background
logotype

Tasmaga muhrlangan abadiyat

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kinorejissyor Hotam Fayziev — jahon kinematografiyasi durdonalari safidan munosib o‘rin egallagan ajoyib filmlar yaratgan, ulkan ijodiy izlanishlar olib borgan ijodkor, o‘zbek kinosi operatorlik tsexining yirik vakillaridan biri. "Sen yetim emassan", "Toshkent — non shahri", "Sevgi fojiasi" singari bugungi kunda klassik filmlarga aylangan kino asarlariga operatorlik qilgan , "Oq bino oqshomlari", "Kichkina odamlar" singari badiiy filmlarga sahnalashtiruvchi rejissyor bo‘lgan Hotam Fayziev iltimosimizga ko‘ra kinematografiya tarixida muhim o‘rin tutgan operatorlik san’ati haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, gurung orasida mashhur "Sen yetim emassan" filmi qanday tasvirga olinganligini eslab o‘tdi. Ayniqsa bugungi kunda, xususiy studiyalarda suratga olinayotgan ayrim bachkana filmlar sababli kino san’atini juda oson ish ekan degan xulosaga kelib qolgan yoshlar uchun bu fikrlar ma’lum ma’noda saboq vazifasini o‘taydi deb o‘ylaymiz. Zero biz odatda televizorda yoki kinoteatr ekranida berilayotgan tasvirlarni tomosha qilib o‘tirarkanmiz, bu kadrlar ortida operatorning mashaqqatli mehnati yotganini ko‘pincha esdan chiqarib qo‘yamiz. Holbuki, aynan kadr ortida qoladigan operator mehnati kinosan’atida mo‘’jiza yaratadi, ya’ni tasvir paydo etadi.

Kinooperatorlik san’ati — kinematografiya¬ning kam o‘rganilgan sohasi. Filmning tasvir qismini so‘z bilan ifodalash juda mushkul: tasvirni ko‘rish kerak va aynan shu sababli kinooperatorlarning ko‘p yillik badiiy faoliyati yetarli darajada o‘rganilmagan.

Kinooperatorlar haqida kam yozishadi. Kinofilm deyarli hamisha go‘yoki yagona ijodkori bo‘lgan rejissyor nomi bilan bog‘lanadi. Filmlar haqida yozishganda ham asosiy e’tibor rejissyor va bosh rollar ijrochilariga qaratiladi. Kinooperator ishiga esa nari borsa ikki-uch satr ajratiladi, xolos. 

Holbuki, kinooperator — musavvir, faqat mo‘yqalam va xolst o‘rnida kinoapparat ishlatadi  va u o‘z asarlarini tasmaga yozadi. Uning san’ati — ko‘ra bilish san’ati. Nigoh san’ati. 

Kinooperator ishi haqida butun film qanday olinganligiga qarab hukm chiqarsa bo‘ladi. Bu ish bittagina kadrda ham namoyon bo‘ladi: peyzajda yoinki aktyor yuzida  aks etgan kayfiyatda. 

Operatorlik san’ati qoidalari musavvir uchun ko‘plab yillar burun mavjud bo‘lgan qoidalardan iboratdir. Shu sababli rassomni tasviriy san’atning ota-onasi deb atash joiz bo‘lar. 

Biroq kinooperator ijodida rassomlar uchun anchayin notanish bo‘lgan shunday o‘ziga xosliklar ham bor: u fizika, ximiya, optika fanlari, suratga olish texnikasi bilimdoni bo‘lishi kerak. 

Fan orqali — ijodga. Kinooperatorlik yo‘li shundan iborat. 

Yodimda, o‘tgan asrning 60-yillarida "O‘zbekfilm" kinostudiyasi ishlab chiqarilayotgan filmlar soni kamayib ketishi muammmosiga duch keldi. Bu talabga javob beradigan stsenariylar hamda ijodkor kadrlar yetishmasligi oqibatida ro‘y berdi. 

Shunda studiya rahbariyati yosh ijodkorlarga alohida e’tibor qaratdi va ularga ishonch bildirdi. Rejissyor Shuhrat Abbosov yetakchiligidagi yoshlardan iborat ijodiy guruhga "Sen yetim emassan" filmini suratga olish topshirildi. 

Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘n to‘rt yetim bolani o‘ziga farzand qilib olgan temirchi Sh. Shomah¬mudov oilasi haqidagi stsenariy taniqli o‘zbek nosiri Rahmat Fayziy qalamiga mansub edi. 

Rejisyor Shuhrat Abbosov bilan men stsenariyning adabiy asosiga tayangan holda rejissyorlik stsenariysini yoza boshladik. Bu jarayonda ko‘p bor stsenariyning kinematografik ifodasidagi aosiy mohiyatni ifodalaydigan muqobil sahnalar ustida ishlashga to‘g‘ri keldi. Hamma o‘ylab topganlarimiz ham o‘zimizga yoqavermasdi, shu sababli biz ta’sirchan va qisqa sahnalar topgunimizga qadar izlanishda davom etardik. Asta-sekin, asarga "sho‘ng‘ib ketish" asnosida biz uning jonli ifodasini his eta boshladik. Zero, ishlayotgan materialimiz ruhan bizga juda yaqin edi, axir bizning bolaligimiz ham urush yillariga to‘g‘ri kelgandi. Biz ham bola paytimizda "urush-urush" o‘ynaganmiz, och qolganmiz, sovuq maktablarga qatnaganmiz, frontdan qaytgan yarador jangchilarni ko‘rganmiz. Stsenariy ustida ishlar ekanmiz, biz har bir personajni, uning xarakterini, voqea kechadigan joyni, liboslarni, dekoratsiyalarni aniq-tiniq his qila bordik. 

Biz uchun filmning qanday ko‘rinishda olini¬shining ahamiyati bor edi: ranglimi yoki oq-qora. Har bir variantning o‘z ijobiy va salbiy jihatlari mavjud edi. Misol uchun, turli millat bolalarini rangli tasvirda ko‘rsatish kartinani  boyitardi, ammo bu holda biz mashaqqatli urush yillarini to‘la his qila olmasdik. Ranglar beixtiyor tasvirlarga shodlik ohangini olib kirardi, bu esa urush davrining shafqat¬siz voqeligi yo‘qolishiga olib kelardi. Filmni oq-qora ko‘rinishda suratga olishga qaror qildik. 

Biz Eski Toshkentning jami ko‘chalarini piyoda aylanib chiqdik. Bunga ancha vaqtimizni sarfladik. Bizga urush yillari holatini, ruhiyatini eslatadigan ko‘cha va hovlilar kerak bo‘lganligi uchun bu ishga mas’uliyat bilan yondashdik. 

"Mahkamovlar hovlisi" dekoratsiyasini Chilonzorda bunyod etdik. "Mahkamovlar xonasi" pavilonda qurildi.

Qo‘llanilayotgan optika yetarli yorug‘lik kuchiga ega emasdi. Kartina vazni 65,5 kilogramm bo‘lgan "Moskva" sinxron kamerasida suratga olindi, operator kadrni tasma qatlami ortida, qalin qora yopinchiqqa o‘ralib olgan holda ko‘rardi. Yoz kunida qora yopinchiqqa o‘ralib suratga olish do‘zax azobining o‘zi edi. 

 "Sen yetim emassan" filmini suratga olar ekanman, men yorug‘likdan tasvirga turlicha xarakter bera oladigan va bo‘lib o‘tayotgan voqealarning mohiyatini ochadigan dramaturgik vosita sifatida foydalanishga ahd qildim. Boltiqbo‘yidan Mahkamovlar xonadoniga o‘zining farzandini izlab kelgan, ammo Dzidraga ro‘para bo‘lgan onaning paydo bo‘lish sahnasini suratga olar ekanman, men aktyorlar chehrasini goh nur tasmasi bilan yoritadigan, goh qorong‘ulatib qo‘yadigan yoritish usulini qo‘lladim. Bunday yoritish usuli tasvirga dramatizm va xavotir baxshida etdi. Shunday usuldan naturada "bolalarning urush-urush o‘yini" sahnasini suratga olishda ham foydalanildi. Abramni qiynash sahnasi eski Toshkentning tor ko‘chalaridan birida tavsvirga tushirildi. 

Film ustida ishlash jarayonida men uchun asosiy vazifa yorug‘lik yordamida kadrdagi lozim kayfiyatni bera bilish edi. Uzoq vaqt "Dzidraning tug‘ilgan kuni" epizodiga kalit topolmay yurdim, men ma’qul kela¬di¬gan yorug‘likni qidirardim. Aynan yoritish orqali Dzidraning ma’yusligini, kayfiyatini ko‘rsatib, uning dardiga sherik bo‘lishni istardim. Suratga olish bir necha marotaba keyinga qoldirildi. Men hali tayyor emasdim, qahramonimni joylaydigan atmosfera topilmagandi. Nihoyat bu sahnani quyosh botishi oldidan, butun tabiat harir moviy tutunga chulg‘anganday taassurot uyg‘ongan payti suratga oldik. Natijada men mazkur sahnaning shoirona va obrazli bo‘lishiga erishdim. 

Yorug‘lik bilan ishlar ekan, kinooperator aktyorlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatishi lozim. Aktyor yorug‘likning badiiy ahamiyatini tushunishi va operatorning barcha ko‘rsatmalarini aniq bajarishi kerak. 

Bizning filmimizda esa kartinada band aktyorlarning kattagina qismi bolalar edi. Ularni kadrda chiroqni his qilishga o‘rgatish zarurati mavjud edi. Pavilonlar va tungi suratga olishlar ulardan maksimal diqqat-e’tiborni hamda rejissyor va operatorning barcha ko‘rsatmalarini aniq bajarishni talab etardi. Rolni ijro etarkanlar, ular bir lahzaga ham o‘zlariga yo‘naltirilgan nurni yoddan chiqarmasliklari lozim edi. Professional aktyorlar Lutfixonim Sarimsoqova va Obid Jalilov yorug‘likni juda yaxshi his qilardilar. 

Film uzoq suratga olindi. Bunga ob’ektiv sabablar bor edi. Yil fasllari o‘zgarardi. Daraxtlarning yashil barglari zarg‘aldoq tusga kirardi. Agar dastlabki sahnalar yoz issig‘ida suratga olingan bo‘lsa, yakuniy qismni daraxtlar yalang‘och bo‘lgan paytda tasvirga tushirdik. 

Dzidraning kinoteatrdan uyga yugurib kelishi sahnasi rejissyorlik stsenariysida juda qisqa yozilgan edi. Tasvirga olish jarayonida esa bu sahnaga ijodiy yondashdik. Bolalarning hissiyotga boy ijrosi kameraning shiddatli harakati bilan muvofiqlashtirildi. Dzidra entikkanicha "Oyijon!.. Oyijon!.." deya chopib ketarkan, kamera sodir bo‘layotgan quvonchli voqeada ishtirok etayotganday qahramon yonida yelib borardi.

Film ustida ishlash jarayonida men rejissyor Shuhrat Abbosovning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini his etib turdim. U kishidan  stsenariy, rejissura, montaj ustida mehnat qilishni, aktyorlar bilan ishlashni o‘rgandim.

“Yoshlik” jurnalining 2009-yil, 1-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.