background
logotype

O’Genri. Yo‘l aylanib (hikoya)

“Ko‘ylaging o‘zingga loyiq keldimi, Sem?”- deb so‘radi Uebber xonim eman daraxti ostidagi o‘zining jonajon tebratma kreslosida kitob o‘qib o‘tirarkan.
“Ha, endi soz bo‘libdi, Marti”, — deb javob berdi Sem biroz o‘zidan ketib. “Avvaliga men o‘zim tugmalarni joy-joyiga qo‘yib, qaday olmayotgandirman, deb o‘ylagan ekanman, keyin bilsam, teshiklarining o‘zi tugmalar uchun xiyol kattalik qilarkan”.
“Ha, bo‘pti-da. Endi ko‘ngling to‘lgan bo‘lsa bo‘pti”, — deb qo‘ydi xotini unga beparvo ko‘z tashlab. “Bo‘yinbog‘ingni ham tang‘ib ol. U ko‘ylagingni yanayam ochadi”.
Sem Uebberning qo‘y ranchosi Nueses bilan Frio o‘rtasidagi eng xilvat yerga joylashgan edi. Ikki qavatli bu bino kimsasiz chakalakzor o‘rtasida do‘ppayib turgan yaydoq tepalik o‘rtasiga joylashgandi. Ranchoning oldida chog‘roqqina maydon bo‘lib, u joyda otar o‘tlab yurar, yana shu yon-atrofda qo‘ylarning yungini oladigan yungxona ham bor edi. Ranchoning shundoqqina orqasidan esa tikanli chakalakzor boshlanib ketardi.
Sem arzanda qo‘ylari uchun tuzukroq mayin yung sotib olish uchun qo‘shni Chepmen ranchosiga borib kelmoqchi bo‘lib yurgandi. Biroq bu safar uchun alohida e’tibor qaratmasa bo‘lmasdi, negaki Chepmen ranchosi o‘zining aholisi hamda hajmi jihatidan deyarli shaharchaday bo‘lib qolgan binoyidek joy edi. Shuning uchun ham Sem bu safariga muvofiq ravishda “yasan-tusan”qilib olishga qaror qilgandi. U o‘zidan mutlaqo yangi, o‘zgacha qiyofa yaratishni xayol qilib, o‘ngu tusini chiroyliroq qilish harakatida edi. Zarbdor muskullari bilan oftob olgan bo‘ynini qo‘pollik bilan qisgan oppoq bo‘yinbog‘ uning aftiga noodatiy ifodani bag‘ishlab turardi. Yaxshilab o‘nglanmagan maykasi ustidan tugmalari chala yarim solingan ko‘ylagi notekis hilvirar edi. Semning baquvvat adl qomatini tuzukkina yashirib turgan “tayyor qo‘ldan olingan” kulrang kostyum bu qo‘ysevar cho‘ponning har doimgiday alpon-talpon qilib yurishiga ancha monelik qilardi. Balki engil-boshidagi shuncha noqulaylikni debmi, Semning qoraygan yuzlarida xuddi qamoqda begunoh jabr tortib yotgan mahbusnikiday qayg‘uli manzara qotib qolgandi. Uydan chiqar ekan, Sem hovlida o‘ynab yurgan uch yoshli o‘g‘li Rendining boshidan silab o‘tdi-da, darvoza oldida uning chiqishini kutib turgan oti – Mexiko tomon shoshildi.
Tebranma kreslosida bamaylixotir o‘tirgan Marta qo‘lidagi kitobining o‘qiyotgan sahifasiga barmog‘ini belgi qilib qo‘ydi-da, erining “pardoz-andozi”dan keyin ortida qolgan ivir-sivirlarga muloyim jilmayib qaradi:
“Bu tarovatingda, Sem”, — dedi ugap ohangini ataylab cho‘zib, “Texasning manaman degan cho‘ponidan ko‘ra ko‘proq o‘sha ranchoyingda o‘sib yotgan o‘t-alafga o‘xshab ko‘rinyapsan”.
Sem beso‘naqaylik bilan egar ustiga joylashib oldi.
“Shu gapni hamma gapirsa ham, sen aytmasang yaxshi bo‘lardi. Xotinim emish yana”, — dedi u kesatib. “Eringning kiyim-kechagiga qarab qo‘yish o‘rniga qachon qarasa, yalpayib o‘tirvolib, qayoqdagi bo‘lmag‘ur kitoblarni varaqlaganing-varaqlagan!”
“Yaxshi bo‘pti! Ketaqol endi, yo‘lingdan qolma”, — dedi xotini unga javoban. Missis Uebber kreslosining tutqichlariga yengilgina urib qo‘ydi. “Har doim mutolaamning beliga tepasan. O‘qiydigan bir dunyo kitoblarim bor. Buning ustiga men istagan paytimda xohlaganimcha mutolaa qila olaman. Bu havoyi va tashlandiq qishlog‘ingda na gaplashgulik va na eshitgulik bir qiziq odaming bo‘lmasa, boshqa yana qanday vaqtichog‘lik bo‘lsin? Hatto sen bilan ham beg‘alva gaplashib bo‘lmasa, qachon qarasa, noliganing-noligan, noliganing-noligan-a! Voy, tezroq keta qolgin, Sem, bor, meni o‘z holimga qo‘y!”
Sem tizzalarini otining biqinlariga mahkam tirab oldi-da, qadrdon hamrohini asta turtdi. Ular birozdan so‘ng eski, asosiy qishloq yo‘li ustiga chiqib olishdi. Vaqt hali erta, soat endigina sakkiz bo‘lgan, biroq kun halitdan qizdirishni boshlagandi. Bundan uch soat oldinroq yo‘lga chiqsam bo‘lardi ekan, deb ichida jindek afsuslanib qo‘ydi Sem. Aslida Chepmen ranchosi atiga o‘n sakkiz mil narida joylashgan edi, lekin yo‘l juda notekis, ayniqsa mana shu asosiy yo‘lning o‘zi uch mil masofa uzunlikda edi. U xuddi bu yo‘llardan avval ham bir marta yurgan, shuning uchun ketayotgan yo‘li aniq esida qolgandi.
Sem qishloqning asosiy yo‘lidan burilib, Kvintenilladagi kichikroq soy yoqalab yo‘lida davom etdi.
Ayni shu yerda yo‘l torgina so‘qmoqchaga aylanib ketar, so‘qmoqcha yam-yashil, barra maysalar bilan qoplanib yotar, Mexiko esa bu yo‘ldan satang yurish qilib, nozanday yo‘rg‘alab borardi. Yana qarshisidan Yovvoyi Dik suv dambasi chiqib qolganida Sem ortiga o‘girilib, tikanak qoplab yotgan kichkina tepalik tarafga ko‘z tashladi. Shu yerdan boshlab u ortida qoldirib ketayotgan yo‘llarining yaxlit qiyofasini yodda tutib tag‘in oldinladi. Sem tikanli yirik butazor oldidan o‘tayotib nihoyatda qiynalib ketdi, bu chakalakzor qurg‘ur ham o‘zi naq yigirma yarddan kam bo‘lmagan hudud ekan, Sem to daraxtlar sharpasi soya solib turgan kengroq joyga chiqib olguncha yuragi halak bo‘lib ketdi. U Kvintenilla bilan Pedra o‘rtasida qad rostlagan qiya tepalikning nishabligidan asta odimlab o‘ta boshladi.
Oradan ikki soatcha vaqt o‘tgandan keyin Sem birdan yo‘ldan adashganini sezib qoldi. Sem alg‘ov-dalg‘ov yo‘llar ustidan bosib o‘tib, o‘zining aniq yo‘nalishini yo‘qotib qo‘ygandi. Sadoqatli cho‘pon o‘sha zahoti qattiq sarosimaga tushib qoldi, u nima qilishini bilmay, atrofga olazarak qarayverdi. Mexiko bo‘lsa egasining notinchligidan halovati buzilib, boshini u yoqdan-bu yoqqa burib, har yoqqa alanglay boshladi. Semda kechayotgan chigal o‘ylar ayni damda Mexikoning ham xayolini parmalar edi.
U ham oldindan manzilni bashorat qiluvchi biron-bir belgi topolmas, butun tevarak-atrofda Chepmen ranchosidan darak berguvchi qildek nishona yuz ko‘rsatmasdi. Ular alanglay-alanglay, nihoyat qisqagina, ammo hatto quyon ham yorib kirolmaydigan darajada zich bo‘lgan butazor ro‘parasidan chiqdilar. Chindanam, odam bolasi qadam qo‘ygudek yer emas ekan.
Ko‘pni ko‘rgan chorvador yoki cho‘pon uchun-ku bir kechalik yoki bir kunlik adashib qolish hech gap emasdi. Ularda bunday holatlar tez-tez bo‘lib turadi. Bir kechalik ovqatdan qolib, shundoqqina egarining ustidagi yumshoq adyolni mayin maysazorlar ustiga to‘shab maroq bilan uxlab yotish – tajribali qo‘ychivonlar uchun arzimas hodisa. Lekin Semning vaziyati mutlaqo bo‘lakcha edi. U umrida hech qachon qoq yarim tunda o‘z ranchosidan bir mil ham uzoqqa ketib qolmagan edi. Martaning chakalakzordagi ilonlarga, zaharli hasharotlarga, hatto selkillama qora qo‘ylarga ham yuragi yo‘q edi. Shuning uchun ham Sembir o‘zini hech qachon tashlab ketmasdi.
Adashib qolganidan keyin taxminan to‘rt soatcha izillab, tentirab qolgan Sem birdan hushyor tortdi. Uning vijdoni qiynalayotgan edi. O‘zi bir ahvolda, shalviragan, butun yasan-tusan qilgan kiyimlari kir, shalabbo bo‘lgan, bularning bari horigandan ko‘ra Semdagi adog‘siz bezovtalik nishonalari edi. Bu paytga kelib u allaqachon Friodagi poezd yo‘lini shartta kesib o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri Chepmen ranchosiga kirib boraman, deb umid qilayotgandi. Agarda u yo‘ldan chalkashib ketmaganda edi, allaqachon o‘z manziliga yetib, bahuzur ko‘zlagan ishini ham tamomlab olgan bo‘lardi. Sem hozir o‘z uyidan ellik mil nariga ketib qolganday, o‘zini nihoyatda yolg‘iz his etdi. Basharti u yangi ot bilan yo‘lni so‘roqlab-so‘roqlab ortga qaytgan taqdirdayam sevikli Marta bilan shirintoy o‘g‘lining yoniga qaytish uchun butun tun yo‘l bosishiga to‘g‘ri kelardi.
“Mana, o‘zimdan ketganimning jazosi!” Semni cheksiz pushaymonlik tuyg‘usi qurshab oldi. Uning tomog‘iga yong‘oqdek narsa tiqilib qolgandi. Kitobsevar ayoliga aytajak so‘zlari xayolidan o‘tarkan, sodiq cho‘ponning ko‘zlarida yosh halqalandi. To‘g‘risiyam, Semning tuturiqsiz haqoratlariga dosh berib, gadoytopmas, vahimali o‘sha ranchoda yashash xotiniga ham oson emasdi. Sem shuncha vaqtdan beri mutolaaga mayli bor xotinining ustidan kulib, u o‘qiyotgan semiz-semiz romanlarni mensimasdan, qilgan qiliqlarini eslab, juda uyalib ketdi, o‘zini-o‘zi ayovsiz la’natladi.
“Uning bor ovunchog‘i ana o‘sha romanlari bo‘lsa, bechora nima qilsin chindanam”, deb xo‘rsindi Sem. Mexikoning quloqlariga bo‘lsa uning bu ohangi negadir g‘ayritabiiy, o‘ta boshqacha bo‘lib eshitilib ketdi. “Menga o‘xshagan kallavaram skuns* bilan yashash ungayam og‘ir bo‘lsa kerak. Faqat pishir-kuydir, kir yuv, ovqat qil, qo‘ylarning kalla-pochasini tozala, yana ustiga-ustak erining ma’nisiz xo‘rlashlariga chidab yashash! Rostdanam, undan ko‘ra bir bet kitob o‘qish zavqliroq-da!”
U xayolida Martani ilk daf’a uchratgandagi qiyofasida jonlantirib ko‘rdi: durkun, dildor va g‘ururli go‘zal! Qora mehnat va yillar tim jigar tusga bo‘yashidan avval Martaning yonoqlari nim pushti rangda jilolanib turardi. Doimiy sukunat cho‘mgan quyuq chakalakzorlar orasida osmono‘par orzu-xayollarga burkanib yashagan xayolparast va soddadil qiz!
“Agar men shunaqa dag‘al muomalam va qo‘rs gaplarim bilan ichimdagi sevgi izhorimni tilimga ko‘chirganimda bormidi, meni hatto yovvoyi mushuk ham tilka-pora qilib yuborgan bo‘lardi”.
Sem o‘zidan-o‘zi norozi bo‘lib, ana shunday g‘urbatli o‘ylari bilan qaysi yo‘ldan borayotganini ham aniq idrok qilolmasdan qaergadir ketib borardi. U faqat o‘zining nechog‘lik insofsizligini, Martaga qilgan qilguliklari to‘g‘risidagina o‘ylar va ezilar edi. U endi nima qilishini bildi. Sem nima qilib bo‘lsa ham Martani xursand qilgisi kelardi. U yung olib-sotadigan og‘aynilari Gartsiya bilan Jons va San Antonioga ham birvarakayiga xat yozadi. Semning kallasida bundan boshqa yana yangi-yangi rejalar tug‘ila boshladi. U o‘zining bir xonasida yaltirab turgan kichkinagina qop-qora pianinoni ko‘z oldiga keltirdi. Butun oila kechki ovqatdan so‘ng pianino atrofiga jam bo‘lib olgancha o‘g‘ilchasi Rindo chalayotgan ajoyib kuyni tinglab o‘tirganlari Semning ko‘z oldida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ammo shuncha tuzgan g‘aroyib rejalari hamda ularni amalga oshirish istagi Semning Marta bilan o‘g‘li Rendi o‘tkazadigan vahimali tun qayg‘usi yukini yengillatib qo‘yolmasdi. Uzzukun nuqul adi-badi aytishib, g‘alva-g‘ishava qo‘zg‘aganlari bilan Marta baribir har tun Semning kuchli qo‘llari ustiga asta boshini qo‘yar, bor qo‘rquvini yashirgancha, Semning yurak urishini tinglab yotar, butun vujudini mamnunlik va shukronalik hissi qamrab olardi. Aslida-chi, Martaning qo‘rquvlari chindanam asossizmidi? Sem elma-el kezib, bosqinchilik qilib yurgan bezori meksikaliklarni xayoliga keltirdi. Rancholarga pusib boradigan tungi yovvoyi mushuklar, tili uzun silliq ilonlar, mingoyoqlar va yana bir olam xavf-xatarlar cho‘ponning yuragini g‘ash qildi. Ehtimol Marta hozir qo‘rqqanidan , jazavaga tushib o‘tirgandir. O‘g‘li Rendi bo‘lsa yig‘lab, dadasining tezroq kelishini yalinib so‘rayotgandir balki.
Ketma-ket cho‘zilib, bir-biriga ulanib ketgan butazorlaru o‘simliklarning hech adog‘i ko‘rinay demasdi. O‘ydim-chuqur yerlar, nishablik ketidan tag‘in boshlanib ketadigan nishabliklar, jarliklarning hammasi bir-biriga farqlanmas darajada o‘xshab ketardi, boz ustiga ular faqat takrorlanib boraverardi, sira-sira o‘zgarmas va yo tugamas edi. Xudoyim-ey, qaniydi, tezroq biror tanish yerdan chiqa qolsaydi!
Hayot juda qiziq-da yoki tabiatning o‘zi o‘yin qilishni xush ko‘radi. Oddiy odamning hayoti aqlli diplomatnikidan ko‘ra qiziqarliroq kechishi ham mumkin hatto. Qorlarda yo‘qolib qolgan kishilar to hushdan adashganicha ba’zan bitta doira ichida aylanib yurganlarini anglay olmaydilar. Yoxud falsafalari boy sayohatchilar yoki bo‘lmasa turli aqliy jarayonlarda aylanib-aylanib keyin yana eng boshlang‘ich nuqtasiga qaytib kelishlarini tushunmaydilar.
O‘ziga ishonch bilan hamon jadal yo‘rtib borayotgan Mexikoning quloqlari ostiga horg‘in, afsuslangan Semning chuqur-chuqur xo‘rsinishi kirib borardi. Ular yana tik qoya nishabligidan yonbag‘irlab ketgan o‘n yoki yigirma fut balandlikdagi qalin butazor oralab ketmoqda edilar.
“Endi chiday olmayman, Mex”, — deb yubordi Sem otiga iltijo bilan qarab, “mana shu yerga kelganda tamomila holdan toydim. Axir sen o‘zing ham o‘lgudek charchab ketdingku, og‘ayni. O, Xudojonim-ey, nima balo, bu yorug‘ dunyoyingda birontayam kulba-kapang ham qolmaganmi!” Sem faryod qilib, tovoni bilan baribir Mexikoning biqinlariga turtdi.
Ot bunga javoban norozi ohangda pishqirib qo‘yarkan: “Yaqin-atrofda o‘sha kulbang bo‘lganda ham bizga nima foydasi bor bo‘lardi? Axir uyga tezroq yetib olishimiz kerak-ku”, deb qo‘ygandek bo‘lardi.
Lekin shunga qaramay Mexiko yurishini battar tezlatdi, hatto yo‘rtigancha chopib ham ketdi. Ulkan, qop-qora chakalakzorni aylanib o‘tarkan, Sem bir nafasga to‘xtadi. U qo‘lidagi otining tizginlarini yerga tashladi-da, ko‘zlariga ishonmasdan o‘tirgan joyida o‘tirib qoldi. Sem o‘z uyidan juda borsa o‘n yard narida turar edi.
Sadoqatli Marti yuvosh va beozorgina bo‘lib, eshik oldida o‘zining qadrdon tebratma kursisida hamon kitob o‘qib o‘tirar, bolajon Rendi esa yerga o‘tirib olgancha kichkinagina o‘yinchoq mashinasini g‘izillatib yurgizish bilan band edi. U bir zum o‘yinidan boshini ko‘tarib, sal narida turgan dadasiga ko‘zi tushdi-yu, lekin uni taniy olmasdan yana o‘yiniga berildi. Marti esa bu payt qandaydir sharpani sezgandek bo‘lib orqasiga erinchoqlik bilan o‘girilib qaradi. U odatdagidek tizzasiga qo‘yib olgan kitobining kelgan yeriga barmog‘ini belgi qilib qo‘yib turardi.
Ana shu vaqtda Sem bir seskanib oldi. Xuddi yomon tush ko‘rib, birdan uyg‘onib ketgan odamday o‘zini g‘alati sezdi-yu sekin egardan tushdi. Qattiq hayajonlanib ketganidan Sem nuqul lablarini yalardi. Ammo u o‘zidagi noqulay holatni bildirmaslik uchun darrov xotiniga o‘shqira ketdi:
“Buni qara, haliyam shu bo‘lmag‘ur romanlaringni titkilab o‘tiribsanmi?! Sendan boshqa kim ham o‘qirdi bu semiz kitoblaringni?! Qani, yig‘ishtir hammasini tez! Senga aytyapman!”
Mana, yana o‘sha Sem. Texasning manaman degan bu cho‘poni safari davomida adashib qolib, bir yo‘l aylanib kelgan, lekin qaytgan zahoti tag‘in o‘sha-o‘sha baqiroq Semga aylanib olgandi

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.