OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahon adiblari hayotidan

http://ziyouz.uz/images/yozuvchi.jpg

Lorka va Samarqand

Ispan shoiri Garsia Lorka qadimiy andalus xalq qo‘shiqlari ohangida she’rlar yozib, jahonga mashhur bo‘lgan va o‘z ijodida Sharqu G‘arb adabiy an’analarini uyg‘unlashtirgan ijodkordir. “Kante Xondo — andalusiya qo‘shiqlari” maqolasida Lorka ushbu noyob she’riy ohanglar hind xalq og‘zaki ijodiyotiga borib taqalishini e’tirof etadi. Uning ta’kidlashicha, Kante Xondo qo‘shiqlari Ispaniyaga lo‘lilar bilan birga kirib kelgan ekan.
“Musiqa madaniyati tarixini teran o‘rgangan tadqiqotchi va nozik savqi tabiiy egasi Manuel de Falening izlanishlari lo‘lilarning hindiy qavmlardan tarqaganini isbotlaydi, — deb yozadi Garsia Lorka. — Uning ko‘zqarashlariga ko‘ra, bizning eramizning 1400 yilida lo‘li qabilalari Hindiston tuprog‘idan butun dunyoga tarqab ketgan.
Yigirma yildan so‘ng lo‘li qavmlari Arabiston va Misr qirg‘oqlaridan suzib o‘tib Yevropaning turli mamlakatlarida paydo bo‘lishgan va Ispaniyaga ham kirib kelishgan”.
Garsia Lorkaning “bobo”si Rui Gonsales de Klavixo esa 1403-1406 yillarda Ispaniyadan Samarqandga – Sohibqiron Amir Temurning buyuk saltanatiga elchi bo‘lib keladi va “Samarqandga — Temur saroyiga sayohat kundaligi” asarini yaratadi.

Artyur Rembo boyligi

Taniqli farang shoiri Artyur Rembo 1854 yilning 20 oktyabrida Frantsiyaning Sharlevil shahrida tug‘ilgan. 1891 yilning 10 noyabrida, o‘ttiz yoshida bevaqt vafot etgan.
Yetti yoshidan boshlab she’rlar yozgan shoir bor-yo‘g‘i o‘n to‘qqiz yoshgacha ijod qilgan, xolos. “Yetti yashar shoirlar” she’rida o‘zining baxtsiz bolaligini tasvirlagan.
U “Do‘zax fasli” nomli oxirgi asariga 1873 yilning avgust oyida nuqta qo‘ygan.
Artyur Rembo yosh bo‘lishiga qaramasdan, shoir sifatida erta nom qozongan edi. Adabiyotni ham ongli ravishda o‘z xohishi bilan juda erta tark etgan. 1873 yildan so‘ng hayotining qolgan o‘n sakkiz yilida badiiy ijod bilan umuman shug‘ullanmagan.
Artyur Rembo boylik orttirish ilinjida Misr, Arabiston, Efiopiya mamlakatlarining turli shaharlarida, cho‘lu biyobonlarini tinimsiz kezdi. Biroq u o‘zi o‘ylagandek boy bo‘la olmadi.
Aslida u o‘spirinligidayoq haqiqiy boylikka erishgan edi — Artyur Remboning betakror va nodir she’riyati jahon adabiyoti xazinasini hozirga qadar boyitib turibdi.

Gabriel Garsia Markes o‘qigan ilk kitob

Kolumbiyalik taniqli yozuvchi, Nobel mukofoti sohibi, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “Buzrukning kuzi”, “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” singari ko‘plab jahonshumul asarlar muallifi Gabriel Garsia Markes ham bir paytlar bola bo‘lgan. 1927 yilning 6 marti tongotar pallasida katta oilaning kelajakda tug‘ilajak o‘n farzandi — to‘rt nafar qiz bola, olti nafar o‘g‘il bolaning to‘ng‘ichi bo‘lib dunyoga kelgan bo‘lajak buyuk adibning bolaligi ham g‘aroyibotlaru hayratlar, orzu va havaslarga nihoyatda boy bo‘lgan.
O‘smirlik chog‘ida har xil o‘qishlar va kasbu korlarni egallash zarurligini tinmay uqtirib tazyiq va zug‘um qilgan otasiga onasi orqali u shunday degan ekan:
— Mening bu hayotda yakkayu yagona istak-maqsadim — yozuvchi bo‘lmoq va men albatta, bunga erishaman.
O‘qishni o‘rgana boshlaganida alifbodagi “m” harfining “em” deb o‘qilishi hali bola Gaboga mantiqsizlikday tuyulgan ekan. Uning unli, undosh tovushlar bilan ilk to‘qnashuvi shundoq boshlangan. Harf tanigach, bobosining omborxonasida chang bosib yotgan sandiqdan yarim varaqlari yo‘q, titilib ketgan kitobni topib, muk tushib astoydil mutolaaga sho‘ng‘iganida, xonadon mehmonlaridan biri: “Xudo haqi, bu bolakay hali yozuvchi bo‘lib ketadi!” deb hayratgangan ekan.
Mazkur kitobdan olgan taassurotlarini, undagi baliqchi haqidagi qisqa va go‘zal rivoyatni adib keyin shon-shuhratga g‘arq butun hayoti davomida minnatdorlik bilan eslaydi. Adibning “Hayot haqida hikoya qilmoq uchun yashamoq” nomli esdaliklar asaridan ma’lum bo‘lishicha, ushbu kitob “Ming bir kecha” ertaklarining bir jildi ekan.
Markes bolaligida mehr va chanqoqlik bilan mutolaa qilgan ikkinchi asar esa general bobosi sovg‘a qilgan kattakon lug‘at kitobi bo‘lgan. Yozuvchi o‘z xotiralarida: “Men bu tabarruk lug‘atni xuddi roman o‘qiganday zavq bilan mutolaa qildim va mening yozuvchilik qismatimning asosiy kitoblaridan biri deb bilaman”, deb e’tirof etgan.

Xaruki Murakami yangi kitob yozdi

Mashhur yapon adibi, Nobel mukofoti sovrindori Xaruki Murakami shu oyda navbatdagi hikoyalar to‘plamini chop ettirmoqda. “Ayollarsiz erkaklar” deb nomlangan mazkur to‘plamga hali e’lon qilinmagan yangi hikoya hamda ilgari Yaponiyaning turli jurnallarida bosilgan asarlar kirgan. Yozuvchining ancha shov-shuv va bir necha hafta avval kechirim so‘rashiga sabab bo‘lgan “Mening mashinamni boshqar” nomli hikoyasi ham shu to‘plamdan joy olgan. Gap shundaki, hikoya qahramoni mashinada borayotib, uni boshqarayotgan yoshgina qiz chekilgan tamaki qoldig‘ini oynakdan tashqariga otib yuborgan holatni ko‘rib “Nakatombetsuliklarning hammasi shunday qiladi”, degan mulohazani aytadi. Bu esa Yaponiya shimolidagi Nakatombetsu shahri aholisi izzat-nafsiga tegib ketgani uchun yozuvchi juda noqulay ahvolga tushgan. Yozuvchi yangi to‘plamdan joy oladigan shu hikoyasida shahar obro‘ciga putur yetkazadigan bu jumlani tahrir qilishga, ya’ni joy nomini olib tashlashga va’da bergan.
64 yoshli Xaruki Murakami jahonda asarlari eng ko‘p o‘qiladigan zamonaviy yozuvchilardan biri. Asarlari dunyoning qirqdan ortiq tillariga tarjima qilingan. “Qo‘y ovi”, “Norvegiya o‘rmoni”, “Sohildagi Kafka”, “1Q84” kabi romanlari rus tiliga o‘girilgan. X. Murakamining “Rangpar Sukuru Tadzaki va uning safardagi yillari” romani o‘tgan yili Yaponiyaning mutlaq bestselleri hisoblanib, salkam bir million nusxada sotilgan.

Pablo Nerudaning ilk she’ri

1904 yilning 14 iyulida Chilining janubidagi Parral shahrida temiryo‘lchi oilasida Rikardo ismli o‘g‘lon tug‘iladi. U tug‘ilganidanoq onasidan yetim qoladi.
Rikardo ziyrak, iste’dodli va ta’sirchan bola edi. U sirli va mo‘‘jizali tabiatni qalban his etishga intiladi, ko‘p o‘qiydi va she’rlar mashq qila boshlaydi. Ilk she’rlaridan birini o‘gay onasiga bag‘ishlaydi. Kambag‘al oilasini, tomidan chakki o‘tgan xarob kulbasini, mehribon va mushfiq onani jonli va samimiy satrlarda tasvirlaydi. “Ilk she’rimning qanday chiqqanini bilish uchun ota-onamga olib bordim, — deydi shoir. — Ular oshxonada kattalar dunyosini bolalar dunyosidan keng va teran daryodan ham katta bo‘lib ajratib turuvchi o‘zaro shivir-shivir gurungga berilgan edilar. Yuragimga ilk bor tashrif buyurgan ilhomning hayajoni hamon bosilmagani tufayli qo‘llarim titrab, she’r yozilgan qog‘ozni ularga uzatdim. Otam beparvolik bilan varaqni qo‘limdan oldi, beparvolik bilan o‘qidi va yana shunday beparvolik bilan qaytarib berdi:
— Buni qaerdan ko‘chirding? — dedi-da, onam bilan dunyoning ko‘hna va bitmas-tuganmas ishlari haqidagi suhbatlarini kelgan joyidan davom ettiraverdi.
Ilk she’rim mana shunday paydo bo‘ldi, ota-onamning befarqligi kabi adabiy tanqidning ham befarqligiga duch keldi..”
1920 yildan boshlab uning she’rlari Pablo Neruda imzosi bilan nashr etila boshlandi. Ba’zi kitoblarda yozilishicha, Neftali Rikardo Reyesning adabiyotga qiziqishi oila a’zolariga yoqmas va ota-onasi uning she’r yozishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqar edi. Otasi va o‘gay onasining g‘azabidan qo‘rqib yosh ijodkor asarlariga Pablo Neruda deya imzo qo‘ygan. Chexoslovakiyalik mashhur shoir Yan Nerudaga havas qilib o‘ziga Neruda deya taxallus tanlagan. Oxir-oqibat Pablo Neruda degan nom uning rasmiy ism-familiyasiga ham aylanib ketdi.
Pablo Neruda 1971 yilda “Bashariyat qo‘shig‘i” epopeyasi uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.

Gabriel Garsia Markes abadiyati

XX asrning eng so‘nggi klassik adiblaridan hisoblangan Gabriel Garsia Markes Mexikoda zotiljamdan vafot etdi. Yozuvchi o‘n besh yil betob yotgan. 1999 yili shifokorlar kolumbiyalik buyuk adibga sanoqli kunlari qolgan, deb tashxis qo‘yishgan. Bunga ishongan yozuvchining o‘zi ham, har ehtimolga qarshi qolgan vaqtini memuarlar yozishga bag‘ishlab, nafaqat butun tashqi dunyo, hatto o‘z yaqinlari bilan ham muloqotni yig‘ishtirib qo‘ygandi. Uning baxtiga xastalik ortga chekinib, 2002 yili “Hayot haqida hikoya qilmoq uchun yashamoq” deb nomlangan xotiralar trilogiyasining birinchi qismi chop etiladi.
Yozuvchiga adabiy shon-shuhrat esa 1961 yili chop etilgan “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” qissasi orqali kelgandi. Adib bu asarni Ernest Xemingueyning mutlaq ta’sirida bo‘lgan kezlari yozgan. Bu asar “realizm sehr-jodusi”ning yorqin namunasi sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, shu asardan boshlab mustaqil uslubi namoyon bo‘la boshlagan. Oradan besh yil o‘tib adib olamga shov-shuv bo‘lgan asari — “Yolg‘izlikning yuz yil yili” romanini yozib bitkazadi. Unda bir qishloqning paydo bo‘lganidan to yo‘qolib ketguniga qadar unda yashagan oilalarning yetti avlodi hayoti mohirona tasvirlangan. Real hayot bilan fantastik voqealar tasviri shu qadar uyg‘unlashib ketganki, ularni bir-biridan ajratish qiyin. Kitobxon mutolaa jarayonida keladigan ma’naviy xulosalar ham aql bovar qilmas darajada ko‘p qirralidir.
Uning mumtoz yozuvchi sifatida abadiy shon-shuhratga burkanishi uchun shu asarning o‘zi kifoya qilsa-da, G.Markes o‘tgan asr saksoninchi yillari o‘rtalariga qadar muttasil yangi asarlar yozdi. Garchi, ular adibning avvalgi ikki asari zabt etgan yuksaklikka ko‘tarila olmagan bo‘lsa-da, har birini kitobxonlar katta xayrixohlik bilan kutib olishgan. 1982 yili yozuvchi “Fantaziya va reallik o‘zaro uyg‘un holda butun bir qit’a hayoti va muammolarini o‘zida aks ettirgan roman va qissalari uchun” Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.
2004 yili mohiyatan ijodiy vasiyatlar tarzidagi bitiklari chop etilgach, adibning eng so‘nggi qissasi e’lon qilingandi. Shundan so‘ng adib roppa-rosa o‘n yil yashab, 87 yoshida olamdan o‘tdi. Kolumbiyaning Gabriel Garsia Markes tug‘ilib o‘sgan Arakataka shahri aholisi o‘z Vatanining faxr-iftixor timsoliga aylangan olamshumul adib siymosiga buyuk ehtirom ko‘rsatib vidolashdilar.
Kolumbiya hukumati adib xotirasi uchun mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi.

Tolstoy va uning romani

Buyuk adib Lev Tolstoy o‘z asarlariga, shu jumladan, “Urush va tinchlik” romaniga ham ishonchsizlik bilan qaragan. 1871 yili Fetga yozgan xatida: “Men shunday baxtlimanki... bundan buyog‘iga hech qachon “Urush”ga o‘xshagan ko‘p so‘zli bo‘lmag‘ur narsalarni yozmayman”, deydi. 1908 yili esa kundaligiga ushbu bitiklarni ham yozib qoldirgan: “Odamlar meni arzimagan narsalar uchun yaxshi ko‘rishadi — ularga “Urush va tinchlik”ka o‘xshagan asarlar juda muhim bo‘lib tuyuladi”.

Antiqa dastxat

Anton Chexov betob bo‘lganida kanakunjut yog‘i zarur bo‘lib, dorixonaga odam yuboribdi. Dorigar o‘zini go‘llikka solibdi-da, ikkita katta g‘ilofdagi kanakunjutdan berib jo‘natibdi. Yozuvchi g‘ilofi bahaybat dorilarni ko‘rib, “Men ot emasman”, degan yozuv bilan darhol uni egasiga qaytaribdi. Quvlik qilib adibning dastxatini olishga erishgan dorigar esa, mamnun bo‘lgancha dorilarni boshqasiga almashtirib beribdi.

“Xato ketgan” o‘q

Aleksandr Dyumaning bir safar duelga tushishiga to‘g‘ri kelgan ekan. Qoidagi ko‘ra, avval qur’a tashlanib unda kim yengilsa, o‘sha odam o‘zini otishi kerak bo‘lgan. Qur’ada omadi chopmagan yozuvchi qo‘shni xonaga o‘tibdi-da, ichkaridan berkitibdi. Birozdan so‘ng o‘q ovozi eshitilib, hamma yurak hovuchlab turganda ichkaridan Dyuma chiqib kelibdi va voqea ishtirokchilariga qarata: “Men otdim, biroq o‘qim... xato ketdi”, debdi.

Kafkaning o‘limidan so‘ng…

Frants Kafka hayotlik chog‘ida faqat bir nechta hikoyalarini e’lon qilgan. Og‘ir kasal bo‘lib yotgan adib do‘sti Maks Broddan o‘zining barcha bitiklari va yozib tugallanmagan romanlarini o‘limidan so‘ng yoqib yuborishni iltimos qiladi. Brod iltimosni bajarmaydi, qaytanga ularning — Kafkaga hayotidan so‘ng katta shuhrat keltirgan bu asarlarning chop etilishini ta’minlaydi.

Kavabataning jozibali olami

Nobel mukofoti bilan taqdirlangan birinchi yapon adibi Yasunari Kavabata (1899–1972) shifokor oilasida tavallud topgan. U dastlab Tokiodagi qirollik universitetining ingliz bo‘limiga o‘qishga kirib, ko‘p o‘tmay tahsilni yapon filologiyasida davom ettirgan. Adib ijodiga qadimgi yapon adabiyoti, ayniqsa, xayku she’riyati katta ta’sir ko‘rsatgan. Tasvirdagi nazokat, tiniqlik, oddiylikka intilishni xaykulardan o‘rgangani yozuvchi uslubining asosiy jihati bo‘lib qoldi.
Dastlab Kavabata Joysning “Uliss” romaniga ergashib moderncha asarlar yoza boshlagan. Biroq ularni oxiriga yetkazmagan. “Idzulik raqqosa” Kavabataning ilk yirik novellasi bo‘lib, unda adib nozik va sezgir san’atkor ekanini namoyon etgan. Yapon lirik prozasida muhim voqea sifatida kutib olingan “Qor mamlakati” qissasi unga katta shuhrat keltirdi. Urushdan keyingi yillarda yozilgan “Ming qanotli turna” qissasi 1951 yili Yaponiya San’at akademiyasi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Asar syujetiga yaponlarning qadimiy choy marosimi asos qilib olingan. “Tog‘lar nidosi”, “Ko‘hna poytaxt” romanlari psixologizm va lirizm teranligi bilan ajralib turadi. Bu asarlarda adibning qahramonlar qiyofasini ichki monolog va yaponlarga xos ramzlar orqali ochishga doir mahorati yaqqol namoyon bo‘lgan.
1961 yili e’lon qilingan “Ko‘hna poytaxt” romani Kavabataga jahonshumul shuhrat keltirdi. Adibni Nobel mukofotiga sazovor etgan bu romanda dunyoning to‘xtovsiz kapitallashib borishi ta’sirida yaponlarning qadimiy milliy an’analari tanazzulga yuz tuta boshlagani iztirob bilan tasvirlanadi. Asar mahzun ruhda yozilganiga qaramay, tasvirdagi nazokat va joziba kitobxonni mahliyo etadi. Bu asarlarga umrboqiylik baxsh etgan jihat adibning keng ko‘lam, teran ifoda va mukammal majozlarga boy obrazli tilidir. Kavabata 1972 yil 16 aprelda Osakada 73 yoshida vafot etgan.

Folkner vasiyat qiladi

Uilyam Folkner Missisipi shtatining Nyu-Olbani shahrida universitet ish boshqaruvchisi oilasida tug‘ilgan. Uning katta bobosi Uilyam Klark Folkner (1826 — 1889) Shimol va Janub urushida qatnashgan, o‘z davrida mashhur bo‘lgan “Memfisning oq atirguli” romani muallifi edi. Folkner bola paytida oilasi shimoldagi Oksford shahriga ko‘chgach, adibing butun umri shu shaharda kechadi. Professional adabiy faoliyatga kirishganiga qadar Folkner Kanadadagi Britaniya harbiy-havo kuchlarida kursant, Missisipi universitetida talaba, pochta va elektr stantsiya xizmatchisi bo‘lgan. She’rlari “The New Republic” jurnalida bosila boshlagandan so‘ng o‘qishini chala qoldirib, sayohatga chiqadi.
1925 yili Yangi Orleanda Shervud Anderson bilan tanishadi va yozuvchi unga prozaga ko‘proq e’tibor qaratishni — o‘zi yaxshi bilgan Amerika janubi haqida yozishni maslahat beradi. Adib “Sartoris“, “Shovqin va g‘azab” kabi romanlarida ilk oq tanlilarning hindu qabilalari yerlariga kelib o‘rnashishidan toki XX asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrdagi Amerika janubi tarixini qalamga oladi. 1929 yili Folkner Estell Oldem bilan turmush quradi. Oilasini moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida 1932 yildan 1946 yilgacha Gollivud uchun stsenariylar yozish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shu yillarda uning eng mashhur “Ayiq” qissasi, “Avgustdagi yorug‘lik”, “Avessalom, Avessalom!”, “Yengilmaslar”, “Qo‘rg‘oncha”, novellalardan iborat “Kiraqol, Moisey“ singari romanlari e’lon qilinadi.
Folknerning mazkur asarlari Yevropada ancha mashhur bo‘lib, u 1949 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlangach, o‘z vatanida ham keng e’tirof etila boshlagan. Insonga nisbatan sobit, barqaror ishonch adib ijodiy merosidagi eng qimmatli, eng zarur jihat — uning avlodlarga vasiyatidir. XX asrning ko‘pgina yirik adiblari Folknerning nasr -maktabidan o‘rganganlarini e’tirof etishgan.

Jon Kits va adabiy tanqid

Jon Kits (1795-1821) endilikda ingliz adabiyotida nomi Bayron va Shellilar bilan bab-baravar e’tirof etilayotgan betakror shoir. Uning “Bulbulga qasida”, “Yunon ko‘zasiga qasida”, “Ko‘zga qasida” she’rlari, “Endimion”, “Giperion tanazzuli” dostonlari muxlislar tomonidan sevib mutolaa qilinadi. Ilk she’rlarini o‘n sakkiz yoshida bitgan Jon Kitsga Shekspir, Gomer, Choser asarlari mutolaasi ilhom bag‘ishlagan. Sonet va oda janrlarida barakali ijod qilgan shoir qadimgi yunon mif va afsonalaridagi qahramonlarga bag‘ishlab dostonlar ham bitgan.
Biroq o‘z zamonida Jon Kitsning she’rlari adabiy tanqidchilik tomonidan qadr topmagan. U 26 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etgan. Oradan 30 yil o‘tib, Rosseti, Morris va boshqa shoiru rassomlar uning ijodiy an’analarini davom ettirib, ingliz she’riyati va tasviriy san’atiga yangi to‘lqin olib kiradilar. Jorj Bayron bir epigrammasida shoirning o‘z davri adabiy tanqididan qattiq iztirob chekkaniga ishora qilib o‘tadi. “Shoirning hayot sha’mini jurnallardagi maqolalar so‘ndirdi” qabilidagi uzoq vaqt hukm surgan qarashlar nechog‘li mubolag‘ali bo‘lmasin, Kits chekkan ma’naviy iztiroblar orasida tanqidchilarning hujumlari ham uning xastaligi avj olib ketishiga turtki bergan bo‘lsa ajab emas. 1971 yili shoir vafotining 150 yilligi arafasida Buyuk Britaniya qirolligining pochta xizmati uch pens qiymatdagi pochta markasi chiqargan.

Tagor – “Buyuk vijdon posboni”

Rabindranat Tagor (1861-1941) 1912 yili “Baxshida qo‘shiqlar” nomli ingliz tilidagi ilk kitobini chop etgach, Osiyo ijodkorlari orasida birinchi bo‘lib Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Serqirra ijodiga ko‘ra Tagor Uyg‘onish davri daholari bilan bir safda turadi. U, avvalo, shoir va nosir, ayni chog‘da, dramaturg, musavvir hamdir. Javoharla’l Nehru Tagor haqida: “U siyosiy arbob emas, lekin she’r va qo‘shiqlarida hind xalqi taqdiri va ozodligini yuragiga juda yaqin olib kuylagan buyuk siymodir”, deb yozgan.
Tagor o‘n yetti yoshida bengal tilida ikkita lirika to‘plamini chiqargan. Garchi, yirik shahar Kalkuttada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da, Angliyada huquqshunoslikka o‘qib qaytgach, xalq hayotiga yaqinroq bo‘lish maqsadida qishloqda yashay boshlaydi. Dastlab dehqonlarning juda ezilganini ko‘rgan adib asta-sekin ularning ichki olamiga nazar solib, ajoyib shaxslarni kashf etadi. 1901 yili o‘z maktabiga, so‘ng kollejiga asos soladi, keyinchalik u Vishvaharati universitetiga aylanadi. Bu bilan adib ingliz mustamlakachilari ta’lim sohasida olib borgan siyosatga qarshi turadi. Shu sababli Mahatma Gandi uni “Buyuk vijdon posboni” deb atagan.
Tagor she’riyatida ikkita asosiy mavzu yetakchilik qiladi: birinchisi — hayotni kuylash, dunyo go‘zalligidan hayratlanish; ikkinchisi — teran gumanizm, insonga hamdardlik, uning tahqir etilishiga qarshi ruhiy isyon. Shu bois Tagor “Nazmda quvonch va iztirob yonma-yon keladi“, deydi. Hayotni esa Tangri taolo qudratining namoyon bo‘lishi, deb biladi. U hind adabiyotida hikoya janri asoschisi. Romannavislik mahorati esa “Bibha sohili“, “Donishmand Roja“, “Ko‘zga tushgan cho‘p“, “Chaturanga“, “So‘nggi qo‘shiq“, “To‘rt qism“, “Halokat“, “Xonadon va jahon“ asarlari orqali kitobxonlarga yaxshi ma’lum.

Aragon nomidagi maydon

Parijda dunyoga kelgan shoir va nosir Lui Aragon (1897-1982) taxallusini Ispaniyaning o‘rta asrlardagi grafligi nomidan olgan. Parijdagi tibbiyot fakultetida tahsil olgan va Birinchi jahon urushida sanitar sifatida xizmat qilgan Lui Aragon 1924 yilda Andre Breton va Filipp Supo bilan hamkorlikda syurrealistlar harakatiga asos soladi. 1927 yildan boshlab jurnalistika sohasi bilan faol shug‘ullana boshlaydi. 1953-1972 yillarda Les Lettres franzaises gazetasiga muharrirlik qiladi...
Lui Aragonning “Ehtirosli hafta“ romani, “Ko‘z va xotira“, “Shoirlar“, “Chinakam halokat“, “Tugallanmagan roman“ kabi poemalarida insoniyatning taraqqiyot yo‘li, ijtimoiy-tarixiy jarayonlar poetik mushohada etilgan. «Yurakdagi tig‘», «Elzaning ko‘zlari», «Frantsuz tongi» kabi she’riy to‘plam va hikoyalarida adibning faol fuqarolik pozitsiyasi aks etgan. U sotsialistik realizm metodiga xos dogmatik qarashlarni ham tanqid qilgan.
1982 yili Lui Aragon vafot etganda adibni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimiga 10 ming kishi qatnashgan. 2012 yili Parijdagi Avliyo Lyudovik orolida adib xotirasiga ehtirom sifatida Lui Aragon maydoni ochilgan.

Sveygning ushalmagan orzusi

Avstriyalik mohir adib, novella ustasi Stefan Sveyg (1881 — 1942) Emil Verxarn, Romen Rollan, Frans Mazerel, Ogyust Roden, Tomas Mann, 3igmund Freyd, Jeyms Joys, German Gesse, Gerbert Uells, Pol Valeri, Rixard Shtraus, Bertold Brext singari mashhur kishilar bilan do‘stona aloqada bo‘lgan. U roman va novellalardan tashqari she’riy to‘plamlar (“Kumush torlar”), adabiy-tanqidiy maqolalar ham e’lon qilgan.
Vena universitetini bitirib, doktorlik darajasini olgan Sveyg London va Parijga, so‘ngra Italiya va Ispaniyaga sayohat qiladi, Hindiston, Hindixitoy, AQSh, Kuba va Panamaga boradi, Birinchi jahon urushining oxirgi yillarida Shveytsariyada yashaydi. R.Rollan haqida yozgan ocherkida uni “Yevropa vijdoni” deb ataydi. Shuningdek, adib yana bir essesini T. Mann, M. Prust, Y.Rot singari adiblarga bag‘ishlagan.
“Bezovta yurak“, “O‘zgarish sharori” kabi tarixiy romanlari yozuvchi ijodiy fantaziyasi bilan yuksak badiiylik kasb etgan. U tarixiy hujjatlar bilan ishlar ekan, memuarlardan ruhiy-psixologik holatlarni topishga g‘oyatda mohir bo‘lgan. “Mariya Styuart”, “Erazm Rotterdamskiy zafari va fojiasi” asarlari shu jihatiga ko‘ra e’tibor qozongan. Sveyg nuqtai nazaricha, Erazm fojiasi uning qirg‘in-urushlarning oldini ololmaganidadir. Birinchi jahon urushini fojiaviy anglashilmovchilik, deb hisoblagan adib uzoq vaqt “bu jahondagi eng oxirgi urush bo‘lib qoladi”, deya ishongan. U hatto R.Rollan, A.Barbyus, shuningdek, fashizmga qarshi bo‘lgan nemis yozuvchilari bilan birgalikda yangi qirg‘inbarot urushini oldini olamiz, deb o‘ylagan. Biroq Erazm haqidagi asari ustida ish olib borayotganda natsistlar uning uyini tintuv qiladilar. Bu yaqinlashib kelayotgan xavfning ilk vahimasi edi. Shundan so‘ng u London, Lotin Amerikasi va AQShdan panoh izlaydi. Ko‘p o‘tmay Braziliyaning Petropolis shaharchasidan qo‘nim topadi.
 Adibning tarixiy novellalari orasida “Insoniyatning yulduzli lahzalari” asari, ayniqsa, uning “O‘layotgan odamning maktublari” bobi g‘oyatda mashhur. O‘tgan asrning boshlarida kapitan Robert Skott inson qadami yetmagan Janubiy qutbga ekspeditsiya uyushtiradi. Biroq... Omad undan yuz o‘girgan, taqdir muz qit’a ko‘ksiga birinchi bo‘lib vatani bayrog‘ini qadash sharafini norvegiyalik Amudsenga ravo ko‘rgan edi. Kapitan Skott bir oygina kech qoladi. Uning qaytish yo‘li yanada mashaqqatli va halokatli kechgan. Ruhan ezilgan kapitan safardosh do‘stlaridan judo bo‘ladi va o‘zi ham muzliklar bag‘rida abadiy makon topadi.

Ekzyuperining g‘aroyib taqdiri

1900 yili Frantsiyaning Lion shahrida tug‘ilgan yozuvchi, shoir, jurnalist va uchuvchi Antuan de Sent-Ekzyuperi g‘aroyib taqdir egasidir. Uning “Aviator”, “Janub xabarchisi”, “Tungi parvoz”, “Odamlar sayyorasi”, “Kichkina shahzoda” kabi roman va novellalari, vafotidan so‘ng chop etilgan “Garovdagi kishiga maktub”, “Qo‘rg‘on”, “O‘smirlik xatlari”, “Yon daftarlar”, “Onamga xat” kabi asarlari ko‘pgina tillarga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
Sent-Ekzyuperi 1944 yil 31 iyulda Korsika orolidagi Borgo aerodromidan so‘nggi bor havoga ko‘tarilib, razvedka parvozidan ortiga qaytmagan. Uning samolyoti O‘rtaer dengizida qanday halokatga uchragani 1988 yilgacha ham noma’lum edi. Bir baliqchi Marsel shahri yaqinida dengizdan topib olgan Sent-Ekzyuperi bilaguzugi masalaga oydinlik kiritadi. Unda uchuvchi va rafiqasi nomlari bilan birga adib kitoblari chop etilgan nashriyot manzili ham yozilgan ekan. 2003 yil kuzida dengiz tubida har yoqqa sochilib yotgan samolyot bo‘laklari olib chiqib o‘rganilganda undagi 2734-L raqami Sent-Ekzyuperi boshqargan harbiy uchoqqa tegishli ekani aniqlandi. 2008 yil bahorida bosilgan matbuot xabarlarida 86 yoshli uchuvchi Xorst Rippert aynan «Messershmitt —109» qiruvchi samolyotida mazkur uchoqni urib tushirgani va uning shturvalida Sent-Ekzyuperi bo‘lganini keyinroq bilib qolganini aytgan.
Ijodkor sifatida Sent-Ekzyuperi iste’dodiga zamondosh va undan so‘ng yashagan ko‘plab taniqli adiblar yuksak baho berishgan. Mashhur latish shoiri Imant Ziedonis “Bu yorug‘ olamda Sent-Ekzyuperiday insonning yashagani va osmonda halok bo‘lganini bilganingdan so‘ng — she’r yozish oson kechmaydi”, deb yozgan. Sent-Ekzyuperi aviatsiya sohasidagi ko‘plab ixtirolar muallifi hamdir. Uning asarlari Frantsiyaning Harbiy Krest, “Femina”, Frantsuz akademiyasining Gran-Pri, AQShning Milliy kitob mukofotlari bilan taqdirlangan. Lion aeroporti, 2578-asteroid, Patagoniya tog‘ cho‘qqisi Sent-Ekzyuperi nomi bilan ataladi. Hayoti afsonaga aylangan adib va uchuvchi nomi bilan bog‘liq Lion, Kvebek, Bastiyada yodgorliklar o‘rnatilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya va Marokashda uning nomida muzeylar mavjud. 2003 yili «45-Eugenia» asteroidi Kichkina shahzoda nomi bilan atalgan. 2011 yili “Belorusfilm” tomonidan “Antuan de Sent-Ekzyuperi. Qanoti qayrilgan parvoz” badiiy filmi ekranlarga chiqarildi.

Ziedonis afsonasi

“Yurakdagi tosh”, “Sham singari yonar“, “Kapalaklar hujumi”, “Yelvizak”, “Sut haqida doston”, “Non haqida doston” kabi she’riy to‘plamlari, falsafiy miniatyuralar tarzidagi “Epifaniyalar” kitoblari bilan adabiyot muxlislari qalbiga kirgan taniqli adib, Latviya xalq shoiri Imant Ziedonis ijodi Boltiqbo‘yi adabiyotining eng yaxshi namunalari sifatida dovruq qozongan. Latish xalqi milliy an’analari, folklordagi obrazlilik, nafis poetik tafakkur shoir asarlariga ko‘rku joziba baxsh etgan.
I.Ziedonis 1933 yili Riga uezdiga qarashli Tukum qo‘rg‘onida baliqchi oilasida tavallud topgan. Latviya universitetini bitirgach, Oliy adabiyot kurslarida tahsil olgan. Uning barcha asarlari o‘ziga xosligi, mistik va romantik ruhiyati bilan ajralib turadi. “Ayiq ertagi”, “Zumrasha va ertaklar” kabi bolalarga atalgan kitob va kinostsenariylar yozgan, ular asosida multfilm va badiiy filmlar suratga olingan. Jahon adabiyoti namunalarini latish tiliga o‘girgan. Latviya Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Uning “Rangin ertaklar” asari X.K.Andersen nomidagi bolalar kitoblari Xalqaro faxriy ro‘yxatiga kiritilgan. R.Pauls va boshqa mashhur kompozitorlar I.Ziedonis she’rlariga qo‘shiqlar yozishgan. I.Ziedonis jonli tabiatni, nabotot olamini nihoyatda sevgan. Uning bu boradagi iste’dodi bastakorning musiqiy, shoirning nazmiy, musavvirning ranglarni his etishga doir iqtidoridan kam bo‘lmagan. Shoir bir umr yuz yillik emanlar orasidagi ko‘hna qal’alarni tiklash orzusi bilan yashagan.

Yozuvchi va ixtirochi

Yozuvchi, dramaturg va stsenariy ustasi sifatida dong taratgan Kobo Abe (1924 — 1993) san’at sohasida Ikkinchi jahon urushidan keyingi yapon avangardining yetakchi namoyandalaridan biridir. Uning “Qumdagi xotin”, “Begona qiyofa”, “Yoqib yuborilgan xarita” kabi romanlari asosida o‘tgan asr oltmishinchi yillarida rejissyor Xirosi Tesigaxara tomonidan badiiy filmlar yaratilgan. Inson va uning erkinligini bo‘g‘uvchi jamiyat o‘rtasidagi ziddiyat Kobo Abe ijodining bosh mavzusidir.
Yoshlik yillari Manchjuriyada kechgan Kobo Abe 1943 yili Tokio qirollik universiteti tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirgan, ammo bitiruv imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tolmagani uchun vrachlik diplomini olish nasib etmagan. Adib 1973 yili “Abe Kobo studiyasi” deb nomlangan o‘z teatrini tashkil etadi va dramaturgiya sohasida samarali ijod qila boshlaydi. Biroq mazkur eksperimental jamoa ijodiy safarlari xorijda katta muvaffaqiyat qozonganiga qaramay studiya sahnaga qo‘ygan -asarlar Yaponiya tanqidchilari tomonidan e’tirof etilmagan.
Kobo Abening rafiqasi musavvira Mati Abe adib ijodiy parvozida muhim rol o‘ynagan. “Abe Kobo studiyasi” sahna dekoratsiyalarini yaratish va kitoblarini bezashda faol xizmat qilib, yozuvchini har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Kobo Abe 1984 yildan boshlab asarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri “NEC” firmasi protsessorlarida yoza boshlagan ilk yapon adibi ham. U musiqa va fotografiyani nihoyatda sevgan. Ovoz sintezatori ommalashishidan ancha burun o‘ziga shunday uskuna sotib olgan. Bundan tashqari, mashina sirpanchiqda toymasligi uchun g‘ildiriklar ko‘tarib qo‘yilmasdan kiygiziladigan maxsus zanjir ham ixtiro qilgan.
1994 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Kendzaburo Oe Kobo Abe iste’dodini yuksak baholab, uni Kafka va Folkner kabi mashhur yozuvchilar bilan bir safga qo‘ygan, “agar u hayot bo‘lganida albatta Nobel mukofotini olgan bo‘lardi”, degan. Kobo Abening asarlari Akutagava, Yomiuri va Tanidzaki singari Yaponiyaning eng nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Jahongashta shoir

Mashhur Chili shoiri Pablo Nerudaning asl ism-sharifi Rikardo Reyes bo‘lgan. Rikardo o‘n yoshidan she’r yoza boshlagan va ularni otasidan yashirib, o‘zi sevgan chex adibi Yan Neruda nomidan taxallus olgan. “Selva austaral” jurnalida she’rlari bosilgach, bu taxallus uning nomiga aylanib ketgan. Taniqli shoira Gabriela Mistral ilk ijodini kuzatib, ustozlik qilgan. U dastlab modern uslubiga qiziqqan bo‘lsa-da, so‘ngra avandgard yo‘nalishini afzal ko‘radi. Santyagoda talabalik davrida bosilgan “Muhabbat haqida yigirma she’r va bir umidsiz qo‘shiq“ kitobi uni butun Lotin Amerikasiga mashhur qilgan.
Neruda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi elchilik davri faoliyatini “nurafshon yolg‘izlik” deb atagan va barcha she’rlarini “Yashash joyim — Zamin” degan nom ostida e’lon qilgan. Buenos-Ayresda konsul bo‘lib ishlagan yillari esa bu yerga “Qonli to‘y” tragediyasini sahnalashtirish uchun kelgan Federiko Garsia Lorka bilan tanishadi. Madridda ishlagan yillari ispan shoirlari bilan hamkorlikda “She’riyatning yashil tulpori” degan adabiy jurnal chiqargan. Ispaniya fuqarolar urushi, Lorkaning o‘ldirilish fojialari ta’sirida “Yurakda qolgan Ispaniya” kitobini chop ettirgan.
Nobel mukofoti bilan taqdirlanganidan so‘ng Neruda 1972 yili betob holda vataniga qaytadi.
Uning “Umumbashariy qo‘shiq” epopeyasi “XX asr she’riyatining zalvorli qanoti” sifatida baholangan. Angliyalik tanqidchi va tarjimon Alastir Rid “Shunday taassurot tug‘iladiki, Pablo Neruda — bitta shoir emas, u butun bir she’riy korxona. U qanchalik yangi uslub izlagan bo‘lsa, shunchalik eskichadan voz kechdi ham. Neruda ko‘p ovozli shoir edi”, deb yozgan. Chililik shoir va tarjimon Fernando Alegria esa, “U Lotin Amerikasi xalqlarining qalb tug‘yonini ispan barokko she’riyati erishgan yuksak cho‘qqi darajasida kuylashga harakat qildi”, deydi.
Merkuriy sayyorasi kraterlaridan biri, kemalar uning nomi bilan ataladi. 1994 yili suratga olinib, Oskar mukofoti bilan taqdirlangan “Pochtalon” badiiy filmi bosh qahramonlaridan biri ham Nerudadir.

Tomas Mannning qat’iy javobi

Buyuk nemis adibi Tomas Mann (1875-1955) jurnalistikaga qiziqib, ijodini satirik jurnalga muharrirlikdan boshlagan. Hikoyalar to‘plami chop etilgach, savdogarlar sulolasi hayotiga doir “Buddenbroklar” asarini yozadi. Avtobiografik xarakterdagi bu ilk roman uni yozuvchi sifatida keng tanitadi. 1924 yili e’lon qilingan “Sehrli tog‘” romani esa adibga jahoniy shuhrat keltirib, 1929 yili u Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin “Doktor Faustus” romani, shuningdek, o‘n yil mobaynida yozilgan “Iosif va uning og‘a-inilari” tetralogiyasi shu davrdagi ijodida katta ahamiyat kasb etgan badiiy asarlar bo‘lib qoldi. So‘nggi “Avantyurachi Feleks Krulning sarguzashtlari” romani esa, 1955 yili adib vafotidan so‘ng tugallanmay qolgan.
O‘z iboralari, maqol va hikmatli so‘zlari bilan ham mashhur bo‘lgan adib vaqt — aqlli va yaxshi, yetuk hamda mukammal odam bo‘lmoq uchun bizga berilgan qimmatbaho tuhfa, deb hisoblagan. Ayniqsa, “Ikkala jahon urushi johillik va ochko‘zlikka zo‘r berib, umumiy intellektual salohiyat va ma’naviy darajani nihoyatda tushirib yubordi”, degan so‘zlari bugun ham havoyi niyatlar uchun urush olovini yoqishdan qaytmayotganlarga -mashhur adibning qat’iy javobi bo‘lib yangramoqda.

Zahmatkash Elis Manro

82 yoshli kanadalik adiba Elis Manro zamonaviy hikoya ustasi sifatida 2013 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgani adabiyot ixlosmandlariga yaxshi ma’lum. U dunyo bo‘yicha mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan o‘n uchinchi ayol yozuvchi bo‘lib, kanadalik kitobxonlar Elis Manroni jonli qahramonlari va psixologik realizmi uchun sevadilar, “Bizning Chexov”, deb e’zozlaydilar. Manroning o‘zi esa Amerika janubi mahalliy adiblari — Flanneri O’Konnor, Karson Makkallers va, ayniqsa, Yudora Uelti ijodidan zavqlanishini aytgan. Adiba ilgari Buker mukofoti hamda uch bora Kanada general-gubernatori mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Elis Manro fermer oilasida tug‘ilgan, onasi Enn Klark maktab muallimasi bo‘lgan. Adiba o‘smirlik davridan ijod qila boshlagan, G‘arbiy Ontario universitetida o‘qib yurgan kezlari ofitsiantlik ham qilgan. Turmush qurgach, Viktoriyaga ko‘chib kelib, “Manro kitoblari” do‘konini ochishgan. Ilk kitobi “Baxtli soyalar raqsi” katta shuhrat qozongan. So‘ng “Qizlar va ayollar hayoti”, “Sen o‘zi aslida kimsan?” to‘plamlarini chop etgan. 1979-1982 yillarda Avstraliya, Xitoy va Skandinaviyada ijodiy safarlarda bo‘lgan. Britaniya Kolumbiyasi hamda Kvinslend universitetlarida ishlagan. Har to‘rt yilda yangi hikoyalar to‘plami chop etiladi. “Ayiq tog‘dan o‘tdi” hikoyasi asosida rejissyor Sara Polli badiiy film suratga olgan. Adibaning “Sizga nimanidir aytgim keldi”, “Muhabbat yo‘li”, “Ochiq sirlar”, “Yaxshi ayolning muhabbati”, “Muhabbat o‘lmaydi”, “Qochoq ayol” kabi to‘plamlari kitobxonlar orasida mashhur. 2002 yili qizi Sheyla Manro bolaligi va onasi hayoti haqidagi esdaliklar asarini chop ettirgan.

Gregeriya ustasi

Taniqli ispan adibi, roman, drama, novella va esselar muallifi Ramon Gomes de la Serna (1888 — 1963) “gregeriya” janri asoschisi hisoblanadi. Gregeriya bir-ikki jumladan iborat qisqa badiiy matn bo‘lib, hikmat va obrazli mushohada tarzidagi hazil-mutoyiba, majoziy kinoyadir. Madridda shakllangan yangicha ilg‘or yo‘nalishda faollik ko‘rsatgan yozuvchining o‘zi bu haqda shunday yozadi: “Gregeriya o‘tib ketayotgan lahzani, o‘limga mahkum omonat voqelikni tutib qoladi — axir, insonga doir hamma narsa muvaqqat emasmi? Insoniylik — insoniy san’atning burchi ham yo‘qlik komiga tushayotgan tuyg‘u va hissiyotlarni saqlab qolishdan iborat-ku!”
De la Serna deyarli barcha janrlarda syurrealizmga yaqin uslubda ijod qilgan. U adabiy manifestlar, Lope de Vega, Kevedo, Ryoskin, Edgar Po, Oskar Uayld, Vale-Inklan, Asorin, Kolett, Kokto, El Greko, Velaskes, Goyya, Solana, Pikasso kabi yozuvchi va rassomlar tarjimai hollarini yozgan. Doimiy “qahramon”lari madridliklar bo‘lib, shahar markazidan to chekkasigacha ko‘cha tsirklariyu bozorlarni ham qamrab oladi. Uning Parij, Neapol, Lissabon, shuningdek, Argentinada bo‘lgan davrida Buenos-Ayres va tango haqida yozgan esselari ayniqsa mashhur.
Borxes fikricha, de la Sernani Jyul Renar kartinalari gregeriylar yozishga undagan. Gregeriya hikmatli so‘z — aforizmning aksi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Ya’ni aforizm tasdiqlasa, olamning azaliy qoidalarini qayd etsa, gregeriya esa istisno axtaradi, tasodifiy hodisadan quvonadi. Shu sababli F.Moreno gregeriyalarni mavj urib vijillovchi musallas pufaklariga o‘xshatgan. “Metaforalar qiroli” deb nom olgan adibning “gregeriya” janridagi ijod namunalari bugun jahonning juda ko‘plab tillariga tarjima qilinmoqda.

Beorom abadiyat

Shekspir Angliyaning milliy shoiri sifatida ham mashhur. Uning butun ijodi, hamkorlikda yozilgan ayrim asarlarni ham qo‘shganda 38 piesa, 154 sonet, 3 epitafiyadan iborat. Uning deyarli barcha tillarga o‘girilgan piesalari har qanday dramaturg asaridan ko‘p qo‘yiladi. “Beorom abadiyat”ga chulg‘angan Shekspir shaxsi va asarlariga oid bahs-munozaralar hali-hanuz tingan emas. G.Grin va Chesterton kabi yozuvchilar Shekspirga turli xil baho berishgan bo‘lsa, Freyd uni tan olmagan. Shekspirning “Globus” teatrlari soni qanchaligi va ular qanday qilib bugungi Gollivuddek ravnaq topgani ham turlicha talqin etiladi. Inglizlar “Til boyligimizning to‘rtdan biri Shekspirga mansub, u borki, tilimiz bor”, deyishadi.
Shekspirshunoslar “Yuliy Sezar”, “Gamlet”, “Qirol Lir”, “Otello“, “Genrix IV“, “Romeo va Juletta“ singari o‘nlab sahna asarlari singari “Richard III“ piesasini ham tarixiy voqealarga qiyosan tadqiq etishmoqda. Hatto “Richard III jamiyati” 1483-1485 yillarda Angliyaga qirollik qilgan hukmdorning “bukri” qilib tasvirlanganiga e’tiroz bildirmoqda. 1485 yilgi Bosvort jangida halok bo‘lgan qirolning Lester shahridan topilgan tanasini tekshirgan arxeologlar uning qaddi raso bo‘lganini tasdiqlashgan. Biroq Shekspir talqinicha, jinoyat jazoga mahkum, taqdirning o‘zi Richard qo‘lidan o‘lim topgan ruhlar timsolida unga qarshi chiqadi.
Hayotlik chog‘ida Shekspir buyuk dramaturg sifatida e’tirof etilmagan, biroq asarlari maqtalgan. 1598 yili yozuvchi va ruhoniy Frensis Meris Shekspirni ham komediya, ham tragediya sohasida ingliz adiblarining barchasidan ustun qo‘ygan. «Parnassus» piesalar to‘plami mualliflari uni Choser, Gauer va Spenser bilan teng qo‘yishgan. -“Shekspir — asr ruhi” degan Ben Jonson uni “sahnamiz mo‘‘jizasi, olqish va tahsinga munosib ijodkor”, deb ulug‘lagan. Bironta asar uning “Bo‘ron”ichalik ko‘p sahnalashtirilgan va ekranlashtirilgan, turfa talqinlarga uchragan emas. Shekspir ijodi teatr va adabiyot sohasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, u personajlarni tavsiflash, syujet, til va janr masalalarida dramaturg imkoniyatini kengaytirgan ijodkor hisoblanadi. Masalan, romantika “Romeo va Juletta”ga qadar aslo tragediya uchun munosib mavzu hisoblanmagan. Romantizm davri shoirlari Shekspirga taqlidan she’riy dramaga qo‘l urishganiga qaramay, muvaffaqiyat qozonishmagan. Tanqidchi J.Stayner Kolrijdan Tennisongacha — barcha ingliz dramalari “Shekspir mavzularidagi kuchsiz variatsiyalar“, deb atagan. Shekspir T. Xardi, U. Folkner, Ch.Dikkens, G.Melvil kabi adiblar ijodiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, 20 mingdan ortiq musiqiy asarlar bevosita Shekspir mavzulari bilan bog‘liq ekan.

Tanka — qisqa qo‘shiq

Isikava Takuboku (1886-1912) atigi 26 yarim yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, XX asrda o‘tgan birorta yapon yozuvchisi asarlari uning she’rlari qadar ko‘p martalab chop etilmagan. Yaponiyaning ko‘plab joylarida shoir she’rlari o‘yib yozilgan katta-katta toshlavhalar uchraydi. Har bir yaponiyalik yaxshi biladigan bu toshbitiklar xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan. “Takubokushunoslik” yapon adabiyot ilmida alohida soha bo‘lib, hozirgacha shoirning hayoti va ijodi haqida bir necha minglab kitob va maqolalar nashr qilingan. Ular ham shoir asarlari kabi juda ommalashgan.
Takuboku adabiy merosining eng mashhur jihati unga jahoniy shuhrat keltirgan “tanka”lardir. U butun hayoti davomida tankalar yozib, gazeta va jurnallarda muttasil chop ettirgan. Uning tanlangan tankalari soni yetti yuz qirq beshta bo‘lib, ikkita alohida to‘plamga jo bo‘lgan. Ana shu yupqagina kitobchalar shoir hayotining o‘ziga xos lirik kundaliklari hisoblanadi.
Ruhoniy oilasida tug‘ilgan Takuboku idroki va favqulodda zehni o‘tkirligidan besh yarim yoshida maktabga borgan va uni qishloqdoshlari “Olloh yuqtirgan bola” deb atashgan. Biroq bo‘lajak shoirning eng baxtli damlari ana shu bolalik yillari bo‘lib, keyingi hayoti iqtisodiy nochorlik va mashaqqatda kechgan. 1901 yili Tokioga kelib, “Yangi she’riyat jamiyati”ga a’zo bo‘ladi, she’rlarini “Tong yulduzi” jurnalida muntazam chiqara boshlaydi. To‘rt yildan so‘ng yangi shakldagi she’rlari jamlangan “Orzu” to‘plamini chop etishga muvaffaq bo‘ladi. Rus-yapon urushi davridagi og‘ir yillarda qishloq maktablarida saboq beradi, mahalliy nashrlarda reportyorlik qilib tirikchilik o‘tkazadi.
1908 yili yana poytaxtga kelib, bir yarim oy mobaynida deyarli tashqariga chiqmay beshta qissa yozadi, biroq ularning birortasi nashr uchun qabul qilinmaydi. Uyqusiz tunlarning birida yana tanka uslubiga qaytib besh misrali she’rlar yoza boshlaydi. O‘zining nochor hayoti haqidagi sodda o‘y va baxtli bolalik xotiralariga doir besh yuzdan ortiq tankalar “Bir siqim qum” nomi bilan chop etiladi va qisqa vaqt ichida Takubokuni juda mashhur qilib yuboradi. Biroq bunday ulkan yutuq va shon-shuhrat samarasidan bahramand bo‘lish unga nasib etmaydi. Shoir 1912 yil 13 aprelda sil xastaligidan vafot etadi. Har yili shu sanada Yaponiyada Isikava Takuboku xotirasi kuni o‘tkaziladi.

Mark Tven va Galley kometasi

Taniqli yozuvchi va jurnalist Mark Tven (1835-1910) Galley kometasi Yerga eng yaqin kelgan yili tug‘ilgan va adibning o‘zi bunga katta ahamiyat bergan. Uning asl ismi Semyuel Lengxorn Klemens bo‘lib, yoshligidan o‘ziga taxallus tanlagan. Akasi Oyron chiqarayotgan gazeta bosmaxonasida ishlab, maqolalar yozgan. So‘ngra dengiz sayriga qiziqib, Missisipida qatnovchi kema lotsmaniga yordamchi bo‘ladi. Fuqarolar urushi boshlanib, daryoda qatnov to‘xtab qolgach, bo‘lajak yozuvchi Nevadadagi kumush konlarida ishlaydi, undan Kaliforniyaga o‘tib oltin izlovchilar safiga -qo‘shiladi. Mahalliy nashrlarda jiddiy maqola, ocherk va hajviy hikoyalari bosila boshlanadi.
1862-1864 yillarda Falastinga borib qaytgach, San-Frantsiskodagi ko‘plab yirik gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qiladi. «Kalaveraslik mashhur sakrovchi qurbaqa» deb atalgan satirik ocherklari muvaffaqiyat qozonib, uni ijodkor sifatida keng jamoatchilikka tanitadi. Shundan so‘ng butun Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqadi. Ana shu safar taassurotlariga doir kinoya va yumor bilan yo‘g‘rilgan “Xorijdagi go‘l odamlar” kitobi tezda haqiqiy bestsellerga aylanib ketadi. Mark Tvenning ana shu yillarda boshlangan notiqlik faoliyati ham unga katta shuhrat keltirgan. Adibning nutq va ma’ruzalari Amerika va Angliyada hech kimni befarq qoldirmagan. 1883 yili “Missisipidagi hayot” hikoyalar to‘plami e’lon qilingandan so‘ng mashhur yozuvchi va rassomlar, jamoat arboblari uning muxlisiga aylanib, yetuk fizik olim, Nikola Tesla bilan do‘stlashadi.
Mark Tvenning chinakam katta adib sifatidagi shuhrati esa, asosan uning “Tom Soyerning sarguzashtlari”, “Shahzoda va gado”, “Geklberri Finning sarguzashtlari” romanlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu asarlarda adib teran dunyoqarashga ega zakiy faylasuf sifatida namoyon bo‘lgan. Shuning uchun ham ularni nafaqat bolalar, kattalar ham qo‘ldan qo‘ymay o‘qishadi.
Mark Tven o‘z asarlarini yozuv mashinkasida yozgan birinchi adib bo‘lib, bilyard o‘yinini ham juda yaxshi ko‘rgan. Hozir Merkuriy sayyorasidagi kraterlardan biri yozuvchi sharafiga Mark Tven nomi bilan ataladi.

Stanislav Lemning porloq yulduzi

Mashhur polyak fantast adibi, faylasuf va futuruolog Stanislav Lem (1921-2006) kitoblari jahonning qirqdan ortiq tillariga tarjima qilingan va 30 milliondan ziyod nusxada sotilgan. U shifokor oilasida tug‘ilib, gimnaziyada tahsil olgan. Ikkinchi jahon urushi avvalida va so‘ng Lvov hamda Krakov Yagellon universitetlarida tibbiyot sohasida o‘qiydi. Polshada istiqomat qilgan barcha yaqin qarindoshlari fashistlar tazyiqidan omon qolmagan, o‘zi esa dushman Lvovni ishg‘ol etganda soxta hujjatlar bilan payvandchi va avtomexaniklik qilib gettolarga quvg‘inlikdan jon saqlagan.
S.Lem harbiy shifokor bo‘lishni xohlamagani uchun bitiruv imtihonlariga bormasdan oddiy sertifikat olgan. Professor M.Xoynovskiyning ilmiy to‘garagida assistentlik qilib, xorijiy ilmiy adabiyotlar bilan tanishishga muyassar bo‘ladi, universitet anatomiya teatrida kichik assistent bo‘lib ishlaydi. Bo‘sh vaqtlari tirikchilik vajidan ijodga qiziqib ko‘radi va keyinchalik bu intilish doimiy mashg‘ulotiga aylanadi. 1946 yildan asarlari chop etila boshlanadi. “Marsdan kelgan odam” deb nomlangan ilk romanidan so‘ng nashr etilgan “Astronavtlar” ilmiy-fantastik asari uni yozuvchi sifatida tanitib, xorijda ham ko‘p bora chop qilinadi. Lemning e’tirof etishicha, amerikalik Nobel mukofoti laureati S.Bellou, ilmiy fantastika asoschisi G.Uells, kibernetika asoschisi N.Viner, axborot olamiga doir matematik nazariyotchi K.Shennon, frantsuz adibi Jyul Vern, ingliz faylasufi va fantasti U. Stepldon asarlari ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Uning asarlari aqlga oziq beradigan intellektual yumor, so‘z o‘yinlari, turfa aql bovar qilmas illyuziyalarga boy bo‘lib, ming-minglab kitobxonlar tomonidan qo‘ldan qo‘ymay o‘qiladi.
“Yengib bo‘lmas”, “Yerdagi hayot”, “Joyida tekshirib ko‘rish”, “Kiberiada”, “Yulduzlardan qaytish” kabi asarlarida texnologik utopiya muammolari, o‘zga tamaddunlar vakillari bilan muloqotga kirishishdagi qiyinchiliklar, Yerdagi tamaddunning texnologik kelajagi haqida so‘z boradi. “Mening hayotim” va “Yuksaklikdagi qal’a” asarlari -avtobiografik xarakterda bo‘lib, bolalik davri voqealari bilan tanishtiradi.
— Kelajak hamisha biz tasavvur etganimizdan boshqacha bo‘ladi, — deydi adib suhbatlaridan birida. — Fazoda hech narsa yo‘qolmaydi. Ommaviy madaniyat — og‘riq qoldiruvchi vosita, ya’ni giyohvand modda emas. Dunyoni o‘zgartirish kerak, aks holda u boshqarib bo‘lmas holga kelib, o‘zimizni o‘zgartira boshlaydi.
S.Lem 1981 yili Vrotslav texnologiya universiteti, keyinroq Opol, Yagellon va yana ko‘pgina universitetlarning faxriy doktorlik unvonlarini olgan. Adib xalqaro Buker mukofoti hamda “Gloria Artis” madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” medali bilan taqdirlangan, asarlari asosida “Solyaris”, “Kongress”, “Uchuvchi Pirksning tergovi” kabi badiiy filmlar suratga olingan. 1997 yili Krakov shahrining faxriy fuqarosi bo‘lgan. Krakov astronomiya rasadxonasi olimlari kashf etgan 3836-asteroid uning nomi bilan ataladi.

Robert Byorns va xalq og‘zaki ijodi

Robert Byorns (1759—1796) tug‘ilgan 25 yanvar kuni har yili Shotlandiyada milliy bayram sifatida nishonlanadi. Shu kuni shoir xotirasiga ehtirom ramzi sifatida uning shotland milliy kuylariga hamohang she’rlari asosida yaratilgan omonlik ruhidagi tilovat yangraydi. Buyuk romantik shoir ijodining butun dunyodagi muxlislari ham bu kunni bayram qiladilar.
Robertning otasi o‘g‘illarini juda erta og‘ir ishlarga jalb etgan. Shu bois u ochlik azobini ham tatib ko‘rgan va bu sog‘ligida jiddiy asorat qoldirgan. Ishdan ozod bo‘lgan qisqa tanaffus chog‘lari yosh Robert o‘qish mumkin bo‘lgan nimaiki qo‘liga tushsa, bor ovozi bilan qo‘shiq qilib aytgan. Onasi va uy xizmatchisidan xalq og‘zaki ijodini o‘zlashtirgan. Bu jihat shoir ijodining muhim qirrasi bo‘lib qoladi. «Ikki podachi» va «Riyokor Villi tilovati» kabi satirik dostonlaridan so‘ng tanilgan Byorns “Asosan shotland shevasida yozilgan she’rlar”i bosilgach, juda mashhur bo‘lib ketadi.
Poytaxt Edenburgda yashayotganida xalq folklorining ashaddiy muxlisi J. Jonson bilan tanishadi va hamkorlikda “Shotland musiqasining ilhom parisi” deb nomlangan to‘plam nashr etishga kirishadi. Umri oxirigacha uning muharriri bo‘ladi. Turli manbalardan sinchkovlik bilan kuy va matnlar to‘planadi. Qaysidir manbada birorta misra yo‘qolgan yoki bepardaroq tuyulsa, shoir ularni o‘z ijodi bilan to‘ldiradi. Bu ishni san’atkorona mahorat ila bajaradiki, ularni xalq folkloridan aslo ajratib bo‘lmaydi. R.Byorns Edenburgda “Xususiy qashshoqlik” hamda “Tem o’Shenter” kabi mashhur dostonlarini yozadi, ikki jildlik she’rlar to‘plami qayta chop etiladi. “Asl shotland kuylari” to‘plami ustida ish boshlaydi. Biroq ayni 37 yoshida sog‘lig‘i yomonlashib, yuragi urishdan to‘xtaydi.
Adabiyotshunoslar aaavav tarzidagi olti misrali she’riy bandlar shaklini ham Robert Byorns nomi bilan bog‘lashadi. Byornsning ko‘plab asarlari boshidan qo‘shiq sifatida yoki xalq ashulalari kuyiga monand holda yozilgan. Shoirning nazmi sodda va ohangdor, shu sababli o‘z tilida ham, boshqa tillarga tarjimada ham tez qo‘shiqqa aylanadi. Robert Byornsning “Qo‘shiq va balladalar” kitobi 1971 yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tarjimasida, “Yor ko‘nglining qiroliman” kitobi esa 2013 yili ingliz tilidan Begoyim Xolbekova tarjimasida o‘zbek tilida chop etilgan. Kompozitorlar zamonaviy filmlarga qo‘shiq yozish va mashhur xonandalar albomlarini tayyorlashda ham Robert Byorns she’rlariga ko‘p murojaat qiladilar.

Oydagi Jyul Vern

“Sirli orol“, “Kapitan Grant bolalari“, “O‘n besh yoshli kapitan“ kabi o‘nlab g‘aroyib sarguzashtlarga boy hamda ilmiy fantastik asarlari bilan mashhur bo‘lgan frantsuz adibi Jyul Vern (1828-1905)ning butun ijodi 66 roman, 20 qissa va hikoyalar, 30 piesa va bir qancha hujjatli -kitoblardan iborat. Uning asarlarida o‘z davrida tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan ko‘plab bashoratlar, masalan, akvalanglar, oynai jahon, jazo vositasi — elektr stul, uchish apparatlari, suv osti kemasi, samolyot, vertolyot, shuningdek, raketalar va koinotga parvoz, sayyoralararo sayohatlar, burg‘ilash qurilmasi tilga olingan.
Jyul Vern asarlari ilmiy romantikaga moyilligi, taraqqiyotga ishonchi, fikr kuchi oldidagi ta’zimi bilan ajralib turadi. U o‘z asarlarida milliy ozodlik kurashlarini ham xayrixohlik bilan tasvirlagan. Bu kitoblarni mutolaa qilgan o‘quvchi nafaqat texnika va sayohatlarning zavqli izohi, ayni chog‘da oliyhimmat qahramonlar (Gatters, Grant, Nemo), g‘alati tabiatli yoqimtoy olimlar (porfessor Lidenbrok, doktor Kloubonni, geograf Jak Paganel)ning yorqin obrazlari tasviridan ham bahramand bo‘ladi. Shu bilan birga adib hayotining so‘nggi yillari yozilgan “Vatan bayrog‘i”, “Dunyo hukmdori”, “Barsak ekspeditsiyasining g‘aroyib sarguzashtlari“ kabi romanlarda ilm-fan yutuqlarining jinoiy maqsadlarda qo‘llanishidan qo‘rqish hissi aks etgan.
Jyul Vern “Sen-Mishel-I“, “Sen-Mishel-II“, “Sen-Mishel-III“ deb nomlangan o‘z yaxtalarida Angliya, Shotlandiya, Skandinaviya, Niderlandiya, Germaniya va Daniyaga borgan, Jazoir, Italiya va Malta oroliga sayohat qilgan. “Greyt-Istern“ kemasida Atlantika ummoni osha Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘tib, Nyu-York va Niagara sharsharasini tomosha qilgan. “G‘aroyib sayohat”, “Suzuvchi shahar“, “Qora Hindiston“, “9672-lotereya chiptasi“, “Yashil nur“ asarlari ana shu sayohat taassurotlari asocida yozilgan.
YuNYeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, kitoblari boshqa tillarga tarjima qilinishi bo‘yicha Jyul Vern dunyo bo‘yicha Agati Kristidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, u ilmiy fantastika janri asoschilaridan hamdir. Adib g‘aroyib hodisalar, jug‘rofiy tadqiqotlarni ilmiy-ommabop tilda mahorat bilan tasvirlagan. Jyul Vern va Onorina xonim nikohidan tug‘ilgan yolg‘iz o‘g‘il Mishel kinematografiya bilan shug‘ullanib, otasining “Cuv ostida 80000 kilometr”, “Jan Moren qismati”, “Qora Hindiston”, “Janub yulduzi”, “Besh yuz million begum” kabi asarlarini ekranlashtirgan.
Jyul Vern Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagan bo‘lsa-da, “Klodius Bombarnak“ romanida mintaqa tarixi, jug‘rofiy o‘rni va iqlimini, mahalliy xalqlar urf-odatini haqiqatga yaqin qilib tasvirlagan. Asar qahramoni tilidan Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari tasviriga to‘xtalgan. Buxoroga «Turkiston Rimi» deya ta’rif berib, Samarqandning tarixiy obidalari, ko‘cha va mahallalari, bog‘-rog‘lari, odamlarini tilga oladi.
Oydagi diametri 143 kilometrlik krater, birinchi avtomatik yuk kosmik kemasi, Eyfel minorasidagi restoran mashhur adib nomi bilan ataladi.

Dunyo iztirobini kuylagan shoir

Ingliz romantizm adabiyotining zabardast vakili Jorj Gardon Noel Bayron (1788-1824) aristokrat oilasida tug‘ilgan. Yoshlik yillari Shotlandiyada o‘tgan bo‘lajak shoir Kembrij universitetini tugatib, O‘rta Yer dengizi bo‘ylab safar qilgan. Safar taassurotlari uning «Chayld Garoldning ziyorati» asari yozilishiga turtki bo‘ladi.
Bayron 1815 yili Anna Izabella Milbenk ismli aristokrat qizga uylangan. Undan qizi Ada tug‘ilgan. 1824 yili lord Bayron Gretsiyaning Missolungi shahrida 36 yoshida vafot etadi. Minnatdor yunonlar shoir jasadini Angliyaga olib borishib, ajdodlari dahmasiga dafn etishadi. Rafiqasi Anna Izabella qolgan hayotini yolg‘izlikda o‘tkazadi va o‘zini xayr-saxovat ishlariga bag‘ishlaydi. Qizi Ada matematik bo‘lib yetishgan, hisoblash texnikasini yaratgan dastlabki mualliflardan hisoblanadi, ayni chog‘da u kompyuterda dasturlashning asosiy tamoyillarini ishlab chiqqan birinchi dasturchi hamdir.
 Adabiyotshunoslar Bayronning jo‘shqin xalqona nutqlari, «Sharq dostonlari»ga kirgan «Gyaur», «Abidoss kelinchagi», «Korsar», «Lara», «Korinf qamali» hamda «Parizina» romantik poemalarini alohida tilga olishadi. Bu poemalar avtobiografik xarakterga ega. Shoirning lirik she’rlari ham mashhur. «Yahudiy ohanglari»da tushkunlik, hayotdan nolish kayfiyatlari aks etsa, 1817-1821 yillari yozilgan «Manfred», «Osmon va Yer», «Kain» singari romantik dramalar turkumi ajoyib falsafiy mulohazalarga boyligi bilan ajralib turadi. «Don Juan» romanida esa o‘z davrining dolzarb voqealari qalamga olingan. Jorj Bayron asarlarida zulmga qarshi murosasiz kurashchi sifatida maydonga chiqqani uchun ham «Dunyo iztirobini kuylagan shoir» sifatida e’tirof etiladi.

Genrix Geynening iltijosi

Buyuk nemis shoiri Xristian Iogann Genrix Geyne (1797-1856) “romantizm davri”ning eng so‘nggi va mashhur namoyandasi. U oddiy so‘zlashuv tilini lirikaga mos darajaga ko‘targan, feleton va sayohatnomalarni badiiy shaklga solgan, nemis tilining go‘zalligi va jozibasini namoyon eta olgan mohir ijodkordir. Mashhur kompozitorlar shoir she’rlariga qo‘shiqlar yozishgan.
Geyne Dyusseldorf shahrida savdogar oilasida dunyoga kelgan. Onasi Betti Peyra o‘g‘li yaxshi ma’lumot olishi uchun jon kuydiradi. Biroq Frankfurt-Mayn, Gamburgda o‘qitib, sulola savdo-moliyaviy an’analarini davom ettirishga urinishlari samara bermaydi. U hisob-kitobdan ko‘ra lirika bilan shug‘ullanishga ko‘proq qiziqadi. Gamburgda o‘tgan davrida tog‘asi Solomonning qizi Amaliyani sevib qoladi. Biroq bu javobsiz muhabbat iztiroblari shoirning aksariyat she’rlari, “Qo‘shiqlar kitobi”ga kirgan asarlarida o‘z aksini topadi.
Geyne Bonn universiteti yuridik bo‘limiga o‘qishga kirsa-da, birinchi saboqdanoq nemis tili va she’riyati tarixi bo‘limiga qatnay boshlaydi va oradan ko‘p o‘tmay Gettingeng universitetiga o‘tib ketadi. 1821-1823 yillarda Gegel ma’ruzalariga qiziqib, u saboq berayotgan Berlin universitetida o‘qiydi. 1825 yili huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlaydi. Ana shu yillarda adabiy doiralar bilan yaqin muloqotga kirishadi, Angliya va Italiya safariga chiqadi. Shoirning “Qo‘shiqlar kitobi” dastlab Germaniya, so‘ng butun dunyoda unga katta shuhrat keltirib, hayotlik davrida 13 marta nashr qilingan, keyinchalik sonetlar, balladalar, romanslar ham qo‘shilgan. 1826-1831 yillarda yozilgan «Yo‘l manzaralari» badiiy ocherklar turkumida shoir o‘z “men”ini birinchi o‘ringa chiqarib, jo‘shqin kuzatuvchi, voqelikni tanqid qiluvchi shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Shu yillarda uning publitsistik faoliyati ham qizg‘in tus oladi. «Germaniya. Qish ertagi» poemasi va ko‘plab aforizmlari yoziladi.
Geyne 1830 yili Parijga borib yashashga majbur bo‘ladi. Faqat o‘n uch yildan so‘ng vataniga qaytadi. Biroq xastalik uni to‘shakka mixlab qo‘yadi. Sakkiz yil davomida, yumor tuyg‘usini yo‘qotmasdan, xastalik bilan kurashadi, ijod qilishdan to‘xtamaydi. 1851 yili “Romantsero” deb nomlangan so‘nggi to‘plami nashr qilinadi.
1856 yili Parijda hayotdan ko‘z yumgan Geynening Monmartr qabristonidagi maqbarasiga quyidagi so‘zlari yozib qo‘yilgan: ”Ochig‘i, qachonlardir qabrimni dafna gulchambarlari bezashiga arziymanmi-yo‘qmi — buni bilmayman. She’riyat, men uni qanchalar sevmayin, hamisha ko‘kka (parvardigorga) intilgan orzu-havasim yo‘lida faqat muqaddas ermak yoki tabarruk bir vosita bo‘ldi. Men shoirlik shuhratiga hech qachon katta ahamiyat bermadim. Qo‘shiqlarim uchun olqishlashadimi yo koyishadimi — bu meni u qadar bezovta qilmaydi. Biroq siz qabrimga, albatta, shamshir qo‘ymog‘ingiz kerak, negaki men insoniyat ozodligi uchun kurashda jasur askar bo‘lganman!”

“Kapitan Mayn Rid”

Irland ruhoniy oilasida tug‘ilgan Tomas Mayn Rid (1818 - 1883) Belfast kollejida antik tillar, notiqlik va matematikani chuqur o‘zlashtirgan. 22 yoshida sayohatga ishqiboz bo‘lib Amerikaga yo‘l oladi. Bir oz vaqt o‘qituvchi, aktyor va reportyor bo‘lib ishlab, Meksika urushida «Spirit of taym» gazetasi muxbiri sifatida qatnashadi. Janglarda oyog‘idan og‘ir yaralangan Mayn Rid iste’fodagi kapitan rutbasida Londonga qaytib, o‘zini adabiyotga bag‘ishlaydi. Oradan ikki yil o‘tib nashr etgan “Erkin o‘qchilar” romanida Meksika urushi, ulug‘ sahro va daryolar, yassi tog‘lar bo‘ylab qilgan safarlari qalamga olingan. Birin-ketin yozilgan “Otseola — seminollar dohiysi”, “Boshsiz chavandoz”, “Oq sarkarda“, “Dengiz bo‘risi”, “Urush so‘qmoqlari“, “Halokat xabari” kabi qissa va romanlari ham adibga katta shuhrat keltiradi.
Mayn Rid o‘ttiz uch yoshida qahramonlari kabi yo‘l tutib, o‘n besh yoshli zodagon qizga uylanadi. Romantik ekzotikaga moyil yosh adibning iqtisod masalalaridagi uquvsizligi esa yillar o‘tib uni bankrotlik yoqasiga olib keladi va u yana yoshlik yillari o‘tgan Amerika sayohatini tusab qoladi. 1860-yillarda janubiy va shimoliy shtatlar orasida bo‘layotgan fuqarolar urushida irqiy kamsitishlarni qat’iy qoralab chiqadi. Uch yildan so‘ng Angliyaga qaytib bolalar uchun ilmiy-ommabop kitoblar yoza boshlaydi.
Asarlaridagi insonparvarlik, adolat yo‘lida kurashuvchilarga hamdardlik, syujet yaratish mahorati Mayn Ridni eng mashhur adiblardan biriga aylantirdi. U Amerika hindularining fojeaviy taqdiri haqida ilk bor bong urgan buyuk san’atkor F. Kuper hamda ko‘plab dengiz romanlari muallifi kapitan Marietta an’analarini davom ettirdi. Shu sababli ham Mayn Rid XIX asr ingliz sarguzasht adabiyotida eng yorqin va alohida mavqega ega adib sifatida e’tirof etiladi. O‘zini “kapitan Mayn Rid” deb atashlarini xush ko‘rgan yozuvchi Daniel Defo, Fenimor Kuper va Jyul Vern kabi shavkatli adiblar safidan beqiyos o‘rin oldi.

Oila romanlari ustasi

Frantsuz psixologik nasrining e’tirof etilgan namoyandasi Jan Per Erve Bazen (1911-1996) mashhur yuristlar, harbiylar, olim va ruhoniylar oilasida kamol topgan. Otasi katolik universiteti professori bo‘lib, oila jilovi ancha qattiqqo‘l onasi qo‘lida bo‘lgan. Jan Per maktabdan co‘ng ularning xohishi bilan huquqshunoslik bo‘yicha o‘qishga kiradi. Biroq tez orada uni tashlab qarindoshlaridan birining fabrikasida ishlay boshlaydi. O‘z doirasidan bo‘lmagan qizga uylanishi esa oilasi bilan aloqasi uzilishiga sabab bo‘ladi va 1933 yili Parijdagi Sorbonna universitetiga filologiya bo‘yicha o‘qishga kiradi.
Bo‘lajak yozuvchi bu yerda juda nochor hayot kechirib, ko‘p kasblarning boshini tutadi, she’rlar yozib, maqolalar chop ettiradi. 1947 yili “Kun” deb nomlangan ilk she’rlar to‘plami chop etilgach, Giyom Apolliner nomidagi nufuzli mukofotga sazovor bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib e’lon qilingan “Musht ichidagi ilon” romani katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Asar keyinchalik “Rezo oilasi” nomli trilogiyaga (“Otning o‘limi” (1950), “Boyqush qichqirig‘i” (1972) bilan birga) ham kiritilgan.
Yosh o‘smirning hayoti hikoya qilingan syujetlarga ko‘proq adibning tarjimai holiga doir voqealar asos bo‘lgani bois, ayrim yozuvchi va tanqidchilar uni o‘z onasi obrazini yaratganlikda ayblashadi. “Er-xotin turmushi” romani o‘rta hol frantsuz oilasi tashvishlari, iste’molchilik psixologiyasi haqida bahs etsa, “Madam Eks” romanida bu jihat ijtimoiy muammolar ko‘lamida davom ettirilgan. Bazen asarlarida oila mavzusi yetakchi ma’naviy muammo sifatida talqin etilgani uchun ayollar ularda o‘z qiyofalarini ko‘zguda aks etgandek aniq ko‘rib, yozuvchi nuqtai nazariga xayrixohlik bildirishsa, erkaklar ham adibning haqqoniy baholaridan bebahra qolishmagan. Adibning esse va novellalari ham qiziqish bilan o‘qiladi. Erve Bazen 1960 yili Gonkurlar akademiyasi a’zosi, 1973 yili esa uning prezidenti etib saylangan. Ko‘plab xalqaro mukofotlar laureati bo‘lgan.

Dantening buyuk muhabbati

Buyuk italyan shoiri, adabiyotshunos va mutafakkir Dante Aligeri (1265-1321) hayotiga doir ma’lumotlar ko‘p emas. Ba’zi asarlarida uning tarjimai holi qisman tilga olingan o‘rinlar uchraydi. Florentsiyada dunyoga kelgan bo‘lajak shoirning qaerda o‘qigani noma’lum, biroq bilimini yetarli hisoblamagani uchun mustaqil ravishda ta’lim olish, chet tillarni, antik shoirlar ijodini o‘rganishga ko‘p vaqt sarflaydi. Ayniqsa, Vergileyga katta ehtirom bilan yondoshib, o‘ziga ustoz va rahnamo hisoblaydi. Dante to‘qqiz yoshida taqdiri va ijodida chuqur iz qoldirgan voqea bo‘lib o‘tadi: u o‘ziga tengdosh qo‘shni qiz — Beatriche Portinari bilan tanishadi. Boshqaga turmushga chiqqan va bevaqt hayotdan ko‘z yumgan sohibjamol Beatriche obrazi oradan o‘n yil o‘tib, uning butun hayoti va she’riyatiga ta’sir ko‘rsatgan yorqin siymoga aylanadi. 1292 yili yozilgan “Yangi hayot” kitobi uning ana shu yosh ayolga bo‘lgan kuchli muhabbatining she’r va nasrdagi ifodasi, jahon adabiyotida ilk avtobiografik asar hisoblanadi. Garchi, u 1280-yillardan boshlab ijod qilayotgan bo‘lsa-da, bu kitob shoir nomini shuhratga burkaydi.
Beatrichening o‘limi Dantening ilm bilan jiddiy ravishda shug‘ullanish, falsafa, astronomiya, ilohiyotni chuqur o‘rganishiga sabab bo‘ladi. U o‘z davrining eng ma’rifatli siymolaridan biri bo‘lib yetishadi, 1295-1296 yillarda jamoat va siyosiy arbob sifatida faoliyat olib boradi, shahar kengashi ishida qatnashadi. 1298 yili Dante uylangan Jemmi Donati xonim umrbo‘yi unga taqdirdosh kamtarin ayol bo‘lib qoladi. 1302 yili faol siyosiy faoliyatni to‘xtatib, boshqa yurtlarni kezishga majbur bo‘ladi, 1308-1309 yillarni Parijda o‘tkazadi. Imkon tug‘ilganda ham Florentsiyaga qaytmasdan Ravenna shahri meri taklifi bilan 1316 yili shu yerda muqim qoladi. Hayotining so‘nggi yillari o‘g‘illari, sevgilisi Beatrichening qizi, muxlislari va do‘stlari davrasida kechadi. Shoirning Florentsiyadan uzoqdaligida yozilgan “Ilohiy komediya” asari uning nomini mangulikka muhrladi. Asar 1307 yillarda yozila boshlanib, oxirgi “Jannat” qismi vafotidan sal oldin yakunlangan. Dante iste’dodining cho‘qqisi hisoblangan bu asarning “Do‘zax” va “A’rof” qismining to‘qqiz qo‘shig‘i atoqli shoirimiz Abdulla Oripov tomonidan ona tilimizga o‘girilgan. Dante Aligeri ijodiy merosida falsafiy traktatlar, publitsistik va lirik asarlar ham muhim o‘rin tutadi.

Ruzveltni qiziqtirgan adib va rassom

Kanadalik yozuvchi va tabiatshunos, jonivorlarni tasvirlovchi rassom Ernest Seton-Tompson (1860-1946) Buyuk Britaniyaning Saut-Shilds shahrida tug‘ilgan. Biroq u besh yoshga to‘lganda otasining ishlari yurishmay oila Kanadaga ko‘chib boradi. Tabiatni sevgan, vaqtini o‘rmon va dalalarda o‘tkazgan Ernest bu davrni keyinchalik “Kichkina yovvoyilar” kitobida o‘zining baxtli bolalik yillari sifatida xotirlaydi. U Torontadagi san’at maktabida saboq olgach, mahoratini oshirish uchun Londonga keladi. Ilk asarlari Britaniya muzeyi direktorini hayratga solib, muzey manbalari va kutubxonasidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi. Shu davrda jonivorlar hayotiga ham qiziqib, qushlar rasmini chiza boshlaydi. Biroq sog‘ligi yomonlashgach, yana Torontaga qaytadi va tirikchilik vajidan duch kelgan ish bilan shug‘ullanadi.
1883 yili Ernest Seton-Tompsonning qushlar hayotiga doir ilk kitobi nashr etiladi. “Men bilgan yovvoyi hayvonlar”, “Ov qilinadigan jonivorlar hayoti” va sakkiz jildlik “Yovvoyi yirtqichlar hayoti” to‘plamlari bosilgach esa, u AQSh va Kanadada mashhur bo‘lib ketadi. Yovvoyi hayvonlar hayotiga bag‘ishlab yana qirqta kitob yozadi, ular uchun rasmlar chizadi. Bu kitoblarda hindu qabilalari hayoti ham qalamga olingan.
Adib AQShning Santa-Fe shahri yaqinidan uy sotib olib, musavvirlik asarlarini Yevropa va AQShda namoyish etadi. Hatto prezident Teodor Ruzvelt unga yo‘lboshchi bo‘ri suratini chizishga buyurtma bergan. Hozir adib mo‘yqalamiga mansub bu asar T. Ruzvelt galereyasiga qo‘yilgan. Seton-Tompsonning birinchi nikohdan tug‘ilgan qizi mashhur tarixchi va avtobiografik asarlar muallifi bo‘lib yetishgan. 1960 yili adibning yuz yilligi nishonlanganda nabiralari uning jasadi kulini samolyotda Siton-Vilaj ustidan sochishgan.

Kafka — noyob hodisa

Olmon tilida ijod qiluvchi XX asr adiblarining eng yirik vakili Frants Kafka (1883 — 1924) asarlari absurd hamda “kichik odam”ning tashqi olam oldidagi fojeiy ojizligi va qo‘rquvi asosiga qurilgan. Kitobxonda xavotir tuyg‘usi uyg‘otishga qodir bu xususiyat jahon adabiyotida noyob hodisa sifatida e’tirof etilgan. Uning ijodiga Frish va Dyurrenmatt, Sartr va Kamyu, Ionesko va Bekket kabi zamondosh adiblar ta’siri kuchli bo‘lgan.
Maktabda o‘qiyotganda adabiy uchrashuvlar tashkil etish, teatr spektakllarini qo‘yishda faol bo‘lgan Frants bolalarcha beg‘ubor chehrasi, qat’iyati va vazminligi, odatdan tashqari yumor hissiga boyligi bilan ajralib turgan. Gimnaziyadan so‘ng, Praga Karlov universitetida o‘qib, huquq bo‘yicha doktorlik diplomini olgan. Kafkaning hayotligida bir necha kichik hikoyalarigina chop etilgan. U Milena Yesenskayaga chex tilida yozgan maktublardan tashqari barcha asarlarini nemis tilida ijod qilgan. O‘zi “Mushohada”, “Qishloq vrachi”, “Jazo” singari to‘plamlar va “Amerika” (“Izsiz yo‘qolgan“) romanining birinchi bobini e’lon qilgan. Biroq adib ijodida katta ahamiyat kasb etgan “Amerika”, “Jarayon” va “Qal’a” romanlari vafotidan so‘ng chiqqan. Kafka do‘sti va adabiy maslakdoshi Maks Brodga asarlarining aksariyat qismini yoqib yuborishni topshirgan. Biroq yozuvchining seviklisi Dora Dimantdan farqli o‘laroq Maks Brod bunday qilmagan. U marhumning irodasiga xilof ravishda o‘zidagi nusxalarning katta qismini e’lon qilgan. Kafka yaxshi ko‘rgan tarjimon va jurnalist Milena Yesenskaya ham undan olgan «Amerika», «Qal’a» romanlari, kundaliklarini 1927 yilda nashr etilishini ta’minlagan. Bu asarlar tez orada adabiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
Kafka va uning original ijodidan juda ham oz yozuvchi xabardor bo‘lsa-da, u 1915 yili adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri — Germaniyaning Fontan mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Golsuorsi bilgan Tolstoy

Taniqli ingliz adibi, Nobel mukofoti laureati, Birinchi Pen-klub prezidenti Jon Golsuorsi (1867-1933)ning bir oila taqdiriga bag‘ishlangan “Forsaytlar” turkum romanlari, ijtimoiy-maishiy mavzudagi “Munofiqlar oroli”, “Zamonaviy komediya” singari romanlari, “Kurash“ va “Haqqoniyat“ kabi dramalarida XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ingliz burjua axloqining epik manzaralari katta mahorat bilan ochib berilgan. Ayni chog‘da yozuvchining o‘ziga zamondosh adiblar ijodi haqidagi adabiy publitsistikasi ham kitobxonlar orasida mashhur.
— Tolstoyni yaxlit olib qarasak, uning kishini hayajonga soladigan bir jumboq ekanini ko‘ramiz, — deb yozadi J.Golsuorsi “Olti adibning qiyofasiga chizgilar“ maqolasida. — Bitta odam shaxsiyatida san’atkor va islohotchi birikib ketgan yana boshqa biror odamni topish amrimahol. Tolstoy umrining so‘nggi yillarida nasihatgo‘y targ‘ibotchi bo‘lib qoldi. Masalan, “Anna Karenina”da san’atkor Tolstoy targ‘ibotchi Tolstoyning soyasida qolib keta boshlagan. Hatto “Urush va tinchlik”day monumental asarning oxirgi qismida ham ba’zi joylarda Tolstoy nasihatgo‘y tarzida qalam tebratadi.
Sirasini aytganda, Tolstoyning butun ijodi yaxlitlikdan mahrumday ko‘rinadi. U bir jang maydoniga o‘xshaydi — unda doimiy ravishda kurash boradi, ulkan ziddiyatlarning ayovsiz to‘qnashuvlari ro‘y beradi, bu to‘qnashuvlar to‘lqini bir ko‘tarilib, bir pasayib turadi... Agar mendan “Uning yozganlari ichida qaysi romanni eng ulug‘ asar deb atash mumkin?” deya so‘rasalar, men hech ikkilanmagan holda “Urush va tinchlik” deb javob berardim. Tolstoy bu asarida xuddi tsirkdagi birvarakay ikkita ot ustida hunarini ko‘rsatuvchi chavandozday harakat qilib, allaqanday mo‘‘jizaning qudrati bilan otxonaga lat yemay eson-omon yetib keladi. Tolstoyning ijodiy qudrati tufayli bu kitobning har sahifasi hayron qolarli darajada mazmundor chiqqan. Romanning biror qismi kishini toliqtirmaydi, yozuvchi yaratgan insoniy ehtiroslar manzarasi, tarixiy hodisalar, ijtimoiy hayot, maishiy turmush manzaralari chindan ham ulkan.

Frantsuz hayotining qomusi

Mashhur frantsuz adibi Onore de Balzak (1799-1850)ning “Ko‘z ilg‘amas durdona”, “Yevgeniya Grande”, “Sag‘ri teri tilsimi”, “Gorio ota”, “Sezar Birotto”, “Boy berilgan orzular”, “Xolavachcha Betta” kabi to‘qsonta roman va hikoyalardan iborat butun ijodi umumiy g‘oya va personajlari bilan bir butunlikda “Insoniyat komediyasi” deb atalgan yirik epopeyani tashkil etadi. Balzak epopeyasi ko‘lami jihatidan butun frantsuz jamiyati realistik manzarasini keng qamrab oladi. Uning otasi boy dehqon oilasidan bo‘lib, harbiy ta’minot mahkamasida ish olib borgan.
Balzak Vandom shahridagi kollejda, so‘ngra huquq maktabida tahsil oladi va ko‘p o‘tmay bu sohadan voz kechib, adabiy iste’dodini shakllantirish yo‘lida izlanadi. Turli taxalluslar ostida o‘tkir syujetli romanlar e’lon qiladi. 1829 yildan boshlab chop etilgan romanlarini o‘z nomidan e’lon qilgan. “Lui Lamber” nomli falsafiy romanida kollejda o‘qigan kezlarning taassurotlari aks etgan. 1830 yildan e’lon qilina boshlagan “Shaxsiy hayot sahnalari” nomli zamonaviy frantsuz hayotidan olingan novellalari va, shuningdek, “Sag‘ri teri tilsimi” falsafiy romani adibga katta shuhrat keltiradi. Balzakning zamondoshlari uning har bir asarini u yoki bu tabaqa hayotining o‘ziga xos qomusi sifatida baholashgan. Masalan, “Boy berilgan orzular” romani jurnalistikaga doir bo‘lsa, “Nusingen bankirlar uyi” romani moliyaviy qallobliklar haqida. Ko‘plab asarlari orasida adibning 1834 yili e’lon qilingan “XIX asr frantsuz yozuvchilariga maktub”i ham, ayniqsa, mashhur. Balzak o‘z davri qonunshunoslariga murojaat qilib, “San’at bilan tilni ehtiyot qilib asranglar, negaki, moddiy manfaatlaringizni bartaraf qilganingizdan so‘ng bizning asarlarimizda hayot kechirishda davom etasizlar. Bizning asarlarimiz esa hech qachon o‘lmaydi”, deb yozgan.

Daniel Defo va Robinzon

Ingliz adibi Daniel Defo (1660 — 1731) diniy ta’lim olib, yunon va lotin tillari, mumtoz adabiyot bo‘yicha Nyuington akademiyasini bitirgan. Dastlab ijodini diniy mavzudagi she’rlar yozishdan boshlagan. Ko‘p o‘tmay savdo ishi bilan shug‘ullanib, Ispaniya va G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga boradi, jazoirlik dengiz qaroqchilari qo‘liga tushib chiqadi. Savdo-sotiq ishlaridan omadi chopmay qarzga botgach, uch haftada bir marta chiqadigan mahalliy nashr muharriri bo‘ladi. Tez orada uning siyosiy mavzulardagi chiqishlari e’tibor qozona boshlaydi. 1719 yildan boshlab esa, tezkor jurnalistik faoliyatni to‘xtatmasdan nasriy asarlar yozishga kirishadi. Publitsistik asarlarida burjua sog‘lom fikrini, diniy bag‘rikenglik va so‘z erkinligini targ‘ib etadi. Mashhur “Robinzon Kruzo” romani muallifi sifatida u ingliz romanchiligining asoschisi sifatida ham e’tirof etiladi.
Romandagi Kruzo hayoti tafsilotlari jahon badiiy adabiyotida noyob hodisa bo‘lib, unga odam yashamaydigan Xuan-Fernandes arxipelagiga borib qolgan A.Selkir yuzma-yuz kelgan g‘aroyib hodisa, shuningdek, qisman Seylonda asirlikni boshidan kechirgan R.Noksning sarguzashtlari asos qilib olingan. Muallif roman davomida xitoyliklar, tatarlar, ruslar, sibir kazaklari maishiy turmushi, axloqiy qarashlarini qalamga olgan.
500 dan ziyod kitob va pamflet, turli mavzuda jurnallar chop etgan sermahsul va serqirra ijodkor Daniel Defo 1684 yili Meri Taffli xonimga uylanib, sakkiz farzandning otasi bo‘lgan.

Gomerning tug‘ilishi

Qadimgi dunyo yunon shoiri Gomerning tug‘ilgan joyi, hayoti va shaxsi haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Uning “Iliada” va “Odisseya”si esa, bu asarlarda tilga olingan voqealardan ancha keyin, biroq miloddan avvalgi VI asrdan ilgariroq yozilgan. Zamonaviy fan Gomer yashagan davrni taxminan yangi eradan avvalgi VIII asrga mansub hisoblaydi. Gerodotning yozishicha, Gomer undan 400 yil burun o‘tgan. Boshqa qadimiy manbalar esa adibning Troya urushi davrida yashaganiga ishora qiladi. U Afina, Argos, Rodos, Salamin, Kolofon, Xios, Smirna kabi yetti shaharning birida yashagan bo‘lishi mumkin. “Iliada” va “Odisseya” Kichik Osiyo sohillarida yaratilgan.
Gomer dostonlari antik davrdagi barcha ijodkorlar uchun namuna bo‘lib, u Yevropa adabiyoti bobokalonidir. Qadimgi yunonlar bu asarlarni tabarruk bilishgan, bayramlarda tantanali ravishda ijro etishgan, maktablardagi saboqlar ular bilan boshlanib, ular bilan tugagan. Bu qahramonlik dostonlari mohiyatida rangbarang ilmlar xazinasi, donishmandlik, go‘zallik, adolatparvarlik va boshqa fazilatlarni ko‘rishgan, muallifni esa payg‘ambardan kam hisoblamaganlar. Ko‘zi ojiz deyilishiga esa, Gomerning hayotidagi aniq voqealar emas, balki ko‘plab afsonaviy sohibkaromat kishilar, baxshi-hofizlarning so‘qir ekani sabab bo‘lgan. “Odisseya”dagi kuychi Demodokning tug‘ma ko‘zi ojiz kishi sifatida tasvirlangani ham muallif tarjimai holiga ishora deb tushunilgan.
Aflotun, Yunoniston o‘z ma’naviy ravnaqi uchun aynan Gomer oldida burchlidir, degan. Bu so‘z san’atkori poetikasi nafaqat antik davr mualliflari, ayni paytda undan bir necha asr keyin yashagan Yevropa klassiklari ijodiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Gerodot va Pavsaniyning xabar berishicha, Gomer Kiklada arxipelagidagi Ios orolida vafot etgan.
Bizda “Iliada” va “Odisseya” dostonlari mohir tarjimon Qodir Mirmuhamedov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

 “Alkimgar” va Ginnes

So‘nggi yuz yillikning eng nufuzli adiblaridan biri Paulo Koelo asarlari jahondagi 150 dan ziyod mamlakat kitobxonlari qalbidan joy olgan. Uning jahon xalqlari adabiyotiga tarjima qilingan asarlari umumiy adadi 300 million nusxadan oshadi. Shu bois adib zamonamizning yetuk proza ustasi sifatida tilga olinmoqda. U yaratgan syujetlar va ilgari surayotgan falsafiy g‘oyalar millionlab qalblarning nozik torlarini chertib, dunyoni anglash yo‘lidagi intilishlarga hamroh bo‘lmoqda. Adib niyati pok har bir odam muttasil intilgan manziliga, muhabbatiga erishishiga astoydil ishonadi va kitobxonlarni ham -ishontiradi.
Paulo Koelo 1947 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida muhandis oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan ijodga qiziqqaniga qaramay harbiy diktatura san’atni ta’qiqlagani uchun ota-onasi talabi bilan huquqshunoslik yo‘nalishida o‘qishga kiradi. U yoqmagach, jurnalistlik qila boshlaydi. Davralarda ochiqdan-ochiq she’r o‘qishi, aktyorlarga yaqinligidan xafsirab, ota-onasi uni ikki bor ruhiy xastalar shifoxonasiga yotqizishadi. Biroq bu ham uning ruhini sindira olmaydi. Turli oqimlarga bosh suqib, “xippi”larga qo‘shiladi, Kroulning mistik ruhdagi aytimlarini qo‘shiq qilib kuylaydi. Meksika, Peru, Boliviya, Chili, Yevropa va Shimoliy Afrikaga boradi. Safardan qaytgach, she’r va anarxik mazmunda qo‘shiqlar to‘qib, rok-qo‘shiqchi Raul Seyshasni superyulduzga aylantiradi, jurnal chiqaradi. So‘ng “eksperiment”lardan tiyilib, vazminroq bo‘lishga harakat qiladi. “Poligram”, “Records“ ovoz yozish studiyalarida ishlaydi. Biografik filmlar, sayoz operalarga syujet yozib beradi. Kristina Oitisi xonimga -uylanib, 1982 yili Yevropaga boradi...
Adibning ”Ziyorat”, ”Iblis va Prim xonim”, “Veronika joniga qasd qilmoqchi”, “Beshinchi tog‘”, ”Jahon askari kitobi” asarlari shundan so‘ng yozilib, rafiqasi bilan olib borgan tinimsiz targ‘iboti bois e’tiborga tushgan. 1988 yil nashr etilgan “Alkimyogar” romani esa Braziliya tarixida eng ko‘p sotilgan, hatto Ginnes kitobiga kirgan, Koelo nomini shuhratlarga burkab, nufuzli mukofotlar sohibiga aylantirgan mashhur asar bo‘lib qoldi. Adibning avvalgi asarlariga mutlaqo o‘xshamagan, o‘ziga xos ramziy hikoya uslubi va hayot yo‘li metaforalari asosiga qurilgan bu asar o‘zbek tiliga birin-ketin uch marta — Ozod -Sharafiddinov, Aziz Said va Ahmad Otaboev tomonidan tarjima qilingan.

Rable yulduzi

O‘z davrining benazir yozuvchisi Frantsua Rableni jahon adabiyotshunosligi yetuk satirik, ayni paytda faylasuflar va pedagoglar o‘rtasida faxrli mavqe egallagan ijodkor sifatida tilga oladi. Jahon adabiyotidagi eng quvnoq kitob muallifining katolik rohibi bo‘lganiga ishonish qiyin. Deyarli darveshona hayot kechirganiga qaramay, u huquqshunos, filolog, arxeolog, ilohiyotchi, gumanist, dilkash suhbatdosh ham bo‘lgan.
Rable Frantsiyaning Shinon shaharchasida taniqli advokat va yer egasi oilasida 1483-1495 yillar orasida tug‘ilgan. Bir qancha xorijiy, shuningdek, yunon hamda lotin tillarini ham o‘rgangan. Monpele universiteti tibbiyot fakultetini bitirib, Liondagi shifoxonada ishlay boshlaydi, yumoristik pamfletlar yozadi. 1532 yili devqomat bahodir Gargantyua sarguzashtlariga oid birinchi kitobini taxallus bilan e’lon qiladi va mashhur bo‘lib ketadi. Epopeyaning keyingi kitoblarida Rable Pantagryul va Gargantyua ota hayoti haqida hikoya qiladi. 1542 yili Rable asarlari to‘liq nashr etiladi.
Shinon shahridagi yozuvchi yashagan uy ayni davrda muzeyga aylantirilgan. 1982 yili Qrim astrofizika observatoriyasi kashf etgan 5666-asteroid Fransua Rable nomi bilan ataladi.

Umar Xayyom va Samarqand

Buyuk shoir Umar Xayyom (G‘iyosiddin Abul-Fatx ibn Ibrohim al-Xayyom Nishopuriy) (1048-1131) tavalludiga 966 yil to‘ldi. Teran mazmunli ruboiylari bilan shuhrat qozongan shoirning riyoziyot, ilmi nujum va falsafaga oid asarlari ham ma’lum. Nishopurlik chodir tikuvchi oilasida tavallud topgan Xayyom juda yoshligidan matematika va astronomiyaga qiziqqan, o‘n ikki yoshida madrasa tolibi bo‘lgan. Tibbiy ilmlarni mukammal egallab, mohir hakim bo‘lib yetishgan. Ayni chog‘da, mashhur falakiyotshunoslar asarlarini ham qunt bilan o‘rgangan. Ota-onasi yuqumli xastalikdan vafot etgach, uy-joy va otasining ustaxonasini sotib, o‘n olti yoshida Samarqandga yo‘l oladi. Samarqand Sharqning e’tirof etilgan ilmiy va madaniy markazlaridan biri edi. Xayyom shahar madrasalarida tahsil olib, tez orada noyob iqtidorini namoyon etadi va mudarrislikka taklif etiladi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Buxoroga kelib, boy kutubxonada ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadi, ruboiylar yozadi. Matematikaga oid traktatlari ham shu shaharda yashagan o‘n yillik hayoti mobaynida yaratilgan.
Xayyomning yumorga boy, donishmandona ruboiylari shoir nomini mangulikka muhrladi. Uning ijodi Yevropaga ingliz shoiri Edvard Fittsjerald tarjimalari tufayli keng yoyilgan. 1074 yili Xayyom Isfahonga, saljuqiylar sultoni Malikshoh I saroyiga taklif etiladi va ma’naviy ustoz sifatida faoliyat olib boradi. Oradan ikki yil o‘tib, saroydagi eng nufuzli rasadxona rahbari bo‘ladi. Uning rahbarligida Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo‘lgan quyosh kalendari yaratilgan, falakiyotshunoslikka doir tadqiqotlar olib borilgan. Xayyom Evklid kitobiga sharh yozib, butun sonlarning ildizini topish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. Samo yulduzlari ro‘yxatini o‘z ichiga olgan “Malikshoh astronomiya jadvali” tuziladi, «Risolatul-kavn vat-taklif» («Koinot va uning vazifalari»), «Risola fil-vujud» («Borliq haqida risola»), «Risola fi kulliyati vujud» («Borliq umumiyligi haqida risola») kabi asarlari yoziladi. 1092 yili sulton olamdan o‘tgach, uni dahriylikda ayblaydilar va olim shaharni tark etishga majbur bo‘ladi.
Umar Xayyom 1131 yili Nishopurda vafot etgan. Uning maqbarasi obod ziyoratgohga aylantirilgan. Buxarest, Ashxobod va boshqa shaharlarda shoirga yodgorliklar o‘rnatilgan. Umar Xayyom ruboiylari Sh.Shomuhamedov, J.Kamol, E.Ochilov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Matonatli Xeminguey

Nobel mukofoti sohibi, buyuk adib Ernest Xeminguey tavallud topgan kunga 115 yil to‘ldi. U oddiy yozuvchigina emasdi. Zamondoshlari uni sportchi va sayyoh, ovchi va baliq ovi ishqibozi, to‘polonchi va ichkilikni xush ko‘ruvchi hamda harbiy muxbir sifatida ham yaxshi biladilar. Har qanday bellashuvda g‘olib bo‘lishga intilgan, jiddiy vaziyat va mojarolar, sarguzashtlar adib hayotida istagancha topiladi. U «Daykiri» va «Moxito» kokteyllarini juda xush ko‘rgan. Ernest 12 yoshga to‘lganda bobosi diametri 20 kalibrli miltiq sovg‘a qiladi. U maqtanish uchun Chikago atrofidagi og‘aynilari oldiga chopib ketayotganini ko‘rgan keksa hindu ayol: “Yigitcha, ehtiyot bo‘l. Bu o‘yinchoq duch kelganni, hatto o‘z egalarini ham ayamaslikka o‘rgangan”, deydi. Oradan ellik yil o‘tib xuddi shunday qurol Xeminguey hayotiga nuqta qo‘ygan.
62 yoshli Xeminguey hayotida bunday o‘ta xavfli vaziyatlar ko‘p bo‘lgan va u har gal tasodif tufayli omon qolgan. Janglarda tanasini 273 mina parchasi jarohatlagan, oyog‘ini esa pulemyot o‘qlari shikastlagan. U besh marta turli avariya va yetti marta halokatli voqeani boshidan o‘tkazgan. Kuchli lat yeyish, suyak sinishlari, bosh miya chayqalishiga duch kelgan. Ovda bo‘lganida ikki marta zo‘rg‘a omon qolgan, bir marta o‘rmon yong‘ini vaqtida yonib ketishiga sal qolgan. 60 yoshida 90 kilogramm vazn va 185 santimetr bo‘y-bastga ega bo‘lgani holda 50 metr masofadan do‘stlaridan biri og‘ziga qistirgan papirosning yonib turgan cho‘g‘ini bexato nishonga urgan... Taqdir uning bardoshini istagancha sinovdan o‘tkazgan, Xeminguey esa qahramonlarining sobitligi va bardoshini o‘zida sinab ko‘rgan. Uning “Alvido, qurol!”, “Chol va dengiz” kabi ko‘plab asarlari -millionlab kitobxonlarning qalb mulkiga aylangan.

Rouling xonimning yangi kitobi

Garri Potter haqidagi yettita kitob muallifi, ingliz adibasi Joan Ketlin Rouling kriminal mavzudagi uchinchi detektiv asari bo‘ladigan yangi romanini yozmoqda. Muallif to‘rtinchi asarning syujeti ustida ham ish olib borayotganini aytgan. «Harrogate» deb nomlangan jinoiy ishlar mavzusidagi adabiyotlar festivalidagi chiqishida ma’lum qilganidek, Joan Rouling xonim Garri Potterda bo‘lganidek, kriminal janrda faqat yettita kitob yozish bilangina kifoyalanmoqchi emas.
Detektiv asarlarini Robert Gelbreyt taxallusi bilan nashr ettirayotgan Joan Rouling «Menga bu janrda kitob yozish juda yoqib qoldi, darvoqe, yozadigan kitoblarim soni ham yettidan oshsa kerak. Negaki, hali tasavvurimdagi syujetlar butunlay tamom bo‘lgan emas», degan. Garri Potter haqidagi romanida bo‘lganidek, adibaning yangi asarlarida ham ularni birlashtirib turuvchi yagona qahramon bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Garchi, Joan Rouling yangi asari haqida to‘kis ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, asar qahramonlaridan biri harbiy sohaga aloqador bo‘lishini aytgan.
Adiba 1967 yil 28 iyunda Buyuk Britaniyaning Glostershir grafligidagi Yeyt shaharchasida tug‘ilgan. U besh yoshida bolalar kitoblarining deyarli barchasini yod olgan, olti yoshida esa «Quyoncha» nomli quyon sarguzashtlari haqidagi ilk hikoyasini onasiga ko‘rsatgan. Devon shahridagi Ekster universitetida o‘qib, san’at bakalavri bo‘lgach, Forks, Manchester shaharlariga boradi, ko‘p ishlarning boshini tutadi. Portugaliyada tushdan keyin va oqshomlari maktabda saboq berib, ertalablari asar yozish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Hali nomi hech kimga ma’lum bo‘lmagan boshlovchi adiba Portugaliyadan Edinburgga ko‘chib kelib, butunlay badiiy ijodga sho‘ng‘iydi. «Garri Potter va falsafiy tosh» romani 1997 yil iyun oyida bosilib chiqishi bilanoq shov-shuv bilan kutib olinadi va Buyuk Britaniyada yilning eng yaxshi bolalar kitobi, deb e’tirof etiladi. Adiba birinchi romanidan so‘ng birin-ketin «Garri Potter va yashirin xona» (1988), «Garri Potter va Azkabana tutquni» (1999), «Garri Potter va Olov Kubogi» (2000), «Garri Potter va Qaqnus Ordeni» (2003), «Garri Potter va zoti chala shahzoda» (2005) kabi romanlar yozadi. Shu turkumni yakunlovchi «Garri Potter va o‘lim tuhfalari» romani 2007 yili Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa mamlakatlarning do‘konlarida sotila boshlagan. Bu asarlar dunyodagi oltmishdan ortiq xalqlarning tiliga tarjima qilingan va ular asosida kinofilmlar ishlangan. -Adibaning sotib olingan kitoblari umumiy soni 250 mln. nusxadan -oshadi. 2004 yildan buyon Joan Rouling Buyuk Britaniyadagi eng boy ayol hisoblanadi. 2008 yili «Forbes» jurnali uning boyligini 1 mlrd. dollarga baholagan.
Joan Rouling xonim juda ko‘plab xalqaro adabiy mukofotlar sovrindori. 2000 yili Britaniya imperiyasi ordeni bilan -mukofotlangan.

Kafkaning dastxati

Portugal tilida ijod qiluvchi braziliyalik taniqli adib Moasir Sklyar (1937-2011) qalamiga mansub ”Kafkaning qoplonlari” romani jahon adabiyoti muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Unda birinchi jahon urushi bilan bog‘liq g‘ayritabiiy voqealar qalamga olingan: o‘smir yigitcha ma’naviy ustozining topshirig‘ini bajarish uchun ming xavotirda Pragaga keladi va mashhur adib Frants Kafka bilan uchrashadi, undan dastxat oladi. Braziliyada muhojir sifatida yashagan davrida esa, bu dastxatni uzoq yillar ko‘z qorachig‘idek saqlaydi. Asar qahramoni o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan hayot-mamot lahzasida buyuk yozuvchining o‘sha siyoh rangda bitilgan qisqagina dastxati uning matonati va hatto g‘alabasi timsoliga aylanadi...
M.Sklyar 1919 yili Braziliyaga ko‘chib borgan Bessarabiya muhojirlari oilasida tug‘ilgan. Katoliklar gimnaziyasini bitirib, Porta-Alegri universitetida tibbiyot bo‘yicha tahsil olgan. Shu universitetda tibbiyot, Braun, Texas universitetlarida portugal tili va adabiyotidan saboq beradi. Roman va hikoyalar, bolalar uchun esselar yozadi. Asarlaridagi voqealarning aksari Braziliyada yashovchi muhojirlar muhitida kechadi. ”Bog‘dagi Kentavr” romani AQSh milliy kitob markazi tomonidan ”Eng yaxshi yuz muallif asari” sifatida e’tirof etilgan.

Dramaturg Pinter

Taniqli shoir va dramaturg, aktyor va rejissyor, adabiyot bo‘yicha 2005 yilgi Nobel mukofoti sovrindori Garold Pinter (1930-2008) juda ko‘plab xalqaro orden va adabiy mukofotlar sohibi, shuningdek, o‘nlab universitetlarning faxriy doktori. Pinterning adabiy shuhrati 1957 yili sahnalashtirilgan “Xona” spektaklidan boshlangan. U yarim asrdan ziyod vaqt davomida 29 piesa, 27 kinostsenariy, roman, esse, hikoyalar va teleasarlar yaratgan. London yaqinidagi Ist-Ende shaharchasida tavallud topgan Pinter Irlandiya sayyor teatr truppasida aktyorlik faoliyatini boshlagan. So‘ng mumtoz asarlarni sahnalashtiruvchi Donald Vulfit truppasiga o‘tgan. 1950-yillar oxirida Pinter iste’dodli dramaturg sifatida dovruq qozonadi. Qahramonlar munosabati, voqealar va dialoglar rivojida kutilmagan notipik holatlar yuz berishiga qarab, dramaturgning o‘ziga xos adabiy uslubini “pinterizm” deb atash urf bo‘lgan. Frensis Skott Fitsdjeraldning “So‘nggi magnat”, Jon Faulzning “Frantsuz leytenanti mahbubasi”, Margaret Etvudning “Xizmatkor ayol tarixi”, Frants Kafkaning “Jarayon” romanlari bo‘yicha Pinter yaratgan stsenariylar asosida badiiy filmlar suratgan olingan.
Marsel Prustning «Boy berilgan vaqtni izlab» epopeyasi motivlari asosida yaratilgan «Prust bo‘yicha stsenariy» piesasi G. Pinterning so‘nggi asari bo‘lib, unda frantsuz klassigining uslubi, g‘oyalari va obrazlar sistemasi saqlangan. London Milliy teatri sahnalashtirgan bu piesa endilikda adabiyot olamida mustaqil badiiy asar sifatida dovruq qozonib, ko‘plab tillarga tarjima qilinmoqda.

“Sohilsiz daryo”

Nemis prozaigi va dramaturgi, esse ustasi, san’at nazariyotchisi va adabiy tanqidchi Xans Xenni Yann (1894-1959) qalamiga mansub, jahon adabiyotida betakror hodisa hisoblangan “Sohilsiz daryo” asari adibning modern uslubidagi romanidir. Uning “Yog‘och kema” deb nomlangan birinchi qismida shaxsning shakllanishi va so‘nishi, xotira va ijodiy fantaziya, inson qalbidagi ichki ovoz haqida so‘z boradi.
Muallif Verner Xelvigga yozgan xatida: “Bilasanmi, yaxshi kitob hech qachon tugamaydi, — deb yozgandi. — Qaerda nuqta qo‘yish, albatta, yozuvchiga bog‘liq. Biroq nuqta qo‘yilganidan so‘ng ham kitobdagi hayot yangidan boshlanishi mumkin”. O‘n besh yil mobaynida yozilib, XX asrning durdona asarlari qatoridan o‘rin olgan “Sohilsiz daryo” shunday asarlardan biri bo‘lib qoldi. Trilogiyaning “Gustav Ani shahodati” deb atalgan ikkinchi jildida Lotin Amerikasi va Afrika sohillari bo‘ylab behuda va darbadar kezgan va oxir-oqibat Norvegiyaning chekka bir burchagida ikkinchi vatanini topgan, yetuk yoshida nomdor kompozitorga aylangan insonning yigirma besh yildan so‘ng ayon bo‘lgan sevgi izhori sabab o‘z hayotini taftish qilib ko‘rishi bilan bog‘liq ruhiy dramalar haqida hikoya qilinadi.
Xans Xenni Yann Gamburg yaqinidagi Shtellingen shaharchasida kemasoz usta oilasida tug‘ilgan. 1915-1918 yillarda Norvegiyada yashagan adib “Pastor Efraim Magnus”, “Richard III ning toj kiyishi” kabi dramalar hamda “Ugrino va Ingrabaniya” romanini yozadi. 1929 yili chop etilgan «Perrudya» romani ko‘p jihatdan Fridrix Nitsshening “Zardo‘sht” asariga hamohang. Xans Xenni Yann Kleyst (1920) va Lessing (1956) mukofotlari bilan taqdirlangan.

Ezgulikni kuylagan shoir

Atoqli gruzin shoiri va davlat arbobi, yangi gruzin tili asoschisi Shota Rustaveli taxminan 1160-1166 yillarda Janubiy Gruziyada tug‘ilgan. Shoir Gruziyada Tamara (1184-1213) va uning eri David Soslani hukmronligi davrida davlat xizmatida faoliyat olib borgan. Sh.Rustaveli “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni jahon adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Unda ijtimoiy, axloqiy masalalar shoirning yuksak ideallari ifodasi sifatida talqin etilgan. Shoir qahramonlik, chin insoniy muhabbat, oliyhimmatlik va poklikni ulug‘laydi, adolatsizlikni qoralaydi. Asarda xalqlar do‘stligi, ayollarga xos beg‘ubor insoniy fazilatlar tarannum etilgan. Doston qahramonlari baxt va adolat tantanasi uchun kurashadilar. Shota Rustaveli 1216 yili vafot etgan.
Shoir doston va hikmatlarida shaxs erkinligi, fikr va tuyg‘ular hurligini kuylagan. Qadimiy milliy madaniyat, xalq og‘zaki ijodining eng yaxshi an’analarini o‘zlashtirib, gruzin she’riyatini yuqori pog‘onaga ko‘targan. Shota Rustavelining poetik nutqi majoziyligi, hikmatlarga boyligi bilan ajralib turadi. “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” 1959 yili atoqli shoirlarimiz Mirtemir va Maqsud Shayxzoda hamkorligida o‘zbek tiliga o‘girilgan. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri Shota Rustaveli nomi bilan ataladi. Shu ko‘chada shoirga yodgorlik haykali ham qo‘yilgan.

Nodar Dumbadze va qush

Taniqli gruzin adibi Nodar Dumbadze (1928-1984) asarlari ko‘p minglab kitobxonlar muhabbatini qozongan. U Tbilisida tug‘ilgan bo‘lsa-da, ota-onasi mustabid tuzumning o‘tgan asr 37-yilgi qatag‘onida qamalgach, yoshligi bobolari yashayotgan Hidistavi qishlog‘ida kechgan. Shu yerda maktabni bitirib, Tbilisi universiteti iqtisod bo‘limida o‘qiydi. Biroz vaqt o‘z sohasida ishlagach, turli adabiy jurnallar va kinostu-diyaning stsenariy bo‘limida faoliyat olib boradi. 1965-1973 yillarda “Niangi” hajviy jurnali bosh muharriri, 1981 yildan Gruziya Yozuvchilar uyushmasi rahbari bo‘lgan.
Ilk she’rlari universitet to‘plamlarida, hajviy hikoyalari esa alohida kitoblar tarzida bosilib, ijodiga qiziqish uyg‘otgan. “Men, buvim, Iliko va Illarion” qissasi aksariyat teatrlarda sahnalashtirilgan, mashhur kinorejissyor Tengiz Abuladze badiiy film yaratgan. “Men quyoshni ko‘ryapman”, “Quyoshli tun”, “Xavotir olma, onajon”, “Oq bayroqlar”, “Abadiyat qonuni” kabi qissa va romanlari qayta-qayta nashr etilib, adibga jahonshumul shuhrat keltirdi. N.Dumbadzening she’r va dostonlari, bolalarga atalgan asarlari, publitsistik maqola va safarnomalari mayin lirizm va dramatizmi, yumor hissi bilan ajralib turadi. Ularda quyosh oliyhimmatlik va insonparvarlik timsoliga aylangan, ezgulik va yovuzlik kurashi, insonning baxtli yashash huquqi, sevgi-muhabbatga intilishi betakror ifoda etilgan. Adib stsenariylari asosida “Kukaracha”, “Abadiyat qonuni”, “Men quyoshni ko‘rayapman” va boshqa badiiy filmlar yaratilgan. N.Dumbadze Gruziyaning nufuzli mukofotlari va xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. “Abadiyat qonuni” romani, ko‘plab hikoyalari mohir tarjimon Nizom Komilov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Inson — koinot gultoji

Taniqli shoir va esselar ustasi Eduardas Mejelaytis (1919-1997) Litvaning Kareyvishkyay qishlog‘ida tug‘ilgan. Gimnaziyada fashistik g‘oyalar va har qanday shovinizmni qabul qilmagan muallimlardan saboq olib, Kaunasdagi Buyuk Vitautas hamda Vilnyus universitetlari huquq bo‘limida o‘qigan. Ikkinchi jahon urushi davrida 16-Litva diviziyasida harbiy muxbir bo‘lgan. Urushdan so‘ng yoshlar jurnali muharriri, yozuvchilar uyushmasi rahbari vazifalarida faoliyat olib borgan. Shoirning S.Neris hamda S. Yesenin she’riyati an’analariga hamohang jo‘shqin poetik uslubi hayotbaxsh xalq og‘zaki ijodidan bahramand. She’rlarida xalq dardi va tabiatga uzviy bog‘liqlik ufurib turadi. Shoir A.Pushkin, M.Lermontov, T.Shevchenko, Sh.Petefi she’rlarini ona tiliga tarjima qilgan, bolalar uchun ko‘plab kitoblar yozgan. “Qardoshlik dostoni” epik poemasi, “Mening bulbulim”, “Begona tosh”, “Kahrabodagi quyosh”, “Lirik etyudlar”, “Non va so‘z”, “Janub manzarasi”, “Tungi kapalaklar”, “Ufqlar”, “Kahrabo qush” kabi she’riy va nasriy to‘plamlari teran intellektualizmi, falsafiy mushohada va publitsistik pafosi bilan ajralib turadi. E. Mejelaytisning inson va u yashayotgan zamin madhi, butun insoniyat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi teran aks etgan “Inson” kitobi unga olamshumul shuhrat keltirgan. Shoirning eng sara she’riy asarlari ko‘plab jahon tillari, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.

Shoir va akademik

Boshqirdiston xalq shoiri Mustay Karim (1919-2005) Ufa shahri yaqinidagi Chishmin tumanida tavallud topgan. Pedagogika institutini bitirib, frontga yo‘l olgan. Janglarda yaralanib davolangach, front gazetalarida muxbirlik qilgan.
Yuzdan ziyod nazm va nasrdagi kitoblari, o‘ndan ortiq dramatik asarlari chop etilgan. “Siyoh suvlar”, “Qaytish”, “Yevropa-Osiyo” kabi she’r va dostonlari, “Oygul vatani”, “Qiz o‘g‘irlash”, “Oy tutilgan tunda” pesalari, “Uyimizning quvonchi”, “Avf etish” singari qissalari kitobxonlar orasida mashhur. M. Karim Boshqirdiston Fanlar akademiyasi faxriy akademigi, adabiyot va san’at sohasidagi M.Sholoxov mukofoti hamda G.X.Andersen nomidagi xalqaro mukofot jyurisi Faxriy diplomini olgan. “Xabar kutaman”, “Olovni tashlama, Prometey”, “Olis-olis bolalik” kitoblari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Ufadagi yoshlar milliy teatri, yirik shohko‘cha Mustay Karim nomi bilan ataladi. Adibning she’r va qissalari o‘zbek tiliga tarjima qilingan, dramatik asarlari sahnalashtirilgan.

Gumilyov cho‘qqisi

Taniqli shoir va adabiy tanqidchi Nikolay Gumilyov (1886-1921) Kronshtadtda dvoryan kema vrachi oilasida tug‘ilgan. Rafiqasi Anna Axmatova yozishicha, u olti yoshida Niagara sharsharasiga bag‘ishlab to‘rtlik yozgan. 1894-1903 yillarda Peterburg va Tiflis gimnaziyalarida tahsil olib, “Tiflis varaqasi”da “Men shahardan o‘rmonga qochdim” nomli she’ri e’lon qilingan. N.Gumilyov gimnaziyani bitirgach, Sorbonna universitetida frantsuz adabiyotidan ma’ruzalar tinglaydi, tasviriy san’atni o‘rganadi.
N.Gumilyov nafaqat ijodkor, ayni paytda, shimoli-sharqiy Afrikaga ko‘p ekspeditsiyalar uyushtirib, Peterburg antropologiya va etnografiya muzeyiga katta kollektsiya olib qaytgan yirik afrikashunos tadqiqotchi hamdir. 1909 yili Sergey Makovskiy bilan tasviriy san’at, musiqa, teatr va adabiyotga oid “Apollon” jurnalini ta’sis etadi. Peterburg universitetida o‘qib, frantsuz she’riyatini o‘rganishga kirishadi. “Marvaridlar” to‘plamiga “Romantik gullar” hamda “Kapitanlar” poemasi, “Begona osmon” to‘plamiga “Amerikaning ochilishi” poemasining dastlabki qo‘shiqlari kirgan. Birinchi jahon urushining boshidan oxirigacha janglarda ishtirok etgan. Urushdan keyin “Gulxan” to‘plami va “Mik” dostoni nashr etilib, “Olloh bolalari” pesasini yozadi.
N.Gumilyov va A.Axmatovaning o‘g‘li Lev Nikolaevich Gumilyov (1912-1992) mashhur tarixchi-turkiyshunos, sharqshunos, arxeolog va adib bo‘lib yetishgan.

Orol sohilida tug‘ilgan adib

Adabiyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli adib Abdijamil Nurpeisov 1924 yili Orol dengizi bo‘yidagi Ushkon ovulida tug‘ilgan. Dastlab Ikkinchi jahon urushi haqida “Uzoq kutilgan kun” asarini yozadi. “Qon va ter” trilogiyasi Birinchi jahon urushi hamda 1918-1920 yillardagi fuqarolar urushi davrida Orolbo‘yida kechgan tarixiy voqealarga bag‘ishlangan. Orol baliqchilari ruhiyati va taqdiri aks etgan, yorqin milliy xarakterlar yaratilgan ushbu roman asosida spektakl va badiiy film ishlangan.
Adib ko‘plab ocherk va publitsistik kitoblar ham yozgan. Orol dengizi ekologiyasiga bag‘ishlangan “Co‘nggi burch” romani esa Germaniyaning “Dagieli Ferlag” nashriyotida nemis tilida chop etilgan. Ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi A.Nurpeisov asarlari jahon tillari, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.

Arktika kundaliklari

Artur Konan Doyl (1859-1930)ning sarguzasht asarlari millionlab kitobxonlar qalbini zabt etgan. Yaqinda mashhur adibning shu choqqacha nashr qilinmagan kundaliklari jamlangan “Og‘ir ish. Arktika” kitobi katta tirajda bosilib chiqdi. Yozuvchining ko‘p minglab muxlislari uchun ajoyib sovg‘a bo‘lgan ushbu kitobdan Arktika ekspeditsiyasi taassurotlari joy olgan.
1880 yil bahorida tibbiyotchi-talaba Konan Doylni kutilmaganda kit ovlovchi kemada olti oylik safarga chiqishga taklif etishadi. Bo‘lg‘usi yozuvchi Arktika safaridan yon daftarini sarguzasht-qaydnomalar va suratlarga to‘ldirib qaytadi. Konan Doyl hayotining bu davri uning memuar asarlarida qisman yoritilgan bo‘lsa-da, ko‘plab qiziq, ayni chog‘da, fojiali va g‘alati hodisalar, ular bilan bog‘liq detallar, yosh yigitning toza nigohi bilan ko‘rilgan, kuzatilgan voqealar taassuroti tushib qolgan edi. Yangi kitobga esa adibning olis dengizlar osha sayohatiga doir maqolalari, “Qutb yulduzi” kapitani” nomli g‘ayritabiiy kuchlarga ishonch ruhidagi novellasi, shuningdek, Sherlok Xolms haqidagi “Qora Piterning sarguzashtlari” hikoyasi ham kiritilgan.
Artur Konan Doyl Shotlandiya poytaxti Edinburgda rassom va arxitektor oilasida tug‘ilgan. Yozuvchi bo‘lib kamol topishida onasi Meri Folining ko‘p kitob o‘qishi, ularni bolalariga maroqli qilib so‘zlab berishi muhim ahamiyat kasb etgan. Adibning “Ola-bula tasma”, “Taqdir shu’lasi” kabi sahna asarlari hamda “Kongodagi jinoyat”, “G‘arib dunyo”, “Zaharlangan kamar” kabi qissa va romanlari ham Sherlok Xolms va doktor Vatson haqidagi “To‘q qizil tusdagi etyud” romani singari ancha mashhurdir.

Buyuk adib sonatasi

Buyuk yozuvchi Lev Tolstoyning “Kreytser sonatasi” qissasi taniqli bastakor Betxovenning mashhur skripkachi Rudolf Kreytserga bag‘ishlab yaratgan shu nomdagi musiqa asari nomi bilan ataladi. Adibning o‘zi hikoya, deb yozgan bu asar yaqinda ingliz tilida chop etilgan “Kreytser sonatasi: variatsiyalar” nomli kitobdan joy oldi. Unga Lev Tolstoy hamda rafiqasi Sofya Andreevna qalamiga mansub qissalar kiritilgan. Aynan shunday kitob 2010 yili Frantsiyada ham nashr qilingan.
Tarjimon Kristina Zeytun-Belousning guvohlik berishicha, Sofya Andreevna Lev Nikolaevichning “Kreytser sonatasi”ni yuragiga juda yaqin olib, iztirobga tushgan. Uni o‘ziga nisbatan xuruj sifatida baholab, “menga qarshi qaratilgan”, degan va asarda ko‘pgina kechirilmas gunohlarda muallif ayollarni ayblashi, o‘zining uylanishiga doir ayrim jihatlarni oshkor etishini ham kechira olmagan. Shunga qaramay, Sofya Andreevna tsenzura ruxsat bermagan bu asarni chop etish uchun ko‘p sa’y-harakat qilgan. Oxir-oqibat, qattiq iztirob chekkan Sofya Andreevnaning o‘zi mazkur tarixni — unga deyarli o‘xshash voqeani yozishga qaror qiladi. Yozganda ham ayollar nuqtai-nazaridan yozadi...
Qizig‘i shundaki, har ikki asarda voqelik hamda nikohni idrok etish masalalarida Lev Nikolaevich va Sofya Andreevna qarashlarida umumiy jihatlar juda ko‘p. Ayrim masalalarda esa, Lev Tolstoy fikricha, ayollarning ko‘proq aybdor hisoblanishiga, avvalo, ularni shu darajaga yetkazgan erkaklar sababchi ekan.

Yozuvchi va tarixshunos olim

Mashhur arab adibi, publitsisti va olimi Jurji Zaydon (1861-1914) Bayrutdagi mayda savdogar oilasida tavallud topgan. Shu shahardagi tibbiyot kollejida tahsil olib, Misrga ko‘chib borgan. Ko‘plab tarixiy asarlari bilan yangi arab adabiyotida tarixiy roman janriga asos solgan. Adib 1992 yili “Al-Hilol” jurnalini ta’sis etadi. “Islom tarixidan hikoyalar turkumi”ga kirgan “Karbalo fojeasi”, “Hasaniya”, “Xorun ar-Rashid singlisi” kabi yigirmaga yaqin tarixiy romanlarida VII-XIII asrlarda yuz bergan voqealarni tasvirlaydi. “Mamluklar o‘zboshimchaligi”, “Usmonlilar to‘ntarishi” singari qator romanlari esa XVIII-XIX asrlarda Misrda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealarga bag‘ishlangan. Bu asarlar so‘zlashuv tiliga yaqin uslubda yozilgani uchun Arab Sharqida mashhur bo‘lib ketadi va ko‘plab sharq hamda g‘arb tillariga tarjima qilinadi.
Jurji Zaydonning olim sifatidagi iste’dodi esa, uning “Arab tili tarixi” (1904), “Musulmon tamadduni tarixi” (1906) va “Arab adabiyoti tarixi” (1914) kabi tadqiqot asarlari orqali namoyon bo‘lgan.

Tog‘larini kuylagan shoir

Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov (1923-2003) Dog‘istonning Xunzax tumanidagi Sada ovulida tavallud topgan. Otasi — xalq shoiri Hamzat Sadasa uning ilk muallimi va she’riy san’atdagi ustozi edi. U o‘n bir yoshida ilk she’rini yozib, iste’dodini namoyon etgan. Rasul Hamzatov mahalliy maktabdan so‘ng pedagogika bilim yurtida tahsil olib, o‘z maktabida o‘qituvchilik qildi. Ko‘chma avar teatrida rejissyor yordamchisi, radio va gazeta muxbiri bo‘lib ishladi. 1943 yili “Otashin muhabbat va alamli nafrat” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami bosiladi. 1945-1950 yillarda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutida tahsil oldi, Dog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida umrining oxiriga qadar faoliyat olib bordi.
“Mening Dog‘istonim” lirik qissasi, shuningdek, “Men tug‘ilgan yil”, “Olis yulduzlar”, “Maktublar”, “Yillar tasbehi” ”O‘choq boshida”, “Ayollar oroli” singari o‘nlab she’riy kitoblari shoirga olamshumul shuhrat keltirdi. Bir she’rida “Tog‘dagi so‘nggi dovondan oshayotib, vatanim osmoni ostida angladimki, shoir sifatida juda erta tug‘ilibman-u, biroq alloma bo‘lishga rosa kech qolibman”, deb lutf etgan Rasul Hamzatov milliy g‘ururi Dog‘iston tog‘laridek yuksak va benihoya katta qalb egasi edi. Uning “Mening Dog‘istonim” kitobi va ko‘plab she’rlari atoqli shoirimiz Erkin Vohidov, Asror Mo‘min va boshqa ijodkorlar tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan, go‘zal qo‘shiqlarga aylangan.

Mashhurlarning so‘nggi iqrori

 Buyuk go‘zallik shaydosi va estetizm tarafdori, sog‘lom aqlga zid paradoks fikrlarga mohir bo‘lgan Oskar Uayld devorlari didga yoqmaydigan beo‘xshov gulqog‘oz bilan bezatilgan xonada jon bergan. Hatto o‘lim oldida ham mashhur adibni nozik did va yumor tuyg‘usi tark etmagan. U: “O‘ldiradigan naqsh! Ikkimizdan birimiz bu yerdan ketishimiz kerak”, — deganu narigi dunyoga ravona bo‘lgan.
 Mixail Yevgrafovich Saltikov-Щedrin esa, o‘limni ”Bu esi yo‘q, senmisan?” — degan savol bilan qarshi olgan.
 Yujin O`Nil vafoti oldidan taqdiridan nolib shunday degan ekan: ”Men buni bilgandim! Men buni bilgandim! Mehmonxonada tug‘ildim va, jin ursin, mehmonxonada o‘layapman!”.
 Uilyam Somerset Moem o‘limi oldidan hayotda qolayotganlarning tashvishini chekkan: ”O‘lish — zerikarli va g‘am-hasratli ish. Mening sizlarga maslahatim — hech qachon u bilan shug‘ullanmanglar”.
 Uilyam Saroyanning oxirgi so‘zlari ham nazokat va o‘z-o‘ziga nisbatan kinoya-pichingdan xoli bo‘lmagan: ”O‘lim hammaning boshida bor, biroq doimo o‘ylar edimki, menga nisbatan istisno bo‘lsa kerak deb. Va... nima bo‘ldi?”
 Onore de Balzak o‘layotib hikoyalaridan birining personaji, tajribali vrach Bianshonni eslaydi va buyuk adib: ”U meni saqlab qolgan bo‘lur edi”, deya so‘nggi nafasini chiqaradi.
 Iogann Volfgang Gyote vafoti oldidan birdan: ”Yorug‘lik kerak, ko‘proq yorug‘lik!” deb yuborgan. Bundan oldin esa shifokordan yana qancha vaqt yashashini so‘ragan. Vrach bir soatdan ortiq vaqt qolmaganini aytganda Gyote: ”Xudoga shukur, faqat bir soat!” — deya yengil tin olgan.
 Ivan Sergeevich Turgenev Parij yaqinidagi Bujival shaharchasida vafot etayotib, shunday sirli so‘zlarni aytgan: ”Alvido, mening azizlarim, mening oq ko‘ngil farishtalarim!”.
 Gertruda Staynni jarrohlik xonasiga olib kirganlarida ”Xo‘sh, javob qanday?” degan. U onasi kabi saraton xastaligidan vafot etayotib, savoliga javobni ham kutmay yana so‘ragan: ”Unda savol qanday?” Narkozdan so‘ng adiba qayta ko‘z ochmagan.
 Taniqli frantsuz adibi, shoir va dramaturg Feliks Arver chinakam til jonkuyari sifatida vafot etgan. U hamshiraning kimgadir ”KoLidorning oxirida”, deb aytgan so‘zlarini eshitib qolib, oxirgi madorini to‘plab, jon-jahdi bilan: ”KoLidor emas, koRidor!” deya ihrab yuborgan va jon taslim qilgan.
 Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy esa: «Tushunmayman!», degan ekan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 15-51-sonlar

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.