background
logotype

Nodir Normatov. Sehrli diyor sarhadlarida

Bir og‘aynim bor. Qiziqmagan narsasi yo‘q. O‘zi Surxondaryoning olis, chekka bir qishlog‘ida yashasa ham, bilag‘onlikda shaharda yashaydiganlardan-da, o‘tib tushadi. Adashmasam, ana shu shovvoz o‘tgan asrning 80- yillarida qaysi bir jahon olimpiadasi o‘yinlari Moskvada o‘tkazilganda, bor- yo‘g‘ini sotib bo‘lsayam, musobaqalarni borib ko‘rib kelgan edi... Shu qiziqishi orqasidan dunyoqarashi kengayib, hozir tuzukkina fermer bo‘lib olgan. Navoiy bobomiz aytgan “Agarchi ogohsen, shohsen sen”degan satrni o‘ziga tumor qilib olgan. Yaqinda shu og‘aynim oldimga kelib qoldi. Kichkinaligimizda, u bilan Poshxurdsoyning yulg‘unzorida urush-urush o‘ynaganmiz. “Kimnidir Sen Amerika tomonidan, Eyzenxauersan deganmiz». Unga qarshi “qo‘lbola raketalar” tayyorlab, o‘zimizcha shu dushmanni yengganmiz. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida “sovuq urush” xavfi kuchaygani biz bolalarga ham ta’sir qilgan ekan-da. Do‘stim mening Amerikaga bir-ikki marta borganligimni eshitgan ekan, odatdagidek betga chopib gapirdi.

– Safarga borib kelgandan keyin, nonini halollash kerak-da, og‘ayni.

– Xo‘sh, nima qilish kerak?

– Xalqqa, odamlarga ko‘rgan-bilganlaringni yozib, matbuot orqali yetkazmaysanmi?

– Hozir safarnoma yozish urfdan qolgan. Neki bo‘lsa, internetdan o‘qib olsa ham bo‘laveradi, – dedim.

– Avvalambor, dunyoda nimaiki yaxshi narsa bo‘lsa, hech qachon urfdan qolmaydi, – dedi og‘aynim. – Internet bilan kitob-daftarning farqi bor. qolaversa, hali hammada internet ko‘rish imkoniyati yo‘q. Bo‘lganida ham, uning yo‘rig‘i boshqa, kitobga nima yetsin. Qo‘ling bilan ushlab, o‘qisang, tamom boshqacha-da... Yaxshi joyini qayta-qayta o‘qiysan. Shunday.Qo‘y bu gaplarni.... Qani, to‘rtta gurung qilaylik. Aslida gurungdan zo‘ri yo‘q. Shoshma, televizoringni o‘chir. Gapni gapga qo‘shmaydi... Mana, man televizorimni gurungni buzadi deb, birovga sovg‘a qilib yubordim. Shundan beri, uyqum yaxshi. Xotinim avvaliga xafa bo‘lib yurdi. Endi esa, to‘g‘ri qilgan ekansiz, vaqtni ko‘p olar ekan, deydi.

– Balki, radiong ham yo‘qdir, – deyman.

– Radiom bor... radio zo‘r narsa. Ishingni bajaraturib ham eshitaverasan. Gurung ham ketaveradi. O‘zbek uchun suhbat, gurung eskirmagan. Bu katta maktab. Bu bir o‘ziga xos teatr, hayotiy teatr. U tabiiy o‘tkaziladi. Ayniqsa, qishloqlarda...

Rost, qishloqlarda teatr ham, kino ham, sayohat ham – barining o‘rnini ana shu suhbat – gurung bosadi. Bu gurung bobo-momolarimizdan meros. Ilgarilari Ipak yo‘li bo‘ylab uzoq ellarga ketgan ajdodlarimizning topgan eng katta boyligi – shu gurung bo‘lgan. Ular safardan qaytganlaridan so‘ng, qavmu-qarindoshlariga boshdan kechirganlarini hikoya qilib berganlar. Ularning tasavvurlarini boyitishgan. Hozir ham bu an’ana bor. Ammo mavzu doirasi tor, biqiq bo‘lganligi uchun, bu suhbat-gurunglar hamisha ham maroqli kechavermaydi. Sababi esa, dunyoviy suhbatlarning kamligi. Xalq esa hamisha boshqa mamlakat, boshqa ellar, boshqa odamlar, ularning savdo-sotig‘i, rasm-rusumi, yashash tarzi, turli urf-odatlari haqida bilgisi keladi.

Og‘aynim o‘yga tolganimni ko‘rib:

– Oshna, gapirishga erinsang, boshqa payt kelay. Ammo, gurung bersang, cho‘g‘i bilan bo‘lsin. Odamlar topib aytishgan: yeganing o‘zingniki, ko‘rganlaringdan gapir, deydilar.

– Yo‘q, men yeganlarimni ham gapirib beraman, – deyman jiddiy turib.

–To‘g‘ri qilasan, yegan-ichganning ma’nisini chaqib olsang, yaxshi-da, – deydi og‘aynim gapimni ma’qullab.

Og‘aynim yo‘lxaltasidan men yaxshi ko‘radigan, tegirmonda tortilib, unidan tandirda yopilgan nimqora nonni olib, oldimga qo‘ydi. Jaydari qizil bug‘doydan qilingan bu nonni ko‘rib, suhbatga xamirturush, turtki topilganligidan suyunib ketdim.

– Xo‘sh.. boshladikmi?.. Mana, men Amerikada yeb-ichganimdan gapiraman.

– Ie, bo‘masam-chi. Shunisi qiziq-da.

Og‘aynimni hamma narsa qiziqtiradi: bozor-o‘char, urf-odat, tijorat, yeb-ichishlar...

Men esa o‘zim uchun, hech bo‘lmaganda bolalarimga so‘zlab berish maqsadida ko‘rgan-bilganlarimu eshitganlarimni yozib qo‘ygan daftarimni olaman. Ammo, uni varaqlab gapirish menga malol keldi.

Amerika haqidagi suhbatni nondan boshladim. Og‘aynimga qishloqdan keltirilgan mana shunday nonning uni Amerikada oq unnikiga nisbatan bahosi ikki-ikki yarim barobar yuqori turishini aytganimda, u gangib qoldi.

– Amerikada shu jaydari un bor ekanmi?

– Albatta. Bu unni Janubiy Amerikadan, Argentinadanmi-ey, olib kelisharkan.

Ana shu tariqa, non bahonasida unga esimda qolganlarni ayta boshladim.

 Nyu-Yorkning supermarketlarida o‘zim ko‘rgan va daftarimga yozib olgan narxlarni o‘qidim: 1 kilo suli uni 6 dollar, 1 kg javdar uni (qora un) 6–7 dollar, 1 kg oq un 2 dollar, 1 kg arpa uni 6 dollar, qizil bug‘doy uni ham 7–8 dollar turadi. Javdar, suli va oq un hamda kepagi qo‘shib tayyorlangan non eng qimmat, 500 grammi 3,5 dollar. Oq undan tayyorlangan nonning 500 grami – 2 dollar, qizil bug‘doy noni, vazni 500 gramm – 4,5 dollar turadi.

Bu narxlar o‘zgarib turishi mumkin. Nyu-yorkliklarning bozori-o‘chari quyidagicha: 1 kg qo‘y go‘shti – 4 dollar, 1 kg baliq, eng arzoni – 7 dollar, qimmati – 12–15 dollar, 1kg mol go‘shti – 4 dollar, 1 kg buzoq go‘shti – 7 dollar, 1 kg cho‘chqa go‘shti – 5 dollar, 1 kg tovuq (oyog‘i) – 1 dollar. 2 kg keladigan tovuq – 5 dollar.

Nyu-Yorkdagi tanishlarim bu narxlar avvalo mahsulotlarning darmondorilarga qanchalik boy va ekologik tozaligiga qarab belgilanishini ham aytishdi. Gormonlar bilan boqilgan Amerika tovuqlari eng arzon hisoblanadi.

– Shuning uchun bizda hov qaysi bir yillari Amerika tovug‘i keltirib sotishgan ekan-da. Hukumat shunday mahsulotlarga chek qo‘yib to‘g‘ri qilayapti, deydi og‘aynim. – O‘zimizning xonaki tovuqlar ulardan yaxshi deng.

Xullas, og‘aynimning savollariga javob berib bo‘lgan edimki, endi u meni sayohatimni bir boshdan aytib berishga undadi.

Men Amerikaga birinchi marta 1998 yilning bahor oyida uchgan edim. Toshkent – Frankfurt – Boston – Vashington marshruti bo‘yicha va orqaga qaytish bileti narxi – 4060 dollarni tashkil etdi. Ikkinchi marta esa «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasiga qarashli samolyotda uchdim, Toshkent – Amsterdam – Nyu-York – Vashington va orqaga qaytish bileti narxi – 2120 dollar. Deyarli avvalgiga ko‘ra ikki marta arzon. Suhbatning boshidayoq aytib qo‘yay, bu safar xarajatlari Vashington – “Tayms” fondi hisobidan qoplandi.

Amerikada bo‘lib o‘tgan Osiyo yozuvchilari anjumanida Xurshid Davron ikkalamiz ishtirok etdik. Qozog‘istondan – 8 kishi, Turkmanistondan – 6 kishi, Tojikistondan – 5 kishi, Qirg‘izistondan – 6 kishi, Rossiyadan – 20 ga yaqin yozuvchi va shoirlar qatnashdi.

Anjuman Vashington shahrining «Omni» mehmonxonasida o‘tdi. U ingliz, ispan, fransuz, xitoy, rus tillarida olib borildi. Osiyo yozuvchilari bilan bir qatorda Yevropa va Amerika yozuvchilari, olimlari mehmon sifatida qatnashishdi. Ko‘pgina Nobel mukofoti sovrindorlari XX asrda ro‘y bergan fojialar tahlili, XXI asrda Osiyo mamlakatlari adabiyoti istiqbollari haqida gapirishdi. Ma’ruzachilar asosan, 2-3 oy avval maxsus belgilab qo‘yilar ekan. Rus tilida ma’ruza qilmoqchi bo‘lsangiz, uning ingliz tilida tarjimasi shart. Markaziy Osiyodan faqat 3 kishi so‘zga chiqdi. Qozoq adibi, «Qon va ter» trilogiyasining muallifi Abdujemil Nurpeisovning chiqishi ishtirokchilar bahsiga sabab bo‘ldi. U turli respublikalarda yashayotgan adabiyot ahlining sobiq tuzum tarqalib ketgandan keyingi iqtisodiy ahvolini tahlil etdi, adabiyot istiqboli qanday bo‘lishi kerakligi haqida atroflicha gapirdi.

Men anjuman haqida batafsil to‘xtalmayman. Sharq adabiyoti va g‘arb adabiyoti o‘rtasidagi mushtarakliklar, mumtoz an’analar bilan bir qatorda ekologiya, din, oila haqida jiddiy suhbatlar bo‘ldi. Amerika olimlarining qayd etishicha, musulmon oilalaridagi barqarorlik boshqa dindagilarga nisbatan bir necha bor yuqori ekan. Amerikada 18 yoshga kirgan yigit-qiz mustaqil yashashlari uchun ota-ona uyidan chiqarib yuborilishi an’anaga aylangan. Natijada hali turmushning past-balandini bilmagan yoshlar har xil toifadagi nopok odamlar ta’siriga tushib qolishi, iqtisodiy qaramlik tufayli tanglik holatiga kelgan yoshlar hayotidagi fojialar haqida so‘z bordi.

Anjuman kunlari biz vaqt topib, O‘zbekistonning Amerikadagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qildik. Elchixonamiz Vashington markazida joylashgan, qadimiy, go‘zal, besh qavatli binoda ekan. Avvallari bu yer Kanada elchixonasiga mansub bo‘lgan. Bino ichida o‘zbekistonlik bir guruh ganchkor, o‘ymakor ustalar ishlashayotganligining ustidan chiqdik. Elchimiz A. Safoyev bilan birpas cuhbat qurdik. U kishi gap orasida “Vaqt topsalaring, Nyu-Yorkka boringlar, ertaga Ilyos Mallayevning o‘zbekcha she’riy kitobi taqdimnomasi bo‘ladi,” – deb qoldi.

O‘sha kuni kechasi elchixonamizning madaniyat sohasi mutasaddisi Ismat degan yigit “Linkoln” mashinasida, yonida 7- sinfda o‘qiydigan o‘g‘li bilan kelib, bizni Vashingtonni tomosha qilishga taklif etdi. Biz kunduzi Kapitoliyni, Oq uyni, Kosmonavtika muzeyini va shahar xiyobonlarini tomosha qilgan edik. Kosmonavtika muzeyi katta taassurot qoldirdi. Unda birinchi dirijabldan tortib, to oydan keltirilgan qora toshgacha qo‘yilgan. Kirish bepul. U Amerikadagi barcha maktab o‘quvchilarining sevimli maskani hisoblanadi.

– Vashington kechasi boshqacha, – deydi hamrohimiz. – Kelinglar, yaxshisi, Virjiniyaga borib, Pentagon binosini tomosha qilamiz. U dunyodagi eng uzun bino.

Biz ertasi kuni “Vashington tayms” ro‘znomasi tahririyatida bo‘ldik. U Vashington shahri chekkasida, ulkan bir binoda joylashgan. Uning keng, baland zaliga kirganimizda, yuzlab xodimlar ish stolida ishlashayotganini ko‘rdik. Har bir xodim yonida telefon, ma’lumotnoma va qomus, shaxsiy kompyuter. Har kim o‘z ishi bilan band. Men ayrimlarining yoniga borib, tarjimon yordamida o‘zimni qiziqtirgan savollarni berdim. Bu yerda faqat bosh muharrir va rassom-dizayn, bosh muharrir o‘rinbosariga alohida xona ajratilgan. Ro‘znoma 80-90 sahifada, ingliz tilidan tashqari, ayrim mamlakatlarda ispan, fransuz tillarida ham chop etilarkan. Men ikki suhbatdoshimning ham O‘zbekistonni bilmasligini eshitib hayron qoldim. Albatta, ular Rossiyani, sobiq SSSRni bilishadi. Sayohatim davomida bunday holatlarga bir necha bor duch keldim. Men o‘shanda O‘zbekiston nomi besh-o‘n yillardan so‘ng dunyoga dovruq soladigan yurt bo‘lishini, ammo buning uchun hali ko‘p yer to‘kishimiz zarurligini his qildim. (Amerikaga keyingi gal borganimda, bu narsa amalga oshganligini, Vatanimiz nomini aytishim bilan amerikaliklar Samarqand, Buxoro, Toshkentni eslashlari menga huzur bag‘ishladi.)

Vashington do‘konlarini, supermarketlarini aylanib yurdik. “Senter” deb atalgan metro yonidagi ulkan bir supermarketda uzum mayizini solsang, ikkinchi tomonidan qand qilib chiqaradigan yarim metr keladigan kichik elektr apparatni, un, suv, tuz solib qo‘ysangiz, turli shaklda non pishirib beradigan, bir oilaga mo‘ljallangan elektr tandirni ko‘rib, havasim keldi. Qo‘li qora mehnatdan bo‘shamaydiganlarga juda qo‘l kelarkan, deb o‘yladim.

Anjumandan so‘ng, Xurshid Davron Toshkentga, men esa Nyu-Yorkka boradigan bo‘ldik. U yerda yashaydigan tanishlarim safarimdan telefon orqali xabar topgach, tezda yo‘qlab kelishdi. Hayron bo‘ldim. “To‘g‘ri, Vashingtonda otellar juda ko‘p, – deydi Kamol. – Men otel ma’muriga qo‘ng‘iroq qilib, uning manzilini faks orqali Nyu-Yorkka jo‘natishini so‘radim. Faksda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha tez topib keldim.”

Biz o‘sha kuni Vashington yonidan oqadigan Potomak daryosini, Vetnam va Koreya urushida halok bo‘lgan amerikalik askarlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhalarini, general Jefferson va general Li yodgorlik qadamjolarini tomosha qildik. So‘ng Vashingtonning sergavjum ko‘chalaridan biri – Ema atrofidagi bir qahvaxonaga kirdik. Bu yerda ota-bobosi qashqadaryolik, o‘zi Afg‘onistonda tug‘ilib, keyinchalik Amerikaga borib qolgan Usmon degan yigit ishlar ekan. Qahvaxonasi ikki qavatli, qirq kishiga mo‘ljallangan. Ikkinchi qavatida va yo‘laklarda Qashqadaryo, Surxondaryo xalq amaliy san’atiga oid xurjun, ishlik, gilam, so‘zana, palaklar osilgan. Birinchi qavatda uch-to‘rt xo‘randa tamaddi qilib o‘tirardi. Osh, manti, chuchvara, kabob, sho‘rva qilishar ekan. Usmon va xotini ikkalasi ishlashadi. Binoni ijaraga olishgan, Virjiniyada, Vashingtondan 20–30 chaqirim narida turisharkan. O‘zbekchani toza gapirishadi.

– Odam kam-ku, xarajatlaringiz qoplanadimi? – deb so‘radim Usmondan.

– Amerikaliklarning ko‘pi uyda ovqatlanishmaydi, – deydi Usmon. – Oshxonamizda oqshomda odam ko‘p bo‘ladi. Albatta, foyda qilmasak, ishlab nima qilamiz.

Usmon bilan savdo-sotiq, obu havo, narxi navo haqida birpas gaplashib, so‘ng xayrlashib, Nyu-Yorkka ravona bo‘ldik.

“Toyota” mashinasi tekis, nihoyatda ko‘rkam yo‘ldan yelib ketdi.

Vashington – Parkvey katta yo‘li, ya’ni 95-shimol yo‘liga chiqdik. Har bir shtatning ma’lum bir yerlarida yo‘l haqi sifatida ikki, uch, to‘rt dollar berildi. Golland tunnelidan o‘tganda, to‘rt dollar to‘ladik. Bu tunnel Hadson (ruscha Gudzon) dengiz tagidan o‘tgan. Keyin Nyu-Yorkning asosiy shaharchasi – Manxettenga keldik. Istriver (sharqiy daryo) ustidan Vilyams ko‘prigi orqali o‘tib, Bruklin – Kvinz, so‘ng Long Aylend tezyurar yo‘liga chiqdik. Bular Nyu-York shahrining tumanlari. Utopiya parki yonidan o‘tib, Xenli ko‘chasi bo‘ylab yurdik va nihoyat, Eyva pleys (kalta ko‘cha)dagi uch qavatli uyga keldik. Kamol shu yerda yashaydi. Mahalla nomi Jamayka deb ataladi. Bu joyda ko‘proq ikki-uch qavatli uylar bo‘lib, asosan yahudiylar, qora tanlilar, ispanlar yashashadi. Kamolning uyi yaqinida 12-sinfgacha o‘qiydigan maktab, sal narida Seynt Jons huquq Universiteti joylashgan. Tanishimizning birinchi qavatdagi qo‘shnisi – eru xotin o‘sha universitetda dars berisharkan. Asli ingliz bo‘lgan bu qo‘shnilar bilan salom-alikdan nari o‘tishmas ekan. Negaki, Amerikada bemalol gap sotib yurishga vaqt yetmaydi. Hamma o‘z ishi bilan ovora. Qolaversa, bu yerda har kim bilan muomala qilinaverilmaydi. Har bir kishining o‘z davrasi, qiziqqan klublari, tanlagan yo‘nalishi bor.

Amerikada o‘qituvchilarning maoshlari bilan qiziqaman.

– Bilasizmi, o‘qituvchining maoshi katta bo‘lgan mamlakatda taraqqiyot qancha ravnaq topadi. Esimda, Afg‘onistonda eng abgor odam – muallim hisoblanar edi. Chunki ular eng kam maosh olishadi. Amerikada o‘qituvchilar ish tajribasiga qarab, katta-katta maosh olishadi, – deydi Kamol.

Nyu-Yorkda shahar kezuvchi sayyoh uchun yaxshi bir qulaylik bor. Bu shahar toponimikasida ko‘rinadi. Ya’ni mo‘ljalni oson olishga yo‘naltirilgan nomlar: Shimol yo‘li, Janub yo‘li, Sharq, G‘arb yoki Sharqiy Daryo, Sharqiy qirg‘oq. Ko‘chalar esa aniq, raqamlar bilan belgilangan.

Nyu-Yorkda ob-havo juda og‘ir, 60–70 foiz namlik rutubat borligi uchun odam og‘irroq nafas oladi, ko‘proq uxlaydi. Bahor faslida esa havo birqadar yengilroq. Safarimiz aprelning oxiriga to‘g‘ri keldi. Shahardagi hamma daraxtlar gullagan, hammayoq chamanzor, yam-yashil. Bundan tashqari, rutubat ko‘pligi uchun ayrim daraxtlarning barglari har doim yashil libosda bo‘ladi.

Ertalab dunyoning dovruqli joylaridan biri – Metropoliten muzeyiga bordik. Kirishi bepul, lekin xayriya berish savobtalab ish hisoblanadi.. Odamlar muzeyga kirish uchun turnaqator bo‘lib turishibdi. Xudda nahor oshiga kelgandek. Bu yerda turgan odamlarning ko‘rinishiyu liboslarida muzey ichidagi rangtasvir asarlarida ishlatilgan ranglarning bari bor deb o‘ylaysiz. Fundamentalizm uslubida qurilgan bu mahobatli binoga kirganimizda, bo‘limlari, ekspozitsiyalari shu qadar ko‘p ekanki, qaysi biriga kirishni ham bilmay qoldik. Kimningdir ortidan ergashib, yurgan edik, Xitoy, Misr, Yunoniston kabi davlatlarning qadimgi san’at namunalari namoyish etiladigan zallariga duch keldik. Fir’avnlarning mo‘miyolangan jasadlari, ossuriylar, niqoblar, haykallar, uy va urush anjomlari tartib bilan namoyish etilgan.

Islom san’ati bo‘limiga kirdik. Bu yerda turkman gilamlarini, o‘zbek so‘zanalarini tomosha qildik. “Eron gilamlari deb yozilgan-ku” desam, “Erondagi Mozandaronda juda ko‘p turkmanlar istiqomat qiladi. Shu bois turkman gilamlarini Eron yoki Fors gilamlari deb yuborishgan”, deb tushuntirdi Kamol.

O‘sha kuni afsuski, qo‘lyozma kitob san’ati bo‘limiga kira olmadik. Bu yerda miniatyurachi rassomimiz Shomahmud Muhammadjonovning nafis ziynatlangan miniatyuralar muraqqasi bor deb eshitgan edim. U menga Metropoliten muzeyida miniatyura san’ati bo‘limi xodimasi Mariya Svetoxovskaya bilan birgalikda ikki oydan ortiq amaliy ishlar olib borganligini aytgan edi. Bu ayol o‘rta Osiyo va Sharq miniatyuralari bo‘yicha mutaxassis, Temuriylar davri va Kamoliddin Behzod haqida ko‘plab risolalar yozgan. “Muzeyda bunday sir-sinoat ko‘p”, – degandi Shomahmud. Men o‘shanda aslida muzeyga kirishdan oldin aniq bir reja tuzish kerakligini his qildim. Axir, tanlab ko‘rmasang, undagi eksponatlarni bir oyda ham ko‘rib ulgurolmaysan.

Muzeyda o‘zim yaxshi ko‘radigan rassom Pol Gogen suratlarini ko‘rib qoldim. ”Meva terayotgan gaitilik ayollar” degan asari yonida suratga tushdim. Bir paytlar bu rassom haqida “San’at” jurnalida maqola yozgan edim. Yevropa rassomlarining, xususan, Van Gog, Pol Sezannlarning eng zo‘r asarlarini ham shu zalda ko‘rdim.

Van Gogning “Sarv daraxtlari”, “Arlezianka” (“Jinu xonim portreti”), Pol Gogenning “Ave Mariya” hamda Taiti va Gaiti davriga oid turkum asarlarini zavqlanib tomosha qildim.

Bu rassomlar o‘zlarining ko‘p asarlarini 1912 yilda Myunxenda bo‘lib o‘tgan musulmon rassomlari ko‘rgazmasidan, xususan, Kamoliddin Behzod, Sulton Ali, Mir Said Ali kabilarning iliq ranglarda ishlangan asarlaridan il-homlanib chizishgan. Muzeyda fransuz rassomi Kamil Koro asarlarini ham ko‘rishni niyat qilgan edim. Koroning yirik hajmli asarlarini ko‘rib hayratga tushdim. Rassom haqida nashr etilgan albomlar orqali u kichik hajmli asarlar yaratgan, degan yanglish tasavvurda ekanman.

Metropoliten muzeyini tark etar ekanman, uning bisotidan yana bahramand bo‘lish uchun qayta kelishni niyat qildim. Ayni paytda yon daftarimga ushbu ma’lumotlarni qayd qilib qo‘ydim: Muzey 1870 yilda amerikalik bir guruh biznesmen va san’at homiylari tomonidan tashkil etilgan.Homiylar asosan yirik sanoatchilar va badavlat sarmoyadorlar bo‘lishgan (Masalan, J.P. Morgan, Goras Xevmeyer va uning Luiza).

Muzey 1872 yilda birinchi ko‘rgazmasini ochgan ekan. Jon Teylor Jonson – muzeyning birinchi prezidenti. Jorj Palmer Putnem – ijrochi direktori bo‘lgan. Muzeyning hozirgi binosi amerikalik me’morlar Kalvert Vo va Jeykob Mold tomonidan loyihalashtirilib, 1880 yilda muzeyga aylantirilgan.

Muzey asosan uchta xususiy kollektsiya hisobida shakllangan – 174 Yevropa rangtasvir asari, ularning orasida Frans Xals, Van Deyk, Tepolo va Nikola Pussen asarlari ham bor. Muzey sarmoyador Jon Kensett vafotidan so‘ng, uning shaxsiy kollektsiyasidan olib kelingan 38 ta polotno bilan yanada boyidi. Bu muzey faqatgina XX asrga kelib, dunyoga tanildi. 1907 yilda muzeyga Ogyust Renuar asari keltirildi. Shundan buyon Metropoliten o‘zining impressionizm va postimpressionizm asarlari kollektsiyasi bilan muntazam to‘ldirilib, boyib bordi. 1979 yilda muzey Vermeer qalamiga mansub 40 polotnoga ega bo‘ldi. Misr san’ati to‘plamlari dunyodagi barcha kollektsiyalardan mukammalroq ekanligini aytsak, uning mavqei qanday maqomda ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Bugun ikki milliondan ortiq san’at asarlari muzeyning doimiy kollektsiyasidan o‘rin olgan. Metropolitenda turli yo‘nalishdagi ko‘plab kollektsiyalar bor.

Muzey har yili yangi sotib olingan asarlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan “Yillik hisobot” nashrini chop etadi. Men muzey foyesidan rangli suratlarga boy, kalendar tarzida tez-tez nashr etiladigan, bepul tarqataladigan “Metropoliten muzeyi san’at byulettini”ning turli nashrlaridan oldim.

Nyu-Yorkdagi eng yaxshi joylardan biri – Markaziy istirohat bog‘i. U Manxettenda, Madison avenyuda joylashgan bo‘lib, shahardagi eng katta yashil manzarali bog‘ hisoblanadi. Bu yerga kelganimizda, go‘zal bir tabiat manzarasiga boy maskan ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi: tabiiy yam-yashil tepaliklarda yosh-yalanglar yotib olib, quyoshda toblanishardi, suvi limmo-lim ko‘lda rango-rang oqqushlar suzib yurar, qaerdandir qurbaqalarning simfoniyasi eshitilardi, kattagina chekka qumlik sayhonda yoshi ulug‘roq ikki habash kishi qulog‘iga nimanidir tiqib olib, raqsga tushar, ularning yonlarida koptok, badminton o‘ynayotganlarni ko‘rish mumkin edi, keng yo‘lakda maykachan, shortiklarda chopib yurgan yoshu qarilar ko‘p, maydon bo‘ylab ketayotgan qadimiy soyabonli aravalarda bolalar, qariyalar o‘tirib, atrofni tomosha qilishardi.

Bu yerdan chiqib, Manxetten xiyobonidagi 14-ko‘chada joylashgan katta bozorga burildik. Bu bozor ko‘pincha chorshanba va shanba kunlari bo‘lib o‘tarkan. Juda ko‘rkam va gavjum bu bozor shahar o‘rtasida joylashgan. Rastalar, do‘konlar ko‘p, rango-rang. Bu yerga mamlakatning turli burchagidan odamlar kelishadi, tomosha qilishadi, savdolashib ketishadi. Bu yerga mashhur kino va sport yulduzlari ham bozorlik qilgani kelisharkan. Chunki, bu yerga har xil shtat va shaharlardan eng yuqori sifatli meva hamda sabzavotlar olib kelinadi. Bundan tashqari, qo‘lda tayyorlangan hunarmandlik va amaliy san’at namunalari, ayniqsa, amerikalik hindularning xaridorgir buyumlari va mahsulotlari ko‘rgazma qilib sotiladi.

Biz u yerdan chiqib, Bruklin, Xarlem tomonga o‘tib ketdik. ”Nyu-Yorkda hamma mahalla va joylar bir xil sarishtali emas, – deydi Kamol. – Bu yerda xaroba joylar va eski mavzelar (kvartallar) joylashgan, asosan, qoratanlilar yashashadi”. Menga aytishlaricha, xuddi shu yerda ko‘p jinoyat sodir bo‘larkan. Ayniqsa, nashavandlik, o‘g‘rilik, talonchilik...

 Men amerikaliklarning qay tarzda dam olishlari bilan qiziqaman.

– Dam olish uchun ko‘proq biror bir tabiat qo‘yniga borish rejalashtiriladi. Bu yerdagi o‘zbeklar ko‘proq bir-birinikiga mehmonga borishni yaxshi ko‘rishadi, – deydi Shafiqa. – Afg‘oniston orqali kelgan turkistonliklar, Kanadaning Toronto shahrida ham yashaydi. Toronto shahri Nyu-Yorkning shimoliy g‘arbida joylashgan. U yerda tanishimiz Naim va xotini Salvo yashaydi. Toronto Nyu-Yorkka qaraganda tinchroq, tozaroq shahar. Nyu-Yorkdagiday gavjum emas. Salvo bir kuni bizlarni singlisining to‘yiga chaqirdi. To‘y bazmi otelda chiroyli va zamonaviy, ayni paytda afg‘oncha bo‘lib o‘tdi. Shu yerda qiziq bir gap eshitdik. Afg‘on urushi paytida panoh izlab, Torontoga kelib qolgan bir o‘zbek ko‘chada qolgani uchun ham kanadalik uyli-joyli, boy ayolga uylanadi. U avvaliga namoz o‘qishini, dinini xotinidan yashiradi. Ayol bir kuni qarasa, eri oyat o‘qib, namoz amalini bajarayapti. Namoz nimaligini bilmagan ayol “Erim aqldan ozibdi” deb politsiyani chaqirgan ekan.

– Amerikada musulmonlar hayotiga boshqalar qanday qaraydi, – deb so‘rayman Shafiqadan.

 – Bu yerda birovning birovga ishi yo‘q. Ammo, ingliz yozuvchilarining kitoblarida negadir musulmon hayoti qo‘rqinchli tasvirlanadi. Yaqinda ingliz tilida “Fuadning hayoti” degan kitobni o‘qigan edim. Unda arab qizi Fuadning ayanchli hayoti, o‘z oilasidan ajralib, boshqa mamlakatga qanday qilib ko‘chib ketishi va u yerda o‘z baxtini topishi haqida yozilgan. Iroqning kichkina bir qishlog‘ida yashagan bu yosh qizning ayanchli hayoti odamni seskantirib yuboradi, – deydi Shafiqa.

Amerikaning katta shaharlarida avtobuslar deyarli kam, chunki hamma o‘z mashinasida yuradi. Biz Manxettenda qaysidir bir metro bekatiga borish uchun kichik avtobusga chiqdik. O‘zingiz avtomatga pul tashlab, chipta olasiz. Bu yerda hech qanday imtiyoz yo‘q, hamma chipta olishi shart. Faqat nafaqaxo‘rlarga ellik foiz chegirma bor. Osmono‘par uylar oralab, metro bekatiga keldik.

Nyu-Yorkning qoq markazidagi metro bekatiga tushib, biroz ajablanib turdim... Men bu yerni metro emas, Toshkentdagi poezdlar jo‘nab ketadigan ko‘p tarmoqli temir yo‘l vokzaliga o‘xshatdim. 1902 yilda qurilgan bu metro rostini aytganda, ko‘zimga anchayin xarob ko‘rindi. Eski vagonlarning biriga kirdik. Vagon ichida ko‘proq yirik, gavdali, semiz negr ayollariga duch keldik. Ular orasidan boshiga sombrero kiygan bir davangir semiz negr chiqib keldi, oldimizdan xirgoyi qilganicha o‘tib to‘xtadi. Qo‘shig‘ini tugatib, shlyapasini tutib, choy-chaqaga ishora qildi. Menga aytishlaricha, ajdodi qul qilinib, Amerikaga keltirilganlarning bugungi avlodi ishlab kun ko‘rishdan ko‘ra, davlat nafaqasini olib yeb yotishni xush ko‘rishar ekan. “Biz ishlamaymiz, Amerika uchun ajdodlarimiz qul bo‘lib ortig‘idan ham ko‘p ishlab qo‘yishgan”, – deyisharkan. Davlat tomonidan beriladigan nafaqa ularning faqatgina yeb-ichishiga yetadi, maishat qilishga esa pul kerak, shu bois, ular mana shunday usulda sadaqa so‘rab yurishadi. Mabodo, unga hech qanday sababsiz pul bersangiz, ular darg‘azab bo‘lishadi, hamiyatiga tekkan hisoblanasiz. “Biz tilanchi emasmiz”, deb sizning yoqangizdan olishi turgan gap.

1980 yillarda amerikalik arxitektor Frank Lloyd Rayt, yaponiyalik arxitektor Kenzo Tangilarning Amerika shaharlarida qurgan ajoyib binolarini kitoblarda ko‘rib, ular haqida “O‘zbekiston san’ati” jurnali uchun maqolalar yozgan edim. Jahon arxitekturasi yulduzlari hisoblangan bu me’morlar avangard izlanishlari bilan mashhur. Ayniqsa, Frank Lloyd Raytning Pensilvaniyada 1937 yilda qurgan “Follinguoter” deb atalgan shahar tashqarisidagi dala uyi meni maftun etgan edi. Bu me’morning asosiy maqsadi – inson yashaydigan uy yoki makonning tabiat bilan uyg‘unligiga erishishga qaratilgan edi. Bu g‘oya “Follinguoter” loyihasida qoyalar ustiga qurilgan uy timsolida tabiatga putur yetkazmaslik yo‘lidagi izlanish namunasi sifatida mashhur bo‘ldi. Bu aqida Amerika me’morlari ijodiga qattiq ta’sir qildi. Natijada bir qator shu tamoyilga yaqin binolar paydo bo‘ldi. Masalan, Skidmor, Ouings va Merril “Cheys-Manhetten” bank binosi, Lyudvig Mis van der Roe “Sigrom” binosi va hokazo.

Xullas, nabobot olamidan nusxa olgan ulug‘ me’mor Raytning ajoyib binolari, ularning shaklu shamoyillari meni nihoyatda qiziqtirgandi. Amerikada qad ko‘targan bunday binolar bolaligimda o‘qigan hindular haqidagi ertaklarni eslatgan edi. Bunday olganda, ana shu kabi yangi ma’lumotlar tufayli Amerika haqidagi ko‘ngilni g‘ash qiluvchi taassurotlarga darz ketgan edi. Negaki, ungacha hamisha kishida faqat g‘ashlik uyg‘otuvchi asarlarni o‘qigan edim. Xususan, Maksim Gorkiyning “Sariq iblis shahri”, Vladimir Mayakovskiyning “Men kashf etgan Amerika?” ocherklari yoki Mark Tvenning “Geklberri Finning boshidan kechirganlari”, Bicher Stouning “Tom tog‘aning kulbasi” kabi romanlari. Ularni barcha qatori maktabda yurgan kezlarimda o‘qiganman. Dunyo qiziq-da, “Tom tog‘aning kulbasi” romani muallifining ayol kishi ekanligini universitetda bilganman. Talabalik paytimda, Amerikaning eng mashhur yozuvchilari – Ernest Xeminguey, Jon Steynbek, Emiliya Edison, Tomas Vulf, Jek Londonlarning asarlari menda Amerika xalqiga nisbatan katta hurmat va ehtirom uyg‘otgan bo‘lsa-da, tuzumga nisbatan qandaydir nafrat shakllangan edi. Bu orada Aziz Abdurazzoq tarjimasida Longfelloning “Gayavata haqida qo‘shiq” dostonini, Uolt Uitmenning she’riy to‘plamlarini o‘qigan edim. Jerom Selinjer va O’ Genrining hikoyalar to‘plami ham juda katta taassurot uyg‘otgan edi.

Jek Londonning “Martin Iden” romani, “Hayotga muhabbat”, “Kish haqida qissa”larini o‘zbek tilida maktabda qayta-qayta o‘qiganmiz. O‘sha kezlarda amerikalik kommunist yozuvchi Jon Ridning Oktyabr to‘ntarishini madh etib yozgan “Dunyoni titratgan o‘n kun” asari ommalashgan edi... Yozuvchi 1920 yilda tif bilan og‘rib vafot etgan, Moskvada Kreml devoriga dafn etilgan. Universitetda o‘qigan yillarimizda amerikalik Anjela Devis degan kommunist ayolning nomi mashhur edi.

Xullas, maktabdan buyon Amerika adabiyotining muxlisiga aylangan edim. Ochig‘i, bitta mamlakatdan bir qancha Nobel mukofoti sovrindorlari: Sinkler Lyuis, Yudjin O’Nil, Pyorl Bak, Uilyam Folkner, Ernest Xeminguey, Jon Steynbeklar chiqqanligi meni hayratga solgan. To‘g‘ri, ularning ijodi menga birday yoqqan emas. Shunga qaramay, Amerika adabiyotiga oid qo‘limga nimaiki tushsa, o‘qishdan charchamasdim. Garchi fantastikaga qiziqmasam-da, Ayzek Azimov (familiyasi o‘zbekcha ohangga mosligi men uchun yanada qiziq edi), Rey Bredberi asarlari ma’qul bo‘lgan edi. Detektivlarga tobim bo‘lmasa-da, Stiven Kingning “Jag‘lar” romani o‘ziga rom etgan edi.

So‘nggi yillarda esa meni hindular deb atalmish el tarixi qiziqtirib qo‘ydi. Qaysi bir yili “Jahon adabiyoti” jurnalida tatar olimi Karimullinning asarini o‘qib qoldim1 . Unda hindularning tili turkiy til bilan taqqoslangandi. Bundan kelib chiqqan muallif xulosasi qiziqishni yanada orttirdi. Ularning tili, antropologik xususiyatlari turkiy qabilalarga o‘xshashligi meni hayratga soldi. Turkiy xalqlar ertaklarida borsa- kelmasga boriladigan yo‘l tez-tez tilga olinadi. Balki, bu so‘z Sibir tomonlardan qachonlardir Amerika qit’asiga o‘tib ketgan turkiy urug‘lar yo‘liga ishoradir? Hozirgi hindular esa o‘sha, borsa-kelmasga jo‘nab ketganlarning avlodlari bo‘lsa, ne ajab?!

1970 yillarda rassom Sa’dulla Abdullayev menga Ernest Seton Tompsonning jonivorlar haqidagi maroqli kitobini sovg‘a qilgan edi. Keyinchalik bu yozuvchining asarlarini Gavhar Normatova tarjima qildi. Keyinchalik bu muallifni Tog‘ay Murod ham tarjima qilib, kitob holida chiqardi. O‘sha kitobni o‘qiganimda, Amerika hindulariga, tabiatiga, hayvonot dunyosiga katta qiziqish uyg‘otgan edi. Miryoqub Qobilov degan do‘stimiz bu kitobni o‘qib, hindular kabi chodir tikib, bizni unga taklif etgan edi. Hindularga tili jihatidan yaqin yana bir qabila – eskimoslar ham meni qiziqtirgan edi.

Mustaqillikdan so‘ng, O‘zbekiston–Amerika madaniy aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Badiiy Akademiyada o‘zbek – amerika rassomlari hamkorligida badiiy loyiha amalga oshirildi. Avval O‘zbekistonda, so‘ng Amerikada. Rassom Alisher Aliqulov menga shularni hikoya qilgan edi: “Biz besh o‘zbek rassomi to‘rt amerikalik rassomni O‘zbekistonga taklif etdik. Toshkentda Akmal Nur ustaxonasida birgalikda bir matoda asar yaratdik. Bu asar 1-Toshkent Biennalesi ko‘rgazmasida namoyish etildi. Mehmonlar turli xonadonlarda yashashdi, o‘zbek oilalari bilan tanishishdi, Buxoro va Samarqand shaharlarini tomosha qilishdi. Shundan so‘ng xuddi shu guruh tajriba almashish uchun Amerikaga bordi. Vashingtondagi Universitetning grafika fakultetida bo‘ldik, ustaxonasida shu janr bo‘yicha yangi usul va metodikada asarlar ijod qildik. Ularni institutning dastgohlik bo‘yicha maxsus mashinasida bir necha nusxada chop etdik. Ofort, ksilografiya, gravyura ishlashning yangicha usullari bilan tanishdik. Keyin bizga homiylik qilgan Jahon bankining galereyasida to‘rt o‘zbek rassomi ko‘rgazmasi ochildi. Vashingtonda yilning har oyida, qaysi bir kunida barcha shaxsiy va boshqa galereyalar kelishgan holda ko‘rgazma ochisharkan”.

Zamonaviy san’at markazida amerikalik sobiq NATO generali Robertson fotoko‘rgazmasi bo‘ldi. Toshkent Fotosuratlar uyida Amerikaning Kalla instituti tomonidan tayyorlangan zamonaviy amerikalik grafik rassomlarning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Xullas, bunday o‘zaro aloqalar ancha kuchayib bormoqda. O‘zbek rassomlaridan Amerikaga borib, istiqomat qilayotganlar ham bor. Turkiyadan Amerikaga ko‘chib borgan o‘zbek rassomi Salima Ukiyan bilan Toshkentda tanishgan edim. Uni Ro‘zi Choriyev ustaxonasiga fotojurnalist Rustam Shagayev ergashtirib kelgan edi. Suhbatimiz rangtasvir haqida bo‘ldi. Salima kitob grafikasi rassomi ekan. Kitoblarga suratlar ishlaydi. Amerikada bu sohada katta nom chiqarmagan rassomning tirikchiligi qiyin, dedi u. Ammo bu sohada chet elda yaxshi ma’lumot, ta’lim olish uchun ko‘p mablag‘ kerakligini ta’kidladi. Shunda men O‘zbekistonda qardosh millat vakillari nima uchun jon-jahdi bilan malakali ta’lim olib, keyin xorijga ketishlarini anglaganday bo‘ldim. Axir, bizda maxsus tasviriy san’at maktablari bepul, litsey, kollej, institutlarda iste’dodi bo‘lsa bepul yoki xorijdan ancha arzon narxda ta’lim olishi mumkin-da.

O‘zbekistondan Amerikaga borib qolganlar orasida Nyu Yorkda kandakor- misgar Omon Azizov, grafik rassom Gulbahor Hoshimova, Xurshida Kamol, haykaltarosh Javlon Yormuhamedov, Chikagoda Farrux Rasulov va boshqalar bor. Ularning ijodi qay tarzda ekanligini bilmoq niyatida ayrim tanishlardan surishtirdim, ammo, aniq javob ololmadim.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 12-son.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.