background
logotype

Abduqayum Yo‘ldoshev. “Hammasi yozib qo‘yilgan...”

Sahna asosi — dramaturgiya. Asar matniga hurmat bilan qarash, uni o‘qish bilan birga uqish, ya’ni chuqur anglash orqaligina yaxshi natijaga erishish mumkin. Bu oddiy haqiqat, albatta. Biroq keyingi paytlarda mana shu jo‘ngina talabga rioya qilmaslik, “zamonaviylik, modernizm, mualliflik yondashuvi” kabi turfa shiorlar ostida hatto mumtoz asarlarni o‘z bilganicha talqin etish an’anasi paydo bo‘layapti. Dunyoda ­kechayotgan bu jarayonning ko‘lankasi o‘zimizda ham bo‘y ko‘rsatib qolmoqda.

Bundan o‘n-o‘n besh yil burun Germaniya sahnasida jinsi shim kiygan Gamlet paydo bo‘lganini eshitganimizda “ha, buyam zamonaviylikning bir ko‘rinishi, Shekspir abadiyligining timsoli bo‘lsa kerak-da”, deb qo‘yaqolgan edik. Ammo bu jarayon aqlni lol qoldirar darajada tezlashib ketishi mumkinligi xayolga ham kelmagandi. Aftidan, bu taloto‘pda aynan Shekspir ko‘proq hujumga uchrashi tabiiy holga ­aylanib qoldi, shekilli.

O‘zingiz tasavvur etib ko‘ring, rossiyalik taniqli yozuvchi, teleboshlovchi va teatr rejissyori Andrey Maksimov matbuotda Gamletni o‘z onasini o‘ldirgan, sevgilisining aqldan ozishiga sabab bo‘lgan yaramas deb ataydi. Bundan ilhomlanib ketgan bo‘lsa kerak, Siktivkardagi V.Savin nomli teatrda sahnalashtirilgan “Gamlet” spektaklida bosh qahramon sevgisi Ofeliyani royal ustida zo‘rlamoqchi bo‘ladi. Bu qadar farosatsizlikdan g‘azabga kelgan Komi respublikasi jamoatchilik palatasi a’zosi A.Shigolev teatrni sudga berdi. Biroq 2012 yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan sud teatr ijodkorlari foydasiga hal bo‘ldi. Yomon ibrat yuqumli bo‘ladi. Tez ­orada Kaluga sahnasiga mini-yubkada velosiped haydayotgan, tinmay chupa-chups so‘rayotgan Juletta chiqdi.

AQShda namoyish etilgan “Revizor” spektaklida Xlestakov to‘satdan Mashenkaga yopishib ketadi va... Tomoshabinlar bechora muallif Gogol bu asari bilan nima demoqchi ekanini tushunmasdan tarqalishgan.

Janjalli (shov-shuvli emas) spektakllari bilan nom qozongan farang rejissyori Ya.Fabr 2005 yili “Bag‘rikenglik bazmi” spektaklini namoyish etganida yevropalik tomoshabinlar aktyorlarga tuxum otishdan o‘zlarini tiyib turolmaydilar. Nihoyat mamlakat madaniyat vazirining aralashuvigina katta janjalning oldini oladi. Fabr esa sahnada g‘ayri insoniy tajribalarini hamon davom ettirmoqda: u rejissyorlik qilgan spektakllardan birida aktyorlar uch oy mobaynida o‘ta zaharli o‘rgimchak bilan birga rol ijro etishga majbur bo‘ldilar, boshqa spektaklda esa sahnaga to‘ppa-to‘g‘ri muzlatkichdan olib kelingan 11 ta ilon qo‘yib ­yuborilgan. Rejissyor muzda to‘ng‘ib yotgan ilon kamharakat bo‘ladi, shu sababli tomoshabinlar qatoriga sudralib yetib bora olmaydi, deb hisoblarkan.

2008 yili greklar “Medeya” spektakli ijodkorlarini sahnadan quvib solishgan. Zero, butun spektakl davomida yalang‘och yuradigan Medeyaning kimga qizig‘i bor? Fojiali muhabbati yo‘lida o‘z farzandlarining qotiliga aylangan Medeyani shu holida sahnaga olib chiqish uchun rejissyor qanchalar kaltafahm va dovdir bo‘lishi kerak?!

2010 yili Gorkiyning mashhur “Dachniki” piesasini Kaliningrad sahnasida tomosha qilish uchun kelganlar hayratdan yoqa ushlab qolishdi: aktyor va aktrisalar sahnaga onadan qanday tug‘ilishgan bo‘lsa, shunday holda chiqib kelishgan.

2011 yili Sankt-peterburglik rejissyor K. Bogomolov “Turandot” piesasi voqealarini islovatxonaga ko‘chirib sahnalashtirgan. Xuddi shu rejissyor yaqinda “Qirol Lir”ni sahnaga olib chiqdi. Spektaklda erkaklar rolini ayollar ijro etishadi, homilador xotinlarning qorni orqaga qarab o‘sadi, Lir xonim esa badaniga Rossiya xaritasi tushirilgan ulkan rezina qo‘g‘irchoqni ko‘tarib yuradi. Rejissyorning fikricha, aynan rezina qo‘g‘irchoq bugungi ­Rossiya timsoli emish...

O‘z-o‘zidan ayon, bu tarzdagi “modernizm”larni ko‘r-ko‘rona ko‘klarga ko‘tarish, bunday ishga jur’at etgan rejissyorlarni daholik shohsupasiga chiqarib qo‘yish sahnada “yalang‘och qirol”larning urchib ketishiga olib keladi, xolos. Yaltiragan har narsa oltin bo‘lmagani yanglig‘, tushunilmagan har qanday ­voqelik buyuklikdan nishona bo‘lolmaydi.

Yaqinda o‘zimizning teatrlardan birida bo‘ldik. Bundan yetmish-sakson yil burun yaratilgan, hammamizga tanish umrboqiy asar asosida spektakl namoyish etildi. Beshta yigit-qiz sahnaga chiqib olib gapiraveradi-gapiraveradi, deng. Ora-sira uyoqdan-buyoqqa chopib, raqs ham tushib qo‘yishadi. Sal zehn solib eshitib ko‘rdikki, qahramonlarimiz dollarni ham tinch qo‘yishmayapti, yevroni ham. Qolgan gap-so‘zlar ham shunga yarasha.

Ijod erkinligini to‘la quvvatlagan holda, asarning o‘zini o‘qigan, undan zavq olgan tomoshabin sifatida aytmoqchimizki, balki spektakl mualliflarini “Toshkentga sayohat” muvaffaqiyati ilhomlantirgandir, balki o‘zga sabab-omillar bordir, biroq klassik merosimizni bu qadar emin-erkin talqin etish, “yangicha nigoh” bahonasida uni yalang‘och masxarabozlikka aylantirib qo‘yishdan muddao ne?

Shak-shubhasiz, sahna — turli-tuman tajribalar va hattoki tavakkallar maydoni. Ammo har qanday eksperiment zamirida, avvalo, sahnalashtirilayotgan asar matniga hurmat yotmaydimi? Adabiy asossiz, muallaq joyda chiroyli sahna “bino”sini qurib bo‘ladimi? Bu borada Bahodir Yo‘ldoshev rahbarlik qilayotgan “Diydor” teatr-studiyasidan har qancha o‘rgansa arziydi. Turob To‘la asari bo‘yicha sahnalashtirilgan “Nodirabegim” spektaklini bir borib ko‘ring, ijro mahorati va matn mutanosibligidan hayratga tushasiz. Spektaklning eng yuksak cho‘qqilaridan biri – amir Nasrullo va Nodirabegim bahsi sahnasidan larzaga tushasiz. Bo‘lar ekan-ku!

Albatta, ushbu shaxsiy mulohazalar orqali ijodkor rejissyorlarga iddao qilish fikridan butkul yiroqmiz. Aql o‘rgatishdan-ku, inchunin, xudo saqlasin. Har kim o‘z ishini qilgani ma’qul. Yozuvchining qismati asar bitmoq, rejissyorning hunari uni sahnaga olib chiqmoq.

Ammo kuni-kecha bir rejissyor bilan ozgina gurunglashib qoldik. Mehnatkash akamiz besh yildan beri Shukur akaning mashhur “Bodom qishda gulladi” hikoyasini sahnaga olib chiqish tadorigida ekan. Bu niyatni eshitib, rosti, hayajonlanib ketdim. So‘ng bu qadar uzoq muddatning ijodiy izlanish bilan bog‘liqligini tusmolladim. Adashmagan ekanman. Gurung chog‘i ayon bo‘ldiki, rejissyor akamizni hikoya qahramoni Nosirjonning... otasi qiziqtirarkan. Hayron bo‘ldim. Hikoya boshrog‘ida Nosirjon “Otamiz hayot...” deb aytardi shekilli. Rejissyor gapni ilib ketdi: “Xuddi shunaqa! Lekin hikoya oxirida “Otam yo‘q...” deydi. Xo‘sh, nimaga?” To‘g‘risi, bu savolga javob bera olmadim. Rejissyor yanada jo‘shdi: “Men shu savolga javob topsam, bas, hikoyani ikki kunda sahnalashtirib tashlayman”. Bilmadim, balki adashayotgandirman, har qalay, “hikoyani ikki kunda sahnalashtirib tashlash” sohasidan ancha yiroqman, ammo nazarimda “Bodom qishda gulladi”da rejissyor akamizni besh yildan beri o‘ylantirib kelayotgan savolning javobi bor. Ya’ni qahramon “siniq jilmaydi”: “Otam yo‘q... Aldagan edim sizlarni. Bo‘ladi-ku!”. Darhaqiqat, bu dunyoda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. ­Beshinchi sinfdaligida boshiga uzun temir tegib ketgan Nosirjon otasiz o‘sgan bo‘lsa o‘sgandir. Gap bunda emas-ku, to‘g‘rimi? Gap ulug‘ muhabbat to‘g‘risida, illo sevgining qudrati, iztirob-azobi, shifobaxsh og‘usi bois Nosirjondek yigit yana hayotga qaytdi, harf taniy boshladi... Axir, asarda hammasi yozib qo‘yilgan... hammasi...

Zero, bugun Shukur akaning bemisl hikoyasidan qahramon otasining taqdirini izlab yurgan rejissyor erta-bir kun uni o‘zicha topar, topolmasa o‘ylab chiqarar. Natijada yana bir chalakam-chatti, ­yozuvchining so‘ziga, matnga e’tiborsiz asar paydo bo‘lmaydimi sahnamizda?

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 3-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.