background
logotype

Rus yozuvchisi. Moskva universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan (1884), shifokor bo‘lib ishlagan. 1892—98 yillarda Moskva yaqinidagi Melixovo qishlog‘i (hoz. Chexov sh.)da yashab, mahalliy dehqonlarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, ularning bolalari uchun maktablar ochgan. Sil kasali bilan og‘rib, 1898 yili Yaltaga ko‘chgan. Salomatligi yomonlashgach, 1904 yil iyunida Badenveyler (Germaniya)ga borgan va u yerda vafot etgan.
Chexov 80-yillarning 2-yarmida teatr uchun «Ivanov» (1887—89), «Alvasti» (1889, keyinchalik «Vanya amaki» nomi bilan qayta ishlangan) pyesalari, «To‘y» (1889) bir pardali pyesasi, shuningdek, «Tamakining zarari haqida» (1886), «Ayiq» (1888), «Yubiley» (1891—92) singari vodevillar yozgan. 
90-yillarda Saxalinga sayohatga borib, katorga va surgun qilingan kishilarning fojiali turmushi bilan tanishgan. Ushbu sayohat xotiralari «6-palata» (1892) qissasi va «Saxalin oroli» (1893—94) kitobida o‘z aksini topgan.
90-yillar oxiriga borib, Chexovning dramaturglik mahorati yuksak cho‘qqiga erishdi. «Chayka», «Vanya amaki» (1896), «Uch opa-singil» (1900—01), «Olchazor» (1903—04) pesalarining 1898 yil Moskva Badiiy teatrida sahnalashtirilishi Chexov ijodida yangi davr boshlanganidan darak berdi.
Chexov ijodi 3 davrdan iborat: 1) 80-yillarning o‘rtalariga qadar bo‘lgan davr; 2) 80-yillarning o‘rtalaridan 90-yillarning boshlariga qadar bo‘lgan davr; 3) 90-yillarning boshlaridan yozuvchi vafotiga qadar bo‘lgan davr. Chexov ijodining dastlabki davrida turli noshirlarning didi va buyurtmasi bilan asosan hazilmutoyibadan iborat asarlar yozgan bo‘lsada, shu davrdayoq yozuvchi ijodining asosiy mavzulari (inson va amal, go‘zallik va razolat, hayotning serhasham va g‘arib tomonlari va b.) yuzaga chiqa boshladi. Chexov shu davrda yozgan «Semiz va oriq», «Chinovnikning o‘limi» (1893), «Buqalamun», «Niqob» (1884), «Unter Prishibeev» (1885) singari hikoyalarida mavzuni kulgi yordamida yoritish, hajviy obraz yaratish, voqea va hodisalarni lo‘nda tasvirlash san’atini mukammal egallaganini namoyish qiladi.
Chexov ijodining 2-davrida yozuvchining markaziy mavzusi aniq qirralar kasb etadi. Qahramonning ruhiy olami va hatto voqeahodisalarning rivoji emas, balki ijtimoiy munosabatlar va maishiy to‘qnashuvlarning qahramon xarakteriga ta’siri masalasi Chexovning diqqat markazida bo‘ladi. Bu masala, birinchi navbatda, Chexovning «G‘ilof bandasi» (1898) hikoyasida o‘zining yorqin tajassumini topadi. Bu asarda g‘ilof yolg‘on va zulmga, kimningdir aysh-ishrat qilib, kimningdir azob-uqubat chekib yashashiga asoslangan hayotning timsoliga aylanadi. Chexov ijodining shu bosqichida ko‘zga tashlangan tamoyillar 3davrda yangi badiiy kuch bilan ifodalanadi. Chexovning «Boloxonali uy», «Mening hayotim» (1896) qissalari, «Ionich» (1898), «Laycha yetaklagan xonim» (1899) va boshqa hikoyalarida shu davrdagi rus jamiyatining anatomiyasi shafqatsizlik bilan ochib tashlandi. Bu asarlarda insonning loqaydligi mavzusi fakat ma’naviy-psixologik rejada emas, balki ijtimoiy yo‘nalishda ham badiiy tadqiq etildi. Chexov turli tabaqa va ijtimoiy qatlamlarga nazar tashlab, o‘z qahramonining ruhiy uyg‘onish, muhitga qarshilik ko‘rsatish, hayotini qayta qurish qobiliyatini muttasil ravishda tekshirib turadi.
Chexovning dramaturgiya sohasidagi ijodi rus teatri taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Yozuvchining nasriy asarlarida o‘z ifodasini topgan kishilar o‘rtasidagi ruhiy aloqalarning yo‘kdigi mavzusi uning sahna asarlarida ham turli shaklda talqin etilgan.
Chexov nasriy va dramaturgik ijodi bilan jahon adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbek adabiyotida realistik hikoya janrining maydonga kelishi va Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Qahhor hikoyanavislik ijodining shakllanishida Chexov an’analari ham muayyan omil bo‘lib xizmat qilgan.
Chexovning eng yaxshi nasriy asarlari va pyesalari o‘zbek tiliga tarjima etilgan. Uning barcha mashhur pyesalari respublikadagi o‘zbek va rus teatrlarida sahnalashtirilgan.

Naim Karimov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.