background
logotype

Hakim Sattoriy. “So‘zimdan angla o‘zimni”

M.Gerasimov 1947 yilda “Biograflar uning buyuk yurishlarini tasvirlashda jami ranglardan foydalanganlaru, tashqi ko‘rinishi yuzasidan juda kam ma’lumot qoldirganlar. Borlari ham ziddiyatli va mavhum”, deb yozg‘irgan ekan.

Har vaqtki ko‘rgasen mening so‘zumni,
So‘zumni o‘qub, sog‘ingaysen o‘zumni.

Zahiriddin Muhammad Bobur

Buyuk bobokalonimiz hayotini mufassal o‘rgangan va mukammal tarixiy-biografik asar — “Zafarnoma”ni yaratgan Sharafiddin Ali Yazdiy bir o‘rinda ul buyuk zot haqida shunday yozgan ekan: “...hazrat Sohibqiron shunday bir mulk (podshohlik, hukmdorlik) egasidirki, u farishtalarning Allohga murojaat etib, “Buzuqchilik qiluvchi va qonlar to‘kuvchi kimsani yaratasanmi?” savoliga javoban Parvardigorning “Men yerda bir xalifa (o‘rinbosar, vakil) yarataman” degan inoyatiga karomat qilingan sarvar (etakchi, yo‘lboshchi)dir. Unga o‘zining oldindan bilish va ko‘rish fazilati tufayli bahri barr (suvlik va quruqlik)da egalik qilishga qudrat berilgan”.

Menimcha, bu e’tirof sharafli ajdodimiz sha’niga aytilgan jami sifatlarni o‘zida qamrab oladi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur o‘z davridayoq barcha doiralarda “Sayf ul-Alloh” (Allohning qilichi), “Sayf ud-din” (Dinning qilichi) deb ulug‘langan edilar.

Shubhasiz, ana shunday muhtasham va mahobatli zotning shaxsiyati (o‘ziga xos bo‘lgan tash­qi va ichki olami) zamonlar osha afkor ommani qiziqtirib kelgan. Shu qiziqish hosilasi o‘laroq ko‘plab afsonalar, rivoyatlar yaratilgan. Garchi ularda jindak haqiqat unsurlari bo‘lsa-da, sharqona xayolot va uydirmalar ila pardozlanganidan ularni tarixiy dalil sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. Bu hikoyatlar bobokalonimiz haqida u yoki bu darajada tasavvur berishi mumkin.

Agar masalaga aniq nuqtai nazardan yondashiladigan bo‘lsa, uning muammoli, murakkab va chigal tomonlari ko‘pligi ma’lum bo‘lib qoladi. Bu holatni o‘sha zamon tarixchilari ham, hozirgi zamon tadqiqotchilari ham qayd etganlar. Bu, avvalo, Shaxs fe’l-atvorining faqat o‘ziga xosligi, boshqa biror zotga o‘xshamagan ichki dunyosi va faoliyati (uning kamyob­ligi va yagonaligi ham shunda), o‘z to‘pidan balanddaligi hamda yuksakligi bilan o‘lchanadigan nodir xususiyatlari bilan belgilansa, ikkinchi tarafdan zamondoshlarning Sohibqironning maishati, did-sa’jiyasi, shaxsiy turmush tarzi va boshqa ichki o‘ziga xos tomonlari haqida maxsus yozib qoldirmaganlari bilan izohlanadi. Balki u davrlarda bunday tadqiqotlar yaratish urf bo‘lmagandir yoki hech kim jazm qilmagandir yoxud hamon o‘shanday asarlar asrlar g‘ubori ichra ko‘milib yotib, hozirgacha topilmagandir. Bu tarix kashfiyotiga haddan tashqari qiziqqan sho‘ro tadqiqotchilari ham hatto qo‘lga ilinadigan dalillarga kam duch kelganlar chog‘i M.Gerasimov 1947 yilda “Biograflar uning buyuk yurishlarini tasvirlashda jami ranglardan foydalanganlaru, tashqi ko‘rinishi yuzasidan juda kam ma’lumot qoldirganlar. Borlari ham ziddiyatli va mavhum”, deb yozg‘irgan ekan.

Shaxsiyat bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘sha davr asarlarida yaxlit holda emas, sochma tarz­da uchraydi. Sohibqiron bilan yuzma-yuz uchrashgan Ibn Xaldun, Klavixo, Ibn Arabshoh, Ioan va boshqalar, shuningdek, bobomizning zamondoshlari o‘z xotiralarida ul zotning tashqi ko‘rinishini yo‘l-yo‘lakay tasvirlaganlar, saroyning maishiy hayoti (asosan ziyofatlar bahonasida) yuzasidan dalillar keltirganlar, biror aniq voqea munosabati bilan hazratning ruhiy holati (shodligi, g‘am-g‘ussasi, g‘azabi)ni qayd etganlar. Atrofda kechgan buhronli hayot, keskin vaziyatlar inson va harbiy lashkarboshi, davlat arbobi va ilm-fan, san’at homiysi sifatida faxrli ajdodimizning shaxsiy fazilatlari haqida mulohaza yuritishga izn beradi.

Bir holni istisno qilish kerakki, Amir Temur davrining buyuk voqeasi edi va, bugungi nazar bilan aytganimizda, necha yuz yillar taqdirini hal qiluvchi shiddatli o‘zgarishlar hayotining har bir lahzasida paykon o‘qlaridek uning tegrasida shuvillab uchardi hamda, ne saodatki, o‘shanday tahlikali damlarda ham chaqmoqdek Aql to‘g‘ri yechimlar topishdan adashmagan edi. Bobomiz shaxsiyatidagi jami unsurlar o‘sha Buyuk Aqlga xizmat qilgan va zamon so‘roqlariga asrlar taqdirini belgilab bergan to‘g‘ri javoblar topilgan. Bu mavqe shunchalik balandki, uning mohiyatini “Buyuk Temur” deb atalgan ikki ramziy so‘z nisbatan ifodalashi mumkin va bu cho‘ng haqiqat qarshisida Shaxsga berilgan jami ta’riflar nisbiy bo‘lib qolaveradi.

Shuni e’tirof etib, qayd qilish lozimki, Sohibqiron vasfi o‘z davrining daholari qalami ila kuylanmasligi mumkin emas edi. Bu borada, haqiqatan, davomiy (uzluksiz) zanjir mavjud. “Zafarnoma”ning muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy to‘rt yoshli bolakay Alisherni manglayidan o‘pib, yorug‘ iqbol tilagan chol-da. Alisher Navoiy ijodida bu muborak mavzuning aks etmasligi yoki xira aks etishi mumkin emas. Hozircha biz daho shoirimizning Sohibqiron haqida “...agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar...” deb boshlanuvchi izhorini aksariyat takrorlaymiz. Binobarin, so‘z sultoni nafis abadiyotga bag‘ishlangan maxsus asarining ijodkor Temuriy shahzodalarga atalgan alohida faslini ixlos va ehtirom bilan Sohib­qiron nomi bilan boshlaydimi, demak, buning zamirida teran mehr yashirin. Shoir ijodida bu buyuk zot timsoliga ko‘p bora murojaat qilgani shub­hasiz. Oddiy bir qayd: Farhod obrazini ko‘p tadqiqotchilar Navoiyning ideali, hatto o‘zining timsoli, deb talqin qiladilar. Ana shu suyukli qahramon sevgilisi Shirinning yurti Armanistonda tog‘ qazib, ariq o‘tkazadi. Obodonchilik ishlarini amalga oshiradi. Tarixda shunday ish qilgan bizning biror qondoshimiz bormi? Bor. Bu — Amir Temur hazratlari. Sohibqiron Tog‘li Qorabog‘da bir necha qishni o‘tkazgan. Bu zaminda arig‘ (“Barlos arig‘i”) qazib, ko‘plab oliy inshootlar barpo etgan. (Bu yog‘ini sharh­lash muhtaram adabiyotshunoslarimizga havola). Yoki Temur Malik, Najmiddin Kubro, Sulton Jaloliddin va boshqalar boshlagan ozodlik kurashini ham oxiriga yetkazdi! Sind daryo­si bo‘yida shafqatsiz tahqirlangan, lekin irodasi bukilmay kurashni davom ettirgan va bu yo‘lda mahv bo‘lgan Sulton Jaloliddinning orini dushmandan kim oldi? Albatta, Amir Temur hazratlari! Masalaga yondashuvda ana shunday keng miqyos talab etiladi.

Shubhasiz, Sharq osmonining porloq yulduzlaridan biri, Sohibqironning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zurriyodi Zahiriddin Muhammad Bobur va avlodlari tarjimai holida shavkatli bobokalonlarining shukuhi aks etmasligi mumkin emas edi. “Boburnoma”da muallif faxr bilan “Temuriya salotini dasturi bila to‘shak ustida (ya’ni taxtda) o‘lturur edim”, deb yozgandi. O‘g‘li Muhammad Humoyunga bitgan xatida “Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi” deya ta’kidlagandi. Bulardan tashqari ham asarda hazratning muborak nomi ko‘p bora tilga olinadi.

***

Ma’lumki, memuar asar yozish an’anasini Amir Temur hazratlari boshlab berganlar. “Temur tuzuklari” shavkatli otaning farzandlarga yo‘l-yo‘rig‘i, hayotiy dasturidir. “Boburnoma” “Temur tuzuklari”ning mantiqiy izdoshi, davlat arbobi va sarkarda izhorining dilbar shoir qalbi nafosati bilan orolangan, mukammallashgan shaklidir. Albatta, “Temur tuzuklari” Sohibqiron shaxsiyatini o‘rganishda tayanch manba hisoblanadi. “Boburnoma”da esa muallif ko‘plab zamondoshlari haqida ipga tizilgan marjondek aniq-tiniq ma’lumotlar bergan. Bu jihatdan Bobur Mirzo tanlagan uslubni tan olmasdan iloj yo‘q. Biz ham, avvalo, tayyor an’analarni iste’foda etish, keyin esa avlodlarning o‘zaro mehriga qulluq qilgan holda Sohibqiron hazratlari shaxsi haqidagi qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni “Boburnoma” uslubida bayon etishga ahd qildik. Beg‘araz sa’y-harakatlarimiz ochiq ko‘ngillik bilan qabul qilinadi, deb umid qilamiz.

“Boburnoma”da muallif o‘z taqdiri (asosan, taxtni qo‘lga kiritish va saltanat yuritish)ga bevosita aloqador bo‘lgan Temuriylardan Sulton Ahmad va Sulton Mahmud (otasining akalari), Boysunqur Mirzo (Samarqand taxtini undan olgan)lar hamda Sulton Husayn (Boyqaro) Mirzoni har tomonlama tavsiflaydi. Ularning har birining 1) valodat va nasabi; 2) shakl va shamoyili; 3) axloq va atvori; 4) masof va urushlari (masoflari); 5) viloyoti; 6) avlodi; 7) xavotin va sarori; 8) umarosi (amirlari); 9) sudur (boshliqlari); 10) vuzaro (vazirlari); 11) shuaro (shoirlari)ga mufassal ta’rif beradi (9-11 toifalar Sulton Husayndagina mavjud. Boysun­qurda 1-4 toifa). Izohlarning lo‘nda, aniqligi, ifodaning yorqinligi kishini lol qoldiradi. Shaxslarning bo‘y-basti, kiyimi, e’tiqodi, harbiy hayoti, oilasi, farzandlari muxtasar qayd qilib o‘tiladi.

Albatta, Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatining ko‘lamidan kelib chiqilsa, Bobur qo‘llagan 11 bandning har biri yuzasidan to‘la kitob yozish mumkin. Qolaversa, hazratning valodat va nasabi (1), masof va urushlari (4), viloyoti (5), avlodi (6), xavotin va sarori (7) yuzasidan shu satrlar muallifining “Hazrat Sohibqiron” (2005 yil) va “Oltin silsila” (2006 yil) kitoblarida va boshqa asarlarda imkon darajasida hikoya qilingan. Demak, bu gal nisbatan kam e’tibor qaratilgan jihatlarga baholi qudrat to‘xtalib o‘tamiz. Bunda qo‘limizdagi manbalar bizga hamdast, hampoya bo‘ladi.

Shakl va shamoyil

O’z zamonasida “arab dunyosining shayx ur-raisi”, “mashriqu mag‘rib tarixining bilimdoni” deb ulug‘langan Valiuddin ibn Xaldun Sohibqironni 65 yoshligida ko‘rishga muyassar bo‘lgan. Uning ta’rifi quyidagicha: “Temur baland bo‘yli, qomatdor, boshi katta, keng peshonali kishi edi. Jismonan nihoyatda kuchli, badani oq, yuzi qizil, barmoqlari yo‘g‘on edi. Soqoli hilpillab turardi. Nigohi chaqnoq, ovozi jarangdor edi. Temur o‘lim vahimasi nimaligini bilmay, ma’naviy va jismoniy kuchini to‘la saqlagan holda yetmish yoshga kirdi”. (“Kurer YUNESKO”, 1966 yil, № 6).

Ibn Arabshoh (1389-1450) aniq dalillarga, balki o‘z ko‘rganlariga asoslanib, Sohibqironning suratini shunday chizadi: “Temur baland qadli, uzun bo‘yli, tik qomatli, u go‘yo qadimiy amolika (pahlavonlar) avlodidan bo‘lib, keng peshonali, katta boshli, g‘oyatda kuchli va salobatli, ajoyib bo‘lalik, rangi oqu qizil yuzli, lekin dog‘siz, bug‘doy rang emas, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol, o‘ng oyoq-qo‘li nogiron, ikki ko‘zi bamisoli ikki sham bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, yo‘g‘on ovozli edi; u o‘limdan qo‘rqmas, yoshi saksonga keta­yotgan bo‘lsa-da, iztirobsiz, vazmin, badani to‘la va pishiq, xuddi zich tosh misoli qattiq edi”.

Ko‘rinib turibdiki, ikkala shohidning ta’rif-tavsifi bir-biriga yaqin, ularni o‘qigach, ko‘z oldimizga bo‘yi 2 metrdan kam bo‘lmagan, mukammal qomatli pahlavon gavdalanadi. Garchi 26 yoshida olingan jarohat asari gavdaning o‘ng tomonida qolgan bo‘lsa-da, qo‘l me’yorida ishlagan, faqat o‘ng yelka biroz past bo‘lgan. “Temur viqor bilan otda o‘tirganda bu nuqs aslo sezilmas, aksincha, chap yelkaning balandligi unga o‘zgacha salobat bag‘ishlardi”, deb yozadi tarixchilar.

Axloq va atvor

Barcha darajadagi muarrixlar hazratning e’tiqodda komil ekanliklarini faxr bilan qayd etganlar. Bolalikdan islomiy muhitda ulg‘aygan Sohibqironning ustoz va pirlari jamisi hanafiya mazhabida bo‘lib, o‘zlari ham shu mazhabda edilar va barcha harakatlarida hanafiya talablariga amal qilganlar. O‘zlariga ma’naviy pir sifatida sayyidzoda Said Barakani va xurosonlik Zayniddin Tayobodiyni tanlagan edilar. Shayx Shamsiddin Kulol oilaning yaqin kishisi va piri bo‘lib, hazratga ism qo‘ygan hamda yorug‘ kamolidan bashorat qilgan edi.

Bobomiz garchi faoliyatlarida siyosat va dinning mavqeini aniq tayin qilgan, ularni aralashtirib yoki qo‘shib yubormagan bo‘lsalar-da, dindorlarga chuqur hurmat bilan qaraganlar, ularning maslahatlariga quloq tutganlar. Umrlari bo‘yi diniy avliyolar, ulamolarning ravzalarini obod qilishga katta e’tibor berganlar (jumladan, Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy qabri ustiga mahobatli bino qurishni amr etganlar). O‘zlari ham diniy arkonlarga to‘la amal qilganlar. Safarlar asnosida har doim o‘g‘ruqda ko‘chma yog‘och masjid olib yurilgan. Sohibqironning bu boradagi tamoyilini o‘z so‘zlari bilan bunday ifodalash mumkin: “Davlat va saltanatimga bog‘lagan mening birinchi tuzugim — Tangri taoloning dini va Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim. Har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim”.

Madrasa tahsilini olgan, o‘z davrining yetakchi olimlarini suhbatdosh tutgan Sohibqiron bobomizning urfoniy salohiyatlari naqadar ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Adabiyotdan qanchalik boxabar ekanliklarini Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”da keltirgan hikoyasi orqali bilamiz. O‘shanda vahimaga tushib, Qur’on tilovatiga jahd qilgan kishiga qarata aytilgan “Abdol zi biym chang bar “Mushaf” zad” (Gunohkor qo‘rqqanidan Qur’onga chang soldi) misrasi 967-1049 yillarda yashagan fors shoiri Abusaid Abulxayrning ruboiysidan ekan.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.