background
logotype

Mansurxon Toirov. Qora tuya hikmati

Seni topmoq base mushkildurur, topmaslig‘ osonkim,
Erur paydolig‘ing pinhon, vale pinhonlig‘ing paydo.

Alisher NAVOIY. “Zihe husnung zuhuridin...”

 

Quti o‘chib shunda qo‘rquvdan,
Barcha enur Tangrini tanib
Va osiylar qular yuztuban
Lovullagan o‘tga chulg‘anib.

Aleksandr PUShKIN. “Qur’ondan iqtibos”

 “Do‘l tog‘i va yetti osmon” maqolasi (“Tafakkur”, 2014 yil 4-son) mushtariylarni befarq qoldirmagani kaminani muallif sifatida mamnun etdi, albatta. Mushtariylar goh yuzma-yuz uchrashib, goh qo‘ng‘iroq qilib maqola haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Ularning aksariyati maqolaning bosh g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, islom dinining muqaddas kitobi – Qur’oni karimni g‘araz niyatda buzib “tafsirlash”larga muntazam zarba berib borish lozimligini kuyunib ta’kidlashdi. Zero, bunday nomaqbul xatti-harakatlar payini qirqish bilan biz o‘z e’tiqod, an’ana va qadriyatlarimizni himoya etamiz (axir, duoyu iltijolarimiz, nikohu janozalarimiz nahot yolg‘ondakam-u, o‘zimiz esa aldoqchi bir xalq bo‘lsak?!), aslo Qur’onni emas! Negaki, Qur’on himoyaga muhtoj emas! Uning o‘z Egasi bor, himoyasi ham Uning zimmasidadir!

1966 yili AQShlik astronom Karl Sagan biror sayyorada hayot mavjud bo‘lmog‘i uchun u ikki talabga javob berishi: birinchidan, muayyan yulduz atrofida aylanishi va, ikkinchidan, undan qulay masofada joylashishi kerak, degan qarashni ilgari surgan hamda koinotda oktilonta sayyora bo‘lsa (oktilon – millionta septillionga yoki 10ning 48-darajasiga teng. Nemis iqtisodchisi Vilgelm Leksis hisobiga ko‘ra, shaxmat taxtasidagi 32 ta tosh egallashi mumkin bo‘lgan vaziyatlar soni 7,5 oktilon bo‘lar ekan), shundan septilontasida hayot mavjud bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surdi. Shundan beri olimlar o‘zga sayyoralardagi aqlli mavjudotlar tarqatgan radio­signallarni tutishga urinmoqda, biroq shu vaqtgacha hech bir sayyorada hayot, chunonchi tsivilizatsiya borligidan darak yo‘q.

Bugun insoniyatning olam haqidagi tushunchalari yanada kengaydi. Endi biror sayyorada hayot mavjud bo‘lmog‘i uchun u ikkita emas, ikki yuzdan ko‘proq talabga javob berishi taqozo etilayotir. Eng qizig‘i, o‘sha sayyora ayni talablarning atigi bittasiga javob berolmasa ham, boshqa barcha omillar chippakka chiqadi. Masalan, Yupiter kabi ulkan sayyora o‘ziga asteroidlarni tortib turmaganida, Yer yuziga yog‘iluvchi bunday fazoviy jismlar soni hozirgidan ming barobar ko‘proq bo‘lar edi.

Biror sayyorada hayot mavjud bo‘lmog‘i uchun zarur bo‘lgan “nozik sozlanish”dan ham hayratlanarlisi – koinotdagi barcha yulduzu sayyoralarning ham xuddi shunday “nozik sozlanish”idir. Ana shunday “nozik sozlanish”siz Olam ham mav­jud bo‘lmas edi, degan nazariya mav­jud. Astrofizik­lar to‘rt asosiy o‘zaro ta’sir kuchi (gravitatsiya, elektromagnit, kuchli va kuchsiz yadroviy) qismati Katta Portlashdan so‘ng soniyaning milliondan bir ulushicha vaqt ichida hal bo‘lgani va agar to‘rt asosiy o‘zaro ta’sir kuchidan birontasi ozgina boshqacharoq bo‘lsa ham, Olam hozirgidek bo‘lmasligi mumkinligini aniqlashdi. Shu jihatdan, Olamning mavjudligi juda ulkan mo‘‘jizadir.

Ingliz faylasufi Entoni Flyu ko‘p yillar ateizm ustunlaridan biri bo‘lib kelgan, shu mavzuda talay mashhur kitoblar yozgan. Biroq uning 2004 yili bergan bayonoti dunyo ilm ahlini larzaga soldi. Flyu o‘z dunyoqarashini o‘zgartirgani haqida matbuot sahifalarida yozib, Xudoning borligiga shohidlardan biriman, deya imon keltirdi. U nega bunday qarorga kelganini keyingi asarlarida batafsil yoritdi.

Angliyalik yana bir mashhur fizik Martin Jon Ris esa, garchi o‘zi dahriy bo‘lsa-da, fizik qonunlarga tayanib, Yaratuvchi borligini ilmiy asosladi va 2014 yili sovrini 1 million 400 ming dollarga teng Templton mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Bu ikki olim ortidan rossiya­lik fizik Anatoliy Akimov “Moskovskiy komsomolets” gazetasiga intervyusida “Xudoning borligi ilmiy usullar bilan asoslandi”, deya bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, avvalgi asrlarda ham ko‘plab fiziklar Xudo borligiga shubha qilmagan. Hatto Nyuton davrigacha fan va din o‘rtasida farqlash ham yo‘q edi. Fan bilan, odatda, ruhoniylar shug‘ullangan. Chunki ular eng ma’rifatli kishilar bo‘lgan. Nyutonning o‘zi ham ilohiyotchi edi va ”Mexanika qonunlarini men Xudo qonunlarida ko‘rayotirman”, deb tez-tez tak­rorlardi.

Mikroskop ixtiro etilib, hujayralar o‘rganila boshlagach, xromosomalarning bo‘linish va ko‘payish jarayonini kuzatgan olimlar “Hamonki, Parvardigor bularni azaldan taqdir etmasa, qanday qilib shunday bo‘lishi mumkin?!” deya kuchli sarosimaga tushadi. Chunki bu yangilik evolyutsiya nazariya­si “qobig‘i”ga sig‘mas edi.

A.Akimovning yozishicha, agar odam tanasi­dagi mutatsion va biokimyoviy jarayonlarning kechish sur’atidan kelib chiqilsa, uning birlamchi hujayralardan bino bo‘lishi uchun Olamning yaralishidan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq vaqt taqozo etilar ekan. Bundan tashqari, radiokuzatish olib borish imkoniyati mavjud bo‘lgan koinot kengliklarida kvant unsurlar soni 10ning 115-darajasidan kam emasligi aniqlandi va shu ma’lumotga tayanib, Olam Oliy Ongga ega bo‘lmasligi mumkin emas, degan xulosaga kelindi. “Mabodo bularning barchasi bir butun tizim bo‘lsa, demak, uni bir kompyuter deya tasavvur etib, bunday savolni o‘rtaga qo‘yish mumkin: shuncha elementga ega bo‘lgan hisoblash tizimiga har qanday hisob-kitob nahotki cho‘t bo‘lsa?” So‘ng­ra olim hayajon bilan bunday xitob qiladi: “Bu, axir, cheksiz imkoniyat degani emasmi! Uning qudrati eng zamonaviy kompyuternikidan ming chandon katta-ku!”  

Fanda biror kashfiyot qilinsa-yu, Yer yuzidagi turfa din vakillari “Bu kashfiyot bizning ilohimiz mavjudligini isbotladi”, deya unda o‘z e’tiqodi haqligiga isbot ko‘rsa, qani, ayting-chi, bugun qay bir masala muhimroq: “Yaratuvchi bormi yoki yo‘q?” degan savolga javob topishmi yoki “Ushbu borliqning Yaratuvchisi kim?” degan jumboqqa oydinlik kiritish?

To‘g‘ri, Ollohga beshak imon keltirganlarning bunga hech bir ehtiyoji yo‘q. Biroq e’tiqodi sust ba’zi kishilar har xil “targ‘ibot”lar orqasida o‘z dinidan kechib, boshqa dinga o‘tib ketishi ham mumkin-da! U dinda ham, bu dinda ham Xudo bor-ku, degan yanglish tasavvur ularni chalg‘itsa ne ajab! So‘nggi vaqtlarda, o‘n uch asrdirki, islom diniga e’tiqod qo‘yib kelgan yurtimizda ayrim g‘o‘r yoshlar, hatto kattalarni ham har xil nayranglar bilan haq yo‘ldan ozdirib, o‘zga dinlarga o‘tkazishni ko‘zlayotgan g‘anim kuchlar ko‘paygani bizni yanada hushyor bo‘lishga chorlamaydimi?! G‘ayridinlarning voizlari “Yaratuvchi Olloh emas, o‘zga ilohdir” deganida, avvalo, kattalarimiz, qolaversa, yoshlarimizning bu fitna ekaniga aqli yetishi zarur.

Muhammad (s.a.v.) davrida ham hech kim Yaratuvchi borligini inkor qilmagan. O‘sha kezlarda Ka’badagi 365 butning barchasiga “Yaratuvchi” deya sig‘inilgan. Rasulullohning (s.a.v.) a’moli Yaratuvchining borligini isbotlash emas, balki Yaratuvchi yakkayu yolg‘iz Olloh ekani va Undan o‘zga iloh yo‘qligini odamzodga yetkazishdan iborat bo‘lgan.

Taassufki, bugun Qur’oni karim ma’nolari ba’zan ilm-fanga tayanilmay yuzakiroq tafsir etilayotganidan “foydalanib”, bu Kitob Ollohning vahiysi emas, balki Muhammadning so‘zlaridir, degan yolg‘on qarashni yoyishga va sura-oyatlarni ham shunga muvofiq buzib tafsirlashga intilishlar bot-bot ko‘zga tashlanmoqda. Biz “Do‘l tog‘i va yetti osmon” maqolasida internet tarmog‘idagi “Koranicheskiy vzglyad na Vselennuyu” (http://ru.wikiislam.net/wiki/) va “Nauchnыe oshibki v Korane” (http://islamuncovered.info/scientific_errors_in_quran) sahifalarining Ka­lo­mullohdagi falakiyotga doir oyatlarga qarshi da’volari naqadar ojiz ekanini eng so‘ng­gi fan xulosalari asosida fosh etishga harakat qilgan edik. Tubandagi maqolada esa o‘z nomini sir tutgan “internet-mufassir”ning (balki “internet-mufassir”lardir) biologiya, tibbiyot, geologiya kabi fan sohalari bo‘yicha yangi da’volari ham naqadar puch ekanini yana eng yangi fan xulosalariga tayanib isbotlash niyatidamiz.

“Internet-mufassir” Qur’onning bir oyatiga quyidagicha “raddiya” bildiradi (iqtiboslarni asliyat tilida berayotirmiz – M.T.): I. ГРУДЬ СЖИМАЕТСЯ НА ВЫСОТЕ. Эта сура говорит, что на большой высоте грудная полость уменьшается, когда в действительности верно обратное. “Кого пожелает Аллах вести прямо, уширяет тому грудь для ислама, а кого пожелает сбить с пути, делает грудь его узкой, тесной, как будто бы он поднимается на небо” (Коран, 6:125).

Bizningcha, “internet-mufassir” ushbu oyat mag‘zini chaqishga ojizlik qilgan. Oyatda “Kimniki adashtirishni iroda etsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandagidek tor va siqiq qilib qo‘yadi”, deyilayotir va bunda samolyot yoki raketada samoga ko‘tarilishga o‘xshash holat nazarda tutilayotir. Oyatda balandlikka, deylik, toqqa chiqishdagi kabi holat haqida so‘z borayotgani yo‘q. To‘g‘ri, toqqa chiqish holatiga tatbiqan “internet-mufassir” bir qadar haq. Chunki dengiz sathidan qancha yuksalib borilsa, atmosfera bosimi shuncha kamayadi, odam ichki bosimi esa, buning aksicha, ko‘tarilib, tanada muvozanat buziladi va ko‘krak qafasi kengayadi.  

Raketa yoki samolyot samoga ko‘tarilishida esa bundan farqli holat ro‘y beradi. Har ikki havo kemasi ham ko‘kka ko‘tarilish uchun tezlanma harakat qiladi. Fanda tezlanma harakat tufayli jism (bizning misolimizda passajir va kosmonavt) og‘irligining ortishi “g” belgisi bilan ifodalanadi. Bunday ortish 2g bo‘lganda odam vazni 2 barobarga, 4g bo‘lganda esa 4 barobarga og‘irlashadi. Odam tinch holatda 1g kuch ta’sirida bo‘ladi. Bu borada fuqaro samolyotlari uchun ruxsat etilgan me’yor 4,33g ga teng. Chunki odam 5g gacha bo‘lgan bosimga dosh bera oladi. Mashq qilib toblangan uchuvchi esa 9g bosimga ham chidashi mumkin. Agar bosim quyiga emas, yuqoriga qarab bo‘lsa, 2-3 g dayoq odamning ko‘zi qizarib, miyasiga qon quyiladi va oqibatda hushini yo‘qotadi.

Samolyot yoki raketada ko‘kka parvoz qilayotgan kishida bosim asosan ko‘krak qafasiga tushadi. Oqibatda ko‘krak va qorin bo‘shlig‘i siqilib, nafas olish va nafas chiqarish og‘irlashadi. Ko‘krak va kurakda og‘riq paydo bo‘ladi. Yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ortadi. Shunday qilib, oyatda aytilganidek, chindan-da ko‘krak torayib siqiladi.

“Internet-mufassir” ushbu oyat mag‘zini chaqa olganida, u inkor etuvchilar emas, imon keltiruvchilar safida bo‘lardi. Chunki XX asr fan-texnikasi kashf etgan haqiqat bundan 1400 yil avval vahiy bilan nozil etilgan. Har qanday tog‘ tepasi, chunonchi, Jamolungma cho‘qqisi ham osmon emas, yer ekanini “internet-mufassir” nazardan qochirgan ko‘rinadi. Aftidan, u yer sirtini tuxum sirti kabi sip-silliq deb tasavvur etsa kerak.

“Internet-mufassir” o‘z fikrini davom ettirib, yana bunday yozadi: II. ГРЕШНЫЕ ЖИВОТНЫЕ. По словам Аллаха, животные вместе с людьми будут судимы за свои грехи. То есть, курица, человек и насекомое будут стоять бок о бок в ожидании суда Аллаха. И это, несмотря на то, что животные не имеют человеческого самосознания, а управляются инстинктом. “Нет животного на земле и птицы, летающей на крыльях, которые не были бы общинами, подобными вам. Мы не упустили в книге ничего, потом к вашему Господу они будут собраны” (Коран, 6:38).

Qiyomatda barcha jonzotlarning odamlar bilan birga Mahshar maydonida jamlanishidan murod – savob-gunohi sarhisob etilayotgan kishidan biror jonzot yaxshilik ko‘rgan bo‘lsa, uni Olloh huzurida himoya qilmog‘i yoxud, aksincha, ushbu kishidan biror jonzot yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, undan o‘chini olmog‘i, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, Buyuk Adolat tantanasidir. Ana shundan so‘ng boyagi jonzot tuproqqa aylanib ketadi. Xullas, “internet-mufassir”ning bu da’vosi ham, xuddi avvalgisi kabi xato, puchdir.

So‘ng quyidagi da’vo ilgari suriladi: III. СУЩЕСТВУЕТ ТОЛЬКО ВОСЕМЬ ВИДОВ СКОТА. На самом деле, существуют дес­ятки видов скота. Автор Корана рассказал о парах (самце и самке) овец, коз, быков и верблюдов, и пренеб­рег другими видами скота из регионов, находящихся за пределами Аравии. “Он сотворил вас из единой души, потом сделал из нее пару и ниспослал вам из животных восемь парами” (Коран, 39:6).

“Internet-mufassir” “o‘nlab chorva mollari” deganida nimalarni nazarda tutgani bizga qorong‘i. Chunki chorva mollari soni, oyatda aytilganidek, chindan-da sakkizta: 1) qo‘y; 2) echki; 3) qoramol; 4) ot; 5) tuya; 6) yak (qo‘tos); 7) shimol bug‘usi; 8) quyon. Olloh cho‘chqa va eshak go‘shtini harom qilgani sabab biz ularni chorva mollari safiga qo‘shmadik. “Internet-mufassir” balki ularni ham o‘z sanog‘iga kiritgandir va shu asno “o‘nlab chorva mollari” paydo bo‘lgandir. Endi quyonni chorva mollari sirasiga kiritganimiz sababiga kelsak, bu “qilmish”imiz “internet – mufassir”ga malol kelishi aniq. O‘zimizni muhofaza qilish uchun uning ona tilidagi bir internet saytidan quyidagi iqtibosni keltiramiz: “Это сельско-хоз­яйственное животное. Он входит в категорию “скот”. Так что если не передвинете клетки с кроликами подальше от забора соседа, проиграете дело” (http://otvet.mail.ru/question/167532411). Xullas, quyon ham chorva mollari sirasiga kirishini uning o‘z hamyurti dalillab turibdi.

“Zumar” surasining chorva mollariga doir 6-oyati Qur’oni karim ma’nolarining ruscha tarjimalarida quyidagicha bayon etiladi: “Он создал вас из единого существа. Потом сотворил из него же пару и ниспослал вам восемь животных парами” (Магомед-Нури Османов); “Он создал вас из одного человека. Он сотворил из него жену ему и нис­послал для вас из скотины восемь животных парами” (Эльмир Кулиев); “Он сотворил вас из единой души, потом сделал из нее пару и ниспослал вам из животных восемь парами” (Игнатий Крачковский); “Он всех вас создал из одной души / И из нее же сотворил ей пару. / Он ниспослал для ваших нужд / Восемь голов скота попарно” (Валерия (Иман) Порохова); “Он сотворил вас от одного человека; потом из него произвел супругу ему, и доставил вам в пищу восемь скотов в четырех парах” (Гордий Саблуков).

Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha tarjimalarida esa ayni oyat bunday bayon etiladi: “U sizlarni bir jondan yaratdi. So‘ngra undan juftini qildi va sizlarga chorva mollaridan sakkiz juftini tushirdi” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf); “U sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, so‘ngra undan juftini (ya’ni Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkizta juftni tushirdi (ya’ni dunyoga keltirdi)” (Shayx Alouddin Mansur) va hokazo.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va shayx Alouddin Mansur tarjimalarida sakkiz juft chorva moli haqida so‘z boradi. Oltinxon to‘ra va shayx Abdulaziz Mansur tarjimalarida esa, qadimgi tafsirlarga suyanilib, chorva mollari soni to‘rt juftga keltirilgan. O‘sha tafsirchilar Arabiston va O‘rta Osiyoda yashab o‘tgani sabab o‘z nazari tushgan mollarga qarab sharh bitgan bo‘lsa ajabmas. Lekin quyon istisno etilsa-da, qo‘y, echki, qoramol, ot, tuya – jami besh juft chorva moli chiqmaydimi? Quyonni esa, jisman kichik bo‘lgani sabab, “chorva moli” degilari kelmagandir.

“Internet-mufassir” yana quyidagi da’voni ilgari suradi: IV. ЧЕЛОВЕК МОЖЕТ СПАТЬ ТРИ СОТНИ ЛЕТ. Человек не может спать более двух дней, если он не в коматозном состоянии. Тем не менее, автор Корана добавил в свой текст известный миф “О семи спящих отроках”, взятый из христианского фольклора. “Вот юноши спрятались в пещеру и сказали: “Господи наш, даруй нам от Тебя милосердие и устрой для нас в нашем деле прямоту”. И Мы закрыли их уши в пещере на многие годы. Потом Мы воскресили их” (Коран, 18:10-12).

Inson o‘z hayotining uchdan bir qismini uyquda o‘tkazadi. Bu – tabiiy hol. Lekin g‘ayritabiiy hol – letargik uyqu ham mavjud. Bunday uyqu haqida asotir va ertaklarda bot-bot so‘z yuritilsa-da, biroq uning fanda aniq izohi yo‘q.

1954 yili ukrainalik Nadejda Lebedina eri bilan janjaldan so‘ng uyquga yotib, oradan 20 yil o‘tgach uyg‘onadi. Bu orada eri hayotni tark etgan, 5 yasharlik qizalog‘i esa 25ga kirgan edi. Eng qizig‘i, Nadejdaning tanasi hech ham qarimagan, shuncha yotgani bilan biron joyi qadoq bo‘lmagan. Letargik uyqudan so‘ng Lebedina yana 20 yil umr ko‘rgan.

Norvegiyalik Avgustina Leggard tug‘uruqdan so‘ng 22 yillik uyquga ketadi. Uning ham tanasi mutlaqo qarimaydi. Avgustina uyg‘ongach, erini chaqirib, “Frederik, ancha kech bo‘lib qolgandir. Go‘dakning qorni ham ochgandir. Men uni emizmoqchiman!” deydi. Vaholanki, o‘sha chaqaloq endi 22 yoshga kirgan qiz bo‘lib, u onasiga hayrat-la boqib turar edi. Avgustina bir yildayoq qarib, kampirga aylanib qoladi. U yana ikki yil umr kechirib, yorug‘ olam bilan vidolashadi.

Xo‘sh, yuqoridagi ma’lumotlardan qanday xulosa chiqarish mumkin? Axir, Qur’onning “Kahf” surasi 10–12-oyatlarida ana shu letargik uyqu haqida so‘z bormayaptimi?! Tabiiyki, “internet-mufassir” bunday uyqudan voqif bo‘lmasa, bunga Qur’on aybdor emas.

“Internet-mufassir”ning “автор Корана добавил в свой текст известный миф “О семи спящих отроках”, взятый из хрис­тианского фольклора”, deya Qur’on muallifi sifatida Ollohni emas, Muhammadni (s.a.v.) tanishi va ul zotni ko‘chirmakashlikda ayblashi ham katta adashishdir. Hamonki, Olloh bitta, din ham bitta ekan, barcha payg‘ambarlarni ham U yuborganu barcha ilohiy Kitoblarni ham U tushirgan ekan, albatta, o‘xshash voqea, o‘xshash nasihat, o‘xshash e’tiqodlar bo‘ladi-da! Islomiy e’tiqodga ko‘ra, Dovudga (a.s.) Zaburni, Musoga (a.s.) Tavrotni, Isoga (a.s.) Injilni, Muhammadga (s.a.v.) Qur’onni faqat Ollohgina tushirgan – har bir payg‘ambar, har bir Kitobning xudosi boshqa-boshqa emas. Shunday bo‘lganidan keyin Olloh Qur’onda ilgari o‘tgan payg‘ambarlardan birortasiga O‘zi yuborgan Kitobidagi misol, masal, hikoya va qissani takrorlasa, shuni ko‘chirmakashlik deyiladimi?! Oddiy mantiqni tushunmaslik-bilmaslik oqibatidagina shunday xato fikrga kelish mumkin.

“Internet-mufassir” “fikrlash”da davom etib, yana bunday yozadi: V. ВЫМЫШЛЕННЫЕ СКАЗКИ. Люди чудесным образом превращаются в обезьян. “Вы знаете тех из вас, которые нарушили субботу, и Мы сказали им: “Будьте обезьянами през­ренными!” (Коран, 2:65).

Inson bolasi olamga kelgach, “Kimman o‘zi?” degan savolni o‘ziga ham, boshqalarga ham berishi tabiiy. Ushbu savol ortidan esa yana boshqalari paydo bo‘ladi: “Inson nima o‘zi? U qanday vujudga kelgan? U nimalardan iborat? Hayot manbaini qaerdan oladi? Bizning yaratuvchimiz kim?..” Biologlar nihoyat inson genomini o‘qish yo‘lini topganida barcha qattiq hayajonga tushdi. Chunki endi “Hayot o‘zi nima va u qanday vujudga kelgan?” degan savolga javob topish imkoniyati tug‘ilgandek edi. Biroq genlar ustidagi yangi izlanishlar ushbu savolga javob berish o‘rniga ahvolni battar chigallashtirdi.

Genomlarni o‘qish yo‘li topilishi evolyutsiya nazariyasi cheklangan ekanini ko‘rsatdi. Chunki ushbu nazariyaga ko‘ra, inson 300 ming yillik tadrijiy yo‘lni bosib o‘tgan. Vaholanki, unga birlamchi hujayradan paydo bo‘lish uchun 6 million yil ham yetmas ekan. Xo‘sh, buni qanday tushunmoq kerak? Qolaversa, odam va maymundagi genetik o‘xshashlik 98-99 foiz bo‘lsa-da, ular bir xil tashqi qiyofaga ega emas. Holbuki, it va tulkida ham genetik o‘xshashlik taxminan shuncha. Lekin ularning tashqi qiyofasi qariyb bir xil. Bunisiga endi nima demoq lozim?

Biologik hujayradagi xromosomalar soni odamda 46 ta (23 juft), shimpanze va gorillada esa 48 ta (24 juft) ekan. Bu farq olimlarga ma’lum bo‘lgach, ular odam va maymunning tashqi ko‘rinishiyu aqliy layoqati o‘rtasida qanday qilib bunday ulkan farq yuzaga kelganini izohlay olmay qoldi. Bundan tashqari, Yer yuzida tarqalgan 30 million turdagi jonzot, o‘simlik va bakteriyalar o‘rganilib, ularning barchasida muayyan bir genetik kod topilgan. Lekin ular orasidan insongina aql-farosat, til-zabonga ega, ugina o‘z mohiyatini anglamoqqa qodir. Bu albatta, ulkan jumboqdir.

Biologlar aniqlashicha, odam DNKsidagi genlarning 5 foizigina irsiyat uchun xizmat qilar ekan. 95 foizi esa “ballastik”, ya’ni “sukut saqlovchi” genlar bo‘lib, inson hayoti haqida axborot yig‘ar ekan. Xo‘sh, odamga shuncha ko‘p genlar zaxirasi nimaga kerak? Balki ular odamzodga kelgusida asqotar? Ya’ni ushbu genlar kelajakda faollashar? Shu farazlar kishini obdon o‘ylantirib qo‘yadi.

2006 yili odam genomida MGC8902 genining 212 ta nusxasi borligi aniqlangan. Shimpanzeda bunday nusxalar soni 37 ta, sichqon va kalamushda esa atigi bitta. MGC8902 geni hozircha vazifasi noayon bo‘lgan DUF1220 oqsilini kodlaydi. Fanga ushbu oqsilning boshmiya neyronlarida mavjudligi ayon. Olimlar MGC8902 geni odam evolyutsiyasini boshqargan degan fikrda. Afsuski, DUF1220 oqsili jumboq bo‘lib turgani sabab ko‘p savollar bejavob qolmoqda.

Odamzodning noyoblik siri 1-2 foiz gen­­lar­dagina mujassamlashgan. Shimpanzeda faol harakatda bo‘lgan genlar odamda so‘nib, “sokin” genlar ko‘rinishini olgan. Bunday genlar soni yaqin-yaqingacha ham o‘nta deb kelinar edi. AQShdagi Michigan universiteti olimlari “PlOS Biology” jurnalida e’lon qilgan axborotga ko‘ra, odam genomidagi 10 ta emas, 50 ta “sokin” genning o‘xshashi shimpanze va boshqa xil maymunlarda faol harakatda ekan. Ana shu 50 ta genning faol harakatdan to‘xtashi sabab odam o‘z primatidan farqlangan, degan taxmin ham bor. XX asrning 90-yillarida AQShlik faylasuf Mansur Olson “Less is more” (“Kammi, demak ko‘p”) degan farazni ilgari surdi. Unga ko‘ra, genlarni boy berish ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Masalan, MYH16 genining so‘nishi odamda chaynash muskullari ozayishiga sabab bo‘lgan, bu esa o‘z galida miya kattalashuviga imkon yaratgan.

“Internet-mufassir” g‘araz nigohini qa­ratgan “Batahqiq, sizlardan shanba kuni tajovuzkorlik qilganlarni bildingiz. Biz ularga “Quvilgan, xor-zor maymunga aylaning”, dedik” (“Baqara” surasi, 65-oyat) oyatiga kelsak, odamdagi 50 ta “sokin” genning faollashishi uning sekin-asta yoki bir zumda shimpanze yoxud boshqa xil maymunga aylanishiga sabab bo‘lsa ajabmas! Xayriyatki, biologlar ana shu 50 ta “sokin” genni faollashtirish yo‘lini topolmayapti. Agar shunday kashfiyot qilingudek bo‘lsa, ayrim yovuz kuchlar bundan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishi hech gap emas.

“Internet-mufassir” yana bunday fikr yuritadi: VI. ЭСКИМОСАМ, ТАКЖЕ, ПРИ­ Д­ЁТСЯ ВЫПОЛНЯТЬ УТРЕННЮЮ И ВЕЧЕРНЮЮ МОЛИТВУ КРУГЛЫЙ ГОД. Мы видим, что ограниченность знаний автора Корана ставит под вопрос универсальность его учения. “Выполняем молитву при склонении солнца к мраку ночи, а Коран – на заре” (Коран, 17:78).

Qur’oni karim ma’nolarining ruscha tarjimalarida ushbu oyat quyidagicha bayon etiladi: “Выполняй молитву при склонении солнца к мраку ночи, а Коран – на заре. Поистине, Коран на заре имеет свидетелей!” (Игнатий Крачковский); “Совершай обряд молитвы начиная с того времени, когда солнце (после полудня) начнет склоняться к ночному мраку, а также (совершай) утреннее чтение молитвы, ибо утреннюю молитву слушают (ночные и дневные ангелы)” (Магомед-Нури Османов); “Совершай намаз с полудня до наступления ночного мрака и читай Коран на рассвете. Воистину, на рассвете Коран читают при свидетелях” (Эльмир Кулиев); “Твори молитву (всякий раз), / Когда клонится солнце к мраку ночи. / А на рассвете дня читай Коран, – / Ведь чтение на утренней заре, / Поистине, cвидетелей имеет” (Валерия (Иман) Порохова).

“Internet-mufassir” sharhidagi iqtibos yuqoridagi tarjimalarning birortasiga ham mos kelmaydi. Bu esa Qur’on “tanqidchi”sining noxolisligidan darak beradi, deyish mumkin.

Eskimoslar ibodatiga oid da’voga javobni bu elat haqidagi ba’zi ma’lumotlardan boshlay qolaylik. “Eskimos” so‘zi “xomligicha yeyuvchi” (“xom baliqni yeyuvchi”) degan ma’noni anglatadi. Darhaqiqat, mazkur xalqning yemagi xom go‘sht, baliq hamda meva-rezavorlardan iborat. Dunyoda eskimoslar, 2010 yil ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ming nafar bo‘lib, ulardan 55 ming 942 nafari AQSh da, 50 ming 480 nafari Kanadada, 50 ming nafari Grenlandiyada, 18 ming 563 nafari Daniyada; 1 ming 738 nafari Rossiyada yashaydi. Ular eskimos, ingliz, rus, datliklar tilida so‘zlaydi. Eskimoslar e’tiqod qo‘ygan dinlar – shomonlik, animizm, nasroniylik (protestantlik va pravoslaviedir).

Xoh AQSh, xoh Kanada, xoh Daniya, xoh Rossiyada yashovchi eskimoslar bo‘lsin, agar islom dinini qabul qilsa, Qur’oni karimning “Isro” surasi 78-oyati bo‘yicha o‘z farzlarini hech bir to‘siqsiz ado etaveradi. Quyosh qish faslida uch oy chiqmaydigan, yoz faslida esa shuncha vaqt botmaydigan o‘lkalarning eskimoslari ham hadisga tayanib va fatvoga ergashib, besh vaqt namozini o‘qib, 30 kunlik ro‘zasini tutaveradi. “Internet-mufassir” biror marta samolyotda uchgan bo‘lsa, unda musulmonlar o‘rindiqda o‘tirib, namozini o‘qib ketayotganini ko‘rgandir, axir! Buning uchun hech kim ularni gunohkor sanamasligini u bilib qo‘ysa durust bo‘lardi. Zero, shariatda har qanday vaziyat puxta hisobga olingan, Yer yuzining har bir joyida ibodat qilish yo‘riqlari ishlab chiqilgan. Rossiyada Vorkuta degan o‘lka bor. Yaqinda shu yerda yashovchi musulmonlar yig‘ilib, “Oydin tunlar” (“Belыe nochi”) bosh­langani sabab ibodatda Makka vaqtiga o‘tishgani haqida xabar tarqatishdi. Bunda Grinvich vaqti olinmaganining boisi Makkaning geografik koordinata uzunligi Shimoliy qutbga mos kelishi bilan izohlansa ajabmas.

“Internet-mufassir” yana Qur’oni karimdagi quyidagi dalolatga shubha bildiradi: VII. МОЛОКО ПОСТУПАЕТ ИЗ МЕСТА МЕЖДУ ЭКСКРЕМЕНТАМИ И КРОВЬЮ. На самом деле, молочные железы, производящие молоко, находятся вне тела, а экскременты находятся в кишечнике – внутри тела. Молоко и экскременты не находятся рядом друг с другом. “Для вас и в (вашем) скоте – назидание. Мы поим вас из того, что у них в желудках между калом и кровью молоком чистым, приятным для пьющих” (Коран, 16:66).

AQShlik buyuk ixtirochi Tomas Edison “Sut bizlardan ko‘ra olimroq kimyogar tomonidan yaratilgan”, degan edi. Aslida ham shunday. Sigir oddiygina yem-xashakni shu qadar mazali va yoqimli sutga aylantirishi, albatta, hayratlanarlidir!

Biologlar sut bezlarida sut qanday hosil bo‘lishini hali-hanuz to‘liq aniqlagan emas. Shunday ekan, “internet-mufassir” hech bir qarshi dalilsiz ham o‘z da’vosidan voz kechmog‘i joiz. Lekin shunday bo‘lsa-da, baribir, ayrim dalillar keltiramiz. Xo‘sh, zamonaviy fanning bu masalaga, garchi umumiyroq bo‘lsa-da, munosabati qanday? Fik­rimizni qiyin ilmiy atamalardan voz kechib, jaydari tilda ifodalay qolaylik: sutni hosil qiluvchi komponentlar yem-xashakni achitqiga aylantirib beruvchi qorinda obdon ishlanadi va qon oqimidan “ulov” sifatida foydalanib (diqqat qiling, bir litr sut hosil qilinishi uchun 400-500 litr qon sut bezlaridan o‘tishi lozim!), yelindagi sut bezlariga boradi va biz bilgan sutga aylanadi. Komponentlarning ortiqchasi qonga so‘rilmaydi, balki najas bilan tashqariga chiqib ketadi. Oyatda sut hosil bo‘lish jarayoni go‘zal va lo‘nda tarzda “Chorva hayvonlarida ham siz uchun, albatta, ibrat bordir. Biz sizlarni ularning qornidan, go‘ng va qon orasidan ichuvchilar (tomog‘i)dan oson o‘tuvchi sof sut ila sug‘oramiz” (“Nahl” surasi, 66-oyat), deya bayon etilishi, axir, mo‘‘jiza emasmi?! Sutning qon va najas oralig‘idagi jarayonda hosil bo‘layotgani hech bir kishi, chunonchi, “internet-mufassir”da shak-shubha qoldirmasligi lozim.

Shundan so‘ng “internet-mufassir” quyi­dagi masalaga o‘tadi: VIII. АЛЛАХ ЗАЩИЩАЕТ МУСУЛЬМАН В МЕККЕ. Это ложное обязательство Аллаха. Джуман аль-Отаби, Абд-Аллах ибн аль-Зубайр и Абу-Тахир аль-Джанаби убили в Мекке тысячи мусульманских паломников. Язид бен Муавия послал на Мекку войско и осквернил Каабу. Сегодня, во время каждого хаджа, в Мекке погибают десятки мусульман. Безопасность Мекки весьма сомнительна. “И вот, сделали Мы этот дом сборищем для людей и надежным местом” (Коран, 2:125).

“Baqara” surasidagi ushbu oyat Qur’oni karim ma’nolarining ruscha tarjimlarida quyidagicha bayon etiladi: “(Вспомни,) как мы сделали Мекканский дом местом сбора и прибежищем для людей. Сделайте же место стояния Ибрахима местом свершения молитвы. Мы повелели Ибрахиму и Исмаилу: “Содержите в чистоте мой дом для совершающих обход вокруг него, для уединяющихся, преклоняющихся и падающих ниц” (Магомед-Нури Османов); “Вот Мы сделали Дом (Каабу) пристанищем для людей и безопасным местом. Сделайте же место Ибрахима (Авраама) местом моления. Мы повелели Ибрахиму (Аврааму) и Исмаилу (Измаилу) очистить Мой Дом (Каабу) для совершающих обход, пребывающих, кланяющихся и падающих ниц” (Эльмир Кулиев); “И вот, сделали Мы этот дом сборищем для людей и надежным местом: “И возьмите себе место Ибрахима местом моления.” И Мы заповедали Ибрахиму и Исмаилу: “Очистите Мой дом для совершающих обход, и пребывающих, и преклоняющихся, и падающих ниц!” (Игнатий Крачковский); “И (вспомните): назначили Мы этот Дом / Для собирания людей воедино / И безопасным местом (для людей), – / Возьмите место Ибрахима для себя молельней. / Поставили в Завет Мы Ибрахиму и его сыну Исмаилу /Очистить этот Дом (от скверны) / Для совершающих обход, / Для предающихся (благочестивым думам),/ Для преклонившихся (в молитве пред Аллахом), / Простертых ниц пред именем Его” (Валерия (Иман) Порохова).

“Internet-mufassir” sharhidagi iqtibos bu gal ham bironta nufuzli rus mutarjimi matniga mos kelmaydi. Bizningcha, avval unga nisbatan qo‘llaganimiz “noxolis” sifati yoniga endi “kibrli” yorlig‘ini ham taqishimiz joiz. Aks holda u azbaroyi kamtarligi bois yuqoridagi tarjimalarning birortasidan foydalanib qo‘ya qolgan bo‘lar edi.

Shu o‘rinda islom tarixiga bir qur nazar tashlaylik. Yazid I – umaviylar sulolasiga mansub ikkinchi halifa bo‘lib, mazkur sulola asoschisi Muoviya I ning o‘g‘li edi. Uning xalifalik davri so‘ngida, aniqrog‘i, 683 yili Madina ahli isyon ko‘tarib, umaviylarni shahardan quvadi. Shundan so‘ng Makka va Kufada ham qo‘zg‘olonlar boshlanadi. Ammo bu g‘alayonlarni Yazid I qo‘shini darhol bostiradi. Madina ahlini esa Muslim ibn Uqba taslim etadi. G‘olib Shom lashkari Madinani uch kun talaydi. Bir necha sahoba isyonchi sifatida qatl ettiriladi. Abdulloh ibn Zubayr o‘zini xalifa deb e’lon qilgan Makka esa qamalga olinadi. Qamal qiluvchilar Makka devorini buzadi va shaharga o‘t qo‘yadi. Ka’ba ham olov ichida qoladi, Qora tosh (Hajar-ul asvad) alanga ta’sirida yoriladi. Biroq xalifa Yazid I to‘satdan qazo qiladiyu Makka talon-tarojdan asrab qolinadi. Shundan so‘ng xalifalik taxtiga Muoviya II o‘tiradi, ammo u bir necha oy hukmronlik qiladi, xolos...

Abdulloh ibn Zubayr kelgusi haj mavsumigacha Ka’bani qaytadan quradi. Oradan o‘n yilcha vaqt o‘tgach, zolimligi bilan nom chiqargan Hajjoj ibn Yusuf umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon ijozati bilan Abdulloh ibn Zubayr qurgan Ka’bani buzib, uni qurayshiylar davridagidek qilib qayta tiklaydi. Abdulmalik ibn Marvon umra ziyoratiga kelganida Abdulloh ibn Zubayr Ka’bani Payg‘ambar (s.a.v.) qanday qiyofada ko‘rishni orzu etgan bo‘lsa, shunday qilib qayta qurgani haqida eshitadi va qilmishidan pushaymon yeydi. Oradan yana birmuncha vaqt o‘tib, xalifa Horun ar-Rashid ham Ka’bani Rasululloh (s.a.v.) istaklariga muvofiq, Abdulloh ibn Zubayr qurgani kabi, qayta tiklashni niyat qiladi. Lekin imom Molik har bir hukmdor Ka’bani qayta-qayta buzib, quraverishi maqbul ish emas, deya xalifani bu yo‘ldan qaytaradi.

Makkada haj qiluvchilar behad ko‘paygan yillarda odam tirbandligidan ba’zilarning jarohat olishi yoki shahid bo‘lishi hollari ham yuz bergan. Chunonchi, 1990 yili Minodagi yerosti yo‘lida mingdan ortiq hoji shahid bo‘lgan. Makkaga dahshatli vabo yopirilgan davrlar ham qayd etilgan. Masalan, 1831 yildan 1930 yilgacha 27 marta vabo epidemiyasi tarqalgan. Bular orasida eng dahshatlisi 1907 yili yuz bergan va unda 20 ming hoji halok bo‘lgan.

1979 yili Haramda 500 jangari 6 ming hojini garovga olgan. Ularning rahnamosi al-Utayba Saud Arabistoni nefti AQShga sotilmasin, davlat boyligi isrof qilinmasin va Saud xonadoni taxtdan voz kechsin degan talabni o‘rtaga qo‘ygan. Saudiya harbiylari hojilarni qutqarish uchun uch marta hujum uyushtirib, uch gal ham bundan natija chiqarolmaydi. Shundan so‘ng Frantsiya hukumatidan yordam so‘raladi. Nihoyat, hojilar garovda turgan masjidni frantsuz harbiylari ishg‘ol etadi. 200 nafar jangari yer tishlatiladi, ammo 250 nafar hoji ham shahid bo‘ladi.

Ka’ba va uning tevaragida insonni o‘ldirish tugul, ko‘nglini og‘ritish ham harom qilingan. Ayniqsa, hojilar ehromdalik cho­g‘ida nainki inson, balki jonivor, hatto qurt-qumursqaga ham ozor bermasligi lozim. Ilohiy hukm shunday. Ammo rioya boshqa. Bundan Ollohni yolg‘onchiga chiqarib bo‘lmaydi-ku! Diqqat qiling-a, Olloh “Tinch joy qildik”, deyapti, “Qiyomatgacha tinch bo‘ladi” deyayotgani yo‘q! Agar U qat’iy qilib “Tinch bo‘ladi” deganida, albatta tinch bo‘lardi – biz yuqorida zikr etgan ishlar ro‘y bermasdi. Unda bu dunyoning imtihon siri qolarmidi?! Demak, “Tinch qildik”, degan hukmga rioya etganlar bilan rioya etmaganlar o‘zaro ajralishi uchun ham ixtiyor insonda qoldirilgan. Masalan, Olloh Qur’onni o‘zgarmas holda saqlashni o‘z zimmasiga olgan va “Qiyomatgacha uni hech kim o‘zgartira olmaydi”, deb qat’iy aytgan – shu damgacha uni hech kimsa o‘zgartira olmadi, bundan keyin ham o‘zgartirishi dushvor. Axir, qancha harakatlar bo‘ldi! Xullas, Yazid I va uning izdoshlari hukmga itoat etmaganlar toifasidandir. Olloh harom qilgan ishlardan tiyilmagan musulmonlar avval ham bor edi, hozir ham bor.

“Internet-mufassir” tarixni bir oz chuqurroq bilganida, “Uy”ni odamlar uchun masaba va omonlik joyi qilganimizni eslang” (“Baqara” surasi, 125-oyat) kalimasiga yopishish uchun Yazid I ni tanlamagan bo‘lar edi. Makkada ham ba’zan odamlar, chunonchi, hojilar o‘lishi sira ajablanarli emas. Zero, Olloh biror bandasi, hatto payg‘ambariga ham o‘limni bekor qilmagan. Qazosi yetgan banda, qaerda bo‘lmasin, o‘lmay qolmaydi. Ajali yetmagani esa, har ne bo‘lsa ham, tirik qolaveradi.

“Internet-mufassir” “Baqara” surasining 125-oyatini “Makkada o‘lim bekor qilingan”, deya talqin qilish o‘rniga Ka’ba va uni o‘rab turgan Masjid ul-harom Olloh uchun ibodat qilmoqqa eng afzal joy ekaniga diqqatni qaratsa durust bo‘lardi. Yer yuzining boshqa biror yerida ibodat uchun bunday qulay tabiiy sharoit yo‘q, axir! Bizningcha, mazkur oyatda aynan shu haqda so‘z borayotir – qoyil qolmaysanmi, gumroh banda!

“Internet-mufassir” yana quyidagicha da’vo qiladi: IX. МАТКА ЖЕНЩИНЫ ИМЕЕТ 3 СЛОЯ. Матка женщины имеет гораздо больше слоев, таких как эндометрий, миометрий, периметрий, брюшина, шейка матки, тело матки, брюшинный покров, плацента (со слоями). “Он творит вас в утробах ваших матерей, одним творением после другого в трех мраках” (Коран, 39:6).

“Internet-mufassir”ning ayni da’vosiga uning tilidagi bir adabiyotdan olingan iqtibos-la javob qaytaramiz: “Матка состоит из следующих трех частей: 1) дно матки – это верхняя выпуклая часть матки, выступающая выше линии впадения в матку маточных труб; 2) тело матки – средняя (большая) часть органа, имеет конусовидную форму; 3) шейка матки – нижняя суженная округленная часть матки”. Иқтибосда яна давом этамиз: “Стенка матки состоит из трех слоев: 1) периметрий (серозная оболочка – tunica serosa seu, perimetrium); 2) миомет­рий (мышечная оболочка – tunica muscularis seu, myometrium); 3) эндометрий (слизистая оболочка – tunica mucosa seu, endometrium)”.

Ko‘rinib turibdiki, “internet-mufassir” bachadon qatlamlari deya da’vo qilayotgan “брюшина”, “шейка матки”, “тело матки”, “брюшинный покров”, “плацента (со слоями)” kabilar, aslida, undagi biror qismning tarkibi, xolos. Oyatda har qanday qatlamlar emas, yorug‘lik o‘tkazmaydigan qatlamlar haqida so‘z borayotir. Homila qorinda emas, bachadonda o‘sishiga doir bu oyatni zamonaviy biologiya va tibbiyot tasdiq etyapti-ku, axir!

“Internet-mufassir” shunga yaqin yana bir mavzuda bunday fikr yuritadi: X. СПЕРМА ПРОИЗВОДИТСЯ МЕЖДУ ПОЗВОНОЧНИКОМ И РЕБРАМИ. Автор Корана не имел научных знаний, кроме повторения распространенных научных ошибок своих современников. Сегодня мы знаем, что сперма производится в семенниках, а не между позвоночником и ребрами. “Пусть же посмотрит человек, из чего он создан! Создан из воды изливающейся. Выходит она из хребта и грудных костей” (Коран, 86:5-7). Яйце-клетка женщины не упоминается. Автор Корана не упоминает о роли яйцеклетки, поскольку единственное, что он видел во время полового акта – это сперму. Эта сура не упоминает о важной роли женской яйцеклетки в воспроизводстве человека. “Он создал супругов – мужа и жену – из капли, когда она извергается” (Коран, 53:45-46), ”которая выходит между хребтом и грудными костями”.

Ma’lumki, odam hujayralari muttasil yangilanib turadi. Masalan, teri hujayralari har ikki haftada, qon hujayralari har 150 kunda va hokazo. Umuman olganda esa, odam hujayralari har yetti yilda bir marta to‘liq yangilanadi. (Miya hujayralarigina bundan mustasno.) Shunga ko‘ra, shved nev­rologi Yonas Frisen “Har bir katta yoshli odam, aslida, o‘n besh yarim yoshga teng”, degan xulosaga kelgan. Xo‘sh, yangi hujayralarni organizm qaerdan oladi? Hujayralar zaxirasi qaerda joylashgan?

Savolga javob izlashni suyak miyasi nimaligini aniqlab olishdan boshlagan ma’qul. Ko‘pchilikka “umurtqa miya” tushunchasi ancha tanish, lekin “suyak miya” tushunchasi uncha ma’lum emas. Sodda qilib aytsak, odam skletini tashkil qiluvchi barcha suyak­lar ichida miya joylashgan. Yapaloq suyaklarda miya qizil bo‘lsa, naysimon suyaklarda u sariqdir. Odatda, qizil miya harakatchan, faol, sariq miya esa kamharakat, sust bo‘ladi. Bu o‘rinda sariq miyani bir chetga surib, faqat qizil miyaga diqqatni qaratamiz. Sababi – aynan qizil miya o‘zak hujayralar manbai hisoblanadi.

O‘zak hujayralarning bosh xususiyati shuki, ular to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi va qulay muhitda turli xil to‘qimaga aylana oladi. Boshqacha qilib aytilsa, o‘zak hujayralar deganda ixtisosi bo‘lmagan va bo‘lina oladigan, shu bilan birga, har xil to‘qimalar shakliga kirib, rivoj topib ketadigan to‘qimalarga aytiladi. Ko‘p bosqichli bo‘linish va ixtisoslashish jarayonini boshdan kechirgan o‘zak hujayradan boshqa turli hujayralar vujudga keladi. Odam organizmi qon bilan oqib kelayotgan o‘zak hujayralarni tutib oladi va ularni o‘zi taqchillik sezayotgan boshqa hujayralarga aylantiradi. Demak, inson tanasi o‘zini yangilash uchun zarur “xomashyo”ni o‘zak hujayralardan oladi, o‘zak hujayralar esa qizil miyada hosil bo‘ladi. O‘z galida, qizil miya manbai, asosan, qovurg‘a suyaklari hisoblanadi.

Erkaklik hujayralari bo‘lmish spermatozoidlar ham hujayralarning bir turi ekaniga tayanib, endi quyidagilarga diq­qatni qarataylik. Hozirgi zamon tibbiyoti erkaklik urug‘ini hosil qiluvchi o‘zak hujayralar, asosan, umurtqa va qovurg‘a suyak­lari birlashgan joydan ajralib chiqishi va moyakda spermatozoid shaklini olishini aniqladi. Demak, spermatozoidlar garchi moyakda paydo bo‘lsa-da, ularni hosil qiluvchi o‘zak hujayralar qovurg‘a va umurtqa birlashgan joydan ajralib, qonga so‘riladi va u orqali moyakka boradi. Qur’ondagi “U otilib chiquvchi suvdan yaratilgandir. U (suv) sulb (umurtqa) va taroib (ko‘krak) orasidan chiqadir” (“Toriq” surasi, 6-7-oyatlar) kalimasida ham so‘z umurtqa va ko‘krak suyaklari oralig‘i xususida borayotir.

Qur’oni karim ma’nolarining ruscha tarjimalarida “Toriq” surasining 5–7-oyatlari bunday bayon etiladi:“Пусть пос­мотрит человек, из чего он создан. Он создан из изливающейся жидкости, которая выходит между чреслами и грудными костями” (Эльмир Кулиев); “Пусть подумает человек о том, из чего он! Он создан из излившейся влаги, которая вытекает из чресел (мужчины) и тазовых костей (женщины)” (Магомед-Нури Османов); “Пусть человек подумает над тем, как он был создан! / Он создан из воды, что изливается (струей) / И из грудных костей, и из хребта исходит” (Валерия (Иман) Порохова); “Пусть же посмотрит человек, из чего он создан! Создан из воды изливающейся. Выходит она из хребта и грудных костей” (Игнатий Крачковский). Ushbu tarjimalarda ham bizning dalilimizga qarshi hech gap yo‘q. Demak, “internet-mufassir”ning ushbu da’vosi ham, xuddi avvalgilari kabi xato, puchdir.

Daniya qiroli Xristian X 1941 yili mashhur biokimyogar Kay Lindestryom–Lang­ga oqsil va fermentlar ustidagi samarali izlanishlari uchun shu mamlakatning oliy ilmiy mukofoti – Erstet medalini topshirar ekan, olimdan o‘ziga va marosim ahliga ferment aslida nima ekanini tushuntirib berishni iltimos qiladi. Shunda olim quyidagi rivoyatni so‘zlab beradi.

Bir arabning mol-davlati 17 tuyaga yuk bo‘lar ekan. U qazosi oldidan uch o‘g‘lini yoniga chaqirib, ularga bunday vasiyat qilibdi: “Katta o‘g‘lim – oilam tayanchi, shu bois u tuyalarning 1/2 qismini olsin. O‘rtancha o‘g‘limga esa ularning 1/3 qismini meros qoldirdim. Kenja o‘g‘limga tuyalarning 1/9 qismi tega qolsin”. Ushbu so‘zlarni aytib, ota jon taslim qilibdi. Padarining azasini bajo keltirgach, aka-ukalar merosni taqsimlamoqchi bo‘libdi. Lekin buning yo‘lini sira topa olishmabdi. Axir, 17 ta tuyani na ikki, na uch va na to‘qqizga taqsimlab bo‘lar ekan-da. Ularning boshi qotib turganda sahrodan bir darvesh o‘tib qolibdi. Bu zot ustiga kitob ortilgan qora tuyani yetaklab olgan ekan. Aka-­ukalar unga murojat qilib, jumboqni yechishda yordam so‘rabdi. Shunda darvesh “Otangizning vasiyatini bajo keltirish oson. Men sizlarga o‘z tuyamni beraman – siz merosni taqsimlab olasiz”, debdi. Endi aka-ukalarning tuyasi 18 ta bo‘libdi, jumboq ham osongina yechilibdi. Katta o‘g‘il barcha tuyalarning yarmini – 9 tasini olibdi. O‘rtancha o‘g‘ilga 6 ta tuya tegibdi. Kenja o‘g‘il ham o‘z haqqi bo‘lgan 2 ta tuyaga ega bo‘libdi. 9, 6 va 2 raqamlari qo‘shilsa, 17 soni yuzaga kelib, musofirning tuyasi ortib qolibdi. Jumboqni shu tariqa hal etgan darvesh o‘z tuyasini yetaklab, yana yo‘liga ravona bo‘lgan ekan. “Mana shu qora tuya fermentga o‘xshaydi. U bo‘lishi dargumon jarayonni vujudga keltirdi. Ayni choqda, o‘zi o‘zgarishsiz qoldi”, deya hikoyasiga yakun yasaydi Lindes­tryom–Lang.  

Shoyad, ushbu maqolamiz ham darveshning qora tuyasi kabi “internet-mufassir”ga o‘xshash kimsalar chalkashtirgan va oxir-oqibat jumboqqa aylangan masalalarga oydinlik kiritsa!..

Maqolani “Baqara” surasining 136-oyati bilan yakunlashni joiz topdik: “Aytinglar: “Ollohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub, asbotlarga (Ya’qub alayhissalomning 12 o‘g‘lidan tarqalgan zurriyotlarga – M.T.) tushirilgan narsaga, Muso va Iysoga berilgan narsaga va Payg‘ambarlarga Robbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasini farqlamaymiz va biz Unga musulmonlarmiz” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi).

“Tafakkur” jurnali, 2015 yil 4-son

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.