background
logotype

Nurboy Jabborov. Adabiyot — hayratlar dunyosi

Bu yorug‘ olam hayratga limmo-lim. Biroq hayrat tuyg‘usi odamning xohishiga bog‘liq emas. Yaratgan Egam hamma bandasiga ham ato etmagan shu tuyg‘uga meni bolaligimdan oshno etgani uchun ko‘p shukr aytaman. Dastlab nimadan hayratlanganim yodimda yo‘q. Lekin tonggi shafaqning go‘zalligini hayrat og‘ushida kuzatganman. Uzoqdan ko‘ringan qorli tog‘lar, cho‘qqilarga hayratlanib boqqanlarim esimda. Yoz kechalarida uyimiz oldidagi supada benihoya yorqin, ilkis tursa odamning boshi tegib ketishi mumkindek tuyulgan yulduzlarga, sutday yorug‘ oyga hayrat to‘la nigohlarimni qadaganim rost...

Otam yigitlik kezlari nom chiqargan chavandoz bo‘lgan. Nainki Qashqadaryo, qo‘shni Surxon va hatto Turkmanistonning bizga tutash viloyatlarida ham Abdulhakim chobog‘onni (bizda chavandozni shunday atashadi) va uning uloqchi otini yaxshi tanishgan. Azaldan o‘zi shunday: zo‘r bo‘lsa, mard bo‘lsa, chobog‘onning nafaqat o‘zi, mingan oti ham shuhrat qozongan. Rah­matli bobomning o‘z og‘izlaridan eshitganman, kunlardan birida Turkmanistonning (o‘sha kezlari o‘rtada chegara bo‘lmagan) Xo‘japillos degan joyiga otamning ko‘pkari chopadigan otida borganlar. Bir guzardan o‘tayotganlarida quloqlariga odamlarning gap-so‘zlari chalingan: “Ot-ku Abdulhakim chobog‘onniki, ustidagi bobo kim ekan-a?!” Chobog‘onning otasini tanimagan odamlarning otini tanishi chindan hayratlanarli...

Menga mehri alohida bo‘lgani uchunmi, otajonim bir necha marta otga mingashtirib ko‘pkariga olib borgan. Sanoqsiz otlar suronini, chavandozlarning hayqirig‘ini, shuncha taloto‘pga qaramay, otajonimning qayta-qayta sovrinni halollab chiqqanini ko‘rib, hayratim chandon oshgan...

Onajonim benihoya mehribon, munis, mushtipar ayol edi. Otamning roziligi onam uchun hayot mazmuni bo‘lgan. “Otangning hurmatini joyiga qo‘y!” – biz farzandlar ongu shuuriga onajonimiz ana shu tuyg‘uni singdirgan. Fe’lida ajabtovur mardlik, g‘ayrat, shiddat, qat’iyat uyg‘unlashgan otam onamga har doim ham yumshoq munosabatda bo‘lavermagan. Ehtimol, sun’iy muloyimlikdan tabiiy dag‘allikni ko‘proq qadrlaganlari uchundir, onajonim nazdida otam chin ma’noda ulug‘vorlik timsoli edi. Mehribonlik onajonimga Xudodan ato etilgan bir ne’mat edi. Olti kelindan birortasini ham “sen”lamagani buning isbotidir.

Bir iborani juda ko‘p takrorlar edilar onam: “Do‘stdan ko‘p dushman”. Men hayratga tushardim: “Nega? Axir do‘stlarimiz juda ham ko‘p-ku?! Uyimizga muttasil kelib-ketuvchi qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindosh, oshnoyu begonalar do‘st bo‘lmay kim?!” Bu muxtasar iboraning asl mohiyatini keyinchalik angladim... Bir mushtipar ayol siyratida shunchalik aqlu zakovat, cho‘ng sabru sadoqat, shu qadar mehru muruvvat mujassam bo‘lgani hayratga sazovordir...

Maktabda o‘qir ekanman, asosiy yumushim mutolaa bo‘lgan. Qarindoshlarimizdan bo‘lgan kutubxonachi mendan bezor edi. Yostiqday romanlarni, katta-katta kitoblarni bir kun, kechi bilan ikki kunda “xatm” qilardim. “O‘qib kelyapsanmi yoki o‘qimay?” – ajablanib so‘roqqa tutardi mudira. Baribir kitob berishga majbur edi. Menda badiiy asarlarni saralash imkoni bo‘lmagan. Muallifning ismidan to kitob so‘ngidagi kichik harfda terilgan muharriri kimu necha adadda bosilgani haqidagi ma’lumotigacha o‘qib tashlar edim. Ko‘nglimga ma’qul tushgan she’rni bir-ikki o‘qishda yod olardim. O‘qiganlarimdan qalbimda iz qoldirgan ayrimlarining nomi hanuz yodimda: “Odam bo‘lish qiyin”, “Tog‘da o‘sgan bola”, “Ruhim”, “Yuzma-yuz”... Berilib o‘qi­ganimdan, asar voqealarida qahramonlar bilan baravar ishtirok etib, ular quvonsa quvonib, iztirob cheksa, iztirob chekardim. Esimda, Safar akam harbiy xizmatdan kelganida, qo‘shnilarning bolalari suyunchi so‘rab, shovqin solib uyimizga kirib kelishgan. Mutolaa­ga sho‘ng‘ib ketganimdan dastlab ularning xushxabari qu­log‘imga kirganu, qattiq bandligimdan aqlu shuurimga yetib bormagan... Barcha baravar soldatni kutib olishga chiqib ketgach, shuurimda ochilgan darchadan xush­xabar shamolday kirgan, men ham akamning diydoriga yugurganman...

Otam cho‘ponlik qilgani uchun yoz bo‘yi yaylovda qo‘y boqar edik. Saraton oqshomlari oy sutday yorug‘ bo‘lar, chilla issig‘ida qo‘ylar kunduzi maza qilib o‘tlay olmas, shu bois tunda qo‘yni yoyishga chiqar edik. Tungi qo‘y boqish “yoyish” deyilardi. Yaylovda oy shu darajada yorug‘ ediki, azbaroyi qiziqishim zo‘rligidan kunduzi o‘qiy boshlagan kitobimni oy yorug‘ida davom ettirgan kezlarim bo‘lgan. Chinakam hayratni menga o‘sha yoz oqshomlari hadya etgan. Menda adabiy-estetik did, badiiy tafakkurni ana shu tinimsiz mutolaa tarbiyalagan bo‘lsa ajab emas.

Saboq

Ilk ustozim otajonim bo‘lgan. Hali maktabga bormasimdanoq qo‘limga qalam tutqazgan ham, qalam tutgan barmoqlarim ustidan tutib yozishni o‘rgatgan ham – otajonim. Faqat shu tabarruk zot sharofati bilan men maktabga bormasimdanoq savod chiqarganman, o‘qish va yozishni to‘liq egallaganman. Hatto o‘sha kezlari harbiy xizmatda bo‘lgan O‘rol akamga xat ham yozganman. Shu bois maktabda eng a’lochi o‘quvchi bo‘ldim.

Quvvai hofizam o‘tkir edi. Har qanday she’r­ni ikki-uch marta o‘qishda yod olardim. Ko‘nglimdagi adabiyotga bo‘lgan muhabbat uchqunlarini olovlantirgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Sharif aka Oqnazarov, musiqa muallimimiz Turdiqul aka Obidovlardan bir umr minnatdorman. Maktabda o‘tkaziladigan bayram tadbirlari asosan Turdiqul aka rahbarligida tayyorlanar edi. U kishi she’rni urg‘ulariyu ohangini o‘rniga qo‘yib, maromiga yetkazib o‘qir, bizdan ham shuni talab qilardi. Yigirma-o‘ttiz chog‘li o‘quvchi tadbir dasturi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, men deyarli barcha ishtirokchilar aytadigan she’riy parchalarni yodlab olar edim. Kunlardan birida qaysidir o‘quvchi adashib qolganida uning xatosini tuzatib yuborganimni ko‘rgan Turdiqul aka shundan keyin kimdir uzrli sabab bilan kelolmasa, unga taqsimlangan she’rni ham men aytishimni so‘raydigan bo‘ldi. Men esa, she’r o‘qishdan, she’r yod olishdan har doim zavqlanar edim.

1983 yil men uchun omadli keldi – Toshkent davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining talabasi bo‘ldim. O‘quv yilining avvalidanoq paxta kampaniyasi munosabati bilan fakultetimiz talabalarini Sirdaryoning Oq oltin tumaniga safarbar qilishdi. Paxta terish yoqimli bo‘lmagani aniq. Dala sharoiti, ko‘hna barak, buning ustiga, oylab universitet auditoriyasidan uzoqda yurishga to‘g‘ri kelardi. Biroq paxta kampaniyasi biz talabalar hayotidagi eng unutilmas davr bo‘lgani ham haqiqat. Garchi universitetdan yiroqda bo‘lsak ham, o‘qishdan yiroqda emas edik. Juda ko‘p badiiy, ilmiy kitoblarni Oq oltin tumani dalalarida o‘qiganimiz bor gap. Bir-birimizdan ko‘chirib yod olganimiz Abdulhamid Cho‘lpon she’rlari, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi naz­miy to‘plamlari, Pushkin, Yesenin kitoblari, Tols­toy, Xeminguey asarlari, Begali Qosimovning sariq muqovali “Izlay-izlay topganim” monografiyasi shular jumlasidandir.

Har oqshom albatta birorta ijodiy tadbir yoki adabiy uchrashuv o‘tkazilar, bu biz uchun chinakam saboq edi. Ustoz Ozod Sharafiddinov bilan uyushtirilgan turkum suhbatlar bizni o‘zga – yangi bir dunyoga olib kirganini unutib bo‘ladimi?! “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari, atoqli shoiru adiblar, taniqli olimlar bilan uchrashuvlar orzularimizga qanot bog‘lagan, ijodning sirli olamiga olib kirgan.

Har holda, universitetga saviyamiz, dunyoqa­ra­shi­miz birmuncha o‘sib qaytdik. Darslarga sho‘ng‘ib ketdik. Ustoz Umarali Normatovning hozirgi adabiy jarayonga oid hayajonga to‘liq ma’ruzalari bizda katta taassurot qoldirgan. Alisher Navoiy ijodiga doir darslarni ustoz Begali Qosimovdan tinglash baxtiga muyassar bo‘ldik. Miraziz aka Mirtojievning, Mamlakat opa Jo‘raboevaning, Mavjuda opa Narimonovaning har bir darsi biz uchun til xazinasi darvozalarini peshma-pesh ocha borgani hamon yodimda. Ustoz Sharif Yusupovning Furqat hayoti va ijodi haqidagi maxsus kursini tinglagach, men ilmning nima ekanini, uning zahmatidan halovat topish qanday bo‘lishini yurakdan his etdim. Furqat ijodi bo‘yicha nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishimda ana shu ma’ruzalardan olgan saboqlarim menga quvvat bag‘ishladi, dasturulamal bo‘ldi.

Fakultetimizda har doim kuchli ijodiy muhit bo‘lgan. Zamonamizning eng mashhur ijodkorlari, olimlari bilan adabiy uchrashuvlar, ijodiy mu­loqotlar tez-tez uyushtirilardi. Yozuvchilar uyushmasidagi biror yig‘inni o‘tkazib yubormaslikka intilardik. Bunday uchrashuv va suhbatlardan odatda ruhimiz yettinchi osmonga ko‘tarilib, yangi-yangi orzulardan qanot bog‘lab chiqardik. Ana shunday uchrashuvlardan biri mening ilmiy istiqbolimni belgilashda asos – zamin vazifasini o‘tadi. Bu uchrashuv O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar institutining akademik Aziz Qayumov boshchiligidagi olimlari bilan o‘tkazildi. Muloqot davomida eng ko‘p savol bergan talaba o‘zim bo‘ldim. Uchrashuvdan qalbim chin ma’noda bahra oldi: akademik Aziz Qayumov timsolida o‘z ustozimni topdim.

Sharqona an’anaga ko‘ra, ustoz meni shogirdlikka olishdan avval imtihon qildilar. Qo‘lyozmalarga qiziqishimni eshitgach, avval nasta’liqda bitilgan turkiy g‘azalni qo‘limga tutqazdilar – uncha qiynalmay o‘qidim. Forscha bilish-bilmasligimni so‘radilar. “O‘r­­ganyapman”, dedim. Forscha ruboiy matnini ko‘r­satdilar – qiyinchilik bilan hijjaladim. Tarjima qi­lishimni buyurdilar – o‘zlarining yordami bilan bir amalladim. Arabiydan xabarim bor-yo‘qligini so‘­­­radilar, o‘rgana boshlaganimni aytdim. O‘z dastxatlarida yozdilar: “Alimun bilo amal, kasahobun bilo mator”. Ya’ni, “Ilmiga amal qilmagan olim – bamisoli yomg‘irsiz bulutdir”. Yod bilganim uchun ravon o‘qib, tezda tarjima qildim. “Qaysi so‘z “bulut”ni bildiradi”, so‘radilar ustoz. “Sahob”, dedim. “Matn­da “kasohob”ku... deya nav­batdagi savolni berdilar. “Ka” – “bamisoli” de­­gani, – javob berdim men. Ustoz meni shogirdlikka qabul qildilar. Nazarimda, bu hikmat mening arabiy bilimimni sinash barobarida, qanday olim bo‘lish zarurligi haqidagi saboq ham edi. Qanchalik eplayotganimni bilmayman-u, lekin ustozning bu sabog‘iga amal qilishga intilib kelaman...

Xalqimizda nazar topishning sharofati haqida ko‘p gapiriladi. Men ustozlarimning duosini olganim, ularning nazarini topish baxtiga muyassar bo‘lganim uchun qancha shukr aytsam oz. Doktorlik dissertatsiyam himoyasida ustoz Begali Qosimov: “Har qanday dissertatsiyaning ahamiyati birinchi navbatda ilmdagi mav­jud fikrlarni, qarashlarni o‘zgartira olishida namoyon bo‘ladi. Nurboy Jabborovning tadqiqoti ana shu jihatdan qimmatli”, deya e’tirof etdi. Umrining katta qismini Furqat ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan Sharif Yusupov domla: “Dissertantning eng katta yutug‘i shundaki, u o‘zigacha bo‘lgan furqatshunoslarning yarimta ham gapini takrorlamagan, nimaiki aytsa, yangi gap aytgan, salaflaridan bir bosh yuqorida turib aytgan”, deb baholadi. Ustoz Abdulla Oripov kitob­laridan birini menga taqdim etar ekan, dastxatida mehrini: “Aytib qo‘yay, sen adabiyotimiz uchun vaqtida yoqqan yomg‘irsan!” degan obrazli tashbih orqali izhor etdi. Bir ilm odami uchun bundan ham ortiq e’tirof bo‘lmas. Bir olimning tole yulduzi charaqlagani shunchalik bo‘lar. Ustozlarning mehrini mujassam etgan bu so‘zlarni yodga olganimda, to‘lqinlanib ketaman. Shunga munosib bo‘lishga intilaman.

Jamiyat oynasi

Matbuot – jamiyat, millat hayotining oynasi. Millatning husnu malohati ham, qabohati ham ana shu oynada aks etadi. Muayyan millatning darajasi uning matbuoti mavqeidan baland bo‘la olmaydi. Matbuotning saviyasi, o‘z navbatida, millatning saviyasini belgilaydi. Shu bois o‘zini hurmat qilgan millat matbuoti rivojiga bor imkoniyatini safarbar etadi. Umrimning muayyan qismini matbuotga bog‘lagan odam sifatida buni yaqqol his etaman...

Jurnalistik faoliyatimni dastlab Oliy sud nashri bo‘lgan “Kuch – adolatda” gazetasida boshladim. Arxivlardan qatag‘on yillari qurbonlariga aylangan juda ko‘p oddiy odamlar qismatiga doir haqiqatlarni aniqlab, ular asosida “Qatag‘on yilnomasi” ruknida turkum maqolalar e’lon qildim. Ana shu asnoda ulug‘ Sohibqironning hayotiy a’moli bo‘lgan “Kuch – adolatda” shiorining mohiyatini qalbdan his etdim.

Meni yangi ta’sis etilgan “Fidokor” gazetasiga ma’naviyat bo‘limi mudiri sifatida ishga taklif etishdi. Holbuki, o‘sha kezlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti doktorantiman. Azbaroyi qiziqishim zo‘rligidan, qolaversa, dokto­rantning stipendiyasi bilan oila tebratish qiyinroq bo‘lgani bois tahririyatning bu taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim. Chinakam uyqusiz tunlar boshlandi. G‘oyalar menga tinchlik bermaydi, tuni bo‘yi mashinka chiqillatib chiqaman. Gazetaning bir sonida besh-olti xil imzoda shuncha materialim chop etiladi. Millatimizning eng yetuk ijodkorlari, olimlari bilan suhbatlar e’lon qildim. O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, akademiklar To‘rabek Dolimov, Ne’matulla Ibrohimov, Muzaffar Xayrullaev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Naim Karimov, Ashraf Ahmedov, Sa’dulla Otamurodov... Oliy Majlis deputatlari, siyosatshunoslar, faylasuflar... Zamonamizning eng dolzarb muammolari xususidagi bu suhbatlar men uchun chinakam maktab vazifasini o‘tadi. Suhbatlashganim bu ulug‘ siymolardan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Ulardagi havas qilganim fazilatlarni o‘zimda tarbiyalashga harakat qildim. Fikrim o‘tkirlasha, qalamim charxlana bordi... 2002 yili ana shu jurnalistik faoliyatim yuksak darajada e’tirof etildi. Muhtaram Yurtboshimiz farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu e’tirof meni yanada faol bo‘lishga undadi.

2003 yili meni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga ishga taklif qilishdi. O‘sha kezlari men – Milliy universitet dotsenti – adabiyot ah­li­ning ana shu yuksak minbarida dastlab bo‘lim mudiri, keyin bosh muharrir o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordim. Yozuvchilar uyushmasining nashri hisoblangan bu gazetadagi faoliyatim meni uyushmaning o‘sha paytdagi rahbari ustoz Abdulla Oripov bilan yaqinlashtirdi. Abdulla akaning maqolalarini gazetaga tayyorlash jarayonida bu ulug‘ ijodkorning so‘zga mas’uliyati nechog‘lik yuksak ekanini ko‘rib, to‘g‘risi, hayratlanganman. Gazetaning 2004 yil avgust sonlaridan birida ustozning “Ertangi kun ishonchi” sarlavhali maqolasi bosildi. Maqolani oyning o‘rtalarida topshirgan bo‘lsalar, qariyb ikki hafta davomida ustoz har kuni muntazam ravishda bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, qaysi sahifaga tahrir kiritgan bo‘lsalar, so‘zma-so‘z aytib turadilar – men bu tuzatishlarni matnga kiritaman. Maqola gazetada bosilishidan bir kun avval ustoz tahririyatga keldilar. Abdulla aka, bosh muharririmiz Ahmadjon aka Meliboev va kamina birga o‘tirib, yana maqola tahriri ustida ishladik. Ikkala ustoz o‘z tahrirlarini kiritgach, mening fikrim bilan ham qiziqishdi. Tortinib-qimtinib ba’zi fikrlarni aytdim – ustoz mamnuniyat bilan qabul qildilar. Maqola so‘ngidan mana bu to‘rtlik ham o‘rin olgan edi:

Darvesh umr bo‘yi chekib g‘am, zahmat,
Dunyoda haqiqat axtardi faqat.
Bir kun o‘rab dedi uni xaloyiq:
Haqiqat o‘zing-ku, o‘zing haqiqat!

Dastlabki variantda to‘rtlikdagi “xaloyiq” so‘­zi o‘rnida “olomon” so‘zi qo‘llangan edi. Ming bir istihola bilan: “Olomon” so‘zida salbiy ohang bor. Aslida darveshning o‘zi haqiqat ekanini anglagan toifani “olomon”dan ko‘ra “xaloyiq” deyilsa, afzal bo‘lmasmikan?!” – deya fikr bildirdim. Shu payt ustoz: “E, “xaloyiq” qilib o‘zgartir, judayam to‘g‘ri!” – dedilar mamnuniyat bilan. Shu tarzda tahrir qilindi. Ustozni kuzatib qo‘ydik. Kechki payt telefon jiringladi. “Labbay!” deya go‘shakni olsam, ustozning ovozlari: – Nurboy, o‘tgan barcha ulug‘ ustozlarim va o‘zim nomimdan “olomon”ni “xaloyiq”qa aylantirganing uchun senga ming bor tashakkur, – dedilar samimiyat va mehr bilan. Zamonamizning shunday ulug‘ ijodkori yosh bir muxlisining fikriga shu qadar e’tibor bilan qarashi, badiiy so‘zga bo‘lgan yuksak talabchanligi meni hayratda qoldirdi. So‘zni qay darajada qadrlash, e’zozlash zarurligi haqidagi bu saboq chinakam ijodkorlik o‘rnini yaltiroq so‘zbozlik egallayotgan bugungi kunda naqadar ahamiyatli ekani izoh talab qilmaydi.

Avlod tarbiyasi – millat tarbiyasi

Millatparvar alloma Abdurauf Fitratning bu so‘zlari barcha zamonlarga tegishlidir. Men faqat savodnigina emas, hayot darsini, adabiyot darsini ham dastlab otajonimdan o‘rgandim. Tarbiya borasida otam menga chinakam ibratdir. “Halolning boshi qilday bo‘lsa ham, tomiri tog‘day bo‘ladi. Shuning uchun u yengilmasdir. Haromning esa, boshi tog‘day bo‘lsa ham, tomiri qilday bo‘ladi. Garchi vahimali ko‘rinsa ham, istalgan fursatda tomiri “chirt” etib uzilib ketishi hech gap emas”. Betakror tashbihlar vositasida otam ko‘p takrorlaydigan bu obrazli hikmat mudom peshonamda charaqlab turadi. Hayot yo‘limda mezonni to‘g‘ri olishga undaydi. O‘z navbatida, men ham bu o‘gitni bolalarim qalbiga, shuuriga singdirib kelaman.

Adabiyotshunos uchun uning ilmiy asarlari mo­hi­yatini oiladagilar tushuna olishi – Tangri taoloning inoyati. Oilam bekasi Shahloxon bilan kursdosh bo‘lganmiz. Universitetni bitirganimizdan beri maktabda, bir qancha yillardan buyon kollejda ona tili va adabiyotdan dars berib keladi. Nimaiki yozmay, birinchi tinglovchi, o‘quvchi, baho beruvchi – u. Yoningda shunday hamfikr, hammaslak insonning bo‘lishi baxt, deb bilaman.

Katta o‘g‘lim Sirojiddin iqtisod sohasini tanladi. Mayli, oilada hamma so‘z bilan shug‘ullanmasdan, iqtisodni o‘ylaydigan odam ham bo‘lishi kerak-ku, deb qarshilik qilmadim. Ayni kezda magistraturada tahsil olyapti. Garchi iqtisodiyot sohasini tanlagan bo‘lsa-da, adabiyotga ham mehri zo‘r.

Men o‘zbekning qo‘ng‘irot urug‘iga mansubman. “Alpomish” dostonida Hakimbekning xonjig‘ali beklaridan ekani aytiladi. Qo‘ng‘irotning ana shu – xonjig‘ali tarmog‘idan, Alpomish boboning tus nevarasiman. Shuning uchun ikkinchi farzandim qiz tug‘ilganda, ism tanlashda o‘ylab ham o‘tirmaganman. “Qo‘ng‘irotning qizi Oybarchin bo‘ladi-da”, deganman. Oybarchin qi­zim ota kasbini tanladi, navoiyshunos bo‘lmoqchi. “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti” singari jurnallarda, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da maqolalari chop etildi – quvonchim ichimga sig‘madi. “Badiiy til va tasvir” degan mo‘‘jaz kitobchasi chiqdi – behad sevindim. Joriy 2014 yili hazrat Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi – shodligim daryoday toshdi. Farzandingning yutug‘i o‘zingnikidan ham totli bo‘lar ekan. Tengini topib uzatdim – iloyo baxtli bo‘lsin! Uning timsolida adabiyotshunosligimiz noyob bir iste’dod bilan bo­yishidan umidvorman.

Ikkinchi o‘g‘lim Jaloliddin ham filolog bo‘lish­ni ixtiyor qildi – e’tiroz bildirmadim. Faqat dun­yo­ga chiqadigan filolog bo‘lishini maslahat berdim. U Toshkent davlat sharqshunoslik instituti xitoyshunos­lik fakulteti ikkinchi kursida tahsil olyapti. Kitob – jonu dili, mutolaa – eng sevimli mashg‘uloti. Sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda o‘qib yurgan kezlari xitoylik bir mehmon kelajak rejasi haqida so‘raganida u shunday javob bergan: “Sizlarda Konfutsiy bor, bizda esa Alisher Navoiy. Men kelajakda shu ulug‘ bobomning asarlarini xitoy tiliga tarjima qilmoqchiman”. “O‘, ofarin, niyatingga yet”, degan ekan xitoylik mehmon. U hozir xitoy tilini mukammal o‘rganishga butun vujudi bilan kirishgan. Men ham uning ana shu ulug‘ niyatiga yetishini tilayman.

Jajji qizim Muslimabonu 5-sinf o‘quvchisi. Har kuni qaysi fanlardan nechta “a’lo” baho olgani haqida hisobot berishdan charchamaydi. Uning ham kelajagidan umidim katta.

Hazrat Navoiy ota-onani ulug‘lar ekan, avlod­larga qarata: “Tun-kunungga aylagali nurposh, Birisin oy angla, birisin quyosh”, deya o‘git bergan edi. Zohiran farzandlarga qaratilgan bo‘lsa-da, bu hikmat zamirida ota-onaning burchi, mas’uliyati ham obrazli ifodalangan. Ya’ni ota-ona oy va quyosh yanglig‘ farzandlar shuurini, hayot yo‘lini yoritib turishi kerak, degan teran mohiyat yashirin bu satrlar zamirida. Hayotim boricha, baholi qudrat, shunga intilib kelaman. Zero, avlodlar orasidan munavvar siymolarning yetishib chiqishi – Vatanning, millatning baxti. Farzandlari ma’rifatli millatning istiqboli, shubhasiz, nurli bo‘ladi.

    “Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 12-son

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.