin, chaqsin, o‘lsin, xotini menga qolsin deb”. Kechadan beri chayonni poylab yurar edim, mana shu bugun Qorasoch pari uxlab yotgan edi, sochlari ustidan o‘rmalab yurgan ekan, shamshirim bilan chetga olib bir urgan edim, ikki bo‘linib bir tomchi zahari singlimning yuziga sachradi, zahari tarqalib ketmasin, deb ro‘molcha bilan zaharni artib olayotgan edim, siz kelib qoldingiz, — deb ikki bo‘linib yotgan chayonni ko‘rsatibdi. Ishonmasangiz tosh bo‘lay, deb bor vujudi toshga aylanib qolibdi.
Voqeadan xabardor bo‘lgan Qorasoch pari Qodirga:
— Hali sening yuraging shunday qora, shunday yaramasmi, seni deb og‘ir azoblar chekkan, yosh jonidan kechgan, vijdonli do‘stingga sendan kelgan oqibat shumi? Seni zaharlab yo‘q qilmoqchi bo‘lgan o‘z otangning changalidan qutqarib qolgan pok yigitning tosh bo‘lib yotishini qara! — debdi.
Qodir qilgan ishlariga pushaymon yeb, ko‘zlaridan to‘xtovsiz yosh oqizib o‘tirganida Qorasoch pari Qodirga:
— Тur o‘rningdan, mamlakatga jar sol. Hamma hakimlarni chaqir, xazinadagi dunyolarni sarf qil. Nodirni o‘z asliga qaytar. Agar o‘z asliga qaytmas ekan, Qorasoch pari senga harom, o‘z yurtiga ketadi, — debdi.
Shahzoda Qodir butun mamlakatga jar soldiribdi, hech qanday natija bermabdi. Kechasi Qodir uxlab yotar, Qorasoch parining uyqusi kelmas ekan. Shu paytda uyning ikki burchagidan oq va sarig‘ ilon chiqib, bir-biri bilan so‘zlashibdi. Oq ilon sariq ilonga:
— Yer yuzidagi jonivorlar bizga qahr-g‘azab bilan qarab, bizni dushman deydilar, holbuki, o‘zlari bir-birlariga ashaddiy dushmanlik qiladilar. Buni qara, mehnatni qilib-qilib, tosh bo‘lib yotibdi. Yana buning tosh bo‘lganidan xabar topgan podshoh har soatni g‘animat bilib, o‘g‘lini o‘ldirish uchun payt poylab yuribdi, — debdi. Sariq ilon so‘zga kirib:
— Buni asliga qaytarish mumkin, lekin juda og‘ir. Buning uchun dunyodagi eng zolim odamni topib, shuning qoniga cho‘miltirib, to‘tiqushlar qo‘ngan chinorning tagidagi buloqqa sho‘ng‘itib olsa, asliga qaytadi, — debdi va ilonlar o‘z inlariga kirib ketibdilar.
Qorasoch pari bu voqeadan Qodirni xabardor qilibdi. Shu payt eshik ochilib, podshoh qo‘lida xanjar ushlagan holda kirib, Qodirga hujum qilibdi. Shahzoda Qodir podshohning oyog‘iga o‘zini tashlab:
— Otajon, axir men sizning farzandingizman-ku, nima gunohim bor, — deb yolvoribdi. Podshohning g‘azabiga g‘azab qo‘shilib, shahzoda Qodirning yuragiga xanjar sanchibdi. Qodirning jonsiz gavdasi gilam ustiga cho‘zilibdi. Podshoh vahshiy hayvonlarcha hayqirib, Qorasoch parini bag‘riga bosmoqchi ekan, qiz zaharli hanjarni tortib olib, zolimning ko‘ksiga uribdi.
Qorasoch pari:
— Dunyoda bundan ham ortiq zolim bo‘lmaydi, — deb tosh bo‘lib yotgan Nodirni ko‘tarib shohning qoniga cho‘miltirib, boshiga qo‘yib:
— Xayr, zulm botqog‘iga botgan shoh saroylari,— deb chinor tomon yo‘l olibdi. Borib chinor tagidagi buloqqa toshni sho‘ng‘itgan ekan, Nodir aksa urib o‘z holiga kelibdi. Qorasoch pari xursand bo‘lib, Nodirga qarabdi. Nodir hayron bo‘lib:
— Akam qani, nega biz bu yerdamiz?— deb so‘rabdi.
Qorasoch pari shahzoda Qodirning otasi qo‘lida halok bo‘lganini aytibdi.
Qorasoch pari qarshisida turgan ikki otni ko‘rsatib:
— Yuring, otga mining, aziz Nodirim, hamma voqeani o‘z elimda aytib beraman,— debdi. Ular Shom shahri tomon jo‘nabdilar.
Bir necha kun yo‘l yurib shaharga kirar ekanlar, karnay-surnaylar ovozi eshitilibdi. Nodir:
— Bu qanday sadolar?— deb Qorasoch paridan so‘rabdi.
— Bu Shom shahrining xalqlari ikki yoshning baxtli hayot boshlashini tabriklayotgan sevinch sadolaridir,— deb javob beribdi Qorasoch pari.
Ikkisi otga qamchi urib, shaharga kirib ketibdi va murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.