background
logotype

O’Genri. Bekatda (hikoya)

Har kuni ayni shom boshlanishi arafasida o‘sha sokin va kichkinagina xiyobonning o‘sha jimjit muyulishiga kulrang libosdagi bir qiz har doimgiday yana kirib keladi. U tanish o‘rindig‘iga yaxshilab joylashib oladi-da, boshqa hech qanday ishi yo‘qday berilib kitob o‘qiy boshlaydi.
Yana takroran aytaman: qizning libosi kul rangda bo‘lib, uning qomati va kiyinish uslubidagi har qanday nuqsonni yashira olish darajada bejirim qilib tikilgandi. Katta to‘rli ro‘moli qizning dum-dumaloq shlyapasi ustidan epchillik bilan tang‘ib olingan, shlyapasi ostidan esa qizning chiroyli yuzi benazir husn va latofat taftidan yal-yal yonib turardi. U bu yerga o‘tgan kuni ham xuddi shu soatda kelgan, undan oldingi kuni ham ushbu holat takrorlangan va qizning mazkur odatini shu yerdagi sirli bir odam har kech kuzatib yurardi.
O‘sha sirli odam kelishgan, yoshgina yigit bo‘lib, necha kundan beri o‘z omadini kutib doim sal narida qizni poylab turardi. Shu kun yigitchaga taqdir kulib boqqandek bo‘ldi, qiz o‘qib o‘tirgan kitob to‘satdan qo‘lidan tushib ketdi-da, bir-ikki qadam nariga uchib tushdi. O‘sha zahoti uddaburron yigit kitobga chang soldi-da, uni sohibjamol qizga cheksiz umid va olijanoblik hamda hurmat ila tutqazdi. Kitobni qizning qo‘liga berayotgan damda fursatdan foydalanib, kechki havo haqida muloyim ovozda bir-ikki og‘iz gap qistirib qo‘ydi. Odatda, ob-havo mavzusi qismatlar yo‘lini tutashtiruvchi, yoki baxtsizlik va yo bir dunyo tole’ taqdim etguvchi ilk tanishuv debochasi hisoblanadi.
Shu paytda qiz ham unga ziyraklik bilan zehn solib chiqdi, yigitning odmigina, lekin top-toza g‘ubori yo‘q ko‘ylagidan uning sofdil yigit bo‘lsa kerak, deb xayol qildi.
“Agar istasangiz, o‘tirishingiz mumkin”, — dedi qiz bag‘rikenglik qilib, “bemalol tortinmay o‘tiravering. Bu yer kitob o‘qish uchun ancha qorong‘ulik qilyapti. Yaxshisi, suhbatlashganim ma’qulroq chamasi”.
Birdan kelib qolgan omadni boy berishni istamagan baxt izlovchisi qizning yoniga mamnuniyat bilan o‘tirdi.
“Ishonasizmi”, — deya gap boshladi yigit biroz rasmiy ohangda, “siz men dunyoda uchratgan eng-eng jozibali qiz bo‘lasiz! Mana bu chiroyli, porillab turgan ko‘zlaringiz bilan bir odamni anchadan beri xayolini olib qo‘yganingizni o‘zingiz ham bilasizmi, asalim?”
“Nimalar deyapsiz siz? Kimsiz o‘zi?”- birdan qizning jahli chiqib ketdi. “Esingizda tursin: Men oliynasab yosh xonim bo‘laman. Og‘zingizga kelgan gapni aytaverasizmi? Mayli, hozirgina qilgan iltifotli ishingiz uchun bu gapingizni kechirdim ham deylik, ammo faqat kitobni olib berganingiz uchungina kechiraman, bilib qo‘ying. Sizga o‘tira qoling, deganim bu sizga meni “asalim, shakarim” deb ketaverishingizga ijozat berganim emas. Garchi siz shunday deb qabul qilgan bo‘lsangiz, u holda aytgan so‘zimni qaytib oldim”.
“Ming bor uzr, juda hijolatdaman, kechiring meni”, — dedi yigit astoydil yalinib. Uning mamnuniyat to‘la ko‘zlari pushaymonlik va kamtarlik ifodasi bilan almashdi. “Oldingizda katta gunoh qildim, ma’zur tuting. Men o‘ylabmanki, xiyobonga kelib turadigan qizlar, albatta, siz bilasizmi, bilmaysizmi, ehtimol…”
“Mavzuni o‘zgartirsak, iltimos sizdan”, — dedi qiz gapni cho‘rt kesib. “Albatta men bilaman. Ammo men to‘g‘rimda bo‘lmag‘ur o‘ylarga aslo bora ko‘rmang. Yaxshisi, siz menga hamma yoqda g‘uj bo‘lib, yo‘lakchalarda u yoqdan-bu yoqqa shoshilib o‘tib turgan odamlar haqida gapirib bering. Bu odamlar o‘zi qaerga ketishyapti? Nega bunchalik shoshilib yurishadi? Ular baxtli odamlarmi o‘zi?”
Sal oldin mulzam bo‘lib qolgan yigit endi tannozlik qiyofasini tashlab, biroz mulohazakor odamga aylanib qolgandi. U hadeb bo‘lsa-bo‘lmasa gap suqavermasdan, faqat gapirish navbati yetib kelgunicha miq etmay, kutib o‘tirgandi.
“Ularni tomosha qilish maroqli hol”, — deb javob berdi u, qizning kayfiyatini o‘zicha baholab. “Hayotning g‘aroyib tomoshasi bu. Bu odamlarning ba’zilari kechki ovqatga, ba’zilari bo‘lsa…yana boshqa-boshqa joylarga ketyapti. Kim bilsin, ularning har bittasining taqdiri qanday ekan?”
“To‘g‘ri aytasiz, buni hech kim bilmaydi”, — dedi qiz, “men tergovchi emasman, bema’ni savollar bergan bo‘lsam, to‘g‘ri tushuning. Men bu yerga shunchaki toza havoda o‘tirib, yengil nafas olib ketish uchungina kelaman, zotan faqat shu sokin xiyobondagina insonning yurak zarblarini xotirjam va teran his qila olish mumkin. Biroq baxtga qarshi mening jamiyatda tutgan o‘rnimda ana shu hissiyotni, qalb olamini hech qachon tinglay olmaysiz. Siz mening nima deyayotganimni tushunyapsizmi, janob…?”
“Janob Parkensteper”, — deya qizning gapini to‘ldirdi yosh yigit. Shunday deb u yana umid va chanqoqlik to‘la ko‘zlarini qizga tikdi.
“Yo‘q”, — dedi qiz ingichka barmog‘ini o‘ynagancha, biroz kulimsirab, “siz mendagi holatni darrov tushuna olmaysiz. Axir kimnidir ko‘nglini anglay qolish bu lahzalik ish emas-ku. Hatto odamning ko‘rinishidan ham uning ichki dunyosini belgilab olish mushkul ish. Oqsochim tang‘ib qo‘ygan mana bu ro‘mol bilan shlyapa go‘yo boshimdagi butun o‘y-xayollarimni-da berkitib qo‘yganday. Hatto har doim sizni mashinada olib yuradigan haydovchingiz ham har kuni ko‘zlaringizda miltirab turgan mungni payqay olmaydi. Ochig‘ini aytganda, kimlargadir yuqori tabaqaga mansub kishilar toifasidan bo‘lish ulkan baxtday bo‘lib tuyuladi. Ammo ularning hammasi ham baxtli emas…Men sizga gapiryapman, janob Stekenpot?”
“Parkensteker”, — deb qizning xatosini to‘g‘rilab qo‘ydi yigit kamtarlik bilan.
“Kechirasiz, janob Parkensteker”, — qiz uzr so‘rab, yana gapida davom etdi. “Bilasizmi, men har doim chinakam inson – omonat mol-dunyo jimjimasiga uchib, o‘zligini buzmagan, haqiqiy odamiylik qiyofasini unutib, manfur va yulg‘ich kimsaga aylanib qolmagan, qaysidir ma’noda hayotdagi eng ulug‘ toifaga munosib asl inson bilan dardlashib o‘tirgim keladi. Oh! Siz mening bu yarog‘siz boylik ohanjamasidan qanchalar charchaganimni bilmaysiz! O‘zingiz ham ko‘ring, bu hayotda hamma narsa pul, pul, faqat pul! Hatto oqshomgi bazmlarda ham bir-biridan qolishmaslik uchun ataylab har-xil soch turmagi bilan kelishadi. Bu ham jonimga tegadi! O‘sha zebu ziynat, o‘sha sayru sayohat, o‘sha tillolarga chulg‘angan jamiyatning kibor toifasi – hamma-hammasi bo‘g‘zimga keldi! Men nihoyatda bezib ketdim!”
“Menda esa aksincha”, — yigit ancha ikkilanib o‘zicha tavakkal qildi, “ya’ni, menda hamisha shunday fikr bo‘lgan: Pul bu juda yaxshi, nihoyatda ajoyib narsa bo‘lishi kerak”.
“Haqiqiy yaxshi va ajoyib, chin yurakdan orzu qilinadigan narsa bu – iste’dod! Million-million pulingiz bo‘lsa-yu, ozginagina iqtidoringiz bo‘lmasa, boyligingizning hech qancha ahamiyati bo‘lmaydi!” Qiz umidsiz va tushkun ohangda gaplariga xulosa yasadi. Oradagi biroz jimlikdan keyin, tag‘in so‘zlay boshladi: “Hamma narsada bir xillik, zig‘ircha o‘zgarish yo‘q. Mashinalar, kechki ziyofatlar, teatr, tomosha va o‘tirishlar. Hammasi keragidan ortiq, bizning ehtiyojimizdan ko‘ra ortiqcha darajada mo‘l-ko‘l. Ba’zida hattoki, shampan quyilgan stakanimdagi muzning tiringlashi ham asabimga tegib, jinni qilib qo‘yay deydi meni…”
Janob Parkensteker qizning barcha gaplarini katta qiziqish va zakiylik bilan tinglab o‘tirardi.
“Baribir menga badavlat odamlar va ularning mol-dunyo orttirish yo‘llari to‘g‘risida eshitishni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman. Menimcha, ozgina xudbinroq bo‘lsam kerak. Lekin siz bilan suhbatlashib o‘tirib, fikrlarimga oydinlik kiritb olyapman. Nazarimda, menga quyilgan shampan vinosi allaqachon sovib qolgan va mening qadahimda hech qanday muz qolmagan ham”.
Shu vaqt qiz chin dildan, xushchaqchaqlik bilan qah-qah otib kulib yubordi.
“Bilasizmi”, — dedi u ko‘ngilchanlik bilan, “bizlar hech kimga keragi bo‘lmagan, o‘zimiz istagandek rohat-farog‘atni topolmaydigan toifalardanmiz. O‘sha shampan quyilgan qadah va muz solish shunchaki bema’ni bir hoyu havas, shunchaki oliftagarchilik, xolos. Sizga bitta voqeani aytib beraman hozir. Bir kuni Uolderf degan joyda o‘tkazilayotgan bazmga Tortari shahzodasi qadam ranjida qilibdi. Bazmdagilar darrov rasmiyatchilikni, dabdagarchilikni joyiga qo‘yishibdi. Hattoki ular kechki taom dasturxonida har bitta kibor mehmonning likopchasi yoniga bir donadan yosh bolalarning qo‘lqopini qo‘yib chiqishibdi. Qo‘lqop nima uchunligini fahmlayapsizmi? U mehmonlar zaytun yeyayotgan paytlarida og‘izni artish uchun qo‘yilgan edi”.
“Sizni tushunyapman”, — deb yon bosdi yigit kamtarlik bilan. “Unday oliymaqom davralarning o‘shanday ovunchoqlari oddiy xalq uchun g‘ayrioddiy holat bo‘lib kelgan doim”.
“Gohida”, — deya gapini davom ettirdi qiz, ayni chog‘da u yigitning e’tirofiga minnatdorchilik bilan boshini egib qo‘ydi, “shunday o‘ylaymanki, basharti qismat menga ham muhabbat baxtini in’om etib, kimnidir sevib qolgudek bo‘lsam, mening ko‘ngil mulkimga quyi tabaqadagi oddiy odam podshoh bo‘lib saylanishini tilagan bo‘lardim. U oddiygina ishchi bo‘lsa ham mayli, lekin tekintovoq bo‘lmasin. Ammo tan olish kerakki, ko‘ngil istagidan ko‘ra boylik qutqusi kuchliroq harakat qilarkan. Men ham ikki nafar badavlat kishilar tomonidan band etilganman. Ulardan biri nemis millatiga mansub, qaerdadir direktor bo‘lib ishlovchi Grend Dyuk ismli zodagon odam. Men uni qaydadir allaqachon xotini bor, yo bo‘lmasam qachonlardir bo‘lgan, deb o‘ylayman. Uning johilligi va yengiltakligi uchun o‘ldirib qo‘yay deyman. Ikkinchi kishi millati ingliz bo‘lgan bir markiz, nihoyatda pulga o‘ch va sovuqqonki, men hatto undan ko‘ra ba’zan berigi nemisni ham afzalroq ko‘rib ketaman. Eh, shunaqa savdolar bor mening boshimda! Qiziq, bularni sizga so‘zlab berishga meni nima majbur qilayapti ekan, hayronman, janob Parkensteker?”
“Parkensteker”, — deb to‘g‘rilab qo‘ydi yigit yana muloyimlik bilan. “Bilasizmi, siz ayni damda sizdagi ishonch va jasurlikni men nechog‘lik qadrlab o‘tirganimni hatto o‘zingiz ham his qilolmasangiz kerak”.
Qiz yigitga javoban unga samimiy, mehribon nigohini qadadi.
“O‘zingiz nima ish qilasiz, janob Parkenteker?”- deb so‘radi u yigitdan.
“Bizniki o‘ta oddiy, kamtarona bir ish, xonim”, — dedi yigit. “Biroq men ham bu olamda yuqoriga ko‘tarilib yashashga umid qilaman. Siz boya quyi tabaqadagi insonni sevib qolish xususidagi orzuyingizni jiddiy aytdingizmi?”
“Albatta, jiddiy aytdim”, — deb javob berdi qiz. “Biroq men “ehtimol”deb aytdim. Axir peshonamda nomzod bo‘lib turgan Dyuk bilan markiz borligidan xabaringiz bor-ku. Ha, ammo ko‘nglimdagi orzuyim hamon o‘sha-o‘sha, u darajada quyi bo‘lmagan, oddiyroq bir insonni orzu qilib yashayapman”.
“Men”, — deya xitob qildi shu vaqt janob Parkentseker qizning gapini bo‘lib, “oddiygina restoranda xuddi siz orzu qilgandek oddiygina bir ishchi bo‘lib ishlayman”.
Shunda qiz yigitdan biroz o‘zini olib qochdi.
“Ishqilib ofitsiant bo‘lib emasmi?”
“Men hisobchiman”, — dedi yigit. “Shu xiyobonning ro‘parasida elektr chirog‘i yaltirab turgan “RYeSTORAN” degan yozuvni ko‘ryapsizmi? Men xuddi o‘sha restoranda hisobchi bo‘lib ishlayman”.
Qiz yigitning gaplarini eshitish asnosida chap bilagidagi shohona bilaguzuk o‘rtasiga o‘rnatilgan qo‘l soatiga tez qarab oldi-da, shoshib o‘rnidan turdi. Tizzasidagi kitobini beli tor qilib tikilgan ko‘ylagining yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Lekin kitob cho‘ntakka arang sig‘ib, ko‘ylakning yonboshi ancha do‘ppayib qoldi.
“U holda nega ishda emassiz, janob Parkensteker?”- deb so‘radi qiz.
“Mening navbatim tunda, xonim”, — dedi yigit. “Ish soatim boshlanishiga hali ancha vaqt bor. Darvoqe, sizni yana ko‘rishimga umid qilib qolsam bo‘ladimi?”
“Bilmadim”, — deb javob berdi qiz o‘ychan. “Ehtimol yana ko‘rishib qolarmiz. Mening injiqligim tutib qolmasa, albatta. Endi esa zudlik bilan ketishim lozim. Bugun yana bazm va o‘tirishimiz bor. Eh, yana o‘sha eski hammom, eski tos! Siz balki, bu yoqqa kelayotganingizda xiyobon muyulishida turgan avtomobilga ko‘zingiz tushgandir? Oq rangdagi?”
“Qizil g‘ildiraklimidi?”- dedi yigit peshonasini tirishtirgancha mulohazasini bildirarkan.
“Ha, o‘sha. Men har gal o‘sha mashinada kelaman. Haydovchim meni muyulishda kutib turadi. U meni do‘kondan u-bu xarid qilib yurgandir, deb o‘ylaydi. U yuragimda yuz berayotgan holatni aslo tushunmaydi. Qaerda bo‘lmaylik, hayotning chinakam lazzati ustun chiqarkan bor o‘ylaringizdan. Shuning uchun hatto haydovchilarimizni ham aldashga majbur bo‘lamiz. Gaplarim cho‘zilib ketdi, tezroq keta qolay endi, janob Parkensteker. Xayrli tun sizga”.
“Lekin shoshmang”, — dedi yigit qizni to‘xtatib. “Hozir judayam qorong‘u bo‘lib qoldi, buning ustiga xiyobon ham bezorilar bilan to‘la bo‘lsa. Men sizni — ”
“Agarda mening orzu-umidlarimga nisbatan zarracha hurmatingiz bo‘lsa”, — dedi u shunda qat’iy turib, “men ketganimdan keyin mana shu o‘rindiqda o‘n daqiqa tek o‘tirib turasiz. Taklifingizga e’tirozim yo‘q-ku, ammo haydovchim o‘z sohibasini bir o‘zinimas, yonida qandaydir begona erkak bilan ko‘rib qolsa, buning oqibati yaxshi bo‘lmasligi mumkin…Yaxshi qoling, janob Parkensteker!”
Qiz ildamlik bilan tez-tez yurib ketdi, uning ulug‘vor qiyofasi bir zumda qorong‘ulik qa’riga singidi. Yigit esa turgan joyida qizning xiyobon chetidagi yo‘lak bo‘ylab shoshib ketayotganini zimdan kuzatib turarkan, muyulishdagi mashina yoniga yetganida birdan qizning shartta to‘xtaganini payqadi. Shunda yigit qizning iltimosini buzib, hech narsani o‘ylamay, uning ortidan chaqqon yurib keta boshladi. Janob Parkensteker qizni ko‘zdan qochirmaslik va unga sezdirib qo‘ymaslik uchun ataylab butazor va yo‘g‘on daraxtlarni pana qilib oldinga yuraverdi.
Shunda yigit qizni muyulishdagi mashinaga chiqmasdan, unga chap berib, ko‘chani qoq o‘rtasidan kesib o‘tganini ko‘rib qoldi. O‘ziga qulayroq yerga turib oldi-da, yigit yana uning keyingi hatti-harakatlarini sinchiklab kuzataverdi. Asosiy yo‘lakni bosib o‘tarkan, qiz tepasida yaltiroq belgi nur sochib turgan restoranga kirib ketdi. Bu restoran boya yigit aytib o‘tgan joy bo‘lib, bu yerda eng arzon va oddiy taomlar tayyorlanar edi. Xonimlardek viqor bilan kiyinib olgan qiz esa restoranga kirgan zahoti uning orqa xonasiga o‘tdi-da, bir zumda boshidagi shlyapasi bilan to‘r ro‘molini yechib, qaytib chiqdi.
Restorandagi hisobchilik joyi qoniqarli holatda edi. Unda o‘tirgan bir mallasoch qiz har doimgiday devordagi katta soatga tez nazar tashladi-da, asta o‘rnidan turdi. Uning joyini kulrang libosdagi bizning “xonim”imiz egalladi.
Bu paytda janob Parkensteker ko‘chada ikkala qo‘lini cho‘ntaklariga solib olgancha yo‘lak bo‘ylab sekin bosib kelardi. Muyulishga yetib kelganida, uning oyoqlariga yo‘l chetidagi chimzor ustida yotgan kichkinagina, qog‘ozga o‘ralgan nimadir urilib ketdi. Uning yaltiroq va bezakli muqovasidan yigit bu boya qiz o‘qib o‘tirgan kitob ekanligini tanidi. Uni loqaydlik bilan qo‘liga olarkan, janob Parkensteker kitobning sarlavhasiga asta ko‘z tashladi. Bu Stivenson ismli muallif tomonidan yozilgan “Yangi ming bir kecha”nomli kitob edi. Yigit hafsalasi pir bo‘lgandek uni yana o‘t ustiga tashladi-da, o‘zi ham bir-ikki daqiqa chimzor ustida cho‘zilib yotdi. Birozdan keyin janob Parkensteker o‘rnidan turib, muyulishdagi oppoq, g‘ildiraklari qizil mashina yoniga kelib to‘xtadi. U mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘zini tashladi-da, momiq, par yostiqchalar ustiga yastanib olgancha, haydovchisiga ikki og‘izgina so‘z aytdi:
“Uyga, Genri”.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.