background
logotype

Saavedra Migel de Servantes (1547.9.10, Alkalade-Enares — 1616.23.4, Madrid) — ispan yozuvchisi. Iezuitlarning Valyadolida shahridagi kollegiyasida (1557—61), keyin Madridda tahsil ko‘rgan. Papa muridlari bilan birga 1569 yilda Italiyaga borgan. Yevropa flotining Lepanto yaqinida turklarga qarshi olib borgan jangida (1571 yil 7 oktyabr) yaralangan; vataniga qaytishda (1575) dengiz qaroqchilari qo‘liga tushib, Jazoirda 5 yil asirlikda yashagan.
Servantes 1585 yil Madridda nashr etilgan «Galateya» romani bilan tanilgan. Shundan keyin u garchand 20—30 ta pesa yozgan bo‘lsada, bu asarlar izsiz ketgan. Qalam haqi evaziga turmush tebrata olmagan Servantes 1587 yilda Sevilyaga ko‘chib borib, 1603 yilgacha dastlab harbiy, keyin oddiy fuqaro sifatida xizmat qilgan. Ispaniyaning eng yirik portlarida yashash va turli tabaqadagi kishilar bilan muloqotda bo‘lish uning so‘nggi davr ijodiga katta ta’sir o‘tkazgan. 1602 yil Sevilya qamoqxonasida boshlagan «Don Kixot» romani (1-qismi) nashr etilishi bilanoq (1603) Servantes Yevropa miqyosida mashhur bo‘lib ketadi. Romanning katta shov-shuv qozonganiga havas va hasad qilgan A. Fernandes de Avelyaneda taxallusli qalamkash 1614 yilda «Don Kixot»ning soxta davomini yozib, nashr etadi. Bundan g‘azablangan Servantes 1615 yilda romanning haqiqiy davomi — 2-qismini e’lon qiladi. Servantes «Don Kixot»ning har ikkala qismi orasida «Pandnoma hikoyalar» (1613) va «Parnasga sayohat» dostoni (1614)ni yozgan. «Persiles va Sixizmundaning sarguzashtlari» (1617 yil nashr etilgan) romani esa Servantesning xastalik paytida yozib tugatgan so‘nggi asaridir. Umrining aksar qismi xorlik va zorlikda kechgan Servantes o‘limi oldida rohiblikka o‘tgan.
Servantesning adabiy merosida hajviy va ishqiy she’rlar, ishqiy qahramonlik va hayotiy-maishiy mavzudagi drama va komediyalar hamda ko‘plab hikoyalar mavjud. Bu asarlarga xos eng muhim holat va vaziyatlar, niyat va g‘oyalar «Don Kixot»da o‘zining yorqin badiiy tajassumini topgan. Asardagi taqdir bilan murosa qila olmaydigan, har qanday adolatsizlikka qarshi kurashga shay bo‘lgan qahramon obrazi o‘z iddizlari bilan 16-asrdagi ispan «yangi ritsar romanlari», shuningdek, Italiyadagi Uyg‘onish davri dostonlari va cho‘ponlar xaqidagi ko‘plab hikoyalarga borib taqaladi. Ammo Servantes bu asarlarga xos qahramon obrazini yaratish an’analarini davom ettirishni emas, balki o‘zi yashagan davrda keng tarqalgan «yangi ritsar romanlari» ustidan kulishni, ularga parodiya qilishni o‘ziga maqsad qilib olgan. Ayni paytda Servantes voqelikka realist yozuvchi sifatida yondashib, insonparvarlik g‘oyalarini tarannum qilgan.
«Don Kixot» 19—20-asrlarga kelib olamshumul shuhrat qozondi. Xuddi shu davrlarda asarning tragikomik va umuminsoniy ahamiyati ilk bor kashf etildi; unda tasvirlangan ideal va real qodisalar, soxta qahramonlik bilan haqiqiy jasorat, orzu-armon bilan real voqelik o‘rtasidagi keskin farq shu asrlarda kechgan ijtimoiy po‘rtanalar va hayotiy vaziyatlardagi tanazzul mohiyatini o‘zida ifodalash qudratiga ega bo‘ldi. Ushbu roman asosida jahonning ko‘pgina mamlakatlarida sahna (opera, balet, drama), kino (kinofilm, teleserial), musiqa (fantastik variatsiyalar) va tasviriy san’at (haykal va b.) asarlari yaratilgan.
Naim Karimov.

Фильтр
Кол-во строк: 
Servantes. Don Kixotning sarguzashtlari

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.