background
logotype

Lev Tolstoy: “O‘limim haqida ta’ziyanoma chop etilmasin”

Lev Tolstoy tirikligidayoq rus hayotining uzviy bir qismiga aylanib ulgurgandi. Katta shon-shuhrat, hisobsiz mol-dunyoga ega bo‘lgan Yozuvchi uchun go‘yo barchasi yetarlidek edi. Axir, kimsan graf Tolstoy podshoh bilan bemalol muloqot qilsa, unga turli masalalarda gapini o‘tkaza olsa, manaman degan siyosiy arboblar, davlat arboblari “Janob Tolstoy nima der ekan?” deb uning og‘ziga tikilib tursa... Yana nima kerak dersiz?!

Favqulodda kuchli iste’dod sohibi, ijodiy mehnatni huzur-halovat deb bilgan bu shaxs xuddi deh­qonlarday yashash, tanholikda umr kechirishni bot-bot orzu qilgan, keyinchalik hayotining bosh maqsadi shundan iborat bo‘lib qolgan. Adibning umri poyonida yozilgan kundalik daftarida shunday Yozuv bor: “Endi aslo hashamat ichida yashay olmayman. Mening yoshimdagi keksalar umrining oxirini tanholikda va sokinlikda o‘tkazadilar”.

Kamtarona, odmi yashashga intilgan ulug‘ Yozuvchining hayot yo‘li, dunyoqarashi Sharq faylasuflari ta’limotini esga tushiradi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi, albatta. Ulug‘ Yozuvchi Sharq tarixi, falsafasi, diniy ta’limotlarini chuqur o‘rgangan edi. Uning ko‘hna dunyoga bo‘lgan qiziqishi ancha ilgari, Qozon universitetida tahsil olib yurgan paytlari uyg‘ongan. “Iqrornoma”sida Sharqda ancha mashhur bo‘lgan bir masalni iqtibos qilib keltiradiki, bu islom diniga nisbatan hurmat-ehtiromini yaqqol namoyon etadi. Uning “tanholik”, “uzlat”, “pinhoniylik” haqidagi o‘y-mulohazalari ham Naqshbandiya suluki qarashlarini yodga soladi...

“Dunyoning tagiga yetgan” mutafakkir umrining so‘nggi yillarida o‘zaro tushunmovchiliklar tufayli boshini qayoqqa urishni bilmay, dardini birovga ayta olmaydigan darajada yolg‘izlanib, bechoravash bo‘lib qoladi. 1910 yil 10 oktyabrda Tolstoy mehmon bo‘lib kelgan tanishi M.P.Novikovga ko‘nglidagi pinhoniy dardini ochib, oilaviy hayot uni jonidan to‘ydirganini, shu bois yaqin kunlarda Yasnaya Polyanadan bosh olib chiqib ketish niyati borligini aytadi. Novikov adibni uncha uzoq bo‘lmagan Borovkovo qishlog‘iga, o‘zining huzuriga taklif etadi, ammo dono mo‘ysafid adib bu taklifni nazokat va ehtirom ila rad etadi.

Oilaviy turmushning zahar-zaqqumga aylanishi, xususan, xotini Sofya Andreevna Bers (Tolstaya) bilan oralarining buzilishiga Yozuvchining vasiyati asosiy sabab bo‘lgan. Adib 1895 yil 27 mart kuni kundaligiga quyidagi qaydlarini bitadi:

“Mening vasiyatim taxminan shunday bo‘lishi kerak.

1. Men qaerda dunyodan ko‘z yumsam, meni o‘sha yerda, eng arzon qabristonga, agar shaharda bo‘lsa, eng arzon tobutda, xuddi gadolarni ko‘mgandek dafn etishsin. Gullar, gulchambarlar aslo kerak emas, nutqlar so‘zlashning mutlaqo hojati yo‘q. Agar iloji bo‘lsa, ruhoniy ham, tobut ortidan bo‘ladigan motam kuyining ham keragi yo‘q. Bordi-yu, bu ayt­ganlarim dafn etuvchilarga noqulaylik tug‘dirsa, mayli, meni yengilgina kuy ostida, iloji boricha arzon va sodda holatda ko‘mishsa ham bo‘ladi.

2. Gazetalarda o‘limim haqida xabar chop etishmasin, men to‘g‘rimda ta’ziyanoma yozilmasin.

3. Barcha qog‘ozlarimni qayta ko‘rib chiqish va tartibga solish huquqi xotinimga berilsin. Shu bilan birga V.G.Chertkovga, Straxov, qizlarim Tanya va Mashaga ham (yomonotliq bo‘lsam jazosini o‘zim tortay, qizlarimni bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishini ma’qul ko‘rmayman). O‘g‘illarimni bu ishga qo‘shmaganimning sababi ularni sevmasligim tufayli emas (xudoga shukr, keyingi payt­da men ularni tobora yaxshi ko‘rib boryapman), balki ular mening hunarimni to‘liq bilmaydilar, yo‘nalishidan bexabar, ularning o‘z qarashlari mavjud. Oqibatda esa, saqlash zarur bo‘lmaganni saqlab, saqlash zarur bo‘lganni esa tashlab yuborishlari mumkin. Mening bo‘ydoqlik davrimga oid arzirli o‘rinlar bo‘lsa, ularni kundalikdan yo‘qotish kerak, chunki unda bitta-yarimtaga yoqmaydigan o‘rinlar uchrashi mumkin.

...Bo‘ydoqlik davrimdagi kundalik daftarni shuning uchun yo‘qotishni iltimos qilamanki, men odamlardan o‘zimning bema’ni hayotimni yashirish uchungina emas, balki butun hayotim shunchaki bemazagarchiliklardan iborat bo‘lib, misoli printsipsiz yosh yigitlar hayotidan aslo farq qilmas edi; ya’ni men bu kundaliklarda gunoh qilib, zarofat tortganimda, bir tomonlama taassurotlarim va ko‘nglimdan kechirganlarimni bitgan edim...

Shu bilan, balki mening barcha kundaliklarim qanday bo‘lgan bo‘lsa, shu holicha qolar...

...Qolganlaridan faqat odamlarga foydali bo‘lganlarini tanlab olish, nashr etish zarur bo‘lar...

Men bularning barini qog‘ozlarim u yoki bu darajada ahamiyatli ekanini anglatish uchun yozayotganim yo‘q. Gap shundaki, o‘limimning dastlabki vaqtlarida asarlarimni nashr etish va uning zarurligini ta’kidlash avj olib ketadi. Agar shunday bo‘lsa, yozganlarim aslo odamlarning zarariga xizmat qilmasin.

4. Asarlarimni nashr qi­lish huquqi oldingidek qolaveradi. O‘n jildlik asarlarim hamda alifboni merosxo‘rlarimdan jamiyat ixtiyoriga berishlarini so‘rayman, ya’ni mualliflik huquqidan voz kechaman. Faqat o‘tinchim shuki, bu haqda hech qanday vasiyat qilmayman. Agar shu ishni amalga oshirsangiz, ajo­yib bo‘lur edi, bajarmasangizlar ham, ixtiyoringiz. Demak, sizlar bu ishni qila olmadingiz. Ya’ni, keyingi o‘n yil ichida asarlarimning sotilgani hayotimdagi eng mushkul ish bo‘lib qoldi.

5. Yaqinlarim, uzoq do‘st-birodarlarimdan meni ko‘klarga ko‘tarib maqtamasliklarini o‘tinib so‘rar edim (bilaman, baribir shunday qilishaveradi, chunki tiriklik paytimda ham bu ishni nihoyat xunuk tarzda amalga oshirishgan). Bordi-yu, mening yozishmalarim bilan mashg‘ul bo‘lgudek bo‘lishsa, bor diqqat-e’tiborni men orqali xudoning aytganlariga qaratib, o‘z hayotlari uchun foydalanishsin. Hayotimda shunday vaqtlar bo‘lganki, men xudoning irodasini amalga oshiruvchi bo‘lganimni his etgandim. Shunchalik gunohga botgan, o‘z shaxsiy jazavalarim bilan azbaroyi band bo‘lganimdan, yorug‘ dunyo mening zulmatim bilan haqiqat yuzini yopgan edi go‘yo. Ammo bu haqiqat ba’zan men orqali namoyon bo‘lardiki, bu hayotimdagi eng baxtli daqiqalar edi. Yo Rab, ularning men orqali o‘tishi hech vaqt haqiqat yuzini qoplab olmasin, odamlar mendek gunohga botgan ahvol ruhiyam bilan hisoblashmay, qanoat hosil qilishsin.

Yozganlarimning butun ahamiyati ana shunda. Shuning uchun meni tahqirlash kerak, aslo maqtamaslik lozim. Mana shu gap, vassalom”.

Lev Tolstoy bu vasiyatni qayta-qayta tuzadi, ammo undagi asosiy maqsad, mohiyat aslo o‘zgarmaydi. Nihoyat, adib 1910 yil 22 iyulda o‘zi mehr qo‘ygan Yasnaya Polyanadan uch chaqirim naridagi Grumont qishlog‘ida o‘zining oxirgi vasiyatini tuzadi. Unda yozilishicha, nashr etilgan va etilmagan, badiiy va boshqa turdagi barcha asarlari Aleksandra Tolstoyning xususiy mulki bo‘lib qolar, bordi-yu, u vafot etgan taqdirda Tatyana Lvovnaga tegishli bo‘lardi. Adibning ikki qiziga mehri bo‘lakcha edi, ayniqsa Aleksandraga qattiq mehr qo‘ygan, u ham otasini yaxshi tushunar, chin yurakdan hurmat qilib, shunday daho adibning qizi bo‘lganidan faxrlanardi. Tolstoyning fikricha, faqat ulargina asarlaridan keladigan daromaddan uzil-kesil voz kechib, jamiyat mulkiga aylantirishdek otasining tilagini bajo qilar edilar. Ushbu vasiyatnomaga adibning maslakdoshlari K.B.Goldenveyzer, A.P.Sergeenko va A.D.Radinskiylar guvoh bo‘lib imzo chekishgan.

Tolstoy va uning rafiqasi o‘rtasidagi munosabatlar tilga olingan maqolalarda Sofya ­Andreevnani o‘ta johil, muomala madaniyatidan mahrum, tajang va serxarxasha ayol sifatida ko‘rsatishga moyillik juda kuchli. Ammo insof bilan qaraganda, Sofya Andreevna aslzoda oqsuyak ayollar egallashi shart bo‘lgan barcha ijobiy sifatlarga ega, mehnatdan bo‘yin tovlamaydigan, ijod mashaqqatlarini chuqur his etuvchi nazokatli ayol edi. Muqaddas Sinod Lev Tolstoyni “dahriy” deb e’lon qilib, uni cherkovdan mahrum etib, shov-shuv ko‘targanida, Sofya Andreevna maxsus maqola bilan gazetada chiqish qilib, adibni himoya qilgan.

“Urush va tinchlik” romanining qayta-qayta o‘n olti marta qayta ko‘chirilishida ham bu ayol Yozuvchi bilan teppa-teng ter to‘kkan edi. Lev Tolstoy Nobel mukofoti munosabati bilan hukumatni qattiq tanqid qilganida ham Sofya Andreevna eridan bekordan-bekorga hukumatning g‘azabini avj oldirmaslikni o‘tinib, iltimos qilgan. Erining asarlarini nashrga tayyorlashdagi xizmatlari-chi?! O‘z navbatida Lev Tolstoy ham oilasiga nisbatan aslo beparvo emasdi. Uni g‘oyat qadrlagan, har bir talabini ayt­ganidan ziyod bajarishga harakat qilgan. Masalan, Makovitskiyga yozgan xatida shunday deydi: “Xotinim Gurvichga nisbatan qandaydir g‘alati nafrat tufayli azob chekmoqda. Bu unda “Xo‘jayin va malay” bosilgandan keyin boshlandi...

Kirish so‘zi unga shunday ta’sir etishi xayolimga ham kelmagan edi. Bu xabar siz orqali menga yetib kelgach, u juda qattiq ta’sirlanib, aziyat chekdi. Shuning uchun maqolani “Shimol xabarchisi”dan qaytarib olishga va umuman chop qilmaslikka qaror qildim”.

Adib 1891 yili shaxsiy mulkdan butunlay voz kechganini e’lon qiladi, yer-suv, mol-mulkini xotini, bolalariga bo‘lib beradi. Shuningdek, 1881 yilga qadar yozilgan asarlariga bo‘lgan mualliflik huquqidan ham ixtiyoriy ravishda voz kechganligi ma’lum. Bunday xatti-harakatlar, ya’ni adibning boylik, dabdaba, hashamatdan nafratlanib, oddiy hayotni afzal bilishi, noshirlarga esa asarlarini qalam haqisiz nashr etish huquqini berishi Sofya Andreevnaning g‘azabini toshirib yubordi, eridan qattiq norozi bo‘ldi. Shu tarzda hurmat-izzat o‘rnini xarxasha, tinimsiz janjallar, ta’nayu dashnomlar egalladi. Ularning bu holatini mashhur psixolog Deyl Karnegi lo‘nda qilib, shunday ta’riflaydi: “Sofya Andreevna dabdabayu hashamatga nihoyatda o‘ch, Tolstoy esa bunday narsalarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Sofya ­Andreevna shon-shuhrat, martaba istagida kuyib-yonar, Tolstoy uchun esa sariq chaqalik ahamiyati yo‘q edi. Sofya Andreevna pul, mol-davlat ortidan quvar, Tolstoy, aksincha, daholikni mutlaqo tan olmas, xususiy mulkka ega bo‘lishni gunoh deb bilardi. Asarlarini noshirlarga qalam haqisiz nashr etishga bergani uchun xotini uni tinimsiz egovlab, qarg‘ar, janjallashar, erining asarlari uchun haq talab qilardi”.

Sofya Andreevna shu bilan kifoyalansa koshki edi. U endi eriga bo‘lar-bo‘lmas talablar qo‘ya boshladi. 1895 yil 12 oktyabrda Tolstoyga maktub bitib, kundaliklarida o‘zi haqida bitgan barcha e’tiroz va tanqidlarini chiqarib tashlashni buyurdi. Shunga binoan adib 1983-1895 yillarda yozgan kundaliklaridagi ayoli qoralangan 45 ta o‘rinni olib tashladi.

Adabiyot tarixidan yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Lev Tolstoy o‘ta saxovatli, bag‘ri keng inson bo‘lgan. U Lopajino, Sidorovo, Bobrik, Kamenka, Gubarevka, Mantsevo, Kukuevka, ­Basteeva kabi qishloqlardagi ahvoli og‘ir kishilar ro‘yxatini tuzib, ular uchun bepul oshxonalar tashkil etgan edi. O‘zining bor-bisotini qiynalgan, muhtoj kishilarga bo‘lib berish voqeasi faqat shugina emas. U “Tirilish”, “Sergiy ota” asarlarini “duxobar” deb nomlangan maz­hab kishilariga yordam berish uchun chop ettirgan. Hukumat tomonidan quvg‘in qilinganidan so‘ng, bu maz­habdagilar chet elga ketishga majbur bo‘lishadi. Tolstoy “Tirilish” romani uchun olinadigan qalam haqini aziyat chekkan ana shu kishilarga berishga qaror qiladi. Shu maqsadda asarni tezroq yozish uchun jadal ishlab, “Niva” jurnaliga topshiradi. Asar ingliz, frantsuz, nemis va rus tillarida bosilib chiqadi va hamma joydan “duxobar”lar foydasiga qalam haqi olinadi. Adib hatto ularning chet elda qulay joyga joylashtirish uchun o‘ziga yaqin D.Jilkov nomli kishini Kipr oroliga jo‘natgan. Yoki iltimoslari rad etilgan 11 ayol Tolstoyga murojaat qilib, Yoqutistonga erlari surgun qilingan joyga borish uchun ruxsat olib berishini so‘rashadi. Adib podshoh Nikolay II ga aytib, ularning iltimosini bajaradi.

Bu kabi olijanob xatti-harakatlar mol-dunyo vasvasasiga berilgan Sofya Andreevnaning jonini halqumiga keltirar, erining barcha asarlarini uning ruxsatisiz chop etmaslikni qattiq talab qilardi. Hatto, adib vafotidan keyin ham uning asarlarini nashr etishdan keladigan daromadga ega bo‘lish niyatini yashirib o‘tirmas edi. 1910 yil 14 oktyabrda yozilgan maktubida shunday jumlalar bor: “...Siz merosxo‘rlarning oxirgi nonini Sitin kabi noshir va mutahhamlarga bermoqchi bo‘lyapsiz. Bu paytda esa uning (ya’ni, Tolstoyning) manfur va kekkaygan irodasi tufayli nabiralari ochidan o‘ladi”.

Adib xotinining boshi-adog‘i ko‘rinmaydigan to‘xtovsiz javrashiga sabr-toqat bilan chidar, unga rahmi kelar, bir og‘iz e’tiroz bildirmas edi. Bir paytlar mehr-muhabbat, hurmat asosida qurilgan qirq uch yillik oila imorati qulab tushdi. Adib xotinidan shunchalik bezdiki, oxiri o‘zining jonajon mulkidan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa 82 yashar daho zotiljam kasaliga uchrab, Astapovo temiryo‘l bekatida dunyodan ko‘z yumdi. Uning oxirgi so‘zlari: “Xotinimni yonimga kiritmanglar”, degani bo‘ldi...

Sofya Andreevna xatosini ertami-kechmi tushundi. 1919 yili bandalikni bajo keltirar ekan, tepasida ko‘z yoshi to‘kib turgan qizlariga qarab: “Otangizning boshiga men yetdim”, dedi. Qizlari sukut saqlab, bir og‘iz ham so‘z ayta olishmadi. Chunki onasi haq gapni aytgan edi.

Fathulla Namozov

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.