background
logotype

Leonardo di Kaprio: Shuhrat quvgan akter

O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida AQShning Los-Anjeles shtatida Di Kapriolar oilasi juda baxtli umr kechirishar edi. Ayniqsa ular farzandli bo‘lishlari mumkinligi haqida xabar topishgach, o‘zlarini qo‘yishga joy topisha olishmasdi.
Kunlardan bir kun Jorj di Kaprio Irmalin xonimni san’at asarlari ko‘rgazmasiga olib bordi. Borishgach esa ikkalasining ham ko‘zlari hayratdan porlab ketdi. Zalda Yevropa va Amerika buyuk san’atkorlarining o‘lmas asarlari jamuljam edi. Irmalin xonim zalni aylanar ekan, buyuk italyan rassomi Leonardo da Vinchining «Mona Liza» asari qarshisida bir muddat qolib ketdi. U «Jakonda»ga oshufta bo‘lgan edi. Jorj uning oldiga kelganida, Irmalin eriga jilmayib tikildi:
—Jorj, qarab tur, biz albatta o‘g‘il ko‘ramiz. Va uning ismini Leonardo deb qo‘yamiz. U buyuk rassom bo‘ladi: Leonardo di Kaprio... 
Irmalin xonim o‘shanda bu ismni faxr bilan tilga oldi.
Jorj Irmalin xonimga hayron boqdi:
— Da Vinchi yagona. Menimcha, o‘g‘limiz boshqa sohani tanlagani ma’qul.
Irmalin erkalanib o‘jarlik qildi:
— Yo‘q. U buyuk rassom bo‘ladi.
— Yo‘q...
Keyin ikkalasi ham xandon otib kulib yubordilar. Axir, hali tug‘ilmagan bolaning kasbi haqida bahslashmoq qiziqarli edi-da.

1974 yili 11 noyabr kuni uzoq kutilgan farzand dunyoga keldi. Farishta omin degan ekan shekilli, bola o‘g‘il edi. Va’daga vafo qilib unga Leonardo deb ism qo‘yishdi. Leonardo bolaligida hayvonlarni juda yaxshi ko‘rar edi. Jermen ismli mushukchasi va Roki nomli qurbaqasi uning bolalikdagi ilk o‘rtoqlari edi. U Rokini bankada saqlardi.
Bir kuni ayanchli voqea yuz berdi. Tongda uyg‘ongan Leonardo, odatdagidek, chopib borib bankani ochsaki, baqasi Roki o‘lib qolibdi. Leonardo baqirib yig‘ladi. Onasi uni ancha vaqt ovuta olmaydi. Boshqa baqalar Roki bo‘la olmadi.
Leonardo o‘sha kunlarni eslar ekan shunday deydi:
«Esimni taniganimdan buyon jonivorlarga mehrim boshqacha. Mushuk va boshqalar men uchun aziz bo‘lgan. Keyinchalik tez-tez kaptar oviga chiqar edim. Jon taslim qilayotgan kaptarning ahvoli juda ayanchli bo‘lishini o‘shanda his qilganman. —Bilasizmi, men bolaligimda Madagaskar orolining qiyin changalzorlariga tushib qolishni orzu qilardim...»
Leonardo onasi orzusidagi kabi rassom bo‘lmadi. U 5 yoshida ilk bor qisqa kartinada suratga tushdi. 10 yoshida esa «Santa Bar-Bara» teleserialida rol ijro etdi. Leonardo 14 yoshga to‘lganida 30 dan ortiq reklama roliklari va 6 ta katta-kichik kinofilm va teleseriallarda suratga tushgan edi. Uni endi, nafaqat Los-Anjelesda, balki boshqa shtatlarda ham tanishar edi. 
Aktyorlarning hayoti turfacha kechadi. Ba’zilari umr bo‘yi shuhratni quvishsa, ba’zilarini shon-shuhratning o‘zi quvadi. Leonardo Di Kaprio ikkinchi toifa aktyorlar sirasidan edi. U 1992 yili «Jizn etogo parna» kartinasida Gollivudning taniqli yulduzlaridan biri bo‘lmish Robert de Niro bilan birgalikda suratga tushdi. 
Leonardoning kinodagi haqiqiy shuhratli yo‘li 19 yoshidan boshlanadi. U «Glojet Gilberta Greypa» filmida o‘z rolini mahorat bilan ijro etdi. Va 1994 yili «Eng yaxshi aktyor» nominatstsiyasida «Oltin globus» mukofotini oldi. Film tomoshabinlar ishonchini qozondi.

Mukofot Leonardoga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi. U endi Gollivudning diqqat markazidagi aktyor edi. Leonardoning, keyinchalik suratga tushgan «Romeo Juletta» kartinalarida ham noma’lum qirralari ochila bordi. Biroq... Leonardoga mislsiz shuhrat keltirgan film bu —«Titanik» edi. 
«Titanik» Leonardoni Leonardo Di Kaprio qildi.
Leonardo o‘z shuhrati haqida ko‘p gapirishni xushlamaydi. Biroq... buyuklarning kamtarligini ham ko‘pchilik, takabburlik sanashadi.
Leonardo son-sanoqsiz intervyularida doim bir mazmunda gapiradi.
«Men bilaman, «Titanik»ni 20-30 martalab, balki, undan ham ko‘proq tomosha qilganlar bor. Men filmni bor-yo‘g‘i 5 marotaba ko‘rganman. Va unchalik ham ehtirosga tushib so‘zlashimga arzimaydi.
— Mendan san’at sohasida o‘zingizni «Qirol» hisoblaysizmi, deb ko‘p so‘rashadi. Yo‘q. Ba’zidagina o‘zimni «eng yaxshi» sifatida his qilaman, umuman, men oddiylikni yaxshi ko‘raman va shunga intilaman.
Leonardo Di Kaprioning ham tevaragida ishqiy mojarolar tez-tez o‘ralashadi. Axir dunyodagi ko‘pgina qizlar Leonardoning kattayu kichik birday yoqimli va jozibali suratlarini olib yurishadi. Qolaversa, Gollivud yulduzlarining har bir qadam olishi diqqat markazida turadi.
Leonardo Di Kaprioni shuhrat quvishda davom etmoqda. U har qanaqa mojarolar bilan ayblansada, turli xonimlar va janoblar tegrasida yomonotliqqa chiqarilsa-da, bir narsa aniq: agar aktyor faoliyati davomida o‘ziga «haykal» qo‘ysa «Titanik»dan o‘tkazib o‘ynamog‘i dushvor.
Leonardo Di Kaprio o‘ziga «haykal» qo‘yishga ulgurgan aktyordir.

Umid YOQUBOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.