OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Bo‘ron. Sadoqat (hajviya)

Qishloqning kun chiqar tomonidagi hovlining loysuvoq, pastqam imoratlari uni o‘rab olgan o‘riklar orasidan ko‘zga tashlanib turadi. Bu yer hamisha sokin. Qishloqning asosiy to‘pari bu yerdan bir chaqirimcha narida, son-sanoqsiz dov-daraxt ichra ko‘rkam bo‘lib ko‘zga tashlanadi.
Zoir amaki uzoqdan qaraganda kimsasizdek, jim-jitdek ko‘rinadigan hovlida o‘z ta’biri bilan aytganda birinchi sevgisi va asosiy dushmani Maston buvi va nevaralari bilan yashaydi. Zarafshon, Navoiy va Buxoro shaharlarida yashab-o‘qiydigan yetti nevara navbati bilan chol-kampirning yoniga qochib kelishadi. Bunday qaraganda odam bolasining bundan-da farog‘atli baxti bo‘lmasa kerak. Ammo... insonlarga xos jihatlar nafaqat gavjum shaharlarda, balki ana shunday sokin go‘shalarda ham sodir bo‘lib turadi.
Mana bugun kampirsho tongdanoq cholining g‘ashiga tega boshladi.
— Boboy! Bugunoq anavi mertsingizni ko‘zimdan badarg‘a qiling! Jonga tegdi. Tekin nishxo‘rdni qachongacha kurtillatmoqchi bu qari eshagingiz!? Xudo ko‘rsatmasin, mabodo joni chiqib qolsa, hammaga salma bo‘ladi. Aravani qo‘sh, o‘ligini ort, jarlikka oborib tashla. Undan ko‘ra, o‘lmasidan jarlikka oborib tashlang!
Zoir buva ichida bir tutaqdi. Ammo o‘zini bosdi. Ertaminandan oilasida janjal ko‘targisi kelmadi. Yana esiga o‘zining eski armoni tushdi...
Bu kampir shafqatsiz, berahm. Hamma narsadan foyda izlaydi. Faqat o‘zini o‘ylaydi. Mana shu eshagi yosh, kuchga to‘lgan paytlarda rosa ro‘zg‘orlariga yaragandi. O‘sha paytlarda xotini shaxsan o‘zi supa pastidagi bedadan o‘rib uning oldiga tashlardi.
—    Eshagimizning oldida ot bekor, uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qilyapti, — derdi.
Endi bo‘lsa, yo‘qotingmish...
Bechora mersedets!.. Qarib endi keraging bo‘lmay qoldimi. Cholning yodiga lop etib o‘zining ertaklari tushib ketdi... Uning ikki ertagi bor edi. Biri — «Zumrad va Qimmat», yana biri «Oltin baliqcha» edi. Chol bu ertaklardagi chollarni o‘ziga, kampirlarni esa kampiriga mengzardi. Ba’zan kampiri unga shunaqa kurakda turmaydigan, insof doirasiga sig‘maydigan ishlar buyurar ediki, bu Zoir buvaning diyonatiga to‘g‘ri kelmas, shu sababdan ko‘pincha ikkisi g‘ijillashib qolishardi. Mana, bugungi topshiriqni qarang. Shuncha yillar joniga oro kirgan, oilaga katta xizmatlari singgan eshagini jarlikka ag‘darib kelishi kerak emish. Eh, noinsof, noinsof...  O‘zing qarib, kuchdan qolganingda birov shunday qilsa nima derding!..
Zoir buva yelkasini qisib bemaqsad goh tovuqxona tomonga, goh mollar bog‘langan xasayvon tomonga o‘tardi. Nihoyat, fikrini bir joyga jamlab, kechagina o‘rilgan bedadan bir siqim olib oftobro‘ya joyga — hovlining kun botaridagi keksa tutga bog‘lab qo‘yilgan eshagining oldiga bordi-da, hasratli bir ohangda:
—    Eh, Mersedets, bu kampirning kimligini bilasan-u. Kaltabin kimsadan o‘pkalab bo‘lmaydi. Nima deysan, sochi uzun bir jonzot-da. Men seni xafa qildirib qo‘ymayman, — degan ko‘yi qo‘lidagi o‘tni eshakning oldiga tashladi.
Mana, haftaki, eshakning ishtahasi yo‘q. Na beda, na tomarqadan terilgan sarxil o‘tlarga og‘iz uradigan ahvolda emasdi. Uni betob ham deb bo‘lmasdi. Majolsiz, guyo hayotdan umidini uzib, o‘limini kutayotgan, to‘qsonlarni ortda qoldirgan kampirshoga o‘xshab qolgandi. Turganda zo‘rg‘a turar, yurganda holsiz joyidan siljir edi. Zoir buva ham rahmi kelib, ham hafsalasi pir bo‘lib eshagiga qarab turardi. Chol tabiatan rahmdil edi, bir kichik mushukchami, bir kichik kuchukchami yo‘lidan chiqib qolsa, hovliga ko‘tarib kelar, ularni nabiralari bilan avaylab boqib, «odam» qilib yuborgisi kelar, ammo kampir birinchi lahzadanoq uning ro‘parasidan qovoqlarini uyub chiqib kelar va boshlardi:
—    Yo‘qoting bu haromxo‘rlaringizni! O‘zi shundoq ham ikki it, ikki mushugimiz o‘zidan ko‘payib yotibdi-yu...
Va shu ko‘yi cholu kampirning nimasi bilandir buyuk dramaturglarning keskin g‘oya va ziddiyatlarga boy pesalariga o‘xshash sahna ko‘rinishlari hovli sahnida o‘ynala boshlardi:
—    Ey, kampir, sen savob degan narsa haqida eshitganmisan? Yaratganning o‘zi jonivorlarga mehribonlikni bizga vazifa qilib qo‘ygan. Yetim-esir, uy-joysiz, boquvchisini yo‘qotgan jonivorlarga mehr berganga o‘zi mehr va’da qilgan! — derdi boboy televizorda ko‘rgan biror qahramonga o‘xshatib. Shu topda uning ovozi ham mashhur aktyorning ovoziga o‘xshab ketardi.
—    Nima, man, jonivorlarga mehribon bo‘lmay qoldimmi? Man-a!? — derdi kampir ham televizor serialidagi allaqanday aktrisaga o‘xshatib. — Mana bu — qo‘ylarning qo‘zichoqlari, echkilarning uloqchalariga sel kelgan pallada kim sut beryapti? Sigirlarimizning buzoqchalarini kim bag‘riga olib, ona suti bilan so‘skada emirib kelyapti? Bu mehribonlik namunasi emasmi, boboy!? So‘zingizda adolat qani!?
—    Bu gapingda jon bor. Ha, san, uloqcha, barracha va buzoqchalarga mehribonsan! Biroq, bu mehribonliging orqasida manfaat yotibdi. San o‘z manfaating yo‘lida ularga mehribonsan. Agar ulardan ham kuchukchalar va mushukchalar kabi foyda bo‘lmaganda shu ishlarni qilarmiding?!
—    Ja, zaril keganakan-da!.. Bir kami haromxo‘rlarning tegirmoniga suv quymaganim qoluvdi.
—    Merts sanga nima yomonliq qildi? Bir umr uni xuddi erkakni mingandek minding! Sanga olti qorin bola tug‘ib berdi. Uning bolalari voyaga yetgach, sotib, o‘g‘il-qizlaringning to‘ylariga ishlatib yubording. Endi bechora qarib, kuchdan qolganda jarlikka oborib tashlang, deysan! Sanda diyonat bormi o‘zi!?
—    Nima, boboy, siz uni pensiyaga chiqarmoqchimisiz!?
—    Necha kunlik umri qolgan bo‘lsa, tingchgina rizqini yesin. O‘lib qolsa, mana, man kafil, o‘zim izzatini joyiga qo‘yib, lalmidagi tepalikka ko‘mib kelaman.
Xuddi ana shunday manzara keyingi kunlarda bot-bot qaytarilar, nihoyat, boboy bir gapdan qolib, narilab ketardi.
Oxiri bo‘lmadi. Hamisha bo‘lganidek kampir g‘alaba qildi. Boboy boshqa bir puxtaroq fikrga keldi. Yaxshisi, u Mersedetsni Denov qishloqlik jo‘rasi — Baraka cho‘ponning qo‘rasiga oborib qo‘yadi. Shuginaga boshpana berib tur, og‘ayni, deydi. Bu besh kunlik dunyoda, qolgan bo‘lsa, bir kun-yarim kunlik umri qolgandir, deydi.
Zoir buva ertasi kuni azonda turib, do‘ppisini boshiga qo‘ndirib, yengilroq yaktagini kiydi-da, oyog‘iga o‘g‘li shahardan keltirib tashlab ketgan eski salloti boshmoqni kiyib oldi. Qari eshagini to‘qimlamadi. Endi unga to‘qim kerak emas. Chol majolsiz eshagini yetaklab yuqoriga — cho‘l tomonga o‘rmalagan ko‘yi chiqib ketdi. Agar to‘g‘riga yurib, lalmi yerlardan o‘tib, ro‘paradan keladigan qizil tepaliklardan aylanib, yo‘lni chapga solib, o‘n chaqirimcha yontoq aralash yavshanzorlar oralab ketilsa, Baraka cho‘ponning otaridan chiqish mumkin edi. Boboy yonida majolsiz oyoqlarini bosib, zo‘rg‘a siljib kelayotgan qari urg‘ochi eshakka dardini aytib kelardi:
—    Merts, bu kampirning kimligini o‘zing bilasan. Juda qaysar, gap tinglamas xilidan. Aytganini qilmasang, qiyomat qoyim bo‘ladi. U qizligida, xotinligida qanaqa edi! Juda mehribon, mehnatkash edi. Ko‘rdingmi, hayot uni qanaqa qilib qo‘ydi!? Lekin men siz eshaklarga qoyilman. Yoshlikda o‘ynoqi bo‘lasiz, voyaga yetib mehnatkash, mushfiq bo‘lib olasiz. Qarigach ham o‘sha-o‘sha eshshaklarsiz. Hech o‘zingizdan ketmaysiz. Mudom kamtarona bosh egib, xo‘jayinlarning xizmatida bo‘lasiz. Hech kimning haqini yemaysiz. Sizlarni eshshakdek ishlatib, qulning haqini berishadi. Yeganingiz ajriq, nishxo‘rd. Yotgan joyingiz hatto sayisxona ham emas.
Zoir buva jonivorlarga xuddi odamga mehr qo‘ygandek mehr qo‘yar va bir umr buning azobini tortib kelardi. Agar boqib katta qilgan biror qo‘chqorimi, ho‘kizini bozorga op tushish kerak bo‘lsa. Yo‘l-yo‘lakay xuddi hammasiga kampiri aybdordek, undan xafa bo‘lib ketaverar va jonivorga aslida bunga kim sababchi ekanini eslatib, miz-miz yig‘lagancha ketaverardi.
Zoir buva to jo‘rasining qo‘rasiga borguncha mehnati halol-u, o‘zi harom, haq-huquqi toptalgan jonivorga achingancha hasratli o‘ylarga to‘lib bordi. Baraka cho‘pon jo‘rasining iltimosini yerda qoldirmadi:
—    Mayli, yuraversin. Ana, xashak, yantoqni g‘aramlab tashlaganman. Agar yem yesa, bolalarga aytaman. Bir siqim yem ham berib turadi. Faqat, tulporingni tushovlab ket, jo‘ra...
Zoir buva jo‘rasidan mamnun bo‘lib ortga qaytdi. Ruhi ko‘tarildi.  Xayriyat, dunyoda yaxshi odamlar ham bor! Biroq eshakni tushovlagani qo‘li bormadi. Nima, to‘polon qilarmidi... Eshagi oxirgi kunlarini malomatda o‘tkazmaydigan bo‘ldi... Kim bilsin, balki yem yesa, kuchga to‘lib, batamom tuzalib ketar...
Cho‘ldan juda horib qaytgan ekan, cholning ko‘zi kampirning seriali boshlanmay ildi. U dong qotib uxlab qoldi.
Ertalab kampirining odatiy shang‘illashidan uyg‘onib ketdi.
—    E, harom qotgur-a. Yana kelibdi-ya! Hoy, boboy, turing! O‘rgatilgan malikai-husniobodingiz yana qadam ranjida qilibdilar! O‘n chaqirim nariga, ishonchli odamlarga topshirib qaytganmishlar! Ana, chiqing! Qadamlariga hasanot deb kutib oling!
Zoir buva qo‘l-oyoqlarining paylari og‘rib, suyaklari zirqirab, noiloj o‘rnidan turib, derazadan hovliga ko‘z tashladi. Nahotki!.. Kechagina «kurort»ga oborib qo‘yilgan merts cholning derazasiga termilib turar, chamasi kulimsirab turganga o‘xshardi. Xo‘jayinning ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi. Merts! Shuncha joydan-a! Shuncha xashak, tarollo yemxonani tashlab-a!..
Zoir buva derazani lang ochib yubordi. Dumog‘i chog‘ bo‘ldi. Ishshayib, sodiq quli, qari eshagiga suyunib qarab turarkan gap tashladi:
— Mana!.. Eshshak, eshshak deyishadi! Qani endi ba’zilarda manavi mertsimning sadoqati bo‘lsa!  

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.