background
logotype

Gustav Mayrink. “Bemorlar” (hikoya)

Sanatoriya musofirxonasi dardmandlar bilan to‘lib-toshgan edi, odatdagidek, hamma tilini yutib, jim o‘tirgancha o‘zining sog‘ayib ketishini kutayotgandi.
Birov birov bilan so‘z qotmas, nafsilambrini aytganda, har bir bemor qismatdoshining kasallik tarixini eshitishdan cho‘chir yoxud sog‘ayib, darddan batamom forig‘ bo‘lishga shubha uyg‘onishidan qo‘rqardi.
Bu yerda misli ko‘rilmagan mahzunlik va zerikarli hayot hukm surar, oq kartonda qora rangli harflarda bitilgan tuturiqsiz olmoncha bitiklar kishining ko‘nglini ozdirayozardi...
Mening ro‘paramdagi stolda bir bolakay o‘tirgandi; men boshimni ushlab o‘tirib, noo‘ng‘ay holga tushmaslik uchun ham unga muttasil nigoh suqayotgandim.
Bola paqir egnidagi didsiz kiyim-boshi, haddan tor peshonasi bilan tasavvurimda qovoqbosh mitti nusxaga aylandi qoldi. Uning duxoba yenglari va ishtonchasiga onasi oppoq to‘r qoplagandi...
Vaqt barchamizni o‘z izmiga solgan, uzoqdan-uzoq kutaverib, og‘irlashib qolgandik.
Agar mana shu bemorlardan birortasi kutilmaganda hech nimadan-hech nima g‘azab otiga minsa-yu va quturib chiroqnimi, stolnimi yo deraza oynalarinimi sindirsa ham ajablanmasdim. O‘zimning esa bu ishga haddim sig‘masdi, ochig‘ini aytganda, o‘zimni tushunolmay qolgandim, bu ishni qo‘rquvdan qila olmasligim chin; boshqalar bir vaqtning o‘zida bajara olmaydigan ishga men ham botina olmasdim, shuning uchun joyimdan jilmay o‘tiraverdim. Men tag‘in oq jimjimalarga ko‘zim tushib, behalovatlandim. Bu tobora azob berar va to‘xtovsiz davom etardi. Go‘yo og‘zimda rezina zoldir bor ediyu, soniya sayin kattalashib, miyamga qadar o‘sib borayotgandek edi. Bunday bo‘shliqqa limmo-lim onlarda, naqadar ajablanarli tuyulmasin, har qanday fikr faqat hordiq chiqarish haqida bo‘lardi...
Bolakay domino donalarini o‘z qutisiga taxlayotib, birdan shosha-pisha ularni chiqarib tashladi. Gap shundaki, eng so‘nggi domino donasi qutiga tushgach, quti to‘lmagandi. Yana bir qator joy bo‘sh qolgandi. Mittivoy esa quti to‘lishidan umid qilgandi.
Nihoyat, u ishi yurishmagach, onasining qo‘lidan jahdla tutib, domino donalariga to‘lmay qolgan qutiga imo qildi, so‘ng iltijo qildi:
“Oyi, oyijon!”     
Qo‘shni ayol bilan hasratlashayotgan ona xizmatkor qiz va ayol qalbi daxl etgulik boshqa muhim narsalar haqida bong urayotgandi. U o‘g‘li nuqigan qutiga xira tortgan ko‘zlarini tikib, aqlli maslahat berdi:
“Ko‘ndalangiga qarab joylashtir”.
Bolakayning yuzlarida umid uchqunlari uyg‘ondi va ishtiyoq bilan tag‘in asta-sekin ishiga kirishdi.
Yana uzoq vaqt ortda qoldi.
Gazeta sahifalari shitirlardi. Hikmatga to‘la so‘zlarga bot-bot duch kelaverdim. Tag‘in his qila boshladim: shu yerda, yaqin atrofda yana bir telbalikka guvoh bo‘lishim tayin edi.
Mana endi... Endi... bu his yuragimni butkul qurshab oldi.
Men bolakayga temilib o‘tirishdan charchadim.
Quti endi og‘ziga qadar to‘lgan, biroq undagi bir dona domino donasi ortib qolgandi. Bolakay yana onasidan najot topmoqchi bo‘lib, uni turtdi. Ayol bu gal ham xizmatkorlar borasidagi g‘iybatini aytishga ulgurib, o‘g‘liga yuzlandi:
“Shuncha o‘ynaganing yetar, endi uxlaymiz”.
 Bola paqir so‘zsiz bo‘ysunib, yon-veriga beg‘ubor ko‘zlarini tikdi. Men bir galda shohid bo‘lganim – son-sanog‘i yo‘q umidsizlikka tushgan odamlarga boqdi.
Men kursimda g‘ujanak bo‘lib olib, titrab-qaqshagan ko‘yi qo‘llarimni siqdim – bu manzara meni mutaassir etdi, ko‘nglimga og‘riq olib kirdi.
Ona-bola eshikka chiqishdi. Shunda tashqarida yomg‘ir sevalayotganini payqadim.
Men shu ko‘yi qancha vaqt o‘tirdim, aniq esimda yo‘q.
Meni mislsiz g‘am girdobiga uloqtirgan bu voqea hayotimda uchragan noshaffof, ko‘ngilni xira qiladigan barcha voqealardan ham eng og‘iri edi. Xonadagilar bir-biriga domino muhrlangan qop-qora ko‘zlari bilan qarasharkan, go‘yoki bu nigohlar mubham, nima ekani o‘zlariga ham noma’lum bir narsani izlashayotgandek tuyildi. Men esa xayolimda yashil tobut ichiga ularni tartibla joylashtirishni istab qoldim. Qancha urinmay, har gal xato qilaverardim: ular haddan ortiq ko‘p yo kam chiqaverishardi.

Rus tilidan Umid Ali tarjimasi

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.