background
logotype

Abdujabbor Yahyoyev. Me’moriy merosga shoirona nazar

http://ziyouz.uz/images/adiblar/bobur/bobur01.jpg

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek mumtoz ­adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri bo‘lish barobarida me’morlik va bog‘ tuzish, obodonchilik sir-sinoatlarini ham chuqur bilgan. Hindistondagi hozirda olamga mashhur, jahon me’moriy ­merosida muhim o‘rin tutgan, musulmon me’morchiligiga xos bo‘lgan muhtasham obidalari yaratilishiga asos solgan. O‘zining mashhur “Boburnoma” ­asarida u ko‘plab me’moriy inshootlarni qisqa, lo‘nda va chuqur ta’riflab bergan. Hozirda bu asar zamonasining me’moriy inshootlari haqidagi ­qimmatli manba sifatida ham qadrlidir.

Mustaqillik yillarida Bobur faoliyatidagi bunyodkorlik, xususan, me’morlik va shaharsozlikka oid ishlarga qiziqish yanada kuchaydi. Ayniqsa, XVI-XVIII asrlarda Bobur va boburiylarning Hindiston me’morchiligiga olib kirgan Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq me’morlik g‘oyalari va ularning bu hududda o‘ziga xos ko‘rinishda rivojlanish masalalarini o‘rganish ilmiy nuqtai nazardan dolzarb mavzuga aylandi. Xalqaro madaniy aloqalarning ­rivojlanishi va O‘zbekiston xalqlarining jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasining tan olinishi buyuk yurtdoshlarimizning jahon me’morchiligidagi ­faoliyatiga ham e’tiborni kuchaytirdi.

Ulug‘ vatandoshimizning me’morlik va obodonchilik ishlariga munosabatini aniqlashda uning “Boburnoma” asarida qayd etgan shaharlar tizimi, me’moriy inshootlar va qurilish sohasiga oid fikrlari, ma’lumotlari e’tiborga sazovordir. U o‘zi ko‘rgan shahar-qishloqlar, turli inshootlarga lo‘nda va aniq ta’riflarni keltirgan. Shoir yozganlari asosida Markaziy Osiyo va Xurosonning XV asr oxiridagi shaharsozlik tizimi haqida Andijon, O‘sh, Marg‘ilon, Isfara, Xo‘jand, ­Konibodom, Axsikat, Koson, Samar­qand, Hirot, Kobul shaharlari qiyofasi to‘g‘risida ma’lum darajada tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Masalan, Andijon to‘g‘risidagi yozganlaridan XV asrdagi mazkur shahar qalin devor bilan o‘ralgani va uch darvozali qal’adan iboratligi, atrofida aholi zich joylashgan turar joy mahallalari bo‘lgani haqidagi ma’lumotni olish mumkin. Bobur O‘sh tarafidagi maskanlar ta’rifini keltirayotib, bu yerda o‘zi qurdirgan inshoot haqida ham hikoya qiladi. Bobur qurdirgan bu bino tog‘ning yuqorisida, qulay hududda joylashgan va O‘sh shahrini butunlay yuqoridan tomosha qilish mumkin bo‘lgan.

Asarda keltirilgan ta’riflardan hozirda me’morlik tarixida muammo bo‘lib kelayotgan ayrim masalalarni yechishda daliliy hujjat sifatida foydalanilmoqda. Markaziy Osiyo me’morchiligining XVI asrdagi holati haqida tasavvurni Boburning asarlaridagi ayrim ma’lumotlar bilan to‘ldirish imkoniyati mavjud. Shu ma’noda, uning Samarqand me’morchiligi haqidagi xabarlari katta ilmiy ahamiyatga ega. Bobur Samarqandda qisqa muddat bo‘lgan bo‘lsa-da, uning yodgorliklari, shaharsozlik holati haqida qimmatli fikrlarni bergan. Ma’lum bo‘lishicha, Bobur davridayoq shahar devorining yuqori qismi keng va mustahkam holatda ekan. Shuning­dek, Bobur shu davrdagi Samarqand qo‘rg‘oni darvozalarini ham nomma-nom sanab o‘tadi: Ohanin, Feruza, Shayxzoda, Gozuriston, So‘zangaron, Chorraha. Hozirda ularning birontasi ham saqlanib qolmagan. Bundan qat’i nazar, Samarqand haqida shoir keltirgan kuzatishlar shaharning qadimiy tarixiy topografiyasini aniqlashda qimmatli manba hisoblanadi. O‘z navbatida bu Samarqandning tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi chegaralarini belgilab, muhofaza hududlarini qat’iy qayd etishda asosiy omil sifatida qabul qilindi. Xususan, Bobur ko‘rsatgan joylar asosida shahar atrofidagi devor chegarasi, mudofaa uchun qulay joylar va darvozalar o‘rni belgilanib, Samarqandning tarixiy topografiyasiga aniqlik kiritildi.

Bobur bu shaharda Temur va Ulug‘bek qurdirgan inshootlarga ham ta’rif beradi. “Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imorati va bog‘oti Samarqandda ko‘ptur. Samarqand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshyonliq, Ko‘ksaroyga mavsum va mashhur va bisyor oliy imorattur”. Yana “Temurbek solg‘on oliy imorattin biri Ko‘ksaroydurkim, Samarqandning arkida voqi’ bo‘lubtur. Ajab xosiyatlik imorattur”, deb yozadi. Afsuski, zamondoshlarini hayratga solgan to‘rt qavatlik ulug‘ ko‘shk Ko‘ksaroy buzib tashlangan. Chamasi, arkdagi ko‘pchilik imoratlar sinchkoriy bo‘lgan. Saroy to‘rt qavatli bo‘lgani tufayli zilzila oqibatida tez buzila boshlagan. Bobur saroyni ulug‘ ko‘shk deb atashi ham bejiz emas. Arxitektura fanlari doktori Po‘lat Zohidovning fikricha, ko‘shk tuzilishi jihatidan qal’aband qo‘rg‘onlardan ancha farq qiladi. Ko‘shk odatda muntazam bog‘ ichida serhasham, atrofga nisbatan ochiq inshoot hisoblanadi. Boburning bu o‘xshatishi Ko‘ksaroyning muhtasham va serhasham bo‘lganidan dalolat beradi.

Bobur Ulug‘bekning me’morchilikka oid ishlari haqida ham muhim xabarlar qoldirgan. Shunday lavhalardan biri Samarqandning Registon maydonidagi me’moriy majmua inshootlariga taalluqli bo‘lib, bu maydonning XV asr oxiridagi holati xususida tasavvur beradi. O‘sha davr inshootlaridan faqat Ulug‘bek madrasasi saqlangan. Maydon atrofidagi arxeologik tadqiqotlar natijasida madrasaning g‘arb tomonida Mirzoi hammomining qoldiqlari aniqlandi. Shoirning Ulug‘bek rasadxonasi haqidagi ma’lumotlari uning o‘rnini aniq belgilashga imkon bergan edi. Arxeologik qazishmalar Bobur qayd etgan tepalik hududida olib borilib, Ulug‘bek rasadxonasining aniq tarhi ochildi va uning me’moriy hajmiga oid ma’lumotlar aniqlandi.

P.Zohidovning “Boburnoma” asaridagi ma’lumotlar bo‘yicha qilgan tahlillariga ko‘ra Bobur Mirzo XVI asr boshida Ulug‘bek rasadxonasini qanday ko‘rgan bo‘lsa, shunday qayd etgani va rasadxonaning asl me’moriy qiyofasini ma’lum darajada qayta tiklash mumkinligi aniqlandi. Mashhur rasadxona qoldiqlarini samarqandlik ziyoli ulamo Abusaid Mahzum yordamida arxeolog V.L.Vyatkin ochganidan so‘ng bu yerda bir necha bor arxeologik ­tadqiqotlar olib borgan olimlar rasadxonaning haqiqiy ko‘rinishiga oid turlicha mulohazalar yuritgan edilar. Yer osti qismi va poydevori aniqlangan rasadxona haqida Boburning ikki so‘zdan iborat (“uch oshiyonliqdur”) jumlasidagi ma’noni to‘g‘ri anglash uning asl me’moriy yechimi haqida tasavvur hosil qilishga imkon berdi. Uning “oshiyon” so‘zi me’moriy bo‘lmalar ma’nosida qabul qilinsa, rasadxona uch qism – markazda sekstant va ikki yonidagi turli xonalardan iborat aylana tarhli inshoot ko‘rinishini beradi.

“Boburnoma” asaridagi har bir so‘z zamirida qimmatli ma’lumot yashiringan bo‘lib, uning to‘g‘ri anglanishi me’moriy merosdagi ko‘plab muammolarning, yo‘q bo‘lib ketgan me’moriy namunalarning asl yechimini aniqlashda naqadar muhim omil ekani yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdi. Shunday ma’lumotlardan yana biri Samarqandning mashhur Registon maydonidagi majmualarning XV asr holatini aniqlashga imkon berdi. Bobur ta’riflagan bu maydondagi to‘rt inshootdan faqat Ulug‘bek madrasasi to‘liq saqlangan.

Ulug‘bek xonaqohi to‘g‘risidagi Bobur keltirgan fikrlarni tahlil etgan P.Zohidov, bu xonaqoh hozirgi madrasaning tashqi qarshisida emas, balki orqa tomonida, ya’ni hovliga nisbatan qarama-qarshi (ro‘baro‘) joylashganini aniqlagan. Boburning Registondagi inshootlar haqidagi ma’lumotlari orqali bu maydondagi majmuaning XV asrga oid tarhiy yechimini ma’lum darajada aniqroq tasavvur qilishga imkon topildi. Bobur Hirotda bo‘lganida, bu shahar va uning atrofidagi sayrgoh, ziyoratgohlarni nomma-nom qayd etgan. Bu qaydnoma Navoiy va Husayn Boyqaro davri Hirotining tarixini tiklashda bebaho manbalardan biridir. Ushbu ma’lumotlarning ilmiy ahamiyati shundaki, unda tilga olingan inshootlarning deyarli barchasi buzilib, ayrimlarining nomlari ham unutilib ketgani nazarda tutilsa, Bobur yozib qoldirgan ta’riflar Temuriylar va Alisher Navoiy qurdirgan inshootlar tarixi, ­me’moriy merosini o‘rganishda g‘oyat qimmatli manbadir.

Shoirning XV asr bog‘ san’atida ko‘shklar me’morchiligiga oid ma’lumoti Markaziy Osiyo bog‘-saroy me’morchiligining rivojlanish bosqichidagi an’analarni va yechimlarni birmuncha ochib berishga xizmat qiladi. Olim P.Zohidov, Bobur tasvirlagan Hirot shahridagi Tarabxona, kichikroq bo‘lsa-da, ko‘p jihatdan Samarqanddagi Ishratxona (Bog‘i Dilkusho) va Oqsaroyni eslatadi, degan fikrni ilgari surdi. Ya’ni Tarabxona Ishratxona turidagi bog‘-saroylarda turar joy binosi ekanini aniqlashga imkon beradi. “Boburnoma”da shoir Hirotda Alisher Navoiyning uyida istiqomat qilgani, u qurdirgan imoratlarni, Ne’matobod majmuasini ko‘rib chiqqani haqida ham xabar beradi. Asardagi Markaziy Osiyo me’morchiligiga oid ma’lumotlardan tashqari Afg‘oniston va Hindistonning XV asrdagi me’moriy yodgorliklari holati, bu davrda Hindiston me’morchiligining uslub va an’analariga oid mulohazalari ham e’tiborga loyiq. Bu borada Bobur ko‘p hollarda tanqidiy mulohazalarni, ya’ni “...Bog‘chaning eshigida Hindustoniy vaz’liq bemaza ayvonlar qilibtur” yoki “...Hunarlarida va ishlarida siyoq va andom va raja va go‘niya yo‘q... Va imoratlarida safo va havo va siyoq va andom yo‘q” kabi nuqtai nazarini namoyon etadi. Bu fikrlar ko‘p hollarda hind me’morchiligidagi qadimiy usullar, an’analar XV-XVI asrlarga kelib o‘zining g‘oyaviy zaruratini yo‘qotgani va Boburiylar davri talablariga javob bermasligi oqibati ham bo‘lishi mumkin. “Boburnoma”da sug‘orish tizimi, suv inshootlariga oid ko‘plab misollar, fikrlar ham keltirilgan.

Umuman, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari me’morchilik, bog‘ san’ati tarixi haqidagi tadqiqotlar uchun ham qimmatli ilmiy manba ekani, shubhasiz. Bu noyob asardagi hozirda Samarqand, Hirot, Kobul, Dehli, Agra kabi tarixiy shaharlarning bizgacha yetib kelmagan me’morchilik, shaharsozlikka oid obidalari haqidagi ma’lumotlar asosida ko‘plab qadimiy meros qoldiqlarida bajarilgan arxeologik qazishmalar muvaffaqiyatli o‘tdi. Ko‘plab me’moriy yodgorliklarning asl holatini aniqlashda, ularni ta’mirlashda hamda konservatsiya qilishda ham muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Abdujabbor Yahyoyev,

arxitektor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 7-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.