background
logotype

Jovli Xushboq. Chinakam asarning siri

O‘quvchi kitob mutolaasiga chog‘lanar ekan, avvalo, asar janriga, uning mazmuni o‘z saviyasi, didi, qiziqishiga qanchalik mosligiga e’tibor qaratadi. Keyingi yillarda yaratilgan qissalarni tanlab o‘qishga ko‘proq shu nuqtai-nazardan yondashiladi. Taniqli adib

Xurshid Do‘stmuhammadning sakkizta qissasi jamlangan to‘plamining ilk sahifasida muallifning shunday so‘zlariga ko‘zimiz tushdi: “Badiiy adabiyotda janrning yaxshi-yomoni yo‘q. Roman salmoqdorligi bilan, hikoya ixchamligi bilan o‘ziga xos. Qissa esa romanga, hikoyaga nisbatan erkinroq, erkaroqligi bilan jozibali, ko‘ngilga yaqin. Bir taqdir, biror voqea-hodisa, birorta g‘oya yoki faraz haqida so‘zlashga kirishdingizmi, qissa yaratilyapti, deyavering!..”.

To‘plamdagi “Kuza...” nomli qissada muallif qahramon xarakterini ichdan yoritishga intilgan. Asar shakli odatdagi qissalardan o‘zgacharoq. O‘quvchi diqqati goh Ustozga, gohida Umidning savdoyi opasiga, ba’zan Farhod bilan Azizning gurunglariga qaratiladi. O‘quvchi beixtiyor badiiy film tomosha qilayotgandek holatga tushadi.

Muallif asar qahramonlarining mushohadalari, o‘ylari orqali kitobxonni fikrlashga majbur etadi. Shu bahona ko‘nglidagi odam va olam haqidagi fikr-mushohadalarini to‘kib-soladi. Odamlar nimalar bilan band? Ularning o‘y-xayollarida nimalar kechayotir? Tirikchilik tashvishlari bilan bo‘lib, inson uchun suv bilan havodek zarur tuyg‘ular — sevish, sevilish, eng yaqin kishilarga mehr-oqibat ko‘rsatishdek odamiylik fazilatlaridan yiroqlashib ketmayapmizmi?..

Qissa qahramonlari Aziz, Umid va Farhodning xatti-harakatidan anglashiladiki, tezkor ­bugungi davr odamzot oldiga talay muammolarni qo‘ydi. Avvalo, inson umrining har bir daqiqasi ­qadrli bo‘lib qoldi. Ammo aziz umrni gohida kerak-nokerak yumushlarga, ortiqcha dabdabalarga qurbon qilib yubormayapmizmi?

“Kuza...” qahramonlari bugungi kunning odamlari. Ular faol, tinimsiz o‘ylaydilar, fikrlaydilar, bahslashadilar. Ammo muallif ularning hech biriga yon bosmaydi, birortasining fikrini ma’qullamaydi ham, inkor ham etmaydi. ­Xulosa, saboq chiqarishni kitobxonning ixtiyoriga qoldiradi. Yozuvchining bu tarzda “sukut saqlashi” o‘quvchini fikrlashga, hayot, muammolar haqida bosh qotirishga undaydi.

Sobir O‘narning “Bibisora” qissasi mutolaasida qishloqning sodda, toza qalbli bolasining gurungi meni maftun etdi. Chunki uning gaplari hecham malol kelmaydi, zeriktirmaydi. Qissani o‘qiy boshlagach qo‘ldan qo‘ygingiz kelmaydi. Xo‘sh, muallif qanday qilib o‘quvchining diqqatini bo‘ysundira olgan? Axir, suhbatdoshingizni go‘yo sehrlaganday qarshingizga “mixlab” qo‘yish, ko‘ngil daftaringizni varaqlashga majbur etish osonmi?

Asar voqealari to‘qqiz yoshli Jahongir tilidan hikoya qilinadi. Epizodik personajlar, xususan, qissaning asosiy personajlari xarakteri ham turli usullarda, badiiy vositalar orqali ochib beriladi. Misol uchun, qishloqqa qayoqdandir kelib qolgan boboning qiyofasi shundoqqina ko‘z o‘ngingizda yaqqol gavdalanadi. Bunga yozuvchi uning portretini chizish, qiyofasidagi o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsata olish tufayli erishgan: “Yelkasiga xurjun tashlab oladi. Telpakli uzun qora plashini hecham yechmaydi. Qishning izg‘irinli kunlarida mototsiklchilarnikiga o‘xshash katta ko‘zoynak taqib oladi. Qosh-ko‘zini sovuqdan saqlasa kerak-da. Cholni bir yoqdan kelgan deyishadi. Shuning uchun chet ellik, deb o‘ylaymiz”. Hatto qissada bir ko‘rinish beradigan epizodik personajlar qiyofasi ham xotirangizda muhrlanadi. Bunga Sulton amaki ishtirokidagi dialogni dalil sifatida keltirish mumkin. Bir chimdim yumor, ozgina samimiyat dilingizni ravshan torttiradi. Qissa syujetiga singdirib yuborilgan detallar, epizodlardagi sirlilik tufayli, masalan, “ko‘rinishi allambalo” chol qaerdan paydo bo‘lgani-yu, kimligini aniq bilmasak-da, taajjublanmaymiz. Cholning yurish-turishi sirliligicha qolaveradi, sizni o‘yga toldiradi, tavba, bu voqea qanday yakun topar ekan, deya qiziqasiz. Uning harakatlari sirayam erish tuyulmaydi. Chunki voqealar tasvirida sun’iylik, zo‘rma-zo‘rakilik yo‘q. Hatto syujet rivojida ham.

Keyingi paytda polvonlar mavzui qalamga olingan qissalar ko‘paydi. Tog‘ay Murod “Yulduzlar mangu yonadi” asarida bir qator jonli obrazlar yaratgan edi. Demak, azaliy mavzuning yangi qirrasini ochish, o‘ziga xos, hech kimnikiga o‘xshamaydigan qahramonlarni “dunyoga keltirish” alohida mahorat talab etarkan.

Shunday umid bilan yozuvchi Abdulla Ayizovning “Polvon yig‘lagan tun” qissasi mutolaasiga kirishdim: “Bugun chelaklik Qodirbek mergan to‘y boshlab yubordi. Qiru adirlardan oshib uzoq-uzoqlarga taralgan karnay-surnay sadolari odamlarning xush-xandon qiy-chuviga ulanib ketdi. Bu yog‘i tog‘li qishloqlardan, u yog‘i cho‘l taraf ovullardan gurros-gurros mehmonlar, polvonlar kela boshladilar.

To‘yxona biqinidagi bedapoyadan tortib, o‘ydim-chuqur yo‘l chetlarigacha mashinalar tizim-tizim: mezbonlar tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar ularni ziyrak qo‘riqlashadi. Axir bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi, ammo keyin g‘iybat ko‘payishi mumkin. “Falon qishloqdagi falonchining to‘yiga borgan edik. Tomosha ayni qizigan payt, ulovimizning zarur narsasini shilib ketibdi! Dabdabaga berilguncha mehmonlarning izzatini qil, ko‘liklariga ko‘z-quloq bo‘l...” – qabilidagi gap so‘zlardan ehtiyot bo‘lgan ma’qul”.

Bunday bayondan biror-bir taassurot qolishi dargumon. Shunchaki axborotdangina iborat so‘zlar bayoni o‘yga toldirmaydi. Mabodo asardan bunday gaplar olib tashlansa ham qissa zarar ko‘rmaydi, aksincha o‘quvchi ortiqcha, keraksiz tafsilotlarni o‘qib zerikishdan xalos bo‘ladi. Qissaning keyingi sahifasidagi atigi yarim betlik — o‘nta gapdan iborat dialogda ketma-ket “mehmonlar” degan so‘zning qalashib kelgani, harqalay, o‘quvchining g‘ashiga tegsa kerak, deb o‘ylayman. Nahotki bu so‘zning sinonimi yo‘q? Navbatdagi sahifada esa “polvon”, “davra” o‘zakli so‘zlarga oltmish besh marta duch kelasiz. Til qashshoqligi, stilistik xatolar va bir xil mazmundagi ibora, so‘zlarning hadeb takrorlanaverishi muallifning asar tili ustida jiddiy ishlashi zarurligini ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning mulohazalari qiziqarli: “Chinakam shoir yoki yozuvchi agar o‘quvchiga aytadigan katta “gapi” bo‘lmasa, qo‘liga qalam olmaydi... Ammo har qanday katta “gap” ham hali badiiy asar emas. Har bir qalamkash uchun oydek ravshan bo‘lgan oddiy haqiqat bor. She’riyatmi, nasrmi, dramaturgiyami, badiiy asar borki, yozishdan ilgari qalamkashning qalbida (kallasida emas, qalbida) ajib bir muzika tug‘iladi. Yozuvchi o‘sha kuy ohangidan vujudi junbushga kelib, asar yozadi. Ya’ni haqiqiy asar muallifning “etmish ikki” tomiridan “qon bo‘lib oqib” qog‘ozga tushadi. Ehtimol, chinakam asarning “siri” ham shunda bo‘lsa kerak. Shu kuyga “mast” bo‘lgan qalamkash insonning murakkab olamini kashf etadi”.

Shu nuqtai nazardan qaraganda bugungi qissalar o‘quvchini qay darajada qanoatlantiradi? Bu janrda har yili yozilayotgan o‘nlab asarlar kitobxon qalbiga ta’sir etyaptimi, uning tuyg‘ularini junbushga keltiryaptimi? Nabi Jaloliddinning “Majnun” qissasi mutolaasidan so‘ng bunday savollarga ijobiy javob topishga qiynaldim.

“Majnun” qissa deb atalgan bo‘lsa-da, unda hikoya janriga xos xususiyatlar ustuvor. Avvalo, asar syujet ko‘lami keng emas, personajlar – Qurbon, Boychechak, Shodi, Soyib va Servisboyning onasi fe’l-atvori, qiyofasini chizish, gavdalantirish uchun maydon tor. Servisboy Boychechakni sevadi, ammo sodda, beg‘ubor muhabbat qo‘pollikka duch keladi.

O‘quvchi endi Servisboyga achina, unga mehr qo‘ya boshlaganida asar tugab qoladi. Ehtimol uning hayotidagi tafsilotlar butun murakkabligi bilan ko‘z o‘ngimizda gavdalantirilganida o‘ziga xos xarakteri yaratilgan bo‘larmidi?

Boshqa ayrim asarlarda, xususan, Ilhom ­Zoyirning “Raqobat” qissasida bayonchilikka berilib ketish hollarini kuzatamiz: “Mulkchilik shakllari tinimsiz o‘zgarib turdi. Bozor islohotlari davomida mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida davlat korxonalari xususiy korxonalarga yoki aktsionerlik jamiyatlariga aylandi. U teri oshlash zavodini tag-tugi bilan sotib oladi. Joylarda agentlar yollab, aholi qo‘lidagi, kushxonalardagi terilarni yig‘ib, uni qayta ishladi, goh tayyor, goh yarim tayyor mahsulot sifatida mahalliy va chet el bozorlarida sotadi. Ayniqsa, charm kamzullar urfga kirgach, uning ishi yurishgandan yurishadi. Daromadni ko‘paytirish maqsadida hissadorlik tamoyiliga binoan uyushgan sherikchilik jamiyati bo‘lmish “Charmgar” hissadorlik jamiyatining o‘n foizlik aktsiyalar paketini qo‘lga kiritib, uning ta’sischilaridan biriga aylanadi. U mayda pulini yirik, ya’ni kapital bo‘la oladigan pulga aylantira boshladi. Asta-sekin jamiyat direktorlar kengashi a’zosi bo‘ladi. Uning endigi maqsadi aktsiyadorlik jamiyatining yig‘ilishida hal qiluvchi ovozga ega bo‘lish huquqini beradigan kattaroq aktsiyalar nazorat paketini qo‘lga kiritish va jamiyat xo‘jayiniga aylanish edi”. Tabiiyki, kitobxon oddiy publitsistik maqolani emas, qissani mutolaa qilayotganiga ishonmaydi. Mazkur qissada qahramonlar xarakteri, voqealar tasviri o‘rnini quruqdan-quruq bayon egallagani afsuslanarli hol.

Bugungi qissalar mutolaasi asnosida shunga amin bo‘ldimki, bu janrda yozilayotgan asarlar orasida badiiy jihatdan nochorlari bisyor. Shu bilan birga o‘quvchi yostig‘ining tagida asrab, qo‘ldan qo‘ymay, berilib o‘qiydiganlari ham yaratilayotir. ­Bunday qissalarning yutug‘ini, nazarimda, adib ­yuragidan dard bo‘lib qaynab chiqayotgan tuyg‘ular, samimiy, tabiiy, rost so‘zlar ta’min etmoqda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 31-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.