background
logotype

Nazar To‘rayev. Olimning nurli umri

Yaxshi insondan yaxshi xotiralar qoladi. Fidoyi olimning ilm-fanda yangilik bo‘lib kirgan ilmiy-izlanishlari esa uning sermazmun umr yo‘lidagi shamchiroq misol porlab turadi.

Mashhur fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Ubay Orifov ham ana shunday zahmatkash insonlardan biri edi. U Qo‘qon paxtachilik instituti assistentligidan fanimizning sardori, nafaqat o‘z yurtimiz, balki jahonga tanilgan akademik olim darajasigacha bo‘lgan mashaqqatli va faxrli hayot yo‘lini bosib o‘tdi.

Olimning ilmiy faoliyati 1932 yilda Samar­qand Pedakademiyasi(hozirgi Samarqand davlat universiteti)ni tugatganidan keyin boshlandi. Ammo ikkinchi jahon urushi uni o‘z faoliyatini bir muddat to‘xtatib turishga majbur qildi. Chunki olimning 1941 yildan to 1945 yilning boshigacha bo‘lgan hayoti urush maydonlarida o‘tdi. Urush yakunlanganidan so‘ng u hali harbiy shinelini yechmasidan turib, “Xlorli litiyning volfram yuzasida ionlanishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi. YAna shu yilning o‘zida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining fizika yo‘nalishidagi birinchi ilmiy muassasasi — Fizika-texnika ins­titutiga direktor etib tayinlanadi.

Gollandiyalik yirik olim A. Burs “Toshkent elektronika maktabining, U. Orifov boshliq olimlarning ilmiy ishlari bizning ishlarimizga asos bo‘ldi, shu sababli biz uni fanimizning ustuni deb ataymiz” deganida haq edi. Chunki yurtimizda fizika fanining taraqqiyoti va ilmiy tadqiqot markazlari — Fizika-texnika, YAdro fizikasi hamda Elektronika institutlarining tashkil etilishi va ularning istiqboli bevosita ana shu inson nomi bilan bog‘liq.

Domla paxta sanoati, quyosh energiyasidan xalq xo‘jaligida foydalanish masalalariga ham katta e’tibor bergan. Chunonchi olim boshchiligida uning shogirdlari va safdoshlari tomonidan paxtaning fizik-mexanik xossalari keng o‘rganilib, natijada paxta tozalash sanoatida muhim texnikaviy yangiliklar joriy qilingan. Buning samarasi o‘laroq urug‘lik uchun va moy sanoatiga sarflanadigan chigitdan momug‘i(lint)ni to‘liq ajratib olish va ularni saralash imko­niyati yuzaga keldi. Shu tariqa Elektronika instituti olimlari ishlab chiqqan texnologiya asosida yuqori sifatli urug‘lik chigit tayyorlaydigan sist­ema loyihasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

Bundan tashqari, U.Orifov kuchli yorug‘lik nuri dastasi va lazer nurlarining jismlar xossalariga ta’siri, quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantirish, bir qator geliotexnik qurilmalarni yaratish va ularni xalq xo‘jaligiga tadbiq qilish kabi masalalarga bag‘ishlangan ko‘plab betakror risolalar muallifi ekanini ham ta’kidlash joiz. Qolaversa, quyosh ener­giyasidan foydalanish masalasi O‘zbekiston Respublikasi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga molik ekanini yaxshi tushungan bu fidoyi akademikning tashabbusi bilan 1965 yildan boshlab “Geliotexnika” jurnali nashr qilina boshlandi. Jurnal o‘z davrida butun sobiq ittifoq geliotexniklarini birlashtirishda, ilmiy-texnikaviy yangiliklarni ommalashtirishda muhim vositaga aylandi.

E’tirof etish lozimki, U. Orifov serqirra olim bo‘lishi bilan birga fanning yirik tashkilotchisi va yosh avlodning jonkuyar murabbiysi edi. Uning tashkilotchilik fazilati, xususan, Sharq­da atomni tadqiq qilish markazi — O‘zbekiston Fanlar Akade­miyasi YAdro fizikasi institutini tashkil etishdan tortib, uni yetarli mutaxassislar bilan ta’minlash, ilmiy ishlar saviyasini zamon talabi darajasida amalga oshirish, fan-texnika sohasida mamlakatimiz uchun hali yangi bo‘lgan muammolarni yuqori darajada hal qilish kabi harakatlarida yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi.

Odatda ko‘pchiligimiz o‘zimizga tegishli bo‘lgan tor doiralardagi sohalarda faoliyat yuritib, hayotdagi boshqa muammolarga “Bu mening soham emas” deb e’tibor bermaymiz. Vaholanki, bu hamma vaqt ham to‘g‘ri bo‘lib chiqmaydi. Ustoz esa haqiqiy fizik olim bo‘lishiga qaramay, o‘z sohasidan uzoq bo‘lgan bosh­qa tarmoqlarga aloqador ba’zi muammolarning yechimini topishni ham o‘zi uchun sharaf deb bilardi. Jumladan, tibbiyotdagi sovuq kislorodlar muammosi, qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirish uchun lazer, reaktor va quyosh nurlaridan, magnit maydonidan foydalanish, tuproqda ko‘zga ko‘rinmas qurt-hasharotlarni quyosh nuri ta’siri bilan yo‘qotish, daladagi tuproq tarkibida azot va boshqa o‘g‘itlarning qancha muddat saqlanishini mass-spektrometr qurilmada aniqlash kabi ko‘plab muammolar bugun ham o‘z dolzarb­ligini yo‘qotgan emas.

Darhaqiqat, bu yetuk olim O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidentidek o‘ta mas’uliyatli rahbarlik vazifasida faoliyat yuritayotganida ham har doimgidek vaqt va imkoniyat topib, bevosita ilmiy tadqiqotlar o‘tkazar va katta ishtiyoq bilan tajribalar uchun yangi eksperimental qurilmalar yaratishga kirishar edi. U bir guruh shogirdlari bilan yadro parchalanish zarralarining massalari, energiyalari, ionli zaryadlarini analiz qiladigan noyob mass-spektrometr yaratdi. Bu qurilma yordamida zaruriy parametrlarga ega bo‘lgan parchalanish zarralari oqimlarini shakl­lantirish imkoniyati vujudga keldi.

Shu o‘rinda eslash joizki, fidoyi ustozimiz o‘zbek ilm-fanini yuqori pog‘onalarga ko‘tarish uchun eng avvalo, malakali kadr­lar tayyorlash zarurligini yaxshi bilardi. Bugungi kunda uning yordami va g‘amxo‘rligida ko‘plab fizik, ximik, biolog olimlar, muhandis kadrlar yetishib chiqdi. Ular fizikaviy elektronika, yadro fizikasi, atom va quyosh energiyasidan foydalanishning fundamental muammolarini tadqiq qilishda domla asos sol­gan institutlar va laboratoriyalarda, oliy o‘quv yurtlarida faoliyat yuritishmoqda.

Chindan ham bu mahoratli fizik olim yaratgan ilmiy yangiliklar, qilgan ezgu amallar biz uchun das­turulamaldir. Agar ustoz hozir hayot bo‘lganida bu yil yuz yoshni qarshilagan bo‘lardi... Ammo fidoyi olimning umri u yaratgan kashfiyotlar timsolida, ko‘plab shogirdlari izlanishlari misolida davom etmoqda desak, xato bo‘lmas. Aminmizki, vaqt ilmiy-texnikalarga qanchalik o‘zgarishlar kiritmasin butun borlig‘i bilan o‘zini fanga bag‘ishlagan, yuksak insoniy fazilatlar egasi, akademik Ubay Orifov nomi hamisha o‘zining nurli sahifasiga ega ekanligi qalbga taskin va g‘urur baxsh etadi.

Nazar To‘rayev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.