background
logotype

Anvar Namozov. Jek London: Hayot va ijod mashaqqatlariga basma-bas

http://ziyouz.uz/images/jek_london.jpg

Jek London amerikalik yozuvchi, publitsist, jamoat arbobi, mashhur hikoyalar va romanlar muallifi. U yigirma yilga yaqin vaqt mobaynida 200 dan ortiq hikoya, 20 ta roman va 3 ta sahna asari yozdi. Jek Londonning “Shimol Odisseyasi” turkumidagi “Ajdodlar da’vati” “Oq qoziqtish” qissalari, “Hayot qonuni”, “Hayotga muhabbat” va “Gulxan” nomli hikoyalari ancha mashhur. London nasri aniq va jonli bo‘lib, XX asrning ko‘plab adiblari, xususan, Xeminguey, Oruell, Meyler, Keruaka ijodiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Ismi o‘zgargan bolakay

Jek London (Jon Griffit Cheyni) 1876 yilning 12 yanvarida San-Frantsiskoda tug‘ilgan. Uning onasi Flora Vellman musiqa o‘qituvchisi bo‘lib, astrolog Uilyam Cheyni bilan yashardi. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Biroq Floraning homilador bo‘lganini eshitgan Cheyni bolani oldirib tashlashni talab qila boshladi. Ayol buni qat’iy rad etdi, Cheyni turib olgach, chorasiz qoldi va o‘z joniga qasd qilishga urindi. Baxti bor ekan, o‘q uni yengil jarohatladi, xolos.

O‘shanda gazetalar rosa shov-shuv ko‘tarib (masalan, “Kronil”da “Tashlab ketilgan ayol” maqolasi bosildi), professor Cheyni nomi badnom qilindi. Alal-oqibat bu Cheynining otalikdan voz kechishiga sabab bo‘ldi (1899 yili Jek London Cheyniga bir nechta xat yozib, bu masalaga aniqlik kiritishga harakat qilgan, ammo professor uning otasi ekanligini rad etib turib olgan).

Flora yosh go‘dagini ma’lum vaqt sobiq cho‘risi Virjiniya Prentissga qoldirib ketgandi. 1876 yilning oxirida AQShdagi fuqarolar urushi nogironi va faxriysi Jon Londonga turmushga chiqqach, bolasini qaytarib oldi. Oradan sakkiz oy o‘tgan edi. Onasining boshqa kishi bilan turmush qurgani bois, bolaning ism-sharifi Jon Cheynidan Jon Griffit Londonga o‘zgardi. Ya’ni, bo‘lajak yozuvchi Jon London deb nomlandi (Jek — kichraytirilgan shakli).

Londonlar oilasi San-Frantsiskodagi ishchilar hududiga joylashdi. Urush faxriysi Jon London ikki qizini ham olib kelgandi, ularning to‘ng‘ichi Eliza butun umr Jekning sodiq do‘sti bo‘lib qoldi. Jonning o‘zi ham o‘gay o‘g‘lini turtkilamagan, unga mehr ko‘rsatib, otalarcha munosabatda bo‘lgan.

Uch yuz dollar qarz

Bu vaqtda mamlakat 1873 yili boshlangan shafqatsiz iqtisodiy bo‘hronni boshdan o‘tkazar, yuz minglab odam ishidan ayrilgan, ozgina bo‘lsa-da pul ishlash uchun shaharma-shahar izg‘ib yurishardi. Jekning o‘gay otasi tezda boyish ishtiyoqidagi xotinining maslahatiga ko‘ra, bir necha bor fermerlik bilan shug‘ullanib ko‘rdi va ishi o‘ngidan kelmadi. Ularning oilasi muhtojlik tufayli bir joydan ikkinchisiga ko‘chishga majbur bo‘lardi. Nihoyat San-Frantsiskodagi Oklend shahriga joylashib, London boshlang‘ich maktabni shu yerda o‘qib tugatdi.

Yetishmovchilik tufayli Jek London mehnat faoliyatini ancha erta boshladi. U o‘quvchilik davridayoq tonggi va kechki gazetalarni sotar, dam olish kunlarida kegli o‘ynaladigan joyda soqqalarni keltirib berish evaziga pul ishlar, shuningdek, istirohat bog‘idagi pivoxonalarda yugurib-elib xizmat qilardi.

Boshlang‘ich maktabni tugatgan Jek o‘n to‘rt yoshida konserva fabrikasiga ishchi bo‘lib joylashdi. Ammo bu yerda ish juda og‘ir edi, har qancha harakat qilmasin, o‘smir bardosh bera olmadi. Natijada fabrikadan ketdi. Shundan so‘ng Virjiniya Prentissdan uch yuz dollar qarz olib, kichikroq yelkanli kema xarid qildi va “molyuskalar qaroqchisi”ga aylandi. U San-Frantsisko ko‘rfazida noqonuniy ravishda mollyuskalar tuta boshladi. Keyin esa ushbu faoliyatiga teskari ish tutdi — baliqchi patrulida xizmat qildi (“Baliqchi patrulning hikoyalari”).

Jek Londonning mehnat faoliyati yana davom etgan. 1893 yili u Yaponiya va Bering qirg‘oqlaridan dengiz mushuklarini tutuvchi “Sofi Sazerland” ovchilik kemasiga matros bo‘lib yollandi. Birinchi suzish Londonda yorqin taassurot qoldirdi va shu mavzudagi turkum hikoyalari hamda romanlari (“Dengiz bo‘risi” va boshqalar) uchun mavzuga aylandi. Hayotining keyingi bosqichida esa Jek London kanop fabrikasida, kirxonada ishladi, go‘laxda o‘t yoquvchi bo‘lib xizmat qildi.

Daydilar safida

Londonning ilk ocherki — “Yaponiya sohilaridagi to‘fon” 1893 yil 12 noyabrda San-Frantsiskodagi gazetalardan birida bosilgan va qo‘shimcha haq bilan taqdirlangan. O‘shanda London dengiz ovidan qaytgan, adabiy tanlovda qatnashgandi. Maxsus tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va hayotidagi birinchi mukofot — 25 dollarni qo‘lga kiritdi. Bu esa uning adabiy faoliyati boshlanishiga xizmat qildi.

1894 yili London Vashingtondagi ishsizlar namoyishida ishtirok etdi. Oqibatda daydiligi uchun Niagara-Follsga yaqin joyda hibsga olinib, bir oy qamoqda yotib chiqdi. Daydilar bilan sargardonlik chog‘ida u “jismoniy mehnat keraklicha ta’minlay olmaydi, inson faqat aqliy mehnati tufayli qadr topadi”, degan xulosaga keldi. Shu tariqa Jek yozuvchi bo‘lishi kerakligini to‘la anglab yetdi. Bu orada London ilk bor sotsialistik g‘oyalar, Marks va Engelsning “Kommunistik partiya manifesti” bilan tanishdi. Oradan bir yil o‘tib, Amerika sotsialistik mehnat partiyasiga a’zo ham bo‘lib kirdi. Ammo 1914 yili uni tark etdi. Sababini partiyaning “jangovarlik ruh”iga ishonchi yo‘qolgani bilan izohladi.

Uyga qaytgan Jek o‘rta maktabda o‘qiy boshladi. Bu dargohning “Idjis” jurnalida AQSh ko‘chalari bo‘ylab yurgan safarlari haqida yozgan ocherk va hikoyalarini chop ettirdi. Maktabdagi ta’lim sur’ati Londonni zig‘ircha qoniqtirmadi, shu bois ilmgohni tark etib, Kaliforniya universitetiga o‘qishga kirish uchun mustaqil tayyorlanishga ahd qildi.

Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan Jek London mazkur universitetga o‘qishga kirdi. Afsuski, moddiy jihatdan qiynalgani bois 3-semestrdan o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldi.

Shimol sari yo‘l

1897 yilning bahorida “oltin vasvasasi”ga berilgan Jek London do‘stlari bilan Alyaskaga yo‘l oldi. Avvaliga ularning omadi chopdi — boshqalardan avvalroq Yukon daryosining yuqorisidagi joyni egallab, qoziq bilan chegaralab oldilar. Biroq oltindan darak yo‘q, kelgusi bahorgacha qolib bo‘lmas, buning uchun imkoniyatlari yetmasdi. Ustiga-ustak, qishda London milk kasalligi bilan og‘rib qoldi.

U San-Frantsiskoga qaytdi. Shimol taassuroti bir olam, taqdir oltin o‘rniga Jek Londonni bo‘lajak asarlarining qahramonlari bilan uchrashtirgan edi.

Jek London 23 yoshida, Alyaskadan qaytganidan so‘ng adabiyot bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. U shu yo‘lni mahkam tutishga ahd qilgandi. Boshlovchi yozuvchi kuniga 1000 ta so‘z yozishni qoida qilib oldi va butun umr shunga amal qilishga intildi.

Uning ilk shimol hikoyalari 1899 yili nashr etildi, 1900 yili esa birinchi kitobi — “Bo‘ri bolasi” hikoyalar to‘plami bosmadan chiqdi. Shundan so‘ng “Uning otalari ilohi” (Chikago, 1901), “Ayoz bolalari” (Nyu-York, 1902), “Odamga e’tiqod” (1904), “Oy orazi” (1906), “Yo‘qotilgan chehra” (1910) hikoyalar to‘plami, “Qorlar qizi” (1902), “Dengiz bo‘risi” (1904), “Martin Iden” (1909) romanlari nashr qilindi. Jek London juda ko‘p: kuniga 15 — 17 soatdan ishlab, uzoqqa cho‘zilmagan adabiy faoliyati davomida qirqqa yaqin asar yozdi. Yozuvchi badiiy uslubi og‘ir hayotiy sharoitda, qismat zarba berganida insonning intilishlarini namoyon etishi bilan xarakterlidir. Jek London bu holatni haqqoniy yoritish asnosida ruhiy ko‘tarinkilik va sarguzashtni o‘zaro uyg‘unlashtiradi (muallif o‘zining uslubini “inson e’tiqodi va ishtiyoqiga singib ketgan ruhi baland realizm”ga qurgan).

London o‘quvchilarini tezda asarlari voqeligiga olib kirib, qahramonlarining so‘zlashuv va fikrlari nazmiy tili bilan jalb etadi. U R.Stivenson, R.Kiplingni o‘zining adabiy ustozi deb hisoblardi (garchand Kiplingning dunyoqarashini xushlamasa-da, uslubiy o‘ziga xosligini e’zozlagan).

Oila, qalam haqi va siyosat

1900 yilning yanvarida Jek London universitetda birga o‘qigan marhum do‘sti Bessi Maddernning bevasi Elizabet Maddernga uylandi. Oilada ikki qiz — Joan va Bess dunyoga keldi. 1903 yilning yozida esa Charmian Kitterjni sevib qolgan adib oilasini tark etdi. Bu ayol Elizabetning dugonasi edi. 1905 yili Jek London Charmianga uylandi.

1904 — 1905 yillardagi rus-yapon urushi paytida London harbiy muxbir sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1907 yili esa o‘zining “Snark” kemasida dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdi. Yozuvchining rejasiga ko‘ra, sayohat yetti yil davom etishi kerak edi, biroq London betoblangani bois bu safar ikki yildan ko‘pga cho‘zilmadi. Shunga qaramay, yozuvchining “Snark” sayohati”, “Janub dengizlari hikoyalari”, “Quyosh o‘g‘loni” kitoblari uchun boy manba yig‘ilgan edi.

Bu vaqtda ulkan gonorarlari tufayli Jek London o‘ziga to‘q odamga aylandi. Bitta kitobi uchun qalam haqi 50 ming dollar bo‘lib, o‘sha davrda katta pul edi. Biroq baribir yozuvchiga doimiy ravishda pul yetishmasdi. Jek Londonning “Hayotga muhabbat” nomli hikoyasida o‘zgacha falsafa bor. Asar qahramoniga do‘sti xiyonat qilgach, u baland baquvvat daraxtlar o‘sadigan va xohlagancha yegulik mavjud bo‘lgan Kanada tundrasi janubiga yo‘l oladi. Sayohati davomida oyog‘i jarohatlanadi, kiyim-kechagi yirtiladi, astarida gugurt yashirilgan bosh kiyimi va miltig‘ini yo‘qotadi. U bo‘ri bilan yakkama-yakka olishadi. Qahramonning yo‘nalishi Katta ayiq ko‘li shimolidan Koppermaynning Shimoliy muz okeaniga quyilish joyigacha davom etadi. Bu yerda kit ovlovchi kemachilar tomonidan qutqarilib, San-Frantsiskoga yetkaziladi.

“Ochlikdan o‘layotgan odam inson qadami yetmagan qor sahrosi orqali katta daryoning kemalar to‘xtash joyiga qadar odimlaydi, — deb yozadi Jek London. — Oyoqlari kuch-quvvatdan qolgan, u odimlamaydi, o‘rmalaydi. Yonma-yon esa o‘layotgan bo‘ri ham o‘rmalayotir. Ular o‘rtasida kurash ketmoqda. Odam yengadi — yarim jon, yarim telba holda manzilga yetadi”.

Ko‘p qirrali iste’dod egasi bo‘lgan Londonga utopik va ilmiy-fantastik asarlari ham muvaffaqiyat keltirgan. “Goliaf”, “Butun dunyo dushmani”, “Alvon o‘lat”, “Olam navqiron bo‘lganida” va boshqa asarlari xotimasi tugallanmagan tarzda yozilgan bo‘lsa-da, yangicha uslubi, tasavvurlarga boyligi va kutilmagan voqealari bilan ajralib turadi. Ichki sezgisi va boy kuzatuvi tufayli London “Temir tovon” asarida inson hayotiga xavf soluvchi jahon urushlari va dahshatli kashfiyotlarni aks ettirdi.

Jek London siyosat maydonida ham harakat qilib ko‘rgan, hatto AQShdagi shaharchalardan birining merligiga o‘z nomzodini qo‘ygan. Biroq u siyosatda o‘rtamiyona bo‘lib, merlikka saylanmadi.

Eng yomoni — xohlamay qilingan ish

Hayotining ma’lum bosqichida Jek London Glen-Ellen (Kaliforniya)dan rancho sotib oldi va uni ancha kengaytirdi. Qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullandi. Londonning niyati o‘z yerida xo‘jalikni boshqarishning yangidan-yangi uslublarini qo‘llash, “yuksak darajadagi ferma” yaratish edi. 1910 yilning oxirida ranchoda “Bo‘ri uyi” nomli ulkan qo‘rg‘on barpo etila boshlandi. Bu qurilishning boshidan oxirigacha Londonning o‘zi ishtirok etdi.

Afsuski, mazkur ishlarning oqibati kutilganidek bo‘lmadi. Oradan uch yil o‘tgach, “Bo‘ri uyi” noma’lum kishilar tomonidan batamom yoqib yuborildi. London katta miqdorda qarzga botdi.

Adib qarzlaridan qutulish maqsadida ommabop jurnallar uchun sayoz asarlar yozishga majbur bo‘ldi (o‘zining aytishicha, “Sarguzasht”, “Smok Bellyu” shunday asarlardir). Aynan shu tufayli yozuvchilik faoliyati ma’lum vaqt davomida Londonda jirkanish tuyg‘usini ham uyg‘otdi.

1914 yilning bahorida “Kolers” jurnali topshirig‘iga ko‘ra, u harbiy muxbir sifatida Meksikaga otlandi. Natijada AQShning boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashuvini yoqlab maqolalar yozishiga to‘g‘ri keldi. Bu esa partiyadagi do‘stlarining qattiq noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Frontda bo‘lgan Jek London yapon razvedkasi tomonidan qo‘lga olindi. Prezident Teodor Ruzveltning qat’iy talabiga ko‘ra, ozod qilindi.

“Syujet sotaman, olasizmi?”

Umrining oxirgi yillarida London ijodiy tanazzulni boshdan kechirdi. Shu sababli ichkilikka berildi (keyin tashlagan). Ijodiy inqirozi tufayli yozuvchi yangi roman uchun syujet sotishga majbur bo‘ldi. Adib o‘z syujetini amerikalik boshlovchi yozuvchi Sinkler Lisga pulladi. London bu romanning nomini ham o‘ylab topgan edi: “Qotilliklar byurosi”, biroq uni to‘la-to‘kis tugatishga ulgurmagan adib hayotdan ko‘z yumdi.

Jek London 1916 yil 22 noyabrda vafot etgan. U buyrak kasalligidan aziyat chekar, morfiydan zaharlanish tufayli hayotdan ko‘z yumgandi (morfiy — ko‘knor shirasidan olinadigan giyohvand modda). Taxminlarga ko‘ra, bu o‘zini-o‘zi o‘ldirish bo‘lgan. O‘ylab amalga oshirilgan o‘z joniga suiqasd qilish keyin ham ommalashdi — bu borada Zigmund Freydni yodga olish mumkin.

Jek Londonning o‘zini o‘zi o‘ldirishi haqida o‘ylagani borasida esa ummonga o‘zini tashlagan “Martin Iden” qahramonini eslash kifoya. O‘z joniga suiqasd bilan bog‘liq mulohazalar uning avtobiografik asari hisoblangan “Jon Arpa Urug‘i”da ham uchraydi.

1920 yili, Jek London o‘limidan to‘rt yil o‘tib, uning “Uch inson qalbi” nomli romani nashrdan chiqdi. Yozuvchi bu asari bilan Amerika adabiyotidagi istiqbolli janr — kinoqissaga qo‘l urgan edi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.