background
logotype

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/simonov.jpgSimonov Konstantin (Kirill) Mixaylovich [1915.15(28).11, Peterburg — 1979.28.8, Moskva] — rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Mehnat Qahramoni (1974). M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1938). SSSR Yozuvchilar uyushmasi bosh kotibi o‘rinbosari (1946—54), kotibi (1954—59; 1967—79), «Nov?y mir» («Yangi dunyo») jurnali (1946 — 50; 1954—58) va «Literaturnaya gazeta», 1938; 1950-54) ning bosh muharriri. 2-jahon urushiga qadar N. Ostrovskiyga bag‘ishlangan «G‘olib» (1937), «Pavel Chyorniy», «Muz ustidagi jang» (1938), «Suvorov» (1939) dostonlari, «Chin insonlar» (1938), «Yo‘lda yozilgan she’rlar» (1939) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 1939 yildan urush mavzusi S. ijodining ustuvor yo‘nalishiga aylangan («Bir sevgi tarixi», 1940; «Shahrimizdan chiqqan yigit», 1941, pesalar). Urush mavzusi, ayniqsa, lirikasida katta mahorat bilan aks ettirilgan («Lirik kundalik»; «Sen bilan va sensiz»; «Front she’rlari», 1942, to‘plamlari). Simonov lirik she’rlardan tashqari, «Rus kishilari» (1942) va «Shunday bo‘lajak» (1944) pesalari, «Kunlar va tunlar» (1944) qissasini yozgan. Urushdan keyingi yillarda xalqaro munosabatlarning keskinlashishi Simonovning «Praga kashtanlari tagida», «Rus masalasi» (1946) pesalari hamda «Do‘stlar va dushmanlar» (1948) she’rlar kitobida o‘z ifodasini topgan.
Simonov nazdida urush nafakat kishilarning insoniy fazilatlari, ruhiy kuchi va irodasi uchun, balki davlat va siyosiy tuzum uchun ham dahshatli bir sinov bo‘ldi. Ammo, agar davlat ham, siyosiy tuzum ham tug‘ilish va o‘lishga mahkum etilgan ekan, yer yuzidagi birdan-bir abadiy qadriyat inson bo‘lib qoladi. Simonov ana shu aqidadan kelib chiqib, umrining so‘nggi nafasiga qadar urush va inson mavzusiga sodiq qoldi hamda «Quroldosh do‘stlar» (1952), «Tiriklar va o‘liklar» (1959), «Soldat bo‘lib tug‘ilmaydilar» (1964) va «So‘nggi yoz» (1971) roman-trilogiyasini yaratdi. Simonov shuningdek, «Begona soya» (1949), «To‘rtinchi» (1961, p’esa], «Vatan uzra dud» (1947), «Lopatinning yozishmalaridan» (1957), «Urushdan keyingi yigirma kun» (1972), «Biz sen bilan uchrashmaymiz», «Shaxsiy hayot, degin» (1978) va boshqa ko‘plab qissa, ocherk, publitsistik maqolalar to‘plamlari muallifi. Uning asarlari asosida filmlar suratga olingan. Simonov urush qatnashchilarining xotiralaridan iborat 2-jahon urushining ko‘p seriyali kinoyilnomasini yaratgan. 1958—61 yillarda Toshkentda yashagan. Oybek, Abdulla Qahhor va boshqa o‘zbek yozuvchilarining asarlarini rus tiliga tarjima qilgan, Mirzacho‘l haqidagi hujjatli film ssenariysini yozgan. Simonovning ko‘pgina asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Фильтр
Кол-во строк: 
Konstantin Simonov. Ko'rishmaymiz endi siz bilan (qissa)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.