background
logotype

Stendal (taxallusi; asl ism-sharifi Anri Mari Beyl) (1783.23.1, Grenobl - 1842.23.3, Parij) — fransuz yozuvchisi. Advokat oilasida tug‘ilgan. 1799 yilda harbiy vazirlik xizmatiga kirgan, Napoleon I armiyasida xizmatda bo‘lgan (1806—14). So‘ng Italiyaga kelib, J. Bayron bilan tanishgan. Italyan romantiklarining «Conciliatore» («Yarashtiruvchi») jurnali bilan hamkorlik qilgan. 1815 yildan boshlab Stendalning dastlabki asarlari e’lon qilina boshlagan. Bu asarlardagi respublikachilik ruhi va cherkov sha’niga aytilgan nomunosib so‘zlar Avstriya politsiyasida Stendalga nisbatan shubha uyg‘otadi. Hayoti xavf ostida qolgan Stendal 1821 yilda Parijga qaytib, maqolalar yozadi, romantizm haqidagi munozaralarga kirishadi va publitsistik risolalar e’lon qiladi. 1830 yil Iyul inqilobidan keyin Stendal dastlab Triestda, so‘ngra Rim yaqinidagi bir shaharchada fransuz konsuli lavozimida xizmat qiladi. Stendal hayotining bu shaharchadagi so‘nggi 10 yili qizg‘in ijod bilan kechadi. Stendal ijodi 18—19-asrlarning tutash nuqtasida boshlanganiga qaramay, u imperiya halokatga uchragunga qadar xavaskor yozuvchi darajasidan yuqori ko‘tarilmadi. 1814 yildan Tiklanish (Restavratsiya)ning so‘ngiga qadar bo‘lgan davrda Stendalning ijtimoiy-falsafiy va adabiy-estetik qarashlari uzil-kesil shakllandi. U shu davrda «Gaydn, Motsart va Metastazio hayoti» (1817), «Italiyadagi rang-tasvir tarixi», «Rim, Neapol va Florentsiya» (1817), «Muhabbat to‘g‘risida» (1822), «Rossini hayoti» (1824), «Rasin va Shekspir» (1823—25), «Rim bo‘ylab sayr» (1829) singari publitsistik, falsafiy-psixologik, shuningdek, san’at haqidagi asarlari va yo‘l xotiralarini e’lon qildi. U qariyb 30 yil davom etgan tayyorgarlikdan keyin yirik badiiy asarlar yozishga kirishib, «Armans» (3 jildli, 1927), «Qizil va qora» (1831), «Parma ibodatxonasi» (1939) romanlari, «Vanina Vanini» (1829) xikoyasi, «Vittoriya Akkoramboni», «Chenchi» (1837), «Gertsoginya Palliano» (1838) va «Kastrolik abbatisa» (1839) singari yo‘l xotiralarini yaratdi. Bundan tashkari, Stendal shu davrda «Xudbinning xotiralari» (1832) va «Anri Bryular hayoti» (1835) avtobiografik kissalari, «Lyusen Leven» (1834—36), «Lamel» (1839—42) romanlari, «Minna Vangel» (1829—36) qissasi va boshqa asarlarini yezdi.
Tanqidiy realizmning shaxsga tarixiylik printsipi asosida yondashish, voqealar va xarakterlarning haqqoniyligiga erishish, xulq-atvorlarni sinchkovlik bilan o‘rganish, ong-shuur harakatini taxlil etish haqidagi talablari Stendal realizmining asosini tashkil etadi. Stendal «Armans» romanida shu printsiplarga amal qilishga uringan bo‘lsada, bu printsiplar yozuvchining shoh asari — «Qizil va qora» romanida o‘zining mukammal ifodasini topgan.
«Qizil va qora» romani Stendal ning yuksak mahorati bilan 19-asrning taeutiliy xronikasi darajasiga ko‘tarildi. Asarda «salon hayotidan ko‘rinishlar»gina emas, balki Tiklanish davridagi qariyb butun Fransiyaning hayoti o‘z aksini topgan. Stendal Jyulen Sorel obrazini yaratish orqali fransuz jamiyatining ijtimoiy tabiatini va bu jamiyatda kechgan kurashni katta badiiy kuch bilan ko‘rsatgan. Stendalning tugallanmay qolgan «Lyusen Leven» romanida esa Iyul monarxiyasining dastlabki yillaridagi siyosiy-ijtimoiy va xususiy hayotning keng manzarasi tasvirlangan. Stendal ijodi fransuz adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi va jahon miqyosida shuhrat qozondi. Stendalning tasvirlash maxrrati, jamiyat hayotini badiiy taxlil kilish san’ati romandan romanga o‘sib boradi. Stendal adabiyotshunoslik, san’at tarixi, falsafa va psixologiya masalalariga oid asarlar ham yaratgan. Uning asosiy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Naim Karimov.

Фильтр
Кол-во строк: 
Stendal. Qizil va qora (roman)
Stendal. Parma ibodatxonasi (roman)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.