background
logotype

Xuan Karlos Onetti. Sohil bo’ylab chopayotgan Esberg (hikoya)

Yaxshiyam, kechga tomon kun isib ketdi, bulutlar ortidan chiqay -chiqay deb turgan quyosh nurlari birdan ko‘chalarga va uylarning ustiga tamanno bilan to‘kila boshladi; axir ular xuddi shu soatlarda yangi bandargoh va kemalar yaqinidagi manzilda daydib yurishgan, narigi to‘lqinto‘sardan bu to‘lqinto‘sar bo‘ylab yoki prefektura qarshisidagi do‘konchadan har xil shrinliklar do‘konchasi tomon sayr qilib kelishayotgan bo‘lardi. Oyog‘ida poshnasiz boshmoq, yassi shlyapa ostidan bir tutam sariq sochlari ko‘rinib turgan vazmin Kirsten aftoda qiyofada bo‘lardi. Past bo‘yli yuzlari iztirobdan oqarib ketgan asabiy Montes esa goh Kirstenning yuziga bir pas ma’no o‘qmoqchidek tikilar, goh o‘zi ham bilmagan holda arqonlarni qirg‘oqqa uloqtirayotgan matroslarga adovat bilan tikilib, kemalarning nomini o‘qir edi.
Uning mo‘ylovining uchini jahl bilan tishlagancha, shaharning betashvish hayotidan yana ham to‘lishib-yo‘g‘onlashgan Kirstenni to‘g‘ri dengiz shovullab yotgan, o‘zini tutib turish noqulay bo‘lgan katta nam xarsang bilan kemaning qora tunukasi orasidagi ko‘m-ko‘k tor yo‘lakda daf’atan turtib yuborish istagidan o‘zini qanday saqlab turganini men hozir xayolan tasavvur qilayapman. Men ularni o‘sha yerda ekanligini bilardim; chunki tush payti Kirsten Montesning izidan idoraga kelgandi va ularning xiyobon tomon yo‘l olishganini ko‘rgandim; Kirstenning aft-angori bugun ham xuddi yomg‘ir savalab tashlagandek gezarib-qo‘pchib turardi, uning chehrasi ayozda qolgan haykalning yoki yomg‘ir ostida ko‘zlarini yummasdan uxlayotgan kishining yuzidek ko‘kazak edi. Kirstenning yuzini sepkil bosgan, undan doimo yerto‘la va baliqchilar to‘rining hidi anqirdi: balki bu butun vujudiga singib ketgan molxona va qaymoqning isidir; bularning bari uni hamon tashlab ketolmayotgan olisdagi vatanining hidi deb o‘ylardim men. Boshqa paytlari ular portga kechasi yoki subhidamda chiqishardi. Sayr qilib yurisharkan,
Montes kemalarning quloqni qomatga keltiradigan chinqiriqlari orasida xotinining erkakcha boshmog‘i toshyo‘lda qanday xazin tovushda shipillayotganini eshitib qolardi, shunda sho‘rlik, nomusdan yerga kirib ketguday yoki qandaydir shafqatsiz bir kuch o‘zini tilka- pora qilib tun qo‘yniga uloqtirib yuborganday bo‘lardi. Bizning mahalliy gazetalarda shu oyda jo‘nab ketadigan kemalar haqidagi e’lonlar muntazam bosilib turilardi va men qasam ichib aytishim mumkinki, sirena chalinib yakorlar ko‘tarildi deguncha Montes hamisha o‘sha yerda hoziru nozir edi, u toki , kema portdan ko‘rinmay qolguncha, haykalday qotib turardi: ba’zida go‘yo yomg‘ir ostida qolganu, u esa balchiq yuziga qalqib chiqmagan paytda anhor tubida o‘sadigan gul juda go‘zal ko‘ringani kabi hali umidsizlik soya solishga ulgurmagan deyarli chiroyli, katta-katta ko‘zlarini yumishni ham unutib uxlab yotgandek yoki o‘zini o‘zi ovutayotgandek qotib qolgan, kema izidan xayolan Ovrupaga jo‘nab ketayotgan xotinining etdor yuziga, garchi hech qanday javob olmasa ham, savol va iltijo bilan tikilib-tikilib qo‘yardi.
Meni shilib ketishga harakat qilgan, shanba va yakshanba kunlari telefondan tushgan foydani mendan yashirib, yolg‘iz o‘zi o‘ynab, omadini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan va natijada to‘lay olmas darajada yutqazib qo‘ygach, Montesning o‘zi bosh egib kelib hammasini aytib bergan kunidan beri ularning qismatidan xaardor va lekin hamon mohiyatiga yetolmas edim. Uning bu nojo‘ya xatti-harakatining tub sababi bilan qiziqqanim ham yo‘q, biroq u hammasini aytib berish istagiga tushgan va shu sababli, ayni daqiqada, omad va do‘stlarga, ha, aynan ularga hamisha hayrixox bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylagan ko‘yi uni eshitishga jazm qilgan edim, asosan esa, unga zug‘um qilmaslikka tirishgandim, chunki oxir oqibatda bu muttaham meni shilib ketishga urinmaganda ham cho‘ntagimdan uch ming peso havoga uchib ketgan bo‘lardi. Men uning pastkash odam, qasamxo‘r do‘st va uchiga chiqqan qip-qizil o‘g‘ri ekanligiga o‘zida hech qanday shubha qolmaguncha, o‘zim biladigan jamiki taxqirli so‘zlar tugamaguncha og‘zimga siqqanicha so‘kkan va yana hatto uning o‘zi ham bunga qo‘shilishga, qachon va qanday holatda bo‘lmasin agar talab qilsam, xohlagan kishining oldida tasdiqlashga tayyor ekanligiga ishonmagunimcha hamda ko‘nglimdagi alam tarqamaguncha uni xaqorat qilgan edim. Alalxusus, xuddi shu dushanbadan boshlab, men qanday fikr bildirmay to‘g‘ridan- to‘g‘ri ham emas, har qanday suhbatda, har qanday sharoitda, o‘rtaga qanday kinoyali luqma tashlamay - har doim u yaramas, shu daqiqadayoq mening gaplarimning mag‘zini chaqib olar, mo‘ylovining uchlarini pir-pir uchirgancha meni tushunganini va mening haq ekanligimni bildirib, mahramona tabassum qilib qo‘yadigan odat chiqargandi. Biz u bilan bu haqda hech qachon kelishib olmagandik, biroq hozirgacha shu hol davom etib kelardi. Men unga bir og‘iz ham gapirmay uning uchun uch ming peso to‘lab yuborgan va toki unga yordam berish kerakmi yoki qonun bo‘yicha jazolashmi degan biron qarorga kelgunimcha ko‘zimdan narida bo‘lib turishni so‘ragandim; so‘ng uni chaqirib olib, oradagi gapni esdan chiqarganimni, taklifni qabul qilishimni, oyiga ikki yuz pesoga ishlab berishi mumkinligini, biroq o‘ziga bir tiyin ham bermasligimni bildirgandim. Bir yil-bir yarim yilda u bo‘ynidagi qarzdan qutuladi, so‘ng to‘rt tamoni ham qibla; menga desa duch kelgan birinchi shoxgayoq o‘zini ossin. Albatta, u mening qo‘l ostimda ishlagani yo‘q; poygadagi yutuqlarni kuzatib borishni unga yuklash xavfli bo‘lib qolgach, Montesning xizmatidan endi foydalanishim mumkin emas edi. Avvalgi bitimimizga muvofiq, uni o‘z ishxonamda, faqat odamlarni xotirjam qabul qilish imkoniga ega bo‘lish va telefon orqali muzokaralarni yetkazib turish uchungina ushlab turgandim; endi esa u idorasi menikiga qo‘shni bo‘lgan, mening ba’zi ishlardagi sherigim Serrona qo‘lida ishlay boshladi. Serrona, albatta, unga moyana to‘lar, to‘g‘rirog‘i menga to‘lar, uni esa, biri shaharning u chekkasida, biri boshqa burchagida bo‘lgan goh bojxonaga, goh omborxonaga kun uzog‘i bilan tinim bermay yugurtirgani-yugurtirgan edi. Men xizmatkorlarimdan qaysi biridir, xuddi otchopardagi kassaning qulfsiz tuynugidek, ishonchsiz va besubut kishi sifatida nom qozonishini sira istamasdim, shu sababli, bu haqda hech kim hech narsa bilmay qo‘ya qolgandi. Bu voqealarning barini, yoki deyarli birini, u aftidan, yuzi murdaday ko‘karib, sovuq ter tomchilaridan peshonasi va burnining qirralari xunuk yaltirab, xuddi talangan itday ayanchli qiyofada mening oldimga kirib kelgan o‘sha dushanba kuniyoq ma’lum qilib bo‘lgan edi. Qolgan tafsilotlarni esa u keyinchalik, bizning ba’zi-ba’zida bo‘lib turadigan suhbatlarimizda aytib bergan bo‘lishi kerak. Garchi shunday bo‘lishiga o‘zimiz ham unchalik ishonmasakda, salqin va musaffo havo bizga omad hamda do‘stlarimiz bilan birga bo‘ladigan ajoyib sarguzashtlar, g‘aroyib ko‘ngilxushliklar olib keladi deb, umid qilgan bu yilgi qish – quruq sovuq bilan to‘satdan boshlangandi; ko‘chalarda va uylarning mo‘rilarida ayoz jazava bilan uvillab yurardi: ehtimol, hamma narsa aynan shundan boshlangandir. Ayozli oqshomlarning birida Montes uyiga qaytadi va xotinini tunuka plita oldida tutab yotgan olovdan ko‘z uzmay o‘tirgan holatda uchratadi. Bu menga unchalik muhim voqea bo‘lib tuyulmagan bo‘lsada, u aynan shunday deb bir necha bor takrorlagan edi. Kirsten mahzuna qiyofada bo‘lgan, biroq nechun ko‘z yosh qilganining sababini aytishni xohlamagan, butun tun va yana butun hafta davomida shu holatda yuravergan. Kirsten – to‘la, durkun va albatta badani ham momiqdek edi. U boshiga musibat tushgan va behad ko‘p sitam chekkan kishidek churq etmay yuravergan va o‘zicha nima bo‘lganini ham Montesga aytmagan. U yer sharining barcha mamlakatlaridagi barcha ayollari kabi “yo‘q, menga hech narsa bo‘lgani yo‘q” deb javob beravergan. So‘ng u Daniyadan keltirilgan - qirollar, ministrlar, sigirlar, tepaliklar va boshqa har xil manzaralar tasvirlangan suratlarni butun uyga ilib tashlagan. Shunda ham u avvalgiday, hech qanday g‘ayritabiiy narsa yuz bermaganini ta’kidlayvergan, bu to‘nka Montes esa, goh u narsadan, goh bu narsadan gumon qilavergan, biroq uzoq vaqtgacha xotinining nima uchun g‘amgin ekanligini aniqlay olmagan. So‘ng Daniyadan xatlar kela boshlagan; Montes esa, bironta so‘ziga ham tushunmagan, nihoyat Kirstenning o‘zi qaysidir uzoq qarindoshiga xat yozganini va endi undan javob olayotganini, biroq kelayotgan xabarlar unchalik quvonarli emasligini Montesga tushuntirgan. Shunda Montes hazillashgandek, maboda u yoqqa ketging kelmayaptimi, deb so‘ragan, Kirsten qat’iy qilib, yo‘q, deb javob bergan xuddi shu kechadan yoki keyingi kechalardan boshlab Montes uyqusizlik balosiga yo‘liqqan.
Kirsten uning yelkalaridan silkigancha hech qayoqqa ketmasligini qatiyat bilan takrorlayvergan, u asabiy holda sigareta tutatganicha bu voqeani o‘qilishi og‘ir kitobni o‘qiyotganday qilib aytib bergandi. Olis Daniya haqidagi xochning surati bor bayrog‘i va o‘rmon orqali cherkovga olib boradigan yo‘l haqidagi hikoyalarini bosh qimirlatib, ma’qullagancha tinglab o‘tiravergan. Shuncha gaplardan keyingina - Kirstenning Amerikada o‘zi bilan qanchalik baxtli ekanligini tushungachgina Montes xotirjam uyquga ketgan.
Bir muncha vaqt xat kelib ketib turgan va bir kuni kechqurun o‘ringa yotishganda, Kirsten chiroqni o‘chirib, tuyqusdan; «Agar sen gapimni bo‘lmasang, senga bir narsa aytib beraman, faqat bir og‘iz ham gapirmay eshit»,- degan. U «Albatta-albatta»,-deb g‘o‘ng‘illagan; Montes dovdirab qolib, kuldonni choyshabning qatiga to‘kib yuborgan va hamma narsaga tayyor qiyofada, xotinining yoniga cho‘zilgan. Biroq xotini u kutgandek boshqa erkak haqida hatto eslamagan ham, xuddi xozirgina yig‘lashdan to‘xtagandek, past, xirilloq tovushda, ular velosepidlarini tashqarida qarovsiz qoldirishi, cherkovga yoki boshqa biron yoqqa jo‘nashganda eshiklarni ochiq holda tashlab ketishi, chunki Daniyada bironta ham o‘g‘ri yo‘qligi, u yerdagi daraxtlar boshqa mamlakatlarnikiga qaraganda balandroq o‘sishi hamda, ko‘proq yashashi, va har bir daraxtning o‘ziga xos hidi bo‘lishi haqida, hatto o‘rmonda boshqa daraxtlarning hidlarii bilan aralashib ketgan taqdirda ham qanday hid qaysi daraxtning hidi ekanini bemalol ajratish mumkinligi to‘g‘risida, odamlarni tongda dengiz qushlarining sayrog‘i uyg‘otishi, uzoqlardan esa ovchilarning miltiq tovushlari kelib turishi, bahor ham bu yerlarda qorning ostida uzoq yashirinib yotib, so‘ng xuddi tog‘dan kelayotgan sel kabi, birdan bostirib kelishi va hamma narsani o‘ziga mahliyo qilib qo‘yishi, shunda odamlar faqat chuvoqli kunlar haqidagina gaplasha boshlashi to‘g‘risida hikoya qilib bergan. Daniyaga, baliqchilar posyolkasiga bahor, xuddi semiz g‘ozga o‘xshab lapanglab kirib keladi degan.
Va Kirsten «Esbirges, xrised kysten*» deb takrorlagan, garchi, nima deyilganiga tushunmasa ham xuddi mana shu so‘z Montesni, ayniqsa, hayajonga solgan: u menga xotinining tovushida ibodat paytidagidek, muqaddas bir ehtiromni anglab, yig‘lab yuborishiga oz qolgani to‘g‘risida gapirib bergan edi. Kirsten bu so‘zni qayta va qayta takrorlagan. Bu sirli so‘zlar Montesni mahliyo qilib qo‘ygan va unda xotiniga nisbatan o‘zining imkoniyatiga qaraganda yirikroq va kuchliroq achinish hissini uyg‘otgan; u xotinini, g‘irt yetim qizni himoya qilgandek himoya qilishni, dalda va taskin berishni istagan: hamma balo shunda ediki, bu o‘zga tildagi xitob Kirsten hayotining o‘ziga mutlaqo noma’lum qismidan eshitilgandek bo‘lgani uchun ham uni o‘ziga rom qilib qo‘ygan. Mana shu tundan boshlab uning qalbida g‘ayritabiiy muruvvat tuyg‘usi paydo bo‘lgan; xuddi Kirsten og‘ir kasaldan kundan-kun holdan toyyayotganday, tuzalib ketishiga hech qanday umid yo‘qday bu shafqat soat sayin ulg‘ayib borgan. Hayotining ma’lum qismini o‘z izmiga bo‘ysundiradigan, o‘zining ham ko‘nglini chog‘, tilini uzun qiladigan, uzoq yillar ko‘nglini yupatib yuradigan katta bir jasorat ko‘rsatish kerak degan fikrga kelgan. U Kirstenning Daniyaga jo‘nab ketishi uchun pul to‘plashga kirishgan. U ma’lumotnomalarni, bu ishga to‘la qaror qilmay va buning uchun ikki ming peso zarurligini bilmay turiboq, to‘g‘rilay boshlagan. Ammo qaerdan olishi mumkinligini ham o‘ylamay ikki ming peso topish ehtiyoji unga hech orom bermay qo‘ygan. Aftidan, shunday bo‘lgan, ammo o‘ziga nima bo‘lganini o‘zi ham tushunmagan. Ikki ming peso topib, bu haqda Kirstenga serfayz shanba oqshomlarining birida, qimmatbaho restoranda oliy navli vinoning so‘nggi qadahini ko‘tara turib aytmoqchi bo‘lgan! Buni aytar ekan, u xotinining yuzi xushta’m taomdan va o‘tkir vinodan bilinar-bilinmas qizarib turganini ko‘radi, avvaliga Kirsten unga ishonmaydi; shunchaki to‘qib-bichayapti deb o‘ylaydi, so‘ng asta-sekin uni ham zavq va hayajon egallaydi, ko‘zlaridan minnatdor yoshlari sim-sim to‘kiladi va nihoyat u Montesning sovg‘asini olishdan bosh tortadi. «Menga parvo qilma, hammasi o‘tib ketadi,»-deydi u, Montes esa toki xotini o‘z sovg‘asini qabul qilmaguncha qatiyat bilan taklif qilaveradi va yana u Kirsten bilan bir umr ajrashmoqchi emasligiga, toki qaytib kelguncha, uni shu yerda sadoqat ila mahtal bo‘lib kutib turishiga ishontiradi.
Boshqa bir kechasi uyqusi uchib u ikki ming peso topishning har xil yo‘llarini o‘ylar ekan, Skopellenning xilvat burchagida o‘tadigan bo‘lajak shanba oqshomini xayolan tasavvur qilgan; u o‘zini jiddiy tutib, ko‘zlarida suhbatni sirli tabassum bilan boshlaydi, yo‘q, avval, xotinidan qaysi kuni uzoq safarga chiqsa xosiyatli bo‘lishini so‘raydi; Kirstendan oldinroq uxlab qolgan boshqa bir kechasi esa uning tushiga xotinining tushi kiradi va tushida ham Kirsten unga Daniya haqida hikoya qilib beradi. Aslida, bu Daniya emas edi; bu - Kirsten tug‘ilgan, dastlab ona tilida chuldirashni o‘rgangan, ilk bor erkak bilan raqsga tushgan, barcha yaqinlaridan ko‘z o‘ngida birin-ketin ajralgan olis mamlakatning bir parchasi, ulkan yer sharining bir hovuchi edi. Aziz va qadrdon narsasini yo‘qotib qo‘yib, so‘ng bir umr unitishi mumkin bo‘lmagandek, bu Kirsten abadiy yo‘qotgan muqaddas joylar edi. Xotini Daniya to‘g‘risida boshqa voqealarni ham gapirib berar, lekin asosan o‘sha bittasini ko‘p takrorlardi va Montes xotinini qachonlardir yurgan yam-yashil yo‘llarni, baland-baland daraxtlarni, bag‘ri keng, shafoatli odamlarni, turli uy hayvonlarini yaqqol ko‘rib turganday bo‘lardi.
Lo‘ppigina Kirsten o‘zi bilmagan holda uni devorga siqib qo‘yib, yelkasiga boshini qo‘ygancha, pichirlab, hikoya qilavergan; tinglayotgan kishini biroz zeriktiradigan, go‘yo olis yillar qa’ridan eshitilayotgandek vujudining to‘ridan otilib chiqayotgan mungli tovush bilan eng zarur so‘zlarni chertib-chertib gapirar ekan, Montes xotinining burun uchlari qanday shalpayib qolganini, ko‘zlari ingichka ajinlar hosil qilib, qanday qisilayotganini, seret engagining qanday titrayotganini aniq his qilib turgan.
Shunda Montes beixtiyor, bankdan olinadigan qarz yoki bironta sudxo‘r haqida va hatto pulni unga men berib turishim mumkinligi to‘g‘risida ham o‘ylagan. Shanba yoki yakshanbada mening idoramda Xasinto bilan birga Palerma yoki La-Platadan telefon orqali kelayotgan xabarlarni qabul qilib o‘tirar ekan, u Kirstenning safari haqida yana xayolga berilgan. Kunlar lanjlik bilan o‘tayotgan edi, foyda ming pesoga zo‘rg‘a yetardi, ba’zan esa qandaydir o‘pkasi katta qimorboz paydo bo‘lib qolar, shunda daromad besh mingdan, ba’zan undan ham oshib tushardi. Montes menga poyganing har bir aylanib kelishi oldidan o‘yinning borishi to‘g‘risida telefon orqali axborot berib turishi shart edi: agar o‘yin qandaydir xavfli tus olsa - ba’zan shunday bo‘lib turardi - men Veles, Martina yoki Vaskodagi yetakchi o‘yinlar hisobiga sirg‘alib chiqishga harakat qilardim. Xuddi mana shu daqiqalarda Montesning xayoliga menga bildirmasdan uch-to‘rt yirik hisobdagi o‘yinlarni yashirib, minglab pattalarni o‘z hisobiga o‘tkazib, agar jur’ati yetishsa, yo xotinining sayohati uchun, yoki peshonaga tegadigan o‘q uchun o‘ynab ko‘rsamchi degan shum fikr kelib qolgan. Agar u o‘zida jasorat topa olsa, bu ishni qilmoqchi bo‘lgan: axir Xasinto har bir qo‘ng‘iroqda qancha patta o‘ynalganini qaerdan bilib o‘tiribdi? Montes menga bu haqda bir oy o‘ylab yurganini gapirib bergandi. Menimcha, u rost gapirgan edi, aftidan, bunga o‘xshash kimsalar o‘g‘irlik qilishdan oldin uzoq ikkilanadilar, azob chekadilar, o‘ylayverib, o‘zlarini adoi-tamom qiladilar, har bir telefon qo‘ng‘irog‘i oldidan jiqqa terga botgancha asablari qaltirab turadilar. Agar u aldayotgan bo‘lsa, men bud-shudimni tikib, hech ikkilanmay qasam ichishim mumkin: agar u bu ishga o‘z-o‘zidan, kutilmaganda kirishgan bo‘lsa, agar o‘z kuchi va qudratiga ishonib, to‘satdan qaror qilgan va keyinchalik «Men aytgan edim-ku, o‘shanday kunda ham juda oz patta sotilgandi,» deb shubha bildirgan, biroq o‘sha paytda hech narsani sezmay qolgan, hayvondan ham battar Xasintoning ko‘z oldida meni xotirjamgina shilib ketishga harakat qilgan bo‘lsa, jonimni o‘rtaga qo‘yib qasam ichishim mumkin. Men ishonch bilan aytishim mumkinki, hozir yutushi mumkinligini his qilib, uning yuragi qinidan chiqib ketguday bo‘lib ura boshlagan; biroq u jo‘jani kuzda sanab qo‘ygan edi.
Shunday qilib, u uch ming pesoga yetadigan o‘yinni boshlab yuborgan va to‘satdan bu o‘yinda yutib chiqishga ishonmay qo‘ygan, badanidan chim-chim ter oqa boshlagan, o‘z hisobini qayta-qayta tekshirib ko‘rgan va odamdan ko‘ra ko‘proq ipak ko‘ylak kiygan maymunga o‘xshaydigan Xasintoga shubha aralash tikilib-tikilib turgan; oqshom payti mashinalar bilan liqqa to‘ladigan ko‘chani derazadan kuzatgancha, oyog‘i kuygan tovuqday idorada timirskilanib yurgan. U yutqiza boshlaganini, boshqalar yutug‘i har qo‘ng‘iroqda yuz pesodan oshib borayotganini anglagan paytda, mana shunday holatda bo‘lgan: uni jiqqa ter - nihoyat o‘zida idoraga qaytishga kuch topib, menga hammasini aytib berishga ahd qilgan o‘sha dushanba kuni ham badanida hidi saqlanib qolgan qo‘rquvning sovuq va badbo‘y qora ter butun vujudini qoplab olgandi.
Kirstenga bu narsalarni u hali meni shilib ketmasidan oldinroq aytgan; u xotiniga yaqin kunlarda o‘zlari uchun juda muhim, juda ajoyib nimadir sodir bo‘ladi - men senga atab, hatto tushingga ham kirmagan g‘aroyib sovg‘a tayyorlayapman, faqat u qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan shunchaki oddiy buyum emas, degan. Shuning uchun ham hammasi boy berilgandan so‘ng, u xotiniga halokat haqida gapirib berish juda ham zarurligini his etgan: biroq u buni Skopellining xilvat burchagida, o‘tkir xorij arog‘i to‘la qadahni ko‘tara turib emas, o‘zlarining yemakxonasida, qashshoq dasturxon ustida aytishga majbur bo‘lgan: u metall naycha orqali xo‘rillatib mate so‘avergan, Kirsten esa, unga yon tomoni bilan o‘girilib, yuzida qizg‘ish shu’lalar o‘ynoqlagancha, temir plitadagi olov qanday miltillayotganini kuzatib o‘tiravergan. Ular qanchalik obi-diyda qilganlaridan xabarim yo‘q: ertasiga Montes menga qarzini o‘zining maoshi bilan uzishi mumkinligini aytdi: Kirsten esa o‘ziga ish topishga majbur bo‘ldi.
Voqeaning keyingi qismi oradan bir oz vaqt o‘tgach, ishiga hech bir aloqasi bo‘lmagan paytlarda ham Kirsten uydan indamay chiqib ketishni odat qilgandan so‘ng boshlangan; agar ular biron joyda uchrashishni kelishsalar, Kirsten hamisha kechikib kelgan, ba’zan esa yarim kechasi o‘rnidan turib; kiyinib, biron og‘iz ham gapirmay, qayoqqadir jo‘nab qolgan. Unga biron nima deyishga, umuman, u bilan gaplashib olishga masalani ochiq-oydin ko‘ndalang qo‘yishga Montesda jur’at yetishmagan; chunki ular faqat Kirstenning moyanasi hisobigagina kun kechirishardi, Montesning Serrona ko‘lidagi ishi uchun ba’zida men qo‘yib beradigan bir stakan vinodan boshqa sariq chaqa ham to‘lashmas edi.
Shunday qilib, Montes o‘zining axmoqona fe’l-atvori bilan, ha, asosan, axmoqona fe’l-atvori bilan, ustiga ustak meni shilib ketmoqchi bo‘lgan kundan buyon saqlanib qolgan va aftidan, uni endi bir umr tark etmaydigan jizzaki kayfiyati bilan xotiniga zug‘um qilmaslik uchun tilini tishlashga majbur bo‘lgan. Shubha Montesni tiriklay komiga tortavergan, u toki bir kuni Kirstenning izidan xufyona kuzatib bormaguncha, uning tosh yo‘lni vazmin qadam tovushlari bilan to‘ldirib, portga qarab ketayotganini va u yerda xotinining kuzatuvchilar bilan birga va shuningdek, ulardan alohida, jo‘nab ketayotgan kemalar izidan termulgancha, xuddi bandargohga zanjirlanganday qotib turganini ko‘rmaguncha, turli xil mudhish gumonlarga boravergan. Kirstenning Daniya haqidagi tungi hikoyasidek bu yerda ham hech qanday begona erkak bo‘lmagan. Bu marta Montes xotini bilan gaplashib olishga jur’at etgan va Kirsten hammasini unga ochiq so‘zlab bergan; Montes yana bir narsani - menimcha, unchalik ahamiyati yo‘q narsani - ya’ni Kirsten unga bu narsalarni na g‘ussa, na g‘azab , na xijolat bilan emas, odatdagi ohangda gapirib berganini menga alohida ta’kidlagandi, go‘yo unga ishonmayotganday, qayta -qayta takrorlagandi. Kirsten unga Ovropaga jo‘nab ketayotgan kemani kuzatib qolish uchun, vaqt qay mahal bo‘lmasin, baribir, portga kelib turganini aytib bergan. Montes uning bu xatti-harakatidan qo‘rqib ketgan va oxiri ko‘ngilsizlik bilan tugashi mumkin bo‘lgan bu odatga qarshi kurashishga qaror qilgan: bu yerga kelib turishi - uyda o‘tirganidan ko‘ra ming karra battarroq ekanligiga xotinini ishontirmoqchi bo‘lgan; biroq Kirsten o‘zini hamishagidek jiddiy tutib qat’iyat bilan bu yerda ko‘ngli bir oz bo‘lsa ham yupanishini, shuning uchun portga, albatta, yana kelishini, jo‘nab ketayotgan kemalarni qo‘l silkib, toki, ko‘zlari og‘rib qolguncha izidan termulib yoki shunchaki kuzatib qolishini, buni xohlagan va ilojini topgan har qanday vaziyatda qilaverishini aytgan.
Va oxir-oqibatda, Montes Kirstenni doimo bandargohga kuzatib borishga qaror qilgan; xuddi mening oldimda o‘z qarzini o‘tayotgandek, shu yo‘l bilan, xotinining oldida ham o‘z burchini o‘tamoqchi bo‘lgan.
Mana endi, har shanba oqshomi kechasimi, yoki tush paytimi, havo ochiqmi yoki Kirstenning gezarib ketgan yuziday serbulutlimi, yomg‘irlimi, baribir, ular portga qarab yo‘l olishardi va kema jo‘nagunga qadar turli shakldagi jamodonlar ko‘targan, issiq paltolar kiygan, qo‘llarida gul va ko‘z yoshlaridan nam bo‘lgan ro‘molchalar tutgan odamlar orasida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay, xiyobon ichida sayr qilib yurishardi; yurakni orziqtiradigan sirena qiyqirig‘idan so‘ng, kema sekin jo‘nab keta boshlardi; toki tinkalari qurib, holdan toyib qolgunlaricha ular qimirlashga ham qo‘rqib, toshdek qotib turishar va har biri o‘z-o‘zicha chuqur va sirli xayollarga g‘arq bo‘lgan kuyi, ayni daqiqada, o‘zlari ham bilmagan holda, ikkalasi ham bir paytda, qalblarini allaqachon o‘ziniki qilib ulgurgan va endi bir umr ularni o‘z changalida olib yuradigan vatan sog‘inchi va yolg‘izlikning beshafqat panjalari haqida o‘ylashib, bir-birining yelkalaridan mahkam quchgancha ketayotgan kema izidan jimgina qarab turishardi.

* “Sohil bo‘ylab chopayotgan Esberg” degan ma’noni beradi. (Daniya tilida)


Nazar Eshonqulov tarjimasi

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.