OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud yamoqchi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda Balx shahrida Mahmud degan bir yamoqchi qari onasi bilan yashar ekan. Ular kambag‘al yashaganliklari bois, Mahmud yamoqchi uylanishga qurbi yetmas ekan. Kunlardan bir kun Mahmud bozorda yamoqchilik qilib o‘tirganida qarshisiga bir chol kelib o‘tiribdi.
Chol Mahmuddan hol-ahvol so‘rabdi. Mahmud og‘ir ahvolda kun kechirishini, qari onasidan boshqa hech kimi yo‘qligini aytibdi. Chol Mahmudni o‘zi bilan birga sayohatga olib ketmoqchi bo‘libdi. Mahmud ham ko‘nibdi. Mahmud onasi bilan xayrlashib, chol bilan safarga chiqibdi.
Chol o‘z davrining bilimdon kishisi ekan. Chol turli kitoblarni o‘qib turar ekan, u kitobda bir sirni o‘qib qolibdi. Bu sir shundan iborat ekan: bir tepalik ostidagi yerning tagida allaqanday o‘rada doim chiroq yonib turar ekan. “Chiroqni Mahmud degan yamoqchi olib chiqsa, tuganmas xazinaga ega bo‘lishi mumkin”, deb yozilgan ekan.
Shunday qilib, chol bilan Mahmud juda ko‘p yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, oxiri bir dasht-u biyobonga yetibdi. Chol bir balandlikka chiqib, o‘tirib dam olibdi. Chol Mahmudga qarab:
— Qani, bolam, yaqinroq kelib o‘tir, — debdi. Mahmud cholning huzuriga yaqinroq kelib o‘tiribdi.
Chol Mahmudga qarab shunday debdi:
— O‘g‘lim Mahmud, onang bilan hamma vaqt kambag‘allikda kun kechirgansan. Shu vaqtgacha uylanib ham olmagansan, endi men senga bir sirni aytaman. Shundan keyin baxtli kun kechirasan. Hayoting farovon bo‘ladi. Boylikka ega bo‘lasan, uylanib ham olasan. Sen o‘z baxtingga ega bo‘lish uchun shu o‘tirgan joyimizdagi anavi toshni ko‘tarasan, yerga ketgan yo‘l bor, o‘shandagi zina bilan yerning tagiga tushasan, unda yo‘lak bor. Shu yo‘lakdan asta-sekin yursang bir katta saroyga chiqasan, saroyda qirqta xona bo‘lib, unda qimmatbaho narsalar, oltin-u, javohirlar bor. O‘sha xonalarning qirqinchisida bir eski jinchiroq bor. Shuni olib chiqsang, ana shu yerdagi boylik, xazina seniki bo‘ladi.
Cholning so‘zlarini diqqat bilan tinglab o‘tirgan Mahmud bir qancha vaqt o‘ylab o‘tiribdi. So‘ngra, tavakkal, shu cholning aytganini bir qilib ko‘ray, deb chol ko‘rsatgan joyda turgan toshni ko‘taribdi.
Qarasa, yo‘l bor. Yo‘lda yer tagiga tushib ketgan zina bor. Zinadan pastga qarab tusha boshlabdi. Undan yo‘lakka tushibdi. Yo‘lakdan bir katta yorug‘ saroyga chiqibdi. Saroyda bir qancha xonalar ko‘ribdi, undagi xonalarni birma-bir ochibdi. Ulardagi qimmatbaho tosh, oltin-u kumushlarni ko‘rib ko‘zi qamashibdi.
U eng keyin jinchiroq yonib turgan xonaga kiribdi va uni olib chiqibdi. Butun boylik xazinaga ega bo‘lib, cholga minnatdorchilik bildiribdi. Bu chol Xizr buva ekan. Mahmud shundan keyin o‘z shahriga qaytib bir qizga uylanibdi. Shunday qilib, yaxshi kun kechirib, murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.