background
logotype

Erkin Mirkomilov. Bobur va Husayn Xorazmiy

Zahiriddin Muhammad Bobur 1526 yili Hindistonni egallagach, ko‘plab ilm ahllari uning huzuriga kela boshlagan. Ayniqsa, Ismoil Safaviy Xurosonni bosib olgach, Xuroson, xususan, Hirotdagi olim va shoirlar Bobur saroyidan panoh topadilar. Boburning o‘zi ham olim, shoir va tabiblardan ba’zilarini xat yoki elchilar orqali o‘z huzuriga chaqirtiradi.

Bobur hayoti va ijodida Xoja Ubaydulloh Ahror katta iz qoldirgan. Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» tazkirasida: «Podshohning (ya’ni Boburning) naqshbandiya oliy xonadoniga irodat nisbati bor edi. Yuqori shon-shavkatli bobosi va saltanat nishonli otasining hazrat Xoja Ahrorga irodati bo‘lgan. Bobur podshoh ham bu ulug‘lar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biron daqiqa bu ishni kanda qilib, g‘aflatda qolmas edi», degan ma’lumotlar keltiriladi.

Xoja Ahror «Volidiya» asarini otasining istagi bilan yozganligi ko‘pgina manbalarda alohida ta’kidlab o‘tilgani ma’lum. Unda tariqat yo‘liga kirgan kishining axloq-odobi, faqr va fano tushunchalari haqida so‘z boradi. Bobur kasal bo‘lib qolganda kasalidan shifo topish maqsadida Xoja Ahrorning «Volidiya» asarini fors tilidan o‘zbek tiliga she’riy tarjima qiladi.

Bu tarjima hozirgi kunda Turkiyaning Istanbul universiteti kutubxonasida 3743-raqam ostida saqlanuvchi «Bobur devoni»ga kirgan. Risola chiroyli nasta’liq xatida yozilgan, uning 12a- varag‘ida «risolani bevosita muallif — uning mulkini boqiy qilsin — yozgan muborak nusxadan ko‘chirdim hamda o‘quvchilarga manfaatli bo‘lishini umid qilib qolaman», degan ma’lumot bor. Lekin xattot nomi yozilmagan. Shu nusxa asosida Saidbek Hasanov tomonidan 2004 yili asarning faksimilesi va krilldagi matni nashr qilingan.

Bobur yana ixlos qo‘ygan kishilardan biri naqshbandiya tariqatining rahnamosi Maxdumi A’zam edi. Uning to‘liq ismi — Sayid Ahmad Xojagiy ibn Sayid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir (vafoti 1544 yil). Maxdumi A’zam o‘z ustozi Muhammad Qozi (vafoti 1516 yil) vafotidan so‘ng, Movarounnahrda tariqat peshvosi sifatida e’tirof etiladi.

«Muzakkiri ahbob»da aytilishicha, Bobur Maxdumi A’zamga izzat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida niyoz tariqasida bir bo‘lak oltin quymasini hamda unga bag‘ishlangan ruboiysini jo‘natgan.

Bu forsiy ruboiy quyidagicha:

Dar havoyi nafsi xudi mo umri zo’i kardaim,
Pesh ahlulloh az af’oli xud sharmandaim.
Yak nazar ba muxlisoni xastayi dil farmon ki, mo
Xojagi (Ahmad) ro mondaim va Xojagiro bandaim.

Mazmuni:

Nafsimiz havaslarida umrimizni nobud qildik,
Endi ahlulloh (so‘fiylar) oldida qiliqlarimiz uchun sharmanda bo‘ldik.
Bizday xastadil muxlislaringga bir nazaringni tashlaki,
Biz Xojagi(Ahmad)ni tashlab ketgan bo‘lsak-da,lek biz uning qullarimiz.

O‘z navbatida, Maxdumi A’zam ham Boburga atab «Boburiya» risolasini yozadi va uni Hindistonga jo‘natadi. Unda ham tariqat, xususan, naqshbandiya yo‘lini tutganlarning odobi, burch va vazifalari ko‘rsatib beriladi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanmoqla.

Bobur mirzo hazrati Shayx Xudoydod Valiyga ham juda katta e’tiqod qo‘yganligi haqida «Lamahot» asarida bayon qilingan. Unda yozilishicha, «Ubaydulloxonning kelayotgani xabari Bobur mirzoga yetgach, u amirlaridan birini hazrat Shayx Xudoydod Valiyga yuborib, fotiha berishni va tarafdor bo‘lishni so‘raydi. Hazrat Xudoydod fotiha o‘qigach, aytdilarkim: «Har kim musulmonroq bo‘lsa, o‘sha podshoh bo‘lg‘usidir». Bu so‘z Bobur mirzo qulog‘iga yetgach, «Ubaydulloxonning musulmonchiligi bizdan ustundur» deydi. Ma’lum bo‘ladiki, Bobur shayxning so‘zlariga qattiq e’tibor berib, jangdan voz kechadi. Manbashunos olim Komilxon Kattaev ham «Shayx Xudoydodi Vali tarixi» kitobida bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tgan.

O‘sha davrda boshqa tariqatlar qatori kubroviya tariqati namoyandalari ham o‘z ta’limotlarini olib borganlar. Shulardan biri Kamoliddin Husayn Xorazmiy (1466 — 1551) bo‘lib, husayniya silsilasiga asos solgan. Bobur o‘z davrida bu shayx bilan yuzma-yuz ko‘rishmasa-da, sovg‘a-salomlar yuborib, uning ahvolidan voqif bo‘lib turgan. Bu haqdagi ma’lumotlar tarixiy asarlarda saqlanib qolgan. Shunday asarlardan biri Mahmud ibn Shayx Ali ibn Imodiddin G‘ijduvoniyning «Miftoh ut-tolibin» («Toliblar kaliti») asari bo‘lib, 950/1543 yili yozilgan. Asarning bir necha qo‘lyozma nusxalari bizgacha yetib kelgan.

«Miftoh ut-tolibin» Husayn Xorazmiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, o‘sha davrdagi siyosiy-ijtimoiy hamda tarixiy voqealarni o‘rganish uchun muhim manbadir. Asarda Husayn Xorazmiy va Bobur o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bir voqeaning bayoni keltirilgan. Bu quyidagicha: 1527 yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sanga va Bobur orasida jang bo‘lib o‘tadi. Bu jangda Bobur va uning askarlari bir necha marta urinishlardan keyin ham g‘olib kela olmaydi. Rano Sanga jangchilarining qo‘li baland keladi. Shunda jangchilarning ko‘nglida taraddud va umidsizlik paydo bo‘ladi. Hatto jangchilardan biri jangga kirishdan bosh tortadi. Bu haqda «Boburnoma»da: «...uluq-kichikta dag‘dag‘a va taraddud ko‘p edi. Hech kimdan mardona so‘z va dalirona ra’y eshitilmas edi», deyiladi.

Shu paytda Bobur g‘amgin holatga tushib qoladi hamda bir tadbir ishlatish xotiriga keladi. Bu haqda «Miftoh ut-tolibin» asarida yozilishicha, Bobur bir vaqtlari Samarqandga, ya’ni Husayn Xorazmiy huzuriga ko‘p sovg‘alar bilan bir darveshni jo‘natadi. Husayn Xorazmiy esa tabarrukan Boburga o‘z hassasini yuboradi. Bobur jangda chorasiz bo‘lib qolgach, shayxning hassasini yoniga qo‘yib, to‘liq ixlos bilan Hazratning botiniga yuzlanadi.

Shundan keyin Hazratdan g‘alaba qilish bashoratini oladi va ertalab turib buni lashkarlarga yetkazadi. Lashkarlar bu bashoratni eshitganlaridan keyin yana g‘ayratga to‘lib, jangga otlanadilar va Boburning qo‘li baland keladi. Bu jangda ko‘p o‘lja tushadi. Bobur maxsus kishilari orqali Husayn Xorazmiyga niyoz tariqasida bir musht ashrafiy yuboradi. Yuborilgan kishi omonatni shayxga topshiradi hamda bu faqat bir nishona, agar shayx bironta ishonchli kishisini yuborsalar, qolgan ashrafiy va sovg‘alar ham u orqali berib yuborilishini aytadi. Shayx omonatni qabul qiladi, lekin qolganiga odam yuborishni xohlamaydi.

«Jodat ul-oshiqin» asarida esa Husayn Xorazmiyga bo‘lgan munosabat Boburdan keyin ham farzandlari tomonidan davom etganligi ko‘rsatib beriladi. Husayn Xorazmiy ­Samarqanddan baytulloh ziyoratiga ketayotganida Buxorodagi Jo‘ybor mavzesiga kelib bir shayxning uyida qo‘nim topadi. Shu asnoda Hindistonda hukm surayotgan Boburning ­farzandlari nomidan bir maktub kelib qoladi. Maktubda shayx safarini Hindiston orqali amalga oshirishini va ular esa ziyoratlariga ­musharraf bo‘lishini iltimos qilishgan edi. K.Kattaev ham Husayn Xorazmiyga bag‘ishlangan kitobida bu haqda to‘xtalib o‘tgan.

Bu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Bobur yashagan davrda uchta tariqat peshvolari o‘z faoliyatlarini teng olib borganlar. Bular — naqshbandiya tariqati peshvosi Maxdumi A’zam Dahbediy, yassaviya tariqati peshvosi Shayx Xudoydod Valiy hamda kubroviya tariqati peshvosi Shayx Kamoliddin Husayn Xorazmiy. Bobur ham ularning qaysi tariqatda bo‘lishlariga qaramay, hammalariga hurmat ko‘rsatib, ular bilan mustahkam aloqada bo‘lgan. O‘z o‘rnida ularga murojaat qilib, hayoti va faoliyati davomida ulardan ma’naviy quvvat olib turgan.

Aytish mumkinki, Bobur o‘z asarlari orqali ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shish bilan birga, ilm ahllariga ham katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. O‘zi garchi Hindistonda yashab o‘tgan esa-da, Movarounnahrdagi tasavvuf pirlari bilan mustahkam aloqada bo‘lib, yozishmalar olib borgan, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan. Bu — Boburning olijanob qalb egasi va adolatli hukmdor bo‘lganini yana bir karra ­isbotlaydi.

Erkin Mirkomilov,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.