background
logotype

Dunyoga mashhur faylasuf olim, siyosatchi, diplomat va ixtirochi Benjamin Franklin ingliz muhojiri Jozef Franklin oilasidagi 17-farzandning sakkizinchisi edi. Uning otasi hunarmand bo‘lib, sovun va sham ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Yosh Benjamin o‘zi mustaqil tahsil olgan. U birinchi bo‘lib tebranma o‘rindiqni ixtiro qilgan.

1746 yilda Benjamin tasodifan doktor Spensning “fizika xonasi mo‘’jizalari” seansiga boradi. U yerda ilk bor elektr mashinasi bilan tanishadi va elektr tajribalariga qiziqib qoladi.

1776 yilda u Farangistonga elchi sifatida jo‘natiladi. Benjamin Franklin Amerika Konstitutsiyasining mualliflaridan biri hamdir.

Shuni aytish joizki, insoniyat tarixidagi eng ajoyib va buyuk ixtirolardan biri hisoblanmish yashin qaytargichni ham Benjamin Franklin o‘ylab topgan. U elektr sohasidagi kashfiyotlari va boshqa ko‘plab amaliy yangiliklari bilan jahonga dong taratdi. Faylasuf sifatida esa insoniy munosabatlar muammosini tadqiq etib, ko‘plab foydali amaliy tavsiyanomalar yozib qoldirdi. “Vaqt — pul”, degan mashhur hikmatning muallifi ham Benjamin Franklindir (“Yosh savdogar uchun maslahatlar” asarida). Uning eng mashhur asarlari quyidagilar: “Ozodlik va zaruriyat, huzur-halovat va iztirobga doir mulohazalar” (1725), “Boy bo‘lishni istovchilar uchun muhim maslahatlar”, “Mo‘l-ko‘lchilikka yo‘l” (1758).

XVIII asr Amerikasi Benjamin Franklin kabi har tomonlama qobiliyatli va sermahsul odamni ko‘rmagan. Yozuvchi va noshir, olim va jamoat arbobi, diplomat va faylasuf Benjamin Franklinga vatandoshlari “Eng ilg‘or amerikaliklar orasidagi birinchi shaxs” deb baho berganlar. U 84 yoshida vafot etdi va butun Amerika xalqi 30 kun motam tutadi. Uning nomi insoniyat ko‘rki, ilm, ozodlik va Vatan uchun beqiyos xizmat ko‘rsatgan daho sifatida “Insoniyatning eng buyuk namoyandalari” ro‘yxatiga kiritilgan.

Фильтр
Кол-во строк: 
Benjamin Franklin. Hushtak

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.