OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boy bilan novcha

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, Zomin yurtida bir boy bor ekan, uning bir novchasi bor ekan. Kunlardan bir kuni boy bir narsadan ta’bi xira bo‘lib, novchasini koyibdi. Novcha arazlab Zomin qozisining oldiga boribdi. Qozi:
— Ha, nima arzing bor? — debdi. Novcha aytibdi:
— Arzim bor-u, taqsir, ovloq bo‘lsa aytaman, — debdi.
Shunda qozi o‘ylanib turib ko‘nglida: “Buning avzoyidan gapi borga o‘xshaydi, ovloq qilib gaplashib ko‘rayin”, deb oldidagi mulozimlarini chiqarib yuborib, so‘ngra haligi novchaga:
— Gapir, qani endi, — debdi. Novcha aytibdi:
— Тaqsir, falonchi boyga novcha bo‘lib yurgan edim, haqimni bermay quvib yubordi. Endi shuni nima qilamiz, qozi buva? — debdi. Qozi aytibdi:
— Oyiga necha pulga yurib eding?
Novcha aytibdi:
— Тaqsir, to‘qqiz oyiga olti yuz tangaga yurib edim, bir pul bermasdan quvib yubordi.
Qozi o‘ylab turib:
— Unday bo‘lsa sen beradiganingni ayt: men so‘ngra uni o‘zim sozlayman, — debdi. Novcha:
— Тaqsir, undirsangiz uchdan bir qismi, — debdi. Qozi aytibdi:
— Uch yuz tangasini sen ol, uch yuz tangasi bizga bo‘lsin. Sen mahkam bo‘lsang bo‘lgani. Тag‘in mabodo yarmini bersa, aldanib, ko‘nib qo‘yma, — debdi. — Boyni men aytib keltiraman. Boy kelgandan keyin unday degin, bunday degin deb, qozi novchaga so‘z o‘rgatibdi. Keyin novchaga javob berib, erta bilan Zomin bozoridagi qozixonaga kelishini uqtiribdi. Novcha shundan keyin o‘z qishlog‘iga ketibdi.
Ana endi bu kun o‘tibdi, erta bilan tongda qozi turib, choy ichibdi va otlanib, Zominning bozoriga ketibdi. U borib qozixonada o‘tiribdi. Birozdan keyin boy kelibdi. Boy qoziga:
— Тaqsir, haligi novcha oldingizga kelib arz qilibdi, unday falokatlarni oldingizga keltirmay, urishib haydab yuboring, — debdi.
Shunda qozi boyni ota-onasi qolmay so‘kaveribdi.
Shu orada novcha ham kelib qolibdi. Shunda qozi boyga:
— Buning haqini yeb ketolmaysan, hozir o‘tirgan joyingda topib berasan, — debdi. Keyin boy o‘ylab turib anglabdiki, novcha qoziga bir narsani berishga va’da qilgan. Boy payt poylab turib novchaning ko‘zini shamg‘alat qilib quchog‘ini ochib, imlab qoziga ko‘rsatibdi. Qozi unga yer ostidan ko‘z tashlabdi va yerga qarabdi. Keyin biroz o‘ylab turib xayolga ketib: “Novchaning beradigan narsasi uch yuz tanga, uni ham boydan olsagina beradi, boyning imlab ko‘rsatgan narsasida bir balo borga o‘xshaydi, shu boyning va’dasidan qolmay, bir quchoq narsani va’da qildi, agar shuning hammasini bersa, bir narsali bo‘lib qolaman”, debdi qozi ichida. Shu orada qozi yana asta boshini ko‘tarib ko‘z osti bilan boyga qarabdi. Boy yana qulochini yozib, bir quchoq deb imlabdi. Shunda qozining yurak-bag‘ri undan battar ezilib ketibdi.
Qozi ko‘nglida: “Endi bu novcha padar la’natini bir so‘kayin, haqidan kechib, bir do‘q bilan yo‘q bo‘lib ketsin”, debdi. Qozi endi novchani so‘ka ketibdi:
— Padar la’nati, tuhmatchi, o‘g‘ri, yo‘qol-chi, yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma, hozir jazoga hukm qilib yuboraman, — deb siyosat qilibdi.
Keyin haligi novcha qo‘rqib, yuragi yorilay debdi. Qozi olti oylik jazoga hukm qilib yuboraman degandan keyin novchaning jon-poni chiqib ketibdi, haq olmasam ham go‘rga, deb qozixonadan orqasiga qaramay chiqib ketibdi. U ko‘zdan yo‘qolgach, qozi boyga qarab sekin ishorat qilib:
— Qani haligi aytgan narsani olib keling, — debdi. Boy o‘rnidan turib bozor oralab ketibdi. Ana endi qozining dimog‘i chog‘ bo‘lib, quvonganidan yuragi yorilguday bo‘libdi. “U bir quchoq narsa nima ekan? U bir xum tanga bo‘ladi yo bir xum tilla bo‘ladi, qachon olib kelar ekan”, deb yuragi ezilib ketaveribdi. Qozining ikki ko‘zi boyning yo‘lida bo‘pti. Ana endi qozi boyning yo‘liga qarab, ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tiraversin, so‘zni boydan eshiting. Boy bozor oralab ketganicha to‘g‘ri qovun bozorga boribdi. Ho‘kizning beliday bir katta tarvuzni bir miriga olib, quchoqlab jo‘nabdi. Boy hovliqib qozixonaga yetib kelibdi. Qozi o‘tirgan yeridan cho‘zilib qarab, o‘ylabdi: “Obbo boy buva tushgur-e, qoziga bir yaxshi tarvuz ham olib beray debdi-da”, deb ichida quvonib qo‘yibdi. Boy shu orada tarvuzni olib kelib qozining oldiga qo‘yibdi. Shunda qozi:
— Boy, tarvuz bozoriga ham boribsiz-da? —desa, boy:
— Axir bizning bir fe’limiz xudoga yoqib, xudo bizga shunchalik davlatni berib, boy qilib qo‘yibdi, va’da qilgandan keyin va’dada turamiz-da, taqsir, — debdi.
Boydan bu so‘zni eshitgan hamon qozining yuragi shuv etib ketibdi. Boy shu orada tarvuzni so‘yib, bir pallasini karjlab, qozining oldiga qo‘yibdi, yana bir pallasini karjlab o‘zining oldiga qo‘yibdi. “Oling taqsir”, deb qozini tarvuz yeyishga taklif qilibdi. Ular ikkovi ikki palla tarvuzni yeganicha yeb, qolganini qoldiribdilar. Keyin qozi ko‘z osti bilan har zamon-har zamon boyga qarab o‘tira beribdi.
So‘ng boy:
— Bizga javob endi, taqsir, tarvuzni bo‘lsa yedingiz, haligi onangni ko‘rgur novchaning gapiga ko‘p quloq solavermang. Kelasi bozor tag‘in bir yaxshi tarvuz olib beraman, — debdi. Qozi:
— Boy buva, boshqa gapni qo‘ying, boyagini olib keling, — debdi.
Boy:
— Тaqsir, odamni kalaka qilmang, bu gapingizga men tushunmadim, bu nima deganingiz? — debdi. Qozi:
— Buva, esingizdan chiqdimi, boya bir narsam bor, beraman, demadingizmi? Siz shunday qilib bir quchoq narsam bor, beraman, deganingizdan keyin, men haligi kambag‘alni so‘kib yubordim, — debdi. So‘ngra boy:
— Ha, taqsir, endi tushundim, u bir quchoq, deb ko‘rsatganim mana shu tarvuzning o‘zi edi, yedingiz-ku, — debdi.— Bu bir quchoq bo‘lmay nima, o‘zingiz ko‘rdingizki, quchog‘imga sig‘may lapanglab zo‘rg‘a ko‘tarib keldim.
So‘ngra qozi boyning va’dasiga ishonib, o‘zimning kambag‘alimdan ayrildim, shu zamonning boyining ham, kambag‘alining ham aytgan so‘ziga ishonib bo‘lmaydi, deb so‘kinibdi. Keyin boy o‘rnidan turib chiqib borayotib:
— Тaqsir, har narsaga ham yengillik qilmang. Erta bozor oldingizga tag‘in bir tarvuz olib kelaman, — deb chiqib ketibdi. Qozi yana o‘ylab, haligi aytgan bir quchoq narsasini bu bozor olib kelsa ham ajab emas, deb xomtama bo‘lib qolibdi. Lekin bu bozor ham qozi boydan hech narsa ololmay, uyga qaytibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.