background
logotype

Rejissor (Bahodir Yo‘ldoshev siyratiga bir nazar)

 I

1974 yili yigirma sakkiz yoshli yigit O'zbekistonning eng nufuzli teatri - Hamza nomidagi O'zbek davlat akademik drama teatriga bosh rejissyor etib tayinlaganida ko‘pchilik bu holga xiylagina istehzo bilan qaragan edi.

Chunki Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, Lutfulla Narzullaev, Toshxo‘ja Xo‘jaev kabi mashhur san'at arboblari ishlagan, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jaev, Sora Eshonto‘raeva, Nabi Rahimov, Zaynab Sadrieva singari ulug‘ san'atkorlar faoliyat ko‘rsatib turgan teatrga yosh bir yigitning bosh rejissyor bo‘lib yetakchilik qilishi favqulodda bir hodisa edi. Ammo har qancha istehzo va hayrat uyg‘otmasin, bu hol ro‘y bergan, reallikka aylangan edi. Taqdirning hikmatini qarangki, bu yigitning nomi bejiz Bahodir deb qo‘yilmagan ekan...

San'aktorlik uning nasabida bor edi. Otasi Tursunboy Yo‘ldoshev o‘sha kezlari teatrda sozanda bo‘lib ishlagan, onasi Shirinxon Melieva esa aktrisa bo‘lgan. Bahodir Yo‘ldoshevning ijodiy kamolotida bu muhit hal qiluvchi omil bo‘lgani aniq.

Bahodir dunyoga kelgandan beri teatr bilan hamnafas. Tug‘ilibdiki, teatrda ko‘krak emib, teatrda tetepoya bo‘lib, teatrda ulg‘aydi. Ayniqsa, uch yoshga to‘lar-to‘lmas onasi Shirin Melieva Kattaqo‘rg‘on teatriga direktor etib tayinlangach, yotar-turar joyi teatr bo‘lib qoldi. Sekin-asta yosh bolalar obrazi bo‘lgan spektakllarda rol ijro eta boshladi.

O'sha kezlari Zinnat Fatxullinning "G'unchalar" pesasi ancha dovruq qozongan edi. Shu asarda personajlardan biri go‘dagini qutiga tashlab ketadi. Kattaqo‘rg‘on teatridagi spektalda ana shu "tashlandiq bola" rolini Bahodir Yo‘ldoshev ijro etdi.

Uning ilk "rejissyor"ligi ham bolaligidan boshlangan. Bahodir akaning o‘zi besh-olti yoshlarida jajji tomoshalar qo‘yganini eslaydi. Ammo uning rejissura va aktyorlik bilan chinakamiga shug‘ullanishi yettinchi sinflarda o‘qib yurgan kezlariga to‘g‘ri keladi. Kattaqo‘rg‘on shahar "Madaniyat uyi" qoshida ochilgan teatr studiyasida ilk bor Mixail Lermontovning "Maskarad" she'riy dramasini sahnalashtirdi. O'sha kezlari Bahodirning "Maskarad"dan keyin fikr-xayolini band etgan va so‘ngra butun umri davomida tark etmagan asar Shekspirning "Hamlet" tragediyasi bo‘ldi. Oradan chamasi qirq yilcha vaqt o‘tgach, Bahodir Yo‘ldoshev "Hamlet"ga sadoqatini bunday ifodalagan edi: "Hamlet - mening do‘stim. Men har tong uning yodi bilan uyg‘onaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga shu dunyoni sevaman" ("Dunyo nahot shunchalar go‘zal!.." Naim Karimov bilan suhbat. "Tafakkur" jurnali, 1995, 1-son).

Alalxusus, Hamlet va shu kabi murakkab obrazlar dunyosida o‘zligini izlayotgan yigitcha maktabni tugatib, Toshkentga keladi. Teatr va rassomlik institutida O'zbekiston xalq artisti Toshxo‘ja Xo‘jaevdan saboq oladi. O'qish bilan birga Hamza nomidagi akademik teatrda (hozirgi Milliy akademik teatr) rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlay boshlaydi. Ustozlarining "Oltin devor" (T.Xo‘jaev), "Buxoro" (A.Ginzburg) spektakllarida assistentlik qiladi. 1970 yildan boshlab rejissyor sifatida faoliyat yuritadi. O'sha kezlari akademik teatrning bosh rejissyori bo‘lgan A.Ginzburg "Sening zavqu g‘ayratga to‘liq yoshliging mening tajribalarim bilan qo‘shilsa, teatr uchun foydali nimadir chiqar" degan fikrda unga mustaqil ishlash uchun imkoniyat yaratadi. Bunday bag‘rikenglikdan ruhlangan yosh rejissyor ketma-ket spektakllar sahnalashtirib, asta-sekin tilga tusha boshlaydi. 1974 yili ne-ne ulug‘lar ishlagan va ishlab turgan otaxon teatrga bosh rejissyor etib tayinlanishining sababi ham undagi bilim va salohiyat edi. Bu katta ishonch edi. Ammo halol mehnat va yuksak iste'dod tufayli qozonilgan ishonch edi. Uning dastlabki samarasi Fridrix Shillerning "Qaroqchilar" pesasi asosidagi spektaklda namoyon bo‘ldi. Chunki bu ayni o‘tgan asrning 60-yillar adog‘i - 70-yillar boshlarida teatrga kirib kelgan nihoyatda umidli va g‘oyat iste'dodli bir avlodning dasturiy spektakli edi.

Nohaqlik dunyosiga qarshi isyon ko‘targan bosh qahramon Karl Moor ozod bir mamlakat barpo etishni orzu qiladi. Biroq nomarg‘ub yo‘llar bilan, talon-taroj, qaroqchilik usullari bilan yuksak niyatga erishib bo‘lmaydi. Gunohlarini yuvmoqqa chog‘langan qahramon oxir-oqibat fojiaga yuz tutadi.

Sho‘rolar saltanati butun dunyoga tahdid solib, erk va ozodlik g‘oyalarini bo‘g‘ib turgan o‘sha zamonda isyon ruhini, erksevarlik g‘oyalarini targ‘ib etish katta jasorat edi. Inchunun, kechagina bosh rejissyor bo‘lgan Bahodir Yo‘ldoshev yoki respublikaning bosh teatriga qabul qilingan uning maslakdoshlari - yosh aktyorlarning bunday jasorati "kechirilmasligi" ham mumkin edi. Ana shunday ijtimoiy vaziyatda "Qaroqchilar"ning sahnalashtirilishi katta hodisa bo‘ldi.

"Qaroqchilar"dan so‘ng Bahodir Yo‘ldoshev o‘n yil davomida Hamza teatri va xorij teatr sahnalarida o‘ttizga yaqin spektakllar qo‘ydi. Bu asarlar o‘z vaqtida turlicha talqin va baholarga sabab bo‘ldi. E'tirof etildi, inkor qilindi. Olqish va tazyiqlarga uchradi. Biroq, nima bo‘lganda ham, o‘zbek teatr san'atining, bosh akademik milliy teatrimizning mavqei va nufuzini saqladi. Boshqa teatrlar uchun ibrat va ijodiy mayoq vazifasini o‘tadi. Bularning ichida B.Vasilev asari asosidagi "Ro‘yxatlarda yo‘q" va Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" pesasi asosidagi spektakllarni alohida ta'kidlamoq lozim.

Beg‘ubor kulgu, quyma milliy obraz va topilmalar, biri biridan jonli va puxta sahnalar, bir nafas ham tomoshabinni befarq qoldirmaydigan harakat hamda aktyorlar ijrosining uzluksiz dinamikasi "Kelinlar qo‘zg‘oloni" spektaklining asosiy fazilatlari edi. Barcha aktyorlarning yuksak ijro mahorati hamda eng avvalo, buyuk aktrisa Zaynab Sadrievaning sahnadagi benazir yetakchilik salohiyati spektakl muvaffaqiyatining bosh omili bo‘ldi...

Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida san'at mafkuraviy qurol sifatida doimiy nazoratda va iskanjada edi. Senzura - yo hayot, yo mamot masalasini hal etguvchi nozir, bir guruh qo‘g‘irchoq "mutaxassislar" esa sog‘lom fikrni bo‘g‘ishga fatvo to‘qib berguvchi hakam bo‘lgani yodimizda. Bahodir Yo‘ldoshev o‘n bir yil akademik teatrga bosh rejissyorlik qilib, haqiqat yo‘lida ne-ne qaltis vaziyatlarga tushmadi, kimlar bilan olishib-talashmadi deysiz... Goh kelishib, yon berishga majbur bo‘ldi, masala o‘ta keskin bo‘lganida esa mulohazaga bormay kurashdi. 1983 yili Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" romani asosida shu nomda spektakl qo‘yganida, temuriyzoda Zahiriddin Bobur siymosini sahnaga olib chiqqani uchun Markazqo‘mdagi "Mafkuraxonim"ning qanchalar jazavaga tushib, spektaklni taqiqlagani va bu asar Bahodir Yo‘ldoshevning otaxon teatr sahnasidagi so‘nggi spektakllaridan bo‘lib qolgani ko‘pchilikka ayon. Markazqo‘m "sopini ham o‘zidan chiqarish"ga odatlangan edi. Binobarin, Bahodir aka bir suhbatda ta'kidlaganidek, "Oltmish kishilik teatr truppasida doim o‘n besh kishi faol ishlaydi. Baloga qoladigan ham shular". Qolganlari esa kuzatuvchi. Vaqt o‘tgan sari kuzatuvchilik alamga aylana boradi. Alamzadalarga ozgina turtki berilsa bas - g‘iybat bilan boshlangan norozilik dahanaki jang, fitna va ommaviy xatbozliklar bilan avj darajasiga ko‘tariladi. "Yuqori"ga ham bo‘ysunmas, sarkash bosh rejissyordan qutulish uchun shuning o‘zi kifoya. San'at taqdiri bilan bog‘liq masala shu qadar jo‘n va aqlsizlik bilan hal etilar edi. Shunday vaziyat taqozosi o‘laroq truppadagi ma'naviy muhit keskin buzildi. G'iybatu fitna-fasod respublika matbuotiga chiqib, teatr yuzidan parda ko‘tarildi. Bahodir Yo‘ldoshevning teatrni tark etishdan boshqa chorasi qolmadi. U firqa majlisiga tupurganicha, temurona zalvor va mahobat bilan teatrdan chiqib ketdi...

1983 yili Hamza teatridan Bahodir Yo‘ldoshev, uning ortidan rassom Georgiy Brim va yana 25 nafar taniqli aktyorning ketishi bu akademik teatr truppasining ikkiga bo‘linishigina emas edi. Ayni choqda o‘zbek teatr san'atining puturdan ketishi, tanazzul tomon ilk qadami edi. Chunki Hamza teatri O'zbekiston teatrlari uchun ma'naviy yetakchi, ijodiy barometr edi. Ijodiy mezonlar belgilangan-da, mazkur teatr spektakllarining saviyasi va ijro usullari nazarda tutilar, ularga taassub qilinar, hamisha yuksak maqomda ko‘rilar edi. Birdaniga shularning barchasiga darz ketdi.

O'zbek teatr san'ati shunday qismatga ongli ravishda duchor etildi...

Bahodir Yo‘ldoshev ana shu qismat uchun ham butun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladi. O'z-o‘zini aybdor his qiladi: "Bosh rejissyor yo aktyorlarini yengib yashashi kerak, yo yemish bo‘lib qolishi kerak. Vaqt o‘tib, bilyapman - Hamza teatri qismati uchun men aybdor. Oxirigacha bosh rejissyor bo‘lib qololmadim. Kesmadim. Bosh rejissyorning oddiy rejissyordan farqi - shafqatsizroq bo‘lishi kerak ekan".

Bahodir bosh rejissyorlik rutbasi va mas'uliyatini teranroq anglab, shu mavqeda yangidan ish boshlaganida, yana ne-ne fitna va xiyonatlarga duch kelishini xayoliga ham keltirmagan edi. Ammo endi bu bo‘lak bir tarix...

 II

Bahodir Yo‘ldoshev 1984 yili "Yosh gvardiya" teatriga bosh rejissyor etib tayinlanganida, qariyb yigirma yillik tarixga ega, o‘z yo‘li va yo‘nalishini belgilab olgan, durustgina rejissyorlarni ko‘rgan va ayni choqda iste'dodli aktyorlar guruhi yig‘ilgan jamoaga yetakchi bo‘layotganini yaxshi bilar edi. Bilar edi-yu, ammo bu uning teatri emasligini ham qalbining tub-tubida his qilar edi. Biroq ne bo‘lmasin, har qanday teatrning bor-yo‘qligini ko‘rsatadigan omil, quvg‘inga uchragan rejissyorning haqligini isbotlash vositasi spektakl ekani ayon. Shuni yaxshi anglagani uchun ham u parda orti "o‘yinlari"ga qo‘l siltab, birin-ketin Abduqahhor Ibrohimovning "Chakana savdo", A.Gelmanning "Zenulya", "Sarkofag" pesalarini, Hamzaning "Maysaraning ishi" asarini zavqu shavq bilan sahnalashtirdi. Uning yangi teatrga o‘tib, o‘zini to‘laqonli namoyon etgan ilk spektakli "Maysaraning ishi" bo‘ldi desak, xato bo‘lmas. Chunki bu spektaklning ijodiy taqdiri ham tom ma'noda "bahodirona" kechgan edi.

Rejissyor xalq teatri an'analarini ovrupocha professional teatr talablari bilan uyg‘unlashtirib, tomosha san'atining yangidan jonlanishi, o‘zbek teatr estetikasining yana bir yangi yo‘nalish kashf etib, boyishi va rivojlanishi uchun zamin hozirlagan edi. Aslida "Kelinlar qo‘zg‘oloni" spektaklida ilk bor bo‘y ko‘rsatgan bu tajriba "Maysaraning ishi"da to‘liq namoyon bo‘ldi. Har qanday yangilikning hayotda o‘z o‘rnini topib, yashab ketishi oson kechmaganidek, "Maysaraning ishi" spektakli ham yana rasmiy doiralarning tazyiqiga, ta'qib-ta'nalariga duchor bo‘ldi. Spektakl maydon tomoshalari kabi xalq ichida, tomoshabinni faol ishtirokchiga aylantirgan holda boshlanadi. Xalqona kuy-qo‘shiqlar asnosida, milliy udumlarimizga ko‘ra, har xil balo-qazo, yomon ko‘zlardan asrasin deya isiriq tutatiladi. So‘ng Maysaraning quvnoq sarguzashtlariga o‘tiladi. Tomosha shodon qahqaha va tinimsiz olqishlar bilan davom etadi. Mukammal rejissura, aktyorlar mahorati, tomoshabin faolligi - bari spektaklning favqulodda muvaffaqiyatini ta'min etadi. Bahodir Yo‘ldoshevni akademik teatrdan quvg‘in qilib sindirolmagan mavqedor amaldorlar jo‘yali asos topa olmagach, isiriqni bahona qilib, rejissyorni diniy sarqitlarni targ‘ib qilyapti, degan vaj-korsonlar bilan ayblashga urinadi. Biroq shukrki, jamiyatda batamom yangi qarashlar va o‘zgarishlar shabadasi esa boshlagan edi.

O'sha kezlari Olmaota shahrida O'rta Osiyo va Qozog‘iston teatrlarining nufuzli "Navro‘z" festivali o‘tkaziladigan bo‘lib, mustaqil ekspertlar guruhi festivalga O'zbekistondan aynan "Maysaraning ishi" spektaklini tanlaydi. Festival tashkilotchilari spektaklning uslubi va yo‘nalishini to‘g‘ri anglab, dekoratsiyani Muxtor Avezov nomidagi Qozoq Akademik teatr binosi oldidagi maydonga qurishni taklif etadi. Natija kutilganidan ham a'loroq chiqadi. Spektakl chinakam maydon tomoshasi, zamonaviy rejissura san'atining yangi izlanishlari namoyishi sifatida tomoshabinlarning ham, hakamlar hay'atining ham yakdil e'tirofiga sazovor bo‘ladi, festivalning bosh sovrini bilan taqdirlanadi. Ana shu muvaffaqiyatdan keyingina spektakl atrofidagi "ikir-chikir" gaplar barham topadi. Bahodir Yo‘ldoshev zamonaviy o‘zbek teatr rejissurasining darg‘asi sifatida tan olinadi. Hamza nomidagi akademik teatrning Bahodir Yo‘ldoshevga maslakdosh yigirma besh nafar aktyori yoshlar teatriga o‘tib, bu teatr endi buyuk aktyor Abror Hidoyatov nomi bilan yuritila boshlaydi. Har jihatdan quvvat olgan ijodiy jamoa XX asr o‘zbek teatri tarixiga kirgan bir qator spektakllarni yaratadi. "Kelinlar qo‘zg‘oloni" (yangidan tiklangan variant), "Qora kamar", "Farmonbibi arazladi", "Ziyofat", "Ma'mura kampir", "Alvido, hayot", "Qitmir", "Buxoroi sharif" kabilar fikrimizning yorqin isbotidir. Bu spektakllar teatrni ham, Bahodir Yo‘ldoshevni ham shon-shuhratga ko‘mdi. Turli mukofot va yorliqlarga sazovor qildi. Shukur Xolmirzaevning "Qora kamar" pesasi asosidagi spektakl uchun Bahodir Yo‘ldoshev boshchiligidagi bir guruh san'atkor respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Darhaqiqat, bu spektakl shunday yuksak e'tiborga arzigulik jiddiy ijtimoiy-madaniy hodisa bo‘lgan edi.

Sobiq sho‘rolar davrida bosmachilik harakati haqida besanoq kitoblar yozilgani va ularning bari bu harakatning "yovuz mohiyati"ni ochib, batamom qoralashga uringani barchaga ayon. Biroq bu harakat oddiygina qaroqchilik yo zo‘ravonlik bo‘lsa, nega shu qadar keng miqyos kasb etdi, degan savol ijtimoiy hayotimizda ilk marotaba bor murakkabligi va zalvori bilan "Qora kamar" spektaklida ko‘tarildi desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ana shunday asarlar sabab bo‘lib, tariximizga yangicha, haqqoniy yondashmog‘imiz lozimligini his eta boshladik. Xalq tarixi ortida inson - shaxs tarixi yotganini, demakki, o‘tmish ajdodlarimizning har bir vakili qismatiga, taqdiriga alohida e'tibor qilmog‘imiz zarurligini angladik. Shuning uchun ham "Qora kamar" spektakli nafaqat madaniy jabhada, ijtimoiy hayotimizda ham jiddiy voqea bo‘lib qoldi.

O'tgan asrning 90-yillari jamiyatimizdagi buyuk o‘zgarishlar, O'zbekistonning mustaqilligi e'lon qilinib, tamomila yangi siyosiy tuzum barpo etish uchun kurashlar davri bo‘ldi. Insoniyatning madaniyat tarixidan ma'lumki, buyuk o‘zgarishlar zamonida adabiyot va san'atning ham yuksak namunalari yaratiladi. Hech shubhasiz, Bahodir Yo‘ldoshevning rassom Georgiy Brim bilan birga 90-yillarda yaratgan spektakllari va maydon tomoshalarini shu siraga kiritish mumkin. "Paranji sirlari", "Iskandar", "Faridun", "Malika", "Bir eshak hangomasi", "Nodirabegim" spektakllari, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur yubiley sanalari munosabati bilan hamda "Sharq taronalari" Xalqaro musiqa festivali doirasida qadimiy Samarqandning ulug‘vor Registon maydonida qo‘yilgan "Buyuk ipak yo‘li", "Shashmaqom" ommaviy maydon tomoshalari fikrimiz tasdig‘idir.

"Xamsa" asari hazrat Alisher Navoiy dahosining o‘lmas obidasi, ulug‘ mutafakkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlarining yuksak badiiy ifodasidir. "Hayrat ul-abror"da dastlab adabiy eskizlar sifatida uchraydigan voqea-hodisalar, o‘y-mushohadalar "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Sab'ai sayyor" dostonlarida batafsil badiiy tahlil va bag‘oyat teran talqinlar bilan hikoya qilina borib, "Saddi Iskandariy"da badiiy-falsafiy umumlashmalar tarzida mujassamlashadi va yaxlitlik kasb etadi. Shu bois ham "Xamsa" besh dostondan iborat yagona va yaxlit asardir. Zohiran ko‘pchilikka noayon bu haqiqat "Iskandar" spektaklida o‘zining ajib ramziy va hayotiy ifodasini topadi. Taxtning tobutga aylanishi, hukmdorlik rutbasining mohiyatan jallod va nihoyasi abadiyat sari bo‘m-bo‘sh qo‘llar bilan rixlat qilish ekani favqulodda ta'sirchan lavhalar hamda mizansahnalarda, sokin va sohir ohanglar jo‘rligida, peshtoqiga Qur'on oyatlari bitilgan masjidlar tasviri fonida namoyish etiladi. Hazrat Navoiy bugungi tomoshabin ko‘z o‘ngida ham inson, ham umumbashariy bir siymo sifatida namoyon bo‘ladi. Qadim mumtoz maqomlar bilan Iogann Sebastyan Bax bastalagan organ musiqa ohanglari uzviyligida tomoshabinni ilohiy tuyg‘ular og‘ushiga chorlaydigan sirli ma'naviy muhit barpo etiladi. Bir yarim soat davomida ana shu muhit muqim saqlanadi. Biror kimsa tomosha zalini beta'sir, hissiz, fikrsiz tark etolmaydi.

O'zbek tomoshabini dastlab Abror Hidoyatov, so‘ngra Olim Xo‘jaev va Razzoq Hamroevlar talqinida Alisher Navoiy siymosini yetib bo‘lmas kjsaklikda tanigan, anglagan edi. Bahodir Yo‘ldoshev aktyor Afzal Rafiqovni har bir inson yuragida kechadigan tuyg‘ular, iztiroblar hamda o‘y-mushohadalarga begona bo‘lmagan, qalban yaqin Alisher Navoiy obrazida jonlantirib, an'anaviy tasavvurlarni o‘zgartirdi. Hazratni zamona oqillariga oshno etib, zamondoshimizga aylantirdi. Bu milliy san'atimizning tom ma'nodagi katta muvaffaqiyati edi.

1994 yil boshlarida Frantsiya elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekistonga frantsuz teatr aktyori Fransua Shato tashrif buyurdi. Maqsad - o‘zbek teatri bilan hamkorlik qilish. Bu hamkorlik "Iskandar" spektakli misolida o‘zining go‘zal va betakror samarasini berdi. Fransua Shato farang tilida Alisher Navoiy va Arastu siymosini, o‘zbek aktyorlari esa ona tillarida Iskandar va boshqa rollarni ijro etdi. Bahodir Yo‘ldoshev farang aktyori bilan hijjalab, ustoz-shogirddek ishlagani yo‘q. Uni Alisher Navoiy davri, asarlari bilan tanishtirdi. Navoiyshunos olimlar bilan uchrashtirdi. Qisqasi, uni Navoiy dunyosiga olib kirdi. Insonyyat badiiy tafakkurining eng baland cho‘qqisi Shekspir deb yurgan aktyor Navoiy dahosini anglab, asarlarini o‘zlashtira borgani sari qarashlari o‘zgardi. Ana shunday tushunchalar bilan rol ijrosiga kirishdi. Pirovardida tomoshabinni hay-ratlarga esh qilgan yana bir kashfiyot ro‘y berdi. Til to‘siqlarini tamomila unutgan, Navoiy siymosidagi aktyorning purviqor qiyofasi, ehtirosli ijrosi va sahna madaniyati barchani mahliyo etdi. Bahodir Yo‘ldoshev Fransuaning salohiyatli, professional aktyor ekanini, spektaklda aktyorlar ansambliga yetakchilik qila oladigan iqtidori borligini dastlabki tanishuv va suhbatlaridayoq anglagan edi. Natija kutilgandan a'loroq bo‘ldi. Bu hodisa Bahodir Yo‘ldoshev rejissurasining ulkan imkoniyatlarini yana bir karra namoyon etdi.

Bahodir Yo‘ldoshev Abror Hidoyatov nomidagi teatrda sahnalashtirgan har bir spektakl teatr san'ati rivojiga, yangi izlanish va tajribalarga yo‘l ochdi. Olimjon Salimov, Nabi Abdurahmonov kabi rejissyorlarning e'tirof va shuhrat topgan bir qator spektakllari yaratilishiga ijodiy turtki berdi. Shu bilan birga, mamlakatimiz va chet el teatr jamoalarining hamkorligiga zamin yaratdi.

Bahodir Yo‘ldoshev Amerika Qo‘shma Shtatlari, Laos, Frantsiya, Tojikistonda spektakllar qo‘ydi. Yurtimizdagi turli yo‘nalishdagi teatrlarda, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Akademik katta opera va balet teatrida "Alisher Navoiy" operasini, rus drama teatri va Abdulhamid Majidiy nomli Kattaqo‘rg‘on teatrida "Kelinlar qo‘zg‘aloni" spektaklini, Olim Xo‘jaev nomidagi Sirdaryo davlat teatrida "Dardimni kimga aytay?", "Ma'mura kampir" spektakllarini sahnalashtirdi. Ayniqsa, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatrida namoyish etilgan "Nodirabegim" spektakli hamkorlikning sara namunalaridan bo‘lib qoldi.

Tariximizning "eng kir va qora" davri - XIX asr o‘rtalarida uch xonlik orasidagi o‘zaro ziddiyatlar, mayda gina-kudurat va yer talashishlar oqibatida jaholat g‘olib kelib, ezgulik g‘orat etilayotgan kezlari shoirai davron, Qo‘qon malikasi Nodirabegimning mamlakat birligi va davlat mustahkamligi uchun kurashlari aks etgan spektakl musiqali teatr hayotida muhim hodisa bo‘ldi. O'zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova talqinida Nodirabegim - mamlakat malikasi, demakki, yurt onasi sifatida xalq dardi bilan yashayotgan, goh hukmdor o‘g‘lining xatolaridan iztirob chekayotgan, el-ulus osoyishi va ravnaqi haqida o‘ylayotgan oqila bir ayol. Farzandini xatolaru xatarlardan asrash niyatida ixtiyorsiz siyosatga aralashgan Nodirabegim, dunyo ishlaridan bezib charchaganida, suyukli yori Amir Umarxon ruhidan quvvat oladi, nafosat majlislari, nazm mushoiralaridan taskin topadi. Spektaklda ana shu holatlar mumtoz musiqa va xoreografik kompozitsiyalar bilan yo‘g‘rilgan ramziy-xayoliy, go‘zal mizansahnalarda o‘z ifodasini topgan. Tomoshabin davlat yuki bilan onalik tuyg‘ulari o‘rtasida, siyosat bilan nafosat orasida muvozanat topolmayotgan jafokash ayolning yozg‘irish va azoblaridan mutaassir bo‘ladi. Spektakl so‘ngidagi qatl sahnasida rejissyor topgan ramziy fojeiy lavhadan larzaga tushadi. O'ziga xos katarsis - tozarish hissini tuyadi. Bu ham Bahodir Yo‘ldoshev rejissurasining musiqiy teatr yo‘nalishidagi katta muvaffaqiyati edi. Ta'kidlash joizki, Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirgan millatimiznng atoqli tarixiy shaxslari - Bobur, Zebunniso, so‘ngroq Alisher Navoiy haqidagi spektakllarda va nihoyat "Nodirabegim"da yaqqol namoyon bo‘lgan shartli-majoziy ko‘tarinki uslub rejissyorning keyingi ijodiy faoliyatida ustuvor xususiyat bo‘lib qoldi.

O'tgan asrning 80-90-yillari Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik san'atining yuksalish yillari bo‘ldi. Rasmiy, norasmiy e'tiroflar, unvonu nishonlar, chet el safarlari - xullas, bir inson orzu qilsa arzigulik qismat. Ammo bu yutuqlar qanchadan-qancha ichki va tashqi kurashlar, ziddiyatlar, bahsu munozaralar bilan kechgani faqat uning o‘zigayu yaqinlariga ayon. Teatrda "manman"lik muayyan rolda maromiga yetkazib o‘ynalsa yomon emas, biroq "men zo‘r - sen pachoq, men buyuk - sen o‘rtamiyona" qabilidagi kalondimog‘lik, mavqetalablik avj olsa, ana bu - fojia. "San'atdagi o‘zingni emas, o‘zingdagi san'atni sev" degan edi ulug‘ Stanislavskiy. Men uchun falon spektakl qo‘yilishi, men falon qahramonlar rolini o‘ynashim kerak, chunki shuni deb akademik teatrni tashlab, bu yerga kelganman, deya "jasorati"ni pisanda qilgan aktyor bor-yo‘g‘i xudbindir. O'z hayotiy aqidalari, o‘z "men"i bo‘lmagan aktyor oddiygina taqlidchi-muqallid, xolos. Darhaqiqat, subutsizlik, beqarorlik insonni ham, har qanday jamoani ham puturdan ketkazadi. Shu ma'noda bosh rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev nihoyatda qat'iyatli va "beshafqat" rahbar. U o‘z truppasidan kimgadir mehribonroq, kimgadir e'tiborsizroq bo‘lishi, xizmat taqozosi bilan kimgadir muruvvatlirvq, kimgadir achchiqroq gapirishi mumkin. Ammo teatrdagi intizomga rioya qilmasa, repetitsiya yoki spektakllarga kechikib kelsa, tamom, bu aktyor o‘sha kundan e'tiboran Bahodir Yo‘ldoshev uchun begona, u teatrdan ketishi shart. 2001 yilga kelib esa bosh rejissyor jamoaning salkam yarmi bilan "xayrlashish"ga majbur bo‘la boshladi. Teatrning o‘zgarmas qat'iy nizomlari maishiy manfaatlar iskanjasida yemirilayotgan edi. Bahodir Yo‘ldoshev kurashdan ko‘ra yon berishni, chekinishni afzal bildi. Bosh rejissyorlik kursisini topshirdi. Zero, san'atkorlik aqidasi va qolaversa, sog‘ligi shuni taqozo etmoqda edi. Bu bilan u qay bir ma'noda yana teatrdan ketdi. Bu ketish ixtiyoriy - majburiy tarzda ro‘y berdi.

 III

Istiqlol yillari O'zbekistonda eng rivoj topgan san'at turlaridan biri maydon tomosha san'ati bo‘ldi. Tinchlik va bunyodkorlik bosh shiori bo‘lgan mamlakatda, sho‘ro zamonidagidek, harbiy qudratni anglatuvchi askarlar va o‘lim vahshatini soluvchi dahshatli qurollar paradi emas, hayot, go‘zallik, yaratuvchilik ramzi bo‘lgan san'at tantanasini namoyish etuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar an'anaga aylandi.

San'atning bu turi Bahodir Yo‘ldoshevdek rejissyorlar badiiy tafakkuri mahsuli o‘laroq yangilandi, milliylashdi. O'tgan o‘n besh yil ichida u Mirzo Ulug‘bekning 600, Amir Temurning 660, Buxoro shahrining 2500 yillik yubileylari, "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari tantanalarini sahnalashtirdi. Bularning har biri o‘zicha alohida tadqiqot mavzui. Chunki ularni oddiy kontsert yo shunchaki bir xoreografik kompozitsiya deb bo‘lmaydi. Bil'aks musiqa, raqs, qo‘shiq san'ati janrlari uzviylikda faol qo‘llangan, bir g‘oyaviy maqsad atrofiga jamlanib, ochiq osmon ostida ijro etilgan teran falsafiy mazmundagi teatrlashtirilgan mahobatli tomosha san'ati namunasidir. Mazkur fikrdan kelib chiqib, ulardan ayrimlarini, jumladan, 1994 yili buyuk munajjim, mutafakkir va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi sharafiga uyushtirilgan tomoshani yodga olaylik. To‘g‘ri, "Maysaraning ishi" spektaklini maydon tomoshasi shaklida ham qo‘yib, muvaffaqiyat qozongan rejissyor uchun bu yangilik emas edi. Biroq tadbirning nafaqat madaniy jabhada, endigina tetapoya bo‘layotgan mustaqil davlatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etganini, YuNYeSKO homiyligida istiqlol yillari o‘tayotgan dastlabki xalqaro tadbirlardan bo‘lganini ham nazarda tutsak, tomoshani sahnalashtirish mas'uliyati naqadar jiddiy bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas. Qolaversa, ulug‘ ajdodlarimiz orasida Mirzo Ulug‘bek nomi va asarlari jahon ilm-fan ahliga boshqalardan ko‘ra ko‘proq ma'lum va mashhur edi. Binobarin, barchaga ma'qul monumental maydon tomoshasini sahnalashtirish oson ish emas edi. Bahodir Yo‘ldoshev rassom Brim bilan bamaslahat ishga kirishdi. Ular tomosha g‘oyasi va badiiy eskizlari ustida ancha izlandi. Tomosha uchun sahna - purviqor Registon maydoni belgilandi. Bu tabiiy sahna har qanday tomosha muvaffaqiyatining dastlab-ki omilidir. Undan oqilona foydalanish, bu sahnani bor haybati va betakrorligi bilan ko‘rsata olish ham oson emas edi. Rejissyor va rassom buning uddasidan chikdi. Maydon uzra o‘rta asrlar Movarounnahr davlatining bor salobatini anglatuvchi manzara jonlantirildi. Har tarafda uzun zalvorli cho‘yan fonuslar. Fonuslarda chor atrofga shu'la va taft berib, gulxan yonadi. Sahnaga as'asayu dabdaba bilan saroy malikalari kirib keladi. Markazda go‘yo murg‘ak Ulug‘bek yotgan beshik paydo bo‘ladi va sokin-sohir "alla" taraladi. Alla karnayu nog‘ora, katta izdihom va yig‘inlarga chorlaguvchi haybatli litavrlar shovqinlariga ulanib ketadi. Sokin kuydan keyingi gulduros ohanglar tomoshabin vujudini to‘liq qamrab oladi. Uni beixtiyor voqealar ishtirokchisiga aylantirib qo‘yadi. Maydonga yangi tug‘ilgan nabirani muborakbod etgani bobo - Sohibqiron Amir Temur oq ot minib kirib keladi. U hali dubulg‘asini ham yechmagan, katta bir muhorabadan zafar quchib kelmoqda. Sohibqiron nabirani qo‘lga olib, bir muddat termuladi-da, beklarning begi, ulug‘i bo‘lsin deya, chaqaloqqa Ulug‘bek ismini berib, manglayidan o‘pib chiqib ketadi. Sho‘x tarona yanada avjlanadi. Shu taxlit sahna ko‘ri-«nishlari almashinib, ommaviy xoreografik harakatlar asnosida Ulug‘bekning ilm olami, shohlik shukuhi, xorijlik elchilar bilan muloqot-munosabatlari va nihoyat farzandi Abdulatif bilan bog‘liq iztiroblari, fojiasi ko‘rsatiladi. Bu sah-nalar Maqsud Shayxzodaning "Mirzo Ulug‘bek" tragediyasidan benazir san'atkor Shukur Burhonov ijrosidagi monologlar, Xurshid Davron qalamiga mansub Ubay Burhonov va Afzal Rafiqov o‘qigan matnlar jo‘rligida tomoshabin qalbida hayajon va zavq, tafakkurida hayrat va ibrat uyg‘otadi. Yaqindagina mustaqilligini qo‘lga kiritgan mamlakatda ma'naviy mezonlar belgilanayotgan bir davrda shunday ibrat zarur edi. Bu fikrning yana bir isboti o‘laroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ulug‘ bobomiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yillik tantanalari nishonlandi. Bu bayramning ham asosiy tomoshasini Bahodir Yo‘ldoshev sahnalashtirdi.

Amir Temur nomi beqiyos as'asayu dabdaba, yetib bo‘lmas mahobat, dahshatli jangu muhorabalar, osmono‘par lojuvard gumbazlari ila ajib sir va salobat kasb etgan yuksak me'moriy obidalar bilan uyg‘un holda xayolga keladi. Rejissyor Amir Temur qiyofasini biror aktyor ijrosida jonlantirishdan ko‘ra, u hakdagi o‘sha xayoliy tasavvurlarni go‘zal badiiy-xoreografik tomosha vositasida mustahkamlashga harakat qildi. Sohibqiron siymosini imkon qadar kam ko‘rsatib, uning qudratini anglatuvchi hodisalarni plastik ifoda yo‘sinida aks ettirishga intildi.

Binobarin, millat qahramonini mil-lat timsoliga aylangan aktyor ijro etishi kerak edi. Kelbatiga qarab bir aktyorni tanlay desa, u to‘yma-to‘y yurib, noravo qiliqlar qilib tursa, ovozining o‘ktamligiga qarab saylay desa, bu ovoz qurg‘ur har kuni sahardan tunga qadar goh radio, goh televizor ekranidan har turli eshittirish va ko‘rsatuvlarda jaranglayverib, me'daga tekkan bo‘lsa, xo‘sh, nima qilish kerak? Albatta, bunday holda yagona chora - aniq qiyofani jonlantirishdan imkon qadar qochish edi. U shunday yo‘l tutdi. Sohibqiron qiyofasini umumiy ko‘rinishlarda xiyol jonlantirib, tomoshabinda xayoliy tasavvurlarning to‘liq saqlanib qolishiga erishdi...

1997 yildan boshlab mamlakatimizda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish yaxshi an'anaga aylanib qoldi. Hozirga qadar festival besh marotaba o‘tkazildi. Ikki yilda bir bo‘ladigan bu musiqa bayramining ochilish marosimida ulug‘vor Registon maydonida teatrlashtirilgan katta ommaviy tomosha qo‘yish ham urf bo‘lib, uni sahnalashtirish muttasil Bahodir Yo‘ldoshev zimmasiga yuklanmoqda. Bu marosimlar shunchaki bir tomosha emas. Har safargi tomosha biri-birini takrorlamaydigan, mahobatli spektakllardir. Ana shu spektakllardan ikkitasini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri 2001 yili sahnalashtirilgan "Buyuk ipak yo‘li" tomoshasi. Keyingisi esa 2003 yilgi "Shashmaqom" deya shartli nomlangan badiiy xoreografik kompozitsiyadir.

"Buyuk ipak yo‘li" qadim-qadimdan G'arbu Sharqni bir-biriga bog‘lagan, moddiy ne'matlar bilan bir qatorda ma'naviy yuksalishga ham beqiyos xizmat qilgan hayot yo‘lidir. Uning ahamiyatini butun dunyo e'tirof etadi, o‘rganadi, ilmiy-amaliy anjumanlar, adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkaziladi. Xullas, tomosha uchun bir dunyo manba va adoqsiz mavzular...

Eng muhimi, rejissyor bosh g‘oyani topdi: "Dunyo turfa rang va mazmundan iborat yagona bir maskan. Insoniyat turli tillarda so‘zlashsa-da, turli aqida va odatlarga suyansa-da, bir ota va onaning farzandi, qalbi, o‘y-intilishlari mushtarak". Ana shu g‘oyaning inkishofi o‘laroq "Buyuk ipak yo‘li" bo‘ylab ketayotgan karvonning shartli-majoziy obrazi jonlanadi. Bu karvon yo‘lida uchragan ellarning urf-odati, kiyim-bezaklari, kuy-qo‘shiqlari aks etgan alohida xoreografik lavhalar namoyish etib boriladi va u oxir-oqibat yagona kompozitsiya-butunlikda ko‘zda tutilgan bosh g‘oyani ifoda etadi. Tomoshabin goh Ovrupo mayin-musiqiy ohanglari og‘ushida, goh "Karmen" operasi uchun yozilgan ehtirosli ispan kuylari shiddatida, goh hind seto va tablalari jaranglagan nafosat olamida, qozoq, tojik, turkman, koreys va xitoy musiqasi sadolari yangragan dunyolarda to‘lqinlanib, sururlanib o‘tiradi. Ayniqsa, o‘zbek milliy kuy va raqslari, "Shashmaqom"ning sokin va sehrli navolari taralgach, go‘yoki uzoq safardan so‘ng yurtiga qaytgan karvon shodligi havolarni tutadi. Tiriklikning, yashamoqning naqadar ulug‘ ne'mat ekanini, dunyoning shunchalar inja va go‘zalligini his etgan yuraklarda alyor yangraydi, hayratlar ummonida ruh yuksaladi. Shunday tuyg‘ularni hadya etgan ijodkorlarga, san'atkorlarga ich-ichidan tasannolar aytiladi.

Oradan ikki yil o‘tib, ana shu maydonda namoyish etilgan "Shashmaqom" deb shartli nomlangan tomosha avvalgi taassurotlarni uyg‘otib, yana cheksiz hayratlarga chulg‘adi. Milliy qo‘shiq, raqs va liboslarimizning butun palitrasini namoyon etdi. "Shashmaqom" - minglab yillar bilan belgilanadigan qadim navolarimiz. Unda xalqning dardi, orzu-umidlari, tashvishlari, ilmu ma'rifati, urf-odati, kasb-hunari, quvonch-shodliklari - bari mujassam. Eng muhimi, uni tomoshabin-tinglovchi qalbi va ongiga yetkaza bilishda. Rejissyor milliyligimiz va qadim yuksak madaniyatimiz ifodasi sifatida "Shashmaqom"ning bor jozibasi, mohiyat-mazmunini imkon qadar to‘liqroq namoyon etish uchun jonli ijro usulini tanladi. Ochiq osmon ostidagi mahobatli sahnada bunday usulni qo‘llash katta jasorat va jur'at talab etadi. U aniq xayoliy tarx asosida maydonning markaziyu bor atrofini, asosiy sahna va mizan sahnalarni puxta o‘ylab, reallashtirdi. Abduhoshim Ismoilovning musiqiy iste'dodiga suyanib, "Shashmaqom" tartibi, ijro yo‘llari, ichki dinamikasi va ijrochilar imkoniyatlarini nazarda tutib, tomoshaning har jihatdan mutanosib, yaxlit kompozitsiyasini shakllantirdi. Albatta, rejissyor idroki va u tuzgan mukammal konstruktsiya ijrochilarning mahorati bilan uyg‘unlashsagina to‘liq muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Shu ma'noda, bu tomoshada ikki aka-uka bola hofizlarning tiniq navolaridan to aka-uka xalq hofizlari Isroiljon va Ismoiljon Vahobovlarning doiraga usul berib, unga hamohang kuylab maydonga kirib kelishlarigacha, Soyibjon Niyozovning qalb torlarini chertguvchi "Dutorim" qo‘shig‘idan to benazir sozanda Abduhoshim Ismoilovning g‘ijjakdagi "Cho‘li iroq" nolasiyu Matluba Dadaboevaning "Samarqand ushshog‘i"dagi betakror avjigacha - bari Bahodir Yo‘ldoshev rejissurasida bag‘oyat tabiiy uzviylik kasb etdi. "Shashmaqom" xonishlarining o‘rni bilan Xorazm maqomi va "Lazgi"siga, qoraqalpoq qizlarining nozli o‘yinlari, Boysun folklor qo‘shiq va raqslariga omuxta etilishi tomoshabin ruhiyatining dardchil, tushkun hissiyotlardan nekbin tuyg‘ularga ulanib ketishini ta'minladi. Raqqosalarning zavqu shavqqa to‘lib, mahobatli sahnani to‘ldirib xirom etishlari yorug‘lik va hayot tantanasining muqarrarligidan mujda berdi. Bahodir aka ana shunday tomoshalarga tayyorgarlik jarayonida bir fikrni aytgan edi: "Har qanday qovushimsiz ijroni joyini topib, o‘z tabiiy tartibida ko‘rsata bilsang, uni odamlar qabul qiladi, kerakli, yoqimli hodisaga aylanadi. Bu maydon tomoshalari rejissurasining eng asosiy xususiyatlaridan". Darhaqiqat, uyg‘unlikda gap ko‘p... "Shashmaqom" maydon spektaklining yakunida yana bir mizansahna namoyish etildi. Sahnaning tomoshabinga yaqin tomonlarida turli milliy hunarmandchilik dov-dastgohlari o‘rnatildi. Ular shunchaki dekoratsiya emas, balki o‘z vazifasiga ko‘ra harakatga solingan ashyo-uskunalar edi. Qa-torda bir qancha tandirlar ham qurilgan bo‘lib, tomosha boshlanishida ularga o‘t qalab, qizitib turildi. Tomosha davomida unga rosmana nonlar yopilib, nihoyasida tandirdan issiq-issiq uzib, tomoshabin-mehmonlarga patnisu likopchalarda qand-qurs, pista-bodom, pashmak-parvarda, mayizu turshak, olma-uzumlarga qo‘shib tortiq etildi. Bu manzara, bu o‘zbekona lutfdan tomosha taassurotida hapriqib turgan xaloyiq endi rostakam qiyqirib yubordi. Olqishu alyor havolarni uzoq vaqt to‘ldirib turdi. Bu Bahodir aka nazarda tutgan uyg‘unlikning mumtoz namunasi edi...

Bahodir Yo‘ldoshev ham jismonan, ham ruhan nihoyatda kuchli shaxs... "Edi" degan so‘zni sira qo‘shgim kelmayapti. Chunki hamisha yoningda, hamqadam, qadrdon, aziz inson haqida o‘tgan zamon fe'lini qo‘shib aytish juda yoqimsiz. Biroq haqiqat tuyg‘usi shunday deyishga majbur etadi...

Uning jismonan kuchliligi rost gap. Bahodir Yo‘ldoshev spektakllarining repetitsiya jarayonlarini kuzatganlar buni yaxshi biladi. Bir choynak ko‘k choy va bir pachka sigaretni stolga qo‘yib olib, 15-16 soatlab uzluksiz ishlaganini, hatto 40 daraja tana harorati bilan "Iskandar" spektaklini premeraga tayyorlaganini, gohida o‘zidan anchagina baquvvat buzg‘unchilarni bir zarb bilan qulatib tashlaganini ko‘rganlar so‘zlarimiz lof emasligini tasdiqlar. Ayni chokda uning ruhan naqadar quvvatli ekanini ne-ne fitna va malomatlarga bas kelib, kurashlarda g‘olib bo‘lgani yetarlicha isbot etar. Bahodir akaning kuch-qudrati haqida o‘tgan zamonda gapirishimiz boisi shundaki, u yoshi ellikdan o‘tganida hayotining tom ma'noda tirgaklari bo‘lgan eng aziz kishilaridan birin-ketin judo bo‘la boshladi. Dastlab Tursunboy ota, 2001 yili onasi Shirinxon Melieva olamdan ko‘z yumdi. Tursunboy ota ham, Shirin aya ham yoshlarini yashab, barcha orzu-havaslarini ko‘rib, hatto o‘g‘illarining 50-yilligini o‘zlarining 85 va 75 yillik qutlug‘ sanalari bilan birga Kattaqo‘rg‘on teatrida tantanali nishonlab, dunyoyi oxiratga yo‘l oldilar. Garchi Bahodir aka ularning vafotini nihoyatda og‘ir qabul qilgan bo‘lsa-da, tabiat qonuniga ko‘nikmay iloj yo‘q edi. Qiziq, Tursunboy ota fe'li muloyim, faylasufsifat inson edi. Shirin aya esa hukmfarmo ayol bo‘lib, so‘nggi kunlarigacha g‘ururli, o‘ktam fe'lini ham, qiyofasini ham saqlab qoldi. Bahodir aka Kattaqo‘rg‘onga tez-tez borib, ulardan xabar olib tursa-da, u yerdan ham tezda qaytib kelardi. O'g‘il soch-soqoliga qirov tushsa-da, ona uchun farzand, doimiy tergab-tekshirib, nazoratda tutiladigan o‘spirindek edi go‘yo. Olamshumul ma'naviy muammolarning sahna talqini tashvishlari bilan fikri-zikri band o‘g‘ilga goho bu nazorat malol kelar, ishdan tashqari barcha narsani nomuhim deb hisoblar edi. Shuning uchun ham Bahodir akaning Kattaqo‘rg‘on safarlari uzoq davom etmasdi. Biroq biror kun yo‘q ediki, onasiga qo‘ng‘iroq qilmasa, biror daqiqa yo‘q ediki, onasi xayolidan o‘tmasa!.. Shu bois ham u onasi vafotidan so‘ng anchayin cho‘kkandek bo‘ldi. Uni ko‘rib, bilib yurganlar nazdida ulg‘aygansifat taassurot bera boshladi. Yo‘q, bu iztirob sakson yoshida foniy dunyoni tark etgan onadan judolik qayg‘usigina emas edi. Bahodir Yo‘ldoshev faylasuf san'atkor sifatida fanoyu baqo nima ekanini teran anglagan va buni badiiy kashfiyotlar bilan o‘zgalarga ham anglata bilgan shaxs. Ammo afsuski, bundan avvalroq judolikning ayovsiz bir zarbasiga duchor bo‘lgan odam bunisiga dosh berishi o‘ta dushvor edi. 1999 yili Germaniyada buyuk musavvir Georgiy Brim vafot etdi. Dunyoyi dunda 65 yil yashab, xastalik nimaligini bilmagan, hamisha yigitlardek chapdast, g‘ayratli, mehnatkash-zahmatkash Brim yurt judoligini ko‘tara olmadi. Turkmanistonda tug‘ilib o‘sib, Toshkentda ildiz otgan nemis farzandi qariyb 40 yil o‘zbek milliy teatri uchun o‘ta halol va xolis xizmat qildi. Toshxo‘ja Xo‘jaev, Aleksandr Ginzburg va asosan Bahodir Yo‘ldoshevning deyarli barcha spektakllarida sahna bezaklarini yaratdi. Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik fenomenining yuzaga kelishida kashshoflik va kamarbastalik qildi. U milliy xususiyatlarimizni idrok etish va rangu shakllarda ifodalashda shunchalar kamol kasb etgan ediki, hamma uni o‘zbeklarning o‘zbegi deb atar edi.

90-yillar adog‘ida Brim nuroniy onasi va jondan aziz nabirasining o‘z tarixiy vataniga ko‘chib ketishlariga monelik qila olmay, ularning ortidan borishga majbur bo‘ldi. Chunki uning o‘ziga ham keksalik rutubati soya tashlayotgan, umr xazonini yolg‘izlikda o‘tkazish azobidan xavotirga tushayotgan edi. Qanchalar og‘ir bo‘lmasin - ketdi. Ketdi-yu oradan ko‘p fursat o‘tmay ildizidan ajralgan chinor misoli quladi. Uni sog‘inch, qadrdon yurt sog‘inchi, do‘st sog‘inchi qulatdi. Jismonan baquvvat, bo‘z yigitdek g‘ayratli insonning nogoh o‘limi sabablarini faqat shunday izohlash mumkin!..

Shum xabar yetgan kunlar ko‘pchilik uchun qayg‘uli bo‘ldi, uni bilgan va suygan, hurmatlagan ko‘pchilik uchun... Ammo Bahodir Yo‘ldoshev uchun bu mash'um xabar haqiqiy motam bo‘ldi. Allaqachonlar dunyoga faylasufona ko‘z bilan qarashga odatlangan san'atkor uchun bu so‘ngsiz armon bo‘ldi. Shu kunlari uni ko‘rgan yaqinlari, ta'ziya izhor qilib kelgan do‘st-yorlari insonning soqol-mo‘yi ko‘zyoshlaridan shunchalar nam tortishi mumkinligiga shohid bo‘ldi... U barcha imkoniyatini ishga solib, olis Germaniyaga otlandi. Yurtdan bir kaft tuproq olib, o‘sha mamlakatning qandaydir bayrami tufayli ko‘milishga ruxsat bo‘lmay, muzxonada muzlatib qo‘yilgan qadrdonining jasadini yerga topshirib keldi. Keldi-yu, qaytib biror jiddiyroq ijodiy ish bilan shug‘ullanishga kuch-quvvat topmadi. Oradan bir-ikki sana o‘tib onasini ham tuproqqa berdi... Bularni yurak ko‘tara olmadi. Xastalikka yo‘likdi. San'atkor yuragichalik yaralanguvchi yurak yo‘q!.. Inson ruhiyatining, kuch-quvvatining so‘nishi uchun bundanda ortiqroq dard bo‘lmas!..

Georgiy Brim Bahodir bilan "Yosh gvardiya" teatriga o‘tgach, "Hamlet" spektakli uchun dekoratsiya ishlay boshlagan edi. Nazarimda, bir vaqtlar Hamza teatriga bosh rejissyor etib tayinlanganidan keyin Bahodir Yo‘ldoshev Shekspirning "Qaroqchilar" tragediyasini qo‘yib, go‘yoki o‘z tengdoshlari, o‘z avlodning hayotiy dasturini e'lon qilganidek, yoshlar teatrining ham dasturiy spektakli bo‘lishi kerak degan mulohazadan kelib chiqqan bo‘lsa, ajab emas. Hamletning "Meni yong‘oq ichiga solib qo‘yib "Sen ozodsan!" desangiz, men o‘zimni butun dunyoning xoqoni deb sezaman" yoki "davr izdan chikdi, uni iziga solmoq mening zimmamga tushdi" degan so‘zlarini Bahodir aka bot-bot eslab turishi ham shundan dalolat... Dekoratsiya tayyor bo‘ldi, Brimning umumbashariy miqyoslardan turib chizgan suratlari aqllarni lol etdi. Endi unga mos spektakl yaratish lozim edi. Taassufki, bu spektakl yaratilmadi. Hanuz yaratilmayapti... Kim bilsin, millat timsoli bo‘la oladigan aktyor tug‘ilmayaptimi yoxud yana bir boshqa bahonai sabab...

Bahodir Yo‘ldoshev o‘spirinligidayoq Hamlet bilan "do‘st" tutinib, keyinroq bu do‘stlik armonga aylangani, armon esa taskin istashi, taskin esa "aqlli bahonalar"dan tug‘ilishini aytib o‘tgan edik. Haqrost, shunday! Bahodir akaning teatrdan tashqaridagi hayoti, faoliyati har qancha zarur, zo‘r va sharafli bo‘lmasin, katta-katta anjuman va tadbirlardagi badiiy tomoshalar - maydon tomoshalari qanchalar kuch-g‘ayrat, topqirlik, yurak qo‘ri talab etmasin va ular uncha-muncha teatr spektakllaridan muhimroq va murakkabroq bo‘lmasin, baribir ular Bahodir Yo‘ldoshevning taskinlari, "aqlli bahonalar"i. U "teatr har xil bo‘lishi kerak - maydon, kamer teatri va asosiysi, xalq uchun doim zarur teatr bo‘lishi kerak" deya behuda umr o‘tkazmayotganini ta'kidlasa-da, baribir hayotiy a'moli teatr ekanini bir nafas bo‘lsa-da, yodidan chiqarmaydi.

Teatr bilan rishtalar uzilmasin, jarayonning ichida bo‘lay deb Madaniyat institutida o‘quvchi o‘n-o‘n besh nafar shogirdga Abror Hidoyatov teatrida nimalarnidir o‘rgatmoqchi bo‘ladi. Ulardan yo rejissyor, yo aktyor tayyorlayman, degan dastlabki fikridan endilikda voz kechib, ular hech bo‘lmasa, yaxshi tomoshabin bo‘lib shakllansin, deya umid qiladi. Maydon tomoshasi qo‘yishga chog‘i keladigan besh-olti rejissyor tarbiyalash kerak deb, turli amaldorga o‘z talablarini ma'qullatib, teatr studiyasi, o‘quv kurslari kabi ne bir taraddudlar bilan yana qismatdan chalg‘ib, aniqrog‘i, unga chap bermoqchi bo‘ldi. Tasalli - pedagogika bilan "jiddiy" shug‘ullanish go‘yo. Ammo bir narsa aniq- pedagogika bu hamisha didaktika, pandu o‘git. Bahodir Yo‘ldoshevning esa fe'l-atvori ham, turish-turmushiyu o‘y-kechmishi ham, o‘zi yaratgan teatr dunyosi ham pandu o‘gitdan yiroq. U hamisha fikrni yondirib, tafakkur yolqinlarini yoqib yashagan. O'y-mushohadadan, badiiyat jozibasidan lazzat olgan va o‘zgalarni ham shunga da'vat etgan. Uning spektakllaridan hech bir to-moshabin nasihat eshitib chiqqan emas. To‘lib-to‘lib yig‘lagan, to‘yib-to‘yib kulgan, iztiroblanib, azoblanib chiqqan va barini fikratiga jo qilib, xayollarida g‘alayon, qalbida tug‘yon bilan tomosha zalini tark etgan. Alalxusus, bugun butun millat tafakkuri yoniq fikrga, mulohaza-mushohadaga, o‘zimizni tanidikmi, haqu nohaq qaerda, to‘g‘ri ne-yu, egri nima, qaerdamizu qaerga ketyapmiz, iymon-e'tiqodimizga, didu saviyamizga ne bo‘ldi, degan og‘riq savollarga muhtoj. Bu savollar adabiyot va san'atni azaldan o‘ylantirgan. Kishilarni go‘zallik, hayrat ila saodatga yo‘llagan... Umid ulki, shoyad, Bahodir Yo‘ldoshev Yaratganning o‘zi bitgan qismatida qoyim bo‘lsa! Bir ketganga bir qaytish ham bor, deydilar-ku mashoyixlar...

Shuhrat Rizo,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 2-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.