background
logotype

Qo‘shig‘ingizning ma’nosini bilasizmi?

So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy estrada san’atini rivojlantirish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan bu sohaga katta e’tibor qaratilib, yoshlarimiz o‘rtasida estrada san’atiga qiziqish kuchayib bormoqda, yangi-yangi ijodiy guruhlar va umidli xonandalar paydo bo‘lmoqda.

Shu bilan birga san’atga endigina qadam qo‘yayotgan yoshlar orasida hamon qo‘shiqning mohiyatini tushunmaydigan, she’riyatdan bexabar xonandalar uchrab turibdi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillari guruhi a’zosi sifatida lizentsiya olish uchun murojaat etgan xonandalarning navbatdagi arizalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etdim. Muhokama jarayonida Kengashga qo‘shiqlarini taqdim etgan yosh xonanda Shahriyor Mamajonov repertuarida:

Chaq-chaqa qiz tamannolanib,
Chiqdi chamanga orolanib... —

deb boshlanuvchi qo‘shiq borligini, eng qizig‘i, g‘alati iboralar ishlatilgan she’r muallifi Sirojiddin Sayyid deb yozib qo‘yilganini ko‘rib hayron bo‘ldim. Nahotki S.Sayyid shunday she’r yozgan bo‘lsa, “Chaq-chaqa qiz” degani qanaqa qiz ekan, deb o‘ylab qoldim.

Yig‘ilishdan so‘ng masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sirojiddin Sayyidga qo‘ng‘iroq qilib surishtirsak, bu satrlarning shoir ijodiga hech qanday daxli yo‘q ekan. Xonanda buni bilib turib qilganmi yo bastakordan tayyor qo‘shiq ­olganmi — bizga qorong‘u. Lekin har ikki holatda ham bu o‘ta mas’uliyatsizlikdan ­boshqa narsa emas.

San’at institutda tahsil olgan Temur Ishoqov ismli yosh ijrochining muhabbat mavzuidagi qo‘shig‘ida:

Tila visolingni savollarim,
Silasa sochlaringni xayollarim..

kabi ma’nisiz, tumtaroq jumlalar uchraydi. Bu yerda ma’no qofiyaning qurboniga aylangan va misralar tushunarsiz bo‘lib qolgan. Albatta, kengashda bu kabi salbiy holatlarga jiddiy e’tibor beriladi, ­zarur bo‘lsa, xonandalar bilan alohida ­suhbat o‘tkaziladi, kamchiliklari aytiladi. Lekin xonandalarning o‘zlarida ham savod, did, saviya bo‘lishi kerak-ku, axir.

Yaxshigina qo‘shiqlari bilan elimizga tanilgan, estrada xonandasi Shahzodaxonning qo‘shiqlaridagi ayrim “nolishlar” milliy odob-axloqimizga mos kelmaydi. Uning ­“Kechalari yoqimli, yoqimli” degan qo‘shig‘i ­anchadan buyon yangramay qolganiga xursand bo‘lgandik. Ammo repertuarida bu xildagi qo‘shiqlar hali anchagina ekani dilni xijil qiladi. Shahzodaning “Erkala” deb nomlanuvchi qo‘shig‘ida takrorlanuvchi:

“Erkala sochlarimni, mayin erkala,
Men parvoz etayin, erkala kechalar tinmay...”

kabi so‘zlari yangraganda, televizor qarshisida ota-onalari bilan o‘tirgan odobli, andishali opa-singillarimiz noqulay ahvolga tushishlari tabiiy.

Shuni unutmaslik kerakki, har bir viloyatning shu yerda yashovchi xalq qon-qoniga singib ketgan o‘z qo‘shiqlari, laparlari, alyorlariyu yor-yorlari bor. Ammo vodiydan yoki Surxondaryodan chiqqan xonandaning xorazm­cha uslubda yoki aksincha, Xorazmdan yoki Buxorodan chiqqan xonandaning vodiy uslubida kuylashi, qaysidir darajada muvaffaqiyatli chiqqandek tuyulsa-da, sheva, ohang va ijro mahorati yuzasidan “birovning telpagini birovga kiydirgandek” begonaligi sezilib turadi. Bu esa xonandaning nufuzini pasaytiradi.

Ayrim xonandalarimiz esa qo‘shiq kuylayotganda raqsga tushib, milliy urf-odatlarimizga xos bo‘lmagan, ovrupocha bachkana qiliqlarqilib, muxlislar ko‘nglini qoldirayotganlarini sezmayaptilar.

Aksariyat yosh qizlarimiz kuylayotgan qo‘shiqlarning nomi har xil bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi ”Men go‘zallarning go‘zaliman, mendaqasini hech qaerdan topolmaysan, husnda tengsiz malikaman, oq ot minib ­kelar bir kun shahzodam, so‘ngra birga bo‘lib rohat qilib yashaymiz, men seni hech kimga bermayman, faqat meniki bo‘lasan”, qabilidagi o‘ziga bino qo‘yish mazmunidagi so‘zlar tizmasidan iborat bo‘lib qolgan. Aslida kuylanayotgan qo‘shiqlarda xalqimizga xos odob, hayo, kamtarlik, oqko‘ngillik, mehr-oqibat, ezgulik va go‘zallik tuyg‘ulari nozik, pardali, ohorli poetik tashbehlar orqali ifodalanishi kerak. Shunda quruq so‘zlarga hojat qolmaydi. Oshiq yigit qo‘g‘irchoq emaski, uni yosh boladek talashib, “hech kimga bermayman” deb o‘zingizniki qilib olsangiz.

Bu borada yigitlarimiz ham ulardan ­orqada qolishayotgani yo‘q. Yaqinda bir yosh xonanda televizorda:

— Menga baribir endi
Bilsang- bilmasang,
Sevsang-sevmasang, —

deya kuyladi. Uning qo‘shig‘ini tinglab, bechora oshiq bevafo yorning jabrlaridan qiynalib ketib, endi undan mag‘rurlik bilan voz kechyapti ekan-da, deb o‘ylabtursam, qo‘shiqning keyingi misralaridagi ma’no bunga zid ekanini ko‘rib hayron qoldim:

— Qo‘llarimdan tut mani,
Gunohimdan o‘t mani!

Ha mayli, haligi gaplarni achchiq ustida aytib, keyin xatosini anglab yetibdi-da, deb tursangiz, yana dastlabki jumlani takrorlab hafsalani pir qildi.

Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladi: xo‘p, yaxshi-yomon she’rning farqiga bormaydigan, ehtimol, she’riyatning asl mohiyatidan bexabar ba’zi xonandalar yuqoridagi kabi tumtaroq jumlalardan iborat bitiklarni (ularni she’r ham deb bo‘lmaydi) kuylab yurishgan ekan, ana shu sayoz, g‘aliz matnlarning mualliflari kim o‘zi? Ular asli qaysi soha vakillari, adabiyotga, she’riyatga qanday aloqalari bor, umuman, she’r yozishga ma’naviy haqlari bormi, degan savollar odamga tinchlik bermaydi. Nahotki, bunday she’r havaskorlari o‘zlarining tumtaroq so‘zlardan iborat ijod namunalari xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatiga zarar keltirayotganini sezmayotgan bo‘lsalar!

Ochig‘i, biz ularning nomlarini birma-bir sanamoqchi edik, lekin radio-televidenie orqali berilayotgan aksariyat qo‘shiqlarning muallifi aytilmaydi, hatto xonandalarning disklarida ham she’r mualliflarining nomini uchratmadik. Nazarimda, hamma joyda she’r muallifining nomi aniq bitilgan bo‘lishi kerak. Chunki qo‘shiq saviyasi uchun u ham xonanda bilan birdek mas’uliyatli.

Aksariyat yosh ijrochilar shoirdan she’r olib, bastakorga musiqa yozdirish o‘rniga, she’rni ham, musiqani ham o‘zlari yozib, qo‘shiqni ham o‘zlari ijro etadilar. Agar bir odam shu uch ijodni birlashtirish iste’dodiga ega bo‘lsa, Yozuvchilar, Bastakorlar uyushmasining a’zosi va albatta biror san’at dargohini tugatgan bo‘lishi kerak. Gapning lo‘ndasi, bunday yukni ko‘tarish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Xonandalarimizga hukumatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Binobarin, bugun ular oldida turgan vazifa badiiy mukammal estrada qo‘shiqlarining ko‘payishiga, yoshlarning estetik didini, ma’naviyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishdan iborat.

Zero, san’at deb ataluvchi muqaddas dargohga mazmunan teran, yuksak badiiy saviyadagi umrboqiy qo‘shiqlar bilan kirib kelgan san’atkorgina ko‘zlagan maqsadiga yetadi va elda hurmat topadi.

Zikrilla Ne’mat,

shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 15-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.