background
logotype

Mustaqillik yilnomasi (1991-2016)

Mustaqillik yillari o‘tmish sahifalariga 25 yillik tarix o‘laroq qo‘shildi. Quyida yurtimizning ana shu jajji tarix kitobi qatlariga muhrlangan yorqin sahifalar bilan tanishing.

1991 yil

31 avgust. Toshkentda Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari VI sessiyasida O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilindi. Oliy Kengashning respublika davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonoti qabul qilindi. Tegishli qarorga muvofiq O‘zbekiston SSR O‘zbekiston Respublikasi deb qayta nomlandi. 1 sentyabr — Mustaqillik kuni deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi Qonun qabul qilindi.

18 noyabr. Oliy Kengashning VIII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tasdiqlandi.

29 dekabr. Respublikaning davlat mustaqilligi masalasi bo‘yicha Referendum va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Islom Abdug‘anievich Karimov prezident etib saylandi.

1992 yil

30 yanvar. Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik Kengashi (EXHK) bo‘yicha Pragada bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining majlisida O‘zbekiston ushbu Xalqaro tashkilotga qabul qilindi.

10 mart. Bryusselda Shimoliy Atlantika hamkorligi Kengashi (ShAHK)ning favqulodda majlisida O‘zbekiston Respublikasi shu tashkilot a’zoligiga qabul qilindi.

16 mart. Toshkentda mustaqil O‘zbekistonda xorijiy davlatlarning birinchi elchixonasi — AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ochildi.

16 aprel. O‘zbekistonning birinchi yo‘lovchi avialayneri Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muntazam havo yo‘llarining boshlanishi bo‘ldi.

30 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki a’zosi bo‘ldi.

2 iyul. O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunini e’lon qilindi.

24 avgust. Toshkentda Janubiy Koreyaning “DEU” korporatsiyasi va O‘zbekiston Davlat kontserni “Avtoqishxo‘jmash” o‘rtasida Andijon viloyatining Asaka shahrida yiliga 180 ming avtomobil ishlab chiqaradigan avtomobil zavodini qurish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

9 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi XI Sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun — 8 dekabrni umumxalq bayrami deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi Qonunlari e’lon qilindi.

1993 yil

12 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasining Respublika Oliy Kengashi XIII sessiyasida qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonun e’lon qilindi.

26-28 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Sentyabr. Toshkentda O‘zbekiston tarixida birinchi bor Xalqaro Valyuta fondining doimiy vakolatxonasi ochildi.

Sentyabr. O‘zbekiston Xalqaro Moliya korporatsiyasi (XMK) a’zoligiga qabul qilindi.

1994 yil

25 fevral. O‘zbekistonlik xalqaro toifadagi sport ustasi, fristayl bo‘yicha Jahon chempioni va kubogi sohibi Lina Cheryazeva Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo‘lib o‘tgan XVII qishki Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. Qishki olimpiadalar tarixida birinchi marta chempion sharafiga mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi yangradi.

16 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida” Farmon chiqardi. O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi — so‘m respublika hududlarida 1994 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘m bo‘lgan bank qog‘oz pullari (banknotlar) va 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyin bo‘lgan metal tangalar holida naqd pul muomalaga chiqarildi.

1 sentyabr. Bonnda (GFR) O‘zbekiston Respublikasining Yevropada birinchi elchixonasi ochildi.

5 oktyabr. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi.

19 dekabr. Toshkentda YuNISEF bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekistonning BMTning rivojlanayotgan davlatlarga yordam ko‘rsatadigan Xalqaro bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ga a’zo bo‘lib kirishini nazarda tutadigan Bitim imzolandi.

1995 yil

23-24 fevral. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining I sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

26 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning vakolatlari muddatini 1997 yildan 2000 yilgacha uzaytirish masalasiga bag‘ishlangan Umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi.

25 may. Muruntovda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida barpo etilgan “Zarafshon-Nyumont” qo‘shma korxonasi ochildi. Bu korxona har kuni 37 tonnalik tuproq qatlamlarini qayta ishlab, ulardan jahon andozalari darajasidagi oltin va kumush oladi.

1996 yil

19 yanvar. “Tayms” (Buyuk Britaniya) gazetasining to‘laligicha O‘zbekistonga bag‘ishlangan 40 sahifalik ilovasi bosilib chiqdi.

25 mart. Andijon viloyatining Asaka shahrida “Damas” mikroavtobuslarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.

16 aprel. Professional boks tarixida ilk bor O‘zbekiston vakili — toshkentlik sportchi Artur Grigoryan jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar e’lon qilindi. U Germaniyaning Gamburg shahrida puertorikolik mashhur bokschi Antonio Riverni 12-raundda nokaut qildi.

25 iyun. “O‘zDEUavto” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida “Neksiya” avtomobili ishlab chiqaradigan liniya ishga tushirildi.

1997 yil

13 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Iste’dodli yoshlarning chet ellarga borib o‘qishini qo‘llab-quvvatlish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umid” jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar to‘g‘risida” Qaror qabul qildi.

19 oktyabr. Buxoro shahrining 2500 yilligi nishonlandi.

20 oktyabr. Xiva shahrining 2500 yilligi nishonlandi.

1998 yil

5 fevral. Amerikaning “Shattl-Endever” kosmik kemasi parvozi muvaffaqiyatli yakunlandi va unda Amerika astronavtlari bilan birga o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ham ishtirok etdi.

22 may. O‘zbek alpinistlaridan birinchi bo‘lib Rustam Rajapov Jomolungma (Everest) tog‘ining eng baland cho‘qqisini zabt etib, u yerda O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatdi.

23 oktyabr. Samarqandda buyuk mutafakkir Imom al-Buxoriyning 1225 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Shu kunning o‘zida Chelak tumanining Xartang qishlog‘ida Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuining ochilish marosimi bo‘ldi.

24 oktyabr. Farg‘onada Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi.

1999 yil

1 fevral. “Kurash” Xalqaro assotsiatsiyasi ochildi.

19 mart. «SamKochavto» qo‘shma korxonasi tijorat faoliyati boshladi.

6 may. Toshkent Islom universiteti tashkil etildi.

5 noyabr. Urganchda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan katta tantanalar bo‘lib o‘tdi.

1 dekabr. Toshkentda “Kabul-O‘zbek K” O‘zbekiston-Janubiy Koreya to‘qimachilik qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish majmuining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2000 yil

9 yanvar. Islom Abdug‘anievich Karimov 2000-2005 yillarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qilib saylandi.

12 may. Toshkent shahrida Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui ochildi.

7 avgust. Pekinda birinchi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi — “O‘zbek yarmarkasi” ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

29 avgust. “Toshkent — O‘sh” avtomobil yo‘lida Qamchiq va Rezak dovonlarida yerosti tunellari ochildi.

16 noyabr. Marg‘ilonda buyuk mutafakkir, Islom fikhining asoschilaridan biri, shayxulislom Burhoniddin al-Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi.

17 noyabr. Samarqandda islom fanining mashhur dahosi Imom Abu Mansur al-Moturidiyning 1130 yillik yubileyi respublika jamoatchiligi vakillari, turli xorijiy mamalakatlardan kelgan mehmonlar ishtirokida keng miqyosda nishonlandi.

2001 yil

14 iyun. O‘zbekiston Respublikasi “Shanxay forumi”ga a’zo bo‘ldi.

Iyun. “O‘zDEUavto” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida “Matiz” avtomobili ishlab chiqaradigan liniya ishga tushirildi.

Sentyabr. Toshkent metrosining Yunusobod yo‘li ishga tushirildi.

8 dekabr. YuNYeSKOning Finlyandiyada o‘tkazilgan 25 sessiyasida Samarqand Madaniyatlar kesishgan shahar sifatida me’moriy-tarixiy yodgorliklarning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

20 dekabr. Qashqadaryoda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuining xalqaro taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

2002 yil

16 yanvar. Toshkent shahrida Xalqaro Vestminster universitetini tashkil etildi.

2 aprel. Termizda ushbu shaharning 2500 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tantanalari bo‘lib o‘tdi.

18 oktyabr. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Kofi Annan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu dunyodagi eng nufuzli xalqaro tashkilot rahbarining O‘zbekistonga va umuman Markaziy Osiyo davlatlariga birinchi tashrifi bo‘ldi.

1 noyabr. Shahrisabz shahrining 2700 yilligi nishonlandi.

2003 yil

12 sentyabr. Nukus shahrining 70 yilligi nishonlandi.

27 noyabr. G‘ijduvoniy va Naqshband ziyoratgohlarida yubiley tantanalari o‘tkazildi.

2004 yil

13 iyul. Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha Jahon chempioni bo‘ldi.

26 avgust. Afinadagi "Olimpiada - 2004" musobaqalarida o‘zbekistonlik kurashchi Aleksandr Dokturashvili yunon-rum kurashi bo‘yicha, Artur Taymazov esa erkin kurash bo‘yicha 28-yozgi Olimpiada o‘yinlari chempioni bo‘ldi, Magomed Ibragimov kumush medal bilan taqdirlandi.

Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligi nishonlandi.

2005 yil

14 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Andijon shahrida sodir bo‘lgan voqealar munosabati bilan Toshkentda mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.

1 sentyabr. Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi qurib bitkazildi.

2006 yil

24 yanvar. Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar rahbarlari Davlatlararo kengashining Sankt-Peterburg sammitida O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida Qo‘ng‘irot soda zavodi ishga tushirildi.

2007 yil

14 avgust. Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkilotining (ISESCO) Toshkentni 2007 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilishi munosabati bilan Toshkent shahrida  “O‘zbekistonning islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro konferentsiya o‘tkazildi.

24 avgust. “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘li ishga tushirildi.

25 avgust. Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi nishonlandi.

7 sentyabr. Marg‘ilon shahrining 2000 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi.

21 noyabr. Turkiyaning Antaliya shahrida futbol bo‘yicha nogiron-amputantlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi chempion bo‘ldi.

2008 yil

16 yanvar. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimi bo‘lib o‘tdi.

18 dekabr. O‘zbekistonda “General Motors” korporatsiyasi bilan hamkorlikda dvigatellar ishlab chiqaradigan “General Motors Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

2 dekabr. Navoiy viloyati hududida «Navoiy» erkin iqtisodiy-sanoat zonasi tashkil etildi.

"Shashmaqom musiqasi" YuNYeSKO tomonidan "Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonasi" deb tan olindi.

2009 yil

28 avgust. Toshkent shahrida “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi ochildi.

1 sentyabr. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlis bo‘lib o‘tdi. 2200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahri «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.

4 sentyabr. Samarqandda “JV MAN Auto-Uzbekistan” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi ochildi.

17 dekabr. Toshkentda Astronomiya muzeyi ochildi.

2010 yil

27 may. Garvarddagi xal­qaro Kichik sayyoralar markazi o‘zbekistonlik olimlar tomonidan ochilgan kichik sayyora — «Samarqand»ni 70135-sonli tsirkulyarida qayd etdi.

25 avgust. “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasi “O‘zekspomarkaz”da Andijon viloyatining Asaka zavodida ishlab chiqarilgan yangi Chevrolet Spark avtomobilini keng jamoatchilik e’tiboriga havola qildi.

20 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

25 oktyabr. Argentinaning Krespo shahrida futbol bo‘yicha nogiron-amputantlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston nogiron-amputant futbolchilar terma jamoasi ikkinchi marotaba jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.

2011 yil

Yanvar. O‘zbekiston Respublikasi aholisi 28 milliondan oshdi.

4 iyul. Meksikada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi birinchi marta muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqa chorak finaligacha yetib kelishdi.

26 avgust. Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdining ilk qatnovi amalga oshirildi.

16 noyabr. Toshkent shahrida “Ma’rifat  markazi” majmuasi  ochildi. Bu zamonaviy binodan Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston  milliy  kutubxonasi  joy olgan.

2012 yil

Yanvar. GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan Chevrolet – Malibu rusumli avtomobillar ishlab chiqarila boshlandi.

15 fevral. Toshkent shahrida Xalqaro quyosh energiyasi instituti ochildi.

13 aprel. “Angren” maxsus industrial zonasi tashkil etildi.

12 avgust. London shahrida bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 4 medalni qo‘lga kiritishdi: erkin kurash bo‘yicha Artur Taymazov – oltin, Soslan Tigiev – bronza, boks bo‘yicha Abbos Atoev – bronza, dzyudo bo‘yicha Rishod Sobirov – bronza.

7 oktyabr. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi (U-16) mamlakatimiz terma jamoalari tarixida ilk bora Osiyo chempioni degan sharafli unvonni qo‘lga kiritdi.

28 sentyabr. Toshkentda “Bunyodkor” sport majmuining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi.

2013 yil

Fevral. O‘zbekiston aholisi soni 30 million nafardan oshdi.

18 mart. “Jizzax” maxsus industrial zonasi barpo etildi.

30 aprel. Poytaxtimizda kimyo fani bo‘yicha o‘tkazilgan 47-xalqaro Mendeleev olimpiadasida O‘zbekiston yoshlari 2 ta oltin, 5 ta kumush va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

1 iyun. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan yurtimizda yangi “Bolajon” deb nom olgan telekanal o‘z faoliyatini boshladi.

21 iyun. “Buxoro” xalqaro aeroporti Fuqaro aviatsiyasi “Aeroport” assotsiatsiyasining “MDH mamlakatlari orasida yilning eng yaxshi aeroporti” yo‘nalishida mukofotga sazovor bo‘ldi.

1 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 5000 so‘m bo‘lgan yangi pul biletlarini muomalaga chiqardi.

2014 yil

24 mart. Toshkent shahrida Inha (Janubiy Koreya) universitetini tashkil etildi.

Iyul. O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov o‘z brigadasi bilan Braziliyada bo‘lib o‘tgan JCh-2014da to‘rtta o‘yinda hakamlik qildi. 2010 yili JARda bo‘lib o‘tgan mundialda Ermatov beshta o‘yinda hakamli qilgandi. Natijada u hakamlik qilgan o‘yinlar soni to‘qqiztaga yetib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha u jahon futboli rekordini o‘rnatdi.

Avgust. Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar yosh sportchimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalga sazovor bo‘ldi.

1 oktyabr. Toshkent shahridagi “Minor” jome’-masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2015 yil

29 yanvar. Kurash 2018 yili Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi.

6 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Islom Abdug‘anievich Karimov 90,39 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

22 avgust. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdi Toshkent – Qarshi yo‘nalishida ilk qatnovni amalga oshirdi.

1 oktyabr. «Nasaf» poezdining Toshkent-Qarshi yo‘nalishi Kitobgacha uzaytirildi.

10 oktyabr. Rossiya poytaxti Moskva shahrida Ravon nomli yangi o‘zbek avtomobil brendining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Oktyabr. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi ishga tushdi.

2016 yil

13 may. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi.

21 iyun. Toshkentda Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi qurib bitkazildi.

23-24 iyun. Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. Majlis O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tdi.

23 iyun. Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli ochildi.

22 avgust. Rio-de-Janeyrodagi XXXI Yozgi Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar jami 13 ta medal (4 oltin, 2 kumush va 7 bronza) jamg‘arib, umumjamoa hisobida 207 davlat ichida 21-o‘rinni egalladilar. Vakillarimiz Osiyo qit’asi davlatlari orasida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi natijani,  MDH mamlakatlari orasida Rossiya terma jamoasidan keyin ikkinchi o‘rinni qayd etdilar.

25 avgust. Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy «Afrosiyob» elektr poezdining ilk qatnovi amalga oshirildi.

27 avgust. Qamchiq dovonidan o‘tuvchi “Andijon-Toshkent” yo‘nalishidagi ilk poezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

2 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov (1938-2016) vafot etdi.

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.