background
logotype

Ibrohim G‘afurov. Hayot – muallim

Gapni uzoqroqdan boshlasammikin deyman.

1945-1946 yillarning ko‘klami, kunlar ilib, ko‘k­simiz uzoq qishdan so‘ng yayrab qolgan. Toshkentning shimol tomonlarida chakalakzor, do‘lanazorlar oralab ajib bog‘lar bag‘rida qamish tomli, yakkasinch, guvala uyli Teshik qopqa mahallasi joylashgan. Pochcham va otam urushdan qaytishdi. Pochcham temir yo‘lda mashinist yordamchisi bo‘lib ishlaydi, yana poezd haydovchi mashinist bo‘lish uchun ishdan keyin o‘qiydi. U rus o‘rtoqlarining qalin daftarlar to‘ldirib yozilgan lektsiyalarini olib keladi. Men ularni boshqa daftarlarga ko‘chirishga yordamlashaman. Pochcham urush yillari qarovsiz to‘kilib qolgan paxsa-guvala uylarni buzib, hovlini kengaytirib, tartibli qilib uy solish harakatiga tushib ketgan. O‘qiydi, ishlaydi, ustalarga qarashadi, uning vaqti yo‘qligini ko‘rib lektsiyalarini ko‘chirishga bajonidil yordam beraman. Pochchamning ota-onasidan qolgan hovlisi bizning bog‘ hovlimizga tutash. Ikki hovli o‘rtasida bog‘ eshik doim ochiq. Pochcham gaplashib hovlimizga sim tortib radio tushirdi. Radio degani qora lappak. Mahallamizning choyxona klubi tepasida esa katta radio karnay turadi. Undan uzun kun o‘ktam, shijoatli sadolar yang­raydi, bog‘larga g‘alaba marshlari taraladi. G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Hamid G‘ulom kabi shoirlarning jo‘shqin, yoqimli ovozlari eshitilib turadi. “Sen yetim emassan, jigarim!” – degan jigarso‘z ovoz quloqlarimizdan ketmasdi. Ushbu buzruk sas Teshik qopqaning tuproq ko‘chasidan o‘tayotgan, boshlari taqir qirilgan va sariq allanima surtilgan bari biz tengi va bizdan yoshroq, ushoqdan ushoq bolakaylarning saflari ortidan ergashardi. Biz qish, bahor yog‘inlarida qamish tomlardan tinmay chakka o‘tadigan, besh-olti jon bir qulochgina tancha atrofida kuymalanib jon saqlaydigan, bir cho‘ntak turshak, jiyda va bir burda zog‘ora non bilan yashasak-da va o‘z holimizni bilmasak-da, shu uzoqlardan ne azoblarni ko‘rib poezdlarda Toshkentgacha yetib kelgan o‘zimiz tengqur yetim bolalarga achinardik. Ularning qo‘llariga turshak-jiydalar tiqishtirardik. Ular saflanib bo­risharkan, hech qayoqqa qaramas, xuddi o‘zlarini butunlay yo‘qotib qo‘ygandek, sarosimalanib, javdirab qadam tashlashardi. Ularning saflariga ergashib to guvillab oqadigan Qichqiriqning yolg‘izoyoq ko‘prigigacha borardik. "Sen yetim emassan!" – deb qichqirayotgan qo­ra lappakning so‘zlariga tushungandek bo‘lardik, yurak­larimiz nechukdir orziqardi. Chamasi, biz ham yetim bo‘lib qolib shunday g‘aribuddiyor, sargardon yurishdan qo‘rqardik. O‘sha paytlar radiosining ko‘p so‘zlari, kuylari, ashulalari, pesalari, Abror Hidoyatov, Olim Xo‘jaev, Nabi Rahimov, Jo‘raxon Sultonovlarning ovozlari miyamizga o‘rnashib qol­gan, hech nari ketmaydi. Biz to‘tilardek radioning so‘zlarini takrorlab yurardik. Hoynahoy shu to‘tidek so‘zlarni takrorlab yurish bejiz emas ekan. Shoirlik so‘zdan uyg‘onsa kerak. “Tohir va Zuhra”, “Alisher Navoiy” pesalarini radiodan takror-takror tinglab tamom yod olgan edik. Ularning so‘zlaridan yuragimiz moyday erirdi. “Shum bola”, “Yodgor”, “Temur Malik”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi mo‘‘jaz asarlarni xuddi shu paytlar, hali elliginchi yillar kirmayoq o‘qiganmiz. Mahallamizda ko‘proq kosiblar, aravakashlar, bog‘dorlar, tramvay haydovchilar, temir yo‘l ishchilari, atrofimizga ko‘­chib kelgan zavodlarning xodimlari, farroshlari, oshpazlari, nonvoylari, muallimlar yashashardi. Ho­zir o‘ylasam, o‘sha yillari mahallamiz chekkaroqda bo‘lishiga qaramasdan, har o‘nta xonadonga bitta muallim va har o‘ttiz xonadonga bir vrach to‘g‘ri kelardi. Besh-olti qo‘shnilarimizning tikkaygan yoshlari naq ToshMIda o‘qishardi. Qachon qarasak, ular bog‘lardagi daraxtzorlarda taglariga ko‘rpacha solib dars tayyorlashar, kitob o‘qishardi. Ke­yin ular ajoyib, bilimdon, xalq ichida obro‘-e’tibor qozongan vrach, harbiy unvonli vrachlar bo‘lib yetishishdi, sharafli umr kechirishdi. O‘n-o‘n ikki yoshlarimda men ularga qattiq havas qilar, atroflarida aylanib yurardim. Mahallamizda galma-gal hovlilarda qissaxonlik qilishardi. Ko‘proq jangnomalar, ora-oralarda Qodiriy romanlari o‘qi­­lardi. Odamlar yum-yum yig‘lashardi. Akam shu qissaxonlik kechalarida qatnashar, ba’zan iqi suyib qolsa, menga ham aytib berardi. Biz kabi bolalar kechalarga kiritilmasdi. Xolalarim, ammalarim nihoyatda xudojo‘y, eskicha savodli, mehribon, mushfiq ayollar edi. Ayyomlarda bog‘imizda yig‘ilishib katta uy to‘la davra solib o‘tirib kitobxonlik qi­lishar, Navoiy, Yassaviy, Boqirg‘oniy, Mashrab, Hu­vaydo o‘qilardi. G‘azallar, muxammaslarni kuylab o‘qishardi. Men bolalik muhitimni so‘ylayotirman-da, qaerdan chiq­qanim, qaerdan boshlanganimni andakkina bo‘lsa-da, anglayotirman-da-e... Mahalladoshlarim kamsuqum, juda sodda, kamtalab odamlar edi. Tog‘am Husanbek Ibodov urushdan yaralanib qaytib, oqartuv texnikumida til va adabiyotdan dars berardilar. U kishini juda mohir pedagog deb e’zozlashardi. Tog‘amning katta sinchli uylarida besh tokcha liq to‘la kitoblari bor edi. Tokchalar oynavand javon qilib yasalgandi. Kitoblarning ko‘pligi meni lol qilar, ularning hoshiyalaridagi nomlarini hijjalab o‘qib o‘tirardim. "Shu kitoblarning hammasini o‘qib chiqsa bo‘larmikin?" – deb o‘ylardim. Elliginchi yillarning boshrog‘ida tog‘am menga Pushkinning o‘zbekchada chiqqan to‘rt latta jildli juda chiroyli kitobini sovg‘a qildilar. Yuragim yomon jizilladi bu qissalar, she’ru dostonlarni o‘qib. Bu jildlar hamon kitob javonimda saqlanadi. Endi uning qog‘ozlari yillarning zabtidan sarg‘ayib, kepagi chiqib ketgan. Bu kitob “Shum bola”, “Temur Malik” kabi, “Kuntug‘mish” kabi va tog‘am kabi menga ustoz bo‘lgan. Qush uyasida ko‘rganini qiladi: muallim tog‘amning kitobparvarligi menga ham meros bo‘lib o‘tgan. Qaerda uchratmay kitob ko‘zimga olovday ko‘rinadi. "Kitobparvarlik" so‘zini men doim "insonparvarlik"day o‘qiyman, ularni teng ko‘raman: biri biriga o‘tib turadigan, biri biridan quvvatlanadigan narsalar deb qarayman. Bu fetish emas. Bor gap o‘zi shu. Kitoblardan hayot uchun kerakli so‘zlarni qidiraman, axir kitob yurak qoni bilan yoziladi-da, unda bekorchi gap nima qilsin. Ammo bekorchi gaplar, bekorchilikdan yozilgan gaplar ham dunyoda istagancha topiladi. Ammo ular belgilamaydi hayot maromini, ular belgilamaydi yashash zavqlarini, ular belgilamaydi insoniyat orzu-havaslarini. Fidokor odamlar igna bilan quduq qaziydi: insoniyatga xaloskorlik qiladi, insoniyat karvonining og‘ir yukini yengillashtiradi, kelajak yo‘llarini yoritadi. Bir qultum obi hayot uchun qanchadan qancha quduqlar qaziganlar bor. Kitobparvar uyqusiz kipriklari bilan minglab kitob­larni varaqlaydi. Men doim shularga havas qildim: ularni o‘zimga do‘st tutdim, ularning chehralarini kitobday yorishgan va yaxshilikka cheksiz daxldor ko‘rdim. Kitoblar ularda olijanob intilishlarni tarbiyalaganligini uqdim. Kitoblar intilishlarni hamma narsadan ko‘proq tarbiyalaydi. Intilishlar esa ongning eng qimmatli mahsuloti. Intilishlar olijanob ong uyg‘onganligini bildiradi. Bular biroz ko‘tarinki so‘zlarga o‘xshaydi. Ammo psixikaga daxldor, ilmiy asosga ega. Kitob insoniyatga xaloskor bo‘lmadimi? Xudo inson hayotini yengillashtirish uchun kitobga murojaat etmadimi?

* * *

Muallim tog‘am mening kitob giriftori bo‘lib qolganimni ko‘rib, onamning: “Voy, tog‘asi, buningizga qarang, kitob o‘qiyverib miyasi suyulib ketmasin”, deb ogohlantirishlariga qaramay, mening uncha-munchaga miyam suyulmasligiga ishonchi komil bo‘lgan shekilli, universitetga orzulab o‘qishga kirgan yilim (1956) qutlab, alqab, menga “O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” (1942-1945) degan nihoyatda noyob ikki jildlik kitobni sovg‘a qildi. Bu butun boshli xazina edi. Uni Oybek, Hamid Olimjon, Porso Shamsiev, Olim Sharafiddinovlar tayyorlagan, ko‘p zahmatlar chekib urush yillari bosmadan chiqargandilar. U mening bir umrlik sadoqatli, suyukli kitobim bo‘lib qoldi. Otam mening universitetga kiriboq eski arabcha alifboni yaxshi o‘rganib olganim va shu yozuvdagi kitoblarni o‘qiy boshlaganimni ko‘rib menga o‘z­larining suyukli kitob­larini berdilar, u qizil saxtiyon muqovali katta salmoqli kitob bo‘lib, “Ming bir hadis” deb atalardi. Shul tabarruk kitobga yozilgan Abdurashid degan ulamoning debochasida ushbu so‘zlarni o‘qigan edim: “Ming bir hadisi sharifni tartib va usmonli tilina tarjima qilg‘on kishi Turkiya ulamosindan Muhammad Orifbekdur. Tab’ etdirgan kishi-da o‘g‘li do‘qtur Naj­middinbekdur. Biz shul do‘qtur Najmiddinbek him­mati-la tab’ o‘lunmush nushaning muqaddimasinda har na vor esa tabrika o‘z iborasi birlan yozduq, hech tabdil va tag‘yir etmaduk. Abdurashid”. Undan ancha tabarruk hadislarni hij­jalab o‘qib ma’nolarini ang­lab yetishga urindim, qiynalgan paytlarimda otam va tog‘amdan so‘radim, miyamning noma’lum tarxlari ochilganday bo‘ldi. Ammo “O‘zbek adabiyoti tarixi xres­tomatiyasi” meni o‘ziga tamomila mashg‘ul qilib oldi, uni shu qadar ko‘p o‘qir edimki, ko‘p she’rlar, nasriy, badiiy va tarixiy parchalar menga yod bo‘lib ketgan edi. Tinmay o‘zim ham tarixiy hikoyalar va g‘azallar qoralardim, ularni jur’at qilib Yozuvchilar uyushmasi binosiga kiraverishda o‘ng qo‘lda uchinchi eshikda o‘tiradigan Vahob Ro‘zimatovga va Vahob akaning tavsiyasi bilan shu bino ichidagi yo‘lakning chap tomonida, ichkarida o‘tiradigan Jumaniyoz Jabborovga olib kirib o‘qitardim. Shu yerda deraza tagida Odil Yoqubov ham o‘tirardi, o‘sha paytlar “Tengdoshlar” va bir qancha hikoyalari chiqqan, u kishi yoshlar o‘rtasida mashhur edi, Jumaniyoz aka bilan suhbatimizni miyig‘ida kulib diqqat bilan tinglab o‘tirardi, ammo sira oraga gap qo‘shmasdi. G‘azallarni o‘qib o‘z mulohazalarini aytib bo‘lgach, Jumaniyoz aka oxirida: “Siz far­g‘o­nalikmisiz?” deb so‘radi. “Yo‘q, toshkentlikman. – Nega unday deyapsiz?”, “G‘azalni ko‘proq far­g‘onaliklar yozishadi”, deb javob berdi Jumaniyoz aka va meni ranjitmaslik uchunmi: “Yozavering, ko‘p mashq qilavering, lekin hozir g‘azalni eski deb kam yozishadi, kam bosib chiqarishadi”, deb qo‘ydi. Meni Vahob Ro‘zimatovga duch qilgan zot jurnalist va shoir Ne’mat Toshpo‘lat edi. Ne’mat aka juda yoqimtoy, shirin so‘zli, nazokatli odam edi. O‘zi Chorsu tomonlarda tursa ham, Teshik qopqadagi chorbog‘i bizning tokzorimizga tutash edi. Bahor oylaridan shu shinam chorbog‘iga chiqib turardi. Uning baland bo‘yli, oppoq, chiroyli singlisi bor edi. Ba’zan bo‘sh vaqtlarida otamning nonvoylik ustaxonasida ishlariga qarashib turardi, chorsuliklar bir-birlarini juda izzat-hurmat qi­lishardi. 1959 yilda Ne’mat aka mening “Tanishuv” degan hikoyamni “Saodat” jurnalida bosib chiqargan, men shu hikoyaning puliga birinchi marta o‘zimga yangi moviy kostyum-shim olib kiyganman, kursdoshlarim o‘rtasida va hatto filologiya fakultetida ancha obro‘yim oshganligini sezganman. Shu yili Furqatning ikki tomligi Xolid Rasul tahriri ostida chiqqan, men uni rosa hijjalab o‘qib katta maqola yozgan va domlam G‘ulom Karimovga ko‘rsatgan, domla bir kechada o‘qib chiqib shogirdlari Sharif Yusupovning qo‘liga “O‘z­be­kiston madaniyati” gazetasida chiqarish uchun topshiribdilar. Ko‘p o‘tmay maqola chiqdi, men o‘zimni olim va yozuvchi bo‘layotganday sezdim, ammo katta hayotni ko‘rmagan, bilimlarim ham nazarimda yetarlicha chuqur va keng emasdi. Men 58-yillarda fundamental kutubxonamizdan “Russkie pisateli o literaturnom trude” degan to‘rt tomlik ulug‘ bir kitobni olib, uni tinmay o‘qir va konspekt qilardim. Shu kitobni o‘qigach, men kitob o‘qish tartibli va maqsadga qa­ratilgan bo‘lmaguncha foydasi – amaliy-hayotiy foydasi kam bo‘lishini anglab yetdim. Ammo bu to‘g‘ri xulosaga kelgunimcha ancha vaqt o‘tib ketdi-da, mening “Qilich qora” haqida yozgan hikoyalarim ham sochilib, tortmalarda g‘uborga aylandi. Ularni Yanning romanlarini o‘qib unga taqlid qilib yozgandim. Yana yuqorida eslangan xrestomatiyaga qaytsam, u hamon mening sadoqatli hamrohim, axir unda ikki ming yillikning boshida vujudga kelgan badiiy-tarixiy adabiyotimizning to X1X asr oxirlari – Zavqiy, Vasliygacha bo‘lgan ulug‘ tarixini tanidim. Turkiy-o‘zbek so‘zi dunyo ada­biyot­lari tarixida qanday o‘rin olganidan keng xabar topdim. Xrestomatiyada juda qimmatli tarixiy asarlardan ham kenggina parchalar keltirilgan, ajdodlarning yo‘llari yoritilgandi. Tariximiz so‘ngsiz fojiali karvon ekan. Otam 1950 yilda may bayramida qo‘limga biroz hayitlik berdi. Unga shu yili Oybek tahriri ostida chiqqan “O‘zbek she’riyati antologiyasi”ni sotib oldim. Oh, munaqa hashamatli, yarqiroq kitobni avval hech ko‘r­maganman. U nazarimda o‘sha elliginchi yillar maf­kurasi, yiltiroqlik va o‘ta maq­tan­choq­likning to‘kis bir ramzi edi. O‘sha vaqtlar adabiyotda tushkunlik, turg‘unlik, xavotir avjga mingan edi. Biz go‘daklar yana bilmaymiz, ammo qama-qamalarning sovuq nafasi hatto bizning kosib, bog‘dor ma­hal­lamizgacha kelib turardi. Universitetga kirganim menga xo‘b koni foyda bo‘ldi. Bungacha rostini aytsam, qo‘limga nima kitob tushsa qo‘ymasdan o‘qib chiqardim. Universitet menga kitoblarni ma’lum bir maqsad bilan, tanlab o‘qishni o‘rgatdi. Jahon milliy adabiyotlarini birma-bir, izchil intizom bilan o‘qishga kirishdim. Ongim, fikrim to‘lg‘in tortdi. Ustozlar haqida doim so‘rashadi: men universitet menga chin ustozlik qilganini aytaman. Keyin badiiy nashriyotga ishga jo‘natishdi. Nashriyot ikkinchi ulug‘ ustozim bo‘ldi. Barcha ulug‘-kichik adib­lar shu yerga yangi asarlari qo‘lyozmalarini ko‘tarib kelishardi. Ko‘plarning ijodlari bilan tanish edim. Erkin Vohidov ham, Abdulla Oripov ham, Odil Yoqubov ham, Mirtemir domla ham, Mirkarim Osim ham, Omon Matjon ham – hamma-hamma shu yerda edi. G‘oyatda qizg‘in edi bu yerda adabiy hayot! Muharrirlar, tarjimonlar, adiblar, yoshlar kitob dardi bilan yashardi. Tortishuvlar, muho­ka­malar, taqrizlar bari kitob dardida! Men o‘zim orzu qilgan dunyoga kirgan edim. Bu yerda oltmishinchi yillarning boshida birinchi adabiy-tanqidiy kitobim – “Go‘­zallikning olmos qirralari” chiqdi. Jamoatchilik xayrixohlik bilan kutib oldi. Kitobning hatto nomi ham bahslar qo‘zg‘adi: kimlardir “qatralar” bo‘lsa aniqroq chiqardi dedi. Lekin o‘sha payt o‘quvchilariga "qirralar" ma’qul bo‘ldi. Men bu kamtarin kitob Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzaev kabi adabiy tengdoshlarimning ilk kitob­lari bilan ol­dinma-ke­yin o‘quvchilar qo‘liga borib yetganiga qu­vo­nardim. Shu davrda – oltmishinchi yillar boshida qandaydir adabiy avlod o‘z ravishi, o‘z ovozi bilan o‘zbek adabiyotiga kirib kelayotgan edi. Prozada yangilanish shabadalari esa boshlagan, adabiy tanqidda ham shunday umid chechaklari unayotgan edi. Ilk kitobimni hayotga Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov yo‘llashdi. Ular universitetda bizga dars o‘tganlaridayoq e’tibor bilan ijodga rag‘batlantirar va Yozuvchilar uyushmasida bo‘­ladigan muhokama, ijodiy yig‘inlarga doim borib turishni maslahat berishardi. Domlalarimning shunday daldasi bilan uchinchi ustozim – Yozuvchilar uyushmasida jonli adabiy jarayon ichiga kirdim. Men bu hayotni sevardim. Doim yangi asarlarning muhokama va munozaralari ichida edik. Yozuvchilar, tanqidchilar, tarjimonlar bilan muloqotlarda bizga kelajak jozibaliroq va ma’niliroq tuyulardi, yangi kitoblarning g‘oyalari tug‘ilardi. Shunday ijodiy ko‘tarinkilik muhitida oltmishinchi yillarda Usmon Nosir, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Said Ahmad, G‘afur G‘ulom ijodiyoti haqida risolalar yozdim, ularni yangicha o‘qiganday, ijodiy usullarining ilgari ochilmagan yangi qirralarini topib ochganday bo‘ldim. Bu risolalar adiblar jamoatchiligi va o‘quvchilarning nazariga tushdi. Yozganlarimda To‘x­tasin Jalolov, Ozod Sharafiddinov, o‘sha davrning ilg‘or rus adabiyotshunoslaridan ulgi olar, lekin o‘z mustaqil nuqtai nazarim ajralib turishiga intilardim. Mirtemir domla bir risolamni qo‘lyozmada o‘qib, titul varag‘iga katta-katta harflar bilan “Barakalla!” – deb yozib meni qutlagan edilar. Shundan so‘ng o‘zimga ishonch hosil qilgandim. “Qarqunoqdan chiqqan bulbul” bo‘lib qolmaslikka jon-jahdim bilan kirishdim. Adabiyotga onadan tug‘ma muhabbatimni izhor qilishga qattiq bel bog‘ladim. Nima muyassar bo‘ldi, nima bo‘lmadi. Iq­tidorimni tarbiyalash, ilm-bilim bilan chiniq­ti­rishga, qarashlarim doirasini qadam-baqadam kengaytirishga intilardim. Tepada “in­tilish” so‘ziga nega alohida e’tibor berganimni endi tushungandirsiz. Adabiy-badiiy izhorlarim uchun goh adabiy-tanqidiy maqolalar, goh mansuralar, goh badiiy tarjimalar, goh badialar shakllarini tanladim. Yetmishinchi yillarda tabiatim, yuragimda ilmiy ijod bilan badiiy ijod uyg‘un tutashganligini angladim. Tahlillarimda bu xususiyat bo‘rtib ko‘rindi. Shu asnoda Sveyg, Zoshchenko, Irving Stoun, Paustovskiy, Uspenskiy, Garshin, Grin, Korolenko, singari ilmiy ijod bilan badiiy ijodni birlashtirgan adib­larning uslublariga razm solib, bizning ayni shu davrimizga ilmiy-badiiy tahlil, tasvir uslubi va yo‘nalishi hammadan ham yaqinligini angladim. Nitshe, Joys, Bekket, Kamyu, Sartrni o‘qib fikrim yanada mustahkamlandi. Shunday qilib, mansuralarda ilmiy fikrlash doim badiiy fikr tarziga og‘ushta bo‘ldi. Men xuddi Amerika qit’asini yangidan ochayotganday bo‘layotganim yo‘q. Navoiy hamda Boburda ham ilmiy tafakkur bilan badiiy tafakkur chambarchas organik bog‘lanib ketgan, loaqal koinot va uning qurilishi, inson va uning vujudga kelishi, bulardan kuzatilgan ma’nolar, inson va tafakkur, inson va ruhoniyat, ishq-muhabbat va olamni boshqarish, psixika falsafasi, axloq, din, ma’naviyat singari juda ko‘p ilmiy muammolar haqida daho shoir o‘z tafakkur to‘rlarini keng yoyadi, bularni Aflotun, Suqrot, Arastu kabi emas, balki turkiylarning bedod shoiri kabi ado etadi, "Xamsa"day ulug‘ monumentni, "Chor devon"day she’r olami cho‘qqilarini yaratgan, o‘n ikki yoshlaridayoq she’r­lari butun Xurosonu Turonda keng xalq o‘rtasida qo‘shiq, ashula qilib aytilgan, xalq uning she’rlarini qo‘ynida, qo‘njida, yuragining to‘rida asrab, yod olib yashagan shoir uchun deylik, misol uchun, tarix, til, vazn, axloq risolalari yozish shart emas edi. Ammo u Uyg‘onish dahosi, xalqning ishongan ma’naviy rah­namosi sifatida ilmiy tafakkurdan o‘zini chetga olishi mumkin bo‘lmagan hol edi. Buning ustiga ilmiy tafakkur uning tabiatan berilgan iqtidoriga tabiiy ravishda xos edi. Tabiiy xos narsalardan esa odam bo­lasi hech qachon voz kecholmaydi. Tabiiy xos narsalar psixikaga, jumladan, ijod psixikasiga hech og‘ishmay umr bo‘yi kuchli ta’sir o‘tkazadi. Frantsuz entsiklopedistlaridan Volter, Russo, Didro, Montes­kyolarni qarang: ularda ilmiy va badiiy tafakkur qanchalar tarang va rang-barang harakatda bo‘lgan, ital­yan, ingliz, nemis, ispan, hind mutafakkirlari ham shunday: ilm-ijodda naziri yo‘q. Mening ijodiy, ilmiy qiziqishlarim doim shu tomonda bo‘ldi. Barcha tarjimalarimga ham ilmiy-ijodiy yondoshishga intildim. Sirli intuitsiyaga ham ilmiy tushuntirish topmoqchi bo‘ldim. Dars o‘tgan chog‘larimda ham talabalarimga: tarjima – bu avvalo grammatika, deb uq­tirdim. Ikki til grammatikasi, stilistikasi, sintaksisini Ayub G‘ulom darajasida bilmaydigan odam qanday qilib uyalmay tarjimonman deydi, qanday qilib ko‘z yumuq holda tarjimaga qo‘l uradi, dedim. O‘zbek tili sodda bo‘lib ko‘rinsa ham, g‘oyatda nozik va go‘zal, rang-barang gap, jumla tuzilishlariga ega, biz hali o‘z tilimizni butun universal boyligi, xazinalari darajasida kashf qilgan emasmiz, hatto uzoq turg‘unlik zamonlarida mislsiz so‘z boyliklarini boy berib qo‘yganmiz, lahjalarimizdagi xazinalarning adabiy tilga kirib kelishi uchun jon kechmaganmiz, hatto bu lahja so‘zi deb ko‘p go‘zal so‘zlarni matn­lardan ixroj qilganmiz, quvganmiz.

* * *

Albatta, kitob degani yuz minglab nusxalarda tarqalsa, nur ustiga nur. Ammo endi kitoblar bunday keng yoyiladigan zamonlar allaqachonlar o‘tgan. Balki buning endi keragi ham yo‘qdir. Men qog‘oz isrofgarchiligidan saqlanishni juda muhim hisoblayman. Kitoblar endilikda Internet tarmoqlari orqali cheksiz tarqala oladi. Adabiy-tanqidiy, umuman ilmiy yo‘nalishdagi kitoblarning nusxalari ko‘p deganda uch ming nusxadan oshmaydi. Hozirgacha yigirmadan oshiq kitoblarim chiqqan. Umumiy tiraji o‘ziga yarasha.Ular mundarijasiga ko‘ra XX asrning ikkinchi yarmidagi adabiy jarayonlar, adabiy tajribalar, shu yarim asr mobaynida adabiy-badiiy olamga kirib kelib o‘z so‘zini aytganlar, men hayot va inson haqida nimalarnidir bilaman va aytolaman degan qalamkashlarning izlanishlarini taassurotlar tiliga va shakliga tushirilgan guvohliklari. Ularda davrning, avlodlarning o‘ziga xos belgilari naqshlangan, umumiy badiiy jarayonga daxldor xususiyatlari aks etgan. Ularni adabiy jarayonlarning jismi holidan kuch bilan ham ajratib, uzib tashlab bo‘lmaydi. Bu ob’ektiv hol. Ehtimol biz tayyor adabiy qoliplardan, infantilliklardan qutulolmagandirmiz, infantilizm bois gohi yuzakichilik balosiga giriftor bo‘lgandirmiz, ammo inson to‘g‘risida dardli so‘z bor va bu ob’ektiv haqiqat.

* * *

Navoiydan beri davom etib kelayotgan o‘lmas va olijanob haqiqatimiz bor: adabiyot xalqni bah­ramand etish uchun yaratiladi. Bahramandlik – badiiy va ilmiy adabiyotlarning ijtimoiy qimmati va aha­miyatini belgilaydi. Gogol dahosining butun qudrati bilan “O‘lik jonlar”ni insonni qullik, krepostnoylik degan cheksiz zulmdan xalos qilish uchun yaratdi. Haqiqatan, dunyo dunyo bo‘lib bunchalar shafqatsiz, qudratli fosh qiluvchi asarni ko‘rmagan edi. Asar zulm va mazlumlikni ich-ichidan xuddi ilohiy qurol kabi kun-bakun yemirib bordi va oradan o‘n yil o‘tmay krepostnoy zulm barham topdi. Gogol – xaloskorning o‘zi u orzu qilgan kunlarni ko‘rmadi, ammo uning asari hamon zulmga, qullikka qarshi kurashadi. Bundan adabiyotning, badiiy so‘zning ijtimoiy mohiyat va qudrati qay darajada mislsiz ekanligini anglash mumkin. Gogol hatto “O‘lik jonlar” turganda avvalgi asarlari va hatto “Revizor” haqida maqtab gapirishlarini yoqtirmas, o‘rnidan turib ketar ekan, u adabiyot ijtimoiy o‘zgartirish quroli va vositasi bo‘lishini hammadan ortiq istarkan.

* * *

Adabiyotning bosh predmeti inson va hayot. U insonga adolatli tuzalish va adolatli evrilish yo‘lini ko‘rsatishi, uning rang-barang olijanob intilishlarini qo‘llab-quvvatlay olishi bilan qimmatli. U yana o‘z vazifasiga ko‘ra – yo‘l ko‘rsata oladi. Odamga yo‘l ko‘rsata olish bebaho narsa emasmi? Adabiyotimizning uzoq tarixdan kelayotgan o‘lmas an’anasi – biz adabiyotni murabbiy deb tushunamiz. Adabiyotning muallimligi uning eng qimmatli belgisidir. Shuning uchun adabiyot barcha zamonlar uchun kerak va u hech qachon o‘lmaydi. Tiraji o‘ntaga tushib qolganda ham, u o‘lmaydi. Murabbiylikdan ortiq nimasi bor adabiyotning! Biz suygan adiblar, san’atkorlarning barchalari murabbiy! Naqadar sevamiz biz ularni! Adabiyotda murabbiylik, muallimlik har qachon to‘xtamay davom etishi va yuzakilik barham topishini hammamiz istaymiz. Xudo o‘ldi, adabiyot o‘ladi degan shakkoklar yuzakilik o‘lishini nazarda tutgan edilar. Ammo antipodlar asosiga qurilgan dunyoda ayovsiz suratda yuzakilik bor, chunki teranlik bor. Ma’nilik bor, chunki ma’nisizlik bor. Ahriman bor, chunki Axuramazda bor... antipodlar cheksiz. Shuning uchun ham insoniyat Homer, Suqrot, Aflotun, Injil, Tavrot, Ramayana va Mahabxaratadan so‘ng yomonliklarini qo‘yib, batamom yaxshilik yo‘liga kirishi, batamom olijanob nur yo‘lini tanlashi va undan hech og‘ishmay borishi kerak edi. Ammo bu muyassar bo‘lmadi. Olamning antipodlarga qurilishi qonuniyatini hech qachon yengib bo‘lmas ekan. Hukm absolyut kuchga ega ekan. Shuning uchun Odam Atoning o‘g‘illari bir-birini o‘ldirgan ekan. Shuning uchun odamlar ba’zan xiyonatkorlarni olqishlar ekanlar va o‘z-o‘zlariga o‘lim chohini hozirlar ekanlar.

* * *

Endigi adabiyot kechagi adabiyotlardan butunlay farq qiladi. Bu farqning sababi adabiyotning o‘zida emas. Farq tashqarida. Odamlarning fikr­lash tarzi, munosabatlar tarzi global darajada o‘zgarayotganida, qancha targ‘ib qilinmasin, kechagi adabiyot o‘qilmayotganida, o‘quvchilar nazarida unga ehtiyoj butunlay yo‘qolib borayotganida. Bu davr – adabiyot uchun og‘ir kataklizm davri. Yangi dunyoga moslashish, yangi dunyoni o‘zlashtirish va olg‘a jildirish kerak. Bu tuzumi o‘zgargan davlatga ham, uning fuqarolariga ham oson kechmaydi. Asoratlar, ko‘nikmalar ongda uzoq yashaydi, ong esa konservatizmga moyil bo‘ladi, iloji bo‘lsa, meni issiq o‘rnimdan qimirlatma, deydi. Oddiy odamlarga ongning mana shu eskilikka, konservatizmga moyilligini yengib o‘tish qiyin kechadi. Ammo ong o‘zgarmaguncha aql o‘zgarmaydi. Sezishlarimiz o‘z­gararkan, ongimiz va aqlimiz ham o‘zgara boshlaydi va konservativlikka moyil ongimizni qattiq turib tarbiyalashga kirishamiz. Mana, sizning adabiyotni rivojlantirish haqidagi savolingizda ham o‘zingiz hisob bermagan holda konservativlikka moyillik bor. Misol uchun, natijasini aniqroq aytish mumkin bo‘lgan, aytaylik, parrandachilik, paxtachilik, meva-sabzavotchilik sohalarida rivojlanish haqida haqli suratda gap yuritish, yaqin va uzoqqa mo‘ljallangan rejalar tuzish, jahon bozori talablarini hisobga olish mumkin. Avstraliya tajribalaridan o‘rnak olish mumkin. Lekin adabiyot ko‘p karrali noma’lum, ertasini bilish o‘ta mushkul soha. “Adabiyotdagi rivojlanish” zamirida yozuvchilik iqtidori mavjud odamning yuragidagi o‘tga bog‘liq. Agar bu o‘t qandaydir sabab bilan olib qo‘yilgan bo‘lsa, yoki u umuman mavjud bo‘lmasa “rivojlanishni” qaydan olamiz? Uni hech qachon Avstraliyadan keltirib bo‘lmaydi. Chunki milliy adabiyot o‘z yuragi va o‘z tarixidan, milliy ildizlaridan oziqlanadi. Boshqa bir tomondan, Qodiriy milliy adabiyotni chin ma’noda rivojlantirdi, o‘tgan asrlardan ko‘ra uni tamomila yangi bosqichga olib kirdi, yangi shakllar, yangi tasvirlar, inson va hayotga yangi yondoshuvlar, yangi adabiy til hodisalari bilan boyitdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ijtimoiy tafakkurni milliy ozodlik va milliy ravnaq bilan chambarchas bog‘lab millatning kelajak ufqlarini ochdi, karvonning yo‘lini jahon sari burdi. Bularni va bularga yondosh ma’rifatparvarlik hodisalarini tom ma’nodagi rivojlanish va rivojlantirish deyish mumkin. Qodiriy va Cho‘lpondan so‘ng Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhorlar poeziya va prozaga yangi ufqlarni olib kirdilar. Milliy adabiyot kengaydi, boyidi, jamiyat va xalq hayotidagi mavqei qudratli tusga kirdi. Qahhordan keyin Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Hamid G‘ulom, Mirmuhsin, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzaev, Tog‘ay Murod, O‘lmas Umarbekov va bulardan so‘ng Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Do‘stmuhammad, Ne’mat Arslon, Nazar Eshonqul va bulardan so‘ng Nodir Normat, Sobir O‘nar, Abduqayum Yo‘ldosh, Luqmon Bo‘rixon va bular bilan birga yangilik izlayotgan Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Qo‘chqor Norqobil va yana talay qalamkashlar qaerdan qaergacha keldilar? Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubovlarga nisbatan olganda bular ijodidagi rivojlanishning ko‘rsatkichlari, badiiy sifat va nihoyat yangilik darajalari qanday? Yo‘q, men “rivojlanish” borasidagi savolingizga javob berolmayman. Uzrlar qo‘llayman. Rossiyaday ulug‘ mamlakatda Pushkin va Gogoldan boshlab to Tolstoygacha mislsiz rivojlanish haqida gapirish mumkin edi. Ammo Chexovdan so‘ng rivojlanish Gorkiy va Zoshchenkogacha tamomila Chexovning ichida davom etdi. Yuksak salohiyatli adabiyot yaratildi, lekin hech kim Chexovdan o‘zib ketolmadi.

Rivoj har qanday holda ham tashqi ehtiyojga qa­rab bo‘ladi. Internet zamonlarida, Mirrixdan xo­­nadonlarimizga Mirrix landshaftidan suratlar hamda ilmiy ma’lumotlar yuborilayotgan aql bovar qilmaydigan davrda umuman adabiyotga ehtiyoj bormi? Olimpiada chempionlarining yutuqlari hammamizni batamom lol qilmoqda. Har biri sportni yangi rivoj bosqichiga ko‘tarmoqda. Biz tasavvur qilolamiz bu yutuqlar qanday mislsiz mehnat va ilm-texnika evaziga yuzaga chiqayotganligini. Adabiyotda ana shunday darajadagi va miqyosdagi mehnat-mashaqqatga qodir o‘t yuraklar, yuksak parvozli aqllar bo‘lsa, juda bo‘lmaganda, u Chexovdan o‘zib ketolsa, oh, unda albatta rivojlanish bo‘ladi va rivojlanish haqidagi gap ham qog‘ozga yarashadi... Hozir bir qanchalab kitoblar va hatto romanlar chiqarib ham, adabiyotning vazifasi nimaligini bilmaydigan va bilishni ham istamaydigan qalamkashlar bor. Ularga rivojlanishdan gap qo‘zg‘asangiz, darhol qo‘llarini bigiz qilib sho‘rlik tanqidchilikni ko‘rsatadilar, tanqidchilik adabiyotning rivojlanishi ustida bosh qotirmayapti, harakat qilmayapti deydilar, men ne deyman, qo‘bizim ne deydi... Holbuki jon koyitmay, yillab xalq ichida yurmay yozuvchi bo‘lish mumkin emas. Yana takrorlayman: adabiyotning rivoji tanqidga emas, yozuvchilik iqtidoriga ega zotning yuragidagi azm-jazm o‘tiga yuz foiz bog‘liq.

* * *

Darvoqe, farzandlar masalasiga kelsak, baraka topishsin, adabiyotdan boshqa sohalarni tanlashdi va mutaxassis bo‘lib yetishdi. Birlari falsafa, ikkinchilari tibbiyot, uchinchilari elektronika, to‘rtinchilari sharqshunoslik sohalariga qiziqib, farzandlarini ham o‘z ortlaridan ergashtirib borishyapti. Bolalarim men bilmagan yoki men egallay olmagan rang-barang sohalarni egallaganlari­dan xursand bo‘laman. Bo‘l, yaxshi mutaxassis bo‘l, aqling qotib qolmasin, yaxshi mutaxassisdan odamlar hamisha minnatdor bo‘ladilar, kishi og‘irini yengillatganga nima yetsin, duoning koni-ku bu.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 4-son

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.