background
logotype

Hind kinolarini nega yaxshi ko'ramiz?

 Shu haqda hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Albatta, bu savol bilan hind madaniyatiga befarq, xususan, ularning kinolarini xush ko‘rmaydiganlarga murojaat qilish to‘g‘ri bo‘lmas. Lekin, ana shunday kishilar ham nega yoqtirmasliklarini bilisharmikan? Bilishsa-da, ularning fikrlari to‘g‘rimikan? Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishganmikan? Yaxshi ko‘rganlar-chi, ularni hind kinolarining qaysi jihati rom etgan? Nega?

Keling, gapni xushlamaydiganlardan boshlaymiz. Xo‘sh, nega hind kinosini yoqtirmaydilar? Bunday kishilarning xarakteriga e’tibor berganmisiz? Har bir narsa va hodisadan faqat yaxshilik izlab yuradigan yoki butunlay teskarisi — har bir narsaning yaxshi jihatidan ko‘ra ko‘proq kamchilik va nuqsonlarini axtaradigan insonlar bor. Deylik, hind kinosidan noliydiganlarning aksariyati(bundaylar hatto hindlarda ham yetarli) suratga olish jarayonidagi «sun’iylik»lardan, xususan, «mushtlashuv jarayonida «baraban» ko‘p ishlabdi», «qo‘li yetib bormasdan yiqilib tushadi», «urgandan keyin og‘zidan oqqan yoki otgandan so‘ng yarasidan chiqqan qonning «kraska»ligi bilinib qolibdi», «hamma kinolarining oxiri yaxshilik bilan tugaydi, yaxshilik yomonlikni yengadi, hayot unday emas-ku» kabi «real»liklarni ro‘kach qiladilar. «Aynan shuning uchun ham hind kinosini ko‘rmayman», deya namoyishkorona ta’kidlaydilar ham. Yuqorida ta’kidlangan kamchiliklar haqiqatan ham kamchilik hisoblanadimi? Nega ular qonning rostakam qonga o‘xshab oqishini xohlayapti? Oqdi ham deylik, bundan kishi qanday ma’naviy ozuqa oladi? Rostakamiga o‘xshab oqqandayam, u qonning sun’iy ekanligi ma’lum-ku! Bunday odamlar «asl qonni menga ko‘rsatib, kinoni haqiqiy hayotdagidek ko‘rsatgin» deyishmoqdami yoki «ichimdagi vahshiylik ehtiyojini qondirgin», degan niyati bormi ularning? Bu fikrni birdan inkor qilmang-da, o‘ylab ko‘ring. Hayotdagidek ko‘rsatish... Mavzu, voqealar rivoji bo‘yicha ishonarlilikni talab qilish mumkindir, biroq birovni tepib, og‘zidan qonini oqizishdan faqat ruhiy xasta odam - sadist rohatlanishi ilmda isbotlangan-ku!

Oliy o‘quv yurtida tahsil damlarim bir kursdosh do‘stim «yur og‘ayni, yangi indiyskiy kino kelibdi, bir yig‘lab kelamiz», derdi. U ko‘p hollarda yolg‘iz kinoga tushardi, ya’ni qizlarni taklif qilmasdi. Rostdan ham, keyin, «yig‘lab-yig‘lab» kino ko‘rib keldim, derdi. U yig‘loqi yigit emasdi. Go‘zallikdan huzurlanadigan, ayovsiz mushtlashuvni yoqtirmaydigan(lekin boks bilan shug‘ullanardi), she’r o‘qishni, yozishni yaxshi ko‘radigan, «romantik», soddadil yigit edi.Haqiqatan ham hind kinolarining ko‘pchiligi yig‘latadi. To‘g‘rirog‘i, yig‘lashga majburlaydi. Balki, do‘stim toshga aylanayotgan ko‘nglini yumshatib turish, ya’ni toshbag‘ir bo‘lib qolmaslik uchun hind kinosiga ko‘p tushar... 

Bu haqda O‘zbekistonda turib, fikrlagan boshqa ekanu, ana shu zaminda, ular orasida yashab, mushohada qilgan boshqa ekan. Xudo bir guruh hamkasblar qatorida kaminani ham shu betakror diyorda yarim yil o‘qib, yashab kelishga nasib etdi. Biror bir xalqni tanimoqchi bo‘lsang, uning hayotiy falsafasini o‘rgan, degan ekanlar donishmandlar. Sizga bu falsafani ilmiy jihatdan tushuntirish fikridan yiroqman. 

Ularning falsafasi juda oddiy. Hayot – ezgulik va yovuzlikning o‘zaro  kurashidan iborat, odamlar doim yovuzlikka qarshi kurashib yashaydilar. Odam hech qachon o‘lmaydi, uning hayoti to‘xtamaydi, u tabiatning bir bo‘lagi sifatida boshqa shaklga o‘tib yashayveradi. Ayni damdagi hayot ne’matidan shukur qilib, quvonib, yaxshilik izlab yashashi darkor... 

Endi hindlarning barcha filmlari ham yaxshi emas deguvchilarga qo‘shilgan holda bir fikr. Aslida saviyasi past kino ularda doim bo‘lgan. Har yili Hindiston bo‘yicha 200 dan oshiq film yaratilar ekan. Avvallari, sobiq ittifoq davrida shulardan bir nechasi – badiiy, tarbiyaviy jihatdan eng yaxshilarigina xarid qilinarkan. Mashhur aktyorlar ishtirok etgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga olib borilmagan filmlarning ko‘pchiligi o‘rtamiyona  darajada ekanligi ularning bir nechasini tomosha qilganimizdan keyin ma’lum bo‘ldi.

Sizu biz ko‘rgan filmlar haqiqatan ham ularning eng saralari bo‘lib chiqdi. Filmlarning eng asosiy xususiyati, nazarimda, qalb bilan bog‘liq. Filmlar syujetlari, mazmunida urush-janjal, yovuzlik o‘yinlari emas, qalb torlarini chertadigan hissiyotlar yuqori turadi. Muhabbat ulug‘lanadi, mehr-oqibat olqishlanadi. Adolat tantana qiladi. Muttaham, noinsof qiyofasidagi yovuzlik insofga chaqiriladi, insofga kelmasa yakson qilinadi. «Hayot unday emas-ku», deguvchilarning doimiy tazyiqida yurgan qalb sohiblariga malham ulashiladi.

Ularda ham davr o‘zgarishlari, yoshlar va qariyalar o‘rtasidagi doimiy qarama-qarshiliklar, gohida oshkora, gohida pinhona tarzda ko‘rinib turibdi. Yoshlar hind kinolaridagi Raj Kapur zamonasidagi qo‘shiqlarni, raqslarni «modadan qolgan» deya g‘arbona, masalan, Maykl Jekson «uslubi»dagi qo‘shiq va raqslarga ruju qo‘ya boshlabdilarki, bundan katta avlodning milliylikni yo‘qotib qo‘yishdan xavotirlari bor ekan. Shu bois katta avlod kino tanqidchilari O‘zbekistonda mashhur bo‘lib ketgan «Disko raqqosi»(«Tantsor disko») filmini (Jimi rolida Mitxun Chakraborti) tanqid ostiga olib, hatto kinoteatrlarda uning namoyishini to‘xtatishgacha borishgan ekan.

Yangi kino yulduzi Shohruhxon bosh rolni ijro etgan «Bazigar» filmidagi obrazda hayotda kamdan-kam uchraydigan, qasos olishning o‘ylab topish qiyin bo‘lgan usuli tasvirlangan bo‘lib, qo‘shiqlariyu, o‘zining tashqi ko‘rinishidan yaxshi yigitligi bilinib turgan qahramondan salbiy obraz yasalgan. Film so‘ngida u halok bo‘ladi. Yovuzlik yengiladi, biroq bu yovuz obraz hind kinosi uchun notabiiyroq bo‘lib, kishida faqat yomon taassurot qoldirmaydi. Bunda «har bir insonda yaxshilik kabi, yomonlik ham yashaydi, faqat yaxshilik yomonlik ustidan nazorat qilib turishi darkor», degan falsafiy qarash isbotlangandir. Lekin dunyoda alamzadalar qancha... Qolaversa, bu salbiy obraz hind yoshlari orasida mashhur bo‘lib ketgan aktyor tomonidan ijro etilgan. Shu bois, bunday filmlar yoshlarni yomon yo‘lga boshlashi mumkin, deya hind tanqidchilari yana bong urdilar. 

Bizga ham bozor munosabatlari qonunlari, demokratiya tamoyillari kirib kelmoqda. Bundan keyin qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi, albatta. Lekin Hindistonda bu bahslar, kurashlar  davom etmoqda. Hatto bir guruh san’atkorlar «ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz tabiat bilan hamohang, uning bag‘rida tabiiy (yalang‘och, libossiz) yashashgan, deya qahramonlari libossiz filmlar ham yaratishgan. Ammo jamoatchilik unga yo‘l qo‘ymagan. Yoki hind filmlarida uchramaydigan qiz-yigitning o‘pishish sahnasini qo‘yish bo‘yicha tortishuvlar natijasini ham vaqt ko‘rsatadi.

Hind kinolarining yana bir o‘ziga xosligi unga bastalangan musiqa va, albatta, qo‘shiqlari, ikkisidan omuxta bo‘lgan shirali, yoqimli ohangning dilga yaqinligidadir... Kuy vujudingizda ohista oqayotgan qon – jonning mayin shovuri, yurak zarbini eslatuvchi doira (ularning doirasi o‘ziga xos) dukillashi, hayotga yaqinligi, dilkashligi...

Raj Kapur yaratgan filmlar, unda kuylangan qo‘shiqlarni ayniqsa katta avlod vakillari hanuz yaxshi ko‘radilar. Dehli shahri shoh ko‘chalaridan birida avtobusda ketyapmiz... odam tirband, havo issiq, xayolda bir fikr — manzilga yetsak yaxtakkina suv ichishni mo‘ljallaganmiz. Avtobus magnitofonidan tanish  kinofilm (adashmasam Raj Kapur ishtirokidagi «Daydi» filmidan) qo‘shiq yangray boshladi. Haydovchi uning ovozini balandlatdi. «Unga yoqarkan», degan o‘y keldi xayolimga. Xato o‘ylabman. Aksariyat yo‘lovchi jo‘r bo‘lib qo‘shiqni kuylay ketishdi. Ularni kuzata boshladim. Birovning birov bilan ishi yo‘q(bizda jinni bo‘lib qolishibdi, deyishadi-da). Qo‘shiq aytish tabiiy hol. Hamma quvnoq. Aziyat chekayotgan yo‘lovchi ham  beixtiyor qo‘shiqqa berilib qayg‘usini bir fursat unutgan. Albatta, u avtobusdan tushgach, yana o‘z g‘amiga qaytadi, lekin hozir... hayot lazzatidan bahramand bo‘lyapti... Havoning issig‘i, avtobus shovqini, bekatlarda odamlarni avtobusga chorlayotgan patta teruvchining shovqini... bularning hech biri jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytayotgan odamlar diqqatini bo‘la olmaydi. Ular shu qo‘shiq bilan birga sal oldinroqqa – yoshlik damlariga «qaytib», yashashmoqda.

Ana shu jihatni hind kino tanqidchilari biz bilan bo‘lgan suhbatda alohida ta’kidlashdi. Odamlar kinoteatrga kirib hayot mashaqqatlarini bir oz unutib, film qahramonlari yashayotgan ezgulikka, muhabbatga to‘la muhitda ular bilan birga yashaydilar. Qo‘shiqlarning ko‘pligiga ham, kinolarning 2,5, hatto 3 soatlab cho‘zilishiga ham ular ana shu omilni sabab qilib ko‘rsatadilar.

Hindistonning o‘zi ham, odamlarining qalbi ham go‘zal ekan – bu har narsadan yaxshilik, go‘zallik istaydigan odamning xulosasi. Bu xulosa bir tomonlama ko‘rinsa-da, unga asos bor. Masalan, oddiy odamlari bilan samimiy suhbatlashsangiz, u ko‘zingizda samimiylik ko‘rsa, o‘zi o‘ranib yurgan bittayu bitta lattasini ham yechib beradigan darajada sodda... Mayizni ham qirq bo‘lib yeydigan xalqimizning soddaligiga, samimiyligiga juda o‘xshaydi.

Hindistondagi hayot kinolardagidek emas, odamlari qashshoq, iflos yashar ekan – bu har bir narsada kamchilik, yomonlik izlaydigan odamning xulosasi. Bir jihatdan to‘g‘ri – bu yurtda uysiz, qashshoqlar ham yetarli. Lekin... Olimlar «Siz baxtlimisiz?» deya so‘rov o‘tkazibdilar. Taxminlari bo‘yicha eng baxtli odamlar boy yashayotgan G‘arb davlatlari, eng baxtsizlari Osiyo, ayniqsa, hind xalqi bo‘lishi kerak ekan. Qanchadan-qancha mablag‘ sarflab so‘rovni ham o‘tkazishib... teskari (ularning nazdida) natija olishibdi. Hayotdan eng ko‘p noliganlar g‘arb xalqlariyu, eng baxtiyorlari Osiyo, xususan, hind xalqi bo‘lib chiqibdi. G‘arb olimlari hayratda qolishibdi.  Chunki ular shukr qilib yashamoq falsafasi mohiyatiga tushunib yetmagan ekanlar.

Bulardan tashqari, uchinchi xulosa bor – «Hindistonda ham jannatni, ham do‘zaxni ko‘rdim»(bu o‘lkada uzoq yil ishlagan vatandoshimiz Muxtor Shapsanovning fikri). Bunday insonga qanday ta’rif berish mumkin? Yaxshilikdan, go‘zallikdan, muhabbatdan zavq ola biladigan, shuningdek kamchilik va nuqsonlardan ham ko‘z yummaydigan, lekin undan fojea yasamaydigan, hayotni bir butun ko‘radigan olimning (bundaylar kam) xulosasi bu.

Kamina u yerda yarim yilcha yashab, uchinchi xulosaga yaqinroq fikrda bo‘lsam-da, birinchisiga oshuftaman.
Hind kinolarini Siz nima uchun yoqtirasiz? Chunki Sizning qalbingiz hali sof, ezgulikka chanqoqsiz! 
Siz-chi, nega xushlamaysiz? Qalbingizga quloq tuting, agar u toshga aylangan bo‘lsa... UZR...

H. Abdullayev

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.