background
logotype

Nikolay Vasilevich Gogol [1809.20.3(1.4), Poltava gubernyasi, Mirgorod uezdi — 1852.21.2 (4.3), Moskva] — rus yozuvchisi. Rus adabiyotida tanqidiy realizmga asos solgan. Nejin gimnaziyasini tugatib (1828), Peterburgga kelgan. Rassomlik qilgan, drama to‘garaklarida faol qatnashgan, ayrim yumoristik rollarni ijro etib, badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. V. Alov taxallusi bilan yozilgan «Gants Kyuxelgarten» romantik dostoni (1829) salbiy baholangach, chet elga ketgan. Germaniyaning Lyubek, Gamburg shaharlarida bo‘lgan. Peterburgga qaytib, davlat mahkamalarida xizmat qiladi. Mahkamalardagi qog‘ozbozlik, sansalorlik kabi illatlar Gogol uchun boy mavzu bo‘ldi («Peterburg qissalari, 1830). A.S. Pushkin bilan uchrashuvi (1831) Gogol ijodida burilish yasadi. «Dikanka qishlog‘i oqshomlari» (1831—32) to‘plamiga kirgan hikoya va qissalari («Sorochino yarmarkasi», «Dahshatli qasos» va b.) Gogolga shuhrat keltirdi. Bunda Malorossiyadagi turmush tarzi, odamlar ongi, axloqi, xalqning yumorga boy afsonalari, urf-odatlari aks ettirilgan. Gogol Sankt-Peterburg universiteti umumtarix kafedrasida professor bo‘lib ishladi (1834), bu unga tarix bilan chuqurroq tanishish imkonini berdi. «Mirgorod» («Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tmish janjallar hikoyati», «Viy» va boshqa qissalar) to‘plami hamda «Arabeskalar» («Neva shoh ko‘chasi», «Portret», «Tentak maktublari» qissalari) to‘plamida (1835) shahar hayoti manzaralari «ko‘zdan yosh chiqquncha» kulgi qo‘zg‘atadigan usulda tasvirlanadi. «Taras Bulba» (1835) qissasi ukrain xalqining chet el bosqinchilariga qarshi kurashiga bag‘ishlangan. Gogol 30-yillar 1-yarmida «3-darajali Vladimir» (tugallanmagan), «Uylanish» (1842 yilda nashr etildi) komediyalari ustida ishladi. «Revizor» (1836) komediyasida Rossiyadagi mansabparastlik, xazinani talon-toroj qilish, poraxo‘rlik va boshqa hajv ostiga olingan. Gogol ijodining cho‘qqisi bo‘lgan «O‘lik jonlar» (1842) doston-romanida Rossiyadagi o‘sha davr hayotiga umumiy tavsif berilgan.
Gogol o‘z dunyoqarashida sodir bo‘lgan axloqparastlik goyalari ta’sirida «Do‘stlar bilan yozishmalardan tanlangan sahifalar» (1847) asarini e’lon qiladi. Mazkur asar V. G. Belinskiy tomonidan tanqidga uchraydi («N.V. Gogolga xat»).
Gogolning «Revizor» (1935—52, Kibriyo Qahhorova va Abdulla Qahhor tarjimasi), «Ivan Ivanovich va Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tmish janjallar hikoyati» (1972, N. Alimuhamedov tarjimasi), «O‘lik jonlar» (1959, Rustam Abdurahmonov tarjimasi) va boshqa asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. «Revizor», «Uylanish» pesalari O‘zbekistan teatrlari sahnasida qo‘yilgan.
Ozod Sharafiddinov.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.