background
logotype

"38-parallel": Hayot va mamot qonuni

 
Janri: Harbiy drama 
Filmning asl nomi: Taegukgi 
Xalqaro nomi: Brotherhood (“Birodarlik”) 
Ssenariy muallifi va rejissor:Kang Chje Gyu 
Rollarda: Chan Don Gon, Von Bin, Li In Chju, Min Sik Soy 
Operator: Xon Kun Pio 
Musiqa: Li Don Chun 
Mahsulot: Janubiy Koreya, 2004
Davomiyligi: 140 min. 
Rasmiy sayti:http://www.taegukgi2004.com/
Milliy “Oskar” sohibi – “Katta qo'ng'iroq”ni quyidagi nominatsiyalar bo'yicha yutgan: “Eng yaxshi rassom-postanovshik”, «Eng yaxshi operatorlik ishi», «Eng yaxshi ovoz» 

Filmni suratga olish jarayonida 2 tonnadan ortiq porox va portlovchi moddalar ishlatilgan. “Taegukgi” filmi uchun maxsus 19 ming komplekt harbiy kiyim tikdirilgan. Nakdong daryosi bo'yiga ikki kilometrlik himoya liniyasi qurilgan. O'sha paytdagi shahar ko'rinishlari haqiqiy dekoratsiyalar asosida tiklangan. Shuningdek, tank, BTR va retro-poyezdlar ham o'sha davrga moslangan.

KOREYA URUSHI HAQIDA (1950-1953) 
1945 yil 15 avgustda Koreyadan Yaponiya qo'shinlari chiqib ketadi. Paytdan foydalangan SSSR va AQSh Koreyani ikkiga bo'lib, ikki xil mafkurani yoyishadi. 1948 yilning kuizdan alohida Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlari tuziladi. 1950 yil 25 iyunda Shimoliy Koreya tomoni kutilmaganda Janubiy Koreyaga bostirib kiradi. 1950 yil 7 iyulda BMTning Xavfsizlik kengashi mintaqaga yordam kuchlarini yetkazishga qaror beradi. 

Shu yilning 1 noyabrida BMT va Janubiy Koreya kuchlari Tumangan daryosi vodiysigacha urush qilib, Koreya yarimorolining yana birlashtirishga harakat qiladilar. Ammo Shimoliy Koreyaga joylashib olgan 100 ming Xitoy askarlari urush sur'ati boshqa tomonga burib yuboradilar. Ular qurol-yaroq, oziq-ovqat yo'llarini yopib qo'yadilar. Bundan tashqari ko'pincha orqa tomondan hujum ham qilib turardilar. 

1953 yili urush mamlakat 38-parallel bilan ikkiga ajratiladi. Ushbu urush 9 million koreys, 1 millionga yaqin xitoyliklar va 50 ming amerikalikning yostig'ini quritadi.

HAYOT VA MAMOT QONUNI ("Taegukgi")

“Urush! Noming o'chsin jahonda” deganlari bekorga emas ekan. Hamma yoqni vayron qilar ekan Urush! Hamma dillarni parcha-parcha qilib tashlarkan la'nati urush! Insonni hayvondan battar holga tushirarkan urush! Yo hayot, yo mamot! O'ldir! O'ldirmasang seni o'dirishadi. Hech kimni omon qoldirma! Dushmanni yer bilan yakson qil! Aslo ayab o'tirma! Chunki u – sening dushmaning! Qiyna uni, o'ldir uni, vayron qil! Bu urush qonuni! 

Bunda na insof, na odamiylik bor, bu yerga kelganlar hammasi manqurtlar! Boshliq nima qil desa, shunga bo'ysunadi. Inson insonni g'ajiydi, yoqadi, xo'rlaydi, zo'rlaydi! Axir ikkimizning tuprog'imiz bir-ku, deydigan odam yo'q bu yerda. Bu yerda dushman bor. Uning kimligi: na millati, na dini, na qarindoshligi ahamiyatsiz. Sen uning dushmanisan, u sening dushmaning! Sening bitta vazifang bor: O'LDIRISH! 

Koreys kinoijodkorlari tomonidan ishlangan“Birodarlik” filmi ham shu mavzuda. Unda Shimoliy va Janubiy Koreya o'rtasidagi sovuq urush va 1950-yilda bo'lib o'tgan qirg'inbarot haqida so'z boradi. Inson ishlab chiqqan la'nati ideologiyalar ikki xalqni bir-biridan ajratib, birini “qizil”, ikkinchisini “democrat” bo'lishga majbur qiladi. Mafkura insonlarni shunday tarbiyalaydiki, bir millat vakillari bir-birlariga ayovsiz dushmanga aylanadilar. “Qizil cho'chqalar” va “janublik marazlar” o'rtasida shiddatli jang boshlanadi. “Biz jangda albatta g'alaba qozonishimiz kerak! Yo'qsa hammayoqni qizil iblislar bosib, bizning qonimizni so'rishadi. Yashab qolish uchun ham g'alaba qozonishimiz shart” . Bu har bir janublikning maqsadi edi. Koreys koreysni otadi, qiradi, yoqadi: “qizil” bo'lgani uchun “communist” bo'lgani uchun! 

Rejissor film haqida (Kang Chje Gyu): 

“Men ssenariy yozayotganimda 1950-yil 6-iyun kunini eslab, ko'zimdan yoshni to'xtata olmagandim. Har doim kameralar yoqilganda faqatgina shu holatni, dardni ekranga olib chiqish haqida o'ylardim. Biz tariximizning eng katta dog'laridan bo'lgan Koreys urushi haqiqatlarini anglashimiz kerak. Urushni sedan chiqarish juda oson, hech nima bo'lmaganday kulib yurgan insonlar juda ko'p. 
Tarix – kelajakning oynasidir. Men bu filmni faqatgina bir maqsadda suratga olaman: iyoyim bu urush xalqimiz uchun oxirgisi bo'lsin!” 


Filmning bosh qahramonlari ikki aka-uka. Biri urushga kelmasdan oldin maktabda o'qirdi, yuragida xastaligi bor edi. Akasi esa ukasining ta'limi uchun ko'chada poyafzal tozalardi. Urushda Jin Tay (aka) o'z jonini ayamay qahramonlik ko'rsatadi. Ukasi esa: “Jin Tay nimaga sen istalgan xavfli vazifani bo'yningga olaverasan. Medallar uchunmi-a? Meni uyga jo'natib yuborish uchunmi? Nima qilayapsan? Mendan o'q o'tmaydi deb o'ylayapsanmi? Har bir soniyada bu yerda kimdir o'lyapti. Sen jinni bo'ldingmi? Medal olishni hohlayapsanmi? Men seni o'limga ro'baro' qilib, ketaveradi deb o'ylayapsanmi? Sen haqingda onamga nima deb aytishimni tasavvur qilayapsanmi? Biz doim birga bo'lishimiz kerak: o'lim yoki hayot! Medalning nima keragi bor, agar shu medal ortida insonlar o‘limi tursa!” deb uni to'g'ri yo'lga chaqirmoqchi bo'ladi. Koreys hukumati Jin Tayning xizmatlarini hisoga olib, unga mansab beradi. Urush, mansab uni umuman o'zgartirib yuboradi, odamgarchilikdan chiqaradi, diydasini toshga aylantirib qo'yadi. Urush bilan bir vaqtda mamlakat ichida ham “communist” deb gumon qilinganlarni ommaviy qirish boshlanadi. Jin tayning sevgan qizini ham “communist” deb ko'z oldida otib tashlashadi. Urush davom etardi. “Kommunist” deb gumon qilinib, asirga olingan Jin Sok (uka) qamalgan bino akasiga “medal” bergan komandir tomonidan yakson qilishga buyuriladi. Vayronalar orasidan Jin Sok ukasiga o'zi sovg'a qilgan ruchkani yonib tamom bo'lgan murdalar orasidan topadi. Bu bedodliklar alamidan Jin Tay Shimoliy tarafga o'tib ketadi… 

...Iloyim urushdan saqlasin!!!

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.