background
logotype

Dunyoni titratgan vodiy

 Mafiya ichida yashash


Bundan besh yil ilgari bir turk tanishim bilan suhbat qurganim esimda. Gap kino xususida ketganida, u allaqanday serial haqida maroq bilan gapira ketdi. Har kuni namoyish etiladigan yengil-elpi seriallar kinoning ushbu ko‘rinishidan ixlosimni qaytargani tufayli uning so‘zlariga jiddiy e’tibor qilmagan esamda, harna qiziqish g‘olib keldi – DVD magazinlardan surishtira-surishtira axiyri o‘sha serialni topdim. U payti kartina o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani tufayli turk tilida tomosha qilishga to‘g‘ri keldi. Ammo filmning birinchi qismiyoq shu qadar e’tiborimni mixlab qo‘ydiki, boshqa barcha ishlarni mutlaqo tashlab qo‘yib, nigohimni ekranga qaratdim. Oradan ko‘p o‘tmay, butun O’zbekistonda o‘ziga xos “qashqiromaniya” boshlanib ketdiki, sevimli turk serialining qahramonlarini tanimaydigan odam qolmadi go‘yo. 

Po‘lat Alamdarning tug‘ilishi 


“Qashqirlar makoni”ning bosh qahramoni – Po‘lat Alamdar obrazini jonlantirgan Nejati Shashmazning mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarilish tarixi o‘ziga xos. 6 yil mobaynida AQSh da istiqomat qilgan Nejati oila a’zolarini ko‘rish uchun Turkiyaga tashrif buyuradi. Lekin u ortiga qaytayotgan kuni – 2001-yilning 11-sentyabrida AQSh da sodir bo‘lgan fojia natijasida barcha reyslar bekor qilinib, u noma’lum muddatga Turkiyada qolishga majbur bo‘ladi. Akasi Raji Shashmazning taklifi bilan Turkiyaning eng mashhur rejissyorlardan biri – Osman Sinavning qo‘lida ishlay boshlaydi. 

O’sha paytlardayoq Shashmazlar sulolasi Turkiyada anchayin nufuzga ega edilar. Nejati Shashmazning amakisi Tohir Shashmaz e’tiborli siyosatchi bo‘lsa, ukasi Zubeyr Shashmaz yosh va umidli rejissyorlardan hisoblanardi. Ayni paytda akasi Raji Shashmaz katta siyosat va uning Turkiyadagi in’ikosi haqidagi serial loyihasi ustida ishlayotgan edi. Sentyabr voqealari, AQSh ning Iroqqa ekspansiyasi, Turkiya va AQSh munosabatlarining keskinlashuvi yangi serial syujetiga asos bo‘lib xizmat qildi. Buni payqash qiyin emas – barcha voqealar aynan Iroq urushi hamda Turkiyaning Iroqdagi manfaatlari atrofida aylanadi. 

Nihoyat, Raji Shashmaz loyihani Osman Sinavga taqdim etadi. Bu qadar qiziqarli va jiddiy g‘oyadan hayratga tushgan Sinav serialni shaxsan o‘zi suratga olishga qaror qiladi. Professional guruh to‘planadi, mashhur aktyorlar taklif qilinadi, stsenariyga badiiy sayqal berish uchun Turkiyaning mashhur yozuvchilaridan biri – “Afandi” siyosiy romanining muallifi So‘ner Yalchin chaqiriladi, filmga musiqa ishlash esa iste’dodli bastakor Go‘kxan Kirdarga topshiriladi. Shu tariqa Osman Sinav homiyligi ostida PanaFilm paydo bo‘ladi. Bosh rolga aktyorlik diplomiga ega bo‘lmagan Nejatining taklif qilinishi jurnalistlarning hayratiga sabab bo‘ldi. Osman Sinav buni “yangi qiyofa” kashf etmoqchi ekanligi bilan tushuntirdi. Ancha vaqt bunday mas’uliyatli ishni zimmasiga olishga jur’at etmagan Nejati nihoyat bir oydan so‘ng Sinavga rozilik beradi. Suratga olish boshlanadi. 15-yanvar, 2003-yil. Uzoq kutilgan filmning birinchi qismi Show TV orqali namoyish etiladi. Natija – portlash, osmono‘par reyting va millionlab muxlislar. 

“Qashqirlar makoni bolalari”


Jurnalist Yusuf Solmazning “Qashqirlar makoni” atrofidagi nizolar va janjallarga bag‘ishlangan kitobi aynan shu nom bilan ataladi. 

“Qashqirlar makoni” nafaqat Turkiyada, balki butun islom olamida o‘ziga xos siyosiy-madaniy to‘ntarish yasadi. Bir tomondan, musulmon madaniyatining qudrati va go‘zalligi, shuningdek, turk millatining aqliy va siyosiy salohiyati, yuksak vatanparvarlik ruhi ko‘rsatib berilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, Sharq odamini qiynaydigan azaliy savollar – G’arbning ustunligi, islom diskreditatsiyasi, Yaqin Sharqdagi ahvol real bo‘yoqlarda ochib berilgan, hamda bu bilan qanday kurashish kerakligi ortiqcha so‘zlarsiz tushuntirilgan – serial vaqtining kattagina qismini egallagan urush, otishma, qotilliklar va boshqa kriminal sahnalarning o‘zi yetarli bo‘ldi. Barcha mashhur kinolar muxlislar uchun taqlid ob’ektini yaratadi. “Qashqirlar makoni” ham bundan mustasno emas – u adrenalin sevuvchilariga Po‘lat Alamdarni tuhfa etdi. 

Sodda yigit Nejati Shashmaz qoshlarini chimirib olib, doim muhim masalalar haqida o‘ylaydigan, dushmanlarini beayov jazolaydigan, har qanaqa vaziyatdan chiqib ketishga usta aqlli va mulohazali qahramonning soyasida qolib ketdi. Uning o‘zi bu haqda shunday deydi: “Meni faqat Anqarada va ona shahrim Elazig‘da ismim bilan chaqirishadi, istanbulliklar uchun allaqachon Po‘latga aylanganman”. Po‘lat Alamdar nafaqat Turkiyada, Yaqin Sharq mamlakatlarida, MDH hududida va boshqa joylarda G’arb diskriminatsiyasiga qarshi chiqqan islom tsivilizatsiyasining ramziga, qizlarning idealidagi erkakka, qiziqqon yigitlarning esa sevimli “og‘a”siga aylandi. 

Jurnalistlar, siyosatchilar, ijtimoiy-gumanitar soha vakillari serial targ‘ib etayotgan qurollanish g‘oyasiga qarshi chiqa boshladilar. Serial tok-shoulardagi muhokamalarning asosiy mavzusiga aylandi. Bilimlar Universiteti o‘qituvchisi Murat Peker, Anqara Universiteti doktori Sevilay Chelenk, huquqshunos Yahyo Berman singarilar serial namoyishini to‘htatishni talab qila boshladilar. Turkiyaning mashhur kishilari ikki lagerga ajraldi. Bir ko‘ngilsizlik tufayli “aksilqashqirchilar” g‘alabaga erishdilar. 

Voqea kichkina Findikli shaharchasida bo‘lib o‘tgan. Bir kuni 25 yashar Serxat Karadeniz sud zalidan chiqayotgan mashhur advokat Jihan Erenning yoniga yaqinlashib, uni otib tashlaydi. Tergov chog‘ida Karadeniz “Po‘lat og‘aga o‘hshagisi” kelganini, Findiklidagi eng mashhur odam Jihan Eren bo‘lgani tufayli uni tanlaganini aytadi. Endi aksilqashqirchilar gazeta va televidenie orqali Findikli voqealarini ro‘kach qilib, serialni tanqid qila boshlaydilar. Shu tariqa serial birinchi marta to‘htatiladi. 

Ammo “Qashqirlar makoni” allaqachon xalqning sevimli filmiga aylanib ulgurgan, barcha rekordlarni yangilab bo‘lgan edi. Xalqning talabi bilan serialning ikkinchi fasli (21-56-qismlar) boshlandi. Bahs-munozaralar esa davom etdi. Serial namoyishi yana ikki marta to‘xtatib qo‘yildi, ammo xalq sevgisiga sazovor bo‘lgan qahramonlar haligacha tirik – ularning sarguzashtlari “Qashqirlar makoni Tuzoq” serialida davom etmoqda. 

Amerikaliklar – yomon bolalar 


Qaysi bir Gollivud filmini ko‘rmang, unda amerikaliklar aqlli va jasoratli qahramonlar sifatida tasvirlanadi. “Rembo”ni olaylik. Tarixan ma’lumki, amerikaliklar Vetnamga hujum qilganlar, mahalliy aholi esa o‘zini himoya qilgan. “Rembo”da esa Vetnamga bostirib kirgan amerikaliklar qahramon, sho‘rlik vetlar esa “yomon bolalar”. 

“Qashqirlar makoni”ning mantiqiy davomi bo‘lmish “Qashqirlar makoni Iroq” badiiy filmini buning aksini ko‘ramiz. Biroz noodatiy sahnalar – bir to‘da AQSh askarlari to‘rt nafar turk qahramoniga qarshi kurashadilar, natijada esa... qahramonlar g‘alaba qozonadilar. 

Filmda amerikaliklar musulmonlarni odam qatoriga qo‘shmaydigan yovuz va badjahl mahluqlarni eslatadi. Kinoijodkorlar badiiy to‘qimaga real voqealarni uyg‘unlashtirib ketishga ham erinishmagan – 2003-yilning 4-iyulidagi Amerika askarlarining turk maxsus xizmatining boshiga qop kiydirib so‘roq qilishi, amerikliklarning musulmon to‘yiga bostirib kirib, tinch aholiga qarata o‘t otishi, Abu Greyb qamoqxonasida asirlarning buyraklari ajratib olinib, Tel-Avivga jo‘natilishi va hokazo. Go‘zal, qiziqarli va jonli jangari drama. Film turk kinosi tarixidagi eng qimmatbaho kartina bo‘ldi – suratga olish jarayonida 10.5 mln dollar sarflandi. Kartina ijodkorilariga 23 mln dollar foyda keltirdi. 

“Qashqirlar makoni Iroq” Sharq va G’arb to‘qnashuvi mavzusini davom ettiradi. Filmda islom ustunligi g‘oyasi yanada yorqinroq vositalar bilan ochib berilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, kartinaning Germaniyadagi namoyishi chog‘ida, film nihoyasida Po‘lat Alamdar asosiy dushmani – Sem Marshall (Billi Zeyn) ning ko‘ksiga hanjar sanchganida, butun zal oyoqqa qalqib “Allohu Akbar!” deb hayqirib yuborgan ekan. 

Film ruhi G’arb siyosatchilarini jiddiy tashvishga solib qo‘ydi. Bavariyaning bosh vaziri Edmund Shtoyber film namoyishini to‘htatishni talab qilgan bo‘lsa, NATO qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Jeyms Jons filmning askarlar ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkzayotganini ro‘kach qilib, askarlarga ushbu filmni ko‘rishni ma’n etdi. Ammo, Germaniyadagi turk jamoasi rahbari Kenan Kolat aytganidek, “filmni qanchalik taqiqlasangiz, unga bo‘lgan qiziqishni shunchalar orttirasiz”. 

Qiziqarli faktlar: 


Serialning bosh qahramonlaridan biri – Sulaymon Chaqir rolini ijro etgan aktyor Oktay Kaynarja shu paytgacha asosan teatr sahnasida faoliyat yuritgani tufayli xalqqa yaxshi tanish emas edi. Shu bois “Qashqirlar makoni” muxlislari uni Chaqir sifatida eslab qolishgan. Bir kuni Kaynarjaning mashinasi bir mashina bilan to‘qnashib ketganida, aktyorni ko‘rgan mashina haydovchisi orqa-oldiga qaramay qochib ketgan ekan; 

Sulaymon Chaqir dushmanlari qo‘lida halok bo‘lganida, serial muxlislari  uning xotirasiga chinakam motam tutgan ekanlar; 

“Qashqirlar makoni Tuzoq” qahramonlaridan biri – Muro shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, Zubeyr Shashmaz tomonidan uning “Qashqirlar makoni”dan keyingi hayoti haqida komediya ishlandi; 

Po‘lat Alamdar obrazini jonlantirgan Nejati Shashmaz aslida nozikta’b inson bo‘lib, she’r yozib turadi; 

Ipsos KMG kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, Nejati Shashmaz 2008-yilning eng chiroyli aktyori deb tan olindi. Lekin uning xabar bilan birga chop etilgan rasmi sifatsizligi bilan muxlislarni biroz ranjitdi; 

O’z intervyularida ko‘p bora orzusi chinakam sevgi sohibi bo‘lish ekanligini ta’kidlagan Po‘lat Alamdar o‘z muhabbatini aktrisa Nefise Karatay timsolida topganday edi go‘yo. Uning iltimosiga ko‘ra aktrisa “Qashqirlar makoni Tuzoq” serialiga Ohu Toros roliga taklif qilingan bo‘lib, stsenariy bo‘yicha film oxirida Po‘lat va Ohu turmush qurishlari lozim edi. Ammo Nefise Karatayning xiyonati haqida xabar topgan Nejati Shashmaz akasi – stsenariy muallifi, rejissyor va prodyusser Raji Shashmazdan stsenariyni o‘zgartirishni so‘radi. Natijada Ohu Toros “o‘ldirildi” va serialdan chiqib ketdi. Po‘latni esa aqlli va go‘zal talaba qiz bilan uchrashtirib qo‘yishdi. 

Go‘zal so‘zlar 


“Qashqirlar makoni”ning eng diqqatga sazovor tomonlaridan biri – qahramonlarning xarakteri chiroyli dialoglar va unutilmas suhbatlar vositasida yorqin ochib berilgan. Serial haqli ravishda turk adabiy tilining imkoniyatlaridan eng unumli foydalanilgan kartina deb tan olingan. Filmdagi bunday so‘zlar va hikmatlar “Qashqirlar makoni: go‘zal so‘zlar, unutilmas dialoglar” kitobida to‘plab nashr qilingan. Quyida ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz: 

Agar bir kishi seni bir marta aldasa, bu uning aybidir. Agar bir kishi seni ko‘p bora aldasa, bu sening aybingdir. 

Oxirini o‘ylagan qahramon bo‘lolmaydi. 

Katta kuch katta mas’uliyat yuklaydi. 

Nomimizning buyukligi do‘stlarimizning buyukligidan. 

Katta tog‘ning boshi ham katta bo‘ladi. 

Tovuq ovlagan arslon tulkiga masxara bo‘ladi. 

O’liklarning o‘ylashicha, tiriklar har kuni holva yeydi. 

Aroq ichmagan odaming bilan dushman bo‘lma. 

Aqlli insonlar yangi fikrlarni muhokama qiladi, oddiy insonlar natijalarni muhokama qiladi, kichkina insonlar boshqalarni muhokama qiladi. 

Shamol qanchalik kuchli esmasin, ko‘taradigani changdir. 


Eldor Asanov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.