background
logotype

O‘rozboy Abdurahmonov. Orol: oppoq devor oldida...

Oq qamish, hov, oq qamish,
 Qurima suv ichida.
 Sendek bo‘lib turibman men,
 Ko‘k tayg‘oqning ustida...

 Kunxo‘ja, XVIII asr

Mo‘ynoq shahrini kezgan kishining shahar haqidagi tushunchasi o‘zgaradi. Chunki, bu yerda shahar tushunchasiga taalluqli barcha narsalar bor: bozor, aeroport, ikki tomonga yo‘l olgan guzarlar, qator ko‘chalar, oppoq rangli uylar va ma’muriy, ma’rifiy imoratlar...

Shaharning oppoq qumli ko‘chalarini kezsangiz, qoraqalpoq dengiz sohili me’morchiligi an’analari negizida qurilgan uylarga e’tibor berasiz va hovliga kirsangiz, sizni oqko‘ngil uy egasi kutib oladi va uyining to‘riga o‘tkazadi. Yana e’tibor bersangiz, shinam va pastak xonaning devorlari oppoq, hatto ko‘mir bilan saksovul yoqiladigan o‘choqlarigacha oppoq, ozoda! Chunki Mo‘ynoqda qalpog‘i qora, ko‘ngli oppoq, sofdil odamlar yashaydi.

Men har safar shahar kezganimda saske (qoraqalpoqcha soat 11 lar chamasi) paytlari kunshuvoq oppoq devorga suyanib o‘tirgan nuroniy insonlarni ko‘raman. Ular yakkayu yolg‘iz, yuzlarini quyoshga tutib, ko‘zlarini yumgan holda, qandaydir xayollarga botib, jim o‘tirishadi... Xayollaridan esa nimalar o‘tmaydi deysiz?!

Jug‘rofiya. Lirika. Tarix

Mintaqada Qoraqum, Qizilqum va Ustyurt tekisligi kamlik qilgandek, o‘tgan asrning saksoninchi yillari Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Yo‘q, bu sahro osmondan tushgani yo‘q, uning barpo bo‘lishiga tabiat injiqligining ham aloqasi yo‘q, biz sahroni o‘z qo‘limiz bilan yaratdik. Qoraqum bilan Qizilqumning qon tomirlari bo‘lgan Amudaryo bilan Sirdaryolarning yuqori oqimlariga har xil to‘g‘onlar qurib, «sahroni bog‘u-bo‘stonga, olamni gulistonga aylantiramiz, biz tabiatdan ustunmiz, orqaga chekinish yo‘q!» degan shiorlar ostida, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirdik, o‘zlashtiraverdik. Natijada, tabiatning musaffo in’omi bo‘lgan Orol dengizining o‘zi bizdan chekindi, qochdi...

Odatda dengiz kemalari uzoq safarga jo‘nar ekan, sohildagi kuzatuvchilar xushchaqchaq kayfiyatda, ro‘mollarini hilpiratib xayrlashardi. Bu safar esa kemalar suzayotgan joyida qolib, dengizning o‘zi sohil bilan xayrlashmasdan «alvido» dedi. O‘rnidan jilmay qolgan seynerlar atrofini oppoq qumlar egalladi. Seynerlar tepasida esa hech baloni tushunmay qolgan omiy chag‘alaylar ancha vaqt chag‘-chag‘lab uchib yurdi va oxir-so‘ngi bu qumlardan baliq chiqmasligini his etishdi shekilli, ular ham allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lishdi. Lekin Orol sohillarida quyidagi kuy-qo‘shiqlar haligacha yangramoqda:

Oydinlar, oydinlar, chalqar oydinlar,
Bizdan sevar yorga salom aytinglar...
To‘lqinlar, to‘lqinlar, asov to‘lqinlar,
Bizga sevar yorni olib qaytinglar...

O‘sha saksoninchi yillari Orol dengizining qurigan ultonida umumiy maydoni qariyb 3 million gektarni tashkil etadigan, qush uchsa qanotlari kuyadigan sahro paydo bo‘ldiki, unga Orolqum deya nom berildi va Qoraqum sahrosi Ustyurt va Orolqum orqali Qizilqum bilan tutashdi. Bu Orol ekologik inqirozining jug‘rofiy tomoni edi, xolos.

Endi, ozgina tarixni eslasak, Orol dengizi o‘z o‘tmishida uch marta qurigan, deyishadi. Avvalgi ikki marotaba dengizning qurishiga tashqi bosqinchilik oqibatida Amudaryo oqimi Uzboy o‘zani orqali Kaspiy dengiziga burilishi sabab bo‘lsa, bizning davrimizdagi ekologik inqiroz xalqimizni paxta bilan bo‘g‘izlagan mustamlakachilik siyosatining qat’iy rejalashtirilgan maqsadi edi.

Tarixiy ma’lumot:

Iz Ukaza Petra 1 ot 1714 goda

«Yexat k xanu Xivinskomu, a put imet podle toy reki... (imeetsya v vidu Uzboy) yejeli vozmojno, onuyu vodu paki obratit v starыy tok, k tomu je protchie ustya zaperet, kotorыe idut v Oralskoe more...»

  «Xalq Komissarlari Kengashining 1920 yil 21 dekabridagi qaroridan:

 ... 9. Paxta sanoati, uni qayta ishlash va sug‘orish tashkiloti va mahkamalari militarizatsiyalansin (harbiylashtirilsin)...

 Xalq Komissarlari Kengashining raisi

 V. Ulyanov (Lenin)

 Xalq Komissarlari Kengashi muovini

 (imzo)

Esingizda bo‘lsa, avvalgi topshiriqni bajarishga intilgan knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy va keyingi qarorni qoyilmaqom qilgan tuzumning maqsadlariga etibor bering:

«Orol – tabiat xatosi, uni quritib, o‘rniga paxta ekish ancha manfaat keltiradi».

Albatta, paxta manfaat keltiradi, lekin kimga? Kimga manfaat, kimga zahmat, bu yog‘i tushunarli... Baliqning tili yo‘q, tili bo‘lsa aytardi. Buyuk Berdaq «Dengiz balig‘in bermadi...» deb zorlangan zamonlarda hozirgi Mo‘ynoq Orol dengizidagi orolcha edi, so‘ngra orolcha Tigrovыy xvost (Yo‘lbars dumi) nomli jo‘g‘rofiy tumshuqqa aylandi. Hozirgi ahvolini esa o‘zlaringiz bilasiz...

 Daryo loyqa, suv tiniq...

Mo‘ynoqning bahori bilan kuzi – asal oyidagi kelinchakka o‘xshaydi. Ertalab musaffo uyg‘ongan quyosh peshindan keyin shimoldan esgan tuz qum aralash shamol bilan xiralashib, ba’zi vaqtlari ko‘zni ochtirmaydi, lekin kechqurun quyosh yana tiniq, musaffo holiga qaytadi...

Agarchi, shu kunga qadar Orol to‘g‘risida yozilgan bitiklar, nutqlar va va’dalardan suv chiqarish mumkin bo‘lganida edi, dengizni allaqachonlar to‘ldirgan bo‘lardik. Lekin suv jonivor Orolga faqat ikki daryodangina keladi...

Olimlar bilan yozuvchi-shoirlarga rahmat, o‘zlarining takliflariyu, bitiklari bilan ko‘nglimizga taskin berayapti. Hatto, bir shoir og‘amiz, «dengizni ko‘zining yoshlari bilan to‘ldirishini» yozganida mening ko‘zlarimga beixtiyor yosh kelgan edi.

Bir olim dengiz sohilida balandligi to‘rt-besh ming metrlik sun’iy tog‘lar tizmasini barpo etib, uning tepasidan mangu muzliklar hisobidan dengizga suv berishni, yana bir xorijlik olim Shimoliy muz okeanidan katta aysberglarni olib kelishni, tag‘in bir olim bulutlarni Orol dengizi ustiga haydab kelib, yomg‘ir yog‘dirishni taklif qilayapti...

Tag‘in bir rivoyatda, Orolning qoq o‘rtasidan Tuyalar yo‘li o‘tganmish va dengiz kelajakda Oq tumshuq tomonida «o‘lik dengiz» holida saqlanib qolarmish...

Yana bir rivoyatda aytilishicha, Borsa-kelmas tuz koni o‘rtasida Imom Mahdining xazinasi yotganmish deyiladi, bandalarining boshiga ish tushganda, yurtboshisining aql-zakovati ila xalqining obodligiga kafolat bo‘larmish...

Bu yil, xudoga shukurkim, daryolar to‘lib oqdi, dengiz bo‘yidagi ko‘llar to‘lib, baliqlar bilan qushlar bayramiga aylandi. Paxta bilan sholi rejalarini allaqachon to‘ldirgan bo‘lsak ham dehqonlarimiz ortiqcha hosilni hali-hamon yig‘ayapti. Bir avlod davrida dengizga suv tushmagan edi, mana bu yil Amudaryo bilan Sirdaryo asliga qaytib, Orolga suv berdi.

 Jug‘rofiy ma’lumot:

Sirdaryoning yillik oqimi – 38 kubokilometr.

Amudaryoning yillik oqimi – 79 kubokilometr.

Jami: 117 kubokilometr.

O‘tgan asrdagi transchegaraviy daryolarning suv taqsimoti quyidagicha belgilangan edi:

O‘zbekiston –50 kubokilometr.

Turkmaniston – 17 kubokilometr.

Tojikiston – 11 kubokilometr.

Qirg‘iziston – 9 kubokilometr.

Orol dengizi uchun esa sanitar suv berish normasi Amudaryodan 4 kubokilometr, Sirdaryodan 2 kubokilometr qilib belgilangan ekan.

Jami: 93 kubokilometr.

117– 93 =24 kubokilometr.

Xo‘sh, qani endi o‘sha 24 kubokilometr suv? Ular daryolarning yuqori va o‘rta oqimlaridagi maqsadli-maqsadsiz qurilgan suv omborlariyu, suv saqlovchi to‘g‘onlarda turibdi yoki Aydarko‘l, Sariqamish singari suniy ko‘llarga ketayapti.

O‘tmishdagi suv taqsimotidagi adolatsizlik, ya’ni Orol dengizining tabiiy ehtiyojini e’tiborga olmaslik mintaqada suv tanqisligini keltirib chiqardi. Orolning yillik suv ehtiyoji o‘rtacha 55 kubokilometr edi.

Transchegaraviy daryolar bo‘yicha xalqaro qonuniy hujjatlar asosida adolatli suv taqsimoti nizomlari ishlab chiqilib, ularning bajarishini barcha mustaqil davlatlar uchun shart qilib qo‘ymaguncha, Orol jabrdiyda bo‘lib qolaberadi...

Yurtboshimizning taklifi bilan bu yil bahor kunlari BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Orolga tashrifi va Prezidentimiz Islom Karimovning BMT Bosh Assambleyasi sammitining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan oliy darajadagi yalpi majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek:

«Orol fojiasi ekologiya muammolariga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lishning yaqqol misolidir. Bir paytlar noyob va go‘zal dengizlardan biri bo‘lgan Orol bir avlod hayoti davomida deyarli qurib va yo‘qolib borayotgan suv havzasiga aylandi».

Orol to‘g‘risidagi haqiqat bundan ortiq qanday aytiladi?

Sayg‘oqlar qismati

Orol – Markaziy Osiyoning iqlimini belgilovchi dengizgina emas, balki mintaqaning noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini ta’minlovchi manba edi. Orol fojiasi tufayli o‘simliklar dunyosining 220 dan ortiq turlaridan ayrildik. Bir paytlari Ajiniyoz shoir kuylagan «Kiyik, qulonlari chalqib yayragan» qoraqalpoq dalasida bugungi kunda kiyiklar keskin kamaygan bo‘lsa, qulonlar umuman yo‘qolib ketdi.

Vaholanki, XV11 asr xitoy yilnomalarida «Buxoro va Xorazm savdogarlari yiliga 300 000 juftdan ziyod sayg‘oq shoxlarini sotganliklari» qayd etilgan.

Ayniqsa, so‘nggi paytlari «Qizil kitob»ga kiritilgan sayg‘oqlarning achinarli qismatiga e’tibor beraylik. Ustyurtda 1920 yillar sayg‘oqlarning bosh soni bir milliondan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning bosh soni 40 barobar kamayganligi qayd etilmoqda. Aslida ko‘chmanchi hayotga moslashgan sayg‘oqlar Ustyurtga kuz oxirlarida kelib, qishlovini – ishq mavsumini keng dalada yayrab o‘tkazadi va kech bahorda Ustyurtdek tabiiy tug‘ruqxonada avlodlarini ko‘paytirib, yana olis manzillardagi yaylovlarga qaytadi. Qozog‘iston hududida ular uch guruhga ajralib, biri – O‘rol tog‘lariga, biri – Volga bo‘yi va No‘g‘oy dalalariga, yana biri Betpaqdala cho‘llariga yo‘l oladi. Rossiya va Qozog‘istonda sayg‘oqlarni rejali otishga ruxsat berilgan, bizda esa ular «Qizil kitob»ga kiritilgan. Ularning bosh sonini ko‘paytirish – davlat himoyasida. Lekin sayg‘oqlarning eng katta dushmani – erkaklik qurbi pasaygan (impotent) erkaklar hisoblanadi. Sababi, Qo‘chqor sayg‘oqning shoxlaridan erkaklik qurbini kuchaytiradigan dori olinarkan.

Ustyurtlik ovchi oqsoqoldan shuni eshitgan edim:

«Sayg‘oqlar kuz oxirlarida poda-poda bo‘lib ko‘chib kelganlaridan so‘ng, o‘zlarining «ishq o‘yinlarini» o‘tkazadi. Avvalo, qo‘chqorlar o‘zaro kalla tashlashib, “kim kuchli?” musobaqasida Bosh g‘olib, ikkinchi, uchinchi va hokazo o‘rinda turuvchi sayg‘oqlar ma’lum bo‘larkan. So‘ngra, urg‘ochi sayg‘oqlar bitta chiziq bo‘ylab, qatorga tizilarkan. Bosh g‘olib qo‘chqor «moni g‘ulomga kirisharkan» va 37-38 gacha urg‘ochini «qochirib», shu orada o‘zi ham «jon topshirarkan». Navbat ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va hokazo qo‘chqorlarga kelib, ular ham ishq yo‘lida «qurbon» bo‘lgunlarigacha bu o‘yin davom etar ekan. Urg‘ochi sayg‘oqlarning dastlabki qo‘chqorlardan «tutmay» qolganlari esa, tizilgan qatorning oxiriga borib, yana navbatga turarkan...»

Mustaqilligimizning ilk kunlarida – 1991 yilning kuzida Ustyurtda «Saygachiy», Mo‘ynoqda «Sudoche» buyurtmaxonalari tashkil etilib, sayg‘oqlarning bosh sonini ko‘paytirish va bu yerlarda o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlari belgilab olindi...

Antiqa tuxumlar siri...

Bundan ancha yillar ilgari, suv tanqisligi paytlari edi. Qish ham ancha sovuq kelib, Qoraqalpog‘istonning shimoliy chorva tumanlarida qoramollar bilan qo‘y-echkilar ayniqsa jabrda qoldi. Yob (ariq)lardan suv kelmay, quduqlardagi suvlar «qochib» ketib, mollarning bosh soni kamaya boshladi.

O‘sha kunlari Chimboyning bozorida antiqa rangli tuxumlar paydo bo‘ldi. Qandolatchilarning kuni tug‘ib, ularni arzon-garovga olayotganidan xursand edilar. “Bu tog‘alardan turli balo chiqadi, axir Chimboy atoqli O‘mirbek laqqining vatani emasmi?”–degan hazil-xayolga borsam, bu antiqa tuxumlar yovvoyi g‘ozlarniki bo‘lib chiqdi... Ularni ovchilar Jiltirbas va Shaxaman tomonlardagi yovvoyi g‘ozlarni otib, uyasidan olarkan...

– Bu yovuzlikning chegarasi bormi?– deb so‘radim tog‘alardan.

– Nima qilasan, jiyan, tirikchilik... Qani, o‘zing tirikchilikning chegarasini ko‘rsatib ber-chi?..

Tog‘alar doimo aqlli, jiyanlar sal tentak bo‘ladi. Tentaklik qilmasam, yutqazib qo‘yadigan bo‘ldim...

–Mana bizda so‘nggi paytlari afg‘on maynasi ko‘payib ketdi. Ular dalalaringizdagi bug‘doy, arpa, sholi, jo‘xori va tariqlaringizni, bog‘laringizdagi uzumlarni yeb qo‘ymoqda. Mayna tashqi ko‘rinishi chiroyli, lekin takasaltang va yovuz qush. Ular bulbuldan tortib musichagacha qushlarning tillarida sayray oladi. Ularning o‘zlari uya qurmaydi, uylaringizning tomlariga uya qurgan kabutarlar bilan musichalar kurk bo‘lgan paytlari bechoralarning tuxumlarini uyadan chiqarib tashlab, o‘rniga o‘zlarining tuxumlarini qo‘yib ketadi. Ona kabutarlar bilan musichalar ertaga polopon chiqarib, ularni boqib-qoqib, qanotlari chiqqanida, «men nega mayna tug‘dim» deb hayronlar qoladi. Sizlar esa, haqiqiy mergan bo‘lsangiz, nimaga o‘sha maynalarning tuxumini quritmaysiz? Bechora yovvoyi g‘ozlar bilan o‘rdaklarning tuxumlarini olib-sotib yursangiz, o‘zlaringizning o‘sha maynalardan nima farqingiz qoladi? Menimcha, maynalar ham sizlardan sal aqlliroq shekilli, ular hech bo‘lmasa, tuxumning o‘rniga tuxum qo‘yib ketadi-ku!

– Hoy, bo‘ldi, jiyan, tog‘alar hazilni ko‘taradi deb, tilingga erk beraverma... Undan ko‘ra, oldingdagi oshingni yeb, “Qoratov”ingni ich...”Jiyandan el bo‘lmas”, deganlari rost chiqdi-yov... tentak...

Men baribir, Orol bo‘yidagi yovvoyi qushlarning poloponlariga yaxshi kunlar tilab, qadah ko‘tarishni taklif qildim. Tog‘alar bu safar norozi bo‘lishmadi...

Tuzli to‘zon

Umumiy maydoni hozir qariyb 5 million gektarni tashkil etadigan Orolqumdan yiliga yuzlab million tonna chang-to‘zon ko‘tarilmoqda. Ularning aerozol holida minglab kilometrlargacha masofaga uchib borayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar ham bor. 1988 yili «Orol-88» ilmiy-publitsistik ekspeditsiyasi tarkibida Pomir tog‘larining Oqbaytal dovonida ham Orolning tuzli to‘zoni izlarini ko‘rgan edik...

Xo‘sh, buning oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkin? Qo‘shni qardosh davlatlarning qishloq xo‘jaligida so‘nggi paytlari bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz-savzavot va paxta hosildorligi ancha kamayib ketganligi, sug‘orib ekiladigan yerlarning keskin sho‘rlanib borayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Chorva mollarining yaylov maydonlari qashshoqlashib, ularning tabiiy ozuqa manbalari bo‘lmish o‘simliklar dunyosi qashshoqlashib bormoqda. Sababi nimada deysiz? Sababi quyidagilar:

1. Mevali daraxtlarning gullagan paytiga e’tibor bersangiz, bu asosan Oroldagi tuzli chang-to‘zon kuchaygan bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Tuzli chang tushgan qaysi bir meva gullaridan to‘laqonli hosil olish mumkin?

2. Poliz-sabzavot va paxta maydonlarining sho‘rlanishiga esa faqat tepadan tushayotgan tuzli to‘zongagina emas, balki sug‘orilayotgan suvning sifati ham sabab bo‘ladi. Esingizga solsak, «Jahon adabiyoti» jurnalining o‘tgan sonlarida bir yapon yozuvchisining suv haqidagi ajoyib asari chop etildi. Unda oqin suvda «hissiyot, eslash qobiliyati va o‘z yo‘lini topish xususiyatlari» mavjud ekanligi qayd etiladi. Tinib qolgan suvda esa, bu xususiyatlarning ayrimlari yo‘qolib, bunday suv aynish va sho‘rlanishga moyil bo‘larkan. Demak, oqin suvni majburiy to‘xtatib qo‘yish uning sifatini o‘zgartirarkan. Sifatsiz suv bilan sug‘orilgan qaysi ekin sifatli va mo‘l hosil beradi?

3. Oqin suv o‘z tarkibida har xil minerallar eritmasi bilan yerga ozuqa va ma’lum miqdorda tuz ham olib keladi. Ekstensiv usulda ekilgan maydonlarni intensiv sug‘orish esa, o‘sha maydonlarning tezda sho‘rlanishiga, hosildorlik yildan-yilga kamayib, ekinning tannarxi qoplanmay qolishiga sabab bo‘ladi.

Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: «Orol taqdiri – million-million insonlar taqdiri, demakdir. Shunday ekan, biz o‘z taqdirimiz, farzandlarimiz kelajagi uchun kurashmog‘imiz zarur». Prezidentimiz bu o‘rinda nafaqat O‘zbekiston yoki Qoraqalpog‘iston taqdiri, balki Yer kurrasi atalmish g‘aroyib sayyoramizda yashovchi ajoyib insonlarning umumiy taqdiri va kelajagi haqida qayg‘urib gapirayapti. Aytaylik, biz Orol taqdiriga befarq qarasak, osmonimizni tuzli chang-to‘zon qoplab, asta-sekin Ona-er o‘z hosilini kamaytirib, butun dunyo xalqlarining ahvoli tang bo‘lib qolishi hech gap emas. Chunki Orol qadim-qadimdan ikki ona daryo – Amudaryo va Sirdaryolar orqali oqib keladigan suvlar bilan tuzlarni tabiiy saqlab turadigan dengiz edi. Daryolar dengizga oqmay qolganidan so‘ng, o‘sha yillik oqim bilan keladigan tuzlar dehqonning sug‘oriladigan tomorqasigacha borib, o‘sha yerda qolib ketadi. Osmonda esa yana Orolning tuzli chang-to‘zoni...

Hozir Prezidentimizning sa’y-harakatlari va xalqaro ekologik tashkilotlar yordamida Orol akvatoriyasining janubiy qismida yashil hududimizni Orolqum hamlasidan asraydigan «yashil qalqon»li zona barpo etilmoqda. Bugunga kelib, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 227 ming gektar maydonda saksovul, cherkez, kandim o‘simliklaridan iborat o‘rmonzorlarning bunyod etilgani qum ko‘chishlariga barham bermoqda. Yaqindagina Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengashi va hukumati «har bir oila 5 tadan mevali daraxt o‘tqazishi» tashabbusi bilan umumxalq hasharini o‘tkazdi. To‘rtta sahro qurshovida qolgan hudud uchun, bu cho‘liston o‘rtasida guliston, bog‘u bo‘ston yaratishga intilgan yaxshi niyatlar edi.

Qoraqalpoqning nesi bor?

Bizga onalarimizning oq suti va allasi bilan kirgan quyidagi qo‘shiq satrlari har doim esimizda: «Uch oy – qovunim, uch oy – sog‘inim, uch oy – qavog‘im, uch oy – chavog‘im»... Bundan, albatta, qoraqalpoqlar «yozi bilan qovun, kuzda qovoq, qishda chavoq, bahorda esa sog‘in sig‘irning sutini ichib kun kechirarkan» degan ma’no chiqmaydi...

Bu yerda dehqonlar ekin maydonlarini qishda sug‘orib qo‘yadi, chunki bahorgi suv qachon kelishi amrimahol degan ma’no bor. Bir paytlar Qoraqalpog‘istonga kelgan boshqird xalq shoiri Mustay Karim dehqonlarimiz zahmatlarga tasanno aytib:

– Ba’zi dangasa kishilar ertalab turib, yuz-qo‘lini chayib-yuvishga erinsa, bu mehnatkash qoraqalpoq xalqi o‘z ekin maydonlarini yiliga to‘rt-besh marta chayib yuvarkan... – degandi.

Yana bir rossiyalik mehmon esa bu yilgi qovun sayilidagi 57 turli qovun navlarini totib ko‘rarkan:

– Bir paytlar Qoraqalpoq qovunlarining mazasi tilingni qoq yoradi deganlari rost ekan, lekin mana shu sho‘r tuproqdan bunday shirin qovunlarning chiqishini tasavvur qila olmayapman...Bizda ham qovun-tarvuz ekiladi, lekin biz ularga ba’zan shakar sepib iste’mol qilamiz,– degan edi.

Qoraqalpoqlar azaldan to‘g‘riso‘z, oqko‘ngil, jur’atli xalq. Tarixning yuksak cho‘qqi-dovonlaridan oshib, bugungi avlod ajdodlar orzusi bo‘lmish mustaqillikka erishgandan keyin, zo‘rlikka uchragan tabiat ularga ovunch bo‘lgan Orolidan ayirsa ham, Olloh taolo xalqimizning nasibasini boshqa tomondan berayapti. Ustyurt va Mo‘ynoq hududida ochilgan yangi-yangi neft-gaz buloqlari, Qung‘irot soda zavodi va qurilishi boshlanish arafasida turgan «Surgul» gaz-kimyo majmuasi, Qoratog‘ tizmalaridagi rangli metallar hamda hali qurilish navbatini kutib yotgan fosforit konlari, «Uchquduq – Nukus» temir yo‘lining barpo etilishi, Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyatli bir qismi bo‘lgan «Qo‘ng‘irot – Beynau» avtomagistralining jadal sur’atlarda qurilishi, Nukus aeroportiga xalqaro maqom berilishi bilan dunyoning to‘rt tomoniga ochiladigan havo yo‘llari xalqimizning istiqboli porloq ekanligidan darak bermoqda...

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 10-son.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.