OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Pufak (hikoya)

O‘lja buva hovliga lopillab kirib kelayotgan Bolta polvonga ko‘zi tushdiyu cho‘chib ketganday irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Keling, polvon?
Mehmon cholning qo‘lini ikki kafti orasiga olib, issiq ko‘rishdi.
– Dimog‘ingiz choqmi, buva? Kayfiyatingiz durustmi?
Qo‘ra tarafdan ho‘kiz mo‘‘radi.
– Shu harom o‘lgur sigirning tovushi o‘chmadi-o‘chmadi-da, – dedi chol qo‘lini yigitning kaftlari orasidan bo‘shatib olar ekan. – O‘zingiz bardam-baquvvatgina yuribsizmi, polvon?
– Shukr, yaxshi.
O‘lja buva hovliada donlab yurgan tovuqlarga yerdan kesak olib otdi. Tovuqlar esa pinagini ham buzishmadi. Ularning yemish mo‘l joydan ketgilari kelmayotgani sezildi.
– Uyingizga yangi eshik qo‘ndiribsizmi, deyman?
– Nimasi yangi, bo‘yalgan... Kisht-kisht! So‘yilgurlar hech qochmaydi-ya.
– Bo‘yog‘ini kimdan olgansiz, buva?
– Eskidan bor edi... Qani ichkarilaylik, esa? –til uchida manzirat qildi chol.
Polvon shunga ilhaq turganday, darrov uyga qarab yurdi. Inqillab-sinqillab yechgan boshmog‘ini kavshandozda qoldirib, ko‘rpachaga chiqdi. O‘lja buvaning hol-ahvolini qaytadan, emin-erkin surishtirib chiqdi. Bir dardi bor, deb xavotirlandi chol. Ha, tekka kelmagan. Esa, kech peshinda bu yerda iti adashmagandir. Qarz-parz so‘rab kelgan. Singlisini kuyovga berayotgan emish, degan gap yuruvdi, to‘yiga puli yetmay qolgan. O‘lja buva sariq ro‘molchaga tugib, sandiqqa tashlab qo‘ygan pulini esladi. Illo-billo, berib bo‘lmaydi. Boltaday dasti kalta odamga qarz berib, ketidan labing gezarib yurasanmi. O‘zi bilib muddatida qaytarmas, sen qistayolmassan, bir cheti – qarindoshchilik. To‘rvasi mayizga to‘lib, ro‘zg‘oridan bir nima orttirgunicha, hali uning sochi oqarib ketadi. Oldida bo‘yi yetib turgan ikki singlisi bor.
– Askar bola eson-omonmikan, xat-pat yozib turibdimi? – deb so‘radi polvon.
– Shu ulimiz bizdi o‘tmas pichoqminan so‘yyapti, polvon.
– Tinchlikmi?
– Hech aytguligi yo‘q chiqdi bu bola. Xuddi pul zovutim borday... so‘rayveradi. Bugun kelgan xatidayam, pul jo‘nating, kanurt* olaman, depti. Esa, tunov kunigina bir uloqning pulini jo‘natuvdim. Erta-indin uyiga qaytadigan bachchag‘ar shuncha kanurtni gazagiga dori qiladimi, polvon?
– Ha, endi, erkalangisi kelgan-da.
– Erkalikning ham cheki-chegarasi bo‘ladi. Xizmatga ketguncha-ku, moshin obering, deb qulog‘imni qoqib qo‘limga berdi. Mayli, ra’yi qaytmasin deb, Normurod qassobning tovuqkatagini opberdim. Uch kun minmay, tandirga urib oldi. Mana, endi jizzaday kuyib o‘tiribman.
Cholning avzoyi buzilib, shilpiq ko‘zlari olayib ketdi. Burnining uchigacha ajin bosgan yuzi dam oqarib, dam ko‘kardi. Hozir o‘g‘li yonida bo‘lsa, qulog‘ining tagiga solib yuboradigan shashti bor. Polvon rostdan ham qarz so‘rab kelgan edi, cholning ahvolini ko‘rib tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
– Bunga qarang, polvon, – deya chillakday oyog‘idagi rangi o‘chib ketgan mahsisini ko‘rsatdi chol. – Bu sho‘ring qurg‘ur menga tushganiga pushaymonlar yeb ketgan bo‘lsa kerak. Lekin oyoqdan o‘zi tushib qolmasa, tashlash yo‘q. Askar ukangiz nonni nanna deb yuribdi. Yotib yeyishga tog‘ chidamaydi...
O‘lja buva, gapimga tushundingmi, degandek mehmonga qaradi. Polvon nochorgina kuldi. Chol, ko‘ngli sal tinchib, taxmondan avval polvonga, so‘ng o‘ziga bolish olib tashladi. Ko‘hna mahsini ko‘rsatishdan oldin, bostirmada qantarig‘liq turgan uch ho‘kizni esladimikan, deb o‘yladi Bolta polvon. Esladi, esladi. Sigirimiz mo‘‘rayapti, deb o‘zicha ularni yashirmoqchiyam bo‘ladi. Ho‘kiz bilan sigirning tovushini farqlamasam, o‘lgan ekanman-da...
– E, buva, ko‘p ham yozg‘iravermang, – dedi u. – Ot bosmaganni toy bosar, deb bejizga aytmagan. Qoshiq aylanib, bir kuni sizga ham yetib qolar.
– Ha-ay, bilmadim-da. Hali yana ikki bolani uyli-joyli qilishim kerak. Endigilarning to‘yini bilasiz-ku...
– Bu dunyoning kami to‘larimidi, buva. Musulmonchilik asta-asta-da.
– Gapingiz ma’qul-ku, polvon, lekin bu yoqda yoshimiz ham bir joyga borib qoldi-da, – dedi O‘lja buva so‘lish olib. – Qariganda bir piyola choyimizni munda-ay, yonboshlab yoti-ib ichsak deymiz. Tokaygacha olaxurjunni ko‘tarib chopamiz? O‘ylab ko‘rsam, kechagina ishtonsiz yurgan bir bola edim. Shu kunlar uch-to‘rt tukli soqolimniyam o‘zim ololmay qopman. Ko‘z qurg‘ur o‘tmaydi. Har oyda usta Saydullaga falon so‘m berib qirdiraman. E-e, nimasini gapiray...
– Odamzod o‘zi bola-chaqani deb yashaydi-da, buva...
– Mana, tomorqani ko‘rib turibsiz, – O‘lja buva deraza pardasini ochib, boqqa ishora qildi. – Shularning hammasi munkillagan cholning ishimi?
Polvon tizzalab o‘tirib, tashqariga qaradi. Bog‘ning chap burjidagi qator so‘rilarga ochilgan toklar tekis kuzalgan. Barglari quyosh nurida tilloday yaltiraydi. To‘r tarafi daraxtzor: olma, o‘rik, shaftoli... Anori ham besh-olti tup borga o‘xshaydi. Bolta polvon miyig‘ida keldi: «Bu kishi tag‘in yetim qo‘ziday qaltiragani-qaltiragan. Shuning bari pul-ku!»
– Qo‘lim bo‘shadi deguncha, tomorqaga o‘tib kuymanaman, – deya diydiyosini davom ettirdi chol. – Butayman, o‘tayman, suv quyaman, ishqilib, tinmayman. Mayiz qilish-ku – ko‘kaykesar ish. Uni bozorma-bozor ortib yurishni aytmaysizmi. Yelkalarim uzilib ketay deydi. Shuytib yurib zarilmi menga? Hukumat bergan pensani mayda chayna-ab yeb yotsak, kampir ikkovimizga yetadi-ku, deyman. Bola-chaqayam, shukr, nonini topib yeydigan bo‘p qolgan, bir kunini ko‘rib ketar? Lekin qayda, ular tinchib ketsayam, men tek o‘tirolmasam kerag-ov. Bir kun qo‘lim bo‘sh qolsa, uxlayolmayman.
Bog‘da sochi taqir qirilgan yetti-sakkiz yoshlardagi bola ko‘rindi. Qo‘lida puchayib qolgan pufak. Og‘zining kattaligiga qaraganda, O‘lja buvaning nevarasiga o‘xshaydi. Nimanidir ko‘rdi chog‘i, kunbotishga qarab anqayib qoldi.
Bolta polvonning ahvoli tang edi. Shu qurumsoqdan qarz so‘rab kelguncha o‘lganim yaxshiydi, deb o‘yladi. Bir xayoli etak qoqib chiqmoqchi ham bo‘ldi. Lekin ketolmadi, chiqarayotgan singlisini o‘yladi. Unga tuzukroq sep qilib berishi kerak, toki ko‘ngli o‘ksimasin. Axir Bolta – aka, ota o‘rnida, ro‘zg‘orga bosh...
– O‘tgan kuni shahardan kelayotganmidingiz, buva? – deya gap qo‘zg‘adi polvon.
– Qachon?
– Qassobxonaning yonidan qop ko‘tarib o‘tayotganingizda Eshnor buva: «Hormang, usta!» deb qoldi-ku?
– Ha, esimga tushdi. Mayizni o‘tkazolmay kelayotuvdim, alik olganiyam erindim. Chollarning gurungida siz ham bo‘lgan ekansiz-da?
– Boboylarminan o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olib o‘tiruvdik. Sizning qulog‘ingiz ham qizigan chiqar?
Bolta polvon og‘zining tanobini qochirdi. O‘lja buva mehmon gurungni jo‘rttaga yo‘q yerdagi gaplarga burayotganini sezib, qulog‘ini ding qildi. Sandiqdagi puli yana ko‘z oldidan o‘tdi. Nimaga bu bola haligacha muddaosini aytmayapti o‘zi?
– Xo‘sh, eshitaylik, qani, qulog‘imizni qizitadigan nima gaplar bo‘lgan ekan?
Bolta polvon yana boqqa qaradi. Boya anqayib turgan og‘zi katta bola xayolini yig‘ib, pufagini shishirishga kirishgan edi.
– Eshnor buvaning hamishagi gapi-da. O‘lja bu gal mayizidan foyda qilmapti, deydi. Foyda qilsangiz, o‘n chaqirim naridan ham salom berib o‘tarmishsiz. Bu oshnamizning soqoli oqarsayam, orqasi yerga tegmadi, endi u yoqqa borganda tegadi, deydi. Esa, ho‘kizday ikki bolasini o‘qishga jo‘natib, o‘zi kunning issig‘ida qavachaqday qotib yurishi epmikan, deydi.
Cholning betiga o‘xshovsiz kulgi yoyildi. U sal keyinga tislanib, ginadorlik bilan gap qotdi:
– Qolganlar indashmapti-da, polvon?
– Qolganlar nima ham derdi: birov ma’qulladi, birov – yo‘q. O‘lja buva o‘zi omiroq odam bo‘lsayam, bolalarini o‘qitib, durust ish qiladi, dedim men. Sho‘rbozordan yana kimning ikki bolasi Toshkentda o‘qiyapti? Hech kimning! Ullarini shuytib, qiynalib o‘qitgan ota bir kuni rohatiniyam ko‘radi-da. O‘lja buva ko‘rmasa, elimiz ko‘radi, dedim. Nima bo‘pti, bir ulingiz – do‘xtir. Yana birovi – muallim. Ertaga o‘qishni bitirib kelsa, Eshnor buvaning nevaralarini o‘qitadi, davolaydi. Shunday dedim, buva!
– Haqini beribsiz, polvon! Yashang! – Chol chap oyog‘ini poygakka tomon uzatib yubordi. – Eshnor chumchuq nima deb chirqilladi?
– Chirqillayolmay qoldi. Dami ichiga tushib ketdi!
– O‘xshatibsiz-da, polvon! Xuddi og‘ziga uribsiz-da!
Cholning og‘zi qulog‘iga yetguday bo‘lib iljaydi. Bolta polvon kulib yubormay, deb, tag‘in boqqa qaradi. Bolakay hamon pufagini puflardi.
«Pufla, shovvoz! – dedi Bolta polvon ichida. – Puflayver!...»
– O‘lja buvaday mehnatkash odam Sho‘rbozorda yo bitta, yo ikkita, dedim. Elning kallasiyam, sallasiyam shunday odamlar bo‘ladi, dedim.
– Voy-ey! – deya xitob qildi chol.
– Eshnor chumchuq gardaniga musht yeyganday, garangsib qoldi!..
«Paq!»
Bolaning qo‘lidagi pufak yorilib ketdi. Chol buni sezmadi ham. U ko‘rpachaning uchida yotgan yostiqni biqiniga tortib, yonboshlab oldi. Boshidagi oxori ketgan baxmal qalpog‘ini yechib, oldiga tashladi. Polvonning gaplari moyday yoqdi. Ayniqsa, bu gaplarni uning tengqurlari eshitgani! Axir, bilib qo‘yishsin-da O‘ljaning kimligini. Manavi bolaning shunday gaplarga aqli yetibdi, otasiga rahmat! Tili ham zuvalasiday pishiqqina ekan.
«Qani endi, bizning bolalar ham shunday pishiq bo‘lsa!»
Non bilan choy keldi.
– Mayizdan ham oling, polvon.
Bolta polvon cholning tarziga qarab, ancha iyiganini payqadi. Endi gap ochsa ham bo‘ladi. Singlimning to‘yiga, deb aytsa ishi bitishi qiyin. Harna, oriyat degan gap bor. Sal-pal to‘qib-chatishiga to‘g‘ri keladi.
– Endi... O‘lja buva, biz bir tashvish binan yuribmiz.
Cholning siyrak qoshlari bir ko‘tarilib tushdi. Shoshilmasdan choyini qaytardi. Ko‘z oldidan yana sandiqdagi pul o‘tdi.
– Bilarsiz, Moylijarda opamiz bor... Shuning mazasi yo‘q.
– Xo‘sh-xo‘sh.
– Eshik-oraga chiqolmay qoldi. Do‘xtirlarga ko‘rsatsak, Toshkentda bir profesur bor, shundan boshqa odam opani tuzatolmaydi, deyishdi.
O‘lja buva xo‘rillatib choy ichdi. Bolta Toshkentdagi do‘xtur o‘g‘limning adresini so‘rab kepti-da, deb o‘yladi.
– Iloji bo‘lsa, do‘xtirlarga qarating, – dedi salmoqlab. – Opani tikka qip oling, polvon.
Bolta gapining yarmini choyiga qo‘shib yutdi. Piyolasidagi so‘nggi ho‘plam choyni simirib, indallosini aytdi:
– Shunga ozroq qarz berasizmi, deb kelganim...
Chol ko‘zlarini olib qochdi.
– Enam, dadilroq pul O‘lja buvangda bo‘lmasa, boshqadan topilishiga ko‘zim yetmaydi, devdi. O‘ylab-o‘ylab sizni qora tortib kelganim...
– Bizda pul nima qiladi, inim?
O‘lja buva shunday dedi-yu, yana sandiqdagi sariq ro‘molcha ko‘z oldiga keldi. Sandiqqa suyangan edi, uning osma qulfi biqiniga botdi. Tunukaga ishqalanib, sekin shiqirlab qo‘ydi. Asli shu pulni o‘tgan bozorda xarajat qilib yuborish kerak edi, deb o‘yladi.
– Mayli, – dedi yag‘rinini sandiqdan uzmay. – Mayli, polvon. To‘yga deganingizda bermasdim. Shunday tashvishga so‘ryabsiz, «yo‘q» deb bo‘ladimi.
O‘lja buva keyiniga surilib, sandiq ustidagi ko‘rpa-yostiqqa yopilgan so‘zananing chap burjini ko‘tardi. Kalit ko‘rpa-yostiqlarning tagida, necha yildan beri to‘shalishini kutib yotgan patli gilamning orasida edi. Gilam qatlamlariga suqilib kirgan barmoqlar u yoqdan – bu yoqqa bazo‘r sirg‘alib, uzoq izlandilar. Kalitni topish juda qiyin bo‘ldi. Barmoqlar avval qandaydir qattiq narsaga duch keldilar. Lekin uni gilamning dag‘alroq yigirilgan arqog‘i, deb o‘ylashib, yonboshidan tezda o‘tib ketdilar. Ortga qaytayotib yo‘l-yo‘lakay turtib ko‘rishsaki, arqoq emas... Turtki yegan qarab turarmidi, kalit ichkariga qarab qochdi. Nima qilishlarini bilmay, xiyla talmovsirab turgan barmoqlar uni quvlashga tushdilar. Bari bir bo‘lmadi. Mo‘ljaldan qochirib qo‘ydilar. Ularning oldidan kuyadori o‘ralgan qog‘oz chiqdi. «Izquvarlar» tag‘in orqaga tislanishib, kalitni shu yaqin-o‘rtadan izlay boshladilar. Uh-h! Bu yoqda ekan-ku. U gilam taxlamining chetginasida, oq gulning ostida pusib yotgan ekan. Barmoqlar uning qulog‘idan ushlab, bazo‘r sudrab chiqdilar. Endi qulf tixirlik qila boshladi. Tuynugidan kirib borgan kalitning boshini dam u yoqqa, dam bu yoqqa aylantirib, uni yo‘ldan urmoqchi bo‘ldi. Lekin behuda tirtanglagani qoldi. Tuyqusdan «sharaq» etib yerga tushdi. Barmoqlar nim qorong‘i sandiqqa kirdilaru sariq tugunchani changallab chiqdilar. Ana, u ko‘rpachadan joy oldi. Tugunchani yechayotgan barmoqlar, bo‘g‘inlari bo‘shashganday, sezilar-sezilmas titrardilar. Dimoqlariga pul isi urildimi, ularning titrashi kuchaydi. Barmoqlar shaldiraganu shildiragan, tozayu kir bosgan, yashilu qizil, ko‘ku sariq pullarning yuzlarini bir-bir silashib, dasturxonning nariga qirg‘og‘idan cho‘zilgan begona barmoqlarga uzatdilar. Pullar notanish qo‘lga tegar-tegmas, ko‘zdan yo‘qolaverdi. Sariq ro‘molcha shalvirab qoldi. Namlangan kaftlar uni navbati bilan g‘ijimladilar.
Hovliga chiqqanida Polvonning yuzi hammomdan chiqqanday bo‘g‘riqib ketgan edi. U supada o‘tirib, yorilgan pufagidan sibizg‘a qilishga urinayotgan bolaning yelkasiga qoqdi:
– Malades ekansan, jo‘ra! Pufagingni axiyri yorib tinchiding-a!
________
* Konvert demoqchi

«Sharq yulduzi» jurnali, 1985 yil, 7-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.