OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mutolaa — shifo vositasi

http://ziyouz.uz/images/oqish.jpg

Mumtoz adiblardan biri kitobni ko‘ngil malhami, deya ta’riflagan edi. Yaqinda shifokorlar kitob mutolaasi juda foydali muolaja ekanini ham isbotlashdi. Hatto ayrim shifoxonalarda biblioterapiya bilan davolash usuli joriy etildi.

Xo‘sh, qanday kitoblar sog‘ayishga yordam beradi? Liverpul universiteti olimlari tajribaga jalb etilgan kishilarning Shekspir asarlarini o‘qiyotgan chog‘ida bosh miyasida kuzatilgan faol o‘zgarishlarni qayd etishdi. Bunday muolaja usuli asabiy va qo‘rquv holatidagi kishilarni tinchlantirib sog‘aytirish uchun maxsus ishlab chiqilgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, badiiy yuksak asarlar ta’sirida bosh miyaning kuchli his-hayajon qo‘zg‘aydigan qismi faoliyati mo‘‘tadillashib, nazorat qilish qatlamida faollik ortar ekan.

Muolajaga arzirli kitoblarni har kim o‘z didi, saviyasidan kelib chiqib tanlashi mumkin. Muhimi biblioterapiyadagi asosiy talabga rioya etish lozim, ya’ni asar qiziqarli bo‘lishi, o‘qish jarayoni faqat huzur-halovat baxsh etib qolmay, fikrlashga ham undamog‘i, o‘ylashga majbur etmog‘i kerak. Asar bosh qahramoni hayotingizda qachondir ro‘y bergan va hanuz oromingizni o‘g‘irlab kelayotgan vaziyatga tushishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, kitob xotirjamlik va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlashi, muammo ko‘ngildagiday hal bo‘lishiga ishonch uyg‘otishi, yorug‘ taassurot qoldirishi zarur.

Qanday kitoblar mutolaa chog‘ida aql va yurakka quvvat beradi? Birinchi galda mumtoz adabiyot namunalari. Bir maromdagi hikoya uslubi kishida turg‘un va barqaror his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Asar qahramoni yo‘l qo‘ygan xato nuqsonlaringiz haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi. Mumtoz asarlar mutolaasi kishi ruhiy zarbalarga uchraganda, markaziy asab tizimi buzilganda, nevroz holatida, noxush xotiralarni unutish qiyin kechadigan paytlarda o‘ziga xos muolaja bo‘ladi.

Detektiv va sarguzasht asarlar diqqat-e’tibor, qunt-sabot va kuzatuvchanlikni chiniqtiradi. Murakkab syujetlar mahzun o‘y-xayol va tashvishlardan chalg‘itadi. Noxush fikr miyaga o‘rnashib qolgan, ruhan siqilgan paytlarda kitob o‘qish muolaja vazifasini o‘taydi.

Ilmiy fantastik asarlar yuz berish ehtimoli bor narsalar haqidagi tasavvurni kengaytiradi, o‘y va istaklarni cho‘chimay xayoldan o‘tkazish, boshqalarda ham shunday fikr va istak bo‘lishi mumkinligini tan olish imkonini beradi. Bunday kitoblar turli vahima va qo‘rquvlardan aziyat chekuvchi, qat’iy tartibda yashovchilarga tavsiya qilinadi.

Nazmiy asarlardagi aniq ritm organizmda kechayotgan jarayonlarni me’yoriga keltiradi, kayfiyatni ko‘taradi, kishida o‘z kuchiga ishonch uyg‘otadi. Depressiya holatlarida, shuningdek, insultdan keyingi duduqlanishni davolashda ham bu usul qo‘llanadi. Ertak va folklor adabiyoti esa, qiyinchiliksiz muomala qilish qoidalariga, kuzatuvchanlikka odatlantiradi. Bu turdagi kitoblar shoshqaloq, itoatsiz, so‘zga kirmaydigan bolalarni tarbiyalashda qo‘l keladi.

Huquqiy adabiyot xavotirli vaziyatlarning oldini olish, ziddiyatlarsiz muomalaga kirishishga o‘rgatadi. O‘smirlarga o‘tish davrida yordam beradi, jarrohlik amallaridan so‘ng kayfiyatni ko‘taradi. Falsafiy va diniy adabiyotlar dunyoning yaxlitligi, unda insonning o‘rni haqida tasavvur beradi. O‘tkir ruhiy zarbalar, surunkali ruhiy siqilishlardan xalos etadi.

Kitobdan olinadigan axborotlar bosh miyaning qisqa va uzoq muddatli xotiraga mas’ul qismlari o‘rtasida yangi aloqani shakllantiradi, miyani chiniqtiradi.

Mutolaa uchun kitobni bilib tanlasangiz chinakam hayot maktabidan saboq olgandek o‘z-o‘zingizni yanada yaxshiroq anglay boshlaysiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.