background
logotype

“Men kim ­ oddiy bir masxaraboz...” (Mirzabek Holmedov haqida)

Qiziqchilik nima?

Dunyoda kulishni yoqtirmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Umrida hazil qilmagan, do‘stlari, xullas kim bilandir hech qursa latifa aytishmagan odam bor desalar ishonmasdim. Negaki, kulgu ham tabiatning boshqa ne’matlari qatori Yaratgan tomonidan bandasiga berilgan ziynatlardan biridir. Kulguni ziynat deyishimizning boisi bor, kulgan odam beg‘ubor bo‘ladi, yasharadi, qalbi tozaradi. Ko‘p hollarda bitmay kelayotgan ishlar bir og‘iz latifa yoki shirin kulgu bilan ijobiy tomonga hal bo‘lganini eshitganmiz. 
Kulish hammaning qo‘lidan keladi, ammo kuldirishchi? Bu mashaqqat. Buni shu sohaning (aslida qiziqchilik soha ham emas) ichida yurgan, odamlarni kuldiraman deb tunu kun so‘z qidirayotgan kishilargina yaxshi biladi. Biz qiziqchini ko‘rsak, beixtiyor kula boshlaymiz, yuzimizga tabassum yuguradi. Nega? Chunki, qiziqchini ko‘rgan odam xayolida darhol uning gaplari, sahnadagi yurish-turishlari gavdalanadi. Ammo sahna boshqa, hayot boshqa. Qiziqchi ana shu sahnaga o‘z-o‘zidan chiqib olmaydi. Bungacha qanchadan-qancha dovon bor. Bu dovonlardan o‘ta olish esa har kimga ham nasib etavermaydi. San’atning bu turida ham ustozlar, pirlar bor.
Gap ustozlar haqida ketar ekan, biz bu jihatdan ancha kambag‘almiz. Chunki bizda qiziqchi ustozlar barmoq bilan sanarli. To‘g‘ri askiyachilikda dong taratgan ustozlar ko‘p, ammo qiziqchilik bilan askiyachilik o‘rtasidagi farq osmonu yer qadar. O‘zbek qiziqchilik san’atiga Muhiddin qiziq Darveshov asos solgan desak aslo yanglishmaymiz. Sodda ko‘rinishli, dunyoning eng chekkasiga ham olib borib har qanday ajnabiy kiyimlarni ustiga ilib qo‘ysa ham o‘zbekligi shundoq bilinib turuvchi bu inson (u kishining joylari jannatda bo‘lsin) o‘zining kuldirish yo‘li bilan ajralib turardi. U oddiy latifani ham xuddi o‘zi guvoh bo‘lgan kishidek gapirar, harakatlari, do‘ppini qiyshaytirib kiyib olishlarining o‘zi ham uning o‘ziga xosligidan darak berardi. Muhiddin akaning latifalari shunchaki kulish uchun emas, balki hayotdagi muammolarni qamrab olganligi bilan ham ahamiyatli va zalvorlidir. Uning bunday kulgulari qancha zahmatlar, mashaqqatlar olib kelmadi, deysiz? Demak, qiziqchilik ham, unga munosib bo‘lish ham oson emas ekan. Shu bilan birga zahmatlarga chidab, kulgu ulashishda davom etish ham baxt. 
Odamlarni kuldirishdan ko‘ra yig‘latish oson, deyishadi. Demak, kuldirish ham san’at. Kulgu bilan faqat bir odamning ko‘ngliga yorug‘lik olib kirish emas, balki uning ma’naviy qiyofasini shakllantirish ham mumkin. Shu ma’noda ustoz Muhiddin qiziqdan keyin o‘zbek qiziqchilik san’ati darajasini yanada keng targ‘ib etib, unga yangicha usullar olib kirayotganlar ham ko‘payganini ta’kidlash joiz. Ularning oldingi safida rahmatli Rustam qiziq Hamroqulov turardi. Undan keyin Hojiboy Tojiboev, Mirzabek Xolmedov, Abdulla Akbarov, Obid Asomov, marhum Sobit Asomov, To‘xtamurod Azizov, Abdurahmon Siddiqov, Anvar Ne’madaliev, Botir va O‘tkir Muhammadxo‘jaevlar, Zokir Ochildiev, Ortiq Sultonov va boshqa...lar turadi. Bularning har biri haqida alohida gap aytish mumkin. Nomlari sanab o‘tilgan qiziqchilarimiz Muhiddin qiziq haqida aytilgan fikrlarimizga qay darajada mos yoki mos emas, bunga baho berish muxlislarga havola. Lekin unutmasligimiz kerakki, qiziqchining ustozi degan gap har doim ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki birovga sen odamlarni bunday qilib kuldirasan, unday qilib kuldirasan, degan bilan kuldirishga ishtiyoqmandning badanida bo‘lmasa, hammasi zoe. Zotan, qiziqchilik kasb ham emas, hunar ham. Qiziqchilarimizning o‘zlari xo‘p topib aytishgan: “Xudo bermagan bo‘lsa eshak bozoriga dallol ham bo‘lolmaysan”. Qiziqchilik qon bilan kirmasa boshqasi bekor. Har holda bu bizning fikrimiz. 
Yana bir gap yuradi: “Kim qiziqchi? O‘z ovoziga, o‘z qiyofasiga ­ o‘z yo‘liga ega bo‘lgan san’atkor ­ qiziqchi”.
Biz esa ushbu kitobimizda katta san’atimizda ana shunday, o‘zining takrorlanmas yo‘lini, o‘rnini, ovozini topgan ajoyib so‘z ustasi, kino va teatr aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirzabek Xolmedov haqida, uning sahnadagi va sahnadan tashqaridagi hayoti xususida so‘z yuritmoqchimiz.

“Men kim ­ oddiy bir masxaraboz...”

Uning ko‘zlari faqat sahnada kulib turadi. Boshqa paytda esa jiddiy boqadi. U o‘ta istarali inson. Bir marta suhbatlashgan odam uning gaplarini yana qo‘msayveradi. Uning bo‘y basti emas, iqtidori rosa baland. Shu bois muxlislari ko‘p. Uni yaxshi ko‘radilar, ardoqlaydilar, qo‘msaydilar. Ammo u hamma o‘ylagandek qiziqchi emas ­ inson. Bizdan farqi kuldirish uchun yig‘laydi, tinimsiz izlanadi, hayotning ikir-chikirlariga o‘ralashib qolib, insoniyligini yo‘qotib borayotganlarni hajv etadi. Ota-ona, qarindosh-urug‘, jigarbandlar to‘g‘risida jo‘shib-jo‘shib dardli monologlar o‘qiydi. 

Bolalik yoxud kichik artist

Bir odam quduq qaziyotsa, uning iltimosi bilan tuproqni chelakda tortib olayotgan sherigi so‘rabdi:
Usta nima uchun quduq qazasiz?
Ota-bobom qazigan, men ham qaziyman-da!
Agar ular bu kasb bilan shug‘ullanishmaganda, siz nima qilardingiz?
Unisini bilmadim-u, lekin baribir quduq qazardim, shekilli.
Nima uchun endi?
Chunki bu taqdir, axir odamlar suv ichishi uchun kimdir shu ish bilan shug‘ullanishi kerakmi?
Bu gapni nima uchun keltirdik. Kimning qanday odam bo‘lishi taqdiri azaldan. 
Mirzabek Xolmedov ham bolaligidanoq boshqalardan ajralib turgan. Har xil latifalar aytib do‘stlarini kuldirib yurgan. Oilada ham u o‘z “artist”ligini namoyish etavergan. Xo‘sh, bu artistlik nimadan iborat edi. Avvalo shuni aytish kerakki, u katta bir oilada, o‘n farzand orasida o‘sib-ulg‘aygan. Mabodo ota-ona aynan Mirzabekka biror yumush buyursalar, bu ishni bajarish yo uning esidan chiqardi, yoki aka-ukalariga ishonib topshiriqni ado etmas edi. Bundan voqif bo‘lgan ota-ona koyimoqchi bo‘lsalar, u darhol shirin gaplar bilan yoki ajoyib bir latifa aytib ularni kulgu bilan yengardi. Mana shunaqa holat ko‘p bora takrorlangani sabab u “artist” nomiga sazovo? bo‘lgan...

So‘ng...

...So‘ng u ulg‘aydi. Ichida nedir borligini anglab yetdi. “Artist” tayyorlaydigan o‘qishga kirmoqchi bo‘ldi. Har gal yiqilaverdi. Ammo ta’kidlashni istardik, u o‘qishga kirishga no‘noq bo‘lsa-da, hayot maktabida obdon saboq olgan edi. U o‘qiganlardan ham ko‘ra o‘n chandon ortiq iste’dodga ega edi. Yaxshi niyat yerda qolmas ekan, u baribir talaba bo‘ldi. San’at institutida boshqalar to‘rt yil o‘qigan bo‘lsa, u rosa sakkiz yil o‘qidi. Bunga sabab Mirzabek talabalik chog‘idanoq to‘ylarning “gul”iga aylanib ulgurgandi. Uning xaridorlari mo‘l edi, ammo aksariyat to‘ylar dars paytiga to‘g‘ri kelardi. Shunday paytlarda Mirzabekning oldida ikkita muammo paydo bo‘lardi: yo darsni tanlash, yoki to‘yni. U bunday chog‘da hech ikkilanmasdan albatta ikkinchi yo‘lni tanlardi. Chunki dars har kun bor, pul esa...
Bu holat esa uning o‘qishdan bir-ikki bor chetlatilishiga olib keldi. Kursdoshlar uning yonini olib, domlalardan kechirishni so‘rardilar. Albatta mehribonchilikning boisi bor. Boisi shuki, yegan og‘iz uyalar deganlaridek, Mirzabek har gal to‘ydan olgan “stipendiya”si bilan kursdoshlariga rosa ziyofat berardi. Qarabsizki...

U qiziqchimi, yoki...

Darhaqiqat, u qiziqchimi yoxud boshqa kasb egasimi? Agar qiziqchi bo‘lsa, nega uning chiqishlarida mahzun holat ko‘p. U dardli monologlar ila nechun ko‘ngillarga dard olib kiradi. Bundan nimani anglash mumkin? Bunday savollarning javobi bitta: u san’atkor. San’atkor so‘zini esa keng ma’noda tushunish kerak. To‘g‘ri, bizda artistlar ko‘p, haqiqiy san’atkor esa barmoq bilan sanarli. Mirzabek Xolmedov ham shunday noyob san’atkorlar safiga kiradi. 
Odatda biz, serqirra iqtidor sohiblariga nisbatan “Ha, xudo har tomonlama bergan-da” qabilidagi gaplarni ishlatamiz. Aslida ham shunday. Biroq shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlamoq joizki, bundaylar o‘zligini anglab, so‘ng san’at oshyoniga qadam qo‘yadilar. Qachonki, inson o‘zini anglagan taqdirdagina, boshqalarni ham tushunib yetadi. Bu allomalardan qolgan hikmat. Shunday ekan, san’atkor sahnaga chiqishdan oldin jiddiy tayyorlanadi. Tomoshabin oldiga quruq so‘z bilan chiqishdan orlanadi. Har bir gapini ruhan tahlil etgachgina, sahnaga chiqadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, u hammani kulguning eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqadi-da, birdan dardli monologlar o‘qiy boshlaydi. Shunda qiziq holat yuzaga keladi: hozirgina qah-qah otib kulayotgan tomoshabin yuzida g‘amginlik zohir bo‘ladi. 
Eng muhimi, uning hamma aytadigan gaplari o‘z yuraginiki. Hatto monologu qasidalar muallifi ham uning o‘zi. Kuldira-kuldira yig‘latishiga kelsak, ushbu holat uning ichki “MYeN”idan darak beradi. 

“Ko‘zlarim yo‘lingda”

Yaqinda bir kino muxlis yaxshi gapni aytib qoldi. Bizda o‘zini aktyor deb sanab yurganlar ko‘p, lekin ularning aksariyati soxta rol o‘ynaydi, dedi u. Ba’zi aktyorlarning o‘nlab rollari bor-u, aksariyati esda qolmaydi, ayrim aktyorlar esa birgina roli bilan tomoshabinga ma’qul keladi. 
Tomoshabin haq. Mirzabek Xolmedov ana shu ikkinchi toifaga mansub aktyordir. Biz bu o‘rinda u bosh rolni ijro etgan “Ko‘zlarim yo‘lingda” filmi haqida gapirmoqchimiz. 
Mirzabek hajviy rollarni qanchalik qotirib o‘ynasa, jiddiy rollarni ham shunchalik maromiga yetkazib talqin etadi. Bunday iqtidor egalari esa kamdan-kam bo‘ladi. Biz ko‘pincha aktyor deganda har qanday rolni o‘ynayverishi mumkin bo‘lgan kishilarni tushunamiz. Lekin har bir obrazni qoyilmaqom qilib yaratadigan iste’dod egasini topish yaratilajak filmlarning muvaffaqiyatini ta’minlovchi eng muhim omil deb o‘ylayman. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, aktyorni asarga qarab emas, balki asarni aktyorga moslashtirib yozish kerak. Bu usul jahon kino tajribasida keng tarqalayotgan usullardan biridir. Masalan, “Terminator” filmi ilk bor ekranlarga chiqqach, u katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Va buni o‘zlaricha tahlil qilgan kino stsenariychilar yana qo‘shimcha kino ishlashdi va bu filmning serialar sonini yana ikkitaga ko‘paytirishdi. Chunki bu Arnold Shvartsneggerning ijrochilik qobiliyati bilan bog‘liq. Agar “Terminator”dagi bosh qahramon roliga Arnoldni emas, Jan Klod Van Dammni taklif etishganida...yo‘q, buni tasavvur qilishning o‘ziyoq bachkanalikka boradi. Jeki Chan uchun ham maxsus stsenariylar yoziladi. Janob Ben bo‘lib tanilgan aktyor uchun esa maxsus kinostsenariychilardan tortib, eng oddiy muxlislargacha har xil obrazlar siymosini yozib berisharkan va mana bu yerini unday, bu yog‘ini bunday o‘ynasangiz, yaxshi bo‘ladi, deyisharkan. Ben esa bu takliflarga hech qachon nopisandlik bilan qaramaydi va shuning uchun ham u dunyoni kuldira oladi. Demak, u haqiqiy qassob. 
Taniqli dramaturg Erkin Xushvaqtov bir suhbatimizda shunday degandi: “Men biror sahna asari yozishdan avval Dilbar Ikromovani ko‘z oldimga keltiraman va uning xatti-harakatlari, fe’l-atvoriga monand qilib asarni yoza boshlayman”. Darhaqiqat, biz Erkin Xushvaqtovning aksariyat asarlarida Didbar Ikromovaning bosh rol ijrochisi ekanligini ko‘ramiz va o‘z o‘rnida bundan ko‘nglimiz to‘ladi. 
Bu gaplar bilan aytmoqchimizki, Mirzabek Xolmedovga faqat komik aktyor sifatida qarash noo‘rin, unga munosib stsenariylar darkor. U odamlarni kuldirib yurish bilan birga, dardni ham ifoda eta oladigan kuchli aktyordir. Bu gaplarga isbot sifatida “Ko‘zlarim yo‘lingda” filmidagi rolni eslashning o‘zi kifoya.

Sahna va hayot

Mirzabek Xolmedov sahnaga chiqsa tamoman boshqacha odamga aylanadi. U aytadigan har bir og‘iz jumlasini shunday ifodalaydiki, ko‘z o‘ngingizda guyo voqealar jonlanadi. E’tibor bering, uning latifalari ortida albatta biror bir muammo yotadi. Va ijrochi bu muammoni shunchalik ustamonlik bilan yetkazadiki, qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Uning bir dasturida shunday joy bor. Mirzabek mayda-chuyda muammolardan ko‘z ochib, gapni keyingi paytlarda eommunal xizmat haqi oshib borayotganligi, hamma narsaga o‘lchagich asboblar o‘rnatilayotganligiga taqaydi-aa, shunday deydi: “Yaxshiyam hojatxonaga o‘lchagich o‘rnatishmagan, yo‘qsa...” Uch nuqtadan keyingi gap aytilsa, aytilmasa biz kulamiz. Dastlab bu gap bachkanaday tuyuladi, ammo keyin o‘ylab qarasangiz, bu so‘zning toshi nihoyatda og‘ir...
Sahna muqaddas joy. Unga chiqish oson emas va har kimga ham nasib etavermaydi. Chiqdingmi, chiqa oldingmi endi unga munosib bo‘lish darkor. Ana shu haqiqatni unutmagan Mirzabek Xolmedov mana necha yillardan buyon muxlislar ko‘nglini xushnud etib kelmoqda. Men har gal bir narsaga amin bo‘lamanki, Mirzabek qachon kontsert qo‘ysa, zal albatta tomoshabin bilan to‘ladi. Chunki u kontsert davomida hech kimni zeriktirmaydi. Latifa aytib bo‘lgach, qo‘shiq ijro etadi, keyin raqsga tushadi. Bularning barchasi zamirida tomoshabinga tabassum ulashish yotadi. 
Mirzabek sahnaga chiqish uchun hayotdan ko‘p narsani oladi. U o‘ta jiddiy inson. Kundalik hayotdagi shu jiddiylik unga sahnad? topib gapirish uchun asqotadi. Mashoyixlar shunday degan ekan:“Agar sen bu hayotning ustidan kulishni o‘rganmasang, hayot umring oxirigacha sening ustingdan kulib o‘tadi”. Rostdan ham shunga o‘rganish va ko‘nikish kerak, shekilli. Har qanday qiziqchi o‘z dasturlarida mana shu haqiqatni ko‘rsata olsa, uni haqiqiy qobiliyat egasi deyishimiz mumkin. Buning uchun esa hayotda nihoyatda sinchkov bo‘lish talab etiladi. Mirzabekda shu narsa bor. Demak, hayot hamma narsaga ustoz deganlari shu o‘rinda yana bir bor esga tushadi. Abu Abdulloh Rudakiy aytganlaridek:

Har kimsa hayotdan olmasa ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim

Mirzabek va uning teatri

Biz ijodkorlarni, shoir va yozuvchilarni yaxshi ko‘ramiz. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsak, salom berib ko‘rishishga, iloji bo‘lsa dastxat olishga harakat qilamiz. Nega shunday? Chunki, ular sizu bizning dilimizdagini topib, o‘rniga qo‘yib aytadigan kishilardir. Bundoq olib qarasak, bu gaplar hammamizning dilimizda bo‘ladi, biroq hamma gap uni qay darajada ifodalay olishga borib taqalashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ijodkorlik qobiliyatiga mos ish ekanligini anglab yetamiz. Demak, ijodkor bo‘lish, san’atkor sifatida e’tirof etilish ham Alloh tomonidan berilgan ulug‘ tuhfadir. Bunga shukur etmoq lozim. Shu ma’noda “Mirzo” teatri ham tomoshabinning diliga mos tushadigan tomoshalarni ko‘rsatish uchun tashkil etilgan yaxshi jamoadir. Mana bir necha yildan buyon bu teatr baholiqudrat o‘zining dasturlarini namoyish etib kelmoqda. 
Ochig‘ini aytish kerak, “Mirzo” teatrining har galgi dasturga puxta tayyorgarlik ko‘rgani tomosha paytida bilinadi. Voqealarda “yarq” etib turadigan xarakter bor. Agar biz “Mirzo” teatrining asoschisi Mirzabek Xolmedovni daryoga o‘xshatsak, uning suvini Valijon Shamsiev va Shukrullo Isroilovlar tashkil etadi. Mirzabekni daryoga qiyoslaganimizning boisi shuki, u nihoyatda jo‘shqin, o‘zini o‘ziga sig‘dira olmaydigan san’atkordir. Shu bois uning “suvlari” ham ana shu daryoga monand ravishda ijod qilishga intilmoqdalar. 
Boshda aytilganidek, bizda iqtidorli aktyorlar ko‘p, ammo ularni joy-joyiga quyadigan va qobiliyatlarini to‘liq aks ettiradigan asar kam. “Mirzo” teatrida esa bunday muammo yo‘q. Valijonning ham, Shukrullo-yu Ma’murjonning ham, hattoki Oybekjonning (Mirzabek Xolmedovnina o‘g‘li) ham o‘z o‘rni va roli bor. Biz bugun “Mirzo” teatri deganda ana shunday o‘ziga xos ijodiy jamoani tushunamiz. 
Valijonning “otaxon” obrazini qoyillatgani, Shukrulloning dev yoki doim ovqat deb tamshanib yuradigan obrazlarni talqin etishi biz uchun qadrli bo‘lib qolgan. Bularning barchasi “Mirzo” teatrining dunyoga kelishi bilan bog‘liq. Agar shu teatr bo‘lmaganda, ehtimol Valini ham, devni ham va hattoki Mirzabekning o‘zini ham bunchalik kashf etmagan bo‘larmidik...

Qo‘shiqchilik nima?

O‘zbek qo‘shiqchilik san’atining o‘ziga xos buyuk tarixi bor. Xalqimiz orasidan shunday ulug‘ san’atkorlar yetishib chiqishganki, ularning har biri haqida alohida asar yozsa bo‘ladi. 
Qo‘shiqchilarimizni, mumtoz ashulalarimizni, nolasi olamni buzadigan navolarni aytmaysizmi? Eh-he, bularning bari saltanat. San’atning bu qasrida hoqonlik darajasiga erishgan ne-ne hofizlarimiz o‘tib ketmadilar?! Shukurki, bugungi kunda ham ularning munosib davomchilari, izdoshlari bor. Biz bu o‘rinda ularni sanamoqchi emasmiz. Gap shundaki, bugun yetishib chiqayotgan yosh xonandalar ulug‘ ustozlar yo‘lini munosib davom ettirayaptilarmi?
Tan olib aytish kerakki, yoshlarimizning hammasini ham yomonotliqqa chiqarib bo‘lmaydi. Ular orasida salohiyati bilan ajralib turadigan, yaxshi qo‘shiqlar yaratayotganlar ko‘p. Buni hech kim inkor etolmaydi. Biroq, shundaylar ham borki, ularning ba’zan nima deyayotganlariga tushunmaysan, kishi. Mirzabek Xolmedov ana shunday saviyasi past, bachkana qo‘shiq va qo‘shiqchilar haqida ko‘p tanqidiy fikrlarni aytadi. Va bu holat uning kuyunchakligidan darak beradi. Mirzabek Xolmedov barcha fidoyi san’atkorlar, asl qo‘shiqning qadriga yetuvchilar qatori toza ashulalar, ma’naviy boy xonishlar dunyoga kelishining tarafdori. Shuning uchun ham u yutuqlardan quvonib, kamchiliklardan noliydi. 
Endi uning o‘ziga kelsak, Mirzabekda shirin ovoz bor. U she’r o‘qiganda ko‘nglillar yayraydi, monologlar o‘qisa shuurimiz bahra oladi, qo‘shiq aytsa dil zavqlanadi. Lekin keyingi paytlarda uning ijodida yengil-elpi qo‘shiqlar ham ko‘rinib qoldi. Bu esa uning qiziqchiligiga borib taqalsa ehtimoldan xoli emas. Ammo ovozni hurmat qilib yaxshi qo‘shiqlar aytsa bo‘ladi-ku!

Boshlovchi

U ko‘p narsaning boshlovchisi. To‘yni boshlab, mehmonlarni xushnud etadi. Kontsertni boshlab tomoshabinlarni xursand qiladi. Ichida ilmog‘i bor latifani boshlab o‘ziga tashvish orttiradi. Demak, kimlarningdir nazdida oson tuyuluvchi boshlovchilik qilish ham qiyin ekan. 
Kamina ham to‘ylarda boshlovchilik, o‘rtakashlik qilib yurardim. “Sizning monologlaringizni to‘ylarda aytaman, sizga havas qilaman” deya Mirzabek akadan duo ham olganman. Bir kuni kelin-kuyovning to‘yida bazmning o‘rtalariga borib, onalar haqidagi monologni o‘qidim. Va tugatib bo‘lgach, nihoyatda xijolat bo‘ldim. Chunki kuyovning onasi meni chetga tortib, shunday dedi: “Uka rahmat, to‘yni yaxshi olib borarkansiz, biroq, men tirikman-ku, nega o‘lganlar haqida she’r o‘qiysiz?..” Men ayolga hech narsa demadim, deyolmadim va bunga hojat ham yo‘q edi. Shu-shu bir haqiqatni yana bir bor tan oldim. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘yin deganlari bejiz emas ekan.

Ko‘ngil ovlovchi

San’at keng tushuncha. Ana shu kenglikni his qila olgan odam haqiqiy san’atkordir. San’atkorlar orasida serqirra qobiliyati bilan ajralib turuvchilar kam. Men o‘zining boy ijodiy salohiyati bilan millionlab dillarni xushnud aylagan ana shunday san’atkorlar haqida o‘ylasam, ko‘z o‘ngimda Yunus Rajabiy, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Tamaraxonim, Hamza Umarov, Muhiddin Darveshov, Sherali Jo‘raev, Yodgor Sa’diev gavdalanadi. Mirzabek Xolmedov ham ana shu san’atkorlar qatorida. Bugun uning muxlislari har bir viloyatda istagancha topiladi. Unga taqlid qiluvchilarning adog‘i yo‘q. Bu bejiz emas, albatta. San’atkor xalqini qanchalik yaxshi ko‘rsa, odamlar ham uni ardoqlaydilar. 
Mirzabek Xolmedov Buxoroga borsa, buxorocha gapiradi, ?amarqandga borsa tojikcha qo‘shiq aytadi. Xorazmga borsa bu yerning qiyin va shirin shevasida boplab latifa aytadi. Boshqa kuni esa Qoraqalpog‘istonga borib kontsertiga tushsangiz, ie, qoraqalpoqlarda ham Mirzaga o‘xshagan qiziqchi chiqibdimi, deysiz. Xullas u qaerga borsa, o‘sha joyning tiliga monand chiqish qilishga harakat qiladi. Odamlarning dardini his qila va ayta oladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yurtimizning istalgan joyiga borib u haqda gap ochsangiz, mahalliy xalq Mirzabek bizning viloyatdan deyishadi. Aslida esa u Toshkent — poytaxtning farzandi. Poytaxtimiz Toshkent — O‘zbekistonniki, uning farzandlari ham. 
Mirzabek Xolmedov shuningdek, qo‘shni respublikalarga borsa ham, ularning ichagini uzadigan darajada kuldira oladi. Zotan u qozoqcha, qirg‘izcha, turkmancha, tojikcha, ruscha, hattoki hindlarga o‘xshab qotirib rol ijro etadi va qo‘shiqlarni aytadi. Ularning kiyimini kiysa, o‘sha millat vakillaridan ajratish amrimahol. Ayniqsa uning Nikulinga o‘xshashi bu fikrimizga yaqqol misol. Ha, u hammaning ko‘nglini ovlashga harakat qiladi. Axir bundan ham qutlug‘ istak bormi dunyoda?! 

Yaxshilikka undovchi

Ota-onasi tarbiyalay olmay bolas? noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketgan oilalarni ko‘rsam achinaman. Negaki, bolani to‘g‘ri yo‘lga boshlash, unga munosib tarbiya berish har kimning ham qo‘lidan keladigan ish emas ekan. 
Shunday san’atkorlar borki, ularning ijodidan zavqlanib, sarmast bo‘lib, bundan o‘ziga to‘g‘ri yo‘l topib olgan odamlar hayotda nihoyatda ko‘p uchraydi. Bu holat esa san’atkorga ulkan mas’uliyat bag‘ishlaydi. Yaqinda bir kishi shunday deb qoldi: “Men Palonchi Pismadonchievaning (kimligini istihola yuzasidan keltirmadik) qo‘shiqlarini sevib tinglardim, hurmat qilardim. Ammo yaqinda uning radio orqali berilgan suhbatini eshitdim-u, hayf senga san’atkorlik dedim”. 
Muxlisning bu gapida jon bor. Bizda san’atkorning ijodi bilan birga shaxsi ham muhim ahamiyatga molik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular haqida tarqalgan har qanday gap tezda ovoza bo‘ladi. 
Endi hikoyamiz qahramoni Mirzabekka qaytadigan bo‘lsak, u qaerda gapirmasin, odobni, tomoshabin hurmatini joyiga qo‘yadi. Chiqishlarida odamlarni bir-biriga mehribon bo‘lishlarini istab shirin istaklar bildiradi. Yonib-ko‘yib monolog aytishlarida ham ota-onaga mehr, aka-ukalar o‘rtasida oqibat uzilmasin, degan niyat bor. Bu niyat hammamizni yorug‘likka yetaklovchi, ezgulikka undovchi kuchdir. Shu kuch yo‘qolmasin hech qachon!

Hidoyat sari

Xalqimizda qazisan, qartasan, asli-naslingga tortasan, degan naql bor. Bu bejiz aytilgan hikmat emas ekan. Inson azaldan o‘zligini anglashga odatlangan. Mirzabek Xolmedovning dasturlarini astoydil kuzatsangiz, uning har bir so‘zi zamirida kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash turadi. Bu g‘oya xoh uning latifasida, xoh monologlarida yoki qo‘shiqlarida bo‘lsin, baribir ustunlik qilaveradi. Yaqinda bir san’atsevar ayol shunday deb qoldi: “Men qiziqchilarimizning bachkanalashib borayotganiga qarab turib, ularning o‘zlari aytayotgan gapidan uyalmasmikan, deb o‘ylayman, nega ular sof qahqaha ulashishdan yiroqlashmoqdalar, nega ularning aksariyati uyatli so‘zlarni aytishadi” deb qoldi va misol uchun deya Mirzabek Xolmedovning ism-sharifini aytdi. Men esa bu gapni izohlash uchun Mirzabek akadan emas, boshqa qiziqchi Ortiq Sultonovdan iltimos qildim. “Bekor aytibdi, o‘sha ayol,-dedi Ortiq aka,-bundaylar sizning oldingizda shunday deyishadi-yu, aslida Mirzabek akami, yoki boshqa qiziqchiningmi shunday so‘zlarini eshitish uchun kontsertga kiradi. Va eng muhimi, shunday chiqishlarimizni ular bizdan ko‘ra yaxshi eslab qolishadi”. 
Kamina Ortiq Sultonovning bu fikriga qo‘shilish qo‘shilmaslikni ham bilmadim-u, lekin hozir ko‘cha-kuyda, jamoat transportlarida yoshlarning bir-birlariga murojaat qilib gapirishlarini eshitsangiz, po‘st tashlab yuborasiz. Negaki ular shunaqa “chiroyli” so‘zlarni ishlatishadiki, eng ko‘p ishlatadigani: “j....b”. Ana shu gapni aytishmasa, ularning ko‘ngli tinchimaydi. Endi shunday gaplarni eshitishga ko‘nikkan quloq qiziqchilarimizning yengil-elpi gapini eshitishi ham kerak-da. Qolaversa, odamzotning kamchiligi uning yuziga aytilib, uyaltirilmasa, u hech qachon bu qusurlarini yo‘qotmaydi. Shu bois ham qiziqchilarning chiqishlaridagi so‘zlarni bachkanalikka yo‘ymaslik kerak. Chunki qiziqchilarning chiqishlari hayotdan olinadi. 
Keyingi paytlarda e’tibor bersangiz, Mirzabekning dasturlarida kishilarni ezgulikka undash yanada ko‘chaydi. Men bu o‘rinda uning Fozil qori Yosin qori o‘g‘li bilan hamkorlikda chiqargan audio kassetasini nazarda tutayapman. Aslida odamlarni pokizalikka da’vat etish uchun kishining ma’naviy haqqi bo‘lish kerak. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, Mirzabek Xolmedovning mashhur qori bilan hidoyat yo‘lida chiqargan kassetalari maqbul yo‘ldir. Bu kassetadagi hikoyatlarni, rivoyatlarni, diyonat borasidagi hikmatlarni Fozil qori lafzida eshitganlarning oxirat haqida o‘ylashlari begumon va o‘zlarining qusurlarini yo‘qotib borishlari aniq. Shu ulug‘ so‘zlarga hamohang holda Mirzabek ijrosida yangragan qo‘shiqlar esa sizu bizning dilimizdagi istaklardir. 
Mirzabekning ana shu holatlarini kuzata turib biz, bekorga insonning asliga qaytishi haqidagi naqlni eslamagandik. 

“El netib topg‘ay menikim...”

Mir Alisher Navoiyning shunday so‘zlari bor: “El netib topg‘ay menikim, men o‘zimni topmasam”. Darhaqiqat, o‘zligini anglamagan inson boshqalarni, o‘zganing ko‘nglini qaerdan ham tushunsin? Mirzabek Xolmedov ham avval o‘zini, keyin muxlislarini topgan. U nihoyatda jiddiy inson. U bilan boshqa joyda ro‘baro‘ bo‘lgan kishi, nahotki shu odam hammani kuldira olsa, degan fikrga keladi. Qizig‘i shundaki, Mirzabek Xolmedovni qiziqchi desalar xafa bo‘ladi. “Men kino va teatr aktyoriman”, deydi. Yana qolaversa, “Jiddiy fikrlaydigan odamgina qiziqchilik qila oladi” deb qo‘shimcha qiladi qahramonimiz. 
Mirzabek Xolmedovning ichki dunyosi uning qo‘shiqlarida ham mujassam:

Men kim, oddiy bir masxaraboz,
Kuldiraman juda ham soz.
Kulmang, do‘stlarim siz bir nafas,
Men ham odam, masxaraboz emas...

Ha, u hamma qatori oddiy odam, ayni paytda hammadan nimasi bilandir ajralib turuvchi “nooddiy” odam. Uning san’atkorligi, muxlislariga manzur bo‘la olishi aynan ana shu “nooddiy”ligida...

Maqsud JONIXONOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.