background
logotype

Nizomiddin Mahmudov. So‘zimiz rost va raso bo‘lsin

http://ziyouz.uz/images/ilm.jpg

Jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida kitob deyiladigan tuganmas xazinaning o‘rni favqulodda ulkan va muhtashamdir. Bashariyat tamadduni tarixining turli bosqichlarida sopol, tosh, po‘stloq, teri va nihoyat, qog‘oz kabi turli ashyolarda tartib berilgan kitoblar insoniyatning ma’naviy-aqliy olamiga chiroq tutib kelganini yaxshi bilamiz. Kishilik jamiyati tarixan qo‘lga kiritgan bilimu tajribalar, inson zakosi yaratgan nodir kashfiyotlar, badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan so‘z san’ati durdonalari, fozilu fuzalo, azizu avliyolarning komillik, odillik, muslimlik eshiklarini ochishga undash yo‘lidagi tabarruk kalomlari, jamiyatlar tarixi sahifalari va shu kabi axborotlar barcha-barchasi avlodlardan avlodlarga kitoblar orqali yetib boradi.

Kitoblardagi ibrat yog‘dulari bizning ko‘nglimizga yorug‘ va muqaddas tushunchalarni olib kiradi, ularni qalbimizga muhrlaydi. Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, “har bir ziyolining vijdon ishi bo‘lgan ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib qilish”da kitobdan o‘tadigan o‘tkir vosita yo‘q.

Sharqda, xususan, bizning yurtimizda bosma so‘zga, kitobga ishonch-e’tiqod, hurmat-e’tibor azaldan muntazam va mustahkam bo‘lganligi ma’lum. Tilimizdagi “kitobiy gap”, “kitobiy xulosa”, “risoladagiday” kabi iboralarda “to‘g‘ri, haqqoniy, adolatli” kabi ma’nolar mujassam bo‘lib, bu ma’nolar kitobga bo‘lgan ayni shu ishonch-e’tiqod natijasi sifatida barqarorlashgan. Hatto ba’zan u yoki bu fikrning to‘g‘riligi, biror ifodaning aniqligini jiddiy dalillash zaruriyati tug‘ilganda, “kitobda shunday deyilgan”, “falon ­kitobda shunday yozilgan” degan asoslarga murojaat qilinishi ham bejiz emas, albatta. Kitobxonlarimizda ana shu ishonchning sobitligi, bardavomligi benihoya muhim. Bu tushunchalarning muallaqlashmasligi uchun kitobimizdagi fikr ham, ayniqsa, gapimiz ifodasi tiniq va tirik bo‘lmog‘i shartdir. Ushbu ­talablarni uddalash muallifdan ­qanchalik mahoratu mas’uliyatni talab etsa, noshirdan ham shunchalik javobgarlikni taqazo etadi.

Adib, shoir, jurnalist mahoratining ibtidosi tilni to‘g‘ri va benuqson qo‘llay bilish malakasidan, ziyrak so‘z sezgisi va sevgisidan boshlanadi. Har qanday nashrning yagona quroli so‘zdir, uning maqsad-manzilga yetib bormog‘i uchun, avvalo, o‘zi sog‘lom bo‘lmog‘i lozim. Ayni so‘zi nochor bo‘lgan nashr ta’sirsiz va hatto yaroqsiz bir narsaga aylanadi. Nashr beta’sir bo‘lsa, so‘z uvol, qog‘oz uvol, texnika uvol, mehnat uvol... Buning ustiga, kitob tilidagi, kattadir-kichikdir, noqislik jamiyatda til didsizligiga yo‘l ochadi, kitobxonning nutq madaniyatini mo‘rtlashtiradi, uning tirik ona so‘z tuyg‘usini o‘tmaslashtiradi. Demakki, shaxsning ma’naviy-ma’rifiy dunyosiga daxl qiladi.

Bizning buyuk ajdodlarimiz nutq zarofatiga, til mahoratiga, imlo balog‘atiga bemisl ehtirom va e’tibor bilan qaraganlar, bu xususlardagi har qanday saktalik ularning nazaridan qochib qutulmagan. So‘z va sarkardalik ilmining benazir bilimdoni Bobur o‘g‘li Humoyunga bitgan maktubida ana shu boradagi nodurustliklaridan yozg‘irib, quyidagilarni yozgan: “Xatingni xud tashvish bila o‘qusa bo‘ladur, vale asru mug‘laqtur (juda chalkashdir). Nasri muammo hech kishi ko‘rgan emas. Imlong yomon emas. Agarchi xeyli rost emas, iltifotni “to” (harfi) bila bitibsen, qulunjni “yo” (harfi) bila bitibsen. Xatingni xud tavr qilib o‘qusa bo‘ladur, vale bu mug‘laq alfozingdin (chalkash so‘zlaringdan) maqsud tamom mafhum bo‘lmaydur (tushunilmaydi). G‘olibo xat bitirda kohillig‘ing (bo‘shliging) ham ushbu jihattindir. Takalluf (hashamat, bezak) qilay deysen, ul jihattin mug‘laq bo‘ladur. Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti: ham senga tashvish ozroq bo‘lur va ham o‘qug‘uvchig‘a” (Boburnoma. T., “Yulduzcha”, 1989, 321-bet).

Bugun yurtimizda juda ko‘plab davlat va xususiy nashriyotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular chiqarayotgan bosma nashrlarning aksariyatida tilimizning ifoda imkoniyatlari bo‘y ko‘rsatib turibdiki, buni mamnuniyat bilan e’tirof etmoq kerak. Ammo taassuf bilan ta’kidlamoq lozimki, mamlakatimizda ayrim nashriyotlar tomonidan chop etilayotgan ba’zi kitoblarni varaqlaganda, “o‘qug‘uvchig‘a faqat tashvish” bo‘ladigan dumbul jumlalarga, matnda o‘zining tayinli joyini topa olmagan bejo so‘zlarga, begona tafakkur quyushqonidan ozod bo‘lolmagan “o‘zbekcha” ifodalarga bot-bot duch kelish mumkin.

Kitobdagi so‘z rost va raso bo‘lishi, kitobxonni ishontirishi, tuyg‘ulariga ta’sir qilishi yoki, kamida, bu tuyg‘ularni qiynamasligi shart. Aks holda, kitobning sariq chaqalik qimmati qolmaydi. Kitob badiiy bo‘ladimi, ilmiy bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, undagi til tugal, til idroki intizomi uchun ibrat maqomida bo‘lmog‘i lozim.

Til xalqning bebaho mulki, undan har kim har kuni har qadamda foydalanadi, ammo bu tilning temir qonuniyatlarini har kim ham, albatta, bilaveradi, degani emas. Matematika yoki fizikadagi qonuniyatlarni bilish uchun qanchalik maxsus tayyorgarlik zarur bo‘lsa, tildagi teran va tarang qonuniyatlarning mag‘zini xolis chaqish uchun ham shunchalik tayyorgalik, xabardorlik zarur ekanligini unutmaslik lozim. Til ilmi yer yuzidagi eng qadim fanlardan biridir.

O‘zbek tiliga familiya so‘zi kirib, o‘zlashib bo‘lgan, unga o‘zbekcha muqobil axtarish keraksiz yumush. Lekin qaysidir bir “til bilimdoni”ning “ixtirosi” bilan bu so‘zga sharif degan muqobil topilibdi, ba’zi mundoqroq ish yurituvchilar tomonidan tayyorlangan bosma qaydnomalarda “I.F.” (ismi, familiyasi) o‘rnida hatto “I.Sh.” (ismi, sharifi) tarzida yozish ham boshlanibdi. Bu “ixtirochi”lar bilmaydilarki, eski o‘zbek matnlaridagi ismi sharifi (ismi sharifingiz) iborasi “ismi, familiyasi”degani emas, balki “sharafli, sharaflangan ismi” degani bo‘ladi, mazkur iborani tushunmaslik oqibatida ular qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarganlar. Bu do‘sti nodonning ishidir, ya’ni o‘zbek tilining sofligini saqlash uchun qayg‘urish emas, balki o‘zbek tili qonuniyatlarini buzishning o‘zidir. Bunday saktalik haqida ko‘p aytildi, lekin hali-hamon, taassufki, undan qutulib bo‘lingani yo‘q.

Ilgariroq taniqli adiblardan biri “adabiyot” so‘zining qoraqalpoq tilidagi “adab” va “ыyat”(uyat) so‘zlaridan tarkib topganligini asoslashga uringan edi. Yaqinda boshqa bir mutaxassis o‘zbek tilidagi “adabiyot” so‘zining o‘zagi “ada” (dada, ota) ekanligini adabiyotning asosiy vazifasi tarbiya, panddan iboratligiga, tarbiya berish esa ko‘proq otaning vazifasi bo‘lganligiga asoslangan holda isbotlashga harakat qildi. Til ilmining alifbosidan xabardor odam “adabiyot” so‘zining arabcha ekanligini, uning na “uyat” so‘ziga, na “ada” so‘ziga hech qanday daxli yo‘qligini yaxshi biladi. Yoki bir kitobda arab tilidan o‘zlashtirilgan “tilsim” so‘zining o‘zagi haqiqatga mutlaqo zid o‘laroq turkiy “til” so‘zi ekanligi “asoslanadi”. Bosma so‘z shaklida taqdim etilgan bunday yanglish fikrlar, tabiiyki, odamlarni chalg‘itadi, ma’rifatga xizmat qilmaydi.

O‘zbek tili asossiz ulug‘lashlar, soxta hamdu sanolarga muhtoj emas. Bu til yer yuzidagi eng qadimiy va boy tillardan biri ekanligi o‘zimizda ham, xorijda ham mutaxassislar tomonidan xolis e’tirof etilgan. Keyingi yillarda, taassufki, mutaxassis bo‘lmagan “havaskor tilshunos”larning o‘zbek tilining qadimiyligi, boyligi, dunyo tillaridagi aksariyat so‘zlar shu tildan olinganligi haqidagi noilmiy fikrlari ayrim xususiy nashriyotlar tomonidan kitob shaklida taqdim etilmoqda. Birgina misol. 2012 yili “Chashma print” nashriyotida chop etilgan “T” tovushining tovlanishi. Tamaddun taxtiravonidan to‘satdan topilgan tovush tilsimi tafsiloti to‘g‘risida tazkira (esse)” kitobidan olingan quyidagi ayrim fikrlarning ­to‘g‘ri-­noto‘g‘riligi haqida gapirib o‘tirish ham ortiqcha:

“Men tarixchi ham, filolog ham emasman... Ammo asarni yaratish bobida tilshunoslik va tarix fani bo‘yicha bir necha mustaqil xulosalarga keldim. Birinchisi, ikki talaba shogirdim bilan o‘zbek tilshunosligi tarixida hali qilinmagan bir ishni qildik. “O‘tmoq” fe’lining 175.400 ta shaklini yasadik. Qo‘yib bersa, bu shakllarni 500.000 taga ham yetkazish mumkin ekanligi haqida xulosaga keldik. Bu nimadan dalolat beradi? Bu o‘zbek tilining qadimiyligidan dalolatdir... Men ushbu asarimda hind-evropa tillari oilasiga kiruvchi yevropa xalqlari tillaridagi asosiy elementlar qadimgi turkiy tildan olinganligi haqidagi g‘oyani ilgari surmoqdaman” (4-bet). “Kiev” so‘zining kelib chiqish etimologiyasi “qiya + ev” so‘zlari qo‘shiluvidan tashkil topadi... Kishinev... uning etimologiyasi turkiycha “qishki + ev”dir” (26-bet). “...Yevropaliklar tilidagi “Albert” bizning tilda deyarli “Alpomish”dir!!!” (56-bet). “Endi “Yevropa” so‘zining o‘zi ham “Oyropa” deyiladi. Turkiy o‘zak bilan o‘qilsa, bu so‘z “Oy”, “Er”, “Alpa” so‘zlaridan tashkil topganligini ko‘rish mumkin” (59-bet). “Angliyadagi “Oksford” so‘zida ham bizning, nafaqat bizning, balkim juda ko‘p xalqlarning jahongir bobosi O‘g‘izxon nomi mujassam”(65-bet). “...Arabcha “jasur” – g‘oyat mard, qo‘rqmas ma’nosini beradi, ya’ni “ja” bo‘g‘ini bizning tilda “g‘oyat” so‘zini beradi”(79-bet). “Getman “mang‘it”ning teskari talaffuzi...” (84-bet). “Bizning tilimizda “ingliz” ularning tilida “inglish” deyiladi. Qadimgi turkiy tilda “ing” – eng, oliy, “l” –el, “ish” – ash, botir yoki do‘st, ya’ni “eng mard” yoki “do‘st el” ma’nosida bo‘lishi mumkin” (102-bet)... Bunday nozik xususlarda jo‘yali fikr bildirmoq uchun filologiyaning, hech bo‘lmaganda, alifbosidan xabardor bo‘lmoq shart.

Adabiyot so‘z san’ati ekanligi juda eski hikmat. Unda so‘z o‘zining bor badiiy sinoatlarini namoyon etmog‘i tamal talablardandir. Bizning adabiyotimizda bunday talablar tamoman ado etilgan badiiy durdonalar benihoya ko‘p. Ammo badiiylik degan tushunchani mulzam qiladigan, til noqisligi manaman deb turadigan, sifatsiz nutq namunasi desa ham bo‘laveradigan ba’zi asarlarning kitob shaklini olayotganligi taassuflanarli ekanligini aytmaslik mumkin emas. Ko‘p misolning hojati yo‘qdir, “Paymona” degan bir romandan olingan quyidagi ayrim parchalar bu fikrni dalillaydi: “Zarifa xolaning uchala o‘g‘li, bitta ota-onadan bunyod bo‘lishlariga qaramay, biri biriga mutlaqo o‘xshashmaydi” (3-bet). “Yodgor ... yana institutga kirdi, ammo o‘qishga hafsalasi bo‘lmadi, tashqi bo‘limga o‘tdi” (4-bet). “Karim akaning qalbi junbishga tushgan, hayajoni quvonchli edi”(9-bet). “Qudrat u paytlari ichkuyov bo‘lsa-da, birinchi farzandi tug‘ilgan...edi”(9bet). “Qiz sho‘rlik ham, ota-onasi ham isnod chekishmaydi ” (15-bet). “...olamshumul kashfiyotlar ixtiro qilishgan” (17-bet). “Qudrat aka ukasini tandir panasiga imlab, xo‘b tanbehini berdi” (20-bet). “To‘yni kechiktirilsa, ukasi har ko‘chaga kirib ketishi... mumkin” (23-bet).“Kim uning mushugini kisht deya oladi?” (24-bet). “Uning yelkasi ortidan osilib tushgan bir o‘ram qora sochi arqondek yo‘g‘on, ilondek og‘ir edi”(27-bet). “Mashina pastga tushishi bilan qorong‘i boshlandi” (31-bet). “Yodgor akasiga darhol telefon qoqdi” (42-bet)... Bunday jumlalarning badiiyatga daxlsiz ekanligini, ularda o‘zbek tilining hatto grammatik, mantiqiy-mazmuniy qoidalariga mutlaqo amal qilinmaganligini, so‘z sezgisining benihoya nochorligini isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q. Ulardagi lisoniy-mantiqiy notamomliklarni oddiy kitobxon ham bir qarashda seza oladi.

Bosma nashrlar, katta-kichik kitoblar tilining rost va raso bo‘lishi, ularda ming yillik tilimizning to‘g‘riligi va tarovatini to‘liq aks ettirish uchun mualliflar ham, muharrirlar ham mas’uliyatni hamisha yodda tutmoqlari zarurdir. Tilga tinimsiz e’tiborni elga muntazam e’tibor deb bilgan burungi ulug‘ bobolarimizning bugungi farosatli farzandlarining so‘z sezgisini asrash, parvarishlash ehtiyoji, yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaga berilayotgan favqulodda e’tibor ana shuni talab etadi.

Nizomiddin Mahmudov,

filologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 2-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.