background
logotype

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/turgenev.jpgTurgenev Ivan Sergeyevich [1818.28.10 (9.11), Oryol — 1883.22.8 (3.9), Parij yaqinidagi Bujival qishlog‘i; Sankt-Peterburgdagi Volkovo qabristoniga dafn etilgan] — rus yozuvchisi. Peterburg universitetining falsafa fakultetini tugatgan (1837). Turgenevning dastlabki romantik she’rlari va «Steno» dramatik dostoni (1834) talabalik yillarida yozilgan. Turgenev Peterburgdagi o‘qishni tugatgach, Berlinga borib (1838), falsafa va klassik filologiya bo‘yicha ma’ruzalar tinglagan. 1841 yil Moskvaga qaytib kelgan, N.V.Gogol, S.T.Aksakov singari yozuvchilar bilan tanishib, badiiy ijod bilan shug‘ullana boshlagan. Turgenevning shu kezlarda yozgan «Parasha» dostoni (1843) yosh yozuvchining romantizmdan uzoqlashib, oddiy xalq hayotiga yaqinlashganidan darak beradi.
Turgenev 1844 yilda «Andrey Kolosov» qissasini, keyinroq krepostnoylik xulq-atvorini tasvirlovchi «Pomeshchik» dostoni (1846), «g‘ayritabiiy» hisoblangan kishining qipqizil xudbin ekanligini fosh etuvchi «Uch surat» (1846) va «Breter» (1847), shuningdek, gogolona hajviy ruh bilan yo‘g‘rilgan «Petushkov» (1848) qissalarini e’lon qilgan. Turgenev 1847 yildan boshlab Parijda yashaydi. Shu yili «Sovremennik» («Zamondosh») jurnalida chop etila boshlagan «Ovchining maktublari» asari bilan Turgenev ijodida yangi davr boshlangan. Turgenev turkum hikoyalardan iborat bu asarida rus dehqonlariga xos ezgu va olijanob fazilatlarni tasvirlagan. U tasvir etilayotgan qahramon yoki voqeaning mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda maishiy ocherk, hikoya, psixologik novella, lirik etyud singari nasriy janr shakllaridan unumli foydalangan. Turgenev ayni paytda dramaturgiya janrlarida ham kalam tebratib, «Sarmoyasizlik» (1846), «Yo‘lboshlovchining nonushtasi» (1849 yilda sahnalashtirilgan) bir pardali hajviy pesalarini, «Bo‘ydoq» komediyasi (1849), «Tekinxo‘r» maishiy dramasi (1849) va «Qishloqda bir oy» liro-psixologik dramasi (1850) ni yozgan. Shundan so‘ng «Mumu» (1855), «Ortiqcha kishining kundaligi» (1850), «Yakov Pasinkov», «Karvonsaroy» (1855) va «Yozishma» (1856) singari qissalarini yaratgan. 1852 yil «Ikki avlod» romani ustida ish olib borgan, ammo asar nihoyasiga yetmagan. Rossiyaga qaytgach (1850), Spassk-Lugovinovo qishlog‘ida yashab, eng yaxshi asarlaridan biri — «Rudin» romani(1856) ni yozib tugatgan. Ushbu romanda Gegel falsafasiga mahliyo bo‘lgan dvoryan ziyolilarining 30—40-yillarda rus jamiyatining ma’naviy hayotida tutgan o‘rni badiiy tahlil etilgan.
50-yillarning o‘rtalarida yozilgan «Faust» (1856) va «Polese safari» (1857) qissalari Turgenevning «Dvoryanlar uyasi» romani (1859) ning maydonga kelishida etyud vazifasini bajargan. Turgenev bu asarida Pyotr I dan keyingi dvoryanlar Rossiyasidagi tarixiy taraqqiyotning turli davrlariga nazar tashlagan va Lavretskiylar sulolasi tarixi misolida avlodlarning almashinish jarayonini kuzatgan. Shaxsiy baxt va burch o‘rtasidagi ziddiyatlar asarning ma’naviy kolliziyasi sifatida tasvirlagan. «Dvoryanlar uyasi» Turgenev ijodining barkamol namunalaridan biri bo‘lib, unda 2 oy ichida bo‘lib o‘tgan voqealar Turgenevga xos katta mahorat bilan aks ettirilgan.
Turgenev «Rudin» va «Dvoryanlar uyasi» romanlari bilan rus realizmining mashxur namoyandalaridan biri sifatida shuhrat qozongan. U 60-yillarning boshlarida, avvalgi romanlaridan farqli o‘laroq, «Arafa» (1860) da zamonaviy mavzuga murojaat etgan va rus jamiyatida boshlangan ruhiy uyg‘onish jarayonini badiiy kuzatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Turgenev «Otalar va bolalar» romani (1862)da bu g‘oyani yanada rivojlantirgan. Bosh qahramon Bazarov obrazida DM.Pisarevga xos xurfikrlilik va yangilik sari intilish kabi fazilatlarni mujassamlantirgan. Mazkur asar rus jamiyatida ilgor sinf hisoblanib kelingan dvoryanlar sinfiga qarshi qaratilgan. Bazarov jamiyatni shunchaki isloh etish emas, balki shu chiriy boshlagan jamiyat poydevorini tagtugi bilan buzish va yangisini barpo etish tarafdoridir. Turgenev Bazarovdagi ana shu nigilizm (barcha narsalarni inkor etish)ni tasvirlash orqali rus inqilobchiligiga xos salbiy jihatlarni, birinchi navbatda, tarixiy jarayon qonuniyatlari bilan hisoblashmaslikni Oktabr tuntarishidan 55 yil muqaddam bashorat qilgan. «Otalar va bolalar» romani rus adabiyotshunosligida Turgenev ijodining cho‘qqisi sifatida talqin etiladi. Mazkur asarda rus voqeligi, Turgenev ning boshqa asarlariga qaraganda, ayniqsa, keng qamrab olingan.
1861 yilda krespostnoylik islohotining o‘tkazilishi rus jamiyatini ikkiga ajratib yubordi. Chor generallari va aristokratlaridan iborat dvoryanlar guruhi islohotga qarshi chiqib, eski krepostnoylik tartiblarining tiklanishini orzu qildi. Turgenev «Tutun» romani (1867)da zodagonlar muhitida avj olgan ana shu aksilharakatni asarga mavzu qilib olgan.
Turgenev hayotining so‘nggi 20 yili xorijda o‘tgan: dastlab Baden-Badenda, so‘ngra Parijda yashagan. U shu davrda mashhur fransuz yozuvchilari va san’atkorlari bilan yaqin ijodiy aloqada bo‘lib, hatto 1878 yilda Parijda o‘tkazilgan xalqaro yozuvchilar anjumaniga V. Gyugo bilan birga rahbarlik qilgan. 60-yillarning 2-yarmi — 70-yillarda Turgenev «Brigadir» (1868), «Cho‘l qiroli Lir» (1870), «Bahor toshqinlari» (1871) singari qissalarini, «Qo‘riq» (1877) romani va boshqa bir qancha asarlarini yozgan.

Naim Karimov
Фильтр
Кол-во строк: 
Ivan Turgenev. Nodon (hikoya)
Ivan Turgenev. Mumu
Ivan Turgenev. Sig'indi (komediya)
Ivan Turgenev. Ablah (hikoya)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.