background
logotype

Doniyor Begimqulov. Ruhiyat ranglari va ohanglari

“Kitob dunyosi” gazetasining shu yil 24 iyul sonida “Bir she’r tarixi” ruknida atoqli shoir Abdulla Oripovning “Yurtim shamoli” she’rining yozuvchi Nosir Fozilov arxivida saqlanib qolgan asl matni e’lon qilindi.

1969 yili yozilgan ushbu she’rning dastlabki nusxasidagi har oltilikning oxirgi misrasida takrorlanib keladigan “O, o‘zbek shamoli, o‘zbek shamoli” “O, yurtim shamoli, yurtim shamoli”ga, yana bir o‘rinda “Qo‘qon” “Hisor”ga almashtirilgan ekan. Bir qarashda bu muhim o‘zgarishdek tuyulmasligi mumkin. Aslida-chi? Birgina so‘z almashtirilishi bilan butun she’rning mohiyati, shoirning niyati, she’rxonga yetkazmoqchi bo‘lgan fikr o‘zgarib ketgan. She’rning o‘zgartirilgan variantida shoir tug‘ilgan yurtiga mehr-muhabbatini, sog‘inchini izhor qilgandek, uning diydoridan xursandligini bayon etayotgandek taassurot hosil bo‘ladi. Aslida esa “Yurtim shamoli” matni zamirida juda teran ma’no-mazmun mujassam ekan. Zotan, shamol obrazi she’rda o‘zbek, O‘zbekiston timsoli, uning mavjudligi, borliqqa, dunyoga ko‘z qarashi, maqsad-muddaosi sifatida talqin etilgan ekan. Shoir orzu qiladi: agar bir kun kelib o‘zbekning shamoli erkin essa, ya’ni O‘zbekiston ozod bo‘lsa, olamni moviy nafas, uchqur qo‘shiqlarga to‘ldiradi, uning sha’ni, shavkati tillarda doston bo‘ladi.

She’rdagi mashhur ibora — “Qo‘qon shamoli” qo‘llanilganda tasavvurimizda butun bir jo‘g‘rofiy ko‘lam, O‘zbekiston ko‘z oldimizda gavdalanadi. “Hisor shamoli” deyilganda esa ana shu ko‘lam torayadi, muayyan bir hududni tushunish mumkin. Darvoqe, she’rning asl holida bosilishiga monelik qilganlar, shubhasiz, o‘z muddaolariga erishgan. Nazarimizda, “Yurtim shamoli” bunday keyin “Kitob dunyosi” gazetasida e’lon qilingan matndek “O‘zbek shamoli” tarzida qabul qilinishi, keyingi nashrlarga asl holida kiritilishi lozim. Zero, bu she’r istiqlolni, hurriyatni orzu qilgan, unga intilgan, uning barqaror bo‘lishiga ishongan qalb tug‘yoni.

Keyingi vaqtlarda ayrim munaqqidlarning maqolalarida istiqlolni kuylagan, uni orzu qilgan, she’ru dostonlarida mustaqillik g‘oyasini ko‘tarib chiqqan shoirlar ro‘yxati tobora kengayib borayotgandek. Bu “Yov qochsa, botir ko‘payar”, degan maqolni eslatadi. Har narsani o‘z nomi bilan atagan ma’qul, albatta. Cho‘lpondan keyin o‘sha mustabid davrlarda istiqlolni ham ochiq, ham imo-ishora bilan baralla ilgari surgan, targ‘ib qilgan, milliy o‘zlikni anglashni boshlab bergan, bu borada maktab yaratgan, o‘zidan keyingi shoirlar avlodiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan shoir Abdulla Oripovdir.

Bu fikrimizga dalil sifatida “Manzara” (1964) she’riga diqqat qilaylik:

Bulut toshdi,
Vodiy osmonin
Qoplab oldi xira ko‘lanka.
Yel ovora,
Namxush xazonni
Uchirolmay bog‘dan yo‘lakka.
Novdalari birdan qotganday
Ko‘rinadi sukutda tolzor.
Go‘yo nimanidir kutganday
Bulutlar ham yuvosh, beozor...

Bu she’r faqat tabiat manzarasi tasviriga bag‘ishlanmagani ramzlarga sing­dirilgan ma’nolardan ayondir: o‘lkani mustamlakachilar egallab olgan, yel, ya’ni xalq qora ko‘lankani, namxush xazonni (mus­tamlakachilik asoratini) yelkasidan siltab tashlay olmay ovora, tolzor (yurt­ning ahli donishlari) ham sukutda, novdalari qotib qolgandek, ko‘lankani supurib tashlashga jur’ati yetmagandek... Biroq bu holat, vaziyat abadiy emas, qachondir bulut toshib, sharros yomg‘ir qo‘yishi, ko‘lankaning daf bo‘lishi, yoqimsiz uvada xazonning itqitilishi, bog‘ning tozarishi, ya’ni mustaqillik, egamenlik intizorlik bilan kutilmoqda. She’rdagi majoziy obrazlardan kelib chiqilsa, shunday mazmun anglashiladi. Shoirning dorilamon kunlarga kelib, istiqlol shukuhidan ilhomlanib 2010 yili yozilgan “Urf” she’ridagi ushbu misralar ham fikrimizni quvvatlaydi:

U kezlar nainki o‘zlikni, balki
O‘zbekligimni ham aytolmas edim.
Yoshim ming yillarga teng kelsa hamki,
Bitik toshlarimga qaytolmas edim.

Shoir, ayniqsa, keyingi yillarda juda samarali ijod qildi: “Qalb”, “Tavallo”, “Surxon mo‘‘jizalari”, “Oddiy haqiqat”, “Qishloq oqshomlari”, “Kibr”, “Daryo”, “Sayrob chinori”, “Qaytish”, “Ozon qatlami”, “Paradoks”, “Najot”, “Qiyomat alomatlari”, “Kema” singari inson ruhiyatining sirli qatlamlari rang-barang buyoqlarda inkishof etilgan she’rlar yaratdi. Bu she’rlardagi quyma fikrlar, betakrorlik, topqirlik, ayni chog‘da yuraklarni o‘rtab yuboradigan his-tuyg‘ular talqiniga guvoh bo‘lamiz. Ularning mavzu doirasi keng va turli-tuman. “Vorislik”, “Apokalipsis” singari she’rlarda umuminsoniy muammolar, odam bolasining o‘ta murakkab shaklu shamoyili, qalbidagi voris hislar — ezgulik bilan yovuzlikning kurashi ta’sirchan ifodasini topgan:

Kimdir ezgulik deb tinmaydi, biroq
Kimdir xanjar bilan yo‘lini poylar.
Hayotning mana bu yo‘rig‘iga boq:
Yovuz ham yovuzni himoyat aylar.

“Apokalipsis” she’rida yong‘in, zilzila, vulqon kabi tabiiy ofatlarga yuzma-yuz kelganda bandasining chorasizligi, “na boshi, na adog‘i bor poyonsiz ochun”da bunday hodisalar takror-takror sodir bo‘layotgani ta’kidlanadi. Biroq she’rda bu haqiqatlar shunchaki qayd etilmaydi, shoir kutilmagan achchiq, alamli poetik xulosaga keladi:

Ammo yuraklarda bordir bir alam,
U bois tugamas tashvishlar, g‘amlar.
Zamin talvasasi bosilganda ham
Bir-birin tinch qo‘ymas, afsus, odamlar.

Tabiat hodisalari inson irodasiga bo‘ysunmaydi, kutilmaganda ro‘y beradi, ulardan qochib qutilish mushkul. Biroq o‘z qalb sofligini, insoniyligini saqlab qolish kishining irodasi, iymoniga bog‘liq. “Ozon qatlami” she’rida bu g‘oya teran ochib berilgan. Yerni harir pardadek o‘rab turgan ozon atalmish qatlam sayyoramizni o‘tkir zararli nurlardan asrab turadi. Xuddi shuningdek hayotda insofu diyonat barqarorligini asrash uchun har bir insonning o‘z “ozon qatlami” bo‘lmog‘i zarurki, toki bu qatlam insonni noqisliklardan saqlasin, qalbida yovuzlikka joy bo‘shatmasin. Shoirning bezovtaligi, ogohlikka da’vatining boisi ham shunda:

Yashaysan goh shodu, goh dilda kadar,
O‘zingniki erur quvonching, g‘aming.
Lekin ogoh bo‘lgin doim, birodar,
Butun turibdimi ozon qatlaming?!

Hozirgi globallashuv, tezkor axborotlar oqimining ijobiy jihatlari bilan birga ma’naviyatga yetkazayotgan ziyoni bugun hech kimga sir emas. Boz ustiga Yevropadagi ayrim davlatlarda bir jinsdagilar nikohiga ruxsat berilmoqdaki, umumbashariy bu muammo hech bir diyonatli inson qalbini bezovta qilmay qo‘ymaydi. “Yevropa” she’rida o‘qiymiz:

Bor edi muhabbat atalmish qo‘rg‘on,
Uchib kirolmasdi chivin ham hatto.
Sovg‘asin Yagoning qo‘lida ko‘rgan,
Bo‘g‘ib qo‘ya qolgan juftin Otello.
 
Endi bu yurtlarda dunyo teskari,
Muhabbat hislari badar ketganlar.
Jannatni madh etib yurganlar bari
Jahannam komiga borib yetganlar...

Teran falsafiylik, sharqona donishmand­likka yo‘g‘rilgan, murakkab olam bo‘lmish inson ruhiyatining sir-sinoatlari shoirning voqeaband, yoyiq ifoda shaklida yozilgan yangi “Ranglar va ohanglar” turkumidagi she’r­larning ham yetakchi mavzusidir. Mazkur turkumga kirgan ilk she’rda ­bugungi kunda ijodkorning burchi nimalardan iborat ekanligiga urg‘u beriladi. Zero, xilqatdagi ranglar va ohanglar turfa, bir-biriga aslo o‘xshamaydi:

Bir qarashda ular hamohang, o‘xshash,
Biroq sen, ijodga azm etgan shoir,
Ularni adashmay farqlamog‘ing shart!
 
Sening ko‘zlaringga ko‘rinsin ular,
Sening qulog‘ingga chalinsin unlar,
Barchasi rango-rang, saslari turfa...
 
Bilib qo‘y, rangi bor armonning hatto,
Orzularning ajib shamoyillari,
Inson qancha bo‘lsa, ular ham shuncha.

Turkumga jamlangan o‘n beshta she’rning har birini qayta-qayta o‘qib misralar qatidagi fikr durlarini anglab shoirning poetik mushohadasi naqadar ko‘lamli, salmoqli ekanligiga iqror bo‘lamiz. Muxtasar syujetga qurilgan, yorqin taassurot qoldiradigan bu she’rlardagi hayotiy detallardan muhim poetik xulosalar chiqariladi. Bu jihatdan “Uyg‘unlik”, “Tafakkur”, “Millat”, “Qadr”, “E’tiqod”, “Tarix” kabi she’rlar xarakterlidir. Ularda ildizi bir — bugungi umuminsoniy muammolar, Vatan, millat ravnaqiga da’vatkor qalb tovlanishlari o‘z aksini topgan. “She’riyat nima o‘zi? Uning yozib qo‘yilgan qoidayu amallari bormi? Nima u? Millionlarni oyoqqa turg‘iza oladigan, minbarlarni larzaga coladigan da’vatkor xitobmi? Nima u? Gohida teran fikri bilan, gohida achchiq catiraci bilan, gohida mungli malomati bilan tinglaganlar qalbini imtihon qiluvchi zo‘r kuchmi? Nima u? Falakka choraciz ­iltijomi yoki muhabbat chamaniga cochilgan durdek ko‘z yoshlarimi?”, deya savolni qo‘yadi shoir bir maqolasida. Turkumga kirgan ­falsafiy teran va badiiy nafosati yuksak she’rlar mana shu xitobli savollarga berilgan obrazli javobdek yangraydi.

Shoirning keyingi bir yil mobaynida yozgan o‘n beshta g‘azali mavzu doirasi keng: ularda oddiy she’rga sig‘magan his-tuyg‘ular mumtoz janrning musiqiy ohanglarida jozibali ifodasini topgan.

Ona-yurt – jonajon O‘zbekiston Abdulla Oripov eng baland maqomlarda qalamga oladigan mavzudir. Istiqlol arafasida hamda mustaqillikning dastlabki yillarida hayotda aynan yuz bergan, shoir o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy jarayonlar ta’sirida yozilgan “Istiqlol manzaralari” dostonining “Tog‘lar hikoyasi”, “O‘zbek ishi”, “Muruntov”, “Elobod”, “Qamchiq dovoni”, “Imom Buxoriy”, “Jeneva” deb nomlangan qismlarida qalamga olingan lavhalar orqali mamlakatimiz va xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar badiiy talqin qilinadi. Dos­ton voqeabandlik usulida yozilgan bo‘lsa-da bayonchilikdan mutlaqo xoli, istiqlolning yigirma yili sha’niga bitilgan badiiy solnomadek taassurot qoldiradi.

Dovonlardan shu taxlit
G‘olib o‘tgan karvon bu.
Yigirma yil zil yukni
Olib o‘tgan karvon bu.

Dostondagi Botir va Fotih o‘rtasidagi bahs-munozara zamirida ochiladigan haqiqatlar, mustaqillikning qadam-baqadam mustahkamlanib borishi badiiy lavhalarda tasvirlangan. Doston obrazli topildiqlarga, yombi fikrlarga, mavzuning mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan o‘ziga xos o‘xshatish va sifatlashlarga boy. Asarda mus­taqillikning nechog‘li mashaqqatlar evaziga qo‘lga kiritilgani, bu yo‘lda olib borilgan tengsiz kurashlar ta’sirchan talqinini topganki, bu xususiyatlariga ko‘ra ushbu doston yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos badiiy qo‘llanma ­vazifasini o‘tay oladi.

Atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning keyingi yillardagi ijod namunalarini kuzatganda poetik-falsafiy mushohada, inson kechinmalari tasviridagi hayotiylik yanada kuchayganiga guvoh bo‘lamiz. Ayni chog‘da o‘quvchi qalbida aks-sado beradigan his-tuyg‘uga boy misralar garchi oldingi yillarda bitilgan she’rlaridan birmuncha vazmin va mulohazaliroqdek tuyulsa-da hamon jozibali, sehrli. Ularda hayot murakkabliklari, inson qalbidagi evrilishlar, ikkilanishlar, iqrorlar, hayratlar, o‘tmishga aylangan xotiralar yuki, yorug‘ kunlar shukronasi, armonning ranglari va ohanglari o‘zining g‘oyat jozibali talqinini topgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 38-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.