background
logotype

O'Genri. Mirshab va munojot (hikoya)

Medison-skverdagi skameykasida o‘tirgan Sopi qunishib qo‘ydi. Qachonki kechalari yovvoyi g‘oz galalari osmoni falaqda tizilgancha uchib borarkan, qimmatbaho mo‘yna po‘stini yo‘q xotinlar erlariga mehribon-girgitton bo‘lib qolarkan, Sopi esa parkdagi skameykasida qunisha boshlar ekan, demak, qilichini yalang‘ochlab qish kelayotgan bo‘ladi.
Sopining tizzasiga xazon kelib tushdi. Bu Qorboboning tashrif qog‘ozi edi. Bu chol Medison-skverning doimiy istiqomatchilariga mehr-oqibatli, ularni yaqin kunlarda kelib qolishidan ochiqchasiga ogohlantirib qo‘yadi. To‘rt ko‘chaning chorrahasida u «Ochiq ko‘k ostida» mehmonxonasining darboni Shimol shamoliga tashrif qog‘ozini tutqazib, istiqomatchilari shay bo‘lib turishlari kerakligini eslatadi.
Sopi yaqinlashayotgan izg‘irin sovuqlaridan vujudini himoya qiladigan vosita hamda yo‘llar qidirib topish uchun o‘z shaxsi timsolida komitet ta’sis etishi kerak bo‘lgan fursat yetib kelganini payqadi. Shuning uchun ham o‘tirgan skameykasida qunishib qo‘ydi.
Sopining qish rejalari u qadar balandparvoz emas edi. U janub osmonini ham, Neapol ko‘rfazida langar tashlab turish sharti bilan yelkanli kemada O’rta dengiz bo‘ylab sayohat qilishni ham orzu etmasdi. Orolda uch oygina qamoqda yotsa — uning dili qo‘msagan birdan-bir narsa shu edi. Uch oygina ko‘ngli xushlaydigan ulfatlari orasida ustida muqim boshpana, yeb-ichadigan ovqati tayin bo‘lsa, Boreyning epkini bilan mirshablarning ta’qibidan dahlsiz bo‘lsa bas — Sopiga bundan boshqa narsaning hojati yo‘q.
Mana bir necha yillardan buyon Oroldagi mehmondo‘st turma unga qishlik boshpana xizmatini o‘tardi. Uning baxtiyorroq hamshaharlari Florida yoki Riveraga bilet xarid qilganlaridek, Sopi ham yil sayin Orolga qilinadigan ziyoratiga uncha-muncha tayyorgarlik ko‘rardi. Hozir xuddi ana shuning mavridi yetib kelgan edi.
O’tgan kuni u uchta yakshanba gazetasini mohirona taqsimlab, bittasini pidjagi tagiga yozgan, ikkinchisini oyoqlariga yopgan, uchinchisi bilan tizzalarini o‘ragan edi — bular sovuqdan saqlayolmadi: fontan bo‘yidagi skameykasida kechani shu qadar bezovta o‘tkazdiki, nazarida Orol juda ham ardoqli va muddaodagi boshpana bo‘lib ko‘rindi. Sopi shahar qashshoqlariga shafqat yuzasidan ko‘rsatiladigan mehribonchiliklardan nafratlanardi. Uning fikricha, qonun valine’matlikka qaraganda shafqatliroq edi. Shaharda son ming jamoat va xususiy xayr-saxovat muassasalari bo‘lib, ulardan o‘z kamtarona ehtiyojlariga yarasha boshpana va oziq-ovqat olishi mumkin edi. Ammo xayr-saxovat ehsonlari Sopining mag‘rur ruhiga malol kelardi. Valine’matlarning qo‘llaridan olingan har qanday xayr-ehson uchun pul bilan bo‘lmagan taqdirda ham, xo‘rlik bilan haq qaytarishi kerak bo‘lardi. Sezarning Bruti bo‘lgani kabi bu yerda har bir yotoq joyi majburiy vanna bilan bog‘liq, har bir burda non esa dilingni tap tortmay titkilashdek beandishalik bilan og‘ulangan edi. Undan, ko‘ra turmani istiqomatgoh qilib olgan afzal emasmi? U yerda albatta, hamma ish qat’iy joriy etilgan tartib bilan olib boriladi, ammo hech kim jentelmenning shaxsiy ishlariga suqilmaydi.
Shu tariqa qishki Orolga ketishga qaror bergan Sopi darhol o‘z rejasini amalga oshirishga kirishdi. Turmaga ko‘pgina oson yo‘llar olib borardi. Unga olib boradigan eng yoqimli yo‘l restorandan o‘tardi. Siz yaxshigina restoranda dabdabali ovqat buyurasiz, maza qilib to‘yib olasiz-da, keyin mirquruq ekanligingizni aytasiz. Sizni janjal-suronsiz polismenning qo‘liga topshirishadi. Murosasoz sudya xayrli ishni oxiriga yetkazadi.
Sopi o‘rnidan turib, parkdan chiqdi-da, Brodvey bilan beshinchi avenyu quyilib kelib tutashadigan asfalt dengizi bo‘ylab keta boshladi. Bu yerda u kechqurunlari tok zangi, ipak qurti va protoplazma baxsh etishi mumkin bo‘lgan eng soz narsalar mujassamlashadigan charog‘on kafe oldida to‘xtadi.
Sopi o‘zidan imoni komil — nimchasining pastki tugmasidan tortib yuqorisigacha ko‘ngli to‘q edi. Soqoli qirtishlab olingan, ustidagi pidjagi binoyidekkina, kapalak nusxa qora galustugini unga Shukrona kuni missioner xonim sovg‘a qilgan edi. Agar stolga sezdirmay yetib borishga muvaffaq bo‘lolsa, ishining o‘ng kelishi aniq edi. Vujudining stol uzra ko‘rinib turadigan qismi ofitsiantda hech qanday shubha-gumon tug‘dirmadi. Qovurilgan o‘rdak bilan uning yoniga bir shishagina shabli chaqirsam bo‘lar, deb o‘ylardi Sopi. Keyin pishloq, qora qahvayu sigara buyuradi. Bir dollarli sigara juda yopishib tushadi. Hisob-kitob ham uncha katta bo‘lmaydiki, kafe ma’muriyatini qasosning o‘taketgan shafqatsiz yo‘llariga majbur qilmaydi, u shu tariqa tamaddi qilib olgach, huzur bilan o‘zining qishki boshpanasiga ravona bo‘ladi.
Ammo Sopi restoran ostonasidan o‘tib ichkariga kirgan ham ediki, ko‘zi pishib ketgan metrdotel nimdosh cholvori bilan jag‘lari qiyshayib ketgan botinkalarini ko‘rib qoldi. Epchil, baquvvat qo‘llar uni shartta burib jimgina tashqariga chikarib tashlab, shu tariqa o‘rdakni nogahoniy qismatidan xalos etdi.
Sopi Brodveydan burildi. Aftidan, uning yo‘liga gullardan poyandoz to‘shalmaydi shekilli. Na chora! Jannatga kirib borishning boshqa yo‘lini qidirib topish kerak.
Oltinchi avenyuning burchagida mollar mahorat bilan terib ko‘yilgan vitrinaning chiroqlari o‘tkinchilarning diqqatini tortardi. Sopi yerdan tosh oldi-da, vitrinaning oynasiga qarab otdi. Muyulishdan xaloyiq yopirilib kela boshladi, hammadan oldinda polismen yelib kelar edi. Sopi qo‘llarini cho‘ntaklariga suqqan ko‘yi yaltiroq jez tugmalarga jilmayib turardi.
— Buni kim qildi?— deb darhol so‘radi polismen.
— Bu ishga meni daxldor deb o‘ylayotganingiz yo‘qmi? — deb so‘radi Sopi istehzosiz, ulkan omadini qutlayotgan kishidek ko‘ngilxushlik bilan.
Polismen Sopiga hatto faraz bilan ham qaragisi kelmadi. Magazinlarning vitrinalarini tosh bilan chil-chil qiladigan odamlar qonun vakillari bilan muzokara olib bormaydilar — juftakni rostlaydilar. Polismen yo‘lning qoq yarmidan narida tramvay orqasidan chopib ketayotgan odamni ko‘rib qoldi. Tayog‘ini o‘qtaldi-da, izidan chopdi. Sopi ta’bi tirriq bo‘lgancha yana yo‘lga tushdi... Ikkinchi marta omadi kelmadi...
Ko‘chaning narigi betida uncha as’asayu dabdabasiz restoran bor edi. U ishtahasi karnaylar bilan cho‘ntagi quruqlarga mo‘ljallangan edi. Uni havosi bilan idish-tovog‘i o‘pkani uzgudek, dasturxoni bilan taomlari shovdirabgina turar edi. Bu nafs ibodatxonasi Sopi isnod keltiradigan poyabzal bilan ko‘zga yaqqol ko‘rinadigan cholvorni mone’siz olib kirdi. U stoldan joy olib, bifshteks, bir portsiya quymoq, bir necha to‘qoch, bir bo‘lak pirogni tushirdi. So‘ngra esa restoran xizmatkoriga o‘zi bilan eng mayda nikel pul orasida zarracha ham aloqa yo‘qligini aytdi.
— Ana endi tezroq bo‘linglar! — dedi Sopi.— Mirshabni chaqiringlar. Xudo xayrlaringni bersin, imillamanglar: bir jentelmenni mahtal qilib qo‘ymanglar.
— Mirshabsiz ham kunipg o‘tib qolar!— dedi xizmatkor moyli to‘qochdek muloyim ovoz bilan va kokteylga solingan olcha singari ko‘zlari sho‘x chaqnadi.— Hoy, Kok, qarashib yubor!
Ikkala ofitsiant Sopini beozorgina chap qulog‘i bilan yo‘lkaga tepsa-tebranmas qilib yotqizib qo‘ydi. U xuddi duradgorlarshtng yig‘ma jazvaridek bo‘g‘inma-bo‘g‘in o‘rnidan qalqib, kiyimining changini qoqdi. Qamalish uning uchun xomxayol, Orol esa yiroqdagi sarob bo‘lib tuyuldi. Ikki uy naridagi apteka oldida turgan polismen kulib qo‘ydi-da, yo‘liga qarab ketdi.
Sopi yana yurak yutib omadini sinab ko‘rishga ahd qilguncha besh kvartal yo‘l bosib o‘tdi. Bu gal unga juda soz bir tasodif to‘g‘ri kelib qoldi. Magazin derazasi oldida turgan kamtarona va ko‘rkam libosli yoshgina juvon vitrinada soqol olish uchun ishlatiladigan tovoqchalar bilan siyohdonlarni qiziqib tomosha qilmoqda, undan ikki qadamcha narida esa o‘t o‘chirish kraniga suyangan ko‘yi turqidan serzarda, barvasta polismen savlat to‘kib turar edi.
Sopi barcha yomon ko‘radigan manfur ko‘cha modabozi rolini o‘ynamoqchi bo‘ldi. Ko‘z ostiga olgan jabrdiydasining batartib ko‘rinishi bilan basavlat mirshabning yaqinda turganligidan u, tez orada polismenning zalvarli qo‘li kiftimga kelib tushganini sezaman, qishni iliq-issiqqina Orolda o‘tkazaman deb qat’iy umid bog‘lashiga asos berardi.
Sopi missioner xonim sovg‘a qilgan galstugini to‘g‘rilab, sarkash manjetlarini yorug‘ jahonga chiqardi-da, shlyapasini chekkasiga qo‘nqaytirib olgan ko‘yi to‘ppa-to‘g‘ri juvon tomon yo‘naldi. Unga karashma bilan im qoqdi, tomoq qirdi, iljaydi, yo‘talib qo‘ydi. Ko‘chalarda bo‘ladigan yopishqoq shilqimlarning barcha klassik usullarini surbetlik bilan ishga soldi. Sopi ko‘z qiri bilan polismenning uni qattiq tikilgancha kuzatayotganini ko‘rib turardi. Juvon bir necha qadam nariga ketib, yana soqol olish uchun ishlatiladigan tovoqchalarni kuzata boshladi. Sopi uning izidan borib, shilqimlik bilan yoniga turib olib, shlyapasini ko‘tarib qo‘ydi-da, gap qotdi:
— Oh, muncha yoqimtoysiz-a! Aylanmaysizmi?
Polismen kuzatishda davom etardi. Haqorat qilingan xonim barmog‘ini ko‘tarib, imo qilsa bas, Sopi allaqachon osoyishta makon tomon yo‘lga tushgan bo‘lardi. Nazarida hozirdanoq politsiya mahkamasining iliq nafasiyu fayzini sezayotgandek edi. Juvon Sopiga o‘girilib, unga qo‘lini cho‘zdi-da, yengiga yopishdi:
— Jonim bilan, Mayk!— dedi u xushchaqchaqlik bilan.—Pivo olib berasanmi? Men sen bilan ilgariroq gaplashishim mumkin edi-yu, mirshab qarab turgan edi.—
Juvon unga emanga chirmashgan chirmovuqdek yopishib oldi, yigit uni qo‘ltiqlagancha tartib kuzatuvchining oldidan tundlik bilan o‘tib ketdi. Aftidan, Sopi erkinlik huzurini tortib yuraverishga mahkum etilgan edi chog‘i.
Yaqin oradagi ko‘chada hamrohini yulqib tashlagancha tiraqaylab qochdi. U reklama chiroqlaridan charog‘on kvartalga, yuraklar ham, yutuqlar ham, muzika ham — barchasi bir xilda yep-engil bo‘lgan kvartalga borib qoldi. Mo‘ynaga burkangan xotinlar va palto kiygan erkaklar izg‘irinda xushchaqchaqlik bilan so‘zlashib turishardi. Tuyqusdan Sopini qo‘rquv bosdi. Yo allaqanday joduli sehrgar uni politsiya daxlidan xalos qilib qo‘ydimikan? Vahimaga tushishiga sal qoldi. Teatrga kiraverishdagi yop-yorug‘ joyda savlat to‘kib turgan polismen yaqiniga kelgach, «xaloyiq to‘plangan joyda bezorilik» degan somon parchaga yopishib olmoqchi bo‘ldi.
Sopi xirqiroq ovozini bor bo‘yicha qo‘yib baqirgan ko‘yi allaqanday mastlar ashulasini boshladi.
Yo‘lka bo‘ylab o‘yinga tushdi, ayyuhannos soldi, turli qiliqlar qildi — har xil yo‘llar bilan osoyishtalikni buzdi.
Polismen tayog‘ini aylantirdi-da, janjalkashga orqa ugirib, bir o‘tkinchiga uqtirdi:
— Bu Yelsdan kelgan student. Ular bugun Xartford kollejining futbol komandasi ustidan g‘alabalarini bayram qilishyapti. Shovqin-suron ko‘tarishyapti-yu, ammo buning xavfli joyi yo‘q. Bizga ularga taqilmaslik haqida ko‘rsatma berilgan.
Hafsalasi pir bo‘lgan Sopi hojati qolmagan irg‘ishlashlarini to‘xtatdi. Nahotki bironta ham polismen giribonidan g‘ippa bo‘g‘masa? Oroldagi turma unga yetishish mahol bo‘lgan Arkadiyadek ko‘rinib ketdi. U yengil pidjagini puxtalab tugmaladi: izg‘irin et-etidan o‘tib bormoqda edi.
Tamaki do‘konida u gaz yolqinidan sigara tutayotgan janobni ko‘rib qoldi. Janob ipak shamsiyasini kiraverishda qoldirgan edi. Sopi ostonadan o‘tib, shamsiyasini oldi-da, asta-sekin yo‘lga ravona bo‘ldi. Sigarali odam uning izidan tushdi.
— Bu mening shamsiyam-ku,— dedi u jiddiyat bilan.
— Nahotki?— deb tirjaydi Sopi, o‘g‘rilik ustiga haqoratni ham zamlab.— Nega bo‘lmasa polismenni chaqirmayapsiz? Ha, men sizning soyaboningizni oldim. Chaqiring axir mirshabni! Hov ana muyulishda turibdi.
Shamsiyaning egasi qadamini sekinlatdi, Sopi ham. Taqdir u bilan yana qo‘pol hazillashajagini allaqachonoq sezib turardi. Polismen ularni qiziqish bilan kuzatardi...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.