background
logotype

Krishan Chandar. Ayol qalbi (hikoya)

Sudha chiroyli ham emasdi, xunuk ham. Risoladagi qizlardayin bir qiz edi. Yuzi bug‘doyrang, oyoq-qo‘llarining terisi tip-tiniq, fe’li biroz kaj bo‘lgani bilan juda mehnatkash: ish deganni tindiradi. Ovqatni-ku asal qilib yuboradi, kashta-ro‘mol tikishga suyagi yo‘q, savodxonlikda ham hech kimdan qolishmaydi. Ammo Xudo uni husndan, boylikdan, so‘zamollikdan qisgan. Gap topib na birovning ko‘nglini ko‘tara olardi, na o‘zining. Bolaligidan doim bir o‘zi o‘ynardi, loydan qo‘g‘irchoqlar yasardi, ular bilan gaplashardi. Qo‘g‘irchoqlarni cho‘plardan yasalgan so‘riga o‘tqazardi-da, ularni ovqatlantirardi. To‘satdan qizlardan birontasi uning oldiga kelib qolgudek bo‘lsa, qo‘g‘irchoqlar bilan biyron gaplashib o‘tirgan Sudhaning nafasi ichiga tushib, jim bo‘lib qolardi. Bitta-yarimta sho‘xroq o‘g‘il bola kelib, uning o‘yinchoq uychasini buzib tashlagudek bo‘lsa, avvaliga ho‘ngrab yig‘lar edi, birozdan keyin yig‘idan to‘xtab, boshqa uycha yasashga kirishib ketardi.
Kollejda ham uning o‘g‘il va qiz bolalardan o‘rtoqlari barmoq bilan sanarli edi. Uyatchanligi hali ham qolmagandi, go‘yo ota-onasining kambag‘alligiga u sababchiday.
Otasi Jivanram mahalla guzaridagi do‘konlardan birida o‘ttiz yildan beri sotuvchilik qilib kelardi. U qizini kollejda o‘qitadigan ahvolda emasdi. Shunday bo‘lsa-da, kollejga kiritib qo‘ydi. Maqsadi — qizini o‘qib, shahar olib beradigan qilish emas, balki, balki shu o‘qish bahona bironta tuzukroq yigit topib, turmushga berib yuborish… Kechayu kunduz o‘y-xayoli shu: zora, yigitlardan birontasi unga ko‘ngil qo‘yib qolsa. Biroq qizining ko‘rimiz yuzi, qisiq yelkasi, tund nigohlariga qarab ota sho‘rlikning ichidan qirindi o‘tib ketardi va quldiratib chilim torta boshlardi.
Sudhaga kuyov topildi ham deylik, ammo hamma balo shunda ediki, oilaning orzusidagiday kuyov qalinni katta so‘rardi. Bunday qalinni Sudhaning otasi ikki dunyoda ham to‘layolmasdi. Xayol surib o‘tirib-o‘tirib, otaning ko‘ngliga bir gap kelib qoldi. Hozirgi vaqtda bir-birini sevib turmush qurish ancha arzonga tushayotganmish. Ana, Malikramning qizi Go‘piy – otasi sog‘liqni saqlash vazirligida oddiy xizmatchi bo‘lib ishlaydi. Qizi esa bir millionerning (kollejda birga o‘qishgan) o‘g‘liga tegib oldi. Ota ko‘p qavatli uylardan biri yashagani bilan qizi chet el rusumli yengil mashinada otasinikiga kunda qirq marta kelib-ketadi. Ammo Go‘piy bir qultum suv bilan yutib yuborgudek, Sudha-chi? Xuddi onasiga tortgan. Baribir qiziga kuyov topmasa bo‘lmaydi!
Sudhaning onasi ikki-uch joyga borib, og‘iz soldi, ammo murodi hosil bo‘lmadi. Biroq bir gal u astoydil harakat qilgandi, yigit borib qizni ko‘rishga rozi bo‘ldi. Biroq Sudha unga yoqmadi. Yigitning o‘zi ham maqtagulik emasdi, yuzi cho‘tir, bo‘yi pakana, bu ham yetmaganday, duduqlanib gapirardi. O‘zi to‘sday qop-qora-yu, momiqday oppoq qizni xohlarmishlar, qaliniga skutr (mototsikl) bo‘lsin emish. Skutr u yoqda tursin, oddiy velosiped olishga ham qurbi yetmaydigan otaning yana tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi…
Biroq badbashara baqaloqning unga uylanishga rozi bo‘lmaganidan Sudhaning boshi osmonda edi. Keyin ikki yil ichida ikki yigit uni ko‘rgani keldi, ikkalasi ham qizni yoqtirmadi. Ammo ko‘rishuvlarning bunday yakun topayotganidan Sudha zarracha xafa emasdi. U tashqaridan og‘ir-vazmin ko‘rinardi-yu, ammo yuragi olov edi. Uning xayoli olis-olislarda, baland-balandlarda uchib yurardi. O‘zini xuddi tor va qorong‘i dunyodan abadiy chiqib ketgandek, bamisoli jannatda yurgandek his etardi. Ammo bu hislarini hech kimga oshkor etishni istamasdi. Istaganda ham uning gaplariga kim ham ishonardi? Bekorga kulgi bo‘lgani qoladi. Ammo Sudha o‘zini zinhor xunuklar qatoriga qo‘shmasdi. Xudo unga husn o‘rniga o‘ziga bino qo‘yishdek bir xususiyat ato etgan. Kuyov topilavermaganining bosh sababi ham asli shunda edi. U hech kimni nazar-pisand qilmasdi.
– Qanaqa qiz tuqqansan o‘zi?! – turib-turib Jivanram asabiylashib ketardi. – Qachon qarama, og‘ziga talqon solib oladi, tishining oqini ham ko‘rsatmaydi. Anavi Kapur sohibning qizlarini ko‘r, gul-gul ochilib yuradi… Qizlar baxtini ochiq chehrasidan topadi. Buning esa… – Jivanram bor g‘azabini xotiniga sochardi.
– Kapur sohib bilan teng bo‘lmang, – derdi xotini Magghiy. – U katta amaldor, to‘rt yuz rupiya maosh oladi. Qizlari kunda ikki marta kiyim almashtiradi…
Jivanram tilini tishlab, jim bo‘lib qoldi. U bir kuni qaysidir do‘konda ekspeditor bo‘lib ishlaydigan o‘rtog‘i Tutaramni uchratib qoldi. Jivanram undan so‘radi:
– Qizing Bela hali ham kollejda o‘qiyaptimi?
– Ha, – javob berdi Tutaram sevinchi ichiga sig‘may. – Kelasi qishda uni uzatayapmiz.
– Kuyov topildimi? – so‘radi Jivanram.
– Yigitni qizimning o‘zi topdi, kollejda bir-birini yoqtirib qolishipti. Badavlat oiladan ekan.
Tutaram ketgach, Jivanramning lunji osilib, qovog‘i uyuldi.
Kollejda “bir-birini yoqtirib qolishipti”, – dedi Tutaramning chiyildoq ovoziga taqlid qilib, uning gapini takrorlarkan. – Hammaning qizini kimdir yoqtiradi? Otaning ovozida cheksiz hasrat ohangi bor edi.
Yana ikki yil o‘tdi. Sudha endi Osif Ali ko‘chasidagi bir firmada kotiba bo‘lib ishlardi. U oldingidan ham ko‘ra vazminroq, mag‘rurroq va ishchanroq bo‘lib ketgandi. Tirikchiliklari ham ancha yaxshilandi, chunki Sudha uyga yuz rupiyadan keltirmoqda edi. Ofisdagi ishlarini saranjomlagach, harf terish mashg‘ulotiga qatnay boshlagandi. Institutga kirish niyati ham yo‘q emasdi.
Jivanram bilan xotini Magghiy endi qizlariga kuyov topilishiga ko‘proq umid bog‘lashmoqda edi. Ular Sudhaning maoshidan tejab-tergab, skutrga pul yig‘a boshlashdi.
Anchadan keyin Jivanram bir yigitning ota-onasiga skutr va’da qilib, quda bo‘lishga ko‘ndirdi. Qalin puli, to‘y sarpolari, yana mahr puli – barcha zarur narsalar kelishib olingach, kuyov bo‘lmish Mo‘tiy bo‘lajak kelinni ko‘rgani keldi. Mo‘tiyimiz suxsurday yigit edi. Jingalak sochlari o‘ziga xo‘p yarashgan, kuch yog‘ilib turgan qaddi-qomatini ko‘rib, har qanday kishining havasi kelardi. U rosa yasan-tusan qilgan Sudha tomonga qarab jilmayib qo‘ygan edi, qiz hayajondan titray boshladi. Piyola, uning ostidagi likopcha ham titrardi, qiz katta qiyinchilik bilan yigitning qo‘liga uni tutdi.
Mo‘tiy choyni ichdi, rahmat aytdi va tavoze bilan xayrlashib, chiqib ketdi. Ertasiga singillaridan bir og‘iz so‘zni ayttirib yuboribdi: “Qiz yoqmadi”. O‘sha kuni tun bo‘yi Sudha uxlay olmadi. Bamisoli ajriqda ag‘anab chiqdi.
– “Qiz yoqmadi” emish, – Sudhaning onasi Magghiy jahl bilan qozonda kapkirni aylantirib gapirardi. – O‘zi-chi, avliyo ekanmi? Yuzlari do‘mboq bo‘lgani bilan burni naq bir qarich keladi. Singillari-chi? Bittasining ko‘zi g‘ilay, ikkinchisi margimush yegan sichqonning o‘zi. Uchinchi singlisi baqqolning qaqir-quqir to‘la eski qopiga o‘xshaydi. Qizimning oy desa yuzi, kun desa ko‘zi bor, shunday qizni yoqtirmasa, ko‘r bo‘ladi! – Shu gaplarni ayta-ayta, ona kapkirni tag‘in jahl bilan aylantira ketdi, go‘yo qozondagi bo‘g‘irsoq emas, o‘sha yigit qovurilayotgandi.

* * *

Bir kuni Sudha ishidan ertaroq chiqdi-da, qarshisidagi hiyobonga yo‘l oldi. Borib, bir o‘rindiqqa o‘tirdi. Hiyobon Dehli darvozasi yonginasida joylashgan bo‘lib, mo‘‘jazgina tinch go‘shalardan biri edi. Sudha tez-tez bu yerga kelib, sukunat og‘ushida xayollariga erk berar, dilidagi g‘uborlarni shu tariqa aritar edi. U yolg‘izlikdan qo‘rqmasdi, yolg‘izlik uning doimiy dardkashi edi. U qorong‘ilikni pisand qilmasdi. Qorong‘ilik uning sirdoshi edi. Bezorilardan xavfsiramasdi. Ular ham Sudhani tanishar, unga yaqin yo‘lamasdilar.
– Nega bu yerda yolg‘iz o‘tiribsan? Tag‘in bir o‘zing? – birdan erkak ovozi keldi ro‘paradan.
Sudha cho‘chib ko‘zini ochdi. Qarshisida Mo‘tiy jilmayib turardi. Ha-ha, bashang kiyingan o‘sha Mo‘tiy. Sudhaning tomog‘iga nimadir tiqilib qolganday, gapirolmasdi.
Mo‘tiy uning yoniga kelib o‘tirdi-da, asta dedi:
– Rad qilganimdan xafa bo‘ldingmi?
Sudha indamadi, ko‘zlari yoshlandi.
– Qattiq xafa bo‘ldingmi?
Sudha yana indamadi, ko‘z yoshlari yuziga dumalab tusha boshladi.
Mo‘tiy kostyumi cho‘ntagidan ro‘molcha chiqardi-da, qizning ko‘z yoshlarini arta boshladi.
– Meni nimaga yoqtirmaganligingni izohlab bera olasanmi? Qo‘limdan bir gal ovqat yemagan bo‘lsang? Ko‘nglimda nima gap borligini bilmasang? Xo‘p, meni qo‘ya tur, laoqal tasavvurimdagi farzandimizning ma’sum chehrasini ko‘z oldingga keltirib, yuraging jiz etmadimi? Umr bo‘yi oyog‘ingni yuvib, ko‘ylagingning tugmasini qadab qo‘yadigan mana bu qo‘llarimni-chi? Bu qo‘llarga bir marta bo‘lsa-da nazar tashladingmi? Shu qo‘llarim bilan senga chiroyli guldor nimcha to‘qib bermoqchi bo‘lganimni bilsayding! Mo‘tiy, mening xandon otib kulganlarimni ko‘rmagansan, sochlaringni o‘ynamoqda chog‘langan barmoqlarim nafisligini his qilmagansan! Shunday ekan, yoqmading deyishga qanday tiling bordi?
Ie… bu gaplarni Sudhaning o‘zi gapiryaptimi? Qayoqdan oqib kelyapti bu gaplar uning ko‘ngliga? U to‘xtovsiz gapirardi va yig‘lardi. Yig‘i va gap orasida harakatlarini boshqara olmay qoldimi, boshi yigitning yelkasi taraf egildi.
…O‘sha kuni Sudha uyga juda kech qaytdi. Oyisining: “Shuncha vaqt qaerlarda qolib ketding?” – deya bergan savoliga: “Ishxonada edim”, – deb qo‘ya qoldi. Sudhaning horg‘in ko‘zlari tubida bir uchqun yiltillar, bu qora bulutlar orasidan chaqnagan chaqmoqni eslatardi.
Oyisi bir nimani anglagandek, eriga ma’noli qarab qo‘ydi. Jivanram ham tabassumli nigoh bilan xotiniga qaradi.
…Bir kuni Sudhani ko‘rgani onasi bilan yetaklashib bir yigit keldi. Biroq bu safar yigit emas, Sudha: “yigit menga yoqmadi” dedi. Ota-ona dong qotdi. Lekin ular yigirma beshga kirgan qizini endi birovning oldiga solib yubora olishmasdi.
Kunlar o‘tdi, oylar o‘tdi, ammo Sudhadan sado chiqmadi. Er-xotin yana ikki-uch joydan yigit topdi, biroq Sudha “tegmayman”, deb turib oldi. Otasi topgan oxirgi kuyov holvachi bo‘lib, yoshi qirqdan oshgan bir kishi edi.
O‘sha kuni yana “tasodifan” ko‘rishganlarida Sudha Mo‘tiyga dedi:
– Ular bugun menga bir qari holvachini topishibdi.
– Xo‘sh? – Mo‘tiy kulib so‘radi.
– Men … rad etdim.
– Chakki qilibsan, bir umr holva yeb maza qilarding.
– Sening boshqa gaping yo‘qmi? – Sudha muhabbat to‘la ko‘zlari bilan Mo‘tiyga qarab gapirdi. Uning ovozi titrar edi.
– Men hali senga uylanganim yo‘q-ku, nima gapim bo‘lsin? – dedi Mo‘tiy qizga yaqinroq kelib. Ularning nafaslari tutashdi.
– Nima bo‘pti? Sen yonimdasan-ku, — dedi qiz shivirlab.
– Ertaga qaerda ko‘rishamiz? – yigit ham shivirladi.
– … Qizning hansirab nafas olgani eshitilar edi.
– Kotlada ot poygasi bo‘lyapti, – dedi Mo‘tiy.
– Ot sotib, ot olamanmi? – kuldi Sudha.
Mo‘tiy jim bo‘lib qoldi.
Keyin Sudhaning shiviri eshitildi:
– “Basant” kinoteatrida zo‘r film ketayapti, chorakam oltida boshlanar ekan…
– Chiptani men olaman, – dedi Mo‘tiy.
– Yo‘q, bu – mening taklifim, chipta mendan. Sen boshqa kuni olasan…
Ularni odamlar kinoda, yo‘llarda tez-tez birga ko‘ra boshlashdi. Sudhaning ko‘zlari chaqnar edi, hatto, qadam tashlashlarigacha jozibali edi. Egnidagi kiyimlarining matosi asil bo‘lmasa ham bichimi zo‘r edi. Sudhaning biron qimmatbaho tikuvchi tanlashga qurbi yetmasdi. Shuning uchun o‘zi ko‘ylak tikishni o‘rganib oldi. Vaqt o‘tib “mana men” degan tikuvchilar ham uning oldida ip esholmay qoldi. Sudhaning egnidagi o‘ziga juda yarashgan liboslarni ko‘rib, ofisdagi qizlarga jon kirardi.
– Kuyovto‘ra qanaqalar o‘zi? – Qizlar biri olib, biri qo‘yib savolga tutishardi.
– Sochi qo‘ng‘iroq-qo‘ng‘iroq, kulganida og‘zidan dur sochiladi, – derdi Sudha xotirjamlik bilan.
– Maoshi qancha ekan?
– Bir ming ikki yuz rupiya.
– Bir ming ikki yuz rupiya?! – qizlar qichqirib yuborishardi, –Boshlig‘imizning maoshi-ku.
– U ham bir firmaning boshlig‘i-da, – Sudhaning faxru g‘ururi tovushlarining jarangidan ham sezilar edi.
– Biz ham bir ko‘raylik qaylig‘ingni, ko‘rsatsang nima qipti, bir joyi kamayib qolmas…
– Bir kuni ko‘rsataman…
Biz kabi ko‘p suhbatlar vaqt shamollariga qo‘shilib uchardi.
Sudhaning keksa otasi armon bilan dunyodan o‘tib ketdi. Qiz otasining izmiga kirmadi. Axir u endi yosh bola emasdi. Boz ustiga, uyiga ikki yuz rupiyadan olib kelayotgandi.
Sudhaning ukalari birin-ketin uylandi va o‘zlari hovli-joy qilib chiqib ketishdi. Kenja singlisi Vijay ham uzatilib ketdi. To‘ng‘ich qizining uyda o‘tirib qolganiga kuya-kuya oyisi Magghiy ham chin dunyoga ravona bo‘ldi. Sudha ham bir necha oydan keyin bu uyni tark etib, ikki xonali xonadonda istiqomat qila boshladi. Sudha kotiba bo‘lib olgan, institutga ham kirgan edi. O‘zi-o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon edi. Ammo u hanuz Mo‘tiy bilan uchrashib turardi.
Mo‘tiy hamon suxsurdek yigit bo‘lib, barnoligini aslo yo‘qotmagandi. Chakkalarida paydo bo‘lgan bitta-yarimta oq tolalar esa unga boshqacha savlat bag‘ishlardi. Ular bu gal mashhur Yapon xiyobonida uchrashishdi.
Mo‘tiy asta undan so‘radi:
– Nega menga turmushga chiqmading?
– O‘zing yoqtirmaganding-ku, – Sudha ham o‘sha ohangda javob berdi.
Rad etilish iztirobi nimaligini faqat ayol qalbigina biladi.
Uzoq jimlikdan so‘ng Mo‘tiy dedi:
– Bugun qirq yoshga to‘ldik, menga turmushga chiqmaganingdan pushaymon emasmisan?
Sudha javob bermadi.
O‘sha oqshom, o‘sha tunni Sudha hech qachon unutmaydi, chunki uning uchun tun to‘kis edi, ikkisining hayoti to‘kis edi. Go‘yo vaqt, umr, oy va orzular bari bir bo‘lib, Sudha va Mo‘tiyni o‘rab olgan edi. Ular olamning baxt qobig‘ida qolib ketishgandek edi.
Ularga yillar, keyingi yillar faqat diydor emas, ayriliq ham hadya etgan edi.
Yana yillar o‘tdi… Bu orada Sudhaning boshlig‘i o‘zgarib qoldi, o‘rniga boshqa odam keldi. Kotiba bo‘lgani bois u uzzu-kun boshlig‘ining qosh-qovog‘iga qarab o‘tirishga majbur edi. U bu kishini avval ham qaerdadir ko‘rgandek edi, ammo qaerda ko‘rganini sira eslolmayotgandi…
Oyning birinchi kuni maosh tarqatib bo‘lingach, xodimlar uy-uylariga tarqaldi, yangi boshliq Sudhaga “qol” ishorasini qildi. So‘ng bufetchani ochib, bitta stakan bilan bir shisha viski chiqardi. Sudha shartta o‘rnidan turdi-da chiqib keta boshladi. Boshliq g‘oyat muloyimlik bilan uni to‘xtatdi:
– Bugun lavozimingni ko‘tarish uchun hujjatlaringni olib kirishganida bildimki, ofisda eng uzoq ishlab kelayotgan sen ekansan.
Sudha hech nima demadi.
– Isming Sudha, shunaqami? – dedi boshliq g‘oyat bosiqlik bilan: – Sen Jivanram deganning qizi Sudha emasmisan?
Sudha g‘oyat jiddiylik bilan dedi:
– Otamning ismi jildda yozilgan, mendan so‘rashingizga hojat ne?
– O‘tir-o‘tir, – boshliq unga yana muloyimlik bilan dedi. – Sen meni tanimadingmi?
– Yo‘q, – dedi Sudha.
– Otang bilan “Zindon” mahallasida turardinglar, shunaqami?
– Ha.
– Bir kuni uylaringga borgan edim, seni ko‘rgandim.
– Qachon?.. Qachon?.. – toqatsizlandi Sudha.
Keksa boshliq Sudhaga uzoq tikildi va asta shunday dedi:
– Men Mo‘tiyman…
Sudha jim bo‘lib qoldi.
– Senga uylanmay katta xato qildim, seni tushuna olmadim. Bir necha daqiqa ichida nimani ham bila olardi kishi. Men yosh edim, husn shaydosi edim. Nima ham derdim, ayb o‘zimda. Seni taniy olmagan shu ko‘zlarimda aybim. Gavharni tosh deb, otib yubordim… Meni kechira olasanmi? Menga turmushga chiqa olasanmi? Yoshim uncha katta emas…
Mo‘tiy so‘zlar ekan, Sudha ko‘zlarini katta-katta ochib, unga qarab turardi. Bir ko‘ngli, endi keldingmi, juda-juda kech-ku, deya shartta yuziga aytgisi keldi. Biroq Sudha unga hech narsa ayta olmadi. Boshini stolga qo‘yib, ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Mo‘tiy uning qo‘lidan tutmoqchi bo‘lgan edi, Sudha qo‘lini siltab tashladi va xonadan chiqib ketdi. Zinadan pastga tushdi.
Mo‘tiyning qayta-qayta chaqirganiga qaramay, u chopib ko‘chaga chiqdi. Tashqari qorong‘u edi, biroq charaqlab turgan chiroqlar yog‘dusida uning ko‘z yoshlari “yilt-yilt” etib ko‘rinardi. Osaf Ali hiyoboniga borgach, taqqa to‘xtadi. Parkka kirib, bironta daraxt tagida o‘tirsammikan, deb o‘yladi. Biroq endi hech narsani orqaga qaytara olmasligini sezdi.
O‘z vaqtida qadrlanmagan ayol muhabbati keyingi izhori sevgini sadaqaday qabul qilganini, bu holat endi unga saodat emas, xo‘rlik keltirishini tushundi.
… Ammo u baribir ayol edi. Ayol esa hayot uchun, yashash uchun dunyoga keladi. Sudha yonidagi daraxt shoxlariga osilib o‘rnidan turdi. Farqidagi sindurni artib, o‘zi bir paytlar ne-ne umidlarda nikoh xollarini sidirib tashladi. Hiyobonning qo‘ygan tosh devoriga urib-urib, barcha churiylarini “chil-chil” qildi. Bir umr yolg‘iz ayol bo‘lib qolganiga u endi butunlay ishongandi.

Hindiy tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.