background
logotype

Normurod Norqobilov. Amir Temur g‘origa sayohat

http://ziyouz.uz/images/amir_temur_gori.jpg

Sohibqiron bobomiz umrining ma’lum muddatlarida manzil qurgan Temur g‘ori va ungacha bo‘lgan qadamjolar bo‘ylab navbatdagi safarga otlandik. Yo‘lda Jizzax viloyatidagi Temur darvozasida bir lahza to‘xtab o‘tdik. Beixtiyor xayolga tolasan, kishi. Yurtimizda Amir Temur nomi bilan bog‘liq joylar ko‘p va har biri o‘ziga xos tarixga ega. Bu tarixni o‘qimoq va tadqiq etmoq, tabiiy, biz farzandlarning burchimiz. Xo‘sh, Temur g‘ori va unga tutash qadamjolar bu gal bizga nimalar haqida hikoya qilarkan? Shu istak og‘ushida yo‘lda davom etamiz.

Bu gal ekspeditsiya yo‘nalishini Qamashi tumanidagi Langar ota yo‘li orqali belgiladik. Negaki, Langar ota maqbarasi va g‘orgacha bo‘lgan keyingi masofa Amir Temur qadamjolaridan biri sanaladi. Asrlar osha xalq tili va dilida yashab kelayotgan rivoyatlarda o‘tmish haqida, sohibqironning bu ­manzil bilan bog‘liq faoliyati xususida istagancha misollar mavjud. Temur bobomiz ko‘p bor ziyorat qilgan bu ulug‘ maskan sari qayrilarkanmiz, barchamizning qalbimizni anglarsiz bir shukuh qamrab oldi. Aytishlaricha, mazkur maqbara sohibqiron tomonidan bunyod etilgan. To‘g‘ri, davrlar o‘tishi bilan u necha bor ta’mirlangan. Muhimi, unga Temur bobomiz asos solgan. Aziz-avliyolar ruhiga u kishining e’tibori nihoyatda yuksak bo‘lgani esa tarixdan ma’lum. Yana shu qishloqda sohibqiron nomi bilan bog‘liq bir masjid borligini ham eshitdik.

Oldinda borar manzilimizgacha hali uzundan-uzun ­masofa cho‘zilib yotardi. Olti yarim asr muqaddam cohibqiron hazratlari ot surgan, poyqadamlari tekkan tog‘u toshlarni ichki bir harislik bilan kuzatib boramiz. Shunda bir savol beixtiyor yuzaga qalqib chiqadi. Buyuk jahongir o‘z qo‘shinining jangovar mashqlari uchun nega aynan tog‘-toshlarni maskan tutgan ekan? Tarixiy manbalarda yozilishicha, sohibqironning asosiy g‘animi hisoblangan mug‘ul lashkarlari tog‘larda jang olib borishga xiyla no‘noq bo‘lishgan. Dasht va cho‘llarda jangning hadisini olgan g‘anim tog‘u toshlarda ko‘ngildagidek harakat qilolmas, son jihatdan nihoyatda ustun bo‘lishiga qaramay, o‘z imkoniyatini to‘kis ishga sololmas ekan. Oz sonli qo‘shinga ega sohibqiron esa harbiy taktikalar asosida dushmanga esankiratuvchi ­zarbalar berar ekan.

Yo‘l tezoqar tog‘ daryosi yoqalab ketgan, ikki tomon yam-yashil archa bilan bezangan qoyalardan iborat qandaydir daraga kelib qolgandek, na nomini bilamiz, na qaerdaligimizni. Lekin qarab ko‘z to‘ymasdi. Sohibqiron bu tog‘larga bejiz mehr qo‘ymaganini qayta-qayta his qilamiz. Temur g‘origa olib boradigan yo‘l bir chetda qolib, biz o‘zga daraga kirib qolgan ekanmiz. Adashib-uloqib yurib, daryo bo‘yida yolg‘iz qo‘nqayib turgan o‘tovga duch keldik. O‘tov cho‘ponlardan biriga qarashli, erkagi qo‘y boqib ketgan, ayoli uy yumushlari bilan andarmon ekan. Ayol tog‘liklarga xos keng ko‘ngillik bilan bizni o‘tovga taklif etib, qornimizni to‘yg‘azdi. Amir Temur boboning shu tog‘da kechgan jangovar faoliyatiga doir bir-ikki rivoyatlar so‘zlab berdi. So‘ng bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib yubordi.

Yana yo‘ldamiz. Bu vaqtga kelib, yo‘lning uchdan ikki qismini bosib qo‘ygan bo‘lsak-da, hali qarshimizda uzundan-uzun og‘ir tog‘ yo‘llari cho‘zilib yotardi. Hanuz qorong‘i tushmasdan g‘orga yetib borishga oshiqardik. Yo‘qotilgan soatlar o‘rnini to‘ldirishga urinsak-da, notekis tog‘ yo‘llari bunga sira izn bermas, mashina har yuqoriga ko‘tarilganda, uzoqdan Temur g‘ori joylashgan dara tepasidagi ulkan qorli cho‘qqigina ko‘zga tashlanar, yo‘limiz esa sira unay demasdi. Tog‘ qishloqlari allaqachon ortda qolgan, biz esa tobora balandlab borardik. Shu tobda dengiz sathidan qariyb 2200 metr yuksaklikda edik.

Baxtimizga o‘sha kuni dehqonobodlik bir cho‘pon yaylovga ko‘chib chiqqan ekan. Demak, tunashga qo‘nalg‘a bor, cho‘pon ikki o‘tovidan birini bizga berib turishi aniq. Negaki, yoz bo‘lishiga qaramay, tashqarida tunab bo‘lmasdi. Biz g‘or joylashgan daradan 7-8 chaqirim berida edik. Yo‘lning eng mashaqqatli qismi daradan boshlanardi. Tunda tiniqib dam olmagan odam ertasi sheriklariga ortiqcha yuk bo‘lishi mumkin. Shu bois, yuklarimizni tushirib, ­qo‘nalg‘a hozirlamoqqa kirishdik.

Biz yetib kelgan ayni shu tekislik Amir Temur bobomiz harbiy ­mashqlar o‘tkazadigan maydonlardan biri bo‘lgan ekan. G‘orga olib boradigan asosiy yo‘l ham mana shu hudud orqali o‘tardi.

Tongni iliq o‘tovda qarshiladik. Tashqarida havo juda salqin. Sharq tarafdan muzdek shabada esardi. Dara ichida og‘ir yuklarimizni olib yurish uchun cho‘pondan ulov so‘radik. Ammo uning aytishicha, hozir ayni eruv payti, soyda suv ko‘p. Pishqirib oqayotgan soydan eshak tugul, ot ham o‘tolmaskan. So‘ng ichi achib, qo‘shib qo‘ydi: «Yaxshisi, izlaringga qaytganlaring ma’qul. Suv bilan o‘ynashib bo‘lmaydi...» Bizni esa, shuncha yukni yelkada ko‘tarib tushish tashvishi ko‘proq qiynamoqda edi. Avvalgi cafarlarimiz paytidayoq buning nechog‘li mashaqqatligini anglab ulgurgandik.

Xullas, Temur bobomiz poyqadamlari tekkan tekislik bo‘ylab g‘or joylashgan dara sari yo‘lga tushdik. Kecha yo‘ldayoq barchaning qalbini junbishga keltirib, tunda bir ozgina tin olgan hayajon tag‘in o‘z zaptiga oldi. Buyog‘iga endi faqat yayov yuriladi. Faqat o‘z kuchimizga ishongan holda ilgarilaymiz. G‘or ichidagi lahm og‘zini bir oz bo‘lsa-da kengaytirish umidida kamina belkurak ham ko‘tarib olgan. Bilmas edikki, lahm atrofi yaxlit tosh, unga hatto cho‘kich ham kor qilmaydi.

Tog‘ jonivorlarigina yura oladigan tor so‘qmoqlardan goh yuqorilab, goh pastlab yurish, boz ustiga, yelkada og‘ir yuk, oxiri tinkamizni quritdi. Biroz nafas rostlashga qaror qildik. Ustiga ustak, chor-atrof shu qadar fusunkor ediki, unga bee’tibor bo‘lish juda qiyin. Bu qadar go‘zallikni bir joyda qadalibgina tomosha qilish qulay edi. Chunki yurgan paytda tevarakka alahsiyman deb tubsiz jarga toshday uchib ketish hech gap emasdi. Qanchalik horigan esak-da, tevarakdan ko‘z uzolmasdik. Dara nafaqat betakror chiroyi, sirli va vahimali ko‘rinishi bilan ham diqqatni o‘ziga jalb etardi. Eng qizig‘i, hozir dala-dashtda harorat 40 daraja, darada esa havo erta bahor yoxud kech kuzning havosiday muzdek edi. Dara tubiga tushganimiz sayin harorat tobora pastlashib bormoqda.

Ko‘z bilan qaralganda, g‘or juda yaqin tuyulgani bilan, ammo hali o‘rtada xiyla masofa bor edi. Umuman olganda, tog‘ning g‘alati bir xususiyati bor, ya’ni tog‘da hamma narsa yaqindan ko‘rinadi. Ammo bir sakrashda yetish mumkindek tuyulgan joyga bir-ikki soatda zo‘rg‘a yetasiz. Negaki, tog‘ — fusunkor, tog‘ — aldamchi, qisqasi, o‘ziga xos sir-sinoatga yo‘g‘rilgan tog‘ tabiati hamisha ham bag‘rini ochavermaydi.

So‘qmoq bo‘ylab enarkanmiz, rang-barang o‘simlik dunyosiga duch kelamiz. Umrimizda ko‘rmagan turli chechaklar chor-atrofda ochilib yotardi. Biroq bu narsalar bizni aytarli chalg‘itmas, go‘yo bu ko‘hna dunyoning barcha sir-asrori o‘sha yerda yashirindek, beixtiyor g‘orga oshiqardik. Shu o‘rinda Temur g‘origa safar qilish istagida bo‘lgan sayyohlarga ozgina eslatma bermasdan o‘tolmaymiz. Agar siz u qadim maskanga sayohatni ixtiyor etsangiz, g‘or tomon oshiqib, dara manzarasini e’tibordan xoli qoldirmang. Har ikki tomondagi yuksak qoyalarga jiddiy e’tibor bering. Nega deganda, g‘orni maskan tutgan Amir Temur navkarlari qoyalarga arqon tashlab, harbiy mashqlarning aksariyatini mana shu darada o‘tkazishgan. Xuddi Temur g‘oridek, bu daradagi har bir tosh, har bir qoya e’tiborga loyiq. Manbalarda yozilishicha, Sohibqiron 1364-1370 yillar orasida bu tog‘u toshlarni bir emas, bir necha marta manzil tutgan. Shuning uchun, bu yerda ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q.

Yo‘lning qolgan qismi dara tubi bo‘ylab davom etardi. Tevarak o‘sha-o‘sha lol qoladigan darajada go‘zal. Uzoqdan g‘or og‘zi yaqqol ko‘rinib turardi. Bir qarashda arzimas tuyulgan masofani to‘rt-besh soat deganda zo‘rg‘a bosib o‘tib, nihoyat g‘or og‘ziga yetib keldik. Endi oldimizda g‘orga kirish uchun hozirlik ko‘rish masalasi ko‘ndalang turardi. Bu esa tez bo‘ladigan ish emasdi. Tok beradigan motorni ishga qo‘shdik. Sokin darani uning ovozi tutib, oqshomga yaqin g‘or ichiga yurish boshlandi.

G‘or ichida kecha bilan kunduzning hech farqi yo‘q. Shuning uchun oshiqmay kira boshladik.

* * *

Amir Temur g‘ori! Buyuk jahongir va uning safdoshlari hayotlarining tilsimli soniyalarini o‘zida saqlab kelayotgan tosh koshona. Dastlab 40-60 nafar sipohi, so‘ngra bir yarim mingdan oshiq lashkarning bu tog‘u toshlarni to‘shamcha va bolish qilib qay tarzda umr kechirganlari sir-asroriga yetisholmay lolu hayron edik. Ulkan xarsang yonidan o‘tib, keng yo‘lakka kirishimiz bilan ­qorong‘i zimiston bizni bag‘riga oldi. Shift chamasi o‘n-o‘n besh metr balandlikda, oyoq ostida tosh bo‘laklari, havoning namligi borgan sari kuchaymoqda. Quloqqa chakillab tomayotgan suv tomchilari ovozi chalinadi. G‘orning yo‘laklari «labirint» shaklida, har qanday odamni adashtirish mo‘‘jizasiga ega. Shuning uchunmi xalq orasida, Amir Temurning nabirasi, alloma Mirzo Ulug‘bekning nodir qo‘lyozmalari, bobosidan qolgan xazina ham mana shu g‘or qa’riga yashirilgan, degan rivoyat yuradi. Burun turli tomonga yo‘nalgan katta-kichik yo‘laklar ko‘p bo‘lgan, vaqt o‘tishi bilan ularning deyarli barchasi g‘orda kechgan tabiiy jarayonlar tufayli bekilib qolgan.

Kirish yo‘lagidan so‘ng, g‘or o‘ng tomonga keskin qayrilib, biz birinchi zal yo‘lagiga kirdik. Bu yerning havosi yo‘lak havosiga nisbatan ancha sovuq ekan. G‘orda qishin-yozin havo harorati bir xil — olti daraja atrofida tebranib turadi.

Devorlarning rang-barangligi, turli shakllar, tosh ko‘chishlar tabiiy jarayon natijasi. G‘or zallari bir-biriga uzun-qisqa, tor va keng yo‘laklar bilan bog‘langan. Umuman olganda, bu yerdagi jamiki narsaning o‘zi bir mo‘‘jiza, manzara qadam ­sayin o‘zgarib boradi. Buxoro amirligining Shahrisabzdagi begi Mirza Salimbekning «Safarnoma»sida qayd qilinishicha, hatto yigirmanchi asrning boshiga qadar ham g‘orda kishini lol qoldiruvchi osori atiqalar ko‘plab mavjud bo‘lgan ekan. Chunonchi, g‘or ichidagi xonalarning tosh devorlarida bo‘rtma gullik, katta-kichik taxmonlar, tokcha-javonlar yo‘nilgan. Bu taxmonlarga toshpanjalar yasalgan. G‘or ichi zallarining yo‘laklarida, har joy-har joyda toshdan yo‘nilgan shamdonlarda shamlar shu’la taratib turgan. Oziq-ovqat saqlanadigan, taom tayyorlanadigan va, shuningdek, boshqa xonalar qurol-aslaha yasaladigan do‘kon-sandonlar bo‘lgan. Bunga izoh tariqasida aytish mumkinki, Temur g‘oridan uncha uzoq bo‘lmagan masofada hozirda ham Do‘konxona degan qishloq bor. Amir Temur davrida ham, undan oldingi zamonlarda ham bu qishloq ahli tog‘ jinclaridan temir ajratib olish sirini yaxshi bilishgan. Amir Temurdek buyuk salohiyat sohibi tog‘ning bu saxovatidan unumli foydalanmasligi mumkin emasdi. Keksalarning aytishicha, o‘tgan asr boshlaridayam g‘ordan qurol-aslaha va ro‘zg‘or buyumlari topilib turgan.

G‘or devorlarini ko‘zdan kechirgan holda zal yo‘lagiga o‘tamiz.

Bu joyni sumalaklar saltanati deyish mumkin. Umuman olganda, bu iborani g‘orga boshdan-oyoq ishlatish mumkin. Ayni shu sumalaklar vaqt o‘tishi bilan Temur davri osori-atiqalarini ko‘zdan yashirgan, o‘z navbatida, g‘orning umriga umr qo‘shib kelgan. Xo‘sh, sumalaklar nima? Ilmiy tilda tashbeh yuritadigan bo‘lsak, g‘orning shift qismi devorlaridan tog‘ jinslarining suvda erishidan hosil bo‘lgan sumalaklar — stalaktitlar, quyi qismdan o‘sib chiqadigan marmar tusdagi ustunga o‘xshashlari — stalagmitlar deb ataladi. Shakli-shamoyiliga qarab, biz ularni sumalaklar deb nomladik. Sumalaklar xilma-xil, biri chiroq nurida naqshinkor imorat ustunlarini eslatsa, boshqa biri butunlay o‘zga tasavvurni beradi. Sumalakning sindirilgan biror bo‘lagini ko‘zdan kechirsangiz, ajib holdan hayratga tushasiz. Bo‘lakdagi chizgilar qadimiy uslubda qurilgan binoning gumbaz va ravoqlaridagi naqshlarni yodga tushiradi. Beixtiyor o‘ylab ketasan kishi: sohibqiron Shahrisabz, Samarqand va boshqa hududlarda madrasa va ravotlar qurdirganda, ularning bezagi uchun shu g‘ordagi tabiat ajoyibotlaridan andoza olmaganmikan?

G‘orning go‘zalligidan lol qolib ilgarilar ekanmiz, baland ovoz chiqarmaslikka urinamiz. Chunki aks-sadodan tosh qulash xavfi bor. Mahalliy kishilar g‘orda o‘ralashishni yoqtirmasligidan shu narsaga amin bo‘ldikki, falokat hech kutilmaganda yuz berishi mumkin. Shu bois, biz ham sukutni afzal bildik. Uchinchi zal yo‘lagi o‘zining ajoyibotlari bilan boshqa zal va yo‘laklardan tubdan farq qiladi. Bu yerda ham sumalaklarga duch kelamiz. Biri haykalga o‘xshaydi, biri esa... Xullas, nimalarga o‘xshashligini goho farqlayolmay qolamiz.

G‘orning boshqa qismiga nisbatan uchinchi zalda toshlar nihoyatda ko‘p qulagan. Ayrim o‘rinlarda katta-katta tosh tepaliklar yuzaga kelgan, ularni bazo‘r aylanib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Darvoqe, Mirza Salimbek «Safarnoma»sida qayd etilgan yoqut tusli marmardan yasalgan xontaxta balki shu toshlar orasida qolib ketgandir. Har holda hozircha ko‘zimiz o‘zga jismga tushmadi.

Chamasi, to‘rt yuz metrga yaqin masofani bosib o‘tdik. Qarshimizda esa yana shuncha sir-sinoatga yo‘g‘rilgan g‘or yo‘lagi ko‘ndalang turardi. Yo‘l borgan sari og‘irlashmoqda. Ayni chog‘da g‘or manzarasi ham o‘zgarmoqda. Shift goh pastlab, goh yuqorilab turibdi. Ba’zi joyda balandlik 15-20 metrga yetsa, ayrim joylar past. Chiroq nurida turli tomonga yo‘nalib, g‘orning noma’lum puchmoqlariga singib yo‘qolgan yo‘laklarni ko‘rish mumkin. Ammo biz chalg‘imaymiz, asosiy o‘zan bo‘ylab harakatlanamiz. Agar har bir yo‘lakka e’tibor beradigan bo‘lsak, g‘orni haftalab chiqmasdan o‘rganish lozim. Borgan sari shiftdan suv tomchilari tomishi kuchaymoqda. Yana kim biladi, balki bu qalin tog‘ jinslari ­orasida ko‘z ochgan buloq suvlaridir.

Olg‘a yurishda davom etamiz. G‘or yo‘laklari goh uzun, goh qisqa. Xullas, g‘orning tuzilishi ancha murakkab. Toshlarning shakli, devorlar rangi, hatto sumalaklar ham rang-barang edi. G‘orning ­kiraverish qismidagi devorlar kulrangga yaqin bo‘lsa, bu yerdagi devorlar qizg‘ish, jigarrang va hatto och yashil ranglarni ham uchratish mumkin. Qisqasi, g‘or qadam sayin o‘zgarib borardi. Azaliy ­sukunatni esa, odatdagidek, tomchilayotgan chakki ovozlari buzib turardi.

G‘orning tabiiy joylashuviga qarab, devor rangi va sumalaklar o‘zgarib borardi. Ular asosiy yo‘lakdan besh-olti metr baland do‘nglikda bamisoli askarlarday qator turardi. Do‘nglikka bir kishini chiqaramiz. Sumalaklarning bo‘yi odam qatori ekan. Marmar rangdagi go‘zal «ustun»lar go‘yo g‘orning tinchligini qo‘riqlayotgandek. Bu xil sumalaklar g‘orda anchagina. G‘or oddiygina qilib «g‘or» deb atalsa-da, uning do‘ngliklari, yo‘laklari, «vodiy»lari, ya’ni tekisliklari, sumalaklardan iborat «o‘rmonzor»lari, buloq va ko‘llari bor. Kirsang, qaytib chiqishing qiyin bo‘lgan yashirin, chigal yo‘laklari bor. Kirgan kishi itoat qilishi lozim bo‘lgan o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. G‘or tabiati hazil-huzulni, nopisandlikni yoqtirmaydi. Ortiqcha harakat qilgan kimsa biror falokatga uchrashi tayin. Shuning uchun biz «odob» saqlab ilgarilashda davom etarkanmiz, birozdan so‘ng kaftdek tekis maydonga chiqib qoldik. Oyoq osti shu qadar ­silliqki, xuddi birov ataylab ­yuvib-tarab qo‘ygandek.

G‘or shiftini kuzatib shu narsaga amin bo‘ldimki, pastdagi manzaraning xilma-xilligi shiftga ko‘proq bog‘liq ekan. Agar shift zich va suv kamroq tomchilayotgan bo‘lsa, tosh qulashi siyrakroq, agar aksi bo‘lsa, toshlar xarobasi ko‘proq. Tosh qulashi g‘orning eng ­xavfli jihatlaridan biri.

Biz g‘orning eng og‘ir qismi sanalmish lahm og‘ziga yetib keldik. Shu yerda bir haqiqatni ochamiz: g‘orga kirganlarning aksariyati mana shu yerdan iziga qaytadilar. O‘zingiz tasavvur qiling, qarshingizda keng devor hosil bo‘lib, birdan g‘or tugaydi. Ko‘zingiz tulki inidek tor teshikka tushadi. Shu teshikdan so‘ng g‘or yana davom etishiga esa ­kishining aslo ishongisi kelmaydi.

Xullas, lahm og‘ziga suqilib kira boshladik. Bu yerning tuprog‘i quruq, shiftdan chakki tommas, lekin devorlari shudringga o‘xshash nam bilan qoplangan. Bir-ikki ko‘rshapalakning qorasi ko‘zga tashlanadi. Zal havosi quruq bo‘lgani uchun ko‘rshapalaklar uni boshpana sifatida tanlagan. Bu holatni ­boshqa zallarda uchratmagandik.

Birinchi lahmning uzunligi yetti-sakkiz metr, yo‘nalishi egri-bugri, havosi siyrak. Ammo oldinda bundan-da uzunroq lahm borligidan bexabar holda hademay g‘or tubidagi afsonaviy ko‘lga yetamiz, deb o‘ylaymiz. Har ikkala lahmni unchalik keng bo‘lmagan yo‘lak birlashtirib turardi.

Yo‘lak bo‘ylab borib, ikkinchi lahmga ro‘baro‘ bo‘ldik. Bu lahm birinchisidan ko‘ra ancha uzun edi. Ikkinchi lahmdan gumbazli zalga chiqdik. Shiftning balandligi 20-25 metr. U turli tuynuklar bilan «bezalgan». Chamasi, shiftdagi bu katta-kichik tuynuklar qachonlardir suv yo‘li bo‘lgan. Lekin bu yerda ham chakki tomishini uchratmadik. To‘rdagi ko‘l yaqin bo‘lsa-da, bu yerning havosi ancha quruq edi. Ammo buning sababini o‘ylab o‘tirmaymiz. Tik oyoqda bir necha ­soatlab yurganimiz bois, tinkamiz qurigan emasmi, birin-ketin yerga yonboshlaymiz. Uzoq-uzoqlardan esa ko‘lga quyilayotgan suvning ovozi quloqqa chalinadi.

Uzun-qisqa bo‘lib, yurishda davom etamiz. Ko‘l shovuriga quloq tutgan holda tor va notekis yo‘laklardan bir nechtasini bosib o‘tamiz. Ko‘l shovuri kuchayib, bamisoli ohanraboday o‘ziga chorlagani sayin tevarakka befarq nazar tashlaymiz. Negadir hammamiz ko‘lga oshiqardik. Nima uchunligini hozir ham tushuntirib berolmayman. Oshiqqanimiz bois, ko‘lgacha bo‘lgan bu qisqa masofaning tabiiy holati va manzarasi unchalik esimizda qolmagan. Eng so‘nggi yo‘lakdan egilibroq o‘tarkanmiz, birdan ko‘z oldimizda ulkan gumbazli zal, ya’ni ko‘lli zal namoyon bo‘ldi. Qo‘limizdagi chiroqlar nuridan u afsonaviy tusda, ha, aynan afsonaviy tusda tovlanardi. Bu manzara qarshisida barchamiz dong qotib qoldik.

* * *

Biz g‘or tubidagi ko‘l bo‘sag‘asidamiz. Ko‘z o‘ngimizda yuz ochgan mahobatli va sirli go‘zallik qarshisida barchamiz dong qotib qolganmiz. G‘or to‘rini shartli ravishda «Ko‘lli zal» deb nomladik. Ko‘lli zal afsonaviy va g‘aroyib, Temur g‘orining hozircha odam oyog‘i yetgan so‘nggi bekati. Rivoyatlarga qaraganda, g‘or o‘zani ko‘ldan so‘ng ham davom etarkan. Ammo haligacha ko‘ldan narisiga hech kim o‘ta olgani yo‘q.

Ko‘lli zal shovurga to‘la. Chiroq nurida ilg‘ash qiyin bo‘lgan baland, juda baland shiftdan ko‘lga suv tushib turibdi. Oyog‘imiz ostida esa ulkan ko‘l mavjlanib turardi. Suvi shu qadar tiniqki, tubidagi rang-barang toshlarni bemalol ko‘rmoq mumkin.

Rivoyatlarda aytilishicha, ko‘ldan so‘ng g‘or yana davom etarkan, men uning davomli o‘zanini qidira boshladim. Dastlab ko‘zim o‘ng yondagi yo‘lakka tushdi. Yakka o‘zim o‘sha tomonga yurdim. Bir kishi sig‘adigan tor tirqishdan ichkariga qarab intildim. Biroq yetti-sakkiz odimlardan so‘ng mo‘‘jazgina zalga chiqdim. Zalning o‘rtasida xuddi qo‘lda yasalgandek to‘rt burchak tosh supa mavjud ekan. Supa sahni chamasi sakkiz-o‘n metrlar kelardi, balandligi esa yarim metrdan oshadi. Tosh yuzasi shu qadar silliq ediki, atay tarashlanganday. Supadan narida esa ensiz yo‘lak og‘zi qorayib turardi. Shunda rivoyatlarda jon bor ekan-da, g‘or yana davom etarkan-da, ­degan o‘yga bordim. Supani yonlab o‘tib, yo‘lak tomon intildim. Ammo tezda hafsalam pir bo‘ldi. Uzunligi o‘n besh-yigirma odimli bu yo‘lakning davomi yo‘q ekan. ­Peshonam tosh devorga taq etib tekkach, izimga ­qaytishga majbur bo‘ldim.

Ko‘lli zalga chiqib esa ko‘z oldimda namoyon bo‘lgan manzaradan yana lol qoldim. O‘tkir chiroq nurlaridan zal shu qadar fusunkor tus olgan ediki, buni ta’riflashga so‘z ojizlik qilardi. Shiftdan tomchilab oqib tushayotgan suv zarralari, rang-barang tusdagi g‘or devorlari, quyidagi lojuvard ko‘l afsonaning xuddi o‘zi edi. Chiroqlar harakatlangan sayin bu manzara o‘zgarib turar, devor ranglari — qizg‘ish, ko‘kimtir, yashiltob, qo‘ng‘irtob, qoramtir, binafsha ranglari yaxlitlik kasb etib, nomsiz bir manzarani kasb etardiki, bu manzara yurakda qo‘rquv aralash hayrat uyg‘otardi. Ulkan gumbaz ostida harakatlanayotgan chiroq tutgan ekspeditsiya a’zolari esa bu ­mahobat oldida bamisoli bir zarra edi. Ular xuddi chumolidek timirskilanib yurishardi.

Men qo‘limdagi o‘tkir chiroq nuri bilan tevarakni paypaslab, g‘or devorlaridan uning davomiyligini bildiruvchi yo‘laklarni qidiraman. Shunda ko‘zim ko‘lning narigi qirg‘og‘idagi tuynukka tushadi. Bu xil tuynuklar ko‘lli zalda anchagina esa-da, bunisi kattaroq edi. Ko‘lni kechib o‘tish niyatidan qaytaman. Muzdek sovuq suv horigan jismimni tilkalab yuborganday bo‘ladi. Jiqqa ho‘l poyafzalim tosh ustida sirg‘ala-sirg‘ala, ko‘l yoqalab o‘sha ­tuynuk tomon yuraman.

Rivoyatlarda jon bordir, g‘or balki mana shu tuynuk orqali davom etar? Yigitlar shu qadar ish bilan band ediki, yolg‘iz o‘zimning bu taxlit sandiraqlab yurishimga birov e’tibor bermasdi. Aslida yolg‘iz kishining bu zaylda harakatlanishi mumkin emas, sizning barcha harakatingiz ikkinchi bir kishining doimo e’tiborida bo‘lmog‘i lozim. Chunki tosh qisib qolishi bor yoki... Ammo hozir bu haqda o‘ylaydigan vaqt emasdi. G‘or balki ­davomlidir, degan o‘y shu qadar xayolimni band etdiki, ehtiyotkorlikni ­butunlay esdan chiqardim.

Tuynuk ensiz bo‘lib, balandligi odam bo‘yi edi. Siqilibroq ichkariga kiraman. Namchil devorlarni paypaslab, olg‘a yuraman. Ammo yigirma odimlardan so‘ng yo‘lak keskin torayib, oldinga siljishning umuman iloji qolmadi. Noiloj ortimga qaytarkanman, izimga umidvor tikilaman. Balkim... degan o‘y boshimda charx uradi. Biroq yo‘lakning ko‘rinishi o‘sha «balkim...» degan umidga unchalik izn bermasdi. Nazarimda, tubi berk odatdagi yo‘laklardan biri edi u.

Bu orada tasvirga olish ishlari to‘la tugallangan, sovqotgan va horigan yigitlar qaytish taraddudida edi. Ko‘lli zalda ortiqcha o‘ralashishga hech kimda unchalik xohish yo‘q edi. Bizdan keyin yana zimiston qorong‘ilik bag‘riga singadigan lojuvard ko‘lga so‘nggi bor nazar tashlab, zalni asta tark eta boshladik. Oldimizda esa lahmlar va tor yo‘laklardan sirg‘alib o‘tishdek yo‘l mashaqqati ko‘ndalang turardi. Ammo bu endi bizni ortiq bezovta qilmas, ­negaki oldimizga qo‘ygan maqsadga erishgandik, ya’ni g‘orning tubigacha yeta olgandik.

Tun oqqanda g‘ordan chiqdik. Demak, deyarli sakkiz soat g‘or ichida bo‘libmiz. Tog‘ tuni salqin bo‘lishiga qaramay, g‘ordan ko‘ra ancha iliq edi. Kunduzi quyoshda qizigan toshlar issig‘i go‘yo jonimizga ora kirgandek edi.

O‘sha tun g‘or og‘zida, toshlar ustida tunab qoldik. Xuddi Amir Temur bobomizdek toshlarni bolish va to‘shamcha qilib yotdik. Tongda, toshqo‘rg‘onlik yigitlar ulov bilan chiqib kelishdi. Bunda ko‘zda tutilgan maqsad — birinchidan, yo‘l mashaqqatini yengillatish, ikkinchidan esa, Temur bobomiz qadamjolari bo‘ylab ekspeditsiyani davom ­ettirish edi. Ekspeditsiya ishini «Sherlar qal’asi»da yakunlash bilan bir qatorda, yo‘l-yo‘lakay dinozavr ­izlarini ham suratga olish edi.

Barcha og‘ir yuklarimizni ot va eshaklarga ortib, Temur bobomiz yurgan so‘qmoq bo‘ylab yo‘lga tushdik. G‘ordan xiyol uzoqlashganimizdan so‘ng g‘oyat go‘zal Ho‘kizburun sharsharasiga ro‘baro‘ keldik. Aytishlariga qaraganda, g‘or to‘ridagi ko‘lning suvi mana shu sharsharadan chiqib ketarkan. Darvoqe, shiftdan qanchalik ko‘p suv quyilmasin, ko‘l sahni hamisha bir maromda mavjlanib turadi. ­Ortiqcha suv tirqishlar orqali tashqariga chiqib ketadi.

Chuqur dara tubidagi ensiz so‘qmoq bo‘ylab borar ekansan, beixtiyor xayolga tolasan, kishi. Ming yillik tarix sochilib yotgan bu ovloq go‘shadan buyuk sohibqiron necha-necha bor goh xursand, goh ­parishon, goh mag‘rur, goh masrur holda bedovini o‘ynatib o‘tmagan, deysiz. Buni faqat tevaragimizni qurshagan asriy qoyalargina biladi. Lekin ular so‘zlamaydi, sukut ila biz odamzotning ­xatti-harakatlarini kuzatadi...

Chamasi o‘n chaqirimlardan so‘ng ­«Sherlar qal’asi»ga yetdik. Bu dara to‘g‘risida shuni ta’kidlash lozimki, aslida «hisor» atamasining lug‘aviy ma’nosi «qal’a» tushunchasini berarkan. «Qal’ai Sheron», ya’ni «Sherlar qal’asi» haqida mahalliy aholi tilida ikki xil talqin mavjud. Birinchisi, bu hududda hayvonot va nabotot olami, xususan, hozirda «Qizil kitob»dan o‘rin olgan aksariyat jonivorlar saqlanib qolgani, shuningdek, darada hayvonot olamining sultoni — arslonlar bir vaqtlar ko‘p bo‘lgani bois, to‘rt tomoni g‘oyat baland qoyalar bilan qurshalgan bu maskan «Sherlar qal’asi» nomi bilan izohlansa, ikkinchi taxmin esa yana Amir ­Temur bobomizga borib taqaladi. Bo‘lg‘usi jahongir o‘z yigitlari bilan bu tog‘u toshlarni makon tutganda, el ularni sevib «sherlar»ga mengzashgan, toshli daraga esa «Qo‘rqmas va jasur bahodirlar makon tutgan qal’a» deb ta’rif berishgan. To‘rt tomoni tik qoyalar bilan qurshalgan bu manzil haqiqatdan qal’ani eslatadi.

«Sherlar qal’asi»da ekspeditsiyani yakunlab, qo‘shni dovon betidagi dinozavrlar izlarini ko‘zdan kechirmoqni ixtiyoriy qoldirdik, kim istasa borib ko‘rsin, istamaganlar Toshqo‘rg‘onga qayt­sin, degan yo‘sinda. Haqiqatdan, dinozavrlar izlarini borib ko‘rmoqni istovchilar kam topildi. Negaki, yigitlar juda charchagan, hali oldinda yana o‘nlab chaqirim og‘ir tog‘ yo‘lini bosib o‘tishdek mashaqqat ko‘ndalang turardi. Mavjud ulovlarni esa yuklarimiz band etgandi. Poyi-piyoda yigirma chaqirimlab yo‘l bosish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermasdi.

Yo‘limizda tezoqar soy, so‘ng enka-tinkani quritadigan do‘nglik, shuncha yuk bilan tepaga chiqishning o‘zi bo‘lmasdi. Bunga uncha-buncha odamning yuragi bardosh berishi qiyin edi. Shu joyda ekspeditsiya ikki guruhga bo‘lindi. Bir guruh yuklar bilan Toshqo‘r­g‘on qishlog‘iga qaytadigan bo‘ldi. Ikkinchi guruh, ya’ni biz — men, tasvirchi, yana ikki kishi dinozavr izlari tomon yo‘lga tushdik. Shakl-shamoyilini ilmiy kitoblaru kinofilmlarda ko‘rganimiz bu ­jonivorning izlari bizni shu qadar qiziqtirardiki, uni ­birrov ko‘rmasdan o‘tib ketolmasdik.

Archazorlar oralab, toshli qiyaliklardan yiqilib-turtinib, nihoyat ko‘zlangan manzilga yetib keldik. Yaxlit toshli betda dinozavrning izlarini uchratdik. Izlar jami 23 ta bo‘lib, har birining kattaligi yarim metrga yaqin, qadam oralig‘i esa bir yarim metr edi. Izlarga qaraganda, jonivor tepaga o‘rlab, so‘ng iziga qaytgandi. Izlar tosh qotgan yuza, chamasi, qaynoq lava bo‘lganu, oyog‘i kuygan jonivor iziga qaytishga majbur bo‘lgan. Tosh betidagi bu izlar birinchi bo‘lib geolog V.Qurbatov tomonidan kashf etilgan. Vaqtida olimlar orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan bu izlarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turardik. Shuning uchun ularni erinmay tasvirga tushirdik, o‘zimizcha o‘rgangan bo‘ldik. Juda horigan bo‘lsak-da, lekin g‘oyat ­baxtiyor edik...

Xullas, Amir Temur g‘origa cayohatimiz Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida nihoyasiga yetdi. Biz Hisor tog‘ tizmalaridagi bu maskanga ikki bor ekspeditsiya uyushtirib, buyuk vatandoshimiz, sohibqiron bobomiz hayot yo‘lining ma’lum bir qismi to‘g‘risida hikoya qiluvchi bu manzilga doir muayyan tasavvurga ega bo‘lib, izimizga qaytdik.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 13-14-sonlaridan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.