background
logotype

Fransuz realist yozuvchisi. Balzakning ijodiy merosi janr jihatidan ulkan va xilma-xil: romanlar, povestlar, dramalardan iborat. 
Balzakning ko‘pgina romanlari va povestlari umumiy g‘oya asosida birlashtirilgan va «Inson komediyasi» deb nomlangan ko‘p jildli epopeyani tashkil etadi. Unda Balzak o‘z zamonasidagi fransuz jamiyatining haqqoniy, yorqin manzarasini yaratgan. «Inson komediyasi»ni muallif 3 qismga bo‘lgan: «Odatlar haqidagi etyudlar», «Falsafiy etyudlar», «Analitik etyudlar». 
O‘ylangan 143 ta asardan 97 tasi yozilgan. Eng katta qismi «Odatlar haqidagi etyudlar»dir, unga 72 ta roman kirgan bo‘lib, bular orasida — «Gobsek» (1830), «Yevgeniya Grande» (1833), «Gorio ota» (1834), «Yo‘qotilgan orzular» (1837—43) kabi asarlar bor. 
Balzak ijodida fransuz realizmi o‘zining yuksak pog‘onasiga ko‘tarildi. «Inson komediyasi» epopeyasi 19-asrning 1-yarmidagi fransuz jamiyatining realistik manzaralarini keng qamrovda aks ettirganligi, voqealarga, dalillarga boyligi, turli toifadagi kishilar dramasi yaratilganligi, yorqin obrazlari va personajlari bilan katta taassurot qoldiradi. 
Epopeya asarlari bir-biri bilan bog‘langan, qahramonlar taqdiri tutash. Sudxo‘r Gobsek, kommersant Grande, bankir Nusingen, ziyoli Rastinyak kabi obrazlar asardan asarga o‘ta boradi. Balzakning «Inson komediyasi» epopeyasi zamondoshlarining yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan. 
Balzakning «Yevgeniya Grande», «Gorio ota», «Gobsek», «Sag‘ri teri tilsimi» asarlari S. Muhammadjonov, M. Mirzoidov, M. Mahmudov va boshqa tarjimasida turli yillarda o‘zbek tilida nashr etilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.