background
logotype

Bahodir Karim. «O‘tkan kunlar»ga qaytib...

http://ziyouz.uz/images/utkan_kunlar.jpg

Oradan yillar o‘tgani sari Abdulla Qodiriydek favqulodda iste’dod egasining betakror poetik tafakkur mevasi bo‘lgan «O‘tkan kunlar»dek birinchi o‘zbek romanining qadr topayotgani sir emas. Roman tahlil va talqinlari maxsus qodiriyshunoslik sohasini tashkil etadi. Ayni chog‘da, asar maydonga kelgan davr, romanning jurnal nusxasi bilan birinchi nashrlar o‘rtasidagi matniy farqlarga diqqat qaratish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

1. Jurnaldagi «O‘tkan kunlar»

Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid ayrim maqolalarda, qodiriyshunos olimlar yozgan maxsus risola va monografiyalarda birinchi marta «O‘tkan kunlar» romanidan parchalar 1922 yil«Inqilob» jurnalida bosilgani qayd etiladi(Qarang: I.Sultonov. Pesalar. Maqolalar. T.,1959.303-bet; A.Aliyev. Abdulla ­Qodiriy. T.,1967. 70-bet; M.Qo‘shjonov. Qodiriy — erksizlik qurboni. T., 1992. 3-bet; U.Normatov. Qodiriy bog‘i. T., 1994. 43-bet; Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti (darslik). T., 2004. 406-bet; S.Mirvaliyev. ­«Abdulla Qodiriy». T., 2004. T., 11-bet...). To‘g‘ri, «Inqilob» o‘sha yil fevral oyidan ­boshlab dunyo yuzini ko‘rdi. Shu yili ­sakkizta, 1923 yili bitta qo‘shma, ­keyingi yili ikkita qo‘shma soni bosildi. ­­Ammo o‘jar dalil shuki, jurnalning 1922 ­yilgi birorta sonida «O‘tkan kunlar»dan ­parchalar berilgan emas.

Jurnal muqovasiga «Oyda bir martaba chiqaturgan adabiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, tarixiy, ijtimoiy va fanniy Sharq yo‘qsullari ozodligig‘a xizmat qilg‘uvchi rasmlik o‘zbekcha «Inqilob» majmuasi», deb yozib qo‘yilgan. 1923 yil fevral — martda chiqqan jurnalning 9 —10-qo‘shma soni 19 — 51-betlarida «O‘tkan kunlar»ning boshidan olti fasl berilgan, roman fasllariga nom qo‘yilmagan. Romanning birinchi marta matbuot ­yuzini ko‘rishi o‘sha — 1923 yilga to‘g‘ri keladi. O‘quvchilar asar davomini, to‘g‘rirog‘i, jurnalning navbatdagi sonini intizor bo‘lib kutadilar.

O‘z vaqtida «Inqilob» nashrida muammolar paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Garchand har oyda chiqishiga va’da berilsa ham, bir yili zo‘rg‘a bir marta chiqadi. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 1924 yil may oyida 11—12-sonlari bosiladi. Diqqat qilinsa, jurnal muassisi o‘zgarib, endi «Turkiston kommunistlarining markaziy qo‘mitasi» o‘rniga «Turkiston maorif komissarligi» egalik qiladi. Yo‘nalishi ham ixchamlashib, «Adabiy siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va tarixiy o‘zbekcha «Inqilob» majmuasi»ga aylanadi. Adadi uch mingta. O‘sha may sonining 6 — 31-betlarida bir yil kutilgan romanning yana oltita fasli beriladi. Oradan besh oy o‘tib, oktyabrda jurnalning 13 —14-sonlari nashr etiladi. Noshir sifatida avvalgi ikki tashkilot o‘rnida endi «O‘rta Osiyo davlat nashriyoti» paydo bo‘ladi. Ziyo Said «jurnalning yotish» vaqtini 1924 yil oktyabr, deb to‘g‘ri ma’lumot beradi. Ammo keyingi ikki sondagi «ega»ning o‘zgarishi Z.Saidning «Turkiston kommunistlar firqasi» ma’lumotini tabiiy ravishda o‘zgartiradi. Chunki suvga cho‘kmas, o‘tda kuymas qog‘ozlarga muhrlangan dalillar nihoyatda o‘jar bo‘ladi. Oxirgi qo‘shma sonning 41— 66-betlarida «O‘tkan kunlar»ning davomi o‘quvchilar hukmiga havola etiladi. Muassissiz, homiysiz, egasiz qolgan «Inqilob» jurnali yopilgandan keyin Qodiriy romanidan vaqtli matbuotda namunalar bosilishi ham to‘xtaydi.

Sal kam ikki yil ichida «Inqilob» jurnalining uchtagina sonida bosilgan «O‘tkan kunlar»ning o‘n olti faslini o‘rganish-tadqiq etish ham bir qancha adabiy-ilmiy masalalarga oydinlik kiritadi.

Shu o‘rinda tarixiy roman yonidagi bitta so‘z uch xilda yozilganini ham aytish lozim: «O‘zbeklar hayotidantarixiy ro‘mon» (jurnalning 9 — 10, 11 —12-sonlarida), «O‘zbeklar tirikchiligidantarixiy ro‘mon» (jurnalning 13 —14-sonida), «O‘zbeklar turmushidantarixiy ro‘mon» (kitob holidagi 1926 yilgi nashrida). Bunday turlichaliklar ba’zan jurnal tahririyati tomonidan o‘zgartirilgan bo‘lishi ham mumkin.

20-yillar muhitida imlo masalasida birlik yo‘q edi. Har nashr, har gazeta-jurnal bir xil so‘zni turlicha yozish odatlari bor edi. Imlodagi muammolar bartaraf qilingunga qadar «Inqilob» jurnali «o‘rta yo‘lni» tutishga qaror berib, qalam ahliga «...yuboriladigan maqola va she’rlar o‘rta imlo bilan yozilsa va yangicha yozib idorani mashaqqatga solinmasa edi», deb istak bildiriladi(Ziyo Said. Tanlangan asarlar. T., 1974. 85-bet). Demak, tahririyatga olib kelingan har qanday ijodkor asarlarining ifoda tarzi «o‘rta imlo»ga tushmasa, tahrirga uchrashi kutilar edi. Abdulla Qodiriy 1925 yili alohida kitob holida bosilgan «O‘tkan kunlar» romani birinchi bo‘limining tilini uch-to‘rtta imlochilar o‘zgartirganidan va oqibatda «ajoyib bir quroq holga» kelganidan zorlanadi. 1926 yilgi nashrida imkoni boricha ko‘ngli to‘lmagan joylarini o‘nglaydi. Ammo o‘sha davr qoidasiga ko‘ra «bosilish taqdiri noshir qo‘lida» ekanini ham eslatadi. Shunga monand, «Inqilob»ning uchta sonida chop etilgan «O‘tkan kunlar»ning taqdiri, bir tomondan, tahririyat qo‘lida bo‘lgan, ikkinchidan esa, asarning dunyo yuzini ko‘rish jarayoniga Abdulla Qodiriyning o‘zi ham befarq qaramagan bo‘lishi kerak. Qolaversa, jurnaldagi so‘zboshida adib: «Ma’lumki, har bir narsaning ham yangi qabul qilinish — ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydong‘a kelishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomilga yuz tutishi tabiiy bir hol», deb yozadi. Shunga ko‘ra, muallif romanning jurnal nusxasiga bildirilgan fikrlarni inobatga olib, kitob holida bosilish pallasida o‘z qo‘li bilan ancha-muncha o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lishi ham tabiiy. Umuman olganda, romanning takomilida adibning qalami, qalbi, badiiy tafakkuri juda muhim rol o‘ynagandir.

Darvoqe, D.Quronov va X.Polvonovaning «Sharq yulduzi» jurnali 2007 yil 1-sonida «O‘tkan kunlar» romanining matniy tadqiqi to‘g‘risida bir maqolasi bosilgan edi. Unda «Inqilob» jurnali bir-ikki marta tilga olinadi. Biroq kengroq qiyos, batafsilroq ma’lumotlar berilmaydi. Ikkinchidan, maqolada: «Romanning «Inqilob»dagi nashri bilan, kitob bo‘lib chiqishi orasida besh yillik masofa bor — bu vaqt mobaynida adibning mahorati o‘sgani shubhasiz», degan bir taxminiy gap ham «O‘tkan kunlar»ning jurnaldagi parchasini tekshirishga zarurat tug‘diradi.

Roman nashriga oid yana bir dalil shuki, «Chaqimchiliq» nomli fasl 1924 yili shoir Cho‘lpon tartib bergan «Adabiyot parchalari» to‘plamining 15—21-sahifalarida chop etiladi. Xullas, bunday tarixiy manbalar eskirmaydi, taxminlar mo‘rt va dalillar esa o‘jar bo‘ladi.

2. Muhim bir sana

Abdulla Qodiriyning romanlariga yuzlab, minglab muxlislar, adabiyotshunoslar murojaat qiladi. Badiiy so‘zning zilol, toza bulog‘idan simiradi, yuraklar huzurga to‘ladi... Ayni damda, taniqli adiblardan tortib oddiy insho mashq qiluvchi maktab o‘quvchisi ham, zarurat tug‘ilganida, bevosita romanning ichkarisiga kirmasdan, shundoq ostonada turib, adibning hikmatga aylanib ketgan «Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar» gapini o‘zlari uchun shior-mayoq qilib oladi.

Bu ostonada boshqa hikmatlar ham bor. Romanning «Yozg‘uchidan» degan oldso‘z-prologi-eskartishi ostiga muhim bir sana bitilgan. Ammo kitob nusxalarida bu sana negadir qayd etilmagan, matn orasida ozgina o‘zgarish ham bor. Yaxshisi, jurnalda berilgan oldso‘z-prologni shu o‘rinda to‘liq ko‘chiramiz:

«Yozg‘uchidan

Modomiki biz yangi bir davrga oyoq qo‘ydiq, bas biz har bir yo‘sunda ham, shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashmakka majburmiz. Shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoya­chiliklarda ham ­yangarishg‘a va xalqimizni yangi davrning «Tohir Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirmoqg‘a majburmiz.

Yozmoqg‘a niyatlanganim ushbu «O‘tkan kunlar», yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishmoq yo‘lida kichkina bir tajriba, to‘g‘risi bir havas. Ma’lumki, har bir narsaning ham yangi qabul qilinish — ibtidoiy davrida talay kamchiliklar bilan maydong‘a kelishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib takomilga yuz tutishi tabiiy bir hol. Mana shuning daldasida, havasimda ­jasorat etdim; havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho‘chib turmadim.

Moziyga qaytub ish ko‘rish xayrlikdir, deydirlar. Shunga ko‘ra mavzu’ni moziydan — yaqin o‘tkan kunlardan; tariximizning eng kirlik — qora kunlari bo‘lg‘an «xon zamonlari»dan belguladim. Abdulla Qodiriy (J.b.) Toshkand, dekabr, 1920 nchi yil».

Bu parcha bilan kitob nusxasi taqqoslansa, ayrim farqlar borligi ma’lum bo‘ladi: so‘zlar qo‘shilgan va olib tashlangan. Ba’zi so‘zlar oxiriga ish-harakatni yakunlovchi «-dir» qo‘shimchasi qo‘shilgan; «q» bilan «k» tovushi almashgan. Jurnaldagi «hikoyachilik» o‘rnida «hikoyachiliq» yoziladi; kitob nusxasidagi «Moziyg‘a qaytub ish ko‘rish xayrlik, deydilar» gapida ham shunday kichik o‘zgarishlar bor. Jurnal matnida ba’zan so‘zlarning «-g‘on», «-liq» kabi qo‘shimchalari singormonizmdan xoli yoziladi. Biroq 20-yillar imlosida ­turg‘unlik bo‘lmagani uchun jurnalning o‘zida ham bir xil so‘zlarning turlicha yozilish holatlari mavjud.

Ko‘chirma oxiridagi «Toshkand, dekabr, 1920 nchi yil» sanasi asarning boshqa nashrlarida uchramaydi. Professor U. Normatov shu sana va yana boshqa muhim dalillarga tayanib: «O‘tkan kunlar» romani 1920 yil oxirida yozib tugallangan, deb uzil-kesil hukm-xulosa chiqarish uchun to‘la asos beradi» («Qodiriy mo‘‘jizasi», T., 2010. 204-bet), deb yozadi.

1926 yili «O‘tkan kunlar» birinchi bo‘limining qayta nashri payti adib yozgan ­«Uzr»idagi: «Ro‘mon, deb sizga taqdim qilingan bu narsa ­dunyoga kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi», degan fikri haqiqatan ham kitob ko‘rinishidagi nashr e’tiboridan roman 1920 yili yozib tugatilgani uchun asos bo‘ladi. Ammo ikkinchi bir fikr shuki, romanning 1923 yili jurnalda chiqqani va buning ustiga «besh yillab bosila olmay» yotgani hisobga olinsa, Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar»i jurnalda bosilishidan besh yil avval, ya’ni 1918 yili yozilgani haqiqatga yaqin keladi. Chunki roman fasllarining matbuotda ketma-ket bosilishi orasida bir yildan ortiq cho‘zilgan sudralish vaqti bor. «Bosila olmay yotishi» shuni ham ifoda qiladi.

3. Fasllar nomi

Badiiy asarning sarlavhasi uning mazmun-mohiyatini o‘zida aks ettiradi. Ba’zan birgina sarlavhaning o‘zidan asar mavzusi ­anglashiladi. «O‘tkan kunlar» romani bir tovush farqi bilan bir necha marta «O‘tgan kunlar» sarlavhasida bosildi. Ba’zi olimlarda e’tirozlar tug‘ildi. Ammo o‘z vaqtida adib qanday yozgan bo‘lsa, o‘sha nom — «O‘tkan kunlar» ommalashdi. Ma’lumki, roman kompozitsion tarafdan ichki fasllarga bo‘linadi. Ammo fasllarni nomlash zarurati nisbatan keyinroq adib xayoliga kelgan ko‘rinadi.

Yuqorida aytilganidek, «O‘tkan kunlar»ning jurnalda berilgan boshdagi olti fasli maxsus nomlanmaydi. Syujet voqealarining berilish ketma-ketligi raqamlanadi. Yettinchi fasldan boshlab, ularga nom qo‘yiladi: «7.Majburiyat. 8.Qutlug‘ bo‘lsun. 9.Ikki yoqda. 10.To‘y — qizlar majlisi. 11.Kutilmagan ish...». Bu sarlavhalardan kitob nusxasida «9. Ikki yoqda» «10.Qarshilash» bilan, shuningdek, «11.Kutilmagan ish...» nomi «11. Kutilmagan baxt» bilan almashtiriladi. Tabiiyki, bunday nomlanish matn mohiyatiga yaqin keladi; oldingisiga qaraganda ta’sirliroq, badiiyroqdir. ­Jurnalning 1924 yil oktyabr oyidagi qo‘shma sonida roman davomi: «12. Chaqimchiliq. 13. Qamoq. 14. Najot istab. 15. Toshkent qamoqda. 16. Azizbek» sarlavhalari bilan chiqadi. Bular ichidan birgina «Najot istab» fasli «Najot istab Toshkand­ga» ko‘rinishiga kiradi. ­Natijada yordamning kimdan kutilishi, adib voqealar oqimini qay tomon ­burayotgani va qahramonni qaerga ­yo‘naltirgani aniqlashadi.

4. Otabekning bobosi kim?

Abdulla Qodiriy o‘z qahramonlari nomiga jiddiy e’tibor beradigan yozuvchilar sirasiga kiradi. Ism tanlashda hech kimdan andaza olmaydi; o‘quvchining tasavvuriga obrazlar o‘z ismlari bilan birga muhrlanadi. Romanning dastlabki sahifalaridayoq Otabek, Hasanali, Homid, Rahmat, Mirzakarim qutidor, Kumush, O‘zbek oyim, Oftob oyim va boshqa asosiy qahramonlar ismiga mos ravishda ta’riflanadi, tavsiflanadi. «Homid» ismi yolg‘iz aytilganda uni birov tanimaydi; «Homid xotinboz» desa biladi, anglaydi, eslaydi. Qutidorning ham, Otabek va uning «ma’naviy otasi» Hasanalining ham ismlari shunday ko‘rkam, muhtasham, jozibali.

Adib ikki ism davomiga «hoji» martabasini tirkab ko‘yadi: Yusufbek hoji, Akram hoji. Albatta, bu qahramonlar asarda o‘z mavqeiga, ma’naviy darajalariga mos ravishda so‘zlaydilar, sukut saqlaydilar va harakat qiladilar. Gohida hoji hokim bilan to‘qnashadi, hamma narsadan ko‘ngli sovub, «dunyo mojarolaridan etak silkib» umr o‘tkazishni g‘animat biladi. Bugun o‘quvchilar ommasi o‘qiyotgan «O‘tkan kunlar» romanidan sarlavhaga olib chiqilgan savolga javob topilmaydi. Otabekning otasi ma’lum va mashhur — Yusufbek hoji. Ismi jismiga, hojilik martabasiga uyg‘un bu xarakterni o‘quvchi yaxshi ko‘rib qoladi, yurak-yurakdan ardoqlaydi. Xo‘sh, Otabekning bobosining ismi kim? Shu tarzda savol qo‘yish mumkinmi? Romanda ismi tilga olinmagan, bor-yo‘g‘i bir-ikki o‘rindagina «Hasanalini bolalik vaqtida Erondan kishi o‘g‘irlab kelguvchi bir turk­man qo‘lidan Otabekning bobosio‘n besh tillo barobariga sotib olg‘an edi» (kitobda 9-bet), Mehmondorchilikda Otabekning suhbat chog‘i: «Siz bizning havlida bo‘lg‘anmisiz», degan savoliga qutidor: «Ko‘b martabalab mehmon bo‘ldim. Ul vaqtda bobongizham hayotda edilar» (14-bet), deb Otabekning bobosini eslaydi. Biroq boboning ismi aytilmaydi. Jurnaldagi nusxasida esa adib Hasanali tarixi munosabati bilan quyidagi gaplarni yozadi: «Hasanalini bolaliq vaqtida Otabekningbobosi Musabek,Eronistondan kishi o‘g‘urlab kelguvchi bir turkman ko‘lidan 15 oltun barobariga sotub olg‘an edi» (jurnalda 21-bet). Ushbu kichik parchada «oltun» «tillo»ga o‘zgargan. Biz uchun muhimi — ism. Otabekning bobosi uchun Qodiriy «Musabek» ismini tanlaydi. Bu nom, albatta, bejiz tanlangan emas. Otabekning ajdodlariga «Musabek», «Yusufbek» kabi ismlar berilishi, albatta, adibning dunyoqarashiga daxldor tushunchadir. O‘z qahramonlarini o‘tgan payg‘ambarlar nomi bilan atash — qahramonlarga salobat bag‘ishlashi, ularning toza insonlar toifasiga mansubligiga bir ishoradek taassurot uyg‘otadi; adib niyatining, estetik idealining cho‘ngligiga dalolat qiladi. Lekin romanning kitob nusxasida «Musabek» nomi tushib qoladi. Bizningcha, din va diniy ismlar inkori boshlangan davrda adib qahramonlari nomini ham «o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar» olishga majbur bo‘ladi.

5. Uzuk bilakka taqiladimi?

Uzukning bilakka taqilmasligini hamma biladi. Uzuk barmoqqa, bilakka esa bilak uzuk taqiladi. Romanning barcha kitob nusxalarining «Kutilmagan baxt» faslida Otabek bilan Kumushning hayajonli uchrashuv pallasi juda go‘zal tasvirlanadi. Kumush «kim keldi, deb yoniga qaramaydi», begonasiraydi. O‘zi istamagan holda, ammo «majburiyat ostida, yovqarash bilan sekingina dushmaniga» qaraydi va hayratdan dong qotadi. Otabekni ko‘rib: «Siz o‘shami?» degan hammani bir seskantiradigan so‘zni aytadi. Keyin dasturxon atrofida ularning suhbati davom etadi. Suhbat orasiga adib kirib olib, bir izoh yozadi: «Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagiga Otabek oltun uzuk solur ekan, ul yerga qaragan holda edi». Bunda sarlavhaga olib chiqishga sabab bo‘lgan bir savol, bir saktalik bor. Romanning 1980 yilgi nashrida 58-bet, 1992 yilgi nashrida 50-betda — tabdil qilingan barcha nashrlarida yuqoridagi gap aynan beriladi. Umid bilan 1926 yilgi nashriga nazar tashlanadi. ­Afsuski, unda ham «latif bilak»ka «oltun uzuk» solinadi. Adibga muhabbatli, uning mahoratiga chin ko‘ngildan ishongan, tasvirlangan vaziyatlarga maftun bo‘lgan o‘quvchi bu jumladagi saktalikka e’tibor bermaydi. Uzuk ham bilakka taqilar ekanmi, degan bir savol bermasdan suhbat va voqelik davomiga oshiqadi. Aslida Abdulla Qodiriy ­uzukning barmoqqa, «oltin bilak uzuk»ning «latif bilak»ka taqilishini juda yaxshi bilar edi. Qodiriy nazari tushgan jurnaldagi «Kutilmagan ish...» faslidan ayni nuqtani topib o‘qiymiz: «Dasturxon yonida Kumushbibining latif bilagigaOtabek oltun bilak uzuk solur ekan, ul yerga qarag‘an holda:

— Man sizga hech narsa ham hozirlamag‘an edim..., — dedi». Birgina so‘z o‘nglanishi fikr va ifoda mantig‘ini o‘z o‘rniga keltiradi. Cho‘zilgan gapning xulosasi shuki, meningcha, «O‘tkan kunlar» yangi nashrida shu birgina so‘zni o‘z o‘rniga qo‘yish lozim. Zotan, oddiy bir uzuk sovg‘a qilish Kumushning mahri uchun “uch yuz oltin pul”, “o‘rdadek bir havli, sog‘ish uchun sigir” va’dasini bergan savdogar-boyvachcha Otabek sha’niga ham, hayot mantig‘i va badiiy mantiqqa ham muvofiq kelmas edi.

Darvoqe, adib o‘quvchiga Otabek bilan ­Kumushning birinchi uchrashuvini «Kutilmagan baxt» fasliga qadar sir saqlaydi. Kitobda salkam bir betli — Otabekning Marg‘ilonga kelgan paytdagi tahorat suvi olish uchun qutidorning tashqi hovlisiga kirgani, u yerda Otabekni ipsiz bog‘lagan Kumushga ko‘zi tushgani, «asr namozini qazo» qilgani va, nihoyat, «unda muhabbat mojarosi tug‘ilgan»iga oid izohlarni beradi. «Siz o‘shami?» ­savolining sababini ochadi. Jurnal nusxasining «Kutilmagan ish...» faslida esa bu ­uchrashuv sirligicha qoladi. Izoh yo‘q. Yozuvchi kitobga kiritilgan maxsus izohga zarurat sezib, uni keyinchalik yozganini taxmin qilish mumkin. Bu ham ­jurnal va kitob nusxalari orasidagi farqli ­jihatlar sirasiga kiradi.

6. Toshkandmi Toshkent?

«O‘tkan kunlar»ning jurnal nusxasi bosilayotgan pallada ham imloda aniq bir to‘xtamga kelinmagani turli-tumanlikni keltirib chiqargan edi. 1923 yilgi sonida o‘ndan ortiq o‘rinda Kumushbibining yurti «Marg‘inon» tarzida, 1924 yilgi sonlarida o‘ttizga yaqin o‘rinda «Marg‘ilon» deb yoziladi. Qirqdan ortiq o‘rinda Otabek shahri «Toshkand» deb, yigirmadan ko‘p o‘rinda, xususan, «Inqilob»ning 1924 yil oktyabr sonida «Toshkent» tarzida yoziladi. ­Tabiiyki, qaysi biri to‘g‘ri, degan savol tug‘iladi. Tarixda o‘tgan ulkan ulamolar ismlariga Marg‘inoniy nisbasi qo‘shilgani ma’lum. «O‘tkan kunlar»ning kitob nusxalarida «Toshkand» yozilganidek, «Marg‘inon»ning ham saqlanib qolgani ma’qulga o‘xshaydi. Chunki adib foydalangan Turkiston tarixiga oid kitoblarda o‘sha joy nomi asosan “Marg‘inon” tarzida yoziladi. Garchand aniq etimologiyasi masalasi bahsli bo‘lsa ham, Ibratning “Farg‘ona tarixi”ida “murg‘u non”dan “Marg‘inon” paydo bo‘lgani xususida Iskandar zamoniga borib taqaladigan bir rivoyat ham yozib o‘tiladi. Har holda shaharlarning bunday nomlanishi asarga qaysidir ma’noda tarixiy ­muhit salobatini, tarixiy davr ob-havosini taqdim etadi. Kitob nusxasining bitta joyida — qabri tepasiga toshdan o‘yib yozilgan ­lavhada: «Kumushbibi binti Mirzakarim ­Marg‘inoniy...» shaklida keladi.

Gap shaharlarning nomlari ustida ketar ekan, romandagi yana bir o‘ringa e’tibor qaratish lozim ko‘rinadi. Kitob nusxalarida Otabekning savdogarlik bilan borgan shaharlari shunday beriladi: «O‘zimizning shaharlardan ko‘pini ko‘rdim, — dedi bek, — o‘ris shaharidan Shamayga ham bordim». Asarning jurnal nusxasida Otabek «o‘zimizning shaharlardan» «Ho‘qand, Xo‘jand, Chimkand, Avliyoota, Olmaota»ni sanaydi va «o‘rus shaharidan Shamayga ham» borganini aytadi. Tabiiyki, jurnal nusxasida aniqlik, keyingisida esa nisbatan umumiylik, mavhumlik mavjuddir.

Ikkinchidan, jurnal muqovasidagi shahar nomi farqlaridan anglashiladiki, bundagi «Toshkand»ning «Toshkent»ga o‘zgarishida adib ixtiyori emas, balki tahririyat xodimlarining qo‘li bor, deb qarash o‘rinlidir. Qiyosiy tahlillar jarayonida bundan boshqa so‘zlarning ham turlicha yozilish holatlari, bir qancha tovush va bo‘g‘in qo‘shimchalarining o‘zgarishlari kuzatiladi. Masalan: harakat nomining ikki ko‘shimchasi «-ish» bilan «-mak» almashtiriladi (uchrashish — uchrashmak) yoki otdan sifat yasovchi «-li» va «-lik», «-liq» ko‘shimchalarining oldingisi (erli — yerlik, otli — otliq, gulli gilam — gullik gilam, o‘rta bo‘yli — o‘rta bo‘yliq, sallali — sallalik, qalpoqli — qalpoqlik, popoqli-popoqlik) jurnal nusxasida ko‘proq qo‘llanadi.

Ayrim o‘rinlarda yordamchi so‘zlar sinonimlariga (bilan — orqali, tomoni — tarafi, ortiq — juda, so‘ng — keyin); ko‘pgina o‘rinlarda «kabi» «bilan», «uchun» ko‘makchi so‘zlar «-dek», «-da», «-ga» kabi qo‘shimchalar bilan almashtiriladi. (Masalan: to‘lg‘an oy kabi — to‘lg‘an oydek, g‘ijing‘an kabi — g‘ijing‘andek, achchig‘i bilan — achchig‘ida, istiqboli uchun — istiqbolig‘a).

Bunday o‘zgarishlar o‘sha davr o‘zbek adabiy tili qonun-qoidalarining qayta shakllanish bosqichi muammolari hamda ifodani tushunarli holatga keltirishga uringan yozuvchi tahriri bilan bog‘liq, albatta.

7. So‘zlar o‘rin almashganda

Romanning jurnal va kitob nusxalari orasidagi farqlar so‘zlar va so‘z birikmalarini taqqoslaganda ham ko‘zga tashlanadi. Bu so‘z tanlovlarining barchasini, yaxshi-yomonligidan qat’i nazar, o‘sha davr imlochilari zimmasiga yuklash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Adib jurnal chiqayotgan mahalda ham, birinchi bo‘lim ikkinchi marta bosilayotgan payti ham Toshkentda bo‘lgan edi. Demak, roman tilidagi o‘zgarishlarga adibning so‘z qo‘llash tajribasi sifatida ham qarash o‘rinlidir. Ijod ahli uchun tanish bir holat: so‘zlar kayfiyatni ifoda etadi...

Adib imkoni boricha o‘zi tasavvur qilgan holatlarni go‘zal ifodalashga urinadi. Shu bois ko‘ngli to‘lmagan so‘zlarni almashtirish, romanni tahrir etish yo‘lidan boradi. Roman tilidagi so‘zlar o‘zgarishiga misol sifatida «yorug‘i — nuri, yorug‘ kunlari — istiqbollari, yolg‘iz — faqat, qo‘rqunchi — tashvishi» kabi o‘nlab misollarni keltirish mumkin. Bu almashinuvlarning ko‘pchiligi poe­tik nutqning go‘zallashuvi uchun xizmat qiladi. Oftob oyim egachisiga (jurnalda «opasi» deb berilgan) Kumushning xomushligi va o‘z tashvishidan gapiradi. Egachisining: «Nimabalo, kuyaving xunuk-punukmi?», degan savoliga, Oftoboyim: «O‘zim ko‘rmadim, ammo ko‘rguchilarning so‘zlariga qaraganda o‘xshashsiz chiroyliq,tengsiz aqlli bir yigit emish. Otasining o‘zi yigitni sevib kuyav qilg‘an edi» javobini beradi. Kitob nusxasida bu parchadagi «chiroyliq» so‘zi «ko‘rkam»ga, «sevib» esa «yaxshi ko‘rib» birikmasiga almashtiriladi. Juda o‘rinli bir tahrir. Chunki «chiroyliq»dan ko‘ra «ko‘rkam» so‘zi erkak kishiga mos keladi; «sevib» so‘ziga qaraganda «yaxshi ko‘rib»da nisbiy xolislik ma’nolari seziladi.

Ziyo shohichi sovchilikka borgan bir holat tasviri. Sovchi so‘zlamoqda: «...kunlardan bir kun taqdir shamoli yuradir-da biravning iffat pardasi ostida o‘lturg‘an qizining yuzidan pardani ko‘tarib ikkinchi tomondan bizning Otabekni bu qizg‘a yuzma-yuz (kitobda: shu afifaga ro‘baro‘) qiladir. Shu daqiqadan boshlab Otabekda(kitobda: bekda) u qizg‘a (kitobda: afifaga) qarshi bir ishq, ham chin bir ishq tug‘uladir...». Uch o‘rindagi «qiz»dan ikkitasi «iffatli qiz» ma’nosidagi «afifa»ga o‘zgartiriladi. Muhabbatdek noyob va go‘zal tuyg‘u boshda «bir narsa»tarzida juda oddiy-nomsiz ifodalangan bo‘lsa, tahrirda uning o‘rnini «yurak javhari» degan juda qimmatli bir ta’bir egallaydi. Yoki to‘y kuni sozanda-mashshoqlarning turli musiqa asboblarini oddiy «chalish»so‘zi «sozlar bilan dunyoga jon suvi sepish» tarzidagi ta’sirchan va obrazli iboraga o‘zgaradi. Shu bilan birga «Bir kechada har kimning og‘zig‘a «to‘y» degan gap ekilgan» gapi bilan «Bir kechada hammaning tushiga «to‘y» kirib chiqg‘an» gapi o‘zaro teng ta’sir kuchiga egadek taassurot qoldiradi.

Roman hoshiyasida O‘tabboy qushbegini adib qipchoq beklarining «yaxshi va insoflilaridan» biri bo‘lganini yozadi. Biroq vaqt o‘tgan sari «qonxo‘r» bek va xonlarga ijobiy sifatlar taqashni davr ko‘tarmaydi, chamasi, o‘sha ikki so‘z kitobda «tuzuklaridandir» shaklini oladi.

Jurnal va kitob nusxalaridan olingan quyidagi ayrim misollar sayqallanib borayotgan badiiy matn holatini tasavvur etishga yordam beradi: murti chiqa boshlagan — murti sabz urgan, shamol — yel, charx urgach — aylangach, to‘g‘ri chiziq — xatti mustaqim, go‘sht olib berarman — et olib kirguzarman, gilos daraxtlari — gilos yog‘ochlari, nafsingizni — o‘zingizni, turmushg‘a — hayotka, yozuqsiz — gunohsiz, qopqa — darboza, qopqachi — darbozabon, mash’alador — charog‘chi, binolar — imoratlar, saqlovlari — muhofazati, bilmaslik — tag‘oful, tuzuk — ma’qul va boshqalar. Har bir sahifada yuzlab bunday arabcha, forscha so‘zlarning turkiy muqobili bilan va, aksincha, o‘zgarishlari adibning so‘z ustidagi mehnat-mashaqqatlaridan darak beradi.

8. Yumshagan keskinlik

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, jurnal nusxasidagi ayrim keskin vaziyatga oid jumlalar kitobda nisbatan yumshatiladi. Qiyos uchun ayrim misollarga murojaat qilamiz. Otabek Mirzakarim qutidor uyidagi mehmondorchilikda safar-sayohatlarida ko‘rgan-kechirganlaridan so‘zlaydi. «O‘rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy» holatlarini bayon etgach, bir o‘rinda aytadi. Jurnalda: «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta berganida kofir qo‘liga mahkum bo‘luvimizni o‘ylab (Xudo u kunni ko‘rsatmasun) butun avqotimni qayg‘u bilan o‘tquzmoqg‘a majbur bo‘ldim». «...Kofir qo‘lig‘a mahkum bo‘luv», vaqtini «qayg‘u bilan» o‘tkazmoq — bular yengil ifodalar emas. Kitobda o‘sha jumlaning yumshagan tahririy varianti keladi: «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishiga aqlim yetmay qoldi». O‘sha suhbatda Ziyo shohichi xalqning nochor ahvolidan gapirib aytadi. Jurnalda: «Bizning bu holda bo‘luvimizning bosh sababchisi o‘z fe’li xuyimizning yomonlig‘idir».Kitobda: «Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xuyimizdan». Adib xalqning fe’liga «yomonlik»ni ravo ko‘rmaydi. Shu suhbat boshida Otabek o‘z otasining ixtiyori o‘zida emasligidan so‘zlab, Azizbek huzurida bo‘lib o‘tgan bir hukm «majlisi»ni eslaydi. E’tiroz bildirgan hojini Azizbek jallodga buyuradi. Azizbekning o‘sha buyrug‘i qiyosiga qaraymiz. Jurnalda: «Qo‘lingdagini bo‘shat-da, o‘rniga hojini so‘y!». Kitobda: «Qo‘lingdag‘ini bo‘shatib, o‘rniga hojini olib chiq!», deb yozilgan. «So‘yish»dan voz kechilib, «olib chiqish»ga o‘tish vaziyatni yumshatish tomon tashlangan bir qadamdir.

Albatta, bunday farqlar, keskin vaziyatlarning yumshatilishi ijod psixologiyasi bilan, yozuvchining asar ustida ishlash jarayonidagi holatlari hamda qayta o‘qib ko‘rish paytidagi kayfiyatlari bilan bog‘liq ancha murakkab hodisalar sirasiga kiradi.

9. Sonlardagi ifoda

Abdulla Qodiriy o‘quvchi aniq, teran tasavvur qilishi uchun, o‘z qahramonlarining tashqi qiyofasi — port­retini erinmay chizadi. Ayni damda har bir obrazning yoshiga ham diqqat qaratadi. Otabekning yigirma to‘rt yoshga kirgani, Kumushbibining «o‘n yettini qo‘yib o‘n sakkizga qadam bosgani»ga alohida urg‘u beradi. Adib muhabbat yoshini tahrir qilmaydi; barcha nusxalarda qat’iy ravishda bir maromda ushlaydi. Lekin boshda «qirq besh yoshlar» chamasida bo‘lgan Mirzakarim qutidorni «qirq besh-elli yoshlar»gaolib o‘tadi. Shuningdek, Akram hojining «ellik bilan oltmish» orasidagi yoshini ortga — «elli besh yoshlar»ga ko‘chiradi.

Mirzakarimning Toshkentda qutidorlik qilib qaytgan davri jurnal nusxasida «yigirma yillab» shaklida chamalansa, kitob nusxasida «o‘n besh-yigirma yil» deb boshqa bir taxmin yoziladi.

Bundan tashqari masofani ifodalagan sonlar, deylik, «besh-olti qadam» — «uch-to‘rt»ga, «uch quloch» — «to‘rt quloch»ga o‘zgartiriladi. Shuningdek, adib qizlar bazmi — «gullar, lolalar, to‘tilar, qumrilar majlisi» uchun «bir soat» kamlik qilganini sezib, uni «ikki soat»ga cho‘zadi...

Gunohkor sifatida qo‘lga olinib, qushbegi va qo‘rboshi huzuriga keltirilgan Otabek bilan qutidorning sukuti uchun «besh-olti daqiqa»ni ko‘p ko‘rib, «uch-to‘rt daqiqa» deb sukut muddatini qisqartiradi. Ba’zan «o‘n besh daqiqa»ni «darhol» so‘zi bilan yoki «barmoq bilan sanorliq» birikmasini «uch-to‘rt kishi» bilan almashtiradi. Tabiiyki, bularning barchasi o‘z o‘rniga tushgan tahrirlardek taassurot qoldiradi. Ammo romanning boshlanishida hammaga ma’lum mehmondorchilikka oid bir epizod bor. Kitob nusxasida suhbat orasida qutidor Otabekdan so‘raydi: «Voqi’an siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilgan vaqtimda siz taxminan besh-oltiyoshliq bola edingiz... Go‘yoki, men Toshkandda kechagina turgandek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lgandekman...». Jurnal nusxasidan o‘qiymiz: «Voqi’an siz mani eslay olmasg‘a haqlisiz. Chunki man Toshkandda qutidorlik qilgan vaqtimda siz uch-to‘rtyoshliq bola edingiz. Go‘yoki man Toshkandda kechagina turg‘an kabi — kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘an kabiman». Har ikki parchada tovush va so‘zdagi farqlar ko‘rinib turibdi. Ammo kitobda berilgan «besh-olti yosh»dan ko‘ra jurnal nusxasidagi «uch-to‘rt yoshliq» bolaning o‘sha yoshidagi davrini eslay olmasligi asosliroq, ishonchliroq, to‘g‘riroq va ma’qulroq ko‘rinadi.

10. Turg‘unlashgan harakat va yaqinlashgan davr

O‘tkan kunlar o‘tib bo‘lgan, tarixga aylangan voqelikdir. Biroq adib o‘z asarining jurnal nusxasida o‘sha o‘tmishni harakat qilayotgan, davom etayotgan vaziyatlarda beradi. Juda ko‘p o‘rinlarda bu harakat qo‘shma fe’l bilan ifoda qilinadi. Diqqatni tortadigan so‘zlardan biri shuki, «boshlamoq» yordamchi fe’li harakatni ifodalovchi asosiy fe’l yonida keladi; hodisa kechimini anglatadi. Jurnalda: «O‘rislar to‘g‘risida allaqandoq xayoliy rivoyatlar eshitub yurgan qutidor va Ziyo shohichilarning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelub, Shamayda ko‘rgan-kechirganlarini so‘ray boshladilar.Otabek ham majlisni ortuq qistatub o‘lturmadi-da Shamay xotirotini so‘zlamakka boshladi».Kitob nusxasida har ikki gapning kesimidan davomiylikni ifodalaydigan ko‘makchi fe’l qisqartiriladi: «so‘radilar», «so‘zlab berdi» tarzida harakat kesiladi va turg‘unlashadi. Ikkinchi gap: «Otabek Shamay xotirotini so‘zlab berdi», deb ortiqcha tafsilotlar o‘chiriladi. Shuningdek, nusxalar qiyoslanganda «kuta boshladi — kutib turdi, muhokama eta boshladi va o‘lchamakka oldi — muhokama qildi va o‘lchadi, xabarlar yuriy boshladi — xabar chiqib qoldi, qarg‘ay boshladi — qarg‘ab berdi, qaray boshladilar — qaradilar, onglata boshladi — onglatmoqchi bo‘ldi, dasturxonlar yig‘ila boshladi — dasturxonlar yig‘ildi, so‘ray boshladilar — so‘radilar, ko‘zi yetmay boshladi — ko‘zi yetmay qoldi, torta boshladilar — tortdilar» kabi o‘nlab misollarga duch kelish mumkin.

Aynan roman tilidagi ish-harakat, holat fe’llari, gap kesimiga tegishli yana bir mulohaza bor. Adib mavzuni moziydan, ammo «yaqin o‘tkan kunlardan» tanlagan edi. Jurnal nusxasida o‘sha yaqinlik nisbatan uzoqlashib ketgan ko‘rinadi. Ko‘p gaplar «edi» to‘liqsiz fe’li bilan tugallanishi voqelikni yaqin emas, balki uzoq o‘tmishga taalluqli qilib qo‘yib, ertaklarning rivoya shakliga yaqinlashtirishi mumkin edi. Buni anglagan adib «muloyim tortg‘an edi — muloyim tortdi, tinchlang‘an edi — tinchlandi, ishong‘an edi — ishondi, beklangan edi — beklandi, tushkan edi — tushdi, belgilagan edi — belguladi, majbur bo‘lg‘an edilar — majbur bo‘ldilar» tarzida «edi» to‘liqsiz fe’lidan voz kechadi. Natijada roman ichkarisida tasvirlab, bayon qilinayotgan voqea-hodisalar uzoq o‘tmishdan «yaqin o‘tkan kunlarga» ko‘chadi.

Tabiiyki, matndagi so‘zlar, izoh, ibora va boshqa unsurlarning o‘zgarishlari ostida muayyan sabablar bor. Tahrirga uchragan oddiy bir tovush, bo‘g‘in, so‘z, birikma va jumlalar, qayta shakllantirilgan ichsarlavha va dialoglar filolog mutaxassisda mulohaza uyg‘otadi. Xususan, adibning kam so‘zlar bilan ko‘p ma’nolar ifodalash mahoratini, shuningdek, «O‘tkan kunlar»­dek o‘lmas bir roman boshidan o‘tkan kunlarni tasavvur etishiga yordam beradi.

To‘g‘risi, «O‘tkan kunlar» romani nusxalaridagi imloviy o‘zgarishlarning qay biri adibning aynan o‘z qalamiga va yana qaysilari kotib, muharrir va musahhihlarga tegishli ekanini aniqlash oson ish emas. Ammo romanning jurnaldagi bir parcha nusxasi bilan 1926 yilgi kitob nusxasini taqqoslash jarayonida baribir Abdulla Qodiriy «fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin» bermaslikka harakat ­etganini, ba’zi tahrirlarda esa davr nafasini, qaysidir darajada muhit erki va erksizligini his etish mumkin.

Nazarimda, romanning jurnalda bosilgan o‘sha o‘n olti faslining alohida chop etilishi, «O‘tkan kunlar»ning yaratilishi va bosilishini tasavvur qilishda, ayniqsa, tanqidiy matnini tayyorlashda, adibning mukammal asarlari to‘plamini nashr etishda foyda beradi, albatta.

Bahodir Karim,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 15-16-sonlaridan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.